O‘rolboy Qobil. “Ot o‘g‘risi” (hikoya)

Toshtepada kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Nima bo‘ldi, deysizmi? Dard bo‘ldi, chipqon bo‘ldi! Qishloqning oldi bo‘lgan Norboy chavandozning boylovdagi oti yo‘qoldi. Yo‘q, yo‘qoldimas, o‘g‘irlandi.
Norboy chavandoz hazil odammi, “hap, senimi”, deb oyoqqa qalqdi, besh o‘g‘lini besh tarafga quvaladi. Tog‘ qolmadi, dasht qolmadi.
Ozgina shubhada bo‘lganlar kuzatuvga, qistovga olindi. Shu orada folchi-romchilarga ham borib kelishdi.
Natija yo‘q, natija bo‘lmadi.
Izla-izla, yugur-yugurlar bilan ikki hafta o‘tdi. Toshtepaliklarning orasida: “O‘g‘ri kim ekan, kim bo‘lsayam yuragi ikkita” degan gap-so‘z o‘rmaladi.
Kunlarning birida chavandozning darvozasi tagiga kimdir xat tashlab ketdi:
“Boy bova, otni izlab sarson bo‘lmang, Yaratgan egam barchani teng qilib yaratgan, biz suyunchiga qizingizni so‘radik”…
Norboy chavandoz xatni qayta-qayta o‘qidi. O‘g‘rining anoyi emasligini sezdi: “Balki qizi Sayyoraga og‘iz solgan yigitning ishidir?”…
Ha, esladi, Bo‘ronov domla Sattor podachining o‘g‘lidan sovchi bo‘lib kelganda, “Podachi tengimmi?” deb rad javob bu bergandi.

* * *
Keyin bu uyga boshqa sovchi kelmadi. Aslida Sattor podachining o‘g‘li Mahmud yomon yigit emasdi. Kimsan, shoir. Ikkita kitobi ham chiqqanmish.
Dushman ko‘nglida, qo‘shnilaridan surishtirdi: “Yigit yaqin orada uyiga kelmadi”, deyishdi.
O‘tgan kunlar orasida ne o‘tdi, ne qoldi Norboy chavandoz bildi, xotini bildi, ne ajabki, qizi Sayyora esa parvoyifalak o‘smasini qo‘yib maktabiga borib-kelib yuraverdi.
Norboy chavandoz ahvol so‘rab kelgan Bo‘ronov domlaga boyagi xatni ko‘rsatdi, kimning yozuvi deb so‘radi. Domla sinchkov odam, ko‘znoynagini taqib xatga diqqat qildi. Uzoq o‘yladi, so‘ngra
“Bu Mahmudning imlosi emas”, deb javob berdi.
Ammo domlasi tushmagur bir narsani payqadi, lekin buni chavandozga aytib bo‘lmasdi. Domla qaytar chog‘i hovlini supurayotgan qizga ma’noli qaradi, qiz esa duv qizardi, yerga boqdi…

* * *
Norboy chavandozning besh o‘g‘lidan so‘ng tilab olgani Sayyora edi. Chavandoz qizini oltinchi sinfga o‘tguncha yelkasida ko‘tarib, tizzasida o‘ynatib yurdi. Erkatoy bolalarga yarashadigan chapanicha so‘kishlarni o‘rgatdi. Mehmonga kelgan oshna-uzangidoshlari qoshida “sayratib” qiyqirib kuldi. “Otasining qizidan!” deb zavq topdi.
Ko‘pkarili to‘ylarga chopon, telpak kiydirib, otga mingashtirib olib bordi.
Ay, birodarlar, chavandozning ham sizu biz bilmagan dardi alami bor edi-da… Besh o‘g‘ildan bittasiyam ot minmasa, uloq chopmasa, ayting, umr bo‘yi ko‘pkari chopib o‘tgan ota bechora qayga borsin?…
Qizning tomirida otasining qoni oqdi. Otga ishqiboz bo‘ldi, otga mehr qo‘ydi. Ola qashqa uning sirdoshi, egachisi bo‘ldi.
Yillar o‘tib qiz bo‘yga yetdi, bolalikdagi qiliqlarini tashladi. Vazmin, karashmali nozaninga aylandi. Shahardagi kollejda o‘qib muallima bo‘ldi, kurash, dzyudo deganlarini o‘rganib keldi. Maktabda kurash to‘garagini ochdi.
Sayyora Mahmud bilan shaharda topishdi. Yo‘q, qiz avval ham yigitni tanirdi. Axir, ular qishloqdosh edilar. O‘shanda kollejda adabiy uchrashuv bo‘lgandi. Mehmonlar bilan birga Mahmud ham kelib, talabalarga qishloq qizlariga atalgan she’rlaridan o‘qib bergandi.
Shunda qizning yuragi entikib, orziqib ketdi-yov…
Qiz tortinchoq emasdi, to‘g‘ri borib Mahmud bilan ko‘rishdi, kitobiga dastxat yozdirib oldi.

