“Nahot iztirobda doim tafakkur…” (Ibrohim Haqqul va Shahnoza Nazarova suhbati) (2014)

Shahnoza Nazarova: – Dunyo adabiyotida Shekspirga vorislik hech qachon to‘xtab qolmagan. Shu vaqtga qadar yuzaga kelgan barcha adabiy oqimlar diniy manbalar bilan tengma-teng Gomer, Dante, Shekspir chegarasini kesib o‘tadi.

Ustoz Najmiddin Komilov adabiyot tarixidagi Xayyom sistemasi, Dante sistemasi, Shekspir sistemasini Sharq va G‘arb teng kengliklaridagina to‘la tasavvur etgan. “Tafakkur karvonlari” kitobida Ibn Sino va Dante munosabatlarini tizimga solib o‘rgangan. Olim Shekspir Dantedan ta’sirlangan bo‘lsa, demak, u Ibn Sino merosidan va sharqlik boshqa faylasuflarning qarashlaridan bahramand bo‘lgan, deydi. Bu kuzatishlar Dante va Sharq, Gyote va Sharq, Shekspir va Sharq, Tolstoy va Sharq, Dostoyevskiy va Sharq degan juda ulkan qomusiy tadqiqotning bir ulushi.

Shekspir olami psixolog, faylasuf, tarixchi, adabiyotshunoslar tomonidan eng ko‘p o‘rganilgan soha. Ammo Sharq va G‘arb tafakkurini quyi, yuqori deya baholamasdan aytish mumkinki, sharq tadqiqotchilarining qarashlari masalaning Sharqdan ta’sirlanish qanotini ko‘tarib berishi kerak, xulosalarni aynan shunday tadqiqotlargina asosiga yetkaza oladi. Shunday emasmi? Ustoz, buning uchun bizdagi qiyosiy adabiyotshunoslikning ahvoli qay holatda?

Ibrohim Haqqul: – Ma’lumki, qadim davrlardan buyon ishonch, e’tiqod, madaniyat, maslak nuqtai nazaridan dunyoni Sharq va G‘arb deya ikkiga ajratish umumiy odat va ko‘nikma bo‘lgan. Bu farqlanishga ko‘ra Sharq ishonch, G‘arb esa tushuncha olamini yuzaga keltirgan. Darhaqiqat, bugun butun dunyo xalqlari qalbida hokim bo‘lgan ishonchlar dastlab Sharqda tug‘ilib, undan keyin jahonning turli mintaqalariga tarqalgan. Budparastlik, braxmanlik, konfutsiylik Uzoq Sharqda paydo bo‘lib, hanuzgacha shu joyda yashayotgan insonlarning katta qismi ongida hukmronlik qilmoqda.

Zardusht, Moniy, Mazdak dinlari, xristianlik va islom O‘rta Sharqda dunyoga kelgan edi. Islom dini hukmronligi shimoliy-sharqiy Osiyo, O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada istiqomat qilgan jamiyatlarni ham qamrab olgan.

Evropa, Amerika, Afrika va Avstraliyada kun kechirgan qavmlar hamda jamiyatlar, Osiyo dinlarini qabul etishdan avval, o‘zlarining yerli dinlariga sohib bo‘lishgan. Ammo ular Osiyodan kelgan kuchli ishonch harakatlari qarshisida yo yo‘qolib borgan, yoki ta’sirsiz holga kelgan. G‘arbdagi buyuk ijodkorlarning Sharq bilan munosabati yoki Sharq ilm-fani va adabiyotidan ta’sirlanishi xususida fikr yuritishda yuqorida qayd qilganimiz tarixni esdan chiqarmaslik lozim. Chunki G‘arb falsafiy jarayonlar, aqliy nazariya­lar va ilmiy faoliyatlarini quvvatlantirgunga qadar Sharqqa o‘zgacha bir ehtiyoj va talablar bilan yondashgan hamda umid bog‘lagan. Qiyosiy adabiyotshunoslik qachonki ishni masalaning tub ildizini o‘rganishdan boshlasa, ana o‘shanda Sharqu G‘arb mavzusidagi past yo baland ketishlar o‘z-o‘zidan kamayib boradi.

