Fidoyi olimlarimizdan biri Sirojiddin Ahmad umrini jadidlar hayoti va ijodiy merosini tadqiq etishga bag‘ishlagan. Uning o‘zi ham ulug‘ ma’rifatparvarlar singari “xodim ul-millat” bo‘lishni niyat qildi va shunga monand umr yo‘lini bosib o‘tdi. Kamtar inson ziyoliga xos ravishda kibrlanmadi, kekkaymadi. So‘z bersa gapirdi, tilanib so‘z olmadi. Ilmda ikkilanib, farazlarga berilmadi, millat tarixidagi haqiqatni aniq dalillar bilan ko‘rsatdi. Shon-shuhrat yoki amal-martaba qayg‘usida emas, millat ilinjida xizmat qildi, e’zoz topdi. Xurshid Do‘stmuhammad bir uchrashuvda u kishini “XXI asr jadidi” deb atagandi. Yozuvchi nihoyatda xos va mos tashbehni topib aytdi. Ha, insonning amali qismatiga aylanadi. Agar a’moli haqiqat va ezgulik yo‘lidagi ma’rifatparvarlik bilan bog‘lansa, bilingki, uni Yaratgan siylabdi…
– Necha yillardan buyon davlat arxivlarida sarg‘aygan qog‘ozlar orasiga yashirilgan, ha, ataylab bekitilgan haqiqat izlarini topish mashaqqatini chekmoqdasiz. Aynan mana shu sohani tanlashingizning sababi nima?
– Savolingizga javoban “Hayot – ustoz, turmush – muallim”, degan bir jumla bilan qanoatlansam bo‘lardi. Ammo bu javob biroz qisinti. Yoshligimdayoq eski shahar bilan yangi shaharning farqini “og‘a”larimiz ko‘rsatib qo‘yganini fahmlardim. Hali ijtimoiy-siyosiy jihatdan ko‘zi ochilmagan g‘o‘r bolani janubiy viloyatlarga hayot majburiyati sababli qilingan sayohat birdaniga bir necha yoshga ulg‘aytirdi.
1966-yilgi zilzila, 1967-yilgi “Paxtakor” voqealari, mahalliy aholiga qurilgan uylarga binokorlarning o‘zlari joylashib olishi ta’sirida mafkura va milliy madaniyatga siyqa qarashlar o‘zgardi. Biz o‘zligimizni, o‘zagimizni, teran tomirlarimizni ilg‘ay boshladik.
Mustaqillik arafasi va dastlabki yillarni xotirlang: matbuot xodimlari, adabiyotshunoslar, yozuvchilar milliy madaniyatimizning xufiya sahifalarini tiklashga kirishdilar. Ochilgan sirlar faqatgina yoshlarni emas, balki tarixiy voqealarning bevosita guvohi bo‘lgan kishilarni ham shoshirib qo‘ydi. Davr olimlar oldiga kechiktirib bo‘lmas talab qo‘ydi: yaqin o‘tmishimizning qorong‘i puchmoqlarini dalillar, raqamlar, guvohlarning xotiralari orqali yoritish. Adolat bilan yozilgan tadqiqotlargina xalqimiz va istiqbolga beminnat xizmat qiladi. Olimlar har masalada o‘z millatining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy manfaatini yuqori qo‘yishlari kerak. Aks holda, biz yana aldanamiz.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, G‘ozi Yunus kabi millat oydinlari haqida jiddiy tadqiqotlar olib bordingiz. Ularning har biri alohida fenomen. Bugun yurt istiqboli uchun aynan shunday shaxslarga ehtiyoj sezilmayaptimikin?
– Tarixning odil hukmicha, har bir xalq Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunus, Mannon Uyg‘ur kabi buyuklarga doimo muhtojlik sezadi. Chunki ular o‘z millatining ko‘zgusi, ezgulikka eltuvchi yalovbardorlaridir. Atrofimizdagi xalqlarga nazar tashlang, ularda shunday alplar bormi? Ayni damda ikkimiz eslagan ulug‘lar har qanday mamlakatga sharaf keltiruvchi siymolardir. Shu bois xalqimizning ularga mehri sira so‘nmaydi, borgan sain kuchliroq tovlanaveradi. Mana, 2020 yili yurtimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi keng nishonlanar ekan, bundan faqat biz yutamiz, ma’naviyatimiz yutadi.
