Zulfiya Qurolboy qizi. Boyvuchcha (hikoya)

Quyosh o‘ldi.
Uni qonsiragan shafaq yeb qo‘ydi.
Shamol turdi. Shamol quyoshning nimpushti qoni sachragan ufqning chekka-chekkasida daydib yurgan bulutlarni hayday boshladi.
Ammo… zum o‘tmay osmonni qop-qora bulut qopladi.
Hovliga tuman va qorong‘ilik bostirib kirdi.
Ayol zim-ziyo deraza oldida turardi.
Xonaga ayolning tutingan singlisi Ruqiya kirdi. Qo‘lida patnis.
Bir qo‘li bilan chiroq tugmasini bosdi.
Sukunat parchalandi.
– Opa…
Ayol miq etmadi. Hatto o‘girilib qarab qo‘ymadi.
Ruqiya patnisni ko‘targancha ostonada turib qoldi.
Ayol tashqaridan ko‘z uzmasdi.
Bir mahal uning mijjalaridan yosh tomchilay boshladi.
– Opa… – Ruqiya na nonushta olib keldim deya olar, na kechlik… Bu uyda anchadan buyon kun bilan tunning o‘rni almashib qolgandi. – Sutchoyingiz sovib qol…
Ruqiya gapini tugata olmadi. Ayol keskin burilib o‘shqirib berdi:
– Yo‘qol, Ruqiya! Ko‘zimga ko‘rinma!
Qichqirgani kamlik qilganday, mushukni haydaganday qo‘lini silkidi.
Ruqiya qo‘lida patnis tutgancha qimir etolmay qoldi. Patnis titradi va ko‘ksida bir qush bezovtalandi: “Tekin tomosha boshlandi!..”
Ayol qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha yana tashqariga tikildi.
Deraza ortida zimiston jarlik paydo bo‘lgan, ichkaridan to‘kilgan sarg‘ish nur jarlikni yoritishga ojizlik qilar, bo‘shlik qa’ridan mo‘r-malaxday o‘rlayotgan tuman tap tortmasdan ichkariga yopirilardi… lekin aslida bunday emasdi, tashqarida chigirtkalar chirillar, yo‘lak chetidagi chinnigullarning isi atrofni tutar, to‘lin oy esa saxiylik bilan mo‘l-ko‘l yog‘du sochardi olamga…
Ayol zimiston jarlikka qanchalik tikilmasin, hech narsani ilg‘ay olmadi.
Keyin qunishgancha ortiga o‘girildi. Uning namxush ko‘zlari yuvosh tortgandi.
– Olib ke.
Ayol oromkursiga cho‘kdi.
Ruqiya patnisni stolcha ustiga qo‘ydi. Keyin derazani yopaymi deganday ayolga qaradi. Ayol miq etmadi.
U finjondan o‘rlayotgan bug‘ga tikilib qolgandi.
Tashqarida nimadir gumburladi.
– Qor yog‘adi-yov… – dedi Ruqiya ayolning savolchan nigohiga javoban.
– Xo‘jayin keldimi? – so‘radi ayol sovuq ufurayotgan derazaga bir qarab qo‘ygancha.
– Yo‘q hali.
– Komila-chi?
– Qizgina xonasida o‘tirib nimadir yozyapti.
– Shuning uchun tovushi chiqmayotgan ekan-da. Furqat-chi?
– Furqatjon hali ko‘chadan kelmadilar.
– Ha, kep qolar.
Ruqiya tashqariga yo‘naldi. Undan ohista “taq” etgan ovoz qoldi xonada…
Ayol oromkursiga yastandi.
Oromkursi qarshisidagi stol ustida bankdan berilgan hisob raqamlari, yengil mashina hujjatlari, chetlariga oltin suvi yuritilgan quticha bor edi. Stoldan nariroqda qoq o‘rtasidan darz ketgan to‘rtburchak toshoyna ayolning qahridan qo‘rqqanday qaltirab turardi: “Mening aybim yo‘q!..”
Toshoyna yonida tumba. Tumba ustida joynamoz. Chetlari kashtalangan, lekin chang bosgan…
Tumba tepasida ikkita portret jilmayib turibdi. Portretlardan birini yaltiroq chilvir mahkam o‘rab olgan…
Ayol ko‘zlarini yumdi.
Bir mahal tashqarida nimadir qattiq guldiradi.
Ko‘zi ilingan ayol vahima va arosat ichida titrab ketdi. “Yo rabbim!”
Soniyaning allaqaysi ulushi ichra navnihol qizning dodlab baqirishi, dunyoni boshiga ko‘targan chinqirig‘i, allanarsalarning g‘ajir-g‘ujuri, qandaydir kishilarning qo‘pol so‘kinishlari… ayolning miyasini parmalab, yuragini dahshat va qo‘rqinchga to‘ldirdi.
“Komila!”
Ayolning ko‘zlari chaqchayib ketdi.
– Qizim…

…Sochlari yoyilgan, to‘zg‘igan, nozik bo‘yniga yaltiroq chilvir o‘ralgan yigirma yoshlardagi qiz bor ovozi bilan chinqirgancha xonani gir aylanib yugurar, yaltiroq chilvir uning ortida ilonday bilanglardi.
