Xudoyberdi To‘xtaboyev. Quyonlar saltanatining shahanshohi (roman)

BIRINChI QISM

SARSONU SARGARDONLIKDA

I bob

Bu qishloqning asl nomi Xonkeldimi, Qo‘rg‘onchami — hech kim aniq bilmaydi. Katta ko‘chaning o‘ng tomonidagilar Xonkeldi deyishadi. Xonlar yashagan, bilib qo‘yinglar, deyishadi. Chap tomondagilar qo‘rg‘oncha deyishadi. Qo‘rg‘onchada xonlarning navkarlari, navkarboshilar turgan, bilib qo‘yinglar, deyishadi. Baxsni o‘zlariga qoldiraylikda, maqsadga o‘tib qo‘yaqolaylik. qishloqchada boru-yo‘g‘u to‘rt yuzcha oila yashaydi. Bu oilalar o‘zaro bir birlari bilan shunaqa ahil, bir birlariga shunaqa muhabbatliki, ta’rifiga so‘z topa olmaysiz. Lekin odamlari har xil: birovi angishvonadek kichkina, pakpakana, birovi baqaterakdek novcha, daroz. Birovi oshqovoqni butun yutgandek baqaloq-qorindor, birovi bir umr to‘yib ovqat yemagandek oriq, qotmagina. O‘x-xo‘, bu xilvat qishloqda kimlar yashamaydi deysiz. Polbin ammalaru, nomdor muallimalar, o‘rischa gapiradigan chollaru, velosiped minadigan kampirlar, bugun bog‘chaga bormayman, deb yerga dumalab yig‘laydigan qizaloqlaru, yerga ursang osmonga sakraydigan sho‘x-shaddod o‘g‘
ilbolalar, qo‘li yengil shifokorlaru yashirincha kuf-suf soladigan buvilar, ilg‘or fermerlaru, dehqonchiligi yaxshi bo‘lmasa minQirlab yuradigan dehqonlar, yolg‘on aralash so‘zlaydigan do‘konchilaru, uxlab qolib azonni kech aytadigan so‘filar, bugun besh baho olmasa maktabdan yig‘lab keladigan a’lochi qizlaru, maktabga bormay pana joyga berkinib olib to‘p tepadigan abjir bolalar, meva sotib boyib ketgan mirishkorlaru, turshagini sotolmay qurtga yedirib qo‘ygan bevalar, kirakash sho‘pirlar… Mayli, qoganini keyin aytarmiz, xullas, tog‘ yonbag‘riga joylashgan, barhavo bu so‘lim qishloqda ana shunday ajoyib odamlaru, ana shunday ajoyib bolalar yashaydi. hammasi haqida hikoya aytib bera olmayman, shulardan bir ikkitasini tanlab olaman, xolos.
Xullas, ana shunday ajoyib qishloqda, qishloqning qoq markazida, hozir aytganimdek, ajoyib bolalaru, ajoyib qizlar o‘qiydigan ajoyib bir maktab ham bor. Maktab direktori Azizov domlaning aytishicha, dunyodagi eng ozoda, eng tartibli, eng intizomli maktab mana shu bo‘ladi.
Maktab hovlisida ustun o‘rniga qo‘yilgan, yog‘ochlari qiyshayib ketgan, bolalar osilaverganidan silliqlanib qolgan, barcha hujjatlarda “turnik” deb ataladigan bir moslama ham bor. Mana shu ta’rifiga so‘z topaolmayotganimiz maydonda hozir, shu daqiqalarda Azizov domla bolalarga nimanidir tushuntiryapti. Ushbu qissamizga qaxramon qilib tanlamoqchi bo‘lganimiz Egamberdi bilan Karimberdi ham negadir yuraklarini hovuchlabroq, qo‘rqa pisibroq ishtirok etishyapti.