Ibn Sino va Dante mavzusini har jihatdan to‘g‘ri hamda ishonchli tarzda o‘rganish uchun, eng avvalo, buyuk italyan shoirining musulmonchilikka munosabati va islom diniga qanday qaraganligini aniq bilish shart deb o‘ylayman. Chunki Uyg‘onish davridan boshlab Yevropadagi buyuk ijodkorlarning aksariyati islom dini va uning payg‘ambariga nihoyatda salbiy nigoh bilan qarashgan. Bu hodisaning ham tub sababiga yetilsa, ular xristianlikning ta’sirida adashgani ravshanlashadi. Bas shundoq ekan, G‘arb ilmi va adabiyot olamida nega Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd kabi allomalar ko‘klarga ko‘tarilib maqtalgan? Birinchidan, ularning ilmiy-falsafiy merosida insoniyatning o‘zini anglashi va tafakkurda ilgarilashiga katta yo‘l ochadigan haqiqatlar keng o‘rin olgan. Ikkinchidan, bu faylasuflarning asarlarini keskin tanqid qilgan mashhur musulmon olimlarining aybnomalariga taya­nib, ular islomdan yuz burib, xristianlikni qabul aylashga chog‘lanishgan degan bir tushuncha keng tarqalgan. Sho‘ro davlatining dastlabki davrlarida G‘arb ilm-fani va madaniyatini Sharq uchun xaloskor sifatida ko‘rsatish umumiy udum darajasida ko‘tarilgan bo‘lsa, ancha keyin Sharq ilmiy-madaniy dunyosining G‘arbga ta’siri haqida ham gapirilib, maxsus tadqiqotlar yaratildi. Ammo ushbu tadqiqotlarda ham asosan sho‘ro mafkurasi talab va ko‘rsatmalaridan bir paysa ham nari jilmagan olimlarning ilmiy ishlariga suyanilgan. Umuman olganda, Sharq va G‘arb ilmiy-adabiy aloqalarini tadqiq etib, ishonchli xulosalar chiqarishning ilk sharti – til bilish; bunda ingliz, nemis, frantsuz, arab kabi xalqaro tillarni yaxshi biladigan yoshlarimiz to hanuzgacha uzuq-yuluq yoki havaskorlik darajasida o‘rganilib kelinayotgan Sharq va G‘arb mavzuini qanoatlanarli tarzda yoritib berishlari mumkin. Menimcha, bag‘oyat muhim va qiziqarli bu ishni amalga oshirishda aynan “Jahon adabiyoti” jurnali tashabbuskor va mas’ul bo‘lmog‘i lozim. Chunki jurnal sahifalaridan ushbu yo‘nalishga tegishli maqolalarning o‘rin olishi kishiga umid beradi. O‘shanda har bir o‘quvchida sayoz yoki havoyi faxrlanish emas, balki o‘zining qadimiy ildizlarini bilish hissi kuchayadiki, buning ahamiyati o‘zgacha bo‘lgani singari, uning mushohada zavqini to‘la ta’riflash ham mushkuldir. Aslida eng muhimi ham ana shu!

Shu o‘rinda izohga monand bir fikrni aytib o‘tsam. G‘arbda ham turli irq, millat, din, dunyoqarashga mansub ko‘p xalqlar yashaydi. Ularning hammasida ham Sharqqa, xususan, islom dini va uning ulug‘ Payg‘ambariga munosabat bir xilmas. Shu ma’noda ayrim frantsuz va italyan mutafakkirlaridagi qahr, nayrang aralash qitmirlik olmon va inglizlar tarixida uchramaydi. Masalan, Volter va Blez Paskal kamsituvchi, tahqirlovchi gaplar bitgani holda, Gyote Payg‘ambarimizning obrazini yaratishga bel bog‘lagan bo‘lsa, Shekspir islom ma’rifati mushohadasidan to‘xtovsiz ilhomlangan.

Tarixdan yaxshi ayonki, jahondagi aksariyat xalqlarning madaniyati bir-biri bilan bog‘liqlikda va o‘zaro aloqa yo‘llari bilan rivojlanib, boyib borgan. Turkiy xalqlar madaniyati ham Shumer, Chin, Hind, Fors, Arab madaniyati bilan vobastalikda taraqqiy etgan.

Turkiy madaniyat va adabiyotni keng ma’noda Islom madaniyati va mafkurasidan ajralgan holda anglash ham, tasavvur etish ham imkonsizdir. Chunki musulmon madaniyati jahon tamaddunining yangi davri, muosir bosqichi edi.