Devordagi jilmayib turgan qiz portreti o‘raday qorayib turar, pastda oyna siniqlari yotardi.
– Ifloslar! Yaramaslar! Bu ishlaring uchun hali javob berasanlar!
Ayol dahshat ichida turib qoldi.
Holdan toygan, gilamga cho‘k tushgan ayol nihoyat nima qilishi kerakligini esladi.
Yugurib borib qizini quchoqlab oldi, aftodahol qiz yulqindi, onasining quchog‘idan chiqishga urindi, ammo ona mahkam quchoqlab turaverdi. Nihoyat, Komila biroz tinchlandi, onasining ko‘ksiga boshini qo‘ygancha… izillab yig‘lab yubordi:
– Axir bu ahvolda qanday yashayman?!. Qanday yashayman… – Keyin kimlargadir yalina boshladi: – Iltimos, menga tegmanglar… jon akalar! Iltimos, meni juvonmarg qilmanglar!..
Ayolning yetmish ikki tomiri zirillab ketdi. Qizi tortgan azoblarni o‘z tanida, o‘z vujudida his etib alamdan ingrab yubordi.
Nihoyat, qiz butunlay o‘ziga keldi.
– Oyi, meni deb ko‘p qiynaldingiz-a? Endi hech narsani o‘ylamang, men yaxshiman, – deya onasining qulog‘iga shivirlab qo‘ydi u.
Ayol miq etmadi, ko‘ziga yosh oldi, qizining javdirab turgan nigohlari javob kutayotganini anglaganidan keyin:
– Sen bilan ukang tinch bo‘lsalaring, bas, menga boshqa hech narsa kerakmas! – dedi u.
Shu bilan olam guliston bo‘ldi. Komila xotirjam tortdi.
– Siz boravering, oyi…
Ayol qizining butkul xotirjam tortganiga ishondi va o‘rnidan turdi.
Qiz yana portret ichidan joy oldi.
Yaltiroq chilvir uning sochlarini tarab, o‘ra boshladi…

Oppoq, yarqiroq, qadam tashlayotgan odamning aksi ko‘rinadigan marmar zinalardan bir-bir bosib pastga tushayotgan ayol tuyqusdan jiringlagan eshik qo‘ng‘irog‘idan cho‘chib tushdi, yurishdan to‘xtab, parishon va g‘amgin nigohlari bilan Ruqiyani qidirdi.
Ruqiya shundoqqina zina tagida, naqshinkor panjara ortida turardi.
– Opa… Bugun maoshimni oladigan kunim, agar iloji bo‘lsa… – dedi u panjara ortidan chiqib.
– Shu yerdamiding? Eshikni ochmaysanmi? Nodir keldi, shekilli, – dedi ayol uning maosh haqidagi so‘zini eshitmaganga olib.
– Eshik jiringlamadi… Ukangiz ham kelganlari yo‘q, bundan keyin umuman kelmasalar kerak, bularning hammasi… ko‘zingizga ko‘rinyapti… Ibodat qiling, iltimos… Keyin agar iloji bo‘lsa, bugunoq maoshimni bersangiz, o‘g‘limning o‘qishiga…
Ayol uning so‘ziga yana parvo qilmadi.
– Bor, eshikka qara dedim! – zug‘um qildi ayol.
Ruqiya noiloj tashqariga chiqib eshik ortiga bekindi.
Ayol deraza oynasidan tashqariga ko‘z tashladi.

…Ruqiya qadimiy uslubda ishlangan ikkinchi darvoza oldida yoshgina juvon bilan gaplashib turardi.
Ayol beixtiyor ortga tislanib, o‘zini chetga oldi: “Yana kelibdi-da, yaramas!” Ayol qahr-g‘azab zo‘ridan titrab ketdi. Xuddi shu vaqt Ruqiya eshikdan mo‘raladi.
– Opa, yana o‘sha tannoz…
– Yo‘qolsin! – ayol baqirib yubordi. – Men senga nima degandim?! Eshigimga yaqin yo‘lamasin demaganmidim?!
– Shunday degandingiz…
– Yana aytaman, qorasini o‘chir bu yerdan! Ko‘zimga ko‘rinmasin!
Ruqiya eshikni yopdi.
Ayol asabiylik bilan g‘udrangancha charm kresloga borib o‘tirdi. Biroq ko‘p o‘tira olmadi. O‘rnidan turib xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Egnidagi ko‘ylagi uning azador ekanligini bildiruvchi libos bo‘lsa-da, nihoyatda nafis va qimmatbaho matodan bichimi juda kelishtirib tikilgani bois o‘ziga yarashib turar, yoshi ellikdan oshsa-da, hamon tiniq, ajinsiz yuzini yana-da oqartirib ko‘rsatardi.
Ayol xonaga, nafaqat xonaga, balki dunyoga sig‘may, u yoqdan bu yoqqa borib kelarkan, qancha urinsa-da, xavotirli hayajonini bosa olmay turgan bir vaqtda Ruqiya yana eshikdan mo‘raladi.
– Opa…
– Voy dod! – ayol boshini changalladi.
– Nima qilay axir?.. U ketmayapti, gaplarimni eshitishniyam xohlamayapti!
