Vosit Ahmad. Yangi boy (hajviya)

– Yangi boylardan biri tish qo‘yish mutaxassisiga uchrabdi. Tepa jag‘ tishlariga javohir qoplatibdi, pastki jag‘lariga platina qo‘ydiribdi.
– Endi nima qilay? – so‘rabdi shifokor.
– Signalizatsiya qo‘yasan-da, – debdi yangi boy.
Metinbekning bu latifasiga do‘stlari ichaklari uzilguday bo‘lib kulishdi.
Kechagina mana shunaqa yangi boylar ustidan kulib, latifa aytib yurgan Metinbek bugun o‘zi ham o‘shalarning kepatasiga tushib o‘tiribdi. Chakana savdo-sotiq bilan shug‘ullanib yurgan Metinbek Bratan bilan tanishdiyu halovatini yo‘kotdi. Uning ko‘nglini olish, ishonchiga kirish yo‘llarini qidira boshladi. Uyiga chaqirib ziyofat bermoqchi bo‘ldi. Ammo Bratanning dang‘illama hovlisini ko‘rgan Metinbek o‘zining g‘aribgina hovlisiga bunaqa nufuzli mehmonni chaqira olmasdi.
Uch-to‘rt tanga jamg‘armasini xarjlab hovlini ta’mirlatishga tushdi. Xonalar yevrota’mirdan chiqarildi. Hovliga g‘ishtpol yotqizildi. Biroq hafta o‘tmay Metinbekning fikri o‘zgardi, uni qo‘portirib, o‘rniga bruschatka yotqizdi. Kundan kunga «didi» o‘sib borayotgan Metinbek uni ham qo‘portirib, ranglisiga almashtirdi. Devordan ko‘chgan bir parcha suvoqni ham yamab qo‘yishga yaramaydigan o‘g‘lidagi bu o‘zgarishdan ota hayron. Hovliga tuzukkina yarashib turgan rangli bruschatka ham buzib tashlangach, Yashnar otaning chinakamiga jahli qo‘zidi.
– Hoy, sen nima qilyapsan? Yarim yil o‘tmay uch marta almashtirding-a! Nima balo, boshqa ishing yo‘qmi? – dedi.
– Ey, boboy…
– Boboy dema, ko‘rnamak, otangman.
– Endi boboy, bu dada, ota degan atamalar eskirdi. Endi zamonaviy talaffuzlarga o‘tishimiz kerak. Mana Bratan ham otasini boboy deydi.
– Ha, o‘zingga o‘xshagan ustoz topibsan-da.
– Ha, endi, boboy… Ha, nima deyayotgandim. Ha-ya, yangi bruschatka chiqibdi, to‘rt burchida to‘rt xil rangda chiroq yonib turarkan.
– O‘h-ho‘, shuncha bruschatkaga yetarli tokni qayerdan topasan?
– Bir gap bo‘lar, ota… boboy. Shunaqa, zamon o‘zgardi, modalar o‘zgaryapti. Qotib qopsiz-da. Eski o‘qituvchilar hammasi shunaqa, – deya ovqatini xo‘rillatib icharkan, chap qo‘lidagi telefon antennasida burnini kavladi. «Burun kavlashini hech yo‘qota olmagandim. Endi yangicha kavlashga o‘tdimi?», deya ijirg‘anib chetga qaradi ota.
– Undan ko‘ra, onangning qabrini tuzat.
– Ey, boboy, namuncha eskichasiz-a?! Yaqinda Bratanga ziyofat beramiz. Muhim shartnomani imzolaymiz. Ana shundan keyin siz ishlarni aytaverasiz, biz do‘ndiraveramiz.
– Anovi qo‘shnimiz, tul xotin Rahima ayangni devori ag‘anab yotibdi. Shuni o‘nglab ber, ana savob.
– Ey boboy, hozir hamma o‘z aravasini o‘zi tortadigan zamon, – dedi Metinbek endi telefon antennasini og‘ziga tiqar ekan.
Ko‘ngli alag‘da bo‘lgan chol bir o‘qraydiyu, o‘rnidan turib nari ketdi.
Shu payt Metinbekning o‘g‘li otasi yoniga kelib xarxasha qila boshladi.
– Dada, qachongacha buzuq noutbuk bilan maktabga boraman. O‘rtoqlarim bilib qolishsa…
– Bildirmagin-da, azamat. Hali shunaqasini olib berayki…
– Bujiteriyalaringiz ham jonga tegdi. Dugonalarim soxtaligini bilib qolishsami?! O‘laman, sharmanda… – deya endi xotini zorlana boshlagandi, Metinbek gapirtirmadi.
– Sir berma, xotin, sir berma. Yaqinda Bratan keladi. Barcha o‘sha buji, buja, eh, o‘shalaringni taqib hovlida sollana-sollana yurasan. Bratan boy ekanligimizga amin bo‘lishi kerak. Qani, bir yurib ko‘r-chi.
