Tursunmurod Ermatov. Mashriqqa yuzlangan suvoriy (hikoya)

O‘sha kun borliq qoravut tusga belangandi. Havoni rutubat qoplagan, yog‘iy lashkaridek bostirib kelayotgan quyuq qora bulut og‘ir va ezgin ruhiyatni yetaklardi. Men ishlayotgan shifoxona uyimdan ancha uzoq bo‘lib, yo‘li o‘nqir-cho‘nqir, qiyaliklardan iborat. Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytlari bu yanada ko‘proq sezilar, xavf-xatarsiz, erkin va ildam odimlashimga yo‘l bermasdi. Talabalik yillarimdan yog‘in-sochin kunlarga asqatib kelgan, hozirda ancha uniqib qolgan yomg‘irpo‘shimni olmay yo‘lga chiqqanimni o‘ylarkanman, hademay yuz berajak, kuchli jala yoki etga igna sanchib, kutilmaganda qorga evriluvchi sovuq yomg‘irda insiz qolgan polapon singari diydirashimdan tashvishim ortardi. Qora bulut kirdikorlariga dosh berish payida qadamlarimni jadal va shu­ning bilan birga ehtiyotkorona bosishga harakat qilardim. Manzilimga talafotsiz yetib olish va bu yerda adolatsizliklar jabridan telbalik bolishiga bosh qo‘ygan bemor ahvolidan mahobat dovulini chalayotgan qora bulutning muqaddas qu­yosh yuzini to‘sib olgani, yerdagi barcha ko‘lankalar, tutunlar, tumanlar bilan bahamjihatligi va yakdilligi tashvishlarimni yanada oshirardi. Biroq bu g‘animlikni kun kelib nur qarshisidagi soya yanglig‘ barham topishi muhaqqaqligini o‘ylarkanman, ko‘nglimga xotirjamlik va halovat epkinlari sizib kirayotganini payqardim.
Qarovimdagi bemorning kecha tunda ahvoli yanada og‘irlashgan: tana harorati ko‘tarilib, terga botgandi. U dam o‘tmay telbavor hayqirardi. Go‘yo hademay boshiga yopirilajak va uni mahv qilishga shaylangan o‘lim sharpasi bilan duch kelgandek ko‘zlarida qo‘rqinch va tahlika iz solar, hayratlanar, ta’qib ostiga olgan va tinch hayotidan mosuvo bo‘lgan allaqanday qora bulut sha’niga la’nat o‘qirdi. Bu holat meni shunchalar esankiratardiki, bemor tanasiga yuborayotgan uxlatuvchi muolajalarim­ning ta’sirsizligidan hayratim oshar, tashvish, tushkunlik va chorasizlik tobora shuurimni ostin-ustin qilardi. U jahl bilan qo‘llarini yu­qoriga cho‘zgancha havodagi allanimani ezg‘ilab tashlamoqchi bo‘lib bo‘shliqqa changal urar, bu paytda ko‘zlari kosasidan otilib chiqquday qo‘rqinchli chaqchayar, gavdasi jonsizlangan holatiga nomutanosib, favqulodda paydo bo‘lgan allaqanday kuch ta’sirida g‘ayritabiiy ko‘tarilar, tishlari asabiy g‘ijirlar, lablaridan intiqom va nafrat ufurgan so‘zlar otilardi. Men uning dardi bilan kurashardim. Dam-badam bilak tomirlari­ga tinchlantiruvchi ukol qilar, qorachiqlariga e’tibor qaratar, yurak urishini tekshirardim. Garchi kuchli muolajalar ta’sirida tongga yaqin ko‘zi ilingan bo‘lsa ham uning qovoq va lablari­ning tez-tez uchayotgani, asabiy tish g‘ijirlatishi, nafas olish maromining o‘qtin buzilishi uyqusiz­likdan va kuchli charchoqdan yumilib borayotgan ko‘zlarimdagi muvaqqatgina oromimni ham yulib ketardi. Men rostdan charchagan edim. Kecha kasalxonada tunab qolishim o‘zim uchun ham qulay bo‘lishini bilib tursamda, kichik o‘g‘limning o‘pkasi shamollagani bois, uyga qaytishga majbur bo‘lgandim. Biroq men uzoq vaqt o‘g‘lim bilan mashg‘ul bo‘la olmay, kerakli dori-darmonlarni ichirish tartibini xotinimga tushintirarkanman, kasalxonada mendan najot kutayotgan bemorlar, ayniqsa, favqulodda zahnli, g‘ayrioddiy va salomatligi xatar iskanjasida turgan bemor qoshiga shoshilishim kerak edi. Ammo yeru ko‘kka titroq solib, vahshatli gumburlayotgan yildirim hamda tezda yuz berajak qudratli jala xavfi yuragimga dahshat olovini yoqar, bu esa tavakkal ish tutishim, olg‘a inti­lishimga qarshilik qalar, yo‘limdagi tashlandiq, to‘kilib bitgan cho‘ponlar kulbasida nafas rostlashimda boshqa choram yo‘q edi.