Muborak va muqaddas Qur’oni karim, ilm va mohiyati nuqtai nazaridan dunyoning so‘nggi dini bo‘lgan islom insonga yashash uchun yangi dunyoqarash, yangi ma’naviy-ruhiy iqlim keltirgan edi. Musulmonlik mafkurasi hukmronlik qilgan yerlarda yangi tafakkur, yangi idrok, yangi madaniyat va san’at hayotining sardori hamda rahnamosi Ollohning suyukli rasuli Muhammad (s.a.v.) edi. Shuning uchun nubuvvat falsafasiga tayanish, Muhammad payg‘ambar shaxsiyatiga cheksiz mehru muhabbat Sharqdan yetishib chiqqan har bir buyuk san’atkor tushunchasidagi daxlsiz nuqta hisoblanardi. Zero, nubuvvat, nainki Sharq, balki G‘arbga ham ochilgan ishq va irfon eshigi edi.

“Muhammad Mustafoning dini, – deydi Pokistonning buyuk mutafakkir shoiri M.Iqbol, – hayot dinidir. Uning shariati – hayot dinining tafsiri. Sen tuproq bo‘lsang, bu din seni osmon etadi. Seni Haq istagan holga yetkazadi. Uning jilosi temirni oynaga aylantiradi…” G‘arblik qaysi ijodkorning ko‘ngliga tasavvufga qiziqish urug‘i qadalgan bo‘lsa, eng avvalo, bu islomning xizmatidir.

Sh.N: – Suhbatlaringizda tasavvuf va G‘arb dunyosi o‘rganilmaganligi, tasavvuf va Shekspir ijodiyoti mavzui nihoyatda qiziqarli bo‘lib, buni o‘rganish Sharq va Shekspir sarlavhasi bilan boshlanishi kerakligi haqida fikr bildirgansiz. N.Komilov “Hamlet”ning 5-pardasidagi bosh suyaklarga oid suhbat motivini Iskandar va gado uchrashuvi syujeti bilan, Hamletning “Qaysari Rumdan vaqti kelgach loy qilishar devorlar uchun” so‘zlarini Xayyom qarashlari bilan bog‘lagan. Siz aytasiz: “Hamlet – darvesh”. Bunday fikrlash tarzi, kishini o‘yga toldiradi. Uning o‘zini nayga o‘xshatishi Rumiyga yaqinlashtiradi. Ammo doim ko‘ngilning bir chetida shubha turadi. Me’yorni qanday tutib turish mumkin?

I.H: – Me’yorning ham me’yori sun’iylik va yurakni g‘ashlantiruvchi sharqparastlikka erk bermaslik. Sharqlik biror bir kimsa borib Shekspirni qiynagan yo ingratgan emas. Jabru jafo, qanday g‘am-g‘ussa chekkan bo‘lsa, u o‘z davri, zamoni, ijtimoiy muhitidan chekkan. Shekspir G‘arb zaminida o‘sib-ulg‘aygan azamat bir Daraxt. Uni hech bir tarzda Sharq ob-havosiga mutlaq yaqinlashtirib ham, mutlaq muvofiqlashtirib ham bo‘lmaydi. Shekspir faqat va faqat o‘ziga o‘xshaganligi tufayli Shekspir. Ammo shu bilan birga uning ruh va tafakkur “lochini” musulmon olamiga sayr aylab, undan goho ta’sirlanib, goho mohiyat ne’matlaridan oziqlangan. Sharqqa bepisand qarab bo‘lmasligi, uning dini, tarixi va madaniyatini o‘rganmaslik ayni takabburlik ofati ekanligini dil-dildan his qilganligi uchun ham Shespirni men juda e’zozlayman. Nayni Rumiy kashf etgani yo‘q, Rumiygacha ham bor edi. Lekin Mavlononing nafasi bilan “nay” zaminu osmonni larzaga solgan edi. Ehtimol, Shekspir bir qarich qamishdan yasalgan nayning sohir ovoziga emas, Rumiyning muborak nafasiga oshufta bo‘lgandir. Demoqchimanki, haqiqatning zohiriy jihatlari ko‘pda uning botin yuzini ochmaydi, unga yetib borishga hatto monelik qiladi.