II bob

— Demak, aziz o‘quvchilar, tumanimiz markazida sizlarga o‘xshagan yoshlarning, demoqchimanki, yosh fermerlarning, yosh tadbirkorlarning savdo yarmarkasi davom etayapti. Afsuski, biz ishtirok eta olmayapmiz. Ko‘rgazmaga qo‘yishga tuzukroq narsamiz yo‘q. Bizning yuqori sinfda o‘qiydigan ba’zi bir o‘quvchilarimiz darsdan qochib, soy bo‘yiga borib olib qorong‘i tushguncha to‘p tepib, tuflisini yirtishdan boshqasini bilishmaydi. Ayrim qizlarimiz bo‘lsa qora zaxchadek chag‘ur-chug‘ur qilib gaplashishadi-yu, dars vaqtini qiqirlab kulish bilan o‘tkazishadi. Ana shuning uchun biz tumandagi ko‘rgazmaga hech narsa qo‘yaolmayapmiz… Hozir yigirmata o‘quvchining ro‘yxatini o‘qiyman. Bular yarmarkaga borib biror narsa o‘rganib kelishsin… Xo‘sh, bolalar, men nima deyapman?
— Biron narsa o‘rganib kelishimiz kerak ekan, — javob qaytardi bir o‘quvchi.
— Keyin biz ham maktabimizda yangi-yangi yo‘nalishlar tashkil qilishimiz kerak… Xo‘sh, nima deyapman?
— Yo‘nalishlar tashkil qilamiz, deyapsiz.
Azizov domla qatorlar oldidan o‘ta turib sen, sen, deb qator orasidan ro‘yxatdagi o‘quvchilarni ajratib ola boshladi.
Egamberdining oldida to‘xtab:
— Sen nega turibsan bu yerda? — deb so‘radi.
— Ustoz, jon ustoz, men ham boray, — dedi Egamberdi tortinibroq.
— Sen maktabdan haydalgansan-ku.
— Ustoz, men shartli haydalganman, yo‘qlamada o‘chirilganim yo‘q.
— Kuzda qilgan bezoriliging, butun maktabni sharmanda qilganing kammidi, yana markazga borib yuzimizni yerga qaratib kelmoqchimisan?
— Jon ustoz!
— Chiq qatordan deyapman. Bitta quyonni deb butun sinfni sharmanda qilgansan. o‘g‘irlab olgansanmi, so‘rab olgansanmi… melisa bizni rosa garang qilgan… Chiq qatordan, gap tomom! Darsdan qochib mening derazamga tosh otgan bittasi senmiding? — boshqa bir o‘quvchiga yuzlandi domla. U Karimberdi edi.
— Ustoz, men Egamberdini qutqaraman deb derazani qattiq tortganimda oynasi ushanda tsingan, tosh otganim yo‘q.
— Sen ham maktabdan haydalgansan.
— Men uch oyga haydalganman, xalos.
— Chiq deyapman… Sen ikkovingning yomon qilmishing butun qishloqqa doston bo‘lgan… hamidova!
— Labbay ustoz!
— Siz sinf rahbari sifatida bu intizomsiz bolalarni nega ro‘yxatga kiritdingiz?
— Jazo muddatini o‘tab bo‘lay deb qolishdi, ustoz, — o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi muallima hamidova.
— Aslida o‘z direktorining buyrug‘iga e’tibor bermaydigan, sizga o‘xshagan tartibbuzarlarga chora ko‘rishim kerak edi. Chiqing qatordan, siz ham markazga bormaysiz… Xo‘sh, o‘quvchilar, nima deyotgan edim?
— Yarmarkaga borish haqida gapirayotudingiz.
— Xo‘p, yaxshi, — so‘zida davom etdi direktor, — boruvchilarga tekin aptobus tashkil qilib qo‘yganmiz. Borib maktabimizning obro‘sini ko‘tarib kelasizlar…
Azizov domla o‘zining qayta-qayta ta’kidlashicha, mana shu maktabda ellik yildan buyon ishlarkan. Ish boshlagan paytida boru-yo‘g‘i ikkitagina pastak-pastak uy bo‘lgan ekan xalos. O‘ozirgi yigirma ikki xonalik maktab binosini yugurib-elib o‘zi qurdirgan ekan. Sinf xonalaridagi o‘quv ashyolarini ham goh tuman, goh viloyat, goh poytaxt rahbarlariga uchrashib o‘zi olib kelgan ekan. O‘ozir ishlab turgan muallimlardan o‘n sakkiztasi shu maktabni, shu ustozning tarbiyasida bitirgan emish.
Azizov domla o‘zining ana shu e’tiqodiga ko‘ra, hamma unga quloq solishi, gap qaytarmasligi, aytganini bajarishi kerak. Aytganini qilmaganlarni bir bahona topib ishidan bo‘shatib qo‘ya qoladi.
Hamidova qatordan chiqdi-yu, lekin sinf xonasiga qaytmadi, biroz o‘ylanib turdi-da:
— Ustoz, shu ikki o‘quvchini ham ro‘yxatga kiriting, ikkovlari ham tadbirkor bo‘lamiz, deb harakat qilib yurishibdi, — deya yumshoqqina ohangda iltimos qildi.
— Sizni sinfga kirib keting dedim-ku!
— Ustoz!!
— Gap qaytarganiz uchun xayfsan e’lon qilaman! Yana gap qaytarsangiz maktabdan butunlay haydayman… Xo‘sh bolalar, nima deyotgan edim?
— Savdo yarmarkasidan biror narsa o‘rganib kelasizlar deyotgandingiz.
— qani, mashinaga chiqinglar, lekin maktabimizga gap tegadigan ish qilmanglar.
— Gap tegizmaymiz!
— Ko‘p narsa o‘rganib kelamiz!
— Mazza qilamiz!
— Muzqaymoq yeymiz, — deyishib o‘quvchilar bir-birini itarishib avtobusga chiqa boshladilar.
qatordan chiqarilgan Egamberdi bilan Karimberdilar ma’yusgina tikilib qoldilar.