– Bilmadim! Men bilmayman! Lekin nima qilib bo‘lsayam uni yo‘qot!
– Milisa chaqiraymi?
– O… yo‘q! Nimalar deyapsan?! – ayol qo‘rqinchli tarzda ko‘zlarini chaqchaytirdi.
– Xo‘p, yana bir urinib ko‘ray-chi…
Ruqiya eshikni yopdi.
Ayol holdan toyib adoyi-tamom bo‘lgandek o‘rindiqqa o‘zini tashladi. “Yaramas! Iflos!”
Bir mahal…
– Opa… – Ruqiyaning ovozi qulog‘i ostida eshitilganda ayol seskanib tushdi. Shosha-pisha qaddini rostladi.
– Anovi tannoz ketdi…
– Ketdimi?
– Ha. Lekin…
– Nima lekin? Chaynalmasdan gapir!
– Yana kelaman deb ketdi. Endi u sizni tinch qo‘ymasmish. Yaxshi gapiga ko‘nmasangiz, qonun yo‘li bilan haqini undirib olarmish…
– Haqini… undirib olarmish?..
– Ha, bolasi Komilbekdan bo‘lganidan keyin…
– Chuchvarani xom sanabdi!
– Opa… – Ruqiya jur’atsizlik bilan shunday dedi-yu, indamay qoldi.
– Nima deysan?
– U kelsa… nima qilamiz?
– U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin!
– U boya meni haqorat qildi. Emishki, siz odamlarning ko‘ziga meni tutingan singlim derkansiz. Lekin aslida xizmatkorga qaraganday qararmishsiz….
– Parvo qilma. Sen meni bilsang bo‘ldi. Odamlarning gapi bilan ishing bo‘lmasin, – biroz o‘zini bosib olgan ayol tutingan singlisini yupatdi.
– Agar qo‘lida bolasi bo‘lmaganda…
– Tag‘in bolasi bilan kelibdimi?.. – ovozi o‘zgarib so‘radi ayol.
– Ha.
Ayol o‘ylanib qoldi.
Ruqiya nimadir demoqchi bo‘lib taraddudlanib turdi-da, ayolning avzoyiga qarab fikridan qaytdi. Bir-bir bosib tashqariga yo‘naldi.
Ayol qarg‘andi: “Jasading go‘rda chirisin, iloyim! Seni dastingdan qizim juvonmarg bo‘ldi! Topgan pullaring kafanligingga yarasin!”
Ayol shaxd bilan tepaga ko‘tarildi.

…Komilbek xonasida edi. U hozirgina qabrdan chiqib kelgan, ammo o‘z ahvolidan uyalganday, nihoyatda xijolatli edi .
– Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Nega tashvish boshimizdan arimay qoldi? – degancha kirib bordi u erining xonasiga.
– Bu dushmanlarimning ishi… Shoshmay turishsin, it kunini boshlariga solaman hali! – dedi deraza oldida turgancha o‘zining u yer-bu yerini bekitishga urinayotgan Komilbek. Keyin xotiniga o‘girildi. – Lekin sen e’tibor berma, o‘tib ketadi.
Erining xotirjamligi, boshi uzra qora bulut to‘planayotganini sezsa-da, parvo qilmaslikka urinayotgani ayolning chatnab turgan asab torlari ustiga yoqqan nafrat, nafrat, nafrat qorlari bo‘ldi.
– Bas, yetar! Hoziroq milisaga xabar beraman!
– Biz qonundan panoh topolmaymiz!
– Jonimga tegdi bunday hayot! – chinqirdi ayol.
Komilbekning yonoqlaridagi g‘uddalari o‘ynadi. Asabiylashdi. “Yaqindagina qachon biz ham odamlarga o‘xshab bekamu ko‘st yashaymiz, demaganmiding?!” demoqchi bo‘lib, og‘iz juftladi, ammo indamadi.
– Siz bilan yashab tursam tinchlik bo‘lmas ekan, – dedi ayol kutilmaganda. – Yaxshisi ajrashaylik!
Komilbekning yuzi bo‘zardi. Ayol bunga parvo qilmadi.
– Yo bo‘lmasa vaqtinchaga uydan chiqib keting! – dedi u avvalgidan ham qat’iy ohangda. – Menga tinchlik kerak!
– Shundaymi… – dedi Komilbek anchadan keyin xuddi hafsalasi pir bo‘lgan odamdek hazin tovushda.
– Shunday! Hamma ko‘rgiliklarim siz tufayli! Agar siz… Agar siz allaqanday ishlarga aralashib yurmaganingizda Komilam xarob bo‘lmasdi! Nomusiga chiday olmay yosh joniga qasd qilmasdi!.. Qandaydir shallaqi xotin haromi bolasini ro‘kach qilib, uyimga bostirib kelmasdi! Furqatjonim…
Komilbek xotiniga bir necha soniya so‘zsiz tikilib qoldi. Tuproq nuqsi urgan yuzi allaqanday zo‘riqishdan bo‘g‘riqib ketgandi.
– Shu fikrda ekansan… nimayam derdim, – dedi Komilbek, so‘ng so‘zlarim qanday ta’sir etarkin, degandek xotinining yuziga tikildi.
