Nosir Fozilov: “Men sizga aytsam…” (2016)

Mohir tarjimon, sinchkov muharrir, ardoqli yozuvchi Nosir Fozilovni so‘lim “Do‘rmon” ijod uyidaligini eshitib, besh-olti tengqur ijodkor yo‘lga otlandik. Bordik, uchrashdik, gurunglashdik. Ustozning hayot haqidagi samimiy suhbati biz uchun ham maktab, ham tajriba ekani uchrashuv davomida bilinib turardi. Adib xalq ichidan topgan qiziq-qiziq o‘xshatish­larni, betakror iboralarni, ustozlaridan o‘rgangan o‘gitlarni, yozuvchilik, muharrirlik tajribasini, til va adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi xayrli ishlarga munosabatiyu bu borada bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan takliflarini biz bilan o‘rtoqlashdi. Gurung tor davrada qolib ketishini istamadik. Taassurotlarimizni siz bilan bo‘lishgimiz keldi.

“Ingichka va yo‘g‘on, Anjanda bo‘g‘on”

Yozuvchini qushga o‘xshataman. Qush bug‘doyi o‘rib olingan joy – ang‘izga boradi, boshoq terib, donini bolasiga olib keladi, o‘zi ham yeydi, shuning evaziga yashaydi. Yozuvchi ham o‘sha qushlarday joyma-joy kezib, xalqni kuzatishi, odamlar og‘zidagi tesha tegmagan so‘zlarni, gaplarni, iboralarni topishi, sayqallashi va yozilajak asarlarida ishlatib, ularni yana egasiga qaytarib berishi kerak.
Yozuvchilik haqida o‘ylay boshlasam, bundan qirq-ellik yil oldingi voqealar kinotasmaday ko‘z oldimga kela boshlaydi. Masalan, O‘lmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim” nomli birinchi qissasini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida muhokama qiladigan bo‘ldik. Sanasak, yozuvchi qissasining o‘n uch joyida “ingichka qosh” degan iborani ishlatibdi. Qizlarga nisbatan. U paytlarda detalma-detal, hatto verguligacha muhokamaga tortilardi. Majlisni Turob To‘la olib boryapti. Yonida Asqad Muxtor o‘tiribdi. Aziz Abduraz­zoq bilan qitmirligimiz tutdi-da, qoshlari ko‘zining ustini qoplab turadigan Tolib Yo‘ldoshni askiya qilmoqchi bo‘lib, prezidiumga xat yozdik:

“O‘n uchta ingichka qosh
Bo‘lar bir Tolib Yo‘ldosh.
Uni yozdi Aziz Abdurazzoq
Va Nosir Qozoq”.

Turob aka xatni o‘qidi-da, sharaqlab kulib yubordi va Asqad akaga surib qo‘ydi. Asqad aka kulmaydi, xatni jiddiy turib o‘qidi va cho‘ntagidan ruchka chiqardi-da, qog‘ozning orqasiga nimadir yozdi. Keyin xatni Turob akaga qaytarib berdi. Turob aka uni cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Xullas, yig‘ilishdan chiqib, Aziz Abdurazzoq bilan Chilonzorga – uy-uyimizga yetib olish uchun Turob akaning mashinasiga chiqqanimizda: “Asqad aka nima dedi”, deb so‘radik. Turob aka cho‘ntagidagi xatni oldi-da, yana sharaqlab kulib yubordi. O‘shanda Asqad aka xatning orqasiga: “Ingichka va yo‘g‘on, Anjanda bo‘g‘on”, deb yozib qo‘ygan ekan. Qarang, adabiychadagi “bo‘lgan” degan so‘zimizni andijonliklar “bo‘g‘on” tarzida talaffuz etar ekan.