– O‘tgan yili Abdulla Qodiriy yubileyi ham ana shunday tantana qilingan edi. Adib siyrati asarlari bilan chambarchas o‘rganilsa, ko‘plab kutilmagan ma’lumotlar yuzaga qalqib chiqishi mumkin. Bugun Abdulla Qodiriy haqida qanday yangi gaplarni aytgan bo‘lar edingiz?
– Bul zot haqida ko‘p olimlarimiz yozdi. Ayniqsa, Bahodir Karim katta ishlar qildi. Sanobarxon, o‘zingiz ham hazilakam tadqiqot yaratmadingiz. Adibning hayoti va ijodi yaxshigina o‘rganildi. Ammo u yashagan davrga tarix kesimida qaraydigan bo‘lsak, hali ko‘plab ilmiy izlanishlarga ehtiyoj seziladi. O‘zbekka xos axloq, muomala madaniyati, xalqimiz psixologiyasi aks ettirilishi, el san’ati va el adabiyoti (folklor)ning, “Farhod-Shirin”, “Vomiq-Uzro”, “Asli-Karam”, “Bo‘z yigit” va boshqa asarlarning adib ijodiga ta’siri, uning lug‘atchilik va tarjimonlik faoliyati, xossatan, o‘z davrining yosh islohotchisi ekaniga nazar solganimizcha yo‘q. Din-dindor, bid’at masalasini-ku qo‘yavering…
– Yaqinda juda kam nusxada bo‘lsa-da nashrdan chiqqan “Milliy hurriyat adabiyoti” kitobingiz xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo‘ldi. Risolaning mundarijasi noan’anaviyligi bilan e’tiborni tortdi. Fasl nomlari ham asr boshidagi jadidlarning kitobni tartiblash usulini eslatadi. “G‘orat yoxud harbiy kommunizm davri”, “Milliy qarama-qarshi turish adabiyoti” kabi bo‘limlarni shunday atashdan maqsad nima edi?
– Bilasizki, uzoq muddat Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy, G‘ozi Yunus, hatto Avloniyning nomi tarix sahifasidan olib tashlandi. Ularning aksariyati siyosiy va fuqarolik jihatdan oqlanganidan keyin ham asarlari bosilmadi. Man qilinsa ham, qisqartirishlar bilan chiqarildi. Xo‘sh, nomlari zikr etilgan adiblar va nomlari zikr etilmagan davlat va madaniyat arboblarining aybi ne edi, nega ular qatag‘on qilindi?!
Sobiq ikki imperiya qo‘l ostidagi qardosh xalqlarning qay biriga nazar tashlamang, boshida doimo qilich, miltiq turganiga shohid bo‘lasiz. Sababi, har ikki saltanatning pardalangan siyosati bo‘yicha turkiylar rus xalqi tarkibiga singdirib yuborilishi, ya’ni assimilyatsiya qilinishi shart edi. Butun targ‘ibot-tashviqot shunga qaratilgan. Fikrimning isboti uchun bir misol keltiraman: qoraqalpoq filolog olimi Najmiddin Dovqarayev o‘z xalqining yozma va og‘zaki adabiyotini o‘rganib, to‘rt jildlik asar yozgan. Rus madaniyatining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmagansan, deb doktorlik dissertatsiyasi tasdiqlanishini ortga surishdi. “Qoraqalpog‘istondan ancha olisda bo‘lgan rus adabiyotining bizga qanday ta’siri sezilishi mumkin”, degan haqli savoli uchun unga mafkura pardasi ostidagi shovinistlar qancha azob berishdi. Iste’dodli olimning yoshgina vafot etishiga sababchi bo‘ldilar.