– Xudoga shukr! – deb yubordi ayol beixtiyor.
Komilbekning yuz-ko‘zlarida g‘azab uchqunlari chaqnadi, xotinini urib yubormoqchi bo‘lgandek hezlandi, keyin nima uchundir birdan hovuridan tushib, tumtayib oldi, ayoliga bir olam ginayu ta’na aralash ma’yus nazar tashladi, go‘yo hammasini sen uchun qilgandim, degandek…

Ostonada Ruqiya paydo bo‘ldi.
– Opa… O‘g‘lingiz… – dedi-yu shoshilgancha ortiga qaytdi.
Ayol uning ortidan yugurdi.
– Bu yoqqa, – Ruqiya uni o‘g‘lining yotog‘i tomonga boshladi.
Ayol xonaga kirib borganida o‘n yetti yoshlardagi yigitcha karavotda g‘ujanak bo‘lib yotar, qo‘l-oyoqlari tinimsiz qaltirardi.
Ruqiya uning tepasida parvona.
– Furqatjon… Bolam… – o‘g‘lini kasal bo‘lib qoldi, deb o‘ylagan ayolning jon-poni chiqib ketdi. Furqatni quchoqlab boshini bag‘riga bosdi. – Nima bo‘ldi, bolam? Qayering og‘riyapti?..
Furqat javob bermadi. Gapirishga holi yo‘q, nafaqat qo‘l-oyoqlari, balki butun vujudi g‘ayritabiiy jazavadan qalt-qalt qilardi, tishlari takillardi, ko‘zlari qo‘rqinchli olayardi. Bilagi ko‘karib-qorayib ketgandi.
– Unga nima bo‘ldi, Ruqiya?!. Bolamga nima bo‘ldi?!.
– Bu dushmanlarimizning ishi. Lekin avval do‘xtir chaqiraylik…
– Chaqir! Chaqirmaysanmi?! Nega qaqqayib turibsan?!
– Xo‘jayin… – ehtiyotkorlik bilan dedi Ruqiya.
– Xo‘jayinni ham chaqir! Bo‘l tez! – ayol yana o‘g‘liga yuzlanib, uning yuz-ko‘zlarini silay boshladi. – Bolajonim, nima bo‘ldi senga…
Furqat javob bermadi.

– Opa… o‘zingizni qo‘lga oling…
Ruqiya nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo ayol uni gapirtirgani qo‘ymadi:
– Sen hammasini bilgansan! Bila turib menga aytmagansan! Nonko‘r! Bergan tuzim ko‘r qilsin seni!
Ruqiya dovdirab qoldi, hushini jamlaganidan keyin o‘zini oqlashga urindi, hatto qasam ichdi ham, ammo ayol uning iltijolariga quloq solmadi.
Ruqiya uv tortib yig‘lab yubordi. Va yugurgancha tashqariga chiqdi, hovlini kesib o‘tib, darvoza yonidagi hujrasiga qamaldi. Ko‘ksida bir qush bezovta chirqilladi: “Sen tekin tomoshani takror-takror ko‘rishdan charchamaydigan yagona tomoshabinsan!..”
Ertalab Ruqiya mehmonxonaga kirganida ayol hamon bolasini quchoqlab o‘tirardi.
Ruqiya ayolning yoniga keldi.
– Opa…
Ayol birdan qalqib tushdi. Kimdir ayamasdan miyasiga tosh bilan urgandek, sakrab o‘rnidan turib ketdi.
Ammo shu zahoti shilq etib quladi.

Nihoyat, ayol ko‘zlarini ochdi, lekin uni butunlay o‘ziga keldi deb bo‘lmasdi. U goh isitma ichida alahlar, goh atrofiga tiyrak nazar tashlab, hammasini aniq-tiniq his qilib turgandek, boshiga tushgan sho‘rishlarga sabr qilishdan ortiq chorasi qolmaganday mahzun, munis ko‘rinar, Ruqiyaga goh mutelarcha, goh mutaassiblarcha boqar, goh miyasida o‘pirilish yuz bergan odamday dunyoga allaqanday tumanli parda ortidan qarar, atrofida allaqancha odamlar yig‘ilib, u haqida gaplashayotganday va uning mol-dunyosi vajidan talashib-tortishayotganday, janjallashayotganday bo‘lar, gohida esa hamma undan bezib, uni tashlab ketganday, notanish manzilda yolg‘izdan yolg‘iz, sargardon qolib ketganday bo‘lar, ammo bu holat uzoqqa cho‘zilmas, dam o‘tmay xo‘rak hidini sezgan kalamushlarday, narigi xonada to‘planib, o‘zlaricha allanimalarni bo‘lishib olayotgan yaqin qarindoshlari o‘qtin-o‘qtin eshikni ochib, unga qarab qo‘yayotganday, nigohlari bilan unga “Qachon o‘larkin, ochko‘z boyqush?” deya zug‘um qilishayotganday bo‘lar, ayniqsa, ukasi Nodirning nigohlaridagi nafrat hammanikidan kuchliroq edi.

Bundan bir hafta avval…
Miyasida allaqanday o‘zgarish yuz berayotganini anglagan ayol nihoyat, meros masalasida bir qarorga kelishi lozimligini tushunib yetdi va kechasi uyquga ketish oldidan xayolan bor bisotini baholi qudrat qarindoshlariga ulashdi. Hatto beva-bechora Ruqiyani ham unutmadi. Unga biroz mablag‘ ajratdi. Merosning qolgan qismini giyohvandlarni davolaydigan kasalxonaga xayriya qilishni ko‘ngliga tugdi. Qarori qat’iy edi.
“Mendan boy, badavlat ayol yo‘q, – deb xayolidan o‘tkazdi ayol mahzunlik bilan shu kech. – Qayerga qo‘limni uzatsam yetadi! Lekin nima qilaman shuncha pulni? Yoshim o‘tib qoldi. Hayotimni qaytadan boshlashning iloji yo‘q! Erimning yelib-yugurib topgani yaxshi kunlarimizga buyurmadi, hech qursa birovlarning kamini to‘ldirsa, birovlarning dardiga malham bo‘lsa, ko‘nglim taskin toparmidi?”
Ertasi kuni nonushta vaqtida kechasi tuzgan rejasini eslab, qarindoshlarga meros ulashish masalasida o‘ylanib qoldi. “Shoshilmadimmikin?” deya o‘ziga o‘zi savol berdi. Ikkinchi qavatda, yozgi ayvondagi tebratma kresloda o‘tirgancha hovlisiga nazar tashladi. Keng-mo‘l, ozoda, qasrmonand hovli-joyning bir qismini bolajon singlisining ijarama-ijara sanqib yuradigan o‘g‘liga ajratgandi. Hademay jiyani xotiniyu bola-chaqasi bilan ko‘chib kelsa… “Hamma yoq iflos bo‘lib ketsa kerak…” mahzunlik bilan xayolidan o‘tkazdi ayol. Yuragi “jiz” etdi.
Tushlik qilib o‘tirganida esa fe’li aynib qolishidan cho‘chib, nima bo‘lganda ham bugun kechga qarindoshlarini uyiga to‘plash va tuzgan rejasini e’lon qilish haqida ukasi Nodirga maslahat soldi. Birdan-bir ishongani shu ukasi edi. Ancha yillar muqaddam eski papkasini qo‘ltiqlab, uyidan zavodga, zavoddan uyi­ga yirtiq tuflida poyi piyoda qatnaydigan, ona bir, ota boshqa o‘gay ukasidan boshqa aytarli qarindosh-urug‘i bo‘lmagan Komilbekka ota-onasining roziligisiz turmushga chiqqani uchun opasini kechirmay yurib-yurib, kutilmaganda pochchasining ishlari yurishib, shaharning eng boy odamlaridan biriga aylanganidan keyin hech narsa bo‘lmaganday, uni yo‘qlab kirib kelgan va ancha yillik ginani unutib, uzilgan rishtani bog‘lagan odam mana shu ukasi Nodir edi. U avval o‘zi kelgan bo‘lsa, keyin onasini olib keldi. Saldan keyin otasini… Lekin yarashuv Nodir kirib kelmasdan sal oldinroq yuz bergandi chamasi. O‘shanda Nodir azbaroyi tirikchilik vajidan kirakashlik qilish uchun ijaraga olgan mashinasini simto‘siqqa urib olib, na mashina egasining oylik haqini, na pachaq bo‘lgan aravasini ta’mirlash uchun chaqa topolmay, bir siqim bo‘lib yurganida mana shu Ruqiya orqali ancha-muncha pul berib yuborgan kunning ertasiga birinchi bo‘lib onasi yig‘lab qo‘ng‘iroq qilgandi: “Yaxshiyam sen bor ekansan, bolam!” Sevgani yonida bo‘lgani bilan yuragining bir cheti kemtik bo‘lgan ayol uchun bu gaplar olam-jahon shodlik baxsh etgandi.
O‘shanda u ich-ichidan o‘zidan emas, Komilbekning pullaridan minnatdor bo‘lgan, bekamu ko‘st yashash istagi esa hayotining mazmuniga aylangandi. Axir ko‘zyoshlaru iztiroblar hal qila olmagan narsalarni bir siqim qog‘oz o‘z o‘rniga qo‘yishi mumkin ekan-da!..
Xullas, Komilbek tirikligida sal-pal iymanib yuradigan, lekin mash’um ko‘rgiliklardan so‘ng hech kim undan iltimos qilmagan bo‘lsa-da, bu uyda o‘zini xo‘jayinday his qilib, opasining issiq-sovug‘idan xabar olib turgan ukaga tushlik vaqtida aytilgan meros haqidagi gap negadir yoqmaganday tuyuldi. Hardamxayol opa shosha-pisha: “Lekin merosga asosiy da’vogar o‘zing bo‘lasan,” deganidan keyingina uning bujmaygan yuziga tabassum yugurdi.
– Ha, albatta, ularning ham haqi bor-da, adolat bilan taqsimlayvering, birovning haqi birovga kerakmas, – deb qo‘ydi ukasi oliyhimmatlik bilan.
Ayol ukasiga zimdan nazar tashlarkan, negadir mablag‘ning bir qismini giyohvandlarni davolaydigan kasalxonaga xayriya qilmoqchiligini aytmadi. Aytgisi kelmadi. Pul hozircha uniki bo‘lsa, nimani istasa shuni qiladi-da.