Xotini o‘rnidan turib, tovus yurish qilib ko‘rsatdi. «O‘xshatmaguncha uchratmas», deya g‘udrandi, gullarni parvarish qilib yurgan ota.
Ertasiga Metinbek mashinada allanimalar keltirdi.
– Bu yana nimasi? – otaning yanada hayrati oshdi.
– Barabalicheskiy antenna, – dedi ming‘irlab Metinbek.
– Parabalicheskiy deng, – to‘g‘irladi o‘g‘li.
– Baribir emasmi? Qani, yordam berib yubor.
– Uni nima qilasan? – so‘radi otasi.
– Voy, bobo-ey! Ja-a, tupoysiz-da. Tomga qo‘yamiz-da, endi dunyo televideniyesi uyimizda deyavering.
Ota bir noxushlikni sezganday seskandi. Bu bejiz emas ekan. Tushdan keyin o‘g‘li ikki barzangi mardikor bilan kirib keldi. Ular e-yo‘q, be-yo‘q ko‘cha eshigi oldida savlat to‘kib turgan katta olma daraxtini kesa boshladi.
– Hoy, to‘xta, nima qilayapsan? – ular tomon intildi ota.
– Ota, ota! – Metin endi boboy deyishdan tiyilib, otasining qo‘ltig‘idan oldiyu ko‘cha tomon boshladi.
– Qarang, anavu tomda bara, para, eh, o‘sha antennani ko‘ryapsizmi? Ana, ko‘rmayapsiz. O‘tgan-ketganlar qanday ko‘rishadi? Olma to‘sib qolyapti.
– Ko‘rinmasa nima qipti? Olmada nima ayb?
– Voy, bobo… ota-ey, juda didsizsiz-da. Axir, bunaqa antenna mahallada yagona-ku. Odamlar ko‘rib, sal ko‘zi quvnab tursin-da.
– Ey, didi hakalak otgan, bu olma bola-chaqaning rizqi-ku. Qo‘ni-qo‘shni naflanib turuvdi.
– Ana, imenno shuning uchun ham kestiryapman. Shunday olmani sotmay, talon-taroj qilib yotibsiz.
Ota o‘g‘lining qo‘lidan arang chiqdiyu ichkariga shoshildi. Ammo, ulgurmadi… Daraxt ag‘anaganda cholning ham ichida bir nima uzilganday bo‘ldi. Bu holvasi ekan. Endi hovli o‘rtasidagi cholning sevimli daraxti – behiga hujum boshlandi.
– Meni ham kesib yubor, – dedi xo‘rligi kelgan chol.
– Ota, qo‘ysangiz-chi… Men bu yerda shunaqa basseyn bunyod etayki, issiq kunlarda salqinlab o‘tirasiz. Atroflari mramor bo‘ladi.
– Marmar degin, – dedi ota ijirg‘anib.
– Ey boboy, madaniyatli odamlar mramor deyishadi. Mana, masalan, bizni Bratan ham shunday deydi…
Ertasiga ustalar hovuz qilishga kirishdilar. Metinbek esa yuk mashinasida katta kitob javoni, yengil mashinasida esa bir dunyo kitob keltirdi.
«Ie, umrida kitob o‘qimagan o‘g‘limni nima jin urdi?» – dedi ota hayratga tushib.
– Ha, o‘g‘lim, aqling kirib qoptimi? Kitob o‘qisang, endi odam bo‘lib ketasan, – dedi keyin o‘g‘liga.
– E, qayoqda, kitob o‘qisam boshim og‘riydi. Modasi shunaqa bo‘lyapti. Boy odamning uyida, o‘qisa-o‘qimasa, kitob javoni, chiroyli muqovali kitoblari bo‘lishi kerak.
– Ie, hali bu ham xo‘jako‘rsinga, de.
– Voy, bobo-ey, axir, kitob o‘qish planini hammamiz uchun bajarib qo‘ygansiz-u, – deya Metinbek xoxolagancha ko‘chaga chiqib ketdi.
Metinbekning uyi go‘yo qurilish maydoniga aylandi. Bratanni qabul qilishga mo‘ljallangan zal ta’mirlanib, elita pardalar, bejirim stol-stullar bilan jihozlandi. Hovli va uylarni kuzatar ekan, Metinbek o‘yga toldi.
«Basseyn atrofiga zo‘r oromkursilardan topish kerak. Ha, Eshqobilda ko‘rganday bo‘luvdim».
U ko‘chaga oshiqib chiqib, mashinasini Eshqobilning firmasi tomon uchirdi.
– Do‘stim, ustaxonangda chiroyli stullar ko‘rgandim. Shuni o‘n donasini bersang, – dedi salomni ham nasiya qilib.
– Bemalol. Lekin yarmi bitmagan-da.
– O‘tirsa bo‘ladimi?
– Bilmadim, kashshaklari qo‘yilmagan-da. Og‘irroq odam o‘tirsa… Metinbekning ko‘z oldiga Bratani keldiyu bir qalqib ketdi. Lekin nimanidir chamaladi-da, dedi:
– Ke, olib keta qolay. Vaqt tig‘iz.