Nosir og‘aning “changyutkich”i

Mirtemir akaning 100 yilligini nishonlash uchun Toshkentdan Turkistonga bordik. Mashinadan tushayotib, shimimga changmi, loymi tekkizibman. Xotin kishi baribir xotin kishi-da – rafiqam ro‘molchasini olib, o‘sha joyni darrov artishga tushdi. Bizni kuzatib turgan ikki qozoq qardoshimiz “Nosir og‘am Toshkentdan o‘zi bilan “pilesos”ini ham opkepti”, desa bo‘ladimi! Qarang, qanday chiroyli o‘xshatish.
Yana bir yili Shahrixonga bordik. Pichoq olay deb bozorga tushdim. Ikki cholning gurungiga quloq tutdim: “Bizning yerlar juda yaxshi-da, shudgorga oyog‘ingni tiqib tursang, qulog‘ingdan barg chiqib ketadi”.
Mana, yozuvchi so‘zni qayerdan olishi kerak! Bunaqa noyob topilmalarni, betakror o‘xshatishlarni yozuv stoli oldida ming yil o‘tirib o‘ylasangiz ham topolmaysiz. Bu singari so‘zlar bug‘doy boshog‘iga o‘xshab bitta-bittalab teriladi, yon daftarga qayd qilinadi va kerak mahali sayqal berilib, ishlatiladi.

Qo‘lyozmaning yigirma yettinchi nusxasi

Abdulla Qahhor qo‘lyozmalarini qayta-qayta yozishdan hech erinmasdi. Dala hovlisidan bir ariq suv ayqirib o‘tardi. O‘sha ariq ustida so‘risi bo‘lardi. So‘ri ustidagi xontaxta yonida o‘tirib yozardi. Bir bet yozib, o‘qib ko‘rib, yoqmasa, g‘ijimlab otib yuborardi, yana yozaverardi. Ko‘p qo‘lyozmalar shu singari suvga oqib ketgan. Bir gal asarining uch betini yigirma yetti marta ko‘chiribdi. O‘sha uch betlik yigirma yettinchi nusxani Said Ahmad akaga bergan. Bu yozuvchining “Asarlaringni yaxshilab ishla, tilga e’tibor ber”, degani edi.

So‘z talashgan Abdulla Qahhor

Abdulla Qahhor “Zilzila” degan qissa yozdi. Ilgariroq yozib tashlab qo‘ygan ekan, men borib jurnalda bosish uchun undirib keldim. O‘n sakkiz-yigirma betlik qo‘lyozma edi. Asarni nashrga tayyorladik. Korrekturasini yozuvchiga berib yuborsak, kasal holiga qaramasdan mashinaga o‘tirib tahririyatga kelibdi. “Vahobjon, buni siz ko‘rdingizmi?” dedi Abdulla Qahhor. Vahob Ro‘zimatov “ha”, deb javob berdi. “Mana bu yerda “Mashina gur etib o‘t olib, tutun chiqarib ketdi”, degan joyim bor ekan. Siz “dud” deb o‘zgartiribsiz. Nega unday qildingiz?” dedi yozuvchi. Vahob aka “Dud” menga yaxshiroq ko‘rindi”, dedi. Abdulla Qahhor “Yaxshiroq ko‘rinsa ko‘ringandir, lekin men “tutun” deya o‘zbekcha yozganman. Tilimizni mana shunaqa qilib rasvo qilamiz”, deb o‘z qo‘li bilan matndagi o‘sha so‘zni tuzatib ketgan edi. Yozuvchi shuni telefonda aytib, tuzattirib qo‘ysa ham bo‘lardi. Lekin keksayib qolganiga qaramasdan, bitta so‘zning orqasidan o‘zi keldi. Qarang, yozuvchining so‘zga hurmatini! U kishi shunday – tilning zargari edi-da! Mana bular esdan chiqmaydi.

