Sobir O‘nar 1964 yili 25 fevralida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida Quvkalla qishlog‘ida tug‘ilgan. 1981-86 yillarda hozirgi O‘zMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 2022 yil 18 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
“Yoshlik” jurnalida 1986 yilda muharrir, bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari 1993-2015 yillarda jurnal bosh muharrir vazifasida, 2015 yilda bir muddat “Kuch adolatda” gazetasi va “G‘afur G‘ulom”, (2016-2017) “Yoshlar” (2017-2019) nashriyotida, 2020 yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Nasr” bo‘limida faoliyat olib borgan.
1989 yilda Sobir O‘narning ilk kitobi – “Orzuga to‘la qishloq” hikoyalar to‘plami Cho‘lpon nashriyotida chop etilgan. Shu yili u Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan. 1990 yilda “Ovloq adirlar bag‘rida”, 1991 yilda “Chashma” kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan.
Keyingi yillarda u “Inqilob kechasi”, “Dunyo shundoq tururmi?”, “Bibisora” kabi qissalar e’lon qildi. 2006 yilda “Chambilbelning oydalasi”, 2011 yilda “Bibisora” qissa va hikoyalar to‘plami, 2016 yilda esa “Farishta”, “Kunsuluvning sirli xatlari” (2021) hikoyalar, “Oldinda yongan mayoq” (2020) maqola va esselar to‘plamlari kitob holida chop etilgan.
Sobir O‘narning qissa va hikoyalari koreys, xitoy, qozoq, rus va ingliz tillariga tarjima qilingan.
Sobir O‘narning turk, rus, Lotin Amerikasi adiblari ijodidan qilgan bir necha hikoya va qissalar tarjimalari o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. U qoraqalpoq adibi X.Tojimurodovning “Ov hangomalari” (1990) hamda turk yozuvchisi Bakir Yulduzning “Karbalo fojiasi” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Yozuvchi 1993 yilda har yili mustaqillik kunida yosh ijodkorlarga berilajak “Davlat mukofoti” sohibiga aylangan. 2022 yilning avgust oyida “Do‘stlik ordeni” bilan taqdirlangan.