Xoliyor Safarov. Ona (hikoya)

Maktabdan qaytayotib, yaxmalak yerda toyib yiqilgan muallima necha kundan beri uyda ikki oyog‘i gipslanib yotibdi. Turay desa turolmaydi, o‘tiray desa o‘tirolmaydi – faqat yotadi. Tashqariga chiqmoqchi bo‘lsa, eri yoki katta bolalari ko‘mak berib, bir amallab joyidan turib oladi. Keyingi kunlarda zerikkanidan ovunchoq bo‘lsin, deb ikki yoshli o‘g‘ilchasini bog‘chaga ham yubormay qo‘ydi. Hamma o‘z ishiga, o‘qishiga ketadi. Uyda yolg‘iz bemor ona va kenjatoy o‘g‘ilcha. Bola onasi uchun ham ovunchoq, ham dastyor. Hali uni olib berishni, hali buni joyiga qo‘yib kelishni buyuradi. To peshingacha ahvol shu. Ona-bola bir-biriga ovunib kunni o‘tkazishadi. Bolakayning pildirabgina ish qilishlaridan ruhlanib, jismidagi og‘riqni unutgandek bo‘ladi.
– O‘zimning mehribonim! Aylanay sendan! – o‘g‘ilchasini yoniga yotqizib olgan ona uni erkalaydi. Yuzlaridan o‘pib, sochlarini silaydi. – Jonim meni…
Ko‘p qavatli uylarning xonasi tor. Beton uyda shu tor xonaning ham isishi qiyin. Gipsda yotgan odam esa issiq kunda ham sovqotadi. Ona xonaning bir chekkasiga spiral plita yoqib qo‘yibdi. Harna sovuqning zahrini oladi.
Kenjatoy o‘yinchoqlariga ovunib o‘tirgandi, televizorda sport o‘yinlari namoyishi boshlanib qoldi. Bola tomoshaga qiziqadi. O‘yindan chalg‘ib, ekranga tikilib qoldi va bir mahal irg‘ib o‘rnidan sakrab turdi-da, sportchilarga taqlid qildimi yoki avval ham bir-ikki qilgan mashqini qaytarmoqchi bo‘ldimi, boshini yerga qo‘yib, umbaloq oshdi. Ammo uning chinqirig‘idan onaning hushi uchdi, kenjatoyning oyog‘i plita ustiga tegib kuygan edi.
Ona o‘rnidan qanday turdi, qanday uy burchidagi plita yoniga bordi, o‘g‘ilchasining kuyib, tutayotgan paypog‘ini qanday yechib otdi, bilmaydi. Bilgani – o‘g‘lini bag‘riga bosib, peshanasidan o‘pyapti, ovutyapti, o‘zining esa ikkala oyog‘i xuddi avvalgidek qaqshab og‘riyapti… Gips siljib ketdi, shekilli… Endi eri kelib joyiga o‘tkazib qo‘ymaguncha shu ahvolda zor qaqshab o‘tiradi…