Sh.N: – Hamletning mutafakkir sifatidagi qiyofasi haqida gapirgansiz. Asarda so‘zlanayotgan so‘zlarga ko‘ra u yerda hamma mutafakkir. Bundan bir oz taajjublanaman. Hamlet mutafakkir, ammo uning tili menga ko‘pda yasamadek tuyuladi. Bu o‘rinda L.Tolstoyga butunlay yon bermayapman. Shekspir qahramonlari tili, xususan, Hamlet tilidagi yasamalikda bir oz tabiiylik bor, axir bular dramalar. Haqiqtaparastning ham telba niqobiga berkinishi insoniyatning o‘zi qadar qadim motiv. G‘arb adabiyotidagi asosiy asarlar mana shu yasama tilga taqlid qiladi. L.Tolstoy bo‘lsa bunga toqat qilolmaydi, J.Joys buni “Uliss” da qattiq kulguga oladi, ham bu tilga taqlid qiladi. Adabiyot tili – yasama tilmi?

I.H: – Mashhur bir olimning “Til – san’at asari erur”, degan ta’rifini o‘qiganman. Haqiqatda ham o‘zi shunday. Ammo buni bilish, mushohada qilish va ko‘rish uchun tilga tilchi ko‘zi bilan emas, balki uslubchi ko‘zi bilan qarash lozim bo‘ladi.

Ekzistentsializm falsafasining asoschilaridan bo‘lgan M.Xaydegger tilga yanada teran nigoh bilan qarab, “Til odamning uyidir”, deydi. Ha, odam til ichida yashaydi. Uning butun hayot tajribasi, o‘zi istasin-istamasin, tilda aks etadi. Ertadan to oqshomgacha o‘zaro fikr almashgan, barcha tuyg‘u, tushuncha va harakatini til bilan ifodalagan inson chindan ham tilni o‘zining mavjudligi darajasiga yetkazadi. Shunga ko‘ra, tilni inson mavjudligining o‘ziga xos shakldagi ifodasi, desa aslo xato bo‘lmaydi.

Til odam hayotining har lahzasida ishtirok etmaganda edi, uning odam bilan bag‘oyat yaqin aloqasini o‘ylamasa ham bo‘lardi. Vaholanki, shu yaqinlik, aniqrog‘i “ifoda shakllari”ga qarab u yo bu millatning asrlar mobaynida yashalgan tuyg‘u, taxayyul va tushunchalarini bilish mumkin. Til millat ruhi va fikr hayotining ko‘zgusi, madaniyatining asosi deyilganda, men ushbu haqiqatlarni anglashga urinaman. Bularni e’tiborga olmay, imkon darajasida o‘rganmay Shekspir qahramonlari tili yoki til xususiyatlaridan bahs yuritish, menimcha, to‘g‘ri emas.

Endi badiiy til masalasiga kelsak. Adabiyot tuyg‘u va tushunchalarni jonli so‘zlashuv tilidan bir necha hissa kuchli, go‘zal, nafis va ta’sirli bir tarzda tasvirlab beradi. His, ehtiros, xayol, fikr o‘ziga eng uyg‘un, bejirim ifoda shaklini chinakam adabiy asardan topadi. Demak, xalqning tili qanday bo‘lsa, adabiyoti ham shunday. Menimcha, hech bir tildagi tarjima Shekspir qahramonlarining nainki tili, ruhiy olami va xarakter xususiyatlari haqida asliyatdagidek tasavvur uyg‘otmasligiga tan berish joiz deb o‘ylayman.

Hamletning tili faqat Sizgamas, juda ko‘pchilikka yasamaga o‘xshab tuyulgan. Men bundan ajablanmaganman va ajablanmayman ham. Hamletning tili, ma’lum bir ma’noda, “qush tili”. Shu boisdan uni hamma ham tushunavermaydi. Uning sharqlik darveshga monandligi avvalo shunda. Ikkinchidan, u ochiq, go‘yo o‘zini cheklamasdan gapiradi, lekin ayni paytda buyuk dardi, cheksiz iztirobini yashirish uchun bir “parda” sifatida tildan ham foydalanadi.