III bob

O‘quvchilar, biri savdo yarmarkasiga bormagani uchun xafa bo‘lib, boshqasi boruvchilar ro‘yxatiga kiritilmagani uchun dili og‘rib, oddatdagidek to‘polon qilishib, qizlarning sochidan tortishib, qiqirlashib-kulishib sinf xonasiga kirib bordilar. Sinfda shovqin anchagacha bosilmadi. Bir bolaning otasi kecha yarmarkaga borgan ekan, yarmarka yoqmagan emish. Boshqa bolaning otasi yarmarkadan zoddor qo‘y sotib olgan emish. Bormaganim yaxshi bo‘ldi, soy bo‘yiga borib endi rosa futbol tepamiz, deyotkanlar ham bor. Fotima, Zuhro degan bir—birdan hech ajratib bo‘lmaydigan, ajratib bo‘lmagani uchun ham onalari har biriga bir-biriga hech o‘xshamaydigan kiyim kiydirib qo‘yadigan egizaklar bor. o‘sha qizlar muallimalarini uyaltirib qo‘ygani uchun, Egamberdi bilan Karimberdini ko‘pchilik o‘rtasida yana bir marta izza qilgani uchun Azizov domladan xafa bo‘lganliklari haqida bahslasha boshladilar.
— Uf, shu direktordan qachon qutilar ekanmiz?! — deyapti bittasi.
— Astaroq, eshitib qolsa, maktabdan xaydalasan, — deyapti boshqasi.
— Direktorimiz quloq cho‘zish bo‘yicha dunyo rekordini o‘rnatganlar deyapti, — uchinchisi.
Sinfda o‘quvchilar shovqini avjiga chiqardi. Birov boks haqida, boshqasi Angliyadagi futbol chempionati haqida oshib-toshib gapiryapti.
— Egan, rostan ham sen o‘shanda quyon o‘g‘irlaganmisan? — deb so‘radi Shokir. U yo‘q joydan gap qo‘zg‘agani, gap qo‘zg‘ash orqali biron o‘rtog‘ini uyaltirib, uyaltirib olgandan keyin, o‘sha o‘rtog‘ining tilini qisib olishni xush ko‘rardi. Goho uni chaqimchi Shokir ham deyishardi. Mana shu bola hozir uyalibgina o‘tirgan Egamberdining g‘ashiga tekkisi kelib qoldi.
— Shokir, senga, hammangga ming martta aytganman-ku, G‘ulom g‘uppaning quyonlarini daftarga almashtirganman deb, — shunday deb Egamberdi yuzini teskari o‘girib, deraza orqali hovliga tikilib o‘tirdi.
Shokir yana tinchimadi:
— O‘g‘irlamasang nega melisa qamab qo‘yadi seni?
— Jim bo‘l deyapman, — Egamberdi sekin o‘rnidan tura boshladi.
Shokir jim bo‘lmadi.
— Keyin, baribir, direktorning xonasiga tosh otkansan-ku, derazani sindirgansan-ku.
— Jim deyapman, — shunday deb Egamberdi asta Shokirga yaqinlashib kela boshladi. Azizov domlaning haligi harakati uning alamini oshirgan edi, Shokir chaqimchining bu gapi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Xo‘rlangandek sezib, o‘zini bosolmay qoldi:
— Jim bo‘l deyapman, bo‘lmasa hozir boshingni yoraman, — qo‘lini musht qilib qattiq gapirdi Egamberdi.
— Sen-a, meni-ya, Qibla mahallaning bolasini-ya! — shu so‘zdan keyin Shokir chaqimchi ikki qo‘lini boshiga qo‘yib, kaftlarini bamisoli quyonchaning quloQiga o‘xshatib yozib, turgan joyida quyonga o‘xshab sakray boshladi, — quyonim, quyonim, nega erta uxlaysan, nega Eganga shafqat qilmaysan.