– Lekin…
– Bitmaganlarini chetroqqa qo‘yarmiz.
Hovuz bitdi. Ziyofat belgilangan kuni dasturxon tuzayotgan xotiniga yo‘l-yo‘lakay stullarni joylashtirish to‘g‘risida uqtirdi. Nobopini hovuz yoniga qo‘ymaslikni tayinladi. Xotini o‘z ishlaridan ortmay, bu topshiriqni bolalarga aytdi.
– Endi eng chiroyli, bejirim ko‘ylaklaringizni kiyib oling, – deya xotiniga yana bir eslatdi-da, “Eh, boboyni biror yoqqa jo‘natvormadim-da. Ishqilib qovun tushirmasin-da», deya o‘ylab qoldi va otasiga ham uqtirdi.
– Endi, boboy, yaxshiroq kiyinib, mulozamat qilib turasiz-da. Ammo-lekin tilni saqlaysiz. Biznesmenlarning mayda gaplarga toqati yo‘q.
– Balki eshikni bo‘shatib qo‘yarman, – zaharxanda qildi ota.
– Nimalar deyapsiz, boboy? Bu sizning ham eshigingiz, – soxta tabassum qildi Metinbek.
Qoq tushda yevrota’mirdan chiqarilgan hovli yoniga ikkita xorij mashinasi kelib to‘xtadi. Bittasidan ikki nafar ozg‘ingina kishilar tushib, narigi mashinaning eshigini ochishdi. Undan o‘rta bo‘yli, qorni oqib ketar darajada selkillagan kishi tushdi.
– O‘sha bizning Bratan bo‘ladi, – dedi Metinbek otasiga g‘urur bilan.
– Ja-a, beo‘xshov ekanmi? Anavu yonidagilar muncha arvoq?
– Bu Bratanni yanada salobatli ko‘rsatadi-da, haligi gap bor-u, xunuk qizlar chiroyli ko‘rinish uchun o‘zidan xunukroq qizga dugona bo‘lib olarkan. Qalay? – dedi u bu o‘xshatishdan huzur qilib. So‘ngra Bratanning istiqboliga oshiqdi.
Mehmonlar zalga olib kirilgach, ketma-ket taomlar tortila boshlandi. Qittak-qittak ham avjiga chiqdi. Haydalish kuyi – oshdan oldin mehmonlar ochiq havoga chiqishdi. Laziz taomlaru ichkilik ta’siridan Bratan yanada bo‘g‘riqib, semirib ketgandek edi. U arang nafas olarkan, pishillab dedi:
– Bu, menimcha, bo‘ladigan bola.
– Ha, ko‘rinib turibdi, – deyishdi sheriklari bir ovozdan.
– Shartnomani olib keldinglarmi?
– Ha, – deyishdi gumashtalar bir ovozdan.
Shu payt Metinbekning xotini ko‘zni kuydirar darajadagi libosda, qo‘lida muzqaymoqlar to‘la patnis bilan mehmonlar tomon yurdi. Sarxush Bratan ayol tomon suzilib qaradiyu xayolidan «Ja, suluv ekanmi?», degan fikr o‘tdi.
«Dayus xotinini nomahramlardan qizg‘anmaydi-ya. Ishqilib, biror kor-hol yuz bermasin-da», g‘udrandi ota g‘azabga minib.
– Bugunoq, shu yerdayoq imzolaymiz. Bu bola podvodit qilmaydi, – deya Bratan hovuz tomon yurdi.
Nariroqda qo‘l qovushtirib, iymanibgina Bratan tomon siljiyotgan Metinbekning ko‘zlari tuyqusdan hovuz yonidagi bitmagan stullarga tushdi. «Voy, yaramaslar», dediyu o‘sha tomon shoshildi. Ammo bu paytda Bratan stullarning biriga o‘tirayotgan edi. Metinbek arang «Shef, Bratan, to‘xtang!», dediyu dami ichiga tushdi.
Zalvorli yukdan stul ajib g‘ichirladi, oyoqlari ikki tomonga kerilib, orqaga – hovuz tomon og‘a boshladi. Bratan turishga urindiyu og‘ir yukni dabdurustdan ko‘tara olmadi. Shotirlar u tomon otilib uning uzatilgan qo‘llariga yopishishdi. Biroq, og‘ir yuk u ikkisini ham qo‘shib hovuzga g‘arq qildi. Metinbekning esi og‘ib qolay dedi. Nim tabassum bilan Bratan tomon yo‘lga chiqqan xotini yetgan joyida rangi o‘chib, tek qotdi.
Bratan va uning gumashtalari suvdan bosh ko‘tarishganda Metinbek yordamga shoshildi. Bratanning bir qulog‘ida tilla baliqcha tipirchilar, ikkinchi qulog‘ida nilufar guli osilib turardi. U avval baliqchani Metinbekning yuziga otdimi yo shartnomani yirtib tashladimi, bu uning esida yo‘q. Ammo cholning ko‘nglidagi hadik yuz bergani aniq edi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 1-son.