Arxeologlar Meksika changalzorlarida mayya hindularining qadimgi shahri xarobalarini topishdi. Mahalliy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bu shaharning qoldiqlari so‘nggi bir necha yuz yil mobaynida noma’lum bo‘lgan.
Sloveniya fan va san’at akademiyasi dotsenti I. Sprayts rahbarligidagi ekspeditsiya turli balandlikda 15 ta ehromni topgan. Ulardan eng kattasi bo‘yi 23 metrni tashkil etadi. Shuningdek, shahar maydoni, diniy marosimlar o‘tkaziladigan joy ham aniqlangan, ulkan hajmdagi yodgorlik toshi topilgan.
Olimlar o‘zlari kashf etgan shaharni Chaktun deb nomlashdi. Bu nom mayya hindulari tilida “Qizil tosh” degan ma’noni anglatadi. Ulkan tosh 22 gektar maydonni egallagan. Joylashgan o‘rni esa Yukatan yarim orolidagi Chetumal shahridan 120 kilometr g‘arbdadir. Mutaxassislarning dastalabki xulosalariga ko‘ra, bu shaharda 30-40 ming kishi yashagan bo‘lishi mumkin. Uning gullab-yashnagan davri milodiy eraning 600 — 900 yillariga to‘g‘ri kelishi ehtimol tutilmoqda. Olimlar aholi taxminan 1000-yillarda demografik sabablar, iqlim o‘zgarishi yoxud urushlar tufayli shaharni tark etgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
Ekspeditsiya rahbarining ma’lum qilishicha, shu choqqacha mayyaliklar shahri noma’lum bo‘lib kelgan esa-da, olimlar 20-30 yil muqaddam shu joyda bo‘lgan odamlarning izlarini topishgan. Spraytsning aytishicha, kesib olingan daraxtlar o‘rni, daraxt yelimini yig‘ishga mo‘ljallangan moslamalar shundan dalolat beradi. Bu yerda, albatta, kimlardir bo‘lgan, deb ta’kidlaydi olim. Mazkur topildiq Mayya imperiyasi davrida turli mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarga oydinlik kiritishi mumkin.