* * *
Mahmud ham qizni yoqtirib qolgandi. Ular u sabab, bu sabab tez-tez uchrashib turishdi. Ana shunday kunlarning birida yigit qizga mahzun bo‘lib dedi:
– Sayyora, siz ko‘ngli toza qizsiz, menga bo‘lgan tuyg‘ungizni ham bilaman, lekin otangiz nima derkin, axir, Norboy chavandoz otda yurgan odam, yolg‘iz qizini bizga ravo ko‘rarmikin?
Yigitning so‘zlari Sayyorani unchalik tashvish­lantirmadi:
– Bu yog‘ini menga qo‘yib bering, siz sovchi jo‘nating, qolganini o‘zim… faqat bu gap o‘rtamizda qolsin.
Keyin esa qiz otasining Bo‘ronov domlaga “Podachi tengimmi?” deganini eshitdi. Mahmudning fikri jo‘yali ekaniga ishondi.
Ammo qiz tushmagur noumid bo‘lmadi, “reja”sini pinhona amalga oshirishga ahd qildi.
Yoz kechalarining birida otni darvozadan yetak­lab chiqib mindi-da, ammasinikiga olib boradigan yo‘lga burdi.
Darvoqe, qishloq chekkasidagi uylardan birida Norboy chavondozning beva opasi yashardi. Ko‘p oqila, mehribon ayol edi, ammo befarzand edi, boyoqish. Norboy chavandoz negadir unikiga kam kelar, ammo opa ukasini tez-tez yo‘qlab turardi. Ukasi opasini ko‘rgan chog‘da, “Qalaysiz, boy momo?” deb hazillashib qo‘yardi. Opa shunga ham shukr qilar, “O‘ligimga egalik qilsa bo‘lgani”, deb duo qilib, alqab yurardi.
Sayyora esa ammasini yaxshi ko‘rib, bot-bot xabarlashib turar, hatto sirlarini ham aytardi. Xullas, o‘sha kechasi qiz otni ammasining chorbog‘iga yashirgandi.

* * *
Toshtepada esa mish-mishlar to‘xtamadi. Norboy chavandoz esa ko‘ksini yostiqqa bosib yotar, goh g‘azablanar, gohida “o‘zimdan o‘tdi-yov”, deb nadomat chekardi.
Axir, elchilik, kun peshindan oqqanda yana Bo‘ronov domla kelib, chavandozga taskin berdi: “Ot topiladi, qayg‘urmang”, – dedi.
– Agar otim chiqsa, mayli Sattor podachi bilan quda bo‘lishgayam rozi edim…
Norboy chavandozning dilidagi niyati tiliga chiqdi!
Bo‘ronov domla esa unga qarab: “Holing shu ekan-ku?”, degandek jilmaydi.
Yarim tunda supada bezovta, to‘lg‘onib yotgan Norboy chavandozning qulog‘iga otning kishnagani eshitilgandek bo‘ldi.. “Ko‘p o‘ylaganim sabab, xayolimda eshitdim-ov”, deya o‘rnidan turmadi. Ot yana kishnadi. Chavandoz shoshib o‘rnidan turdi, yalang oyoq, yalang bosh sayisxonaga chopdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin, oti joyida bog‘loqlik turardi. U ko‘zlariga ishonmay qiyqirib yubordi, baland tovushda xotini Hanifa bilan qizini uyg‘otdi.
Ertasiga Norboy chavandozning uyida to‘y boshlanib ketdi. Toshtepaliklar ot qulluq bo‘lsinga birin-ketin, uzun-qisqa bo‘lib kelaverdi, kelaverdi…

* * *
Alqissa, sunbulaning oxirida Mahmud bilan Sayyoraning to‘yi bo‘ldi. Kelin qaytar payti ajabtovur voqea yuz berdi.
Bostirmadagi otning bezovta kishnog‘ini eshitgan kelinchak jonivor bilan xayrlashish uchun burildi.
Sayyora otning yollarini siladi, erkaladi…Ey, yoronlar! Balki ishonarsiz, o‘shanda tulporning ko‘zidan yosh yumaladi, yosh emas, alam, sog‘inch oqdi.
Bu holni ko‘rib turgan xaloyiq yerga boqdi, ko‘ngli bo‘shroqlarning mujdasi namlandi.
Norboy chavandozning ham diydasi tosh emasdi, borib qizini bag‘riga bosdi, shunda otaning yelkalari silkindi, ammo ko‘zi namlanmadi.
Keyin chavandozning tantiligi tutib ketdi: “Ol, qizim, otim seniki!” deb yubordi.
Otga egar bosildi, guldor turkman gilami yopildi, ota qizini otga mindirib, jilovini kuyovga tutdi.
Toshtepadan yor-yor bilan kelin chiqdi.

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 10-son