Boybo‘ta Do‘stqorayev (1941-2021)

Taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boybo‘ta Do‘stqorayev 1941 yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universitetini tamomlagan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1969 yildan ish boshlagan. Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi” kafedrasining mudiri bo‘lgan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib borgan. 1986 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, o‘zbek matbuot tarixini o‘rganishga kirishgan. Milliy matbuot tarixi va uning yetuk namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat, Hoji Muin, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Saidrizo Alizoda singari ma’rifatparvar milliy ziyolilarning jurnalistik faoliyati haqida yozgan maqolalari bilan ilmiy jamoatchilikka juda ko‘p yangiliklarni taqdim etgan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev “Yassaviy kim edi?” (1994), “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” (2009) kabi kitoblar muallifi. Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston” (1997), Hoji Muin “Tanlangan asarlar”ini (2005) nashrga tayyorlagan.

Shuningdek, Boybo‘ta Do‘stqorayev Fitratning “Mashrab” (“Yosh leninchi” gazetasi, 1991), “Farhodu Shirin to‘g‘risida” (“Ma’rifat” gazetasi, 1996), Abdulla Qodiriyning “Olti yillik bazm” (“Mushtum”, 1993), Cho‘lponning “Shamol nimadan hosil bo‘ladi” (“Mushtum”, 1995), “A. Xontalishskiyga maktub. Umid sizdan” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1998), “Qaytish yo‘q” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1999), Munavvar qorining “Bizni jaholat jahli murakkab”, “Toshkentda jamiyatlar”, “Nikoh to‘g‘risida”, “O‘zbek pedagogikasi antologiyasi” maqolalarini nashrga tayyorlab, xalqimizga taqdim etgan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev 2021 yil 28 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.

Maqolalar:

Boybo‘ta Do‘stqorayev. Hurlikka intilgan «Hurriyat»
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Buyuk mutafakkir
Boybo‘ta Do‘stqorayev. “Alpomish” matnining jilolari
Boybo‘ta Do‘stqorayev. «Hurriyat»ning ko‘ksiga gul taqaylik»
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Romanning bir fazilati
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Vannaychaxonning dardi yoxud Cho‘lponshunoslikdagi ayrim muammolar xususida
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Ikki buyuk siymo
Boybo‘ta Do‘stqorayev. “Taraqqiy” boshlab bergan yo‘l
Boybo‘ta Do‘stqorayev. “O‘g‘uzxon”dan biror «iz» qolganmi?
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Cho‘lpon: gazeta yettinchi davlat
Boybo‘ta Do‘stqorayev. Siynani sanaga almashtirib bo‘lmaydi
Boybo‘ta Do‘stqorayev, Nilufar Namozova. Behbudiyning munosib shogirdi
Yuksak intilishlar ko‘zgusi (Boybo‘ta Do‘stqorayev bilan suhbat)