Umid Ali. Ilhom parisi (hikoya)

Ixchamgina yotoq. Oppoq jildli ko‘rpa-yostiq to‘shalgan simto‘r karavot, qo‘sh tortmali stol va suyanchig‘i bor stul, ikki tokchasida ham katta-kichik kitoblar zich tizilgan qahvarang javon. Xona odmigina jihozlanganiga qaramay, kishini o‘ziga jalb etadi. To‘shak go‘yo o‘n yildan beri hech kim yotmaganidan darak beradi. Stol ustidagi tunchiroq, qalamdon, o‘chirg‘ich va boshqa mayda-chuyda o‘quv qurollari saqlanadigan o‘rtacha kattalikdagi tsilindr quti, ustma-ust terilgan kitob va daftarlar naq natyurtmortni eslatadi. Faqat bitta buyumgina ajralib, stol chekkasida “arazlaganday” turibdi. Mana shu narsa darrov diqqatingizni o‘g‘irlaydi. Qiziqsinib qo‘lga olasiz, jildiga yurak tasviri tushirilgan bejirimgina yondaftarcha. Shu dam nimadir ro‘y beradi: vujudingizda bir nimalar o‘rmalaydi. Bir kaftcha kelmaydigan shu daftar sehrlab, sizni o‘z domiga tortib ketadi. Beixtiyor varaqlashga tushasiz:
Birinchi varaq. Yurakka qadalgan kamon o‘qi rasmi. Yurakning narigi tarafini yorib chiqqan uchidan to‘q qizil qon tomchilayapti.
Ikkinchi varaq. Sahifani bor bo‘yicha enlagan ulkan yurak. Tars yorilgan.
Uchinchi varaq. Yurak “duk-duk” etyapti: goh taranglashib, goh ichga botyapti.
To‘rtinchi varaq. Kamondan o‘q uzishga shaylanayotgan qanotli go‘dak. U osmon va yer oralig‘ida muallaq turib, o‘ljani nishonga olyapti.
Beshinchi varaq. Yurak zanjirlab tashlangan, zanjirning uch-keti ko‘rinmaydi.
Oltinchi varaq. Yurak ko‘ksidan o‘pirilgan, kovak. Ichi zim-ziyo tun.
Ettinchi varaq. Ikkita yurak qo‘shuv belgisi orasida turibdi. “=”dan so‘ng haybatli so‘roq belgisi bor.
Sakkizinchi varaq. Yurakka gulchambar ilib qo‘yilgan. Chambardagi gullar rang-barang.
To‘qqizinchi varaq. Osmondan gullar uvalanib, yomg‘irday sevalab tushayapti. Gulyomg‘ir ostidagi yurak gulyurakka aylangan.
O‘ninchi varaq. Qo‘sh yurak. Biri ikkinchisining bag‘riga botgan.
O‘n birinchi varaq. Son-sanoqsiz mitti yuraklar. Juft-juft bo‘lib, bosh-adog‘i ko‘rinmas nurli yo‘l uzra ketib borishyapti.
O‘n ikkinchi varaq. Yurakda ko‘z tasviri bor. Odam singari og‘iz, qo‘l-oyoq, qoshlar va boshqa a’zolarga ham ega.
O‘n uchinchi varaq. Yurak timqora ko‘z oynak taqqan.
O‘n to‘rtinchi varaq. Yurak qo‘lida to‘pponcha. Qoq ko‘kragiga qadab, tepkini bosishga shaylanayapti.
O‘n beshinchi varaq. Mana shu yerda chizmalar to‘xtagan. Keyingi varaqlar qorday oqarib turibdi. G‘alati ramzlar, g‘am va qayg‘u, sevinch va shodlik kayfiyati, hajr va vasl hislari, iztirob-alamlar rangi singgan bu tasvirlar g‘ayrishuuriy o‘y-xayollarga yetaklaydi.
Daftarni yopib, ohista joyiga qo‘yasiz. Shu asno eshik “g‘iyq” ochilib, ichkariga bir o‘spirin yigitcha kirib keladi. Chamalaysiz, nari borsa yoshi o‘n to‘rt-o‘n besh atrofida. U kela solib, stulga o‘rnashadi. Tunchiroqni yoqadi. Xonaga g‘ira-shira nur taraladi.
Dong qotasiz: “Qorong‘ida rasmlarni qanday ko‘rdim?”. Hayratdan yoqa ushlaysiz: u sizni ko‘rmayapti. Siz unga ko‘rinmayapsiz. Ajabo?!
Yigitcha daftarni qo‘liga oladi. G‘ilofdan qalam, o‘chirg‘ich olib, ish boshlaydi. Siz unga yaqin surilib kelasiz, ortidan nafas chiqarmay, jim kuzatasiz.
Mana, u rasm chizayapti, biroq chizmasi sizga ko‘rinmayapti. Kimning, nimaning suvratini ishlayapti – noma’lum. Lekin siz mana shu tirishqoq yigitchani aniq-tiniq ko‘rib turibsiz. Hatto har lahzada olib-chiqarayotgan mayin nafasini, urib turgan yuragi zarblarini, vujudiyu qalbining haroratini ilg‘amoqdasiz. Go‘yo g‘ayritabiiy shuur sizga uning butun borlig‘i haqida kishi bilmas axborot yetkazib turgandek.
Nihoyat, yigitcha yumushini bajarib, daftarni yopadi. Ko‘zlarini ishqalaydi, esnoq tutadi. Nigohi bilagidagi soatga tushadi.
Vaqt allamahal bo‘lgan. Hozir odamlar dong qotib uxlayapti. Yigitcha chiroqni o‘chiradi-da, to‘shakka surilib boradi. Shitir-shitir yechinadi, ko‘rpa burchini ko‘tarib, orasiga sekin kiradi…
Siz tag‘in qiziqib, daftarni qo‘lga olasiz. Varaqlaysiz…
Mana, o‘sha o‘n beshinchi varaq. Hech qayeri qimtilmagan, gard tegmagan yurak. Osmonu falakda parvoz qilyapti. Ortidan son-sanog‘i yo‘q qanot bitgan yuraklar… Qorong‘i tunda shu’la taratib uchishayapti.
Hayratga cho‘masiz. Muhabbat. Siz bu o‘spirinning qalbiga solgan zavq-shavq, surur o‘z kuchini ko‘rsatganidan o‘zingiz hayron qolasiz.
Shunday xulosa yasaysiz: ilhom o‘z nomi bilan ilhom-da?!

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son