Xolmuhammad Karimiy. Mushtipar (hikoya)

O‘shanda omon-omon zamonlar edi. Bozirgonning qizi bo‘y yetib-etmay tillarga tushdi-ey, dunyoning qiziq-qiziq nag‘ma-sozlari ko‘p ekan, kishini ne ko‘ylarga solmaydi deng-a, chiroyi qurg‘ur ham ofatning biri ekanmi, bilmaylar qoldimov. Ishqilib, chiroylining oshig‘i ko‘p bo‘larkan-da… Ko‘ksida bir nimarsa dupurlagan yigitu bo‘z bolaning oh-vohlari ovuldan-ovulga ko‘chib, holini bilgan-bilmagan omadini sinashga tushib ketdi…
Botirlar hunarini tomosha qilish uchun bola-baqra ko‘cha changitib yugurishadi, hovuz bo‘yidagi tol tagiga to‘dalashib chug‘urlashadi. Sarosima, hayrat va qo‘rquv egallagan ko‘zlari ola-kula, entikib bir-biriga gal bermay ko‘rgan-bilganlarini aytishga shoshiladi:
– Birovi birovini shunday bopladiki, basharasi momataloq bo‘lib ketdi-ya.
– Eha, bari tomosha ko‘pkarisoyda bo‘ldi, ko‘rmabsilar-da, – deydi chechanrog‘i. – Ko‘p otliq yig‘ildi. Gijing­lagan otlarga biram havasim keldi-ey, qaniydi mening ham shunday otim bo‘lsa. Tilla uzangisining yaltirashidan ko‘z qamashadi. Egasi ham botirning zo‘ri ekan, bir to‘da yigit girdikapalak. Soy otliqqa to‘lib ketdi. Bir mahal ko‘pkari boshlandi. Chavandozlar uloqqa jon-jahdi bilan tashlanib, uzangi yo‘ldoshlarning qiyqirishidan odamni vahima bosadi-ey. Uloq yerdan ko‘tarilishi bilan… dupur-dupur, hayya-huyt, huyyy-huy, bos-bos, aha-aha, urho-ur hayqiriqlar. Birov birovining oldini o‘rab yo‘l bermaydi. Uloq qayta-qayta yerga tushib galagov bo‘lib ketaverdi. Jon achchig‘ida chavandozlar achchiq-achchiq qamchi bosganidi, otlar kalta-kalta kishnab qo‘raga o‘zini uradi. Urho-ur, olha-ol, bos-bos qiyqiriqlari ko‘pkarisoyni gumburlatib yubordi. Kutilmaganda yolg‘iz tulpor to‘dadan ajralib chiqsa bo‘lama deng. Shamoldek yelgan qorabayir izdihomni ortida qoldirib, oldini o‘rab chiqqan to‘dani qiyalab yo‘l soldi. Shu payt o‘qdek uchib samanqashqa qorabayirga qobatma-qobat yetib bordi-da, u uloqqa intilmasdan chavandozni qamchi bilan solib yuborsa bo‘lama deng. Ana shu g‘irromlik bahona tomoshaning zo‘ri bo‘ldi-da. Uloq bir tomonda qolib chavandozlar qamchi bilan bir-birini savalay ketdi. Qamchiga qanoat qilmaganlari pichoq-xanjarlarni qo‘lga oldi-ey. Voy-dod, ur-to‘polon, qir-pichoq avjiga chiqqanda tomoshaxo‘r bolalar o‘takasi yorilib qoch-a. Dod-voydan odamlarning esxonasi chiqib, shundan beri ko‘pchilik bolasini ko‘chaga chiqarmay qo‘ydi. Ovulda erta-kech ahvol shu. Qo‘y bu gaplarni deydigan odam yo‘q.
– Shu ham tomosha bo‘ptimi? – deya boshqa biri gapni ilib ketadi. – Buloqning adog‘idagi to‘qayda uymalashganlarning xabarini topib bir gala bolalar toshlarni panalab bordik. Avval ikki barzangi yigit o‘rtaga chiqib rosa mushtlashdi. Mushtlashish orani ochmadi, chog‘i, keyin qilichbozlik boshlandi, birovining ochchuvi juda tez ekan-ey, eslasam, haliyam badanim dirillaydi. Qilichni sermab-sermab birdan raqibi boshini sapchadek uzib tashlasa-ya, keyin shotirlari ham bir-birini qilich bilan so‘yishga tushib ketdi-ey. Damimizni ichga yutib joy-joyimizda toshdek qotibmiz-ey. Eng qizig‘ini eshitinglar-da, eshitinglar, bir-ikki mishiqilar ham tekin tomoshaga ortimizdan ergashgan ekan, qarasam, hammasi ishtonini ho‘llab qo‘ygan, rangi bo‘zdek, ko‘zi manglayiga bitib, shaytonlab o‘tiribdi… Senlarga nima bor, so‘qtirib qo‘yibdimi deydigan bo‘lmagandan keyin shundaylarning kasriga ovul tinchini yo‘qotdi. Ovulni xirmonjoydek galagov qilayotgan mushtumzo‘rlar nag‘masi chollarning iymonini uchirib, jig‘iga-da tegiblar ketdi. Bu nima ko‘rgilik, qanday kunlarga qoldik deya ularning ensasi qotadi. Bir-biringni bo‘g‘izlashga keldingma-ya desang, seni ham chavaqlab ketishdan toymaydi deya jongshayotgan qari-qartanglar bu xonasolatlar das­tidan birov-yarim yelkaga choponini tashlab o‘rishlashdan ham qo‘rqadigan bo‘lib qoldi-ku deya fig‘oni falakda.
Bo‘y qizi borlar-ku halovatidan ayrilgan, tiq etgan tovushdan bir uchib tushadi. Bular tag‘in oshiq emish-a, pishuv, pishagim, ha, sag‘anang qolgurlar deya qarg‘ishga kuchi yetgan xotin-xalaj ko‘cha changitib yurgan yosh-­yalangdan alag‘da.
Qo‘rg‘on ostonasidan esa bezbet sovchilarning qadami uzilmaydi. Bozirgon ham erinmagan sho‘r ekan: qizi hali yosh emish. Biroviga ber-da, qutul qo‘y, nima qilasan hammani sarson qilib?
Xudo urganni payg‘ambar ham hassasi bilan turtadi deganlari chippa-chin ekanov, ko‘tarolmasang qo‘shib bog‘la bo‘lib yotibdi. Yot elatdan yana bir dardisar katta karvon bilan savdogar qiyofasida paydo bo‘ldi. Bozorda savdo avjidi. Uning tovariga xaridor tutdek to‘kildi. Bunchalik savdosi qizishini kutmagan savdogar omadi chopganini xayrga jo‘rab, ichidagini sirtiga chiqarmay payt poylab yotdi. Hamon oshiqlar ma’shuqasining ostonasiga bosh urish bilan ovora, bir-biri bilan qir-pichoq. Qulay fursat topgan savdogar ham odam qo‘ydi. Afsuski, Bozirgon yot elatga qiz berishdan bosh tortdi. Savdogar alamidan ilon chaqqandek to‘lg‘anib kecha-kunduz yo‘l axtardi-yu, ammo bari urinishi zoye ketdi.
It egasini tanimay qoldi, odamlar yashashdan bezigan…
Erta bahordan maysalar bo‘y cho‘zmasi qovjiray bosh­ladi. Yog‘in toqalab ketdi, surunkali qurg‘oqchilik. Ekin-tikin hosili o‘n hissa tushdi. Qirlarning yonbag‘irlariga omoch bilan tirnab ekilgan bo‘lak-bo‘lak lalmi bug‘doypoyalar bir qarich holida oftob urgan eski gilamdek sarg‘ayib yotibdi. Jizg‘anak adirlar hovurida ko‘k toqi lopillab larzon yeydi. Och-yalang‘ochning son-sanog‘i yo‘q. Odamlar orasida vahima qo‘pgan, piyoda u yoqda tursin, don otliqqa ham anqoning urug‘i. Suruv-suruv qo‘y-qo‘zilarini izg‘ishtirgan cho‘pon-cho‘liqlar chuvillashib tog‘ tarafga ko‘chadi. Bug‘doy narxi tillo bahosiga chiqdi. Non-non degan go‘daklarning izillaganiga odam bolasi toqat qilolmay qoldi. Eti ustuxoniga yopishgan go‘daklar po‘stakka sepilgan bir hovuch qurmochni izlab qil chaynaydi. Dashtu dalada bel-ketmon ko‘targan odamlar sichqon bormi, kalamush bormi, inini kovlashga tushib ketgan. Hovarda jonivorlar sudralib-sudralib tarrakdek qotadi… Xudo ko‘rsatgilik qilmasin-ey, el shunday kunlarga qoldi-ya. Och bolangdan qoch, bolam. Don solingan chonochlar naq xazina-ya, xazina. Eh, attang, attang…
Bozirgon katta karvon hozirlab o‘g‘li Norqobilni yot elatlarga jo‘natdi. Kumush-tillo yuklangan tuyalarning qo‘ng‘iroqlari jaranglagancha imillab odimlaydi. Savdogarlar boylik orttirish uchun jonini xatarga qo‘yib yurtma-yurt kezishgan bo‘lishsa, bu gal karvon nafaqat o‘zlari, balki orqada qolganlarning ham hayot-mamoti qil ustida turganini his etib jon hovuchlaydi. Yirtqich ovda yuvosh tortganidek, karvon soqchilari ham qilich-qalqonlarini taqirlatmasdan nafasini ichiga yutib sergak ketib boradi. Vajohatidan shu top­da oldilariga ko‘ndalang bo‘lgan har qanday g‘animning kul-maydasini chiqarishga qodirdek. Bir dunyo boylikni bor-yo‘g‘i don-g‘alla uchun olib borayotganidan barisi achinadi, lattasi suvga tushgan. Karvonboshi Norqobil tishini tishiga bosib boradi. Qanday bo‘lmasin bug‘doy bilan qaytish tayinlandi. Shunday qilmasa, urug‘-aymog‘i ochlikdan qirilib ketadi.
Karvon uzoq yo‘l tortdi. Har qadamda xavf-xatar. Nihoyat, uzoqda shahar ko‘rindi. Karvonsaroyga yetishdi. Bozorlar bo‘m-bo‘sh. Norqobil boshiga tayoq tekkandek gangib qoldi. Qay yerda bo‘lmasin, hojatbaror degani kafanni o‘lchamay bicharkan. Norqobilni ham shahar savdosini boshqarayotgan boyning huzuriga olib borishdi.
Boyning yuzi xo‘roz tojidek tovlanib, burni tagida tikraygan mo‘ylabini beixtiyor tili bilan ho‘llarkan, qitmir-chagir ko‘zlari ayyorona yiltirab ketdi: nahotki… baxt o‘z oyog‘i bilan kirib kelsa-ya.
– Sen dovon ortidagi bozirgonning o‘g‘limisan? – deya berilgan savoldan Norqobil ko‘nglida umid uchqunladi.
Demak, savdogar tanish, ish oson ko‘chadi. Boyning xumori tutib ko‘ngli orziqib ketdi. Norqobil qancha toqatsiz bo‘lsa, boy shuncha xotirjam.
– Avval mehmonim bo‘l, nima ishing bo‘lsa, keyin gap­lashamiz, – boyning iltifotidan Boymurod o‘zida yo‘q xursand.
Tungi ziyofatda umrida sharob ichmagan Norqobil to‘la qadahni mezbon bilan til topishish maqsadida tomchi qoldirmay sipqordi. Boyning ko‘nglini topish ilinjida, zahar to‘la qadah tutqazishsa ham, hech ikkilanmay ichishga tayyor. Ziyofat ayni qiziganda:
– Istaganingcha bug‘doy topib beraman, bahosiga kelisholsak, – deya boy ayyorona jilmaydi.
Norqobil o‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi. Har qancha narx aytsa ham, bug‘doyni qo‘lga kiritmasa iloji yo‘q, yo‘liga qancha ko‘zlar muntazir. Boy tullak edi.
– Bug‘doy oltin-kumushga sotilmaydi, – deya Norqobilni chalajon qildi qo‘ydi.
Norqobil hech baloga tushunmay mo‘ltirab og‘ziga tikilganida muddaoga ko‘chdi:
– Qarindosh bo‘lamiz… sizlarga kuyov bo‘lmoqchiman.
Norqobil o‘rnidan sakrab turganida sharob ta’sirida ko‘z oldi qorong‘ilashib, qulog‘i ostida ochlikdan ingrayotgan ovozlar eshitilgandek bo‘ldi-yu, turgan joyida qoqqan qoziqdek qotdi. Muhtojlik tanasidagi bor quvvatini sug‘urib olganidan shalviragancha joyiga cho‘kdi. Ko‘p o‘yladi, uzoq o‘yladi. Don kerak… don… Nochor bosh egdi.
– O‘zing olib kelib berasan, borishim shart emas. Shunday qilsak savdomiz to‘g‘ri bo‘ladi, – dedi boy surbetlik bilan.
Bu gap Norqobilning suyaklarini shovshatib yuborgan bo‘lsa-da, allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Boy ham dangal ekan, uning zeru zabariga qiyo boqmasdan tilaganicha bug‘doy berdi. Yigitni tiriklay o‘ldirdi-ey, pichoqsiz so‘ydi-ya, pichoqsiz. Ish pishgandan keyin boy qirq yigitini qo‘shib jo‘natdi. Norqobil kunduz kunning o‘g‘risiga talanib, ichi muzlab ortga qaytdi. Olib qaytsa bir o‘lja, omon qaytsa ikki o‘lja degan ajoyib gap bor. Afsuski, olib qaytdi-yu, olganidan beradigani aziz edi, omon keldi-yu, o‘likdan battar edi. Yigit lafzini yutmas.
Bibish chimmatga o‘ranib taxtiravonda ovuldan chiqdi. Qizlar kelin bo‘lganida ich-ichidan quvonsa, Bibish ich-ichidan qon yig‘lardi. Yot yurtda uni ne savdolar kutadi? Taqdir peshonasiga nelar bitgan, bilmaydi. Taxtiravon chayqalib boradi, Bibish g‘am-g‘ussalariga taskin berayotgandek ohista g‘ijirlaydi. Bozirgon qiziga yot elatlar nopisand bo‘lmasin deya topgan-tutganini yakkayu yagona qizining sepiga soldi: tillo-kumush taqinchoqlar, olmos qadalgan sarpolar, lak-lak ipak-shohilar ortilgan qator-qator nortuyalar og‘ir lo‘killaydi. Norqobil yot elatdan qaytarib kelgan tuya-tuya oltin-kumush nima degan gap?
O‘ynab o‘sgan ovulini ortda qoldirib yot elat sari yo‘l olgan Bibish dabdaba bilan ketib boradi. Bu shum xabardan jazavasi qo‘zigan oshiqlar karvonga bosqin uyushtirdi. Qiyqirishib yigitlar qilichlarni yaraqlatgancha och bo‘ridek tashlanishdi. Eh, attang, ular o‘ylaganidek bo‘lib chiqmadi. Boy uzoqni ko‘rolgan edi. Uning miltiq bilan qurollangan qirq yigiti o‘qiga uchganning sanog‘i bo‘lmadi. Bosqinga kirishgan barisi tutdek to‘kildi. O‘zaro go‘shtingni yeb yotganing yetmasmidi, endi bunisi nima deydigan mard qayda?
Quruq qolganidan alami qo‘zigan toqa-tarim oshiqlar talonchilikka o‘tdi, o‘lja dardida tunu kun izg‘iydi, duch kelganni chavaqlab ketaveradi… alamidan quturadi. Birov birovning pishagini pisht desin, qiyomat qo‘padi… Karvon yo‘llari xatarga to‘ldi…
Ovulning boshiga ketma-ket kulfat, qahatchilik ustiga vabo tarqaldi. Odamlar o‘likdan seskanmay qo‘ydi. Afsuski, qahatchilik qo‘rg‘onning ko‘z qorachig‘ini zo‘rning qo‘liga tutqazgan bo‘lsa, o‘lat balosi suyangan tog‘ini ham qora yerga tiqdi. Norqobil yetim qoldi. Qo‘rg‘on fayzdan ketdi. Yurtdan o‘lat ko‘tarilganda el siyraklab qahatchilikka odamlar ko‘nikib bo‘lgandi…
* * *
Oradan yillar o‘tdi, bahor seryog‘in keldi. Yaxshilik ham qo‘sha ekan. To‘l mavsumi – qo‘zilatish. Zirqillab yomg‘ir yog‘moqda, kiyimlari jiqqa ho‘l cho‘pon-cho‘liqning ko‘zlarida quvonch. Qaqshagan yer sim-sim yog‘indan xamirdek ko‘pchiydi. Bahor pallasi qo‘ylarning o‘tlashini tomosha qilish gashti o‘zgacha-da. Maysalar billur tomchilarni boshida tutgancha ming xil tovlanib turadi. Jonivorlar ishtaha bilan yerga engashadi. Yurib-yurib maysani chimdiydi, g‘irch-g‘irch, chipr-chipr, g‘irch-g‘irch yuladi, yamlamay yutaveradi, o‘zagidan sug‘urilgan maysa shiyq­-shiyq ovoz beradi. Chipr-chipr, g‘irch-g‘irch, shiyq-shiyq, xuddi kuy chalayotgandek. Sovliq boshini ko‘tarib qo‘zisini izlaydi, og‘zi to‘la maysa, booo, booo ma’raydi, yana g‘irch-g‘irch, chipr-chipr o‘tlaydi. Bir damda bulutlar choki so‘tilib, quyosh yuz ochadi. Olam chinnidek yaraqlaydi. Qo‘zichoqlar dikir-dikiri… sovliqlarga surkaladi. Qatorlashib-yugurishib suruvning u boshidan-bu boshiga borib kelaveradi. O‘rtada to‘xtab bir-birlariga hamla qiladi, do‘kishadi. Sakrab-sakrab yana ajrashadi. Dirk-dirk, to‘rt oyoqlab sakraydi. Dirk-dirk yonboshlab-yonboshlab, sakrab-sakrab yuguradi, quvlashadi. Aylanib-aylanib yana dirk-dirk sakraydi. Bir-birining ustidan sakrab o‘tadi, quvishadi, yana to‘rt oyog‘ini juftlab sakraydi, goh o‘ng, goh chap yoni bilan dirk-dirk, dirk-dirk. Hali qo‘zichoqlik davrini esdan chiqarmagan bitta-yarimta to‘qlilar ham yarashmagan yamoqdek dirk-dirk sakraydi. Bir dam o‘ynab xumori bosilgach suruvga qo‘shilib o‘tlay boshlaydi. Sutga to‘ygan qo‘zilar maydonni kengroq oladi. Uzun ketgan choldevor bo‘ylab poyga bo‘ladi. Bu gal qiliqlari qal’a vayronasi ustida davom etadi. Yerda sakrab-sakrab borib devol ustida yana sakraydi: dirk-dirk, dikir-dikir…
Kundan-kun dashtu dala, dov-daraxtlar yuz ocha boradi. Pag‘a-pag‘a momiq bulutlar yuksak cho‘qqilar tomon ko‘chib turadi. Qirlarni qo‘y-qo‘zining ma’rashi, bolalarning qiy-chuvi tutib ketadi. Hasharotlar chirillashi rohat, guldan-gulga g‘uv-g‘uv qo‘nib uchayotgan arilaru kapalak­lar ko‘zni qamashtiradi. Boychechagu moychechaklar yengil tebranib olam jamolini yanada jilolantirib yuborgandek. Choyqoqilar kamarlarda tizza bo‘yi. Ismaloqlar dasturxon bo‘lib yoziladi. Cho‘pon bolalar choyqoqili kamarlarga mol haydamaydi. Choyqoqidan to‘yib yegan mol damlab yorilib o‘ladi. Kunlar o‘tgan sayin yomg‘ir siyrak­lab, g‘alla avjlanadi. Lalmi ekin naq ko‘krakka uradi. Uzoq yillar bunday hosil bitmagan edi. Kenglikni yalpiz isi tutib ketadi. Yomg‘irlar siyraklashgani sayin o‘t-o‘lan urug‘i pishib qovjiray boshlaydi. Kundan-kun qirlar targ‘il tusga kiraveradi. Kelin supurgi barq urib o‘sadi.
Ovulda qo‘shchilar qo‘shig‘i kecha-kunduz tinmaydi. Ayolu erkak bari dala-dashtda, xirmonga baraka, xirmonga baraka…
Ho mayda, mayda, mayda,
Somoni senga foyda…
* * *
Ufqdan endigina bosh ko‘targan quyoshda Norqobil qosh chimirib, qisiq ko‘zlari pilikdek tortilib mehmonxona eshigi oldiga yetganda to‘xtab qoldi. So‘nggi payt­lari onasi tez-tez Bibishni tush ko‘rayotganini aytaverib Norqobilni holi-joniga qo‘ymaydi. Uzoq yurtga yo‘l tortishga darmon qayda? Imkoni bo‘lganda, onasi aytmasa ham, qanot chiqarib, singlisi holidan xabar olgani uchib borardi. Bu yoqda yetimlari oyoqqa turib olguncha necha yildirki ona dardini ichiga yutib keladi. Dod solib, oh-voh qilgani bilan biron narsa o‘zgarmasligi aniq. Kuchi ko‘ziga yetadi, yig‘laydi-siqtaydi, taqdiridan noliydi, o‘z yog‘iga qovrilib kechani kunduzga, oylarni yillarga ulaydi, qaddi dol, boshi xam. Farzandidan tiriklay ayrilib o‘tiribdi, oyog‘i tushovli, jigar-bag‘ri qon. Buni onasidan kam anglamagan Norqobil ham ich-­etini yeb yuribdi. Eshik oldida turib onasi zorlanishidan bo‘g‘zidan bir narsa toshib kelib shasht bilan tutqichga qo‘l cho‘zdi. Eshik g‘iyq etishi bilan kuyunayotgan onasi unga yuzlandi:
– Qanday og‘asan, bolam, bir mushtiparingni so‘ramasang, Buvishjonim bu so‘ngsiz yo‘llarga tiklay-tiklay ko‘zlari teshilgandir. Chin bo‘lmasa, beldan belbog‘ni yech, ayol boshim bilan o‘zim yo‘lga tushay… – degancha yig‘lab yubordi.
Endi-endi ko‘kragini shamol eshgan Norqobil bu gap­dan seskanib ketdi. Beixtiyor azonlab yo‘lga tushamiz deb yubordi…
Benihoya quvongan ona o‘g‘lidan aylanib-o‘rgilishga tushdi, duo qildi, yig‘lay-yig‘lay yuzi yorishdi.
Tong bo‘zarib oqish shu’lalar ufqni egallaganda ot o‘ynatib borayotgan yaroqli yigitlar sharaq-shuruqiyu taqalangan tuyoqlar dupur-dupuri eshitiladi. Ilon izidek chuvalgan dovonda karvon qorasi ko‘zga chalinadi. Sokin va zerikarli saraton, daralarda hasharotlar tinimsiz chirqillaydi, allaqanday qushning chaq-chaqlagani aks sado beradi.
Kun botar mahal karvon sap-sariq, qovjiragan keng­likda chumolidek tizilib ketib boradi. Ular haftalab yo‘l bosishdi. Qiyofalar tund, aytilishi kerak bo‘lgan gaplar aytilmasdan tushuniladi. Shahar qora berganda barining yuzida sarosima, bir-biriga qarashib nafaslarini ichga yutadi. Norqobil yigitlarni karvonsaroyda qoldirib, singlisi kelin bo‘lib tushgan uyga yolg‘iz jo‘nadi. Ajabtovur huchchaygan tomli hovli qo‘ralariga taxta to‘sin o‘rnatilgan, tor tosh ko‘chalar bo‘ylab borarkan, shaharning diqqinafas havosidan yuragi siqildi.
Uzoq vaqt ko‘rishmagan singlisini ko‘z oldiga keltirib hayajonda qaltirar, ichi qizib, nihoyatda toqatsizlanardi. U meni qanday kutib olarkan? Shuncha o‘tgan vaqtni xaspo‘slashga bahona izlaydi. Xayoliga bir gap kelmaydi. Eshik ochilib bir ayol bo‘y berdi: singlisini ko‘zlaridangina tanidi… upa-elik surkalgan murda tus… ancha ulg‘ayibdi…
Bibish yugurib kelib og‘asining bo‘yniga osilgancha yig‘lab yubordi.
– Og‘ajon… jonim og‘am, bu dunyoda bormisiz axir?..
Bibishning bor iltifotiyu arazi shugina bo‘ldi, xolos. Norqobilning dilog‘riqlari bir zumda uchdi ketdi. Dilozor divanga cho‘kdi. Bibishning mamnunligidan hayratda. Uzoq diydiyo eshitishi kerak edi-ku. Bibishning so‘zlarida na mehr, na sog‘inch sezdi. Norqobil hayron, go‘yoki yetti yot begona bir ayol singlisi o‘rgatgan gaplarni aytib turgandek. Yuragi toshga aylandimi yoki ertak­lar mamlakatiga kelib qoldimmi degan xavotir ko‘ngliga oraladi. Nahotki, shu paytgacha chekkan g‘am-g‘ussalari havoyi gaplar bo‘lsa. Ammo Bibish beparvo. Choyga taklif etildi. Norqobil stulga o‘tirishga odatlanmaganidan avaylab joylashdi. Qattiq hayajon uni hissiz qilib qo‘ygandi.
Bir payt xizmatchi ayol atak-chechak bir bolakayni yetaklab keldi. Bibish bola tilida: «Kani, kani, tog‘aga salom ber-chi», – deya begonasirayotgan o‘g‘lining mitti qo‘lchasini zo‘rlab tog‘asiga uzatdi. Tog‘a-jiyan…
Kuyov oldida Norqobil o‘zini o‘ta noqulay sezdi, gurunglari qovushmasdi… Mehmon sharafiga ziyofat uyushtirildi. Shisha idishlardagi turfa ichimliklarni Norqobil shu paytgacha ko‘rmagan, hatto nomini ham eshitmaganidan ko‘zlariga ishonmaydi. Kech tushib mehmonlar juft-juft bo‘lib kelishni boshladi. Xotinlarning yarimochiq siynalari Norqobilning ko‘zini lovullatar, tuyqusdan badaniga titroq kirib, o‘zini lohas his eta boshladi. Tap tortmasdan bostirib kelayotgan ayollar erlariga mensimay muomala qiladi va bundan zarracha xijolat chekmaydi. Eri bilan qo‘ltiqlashib mehmonlarga peshvoz chiqib kelgan Bibish ham ulardan qolishmas, ro‘moli ko‘kragini nomigagina to‘sib turadi, xolos. Quchib-o‘pib kutib olishlar… Naq shayton-ku bular, odam qiyofasidagi mal’unlar… «Qul qutursa quduqqa qarmoq soladi degani shu bo‘lsa kerak», – o‘yladi Norqobil.
Eshitgan boshqa, o‘z ko‘zi bilan ko‘rish boshqa ekan, bunday ko‘rgilikni ko‘rganim qursin deya o‘zini koyidi… Allaqachon mehmonlar stol atrofida joylashib, taom keltirilishini kutmoqda. Norqobilning miyasi to‘nglab qolgandek, ko‘zlari baqraygan. Qadahlar jaranglar, so‘ppayib o‘tirgan mehmondan davradagilar baravariga xafa bo‘lishib, unga ham qadah uzatishdi… Sarosimada nima qilayotganiga aqli yetmay Norqobil qadahni bir ko‘tarishda ichib yubordi. Ichiga olov kirgandek ko‘zlaridan yosh tirqiradi. Yo‘talib qoldi. Sharbat uzatishdi. Bazm davom etadi, boshi qizigan Norqobil endi jinnilardek paydar-pay qadah bo‘shatadi, uzatilgan sho‘r gazakni lazzatlanib tishlaydi… Alahsirayapman, shekilli, jinlar bazmiga tushib qoldimov deya xayoli alg‘ov-dalg‘ov. Qiy-chuv raqsga tushayotganlar ko‘ziga alvasti bo‘lib ko‘rinadi, bunaqasi yetti uxlab tushiga kirgan emas. Qayerga kelib qoldim deb o‘z-o‘ziga savol beradi, biroq unga javob yo‘q. Achigan xamirdek miyasi bosh chanog‘idan toshib boradi. Xonani egallagan tamaki tutunidan ko‘z oldi xiralashib, musiqaga qorishgan shovqin elas-elas qulog‘iga kirib-chiqarkan xiyol og‘ishayotganini bilib-bilmay hushdan ajraldi…
Sahar chog‘i, ko‘cha chirog‘i shu’lasi xonani xira yoritib turibdi. Norqobil ko‘zini ochgan bo‘lsa ham xuddi tush ko‘rayotgandek, haliyam bosh ko‘tarishga majoli yo‘q. Tomog‘i qaqrab ketganidan bazo‘r o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Boshi chir-chir aylanadi, turtinib-surtinib derazani lang ochib yubordi. Yuziga urilgan yaxdek havodan hushyor tortdi. Ichida it o‘lgandek, dimog‘iga o‘rnashgan qo‘lansa isdan yuragi o‘ynoqlab, derazadan sharillatib qusib yubordi. Chanqog‘i battar zo‘raydi.
Zulmat pardalari so‘tilib, osmon oqara boshladi. Shundagina sal tetiklashgandek eshik tomon yurdi. Nimqorong‘i zal, kechagi g‘ala-g‘ovurdan asar ham yo‘q. Suv izlab Bibish deya ovoz berdi. Hech qanday javob bo‘lmadi. Tanlab-tanlab hashamdor bir eshikni taqillatib Bibish, Bibish dedi. Javob bo‘lmagach, qiya ochib bosh suqdi. G‘ira-shirada kuyovning kal boshi tarvuzdek yiltirab ko‘rindi. Ovozini balandlatdi. U uyg‘onavermagach, bosh tomondan o‘tib turtdi:
– Bibish, tur, suvlaring qayerda?
U bir to‘lg‘onib ingrandi. Sal qattiqroq turtdi. Shunda u ustidagi choyshabni ochib norozi g‘uldiradi. Shu zahoti Norqobil chayon chaqqandek voh deb yubordi. Mehmon ayol-ku. Nahotki… Ko‘zlariga ishonib-ishonmay zalga otilib chiqdi. Chanqog‘ini ham esdan chiqarib Bibishni axtara boshladi. Ro‘parasidagi eshikni ochishi bilan joyida turib qoldi. Qusug‘iga qorishgan bir tirik murda sasib-bijg‘ib xurrak otardi. Norqobilning ko‘ngli battar aynib eshikni qayta yopdi. Har duch kelgan eshikni ocharkan, darhol ortiga qayrilib, o‘zi uchun bu eshiklarni qayta ochilmaydigan qilib yopardi. Taraqlatgancha zalning u yoq-bu yog‘ida tentirayotganida to‘rdagi nimqorong‘ilik sal yorishganda bir sharpani ilg‘ab o‘sha tomon yurdi. Qiya ochiq eshikdan sochlari to‘zg‘ib uxlayotgan Bibishga ko‘zi tushdi. Endi bu yog‘iga yurishga madori yo‘q. Gumon uning miyasiga xanjardek botdi, ammo singlisi yolg‘iz… sharpa… boshqa xonadagi eri… Norqobil turgan joyida sirri bo‘lib qoldi: rostakamiga meni jin chalgan deya badanlarini chimchilab ko‘rdi. Dahshatli bosinqirash yoki yomon tushdan tezroq qutulishni o‘ylab uyg‘onishim kerak, uyg‘onish deya shunaqangi baqirdiki, zal alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Norqobil chinqirgan ko‘yi hushidan ajrab yiqildi…
Kutilmagan yovvoyi chinqiriqdan oromi buzilgan mezbonlar birin-ketin istar-istamas nima gap degandek zalga chiqib kela boshladi. Nima gapligini anglaganlar hushyorlandi, anglamaganlar qo‘l siltab bosh og‘rig‘ini qoldirish uchun ichimlik izlab tarqaldi. Bibishning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Mehmonning holini ko‘rib kuyov ham bu yovvoyi bilan yuzma-yuz bo‘lishni xohlamaganidan ko‘chaga otlandi. Bibish undan maslahat so‘raganida hozircha vaziyatga qarab o‘zing bilganingcha ish tut deya chiqib ketdi…
Singlisi bilan karvonsaroyga kirib borganda Norqobilni yigitlar uzoq ketganidan savolga tutishdi. U churq etmadi. Bir lahza ham hayallamay yo‘lga tushdilar. Shu ketishda necha kun yo‘l bosgan bo‘lsalar ham, Norqobil hamon gung va kar. Arg‘amchidek cho‘zilgan karvon yo‘li hech tugamaydigandek, nazarida, bir asrdan beri bu og‘ir va ko‘ngilsiz yo‘lda mudrab-mudrab, hech uyg‘onolmay ketib borayotgandek. Yigitlar ham misoli tolqon yutgan. Bibish bolasi bilan ovunadi-yu, ko‘ngli xijil. Akasi faqat kenjatoyini olishga ruxsat berdi. Turqi-tabiati yoqimsiz kattalari bilan gaplashishni ham xohlamadi. Bibish og‘asining bu qilig‘idan xafa. Karvonda birgina bolakay xarxasha qiladi, yegulik so‘raydi, suv deydi, erkalanadi, atrofga zavq bilan boqib, tuyaning tebranishidan huzur qilib, bir uyg‘onib-bir uxlab kelmoqda.
Kaltakesaklar goho dumini bilanglatib qochib qoladi, goho halqumini lo‘qillatib turgan ko‘yi karvonni kuzatib qo‘yadi. Onda-sonda xas-xashaklar orasidan to‘rg‘ay pir etib o‘n-o‘n besh quloch uchib-qo‘nib, yana pildiragancha yugurib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Dasht bo‘ylab chigirtkalar horg‘in chirillaydi, ahyon-ahyonda osmon-falakda aylanib uchayotgan quzg‘un ko‘zga tashlanadi. Norqobil haligacha karaxt, aqlini yig‘ib ololmas, singlisining uyida nimalar bo‘lganini o‘ylasa, battar ichi qorong‘ilashadi. Yo‘ldagi karvonsaroylarning birida bo‘kib bo‘za ichdi. Bir dam bo‘lsa-da hammasini unutib, bosh og‘rig‘i tarqalgandek bo‘ldi. Yo‘lga tushdilar, jazirama loxas qilganidan yana ko‘ngli aynidi, ichi ag‘darildi, qusdi va o‘sha-o‘sha xarob holiga qaytdi, hatto ahvoli undan ham battarlashdi. Bo‘za ham g‘amini yengillatmadi. Dasht hovuri bepoyon kenglik yuziga parda tortadi. Norqobil ­dunyoga sig‘may boradi. Xira tortgan kenglikka nazar solib nafasi bo‘g‘iladi. Ming bir azobda yo‘l tanobini tortib kelayotgan karvonda jonlanish sezildi, dovon g‘ira-shira ko‘zga chalindi.
Karvon daraga kiraverishda to‘xtab, ot-ulovlar tushovlanib o‘tloqqa boshqarildi. Norqobil bir yigiti bilan buloq tomon ketdi. Karvon yo‘lidan xiyla ichkarida g‘ordan bir tegirmon suv oqib chiqadi.
Norqobil buloq boshiga yetib borgach bu qadim g‘orga uzoq qarab qoldi, keyin yigitga ketishni ishora qilib, o‘zi suv bo‘ylab o‘rmalab to‘rladi. Qop-qorong‘i zulmat, suv uning iyagigacha ko‘mib keldi. Surilib-surilib bir tobatoshga boshini qo‘ydi-da, yax suyak-suyagiga o‘tguncha qimir etmay yotaverdi. Uni behalovat qilgan o‘y-xayollarini muzdek suv asta-asta sug‘urib olayotgandek, biqirlab qaynayotgan buloqning so‘nmas qo‘shig‘i go‘yo malham qo‘yayotgandek fikri tiniqlashib borardi. Toki miyasi tinguncha uzoq o‘ylanib yotdi.
Qo‘sh tashlagan joyiga qaytganlarida karvon allaqachon chodir tiklagan edi. Shu joyda tunashni ma’qul topishdi. Norqobil tun bo‘yi mijja qoqmadi. Xayolida goho bobolarining qadim makonlarida sayr qilar, goho o‘tgan qora kunlarida izillagan ovozlarni eshitar, goho kechagi kuniga borib qolar, goho ertangi kunini qarshilardi…
Azonlab karvon yana yo‘l tadorigini ko‘rdi. Turnaqator karvon dovonga ko‘tarilib bormoqda. Mana, ro‘paralarida birgina qoya – dovonning qoq o‘rtasi, undan naryog‘ida Norqobilning ota makoni. Shu yerga yetganda Norqobil karvonga to‘xtash ishorasini berdi. O‘zi irg‘ib otdan tushdi, ko‘zlariga qon to‘lgandek bejo.
– Bibish, bolangni dovondan u yog‘iga olib o‘tolmaymiz, – dedi kutilmaganda singlisiga o‘qdek nigohini qadab.
Uni hech bu holatda ko‘rmagan yigitlar ham qo‘rqib ketishdi. Kutilmaganda og‘asining bunday o‘zgarganidan tili kalimaga kelmay qolgan Bibish bolasini quchoqlab yig‘lab yubordi. Nima bo‘lganda ham, ko‘z ochib ko‘rgan erini va bolalarini tashlab uyiga qaytish mushtiparga og‘irlik qiladi. Shunda u akamning gapiga kirib xato qildimmi degan o‘yga bordi.
– Men shu yerda bolam bilan qolaman, – dedi akasining qat’iyatini ko‘rib.
Bu gapni eshitgan Norqobil shartta qilichini sug‘urib Bibishga o‘qtaldi.
– Agar gapimga ko‘nmasang, shu yerning o‘zida chavaqlab tashlayman.
– Og‘a, bolada nima ayb, bunday qilmang, – dedi Bibishga achingan yigitlardan biri.
– Sen aytganimni qil! – o‘shqirarkan, ko‘zlari xonasidan chiqqudek g‘azabdan titradi. Yigit bolani olishga botinmadi.
– Yo‘q! – deya yigit keskin rad etdi, shu zahoti viz etib qilichning havoni tilimlagani eshitildi, bir lahzadan keyin yigitning gavdasi shilq etib yerga quladi.
Norqobil bolani singlisining qo‘lidan yulqib olib boshqa bir yigitga uzatdi. Bolakayga ilashib tushgan tugunchadan teshik kulcha va xo‘rozqandlar sochilib ketdi. Kimdir ularni terib olib bolaning oldiga qo‘ydi. Bolajonning ko‘zlari olazarak tosh ustida o‘tirarkan, kattalarning o‘yiniga beparvo qaraydi. Bibish bolasi tomon talpingan ko‘yi yiqilib hushdan ketdi. Norqobil ortiga burildi-yu, otga irg‘ib minib dovonga yo‘l soldi. Yigitlardan ikkitasi omonatni egasiga tirik yetkazish ilinjida epchillik bilan behush Bibishni ulovga mindirib suyab jo‘nadi. Qolganlar ham ulovlariga intildi, karvon qo‘zg‘aldi.
Hech narsaga tushunmagan bolakay jajji qo‘lchalarini ularning ortidan uzatib qiqirlab kular, uning ma’sum qiqirlashi zov va daralarda jaranglab allajoygacha ularni ortidan ta’qib qilib bordi. U bir qo‘lida teshik kulcha, birisida xo‘rozqandni mahkam changallab o‘tirar, odamlar ne sababdan bir o‘zini bu kimsasiz dovonda qoldirib ketayotganini tushunmasdi. Shu mahal ular ortidan ilkis qo‘l cho‘zganda bolajonning qo‘lidan teshik kulcha tushib g‘ildirab ketdi.
Tong oqarib, go‘yo butun borliq tiniqlashdi. Karvon dovon oshdi. Ota yurtga qadam qo‘ydi.