Mehmonlar kechki soat sakkizga chaqirildi. Lekin ular soat olti yarim bo‘lmasdan to‘planishdi. Ayol bundan achchiqlandi, lekin bildirmadi.
O‘gay ukaning hovlida turgan mashina atrofida aylanishayotganiga ko‘zi tushganda negadir Nodirning g‘azabi qaynab ketdi. Ayol buni sezdi va ukasi tomonga iddao bilan qarab qo‘ydi. Ammo Nodir buni sezmadi, u yeb yuborguday bo‘lib, o‘gay uka tomonga qarab turardi. Yoshligidan mashina haydashni orzu qilgan, ammo qo‘li kaltaligidan haligacha orzusiga erisha olmagan o‘gay uka Nodirning g‘azabnok nigohini payqamadi. Havas bilan mashina kapotini silarkan: “Tulpor! Haqiqiy tulpor!..” – deya g‘udranardi u. “Merosni bo‘lib bergan kunim, ular bir-birlari bilan qirpichoq bo‘lishadi-ku! – qo‘qqisdan miyasiga urilgan fikr­dan ayol qo‘rqib ketdi. – Darvoqe, nega bu tomonini o‘ylamadim?”
– Bu uy emas, qasr-ku qasr! – degani eshitildi ijarachi jiyanining. – Qani endi bolalarim bilan bir umr shunday uyda yashasam!
Ayol o‘girilib qarab yumshoq kresloda ijarachi jiyanining oyoqlarini chalishtirgancha yastanib o‘tirganini ko‘rdi. Jiyanining xotini – mumsik kelin esa xorij mebeli yonidan jilmas, hadeb va hadeb kafti bilan mebelni silagani silagan edi. “Bu mebelni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi!” deb baqirib yubordi Nodir bu gal o‘zini bosolmay. Ayol o‘zini eshitmaganga oldi. Mumsik kelin esa ayb ish qilib qo‘yganday Nodirga uzrli nigoh tashlab, shosha-pisha nari ketdi.
Soat sakkizlar atrofida hamma mehmonxonadagi stol atrofiga to‘plandi. Dasturxon to‘kin edi. Ammo nima uchundir qarindoshlar noz-ne’matlarga qarashmasdi. Hammaning nigohi ayolga qadalgandi.
– Juda siqilib ketdim… Shuning uchun sizlarni chaqirtirdim, – dedi ayol qarindoshlarining unsiz savollariga javoban.
Qarindoshlar kirpi yutgan ilonday sumrayib qolishdi. Ayniqsa, o‘z ukasi Nodirning yuziga qarab bo‘lmasdi.
Keyin iddaoli xitoblar eshitildi:
– Kennayi, axir…
– Xola…
– Amma…
Ayol miq etmadi. Ko‘zlarini to‘kin dasturxonga tikkancha qilt etmay o‘tiraverdi.
Qarindoshlar birin-ketin xonadan chiqishdi.
Eng oxirida ukasi Nodir qizarib-bo‘zargancha, lom-mim demasdan xonadan chiqarkan, eshikni shunday zarda bilan yopdiki, devorlar zirillab ketdi. Ayol quloqlarini bekitdi. Bir necha soniya o‘tgach, eshik ohista ochilib ukasi xonaga kirdi. U nimanidir o‘ylagan shekilli, boyagi zardasidan asar ham qolmagan, nigohlari aybsinib boqardi.
– Opa, uzr, boya eshik bexosdan…
Ayol indamadi. Ammo ukasiga nega qaytib kelding, deganday qattiq tikildi.
– Men, ochig‘i, tushunmadim, opa…
– Hali vaqt bor, shoshilma, – deb javob berdi ayol xotirjam va qat’iy ohangda.
Shundan keyin Nodir chiqib ketsa bo‘lardi, avvallari shunday qilardi, lekin bu gal ketishni xayoliga ham keltirmadi.
Ayolning qoni qaynadi, ammo kuch bilan o‘zini bosib, yana xotirjam ohangda dedi:
– Bilasanmi, men o‘ylab ko‘rib, erimdan nimaiki qolgan bo‘lsa, barini kasalxonaga xayriya qilishga qaror qildim.
Nodir shaytonlab qolayozdi.
– O‘ylab gapiryapsizmi shu gaplarni, opa?! Odam ham shunchalik aqli kalta bo‘ladimi?! Kasalxonaga xayriya qilaman deganingiz nimasi? Kasalxona sizning muruvvatingizga zor qoptimi? O‘z jigarlaringizni o‘ylash o‘rniga… Bolasi giyohvandlikdan o‘lib ketgan boshqa onalarning qilayotgan xayriyasi ham yetib ortadi ularga…
Ayol miyig‘ida kulimsiragancha ukasining so‘zlarini tingladi, ammo ortiq chidab turolmadi. Stol ustida turgan vazani shahd bilan olib to‘rtburchak toshoynaga qarab uloqtirdi.
Oynaga darz ketdi. Vaza sindi.