Yana bir fikr. Ayrim paytda xotiraga kelgan xayolni odam yorqin tasavvur etolmay qoladi. Nega? Sababi hali mubham, qorong‘ilikdan to‘la ajralmagan. Goho zehnda qanot yozgan fikr yo ma’niga yetishib bo‘lmaydi, chunki u favqulodda yuksakda. Ittifoqo ko‘ngilda yuz ochgan his-tuyg‘uni ifodalash imkonsizday tuyuladi. Sabab? U haddan ziyod teran. Shunday holatlarda nima bo‘ladi? Ichdan yo bir faryod ko‘tariladi. Yoki mavhum nimalardir deyiladi. Yoxud hech nima demasdan, xususan, “dejurniy” so‘zlar “oyoq osti”ga olinib tepkilanadi. Hamletda shunday. Til, so‘z anglatolmaganni, xayriyatki, ruh, sukut anglatadi. Hamlet bularning har ikkisi – ruh va sukut tilidan bag‘oyat unumli foydalangan…

Sh.N: – Shekspir dunyo adabiy, falsafiy, diniy tafakkurini boshqaruvchi, davriy tushunchalarni tartibga soluvchi daholardan. Masalan, aytganimiz Joys Odisseyni o‘z davriga, o‘z qahramoniga, o‘z makoniga Hamlet orqali ko‘chiradi. Zamonaviy dramaturgiya allaqachon davrlarning shekspircha yechimiga o‘tib oldi. Ustoz, Shekspirning G‘arbdagi, Sharqdagi endigi o‘zlashtirilishini qanday tasavvur qilasiz?

I.H: – Ba’zan yozuvchi, olim birodarlar bilan gurunglashganda men “Bugun Shekspir kerak… Hozir Dostoyevskiy zamoni bo‘ldi…” degan gaplarni aytaman. Insoniyatning kulfat, hasrat va fojialari Shekspir yoki Dostoyevskiylar zamoniga qaraganda bir necha yuz hissa maydalanib, tarmoq yozib ko‘payib ketdi. Ular orasida hali ismi ham noma’lumlari bisyor. Shuning uchun, birinchidan, Shekspirday tarix va o‘zi yashagan zamon o‘rtasida hech kimnikiga o‘xshamaydigan hamda boshqa birov takrorlay olmaydigan adabiy “ko‘prik” yaratib, insoniyatni shiddat ila tanazzul chohiga tortayotgan asosiy xato, badbaxtlik va adashuvlarni aynan yurakka yetib boradigan zaylda ko‘rsatuvchi daho zarur; ikkinchidan, Hamlet iztirobiga voris Dostoyevskiy singari san’atkor kerak.

Atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bir suhbatida “Har bir millatning o‘z Hamleti bo‘lishi lozim. Hamlet orqali millatni tarbiyalab voyaga yetkazish kerak. Bu eng muhimi”, – deydi. Lekin millatning Hamleti qanday voyaga yetib, qandoq maydonga chiqadi? Mana bu muammo. Chunki ko‘pchilik qariyb bir xilda o‘ylab, bir xilda so‘zlagani uchunmi yoki boshqa bir ko‘nikmalar tufaylimi hamletona dard, alam, iztirob yo‘llari juda-juda sayozlashtirib tashlangan. Men Hamletga ko‘r-ko‘rona ergashish, bilib-bilmay undan ibrat olishga targ‘ib qilmoqchimasman. Yo‘q, unga qarshi turishni ham bilish lozim demoqchiman. Uning “xudbin”, “hafsalasiz”dek ko‘ringan qiyofasi ortida uzoq davrlarga qaratilgan yashovchanlik va og‘riqli e’tiroz mujassam.

Sh.N: – Shekspir tarjimalari tadqiqidan ko‘nglingiz to‘ladimi?

I.H: – Tarjimashunos deganda, ko‘z o‘ngimda didi o‘tkir, saviyasi baland, til va adabiyotni bilishdan tashqari tarix, falsafa hamda dindan har qalay xabardor, so‘zni chuqur his qiluvchi kishi qiyofasi gavdalanadi. Ayniqsa, Shekspir kabi san’atkorlar asarlari tarjimasini shunday tadqiqotchilar tadqiq etishi shart. Shekspir dramalari tarjimalari bilan ularni ilmiy o‘rganish ishlari o‘zaro qiyoslansa, tarjimashunoslik hali to‘la qad ham rostlay ololmagan, deyishga to‘g‘ri keladi. Bir yo ikki tadqiqot doirasida “Hamlet” yoki “Otello” tarjimalarining barcha sir-asrori yoritilishiga shaxsan men ishonmayman. Demoqchimanki, tarjimashunos o‘zbekchalashtirilgan matnlar hayoti va taqdiriga hakamlik qilishni uddalay olishi bilan birga, Shekspir ijodiyotining haqiqiy targ‘ibotchisi darajasiga ko‘tarilishi ham kerak. Afsuski, shunday olimga muhtojmiz.