Lug‘atda yo‘q degani tilda yo‘q degani emas

Asar yozish jarayonida eski o‘zbek tilidagi “jigi”, “murt”, “urt”, “yulun” singari so‘zlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Shunday paytlar ba’zan ayolim bilan tortishamiz. U “Bu so‘z adabiy tilda, izohli lug‘atlarimizda yo‘q”, deydi. Endi, qanaqa qilib isbot qilasiz. Lekin garchi odamlarning yodidan ko‘tarilgan eski o‘zbek tilidagi o‘shanday so‘zlar hozirgi adabiy tilimizda, yangi lug‘atlarimizda bo‘lmasa-da, ularni qo‘rqmasdan, dadillik bilan adabiyotga, adabiy asarlarga kiritaverish kerak. Bu so‘zlar lug‘atlarimizda, adabiy tilimizda yo‘q deb muomaladan chiqarib tashlayversak, tilimiz kambag‘al bo‘lib qoladi. Bu so‘zlar sekin-sekin lug‘atlarga ham kiradi. Til mana shular orqali boyiydi-da. Vaholanki, bizning til boyligimiz ortiq bo‘lsa bordir, hech qaysi xalqnikidan kam emas. Masalan, tilimizda “opa”, “xola”, “egachi”, “amma” kabi so‘zlarimizni olaylik. Tojik birodarlarimiz bularni yoppasiga “Xohar” deb qo‘ya qoladi. Ruslar esa “jiyan”, “amakivachcha”, “bo‘la”ni “plemyannik” deydi-qo‘yadi.

Toshpo‘lat Hamidning “do‘lop”i

Tilni sheva so‘zlari hisobiga ham boyitish mumkin. Masalan, Surxondaryo elining o‘z shevasi bor, o‘z atamalari bor. Deylik, o‘sha yerlik yozuvchi asarida shevasidagi go‘zal so‘zlardan foydalandi. Tanqidchilar “Sen tushunarsiz so‘zdan foydalanding, bu so‘z adabiy tilda yo‘q”, deya “urishishi” kerak emas. Agar o‘sha so‘z foydali bo‘lsa, izoh berish kerak. Natijada adabiy til yana bitta yangi so‘z bilan boyiydi. Hech bo‘lmaganda, tilimizdagi bor so‘zning boshqa ma’nodoshi paydo bo‘ladi.
Buxoroda Toshpo‘lat Hamid degan yaxshi shoir o‘rtog‘im bor edi. U “Ha, do‘lop qilib yuribsanmi?” derdi. Men esa “Do‘lop”ing nimasi?” deyman. Keyin bilsam, bu so‘z Buxoroda “to‘polon” ma’nosida ishlatilarkan. “Do‘lop” so‘zi “To‘polon”ning yana bir ma’nodoshi bo‘lib adabiy tilimizga, imlo va izohli lug‘atlarimizga kirsa, buning nimasi yomon!?
Men ham ba’zida tug‘ilgan joyim – Turkistonimdagi so‘zlardan foydalanaman. Buni kimdir qabul qilsa, boshqa birov inkor etadi. Bahsda haqiqat tug‘iladi.

Tilning nozik jihatlari

Qardosh xalqlarda ba’zi so‘zlar ikki xil ma’noda ishlatilishi mumkin Tarjimon bunga e’tiborli bo‘lishi kerak. Chimkentga bordim. O‘sha yerlik o‘zbek yosh shoirlari kelib, menga: “Haftalik to‘garagimiz bor. Shunga “Sayqal” deb nom qo‘ygandik. Qozoq do‘stlarimiz bunga monelik qilib, to‘garak nomini bu so‘z bilan atamaslikni iltimos qilyapti”, deyishdi. Men shoirlarga: “Qardoshlarimiz to‘g‘ri aytibdi”, deb javob berdim. Negaki “sayqal” so‘zini o‘zbeklar “jilo” ma’nosida ishlatishsa, qozoq do‘stlarimiz bu so‘zni o‘ziga oro berguvchi tannoz ayollarga nisbatan qo‘llaydi.
Yana bir misol. “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deymiz biz o‘zbeklar. Bu so‘z qozoq do‘stlarimizda “gina” ma’nosida keladi. Qozoqlar davrasida: “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deyolmaymiz. Negaki, so‘zning ma’nosi o‘zgarib ketadi.
Fosh degan so‘zimizni olaylik, bizda bu so‘z biror ishni, biror narsani oshkor qildi deb ishlatiladi. Lekin qozoq adabiyotshunoslari “mahorat bilan ochib berdi, ta’rifladi” degan jumlani “fosh” qildi tarzida qo‘llaydi.