Tutqanoq jazavasidan hushini yo‘qotib, kutilmaganda o‘ziga kelgandek birdan seskanib tushgan Nodir jim bo‘ldi, opasiga yeb yuborgudek vahshiyona nazar tashladi. Ayol o‘z ukasini taniyolmay qoldi.
Nodir shart burilib tashqariga otildi.
“Mana, yana bir jigarimdan ayrildim… U endi qaytib kelmaydi, ostonamniyam hatlamaydi…”
Vujudini allaqanday parishonlik, armon va g‘am-g‘ussa chulg‘ab oldi. O‘zini yolg‘iz va nochor his eta boshladi.
Agar hayoti shu tarzda davom etganida, balki u ko‘pga bormasdi. Ammo kunlarning birida…
“Agar hisob raqamimda ikki milliard pulim bo‘lmaganida,” degan o‘y xayoliga keldi-yu ayol birmuncha o‘zini o‘nglagandek bo‘ldi.
Pashsha yiringli yaradan oziq olganday, ayol hayotidagi noxushlikdan o‘ziga tasalli topdi…

– Opa…
Tanish ovoz eshitilgach ayol boshnini ko‘tardi. Qarshisida patnis ko‘targan Ruqiya turardi.
– Yaxshi bo‘lib qoldingizmi?
– Tuzuk.
– Doringizni ichvoling, keyin nonushta qilasiz.
Birozdan keyin ayol ko‘zi to‘la yosh, asalu bol emas, g‘ichirlagan tosh chaynab yutayotgandek, kavshana boshladi…
Dahlizdan ukasining zardali ovozi eshitildi:
– Opamni davolatish kerak. U kasal! Kasal! Xavfli kasal!
Ayol qattiq seskanib tushdi va xizmatchiga, e, tutingan singlisiga savol nazari bilan qaradi.
Ruqiya:
– Ertalabdan buyon shu yerda. Sizni betob desam ham ketmayapti.
Ayol ko‘zida yosh, istehzo bilan kulimsiradi:
– Uni endi kelmaydi, deganding?!
Ruqiya ham jim qolmadi:
– Odamlar birovning puliga egalik qilishdan or qilmay qo‘yishdi!
Ayol xo‘rsindi.
– Opa… nima qilay?.. – dedi dahlizdan eshitilayotgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozga quloq tutib, rangi o‘chgan Ruqiya.
O‘z xayoli bilan andarmon ayol parishonlik bilan dedi:
– Nodir bilan bolaligimizdan kelisholmaymiz. Har doim mening o‘yinchoqlarimni tortib olib qo‘yardi. Men yig‘lab qolaverardim, u parvo qilmasdi… U vaqtlarda bola edik, o‘yinchoqlarimiz ham kam edi, lekin endi hamma narsamiz yetarli, lekin nega haliyam bir-birimizga mehrimiz yo‘q. U hamisha mendan norozi…
– Rozi bo‘lsa, pul bermay qo‘yasiz-da, – piching qildi Ruqiya.
Ayol birdan hushyor tortdi.
– U haliyam ketmadimi?
– Ketishni istamayapti…
– Yana nima gapi bor ekan? – so‘radi ayol. – Axir kelmaydigan bo‘lib ketgandi-ku!
Ruqiya darhol javob bermadi.
– O‘zingiz juda yaxshi bilib turibsiz-ku, – dedi birozdan keyin u aniq javobdan qochib.
Ayol qoshlarini chimirib, qattiq tikildi. Ruqiya noiloj davom etdi:
– Opam kasal, do‘xtir olib kelaman, lozim bo‘lsa kasalxonaga yotqizaman, deyapti.
Ayol titrab ketdi.
– Jahl ustida gapiryapti, to‘g‘rimi? Men kasal emasman! Ukam meni hech qachon kasalxonaga yubormaydi, a?
– E’tibor bermang. Vaysab-vaysab, oxiri ketadi.
Shu vaqt dahlizdan yana bir erkak ovozi eshitildi:
– Akam qanday qilib pul topganini yaxshi bilamiz! Egasiga buyurmagan harom pul…
“…harom pul!” Ayol ko‘zlarini chirt yumib, quloqlarini bekitdi.
Jahldan ko‘kargan Ruqiya otilib dahlizga chiqdi.
Ayol boshiga tushayotgan kulfat zalvorini ko‘tarishga majoli yetmayotgandek bukchayib qoldi.
Ruqiya xonaga qaytib kirdi:
– Ketishdi.
Ayol qaddini tiklab, unga boqdi. Nigohlarida allaqanday g‘ayrioddiy o‘t chaqnadi.
– Bilasanmi, kallamga nima keldi?
Ruqiya miq etmay tikilib turaverdi: “Yangi tomosha boshlandi!”
– Qarindoshlarimning shu qilig‘i uchun ulardan boplab o‘ch olmoqchiman.
– Hoynahoy killer yollab, ularni o‘ldirtirib yubormassiz!
– Agar shunday qilsam, bu o‘ch olish hisoblanmaydi, bitta o‘q bilan oppa-oson o‘ladi-ketadi! O‘ch olish sal boshqacharoq bo‘lishi kerak… – ayolning ko‘zlari sovuq yaltiradi. – Toki ular har gal o‘ylaganlarida, eslaganlarida yoki ko‘zlari tushganida yuraklari tuz quyganday achishsin!
