Frantsiya sayyohlar soni bo‘yicha dunyoda birinchilikni qo‘ldan bermayotir

Frantsiya 2015 yilda ham xorijlik sayyohlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘ldan bermadi. Korxonalar bosh boshqarmasi va Frantsiya milliy banki har yili o‘tkazadigan “EVE” co‘rovnomasi xorijlik sayyohlar soni yildan-yilga oshib borayotganini ko‘rsatdi. 2015 yilda Frantsiyaga 84,5 million sayyoh tashrif buyurgan, bu esa 2014 yildagidan 0,9 foiz ko‘proqdir. Mamlakatning dengizorti hududlari ham hisobga olinsa, sayyohlar soni 85 milliondan oshadi, deb xabar beradi Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi.

Sayyohlarning Frantsiyada bo‘lish kunlari ham hisobot yilida 0,8 foizga ko‘paygan. Bu esa yalpi ichki mahsulot shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lmish sayyohlik tarmog‘idan keladigan daromadning oshishiga xizmat qildi.

Tahlillarga qaraganda, o‘tgan yili olis davlatlardan Frantsiyaga keluvchi sayyohlar ko‘rsatkichi 11,6 foizga oshgan, Yevropa davlatlaridan keluvchilar soni esa 1,5 foizga kamaygan.

Evropalik sayyohlar ko‘rsatkichi asosan olmonlar (9,2 foiz) va shveytsariyaliklar (6,5) hisobiga tushgan. Ingliz, italyan va ispanlar esa ko‘proq tashrif buyurgan.

Osiyolik sayyohlar soni hayratlanarli darajada oshgan (22,7 foiz). Bu esa, xususan, Xitoy, Hindiston, Singapur sayyohlari uchun 2014 yilda yo‘lga qo‘yilgan shoshilinch viza berish (“2 sutkada viza”) tizimi hamda “Atout France” va diplomatik tarmoqlar hamkorlikda amalga oshirgan targ‘ibot ishlarining samarasidir.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Xitoydan 2,2 million, Hindistondan esa 500 ming nafar sayyoh farang zaminini ziyorat qilgan.

“Ushbu ijobiy natijalar Frantsiya 2012 yildan buyon turizm sohasida olib borayotgan strategiyaning to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi hamda Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda 2014-2015 yillarda amalga oshirib kelayotgan va Sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha yillik anjumanda e’lon qilingan vazifalarni davom ettirishga undaydi”, deb xabar beradi Frantsiya elchixonasi.

Sayyohlik mamlakat iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi. 1990-yillardan buyon Frantsiya dunyoning ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan davlatlaridan biri bo‘lib turibdi.

Mutaxassislarga ko‘ra, farang yurti turli yosh va dunyoqarashdagi insonlarga mo‘ljallangan diqqatga sazovor maskanlar hamda tarixiy obidalarning ko‘pligi, maftunkor tabiat, mo‘tadil iqlim, o‘ta zamonaviy transport va xizmat ko‘rsatish tizimi bilan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Masalan, Notr-Dam ibodatxonasi, Disneylend majmuasi, Luvr muzeyi, Versal saroyi hamda Eyfel minorasi sayyohlarning sevimli maskanlari sifatida e’tirof qilingan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2012 yili Frantsiya turizm sohasidan 77,7 milliard yevro (yalpi ichki mahsulotning 9,7 foizi) daromad olgan. Sayyohlik tizimida 2,9 million kishi mehnat qilgan.

Sobir Salim