Ovrupo boylari, G‘arb jahongirlari Sharq ellariga chang solg‘an vaqtlarida «Madaniyat kirgizamiz!» degan shior bilan maydonga chiqarlar edi.
Jahongirlar qo‘lig‘a o‘tgan Sharq o‘lkalarining hammasi, aslida, shu bahona bilan qo‘lga kirgizilgan. Olayliq Hindistonni, olayliq Misrni, olayliq Tunis, Al-Jazoyir, Fos, Sudan, Tarablisni olayliq – nihoyat, manavi – Jahon urushidan so‘ng bo‘linib oling‘an Arabiston (Al-Jazira, Falastin, Suriya)ni.
Bizning Turkiston ham podshohlar, generallar, oqsuyaklar Rusiyasi tomonidan oling‘anda shu bahona o‘rtag‘a tashlang‘an edi.
Bu da’voni G‘arb jahongirlari hali ham juda jiddiyat va oqlash bilan tatbiq qilib turalar.
«Mandat» bilan idora etilgan o‘lkalar (Al-Jazira, Falastin, Suriya) «madaniyat tashig‘uvchi» bo‘lub kelgan mehmonlarni qanday qilib haydashni bilmaydilar.
Gazetamizning bu sonida Al-Jazira (Iroq)dan Erong‘a qochib kelgan arab mujohidlarining uchinchi baynalmilalga yozg‘an xatlari va ul xatga baynalmilal raisining qaytarg‘an javobi bosiladir.
Ul xat bilan uchinchi baynalmilaldan ko‘mak so‘rag‘an arab vakillari «madaniyat kirgizguchi» inglizlarning zulm va jabridan qochib yurgan xalq vakillaridir. Asl xalq vakillari, tub yurt egalari boshqa yurtlarda qochib yurmoqqa majbur bo‘lung‘an vaqtlarda ingliz boylari muhtasham ziyofatlarda Sharqda o‘rnashtirib yotkan «madaniyatlari»dan maqtanib, bahs etmaylarmi ekan?
Etalar: har kun har joyda, har bir o‘ngg‘ay joyi kelganda aytalar, maqtanalar.
Ishchi-dehqon manfaatiga qarshi qo‘zg‘alg‘an teskarichi bir po‘pni sho‘rolar mahkamasi o‘lim jazosiga hukm qilib edi. «Londondan: «Bu qanday gap? Yovvoyiliq-ku! Madaniyatga qarshi harakat-ku!» – degan qattig‘ faryodlar eshitildi.
Holbuki, yurtlariga istiqlol, huquq va erk istagan minglarcha inqilobchilar Misr zindonlariga to‘ldurilg‘an choqda bu to‘g‘rida na London, na Parijdan bir tovush, bir sharpa yo‘q.
Hindiston zindonlarida yotkan siyosiy ma’yublarning soni 40 000 ga yaqinlashib borar. Hindistonning Xourixora degan joyida palisa zulmiga qarshi qo‘zg‘alg‘an 5000 kishilik bu qishloq xalqidan 228 kishi qamoqqa olinadir. O‘tgan yanvar oyida bularning 172 tasi o‘lim jazosiga hukm qilinib, 6 tasi zindonning o‘zida turlik yo‘llar bilan o‘ldiriladir.
Panjob, Okxoli, Sakxof degan yerlarda ingliz molini olmay qo‘ygan dehqonlardan 5603 kishi qamoqqa olinadir. Bularning tub ayblari – ingliz molini olmaslik: lekin «qonun yuzasidan» qo‘yilgan ayb – qonunni buzush va o‘g‘riliq qilish berilgan. Hozir olti oydan 2 yilgacha zindon – bir zindondan ikkinchi bir zindong‘a ko‘chirilaturg‘an Hindiston dehqonlaridan 70 kishi yo‘lda – yuk vag‘onida bo‘g‘ulub o‘lganlar.
Bunday voqealarning haddi-hisobi yo‘q. Bu to‘g‘rida London «ozodalari», Parij «oliftalari» hech narsa bilmaylar. Yoki bilsalar-da, sirni boy bermaylar.
Faqat u qonxo‘rlar bir daf’a tushunsun, esga olsunlarkim, Sharq endi ilgarigi Sharq emasdir. Sharq bu kun inqilobchi Turkiyadan o‘rnak olgan, Rusiya mehnatkash-dehqonlari bilan qo‘l berishgan, butun egri-qing‘irni onglag‘an, ko‘z ochkan, uyg‘ong‘an Sharqdir!..
____________________________
«Turkiston» gazetasining 1923 yil 15 aprel sonida «Q» imzosi bilan bosilgan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.