Egamberdi haqida qishloqda, maktabda har xil gaplar ko‘p tarqalgan. Ashaddiy quyonboz bu o‘smir haqida yolg‘on-yashiq gaplar bir talay. Egamberdining onasi Egamberdiga qo‘shib quyon ham tuqqan emish. Egamberdi uyqisirab o‘z singlisi bo‘lmish quyonchani bosib o‘ldirib qo‘ygan emish, o‘sha o‘lgan quyoncha ertasiga tirilib kelib o‘rningdan tur, maktabdan kechga qolyapsan, deganmish. To‘g‘ri, Egamberdining quyonga bo‘lgan ishqibozligi ikkinchi sinfdaligidayoq boshlangan. o‘shanda dalada o‘yiqxona ichida quyon bolalagan edi. Egamberdi buni ko‘rib qolib quyonning to‘rtta bolasini uylariga olib kelib boqqan. Bir yilgacha ancha ko‘paytirgan ham. Keyinchalik o‘gay onasi Shakarxon aya uy ishlariga qarashmay qo‘yding, sigiringni boqmay qo‘yding, deb xafa bo‘lgan. Quyonlaringni yo‘qotmasammi deb bir kuni, Egamberdi uxlab yotganda quyonlarini dalaga qo‘yib yuborgan. Agar yana uyga quyon olib kelsang seni yetimlar uyiga topshiraman deb qo‘rqitgan.
Shu paytda, qalbi iztirobga, alamga to‘lib turgan paytida Shokirning masxara qilib ustidan kulishi unga alam qildi, juda-juda alam qildi. Yugurib kelib chaqimchining ustiga tashlandi. Shokirning qulog‘i ostiga shunday bir musht kelib tushdiki, zarbi ham shunday kuchli ediki, Shokir gandiraklab borib yiqildi. o‘zini tezgina o‘nglab oldi-yu Egamning yoqasiga yopishdi.
Xunuk manzara boshlandi.
Sinfdagi o‘g‘il-qizlar ikki tarafga bo‘linib ketishdi. Soy mahalla bir tomonga, Qibla mahalla bir tomon:
— Ur!
— Tur o‘rningdan!
— Bo‘sh kelma!
— qo‘rqsang mana men borman! — degan-pastu baland gaplar avjiga chiqib boryapti.
Qiz bollar:
— Voy, ajratsanglar-chi! — deyishyapti.
o‘g‘il bolalar:
— Charchashsa o‘zlari ajralishadi.
— Spartivni musobaqa ketayapti.
— Soykeldi, bosh kelma, — degan gaplarni tinmay aytishyapti.
Xonkeldi qishlog‘ida xechqanday tartibga bo‘ysinmaydigan, xech qanday qonunga rioya qilmaydigan, mushlashish, eshakmindi, bov ustiga bov, o‘n ikki soat toxtamay to‘p tepish, dashtga, xo‘v anavu tog‘ yonbag‘ridagi kenglikka chiqib olib velosipedning qosqoni singuncha poyga uyushtirish tsingari yovvoyi o‘yinlar avjiga chiqqan. qiziq, bugun jonchiqarga mushlashadila-ru, ertaga yarashib, opoq-chapoq bo‘lib ketaveradila.
qo‘ng‘iroq chalindi.
Salobatli geografiya muallimi salmoqli qadam tashlab, asta kirib kela boshladi:
— O‘tir hammang joyinga! — degan qattiq buyruq ham bo‘ldi. Muallimning ovozi ham kuchli edi. hamma o‘rin-o‘rniga o‘tirdi. hech narsa bo‘lmagandek sinf xonasi jim-jit bo‘lib qoldi, dars boshlandi. Sibir o‘rmonlari haqida suhbat ketayapti.

Romanning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling