Ettinchi sinfda o‘qiydigan Bahrom katta tanaffusda partadoshini tirsagi bilan turtib sumkaga ishora qildi. Engashib qaragan Toshmatning ko‘zlari porlab: «Voy-y, buncha zo‘r?» – deb yubordi. Sinfda shovqin-suron boshlangan, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora. Qator terilgan sap-sariq olmalarga tikilib: «O‘zlaringning bog‘danmi, buncha ajoyib?» – degancha Toshmatning og‘zi suvlanib ketdi. Tamshanayotgan oshnasini ko‘rgan Bahrom jilmayib engashdi-da, uning qulog‘iga pichirladi:
– Sotaman.
– Qanchadan? – deb hovliqqan Toshmat xuddi boshqa birov olib qo‘yadigandek ko‘zi olma terarkan, g‘ilt etib yutinib labini yaladi. – Muzqaymoq olmoqchi edim. Shu pulga berasanmi?
Darhol ishi yurishganidan Bahromning yuziga qon tepdi. Sumkani oshnasi tomon surdi.
– Xohlaganingni tanlab ol. Faqat ehtiyot bo‘lib, boshqa bolalarga ham xabar ber. Bilib qo‘y, lekin qizlar eshitmasin, muallimga cho‘g‘ollaydi, – deya engashib oshnasiga tushuntirdi.
Toshmat eng katta olmani ko‘ylagi etagiga berkitarkan, bu yog‘idan xavotir olma degandek ko‘z qisgancha zipillab jo‘nab qoldi. Avvaliga u bolalarga olmani ko‘rsatib maqtandi. Keyin bergan va’dasini bajarishga kirishdi. Bu ish juda oson ko‘chdi, olmaga talabgorlar tezda topila qoldi. Keyingi kunlarda boshqa sinf o‘quvchilari ham Bahromning oldiga kela boshladi. Savdo qizib, o‘z-o‘zidan olma Toshmatga tekin bo‘ldi. Qishloqda hammaning ham hovlisida bog‘i bor emas, Bahromning omadi chopgani shu. Maktabga jo‘nash oldidan onasining ko‘zini shamg‘alat qilib sumkasiga ketganicha olma joylaydi. Bir kuni onasi uni to‘xtatdi.
– Bir ko‘ray-chi, sen bolaning yurishing boshqacha, sumkang namuncha katta?
Qo‘lga tushgan Bahrom yolg‘on gapirdi:
– Oshnalarim iltimos qilgandi. Ular ham menga narsa berishadi. Men ham ularga olib boryapman.
Suvdan quruq chiqqan Bahrom bu yog‘iga ehtiyot choralarini ko‘rdi. Olma solingan xaltachani tomorqa adog‘iga qo‘yib kelib, odatdagidek onasi ko‘z o‘ngida sumkani qo‘ltiqlab jo‘nardi. Pul hirsi o‘y-xayolini egallaganidan u duch kelgan to‘siqlardan osongina o‘tib ketardi. Axir o‘zining o‘y-xayolicha, endi uning ham ro‘zg‘orga foydasi tegadi. Uddaburonligidan xursand. Pulining cho‘g‘i ortgandan keyin darsxonasidagi qo‘lbola javonga yashirdi. Xazina saqlaydigan yashirin joy ertadan-kech xayolida. Jamg‘arma salmog‘i ortgani sayin xayolan turli xil rejalar tuza boshladi. Avvalboshda pulni ko‘paytib onasiga bermoqchi edi. Onasini aldadi, demak, bu reja endi ish bermaydi. Otasidan velosiped olib berishni so‘raydi. Rosa ko‘payib ketsa, balki…
Tomorqadagi olmalar shu paytgacha sotilmay, tekindan-tekin yeyilib ketardi. Endi esa ko‘p pul bo‘lyapti. Qilayotgan ishlaridan mamnun.
Pul taxlami bir bog‘lamdan oshgandan keyin rejalar butkul o‘zgardi. Hatto kechalari uyqusi uchib ketadigan bo‘ldi. Xayolan amalga oshirgan ishlariga goho onasi norozi bo‘lsa, goho otasi urishadigandek tuyulaveradi. Bu orada muallimlar uyga vazifalarni xato bajarayotgani uchun dakki bera boshladi. Hammasi avvalgidek ketyapti-ku, muallimlar yanglishgandir deb o‘ylab qo‘ydi. Aslida, uydan jo‘naguncha onasidan xavfsiraydi, maktabga yetganidan keyin fikri-xayoli sumkasini yengillashtirib olishda, shu bois dars o‘lda-jo‘lda edi.
Kuyib-pishib yurgan kunlarning birida Nazira sinfdoshi: «Hoy qitmir o‘lgurlar. Namuncha olmani yashirib o‘zlaring yeysilar, qizg‘onchiqlar?» – deb o‘g‘il bolalardan xafa bo‘ldi. Bahromning yuragi po‘killab turgan payt Panji sinfdoshi o‘lganning ustiga tepgan qildi: «Nazira, tomog‘ing tushib o‘tirmasin tag‘in. Tekinga tarqatayotgani yo‘q, bu savdogar-ku, sotadi», – deya hiringlab qizlarning oldida Bahromni sharmanda qilganidan rosa rohatlandi.
– Sotsa yomonmi, tomorqa o‘zlariniki bo‘lganidan keyin bilganini qilsin. Bizga ham ber, pulini to‘laymiz, – deya qizlar Bahromni o‘rab olishdi.
Mazza-mazza, Bahromga mazza, endi bekitib o‘tirishga hojat qolmadi. Faqat, yomon tomoni, muallimga chaqib qo‘ymasmikin degan xavotirda yuragi zirilladi. Panji bekorga huzurlangan ekan, bu gaplardan keyin labini tishlab qolaverdi. Quruqqa qurumsoqning ishini yurishtirgani qoldi, xolos. Albatta, shu kundan boshlab Bahromning savdosi ochiqchasiga o‘tdi. Bu orada olmaning yoniga nok qo‘shildi-yu, savdo yanada avj oldi. Bahrom bu kabi chaqma-chaqarlik uyda ham bo‘lishi mumkinligini o‘ylab to‘rtinchida o‘qiydigan Momoxol singlisiga muzqaymoq olib berib og‘zini yopdi. Boshlang‘ichdagi Hasan bilan Zuhra hali go‘dak.
Ming bir xayolda yurgan kunlarning birida sinf rahbari Bekturdi uni muallimlar xonasiga chaqirtirdi. Bahrom sinf rahbaridan ko‘pam hayiqmaydi, axir tog‘asi maktab direktori bo‘lganidan keyin nimadan cho‘chisin? Bekturdi muallim ham ehtiyotkorlik bilan unga tanbeh berdi, xolos.
– Xo‘sh, «oshna», nimalar bilan shug‘ullanib yurganingni bilasanmi? – dedi muallim yerga qarab turgan Bahromning peshonasiga ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib. – Maktabni bozorga aylantirib yuborganmishsan, bu yer ilm dargohi, katta xolangning bozorimas. Shuni unutma.
– Muallim, hech yomon ish qilmadim. Uyimizda olma ko‘p. Bolalarga olib kelib beryapman. Boshqa hech narsa, – dedi ko‘zini lo‘q qilib.
– Ota-onangni chaqirtirib olma tashishingni bir ko‘rsatib tanobingni tortib qo‘yaymi? Tomorqangda olmang ko‘p bo‘lsa, ana bozor. Shuni bir bilib qo‘y, ikkinchi maktabda bu ishni qilayotganingni eshitmay. Gapim tushunarli bo‘lsa, darsingga bor, – Bekturdi mishiqi bir bola uchun direktor bilan oraga sovuqchilik tushib qolishidan hayiqdi. Sog‘ jonga saqich yopishtirish zaril keptimi? Ish boshlaganiga uch yil bo‘lyapti. Bu yog‘i Shodiqul cho‘ponning ham oshig‘i olchi kelib turgan bo‘lsa.
– Mening gapimni tushunding-a? – Bekturdi o‘quvchisining dimog‘idan qurt yog‘ayotganini ko‘rib uni to‘xtatdi. – Ho‘ mishiqi, sen haqingda bironta yomon gap eshitsam, bilib qo‘y, o‘zingga yomon bo‘ladi. O‘raga sichqon tushdi – guldurgup. Gap tamom, men seni ko‘rganim yo‘q, sen meni. Endi jo‘na darsga.
Bahrom o‘ylaganidek muallim uni ortiqcha so‘roq-savol qilib o‘tirmadi. Tog‘asidan qo‘rqdi, shekilli. Lekin maktabda bu ishni taqiqlagani chatoq bo‘ldi deb o‘yladi. Endi u ariq bo‘yida yoki sport maydonchasida savdo qila boshladi. Bu chora mutlaqo savdosiga zarar yetkazgani yo‘q. Avvalgidek bir sumka olma-nok birpasda sotiladi. Bu orada behi pishadigan vaqt keldi. Endi bolalar undan behi olib kelishni ham iltimos qilishdi. Bu gapga nima deb javob berishni bilmay qoldi. Har kuni puliga pul qo‘shilayotganda qanday javob aytishni o‘ylab qoldi. Allaqachon pul havosini olib, o‘zi sezmagan holda dimoq-firoq qiladigan odat chiqargan. Yo‘q deb qo‘ysa, bolalar olmasini ham sotib olmay qo‘ysa-chi. Bahromning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan bo‘lsa ham, yo‘lini topdi. Shom qorong‘isida hamma ro‘zg‘or tashvishi bilan andarmon bo‘lganida ko‘zni shamg‘alat qilib qo‘shnining bog‘iga oraladi. Eski etakka bir kunlik behilarni keltirib jo‘yaklarda uyulib qolgan xazonlar orasiga yashirib qo‘yadigan bo‘ldi. Maktabga jo‘naganda etakni sumkaga bo‘shatib, kamiga olma solib ketaveradi.
Oydinbaycha uy yumushlariga ko‘milib bolasining nima ish bilan mashg‘ul ekanligini surishtirib o‘tiribdimi? Ro‘zg‘or tashvishidan ortib bolasini qanday nazorat qilsin? Bola bu holatni yaxshi o‘zlashtirib olgan. Onaning ko‘zi o‘ngida xato qilmasa bas.
Shodiqul cho‘pon qishin-yozin tog‘ma-tog‘ yuradi. Mana, bog‘bon qo‘shnisining qo‘yini boqish evaziga cho‘ponning tomorqasi bir ajoyib bog‘ bo‘ldi. Sizdan ugina – bizdan bugina deganidek, biri tayoq tutmasa ham, qo‘yi yaylovda, biri ko‘chat-nihol nimaligini bilmasa ham, tomorqasi to‘la daraxt. Yon qo‘shni – jon qo‘shni, hamkorlik har ikkalasi uchun ham yaxshi. Birovining bolalari qo‘y ortidan sarson yurmay maktabga qatnayotgan, o‘ynab-kulayotgan bo‘lsa, cho‘ponning bolalari ham bog‘i borlarning qo‘liga qarab qolgani yo‘q. Shodiqul bu yog‘idan ko‘ngli to‘q, go‘sht-moydan ro‘zg‘orni kam-ko‘stsiz ta’minlab qo‘yibdi. Kutilmaganda esa boshiga baxt qushi qo‘ndi. Omadni qarang-a. Bu yilgi to‘l mavsumida bir sovlig‘i tilla sur qo‘zichoq tug‘di. Bu hazil gap emas. Shodiqul «bismilloh» deb qo‘liga tayoq olgan kundan beri birovning haqini yemagan. Uning halol mehnat qilishini hamma biladi. Baxtiga, hali biror marta ham sel balosiga, bo‘ri galasiga duch kelmadi. Bu borada boshliqlarining oldida ham yuzi yorug‘. Barcha ofatlardan uni xudo asrab kelyapti.
Avvalboshda xotini bilan kelishib uy-imorat qilgan edi. Er pul-mol topadi. Xotin bo‘lsa erning o‘rnini bildirmaydi. Ikkov shu zayl farzandlarini ulug‘ odamlar qilib tarbiyalab, qarigan chog‘larida oyog‘ini uzatib yotadi. Shodiqul yigitlik davri tog‘da o‘tgan bo‘lsa ham bundan aslo achinmaydi. Axir shu yigirma yil oralig‘ida o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib mol to‘plagan cho‘ponlardan bir to‘li bilan necha hissa ortiq narsaga ega bo‘ldi-ya. Taqdirning ajoyib sovg‘asi bu. Ne bir cho‘ponlar orzu qilib o‘tib ketishgan.
Shunday bo‘lsa-da, o‘g‘lining o‘zidek cho‘pon bo‘lishini istamaydi. Bolasining tog‘alaridek ilmli, olim bo‘lishini xohlaydi. Buning uchun o‘zi umrining oxirigacha tog‘u toshlarni kezib yurishga ham tayyor. Axir qaynog‘alarining gurunglarini eshitib havasi ortgandan-ortadi. Shaharlik bo‘lib ketgan qaynukasining bilmagan narsasi yo‘q. Yer yuzining hamma joyini biladi. Tarixdan gap ketsa-ku, hammani og‘ziga qaratadi. Xuddi eski bobolardek matal-maqolni joyiga qo‘yib gapiradi, eshitganlar qani endi mening o‘g‘lim ham shunday bo‘lsa deya havas qiladi. Shularni ko‘z oldiga keltirgan chog‘lari bolalarimning ilm egasi bo‘lishi uchun hech narsani ayamayman deb Shodiqul cho‘pon g‘ayrat qiladi. Ha, o‘g‘li buni uddalaydi, kitobni quchoqlab yuribdimi, undan bir narsa kutsa bo‘ladi. Bu yog‘idan ko‘ngli to‘q.
Tilla qo‘zi haqidagi shov-shuv gap qishloqqa yoyilib bo‘lgandan keyin Shodiqulning o‘zi ham qahramon bahodirlar kabi kirib keldi. Kelib-ketuvchilar bilan gurunglashaverib bu galgi o‘n kun ko‘z ochib-yumguncha o‘tdi-ketdi. Yana tayoqni qo‘lga oldi. Tog‘larga qor tushib, otarlar qishlovga qaytgunicha zovlarning ustidagi pistani it azobida osilib-terib to‘pladi. Endi el ko‘zida qishloqqa quruq qo‘l bilan kirib borishi noqulay. Kimsan, Shodiqul arkar, boyvachcha cho‘pon. Xurjun-xaltani g‘amlab qanot chiqarib uyiga uchishga tayyor yurardi. Qishlov joyiga tushgan kuni suruvni yordamchi cho‘ponga topshirib, o‘zi tayyorgarlik ko‘rdi. Xurjunning bir ko‘ziga pistani joyladi, ikkinchi ko‘ziga bir to‘xlini muchalab bo‘jaga o‘rab soldi. Chillasi chiqmagan kuyovdek ko‘nglida bir orziqish bilan saharlab eshakni oldiga solib yo‘lga tushdi. Qalbini hayajon egallagan, u yoz bo‘yi tog‘larda faqat kelajak xayollari bilan kun o‘tkazdi. Kutilmagan baxt og‘ushida: hozirdan Bahromini shahar maktabiga jo‘natsamikin, yaxshisi, tog‘alari bilan maslahat qiladi. Ayniqsa, qaynukasining bilmagan balosi yo‘q.
Quyosh ko‘hna Bobotog‘ ortidan mo‘ralaganda Po‘stak hovarning darasidan chiqib, Katmanning tepasidan tushib kelardi. O‘-ho‘, bilmay yurgan ekanmizda. Hamma tomon tom-tosh bo‘lib ketibdi-ya, tayoq tashlasang odam boshiga tushadi. Dov-daraxt sarg‘ayibdi, hademay qor surilib Katmanning dashtiga ham oq suprasini to‘shaydi… Eshagi ham uning ko‘nglini sezgandek ustida og‘ir yukni pisand qilmasdan yo‘rg‘alab boradi. Shodiqulning kayfi chog‘, oyog‘i go‘yo yerga tegmay ildamlaydi. Qishloqqa oralaganda quyosh rasamadi ko‘tarilib, odamlar g‘imirlab qolgan edi.
Duch kelgan bir-ikkov bilan shovqinlab salomlashib-so‘rashib eshakdan ortda qolmaslik uchun ildamlaydi.
Xotini tomorqada sigir jildirayotgan ekan. Hovlida xazonlar sochilib yotibdi. Somonxonaga chala-yarim solingan somonni tovuqlar titib yotibdi. Televizorning shang‘illagani tashqariga eshitiladi. Xurjunni tushirgach eshakni yetalab tomorqaga yurdi. Uyga qaytganda kenjatoylari chuvillashib kelib bo‘yniga osildi. Kattalari maktabga ketib bo‘lishgan ekan. Xotini uy yig‘ishtirib to‘shamchi tashlaydi. Otam keldi, otam keldi degan bolalarning quvonchi, xurjunni uyga olib kirgach, bayramga aylanib ketdi. Erkak kirdi uyga – baraka yog‘ildi dasturxonga bo‘ldi. Xotini yelib-yugurib go‘sht qovurib keldi. Shodiqul dasturxon boshida oila bilan o‘tirishni sog‘ingan ekan.
Xotini qishloq oradagi gap-gashtak, tilla qo‘zi gurungi hali-hamon bo‘lib yotganini zavq bilan gapirib berdi. Egizaklar kitob-daftarini ko‘rsatib yozish-o‘qishni bilib olganlaridan maqtanishdi. Ularning harflarni ko‘rsatib duduq odamdek harflarni bir-biriga uzuq-yuluq urishtirishidan zavqi oshdi. Kichkinalarining ham o‘qishga mehrini ko‘rib, xudo xohlasa, hammasini oliy ma’lumotli qilaman degan o‘ydan rohatlandi. Xullas, hammasi o‘z o‘rnida. Hovliga chiqib somonxona tomon yurgandi, xotini qaytardi:
– Shuncha turgan ish yana bir kun turar. Otasi, siz ham endi oddiy cho‘pon emassiz. Ko‘rgan-bilgan birov-yarim ko‘rishgali kelib qoladi. Men u yoq-bu yoqni supur-sidir qilaman. Buguncha dam oling, ko‘rar ko‘zlar bor.
Shu bilan Shodiqul yuvinib-chayinib, ko‘rpaga o‘rangancha uyquga ketdi. Bahrom bilan Momoxol ham maktabdan qaytgach mazza qilib go‘shtga to‘ydi. Cho‘ntaklariga pistadan joylab onasi ko‘rsatgan joylarni yig‘ishtirishga kirishdi. Kechga tomon mehmon keldi.
Bahrom otasiga pullarini berib bir o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, shashtidan qaytdi. Bemalol bo‘lganda aytishni mo‘ljalladi. Shu orada boshqa bir fikr uning xayolini band qildi. Pistani chaqarkan, shuni ham sotsam bo‘lmaydimi deb o‘ylanib qoldi. Bir xurjun pista mehmonlarning oldiga qo‘yiladi, o‘zlari yeydi, shuytib tugab ketadi. Sotsa yaxshi emasmi? Shu xayollar bilan xurjunning ovloq qolishini poyladi. Onasi o‘choq boshi bilan ovora bo‘lib, ukalari ham onasiga o‘ralashib turganda shartta bir xaltachaga uch-to‘rt kilo pistani joyladi. Pista olinganini bilintirmaydigan qilib qo‘ygach xaltani yashirib keldi. Shundan keyin hech narsa ko‘rmagandek mehmonxonadan xabarlashib turdi. Xotirjam, endi bemalol uxlayveradi.