Muharrir – tilning qo‘riqchisi

Tilni saqlashda muharrirlarning o‘rni katta. Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Vahob Ro‘zimatov, Nizom Komilov, Ibrohim G‘afurov kabilarni o‘shanday muharrirlar sirasiga qo‘shish mumkin. Biz ham ulardan ozmi-ko‘pmi o‘rgandik, o‘rganganlarimizni amalda qo‘lladik, qo‘llayapmiz.
Yaqinda Husniddin Sharipov haqida bir narsa qoralab, matbuotga berdim. “Domla Sharipov” deb sarlavha qo‘ygandim. Chunki u kishini tahririyatda shunday atardik. Sarlavhani “Ko‘ngil husni” deyishibdi. Ko‘ngilning oqligini eshitganmiz, ko‘ngilning qoraligi haqida ham gap bor. Ko‘ngil qoladi, yuksaklarga ko‘tariladi, deymiz. Lekin uning husni bo‘lishini endi eshitishim. Biror narsani bilsa-bilmasa, tavakkaliga qo‘llayverish kerak emas. Bu o‘rinda muharrir tuzataman deb aslida buzgan. Bu – so‘zni his qilmaslikdan. O‘sha maqolada bugunga kelib oq yemi chiqib ketgan: “Imoningiz salomat bo‘lsin, joyingiz jannatdan bo‘lsin!” degan so‘zlardan qochib, oddiygina qilib: “Biz sizni sog‘indik, domla Sharipov”, deya yakunlagandim. Gazeta muharrirlari “O‘lgan odamni ham sog‘inadimi?” degan xayolga borgan, shekilli, so‘ngso‘zimni olib tashlabdi. Lekin shunisi quvonarli bo‘ldiki, maqola Husniddin Sharipov haqidagi kitobda ko‘nglimdagiday bo‘lib chop etildi.
Yana bir gap. Tahririyatga uncha-muncha odam qo‘lyozma ko‘tarib kelavermaydi. Astoydil yozuvchi bo‘laman degan odam qo‘lyozma olib kelsa, siz uni o‘qib ko‘rsangiz, tahrir qilsangiz, muallifga maslahatlar bersangiz, bu, avvalo, xayrli va savobli ish. Muallifni tahririyatdan xafa qilib chiqarib yuborishdan osoni yo‘q. Chin muharrir bunday qilmaydi.

Matnning poydevori bo‘ladi

Har bir yozilgan narsada matnni ushlab turadigan tayanch, poydevor bo‘ladi, ya’ni bu – yozuvchining aytmoqchi bo‘lgan gapi, xulosasi. Agar mana shu tayanch bo‘lmasa, matn qulab tushadi. Jurnalga yozuvchilar haqida bir dasta hangoma bersam, tahririyatdagilar qo‘lyozmaning sahifaga sig‘may qolgan joylarini shartta olib tashlabdi. Oqibatda jurnalda bosilib chiqqan material pati yulingan tovuqqa o‘xshab qolibdi – xulosa qirqib tashlanibdi. Bunday ishlar har qanday odamning ta’bini xira qiladi. Ularni muharrir deb bo‘lmas. Agar o‘shalar muharrir bo‘lganida sahifaga sig‘mayotgan xulosani qaychilashdan avval sal bosh qotirishgan bo‘lardi. Bu muallif matniga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas!
Matnni qisqartirish kerak bo‘lsa, biz gapni, abzatsni emas, so‘zlarni qisqartirardik. Shunda muallifning fikri qolardi, matnning sopi o‘zidan chiqardi. Asarning umumiy ruhi ham buzilmasdi.