– Opa, – ayolning so‘zini bo‘ldi Ruqiya. – Bir gap aytsam xafa bo‘lmaysizmi?
– Xo‘sh.
– Rosti, mendan ranjimaysizmi?.. Meni singlim degansiz-a!
– Shart qo‘ymasdan gapir.
– Anavi juvonning bolasini… hech bo‘lmasa sotib oling! Axir sizning qurbingiz yetadi-ku!
– Yo‘q, bo‘lmaydi! – dangal javob berdi ayol.
– Nega? Axir… begona emas. Juvonning aytishiga qaraganda, Komilbek uydan chiqib ketganidan keyin o‘sha ayol bilan yashagan. Juvon homilador bo‘lib qolganini bilgach, faqat bir shart bilan bolani tug‘ishga rozilik bergan. Ya’ni, bola tug‘ilgach, juvon uni sizga berishi lozim bo‘lgan. Komilbek o‘zidan keyin sizning butunlay yolg‘iz bo‘lib qolishingizni istamagan…
– Menga bunday muruvvatning keragi yo‘q! Keragi yo‘q! Keragi yo‘q! Keragi yo‘q! U Komilbekning bolasi emas! Umuman, Komilbek meni o‘ylaganida!.. Yo‘q, uni hech qachon kechirmayman! Hatto u dunyoda ham!.. – nafrat bilan jon achchig‘ida qichqirib yubordi ayol Ruqiya, e, xizmatchisi qon silqib turgan yarasiga tuz sepganday. – Azbaroyi pul undirish niyatida bu gaplarni o‘sha fohishaning o‘zi o‘ylab topgan.
– Agar u qonunga murojaat qilsa, uyga yoki mashinaga egalik qilishi mumkin…
– Agar u qonunga murojaat qilsa, hech narsasiz qolishi ham mumkin! – dedi ayol o‘jarlik bilan.
– Opa, – Ruqiya birdan gapni boshqa yoqqa burdi. – O‘g‘limning o‘qish pulini to‘lashim kerak. Shuning uchun… menga hoziroq…
Ayol bir lahza uning yuziga so‘zsiz tikilib turdi. So‘ng madori qurib ketganday:
– Ruqiya, hech bo‘lmasa sen pul haqida gapirma. Har kuni chirqillab turmasang ham senga pul kerakligini bilaman, o‘z vaqtida beraman o‘sha zormandangni. Faqat men sal o‘zimga kevolay, axir singil degan ham shunchalik bo‘ladimi…
Ayol gapini tugata olmadi.
Ruqiya shahd bilan eshik tomon burildi. Uning ayol bilan tortishishga ham, uning tashvishlariga sherik bo‘lishga ham toqati qolmagandi. Odatdagi tomoshaning yolg‘iz tomoshabini bo‘lishga ham.
Bir so‘z demasdan xonadan chiqdi-da, hovlini kesib o‘tib, o‘zining kichkina va qorong‘i hujrasi tomon yo‘l oldi.
Kalit ichkaridan buraldi.
Ruqiya stol g‘aladonida saqlanayotgan uyqu dorisidan ikki donasini kaftiga to‘kdi va ichib yubordi. Aslida bittasini ichsa ham bo‘lardi, ammo u ertalabgacha hech narsani o‘ylamasdan, tinch uxlashni, dam olishni istardi…
Kutilmaganda…
– Ruqiya! Qulog‘ing tom bitganmi, Ruqiya?! – chaqirdi ayol. Uning jahli chiqayotgandi, chunki halidan buyon eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlar, xizmatchidan esa darak yo‘q edi. – Ruqiya, eshikni och!
Javob yo‘q.
Sukunat.
Deraza raxiga qo‘ngan to‘lin oy derazadan ichkariga mo‘ralardi.
Ayol o‘rnidan turdi. Deraza oldiga keldi.

Eshik oldida oq xalatli kishi bilan ukasi Nodir turar, hovlida esa ayolning boshqa qarindoshlari va bola ko‘targan yosh juvon aylanib yurishar, o‘zlarining chorbog‘ida yurganday baqirishar, shovqin solishar, gapirishar, kulishar, ora-chora ayol turgan xonaning derazasiga qarab-qarab qo‘yardilar: “Bopladikmi, telba millionerni!..”
Ayolning qizigan miyasiga qon tepdi. “Hali shunaqami? Meni kasalxonaga jo‘natib… uyni o‘zlariniki qilib olishmoqchimi? Yo‘q, men osonlikcha jon bermayman. Bu uyda hech kimning, hatto anavi fohishaning ham, bolasining ham haqi yo‘q! Uy emas, bir dona gugurt cho‘p ham ololmaydilar. Ololmaydilar! Ololmaydilar!”
Tun bag‘rini yorib olovning o‘tkir tillari ko‘kka o‘rladi.
Lovullayotgan uy atrofida bir ayol qah-qah urgancha raqs tushardi:
– Ololmaydilar! Ololmaydilar! Ololmaydilar!..
Yuragi yorilgan to‘lin oy deraza raxidan uchib ketdi. Uning ortidan kichkina bir qushcha ham.
Osmon enkaygancha yerga tikilib qoldi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 3-son