Abdulla Oripov. O‘zbekman (video)

O‘ZBEKMAN

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Etishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

— Mana, men – O‘zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

O‘zbekman, inshoolloh, iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

O‘zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.

O‘zbekman, qanchalik jafo chekmayin,
O‘zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O‘tdim. Bismillohir rahmonir rohiym.
2000

Abdulla Oripov