Sarlavha topish oson emas

Tahririyatning proza bo‘limida ishlagan kezlarim, ko‘plab asarlarning nomlarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan. Masalan, namanganlik Turg‘un Po‘lat degan yozuvchimiz “Kurortda” degan bir asar olib keldi. Men unga “Ichkuyov” deb nom qo‘ydim. Muallif rosa tortishdi, yoqa bo‘g‘ishish darajasigacha bordi. Oxiri: “Bor, nashriyotda xohlagan nomingni qo‘yib chiqaraver! Lekin jurnalda asaring “Ichkuyov” bo‘lib bosiladi”, dedim. Bir kun qarasam, asar “Ichkuyov” nomi bilan kitob bo‘lib chiqibdi. Gap shundaki, boy-badavlat oilaga bir jurnalist ichkuyov bo‘lib kiradi. Murosasi kelishmay qolib, oiladagi qing‘irliklarni feleton qiladi. Bu “ichki yov” bo‘lmay, nima bo‘lsin? Jurnalist ham “ichki yov”, ham “ichkuyov”.

Qutlug‘ farmon

Prezidentimizning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Universitet tarkibida uchta fakultet – o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlarining tashkil etilishi, qolaversa, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy tadqiqot instituti va O‘zbek tili va adabiyoti muze­yining universitet tarkibiga olinishi til va adabiyot borasida yaxlit, mukammal tizim yaratilganini bildiradi. Bu tilimizga, madaniyatimizga hukumatimizning yuksak e’tiborini ko‘rsatuvchi fakt. Bu tilimiz va adabiyotimizga e’tibor davlat siyosati darajasida degani.
Qutlug‘ farmon til va adabiyotga daxldor ko‘plab masalalarga yechim topishga imkon beradi. Jumladan, tilimiz grammatikasi, fonetikasi, orfografiyasidagi ba’zi bir nuqsonlarni tuzatish tilchi olimlarimizning asosiy vazifalaridan biriga aylansa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Hali bajaradigan ishlarimiz ko‘p

Mana, mustaqillik tufayli, xudoga shukr, nashriyotlarimiz ko‘paydi. Lekin bu degani hay deydigan xo‘ja yo‘q, degani emas. Hamma o‘z bilganicha qoralagan qo‘lyozmasini kitob qilib chiqaraverishi kerak, degani emas. Lekin, afsuski, bugun shunday qoralamalar bu nashriyot bosmasa, unisida chiqib ketyapti. Yozuvchilarimiz nashriyotga kelib, noshirning stoliga pulni qo‘yadi, mana, fleshka, deydi. Noshir fleshkani oladiyu tugmachani bosadi. Qarabsizki, kitob tayyor.
Yigirmatalab “roman” yozgan yoshlarimiz paydo bo‘lyapti. Bu nima degan gap? Ularda qanday mavzular bor? Nimalar yoritilgan? Endi shularni nazoratga olishning vaqti kelmadimikan?
Adabiyot insonni tarbiyalashi, tarbiyalaganda ham milliy ruhda tarbiyalashi kerak. Asarning arqog‘i – asl maqsadi, bizningcha, shunday bo‘lishi kerak. Har qanday asarni milliy ruhda yozsangiz, xalq o‘qiydi. Lekin qahramoningizning ustidagi libosi o‘zbekcha-yu, o‘zi boshqa millat odami bo‘lsa, o‘quvchi asaringizni bir chetga surib qo‘yadi. Rusga do‘ppi kiydirgan bilan u o‘zbek bo‘lib qolmaydi, yo bo‘lmasa, o‘zbekka shapka kiydirib qo‘ygan bilan u rusga aylanib qolmaydi.
Avvalo, adabiyotning yo‘lini to‘g‘ri belgilab olish kerak. Axloqsizlikni, zo‘ravonlikni targ‘ib qiladigan kitob­larning yo‘lini to‘smoq lozim. Yoshlarimizning o‘sha asarlarni o‘qib, “Hayot shu ekan-da” deb noto‘g‘ri tushunishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.
O‘zimizning ming yillardan beri asrab-avaylab kelayotgan milliy ruhimiz, milliy odob-axloqimiz, milliy udumlarimiz bor. Yozajak asarlarimizda shular aks etishi eng maqbul ish. Bizga mumtoz yozuvchilarimiz, mumtoz ustozlarimiz nafis adabiyotni meros qoldirgan. Nafosatni kuylashni o‘rgatgan. Uni bulg‘ashga, unga dog‘ tushirishga hech kimning haqqi yo‘q.

Gurungni Fozil Jabborov qog‘ozga tushirdi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son