Sh.N: – Kitobxonlik, adabiy asarlarga aks-sado qay holatdaligi sir emas. Bu butun dunyoni tashvishga solayotgan muammo. “Jahon adabiyoti” jurnali 2013 yilda F.Dostoyevskiyning “Iblislar” romanini, A.Kamyuning “Kaligula” dramasini nashr etdi. Tadqiqiy aks-sadolar yetib kelganicha yo‘q. “Jahon adabiyoti” jurnali Shekspirning qaysi tomonlarini, Shekspirga oid qanday tadqiqotlarni qay holatda yoritishini xohlardingiz?

I.H: – “Jahon adabiyoti” birinchi navbatda buyuk Shekspirning jahoniy mavqeini ko‘rsatadigan va uning jahon xalqlari ko‘nglini ishg‘ol aylagan ijodiy kashfiyotlaridan bahs yurituvchi maqola va kitoblarni o‘zbek o‘quvchisiga yetkazishga urinishi kerak. Shekspirning ayrim asarlari ikki hatto uch bora, ya’ni ikki va uch ijodkor tomonidan o‘zbekchalashtirildi. Shu tajriba to‘xtab qolmasligi, qoyillatib amalga oshirilgan har bir yangi tarjimaga asarning oldingi tarjimasi to‘siq bo‘lmasligi lozim. Bizning adabiyotshunosligimizda nimani o‘rganish, nimani o‘rganmaslik zarur deya o‘ylangan aniq bir me’yor yo‘q. Shuning uchun “mahalliy klassiklar” ijodini o‘rganishga sarflangan kuchning samarasi ko‘pincha bir chaqaga ham arzimaydi. Jurnal o‘zbek shekspirshunosligining rivojlanishiga xizmat qiladigan turli mavzu va xilma-xil shakldagi asarlarning yaralishiga tashabbus ko‘rsatsa, yomon bo‘lmasdi.

Sh.N: – Bir gal suhbatimizda Shekspir mutolaasidan uzilmadim, degandingiz. Shekspir borasidagi ilk xulosalaringiz va hozirgi qarashlaringiz o‘rtasida qanday farq bor?

I.H: – “Shekspir ijodi haddan tashqari boy va terandir. Tabiatan u mahsuldor shaxs, bir yilda uning bittadan ortiq narsasini o‘qimaslik kerak. Aks holda u ijodkorni halokatga mahkum etadi…”, – deydi buyuk olmon shoiri Gyote. Shekspir ijodiyotining mohiyatida “halokatli” bir kuch-quvvat borligini yaqin-yaqingacha xayolga ham keltirmaganman. Bugun buni har nechuk bilaman. Shekspirni o‘qib-o‘rganmay yashalgan hayot – mahdud hayot. Inson o‘zini anglashi, nafsu havoning qurboni bo‘lmasligi uchun o‘z shaxsini Sheks­pir qahramonlarida, ularning shaxsini esa o‘zinikida ko‘rishga urinishi, shaxsiyatsizligi bilinganda esa hech cho‘chimasdan, tushkunlikka yon bermasdan shaxsiyat yaratishga jahd aylashi kerak. Shu ma’noda shekspirxonlik kishiga “injil”ni o‘rganishdan ham ko‘proq yordam va shavq beradi. Bunga bosh sabab esa Shekspirning hazrati Iso ta’limotini teran o‘zlashtirib, san’at tilida uning zarur qirralarini tasvirlashga erishganidir. Sharqning buyuk mutafakkirlari Attor, Rumiy, Yassaviy, Navoiy maktabi singari Shekspir maktabi ham hammadan avval nafsni tiyish, hirs, g‘azab, moddiy manfaat g‘alayonlaridan o‘zini muhofaza aylash, odam qavmini tanishda adashmaslik maktabi. Shekspir insonni nokaslik o‘yinlari, qattollik va qonxo‘rlik musobaqalari, razillik va tubanlik sahnalariga yuzlashtiradi. U inson orqali g‘ayriinsoniylikni qanchalik qoralab, inkor etsa, insonga tayanib insoniylik istiqboliga o‘shancha umid ham hosil qiladi.

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 5-son