Sho‘ro hukumati O‘rta Osiyo xalqiga va’da qilingan ozodlikni bermadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov singari ziyolilarimiz “Haq olinur, berilmas”ligini juda yaxshi tushunib yetdilar. Maskov olib borayotgan ikki yuzlama siyosatga qarshi turganlari uchun ham aziz hayotlaridan ayrildilar. Atoqli davlat arbobi Xidir Aliyev Maskovga ketib, joniga qasd qilishdan oldin “Biz ham byudjet nimaligini tushunib qoldik”, degan ekan. Oxiri uning jasadi krematoriyda kuydirildi. Adabiyotimiz namoyandalari mavjud vaziyatdan keskin noroziliklarini baralla bildirdilar. Demak, bizning faqatgina ziyolilarimiz, arboblarimiz emas, balki adabiyotimiz mustabid mustamlakachi tuzumga qarshi turdi. Shu bois kitobni “Milliy qarama-qarshi turish adabiyoti” deb qo‘ygan edim, keyin do‘stlarning taklifi bilan “Milliy hurriyat adabiyoti” deb ataldi.
Inqilobning dastlabki yili “harbiy kommunizm davri” deb ataldi. Qizillar shu bahonada aqliga siqqan noma’qulchilikni qildilar. Xalqning madaniy va moddiy mulki ayovsiz talandi. Ulkan madaniyat va ko‘hna tarixga ega, jahon ilm-faniga olamshumul hissa qo‘shgan xalqni o‘z ko‘ziga madaniyatsiz ko‘rsatishga intildilar. Ana shu siyosiy-harbiy holat “Milliy qarama-qarshi turish adabiyoti”ni vujudga keltirdi. Atoqli jamoat arbobi Nizomiddin Xo‘jayev sho‘rolar s’ezdida kim nima desa, deyaversin, men qul emasman, degan. Shoir Cho‘lpon “kishan kiyma” deb jar solgan. Maqsad – xalqimiz va adabiyotimizning mash’um tarixiy voqealarga siyosiy munosabatini, zulmga qarshi turishini ko‘rsatish.
– Yana shu kitobdagi “Olabo‘ji izlash yoxud millatga, milliy madaniyatga qarshi terror”, “Zamon va sovuq ziyolilar” degan fasllarda o‘zbek ziyolilari orasida yuz bergan ichki bo‘linishning asl sabablarini izohlashga chog‘langansiz.
– Turkistondagi jiddiy ma’naviy va jismoniy qarshilikni ko‘rgan sho‘ro hukumatining mafkurabozlari har bir xalqning qoloq qismidan o‘z madaniyati, milliy hurriyatiga qarshi turuvchilar guruhini tarbiyaladi. Xalqim, vatanim deb yashaydigan kishilarni tarix va siyosat sahnasidan yo‘qotish uchun “Olabo‘ji izlash yoxud millatga, milliy madaniyatga qarshi terror”ni ularning qo‘li bilan ishga soldi. Siz aytgan ichki bo‘linish sun’iy ravishda vujudga keltirildi. Milliy madaniyati va mustaqilligiga avomlarcha munosabatda bo‘lgan kishilar o‘zlarini “sovuq ziyolilar… temir kurakchilar” deb atashdi. Ularning chiqishlari Xitoyda o‘tgan madaniy inqilob davridagi xunveybinlar harakatidan farq qilmaydi.
Ammo… xirmontepa endi bizniki, deb o‘ylaganlar chuchvarani xom sanagan edi. Ular boshoq u yoqda tursin, hatto bitta donni Maskovning iznisiz olish vakolatiga ega emasdi. 1937– va 1950 yillar qatag‘oni ularning ham safini juda siyraklashtirib qo‘ydi. Bunga tarix shohid. Zotan, bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilganni – ayiq…
Vatanimiz tarixi, adabiyoti, san’ati Tangritog‘dek ulkan va jozibador, o‘rganilmagan tomonlari hali juda ko‘p. Biz hali o‘zligimizni to‘la kashf etganimiz yo‘q. Har bir tadqiqotchi, har bir ziyoli o‘zagiga yaqinlashgani sari tarixning ko‘hna sahifalarini ochaveradi va ona xalqining nihoyatda ko‘rkamligini yurakdan his qilaveradi, muhabbati oshaveradi. Vatanni sevmaslikdan, unga maftun bo‘lmaslikdan, millat foydasiga ishlamaslikdan Yaratganning asrasin.
Sanobar To‘laganova suhbatlashdi.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-son