Kulbani xaroblik botqog‘iga botgan desa xato bo‘lmasdi. Ichkarini sochilgan har xil junlar, chala g‘ajilgan jonliq suyaklari, qush patlari, chakka o‘tishdan halqoblangan ko‘lmaklar, zaxning achimsiq hidi dimog‘ni yorar darajada badbo‘ylik egallagandi. Burchakdagi tomchilardan xoli bir parcha quruq joyning ham panoh bo‘lishiga ko‘p ishonolmaysan. Qora bulut kuchi hali-beri bo‘y bermasligini o‘ylarkanman, yura­gimga vahm o‘rlar, bemorimning kechirgan kunlari, g‘ayrishuuriy va g‘ayrioddiy tafakkuri va zabonidan nadomatga to‘lib otilayotgan nidolari hozir ham meni tinch qo‘ymas, nigohimga dahshat va mavhumot tasvirlarini chizardi.
Uni bundan ikki oy oldin yoshi taxminan o‘zi bilan teng bo‘lgan bir kishi kasalxonaga olib kelgandi. U bemorning o‘rtog‘i ekanini aytib, mendan unga yaxshiroq qarashimni tayinlarkan, atrofga olazarak qaragan ko‘yi uning oddiy bemor emas, balki fikri teran, favqulodda bilimli ekani va nufuzli odamlar e’tiboridan uzoqda emasligini ham pichirlagancha, qistirib o‘tgandi. Bemor juda kam gapirar, uni bilmagan odam kar-soqov deb o‘ylashi ham mumkin edi. Oradan bir hafta o‘tgach, uni negadir boshqa palataga olib o‘tishdi. Bemorga o‘z ishiga sovuqqon, ta­kabbur va tantiq bo‘lim boshlig‘imiz davolovchi shifokor sifatida muolaja boshlagandi. Biroq bemorning palatasi va qarovchi shifokori boshqa bo‘lsada, tez-tez oldimga kelib turar, bir lahzalik tashrifida ham lablaridan qora bulutga nafrat va intiqom so‘zlari uchar, ko‘pincha yoshga to‘layotgan ko‘zlarini mendan olib qochib, rutubat qa’riga tikilgancha butunlay o‘zga olam ichida kezinar, uning mustag‘riq nigohlariga tikilar va aytayotgan so‘zlariga hayrat bilan quloq tutarkanman, mavhumot dashtlarida chalg‘igan va adashgan ruhiyatini anglaganday bo‘lar, garchi tushunilishi mavhum so‘zlarni so‘ylayotgan bo‘lsada, ko‘z qarshimda u haqiqat tug‘ini ko‘targan, elning dardini matoga che­kib olgan yalovbardor qiyofasida gav­dalanardi. Bemor deraza osha uzoqlarga taassuf va nadomat in qurgan nigohlarini o‘qtin va mardona tikarkan, lablaridan g‘alati so‘zlar uchardi: «Vo ajab! – hayrat-la xitob qilardi u. – Makkorlik va ayyorlik libosiga o‘rangan bu bandalar adolatsiz­lik va qing‘irliklardan qaddi bukilgan dunyo ustiga namuncha gunohu qabohatlarini ortmasalar! Alp yigitlarni ko‘ringlar: ko‘zlari bog‘liq, qo‘lla­rida qon tusli mato, ayol nomusi arzon, zog‘lar­ning boshida toj, qaldirg‘ochlar qanotsiz, qora bulut qurt yog‘ar, arxar o‘ljasi ohu, darvishning ohi-yohu!..»
U o‘sha kuni soqol oldirgan va kiyimi toza edi. Men bemorning ko‘rinishida allaqanday tanish qiyofani payqadim va uni ko‘z oldimga keltirish uchun boshim og‘rir darajada zo‘riqib fikrladim. «Nahotki o‘sha odam bo‘lsa bu telba?» degan o‘y chaqmoq chaqardi shuurimda. U ancha kunlar oldin bosh shifokorga kasalxonada inson zotiga yot va quyushqondan tashqari ishlar bo‘layotganini aytarkan, allaqanday gazetani uning basharasi qarshisida silkitar va alla­nimaga ishora qilar, qo‘llarini paxsa qilgancha kuyib-pishardi. Bosh shifokorning go‘shtdor, salqilangan yuzi terchilab ketgan, ko‘kish tus olgan lablari g‘azabdan titragancha so‘zlayotgan kishiga hadiksirash, ayni paytda jirkanish hissi bilan qarab turardi. U odamning xotinini yaqinda allaqanday mashina urib ketganini, ayol voqea joyida jon taslim qilganini yaqi­nimdagi ikki hamshiraning sinchkov nigohla­riyu sadafdek tizayotgan so‘zlaridan anglab turardim. Dalolatnoma va zaruriy hujjatlarda ayolning aqli joyida emasligi keltirilgan bo‘lib, bir oy oldin ushbu kasalxonada davolangani va hatto kasallik tarixidan ko‘chirmalar, tashxislar, laboratoriya xulosalari, bosh shifokorning alohida qaydnomasi ham tirkalganini bildim. U bosh shifokorning aftiga nuqib ko‘rsatayotgan gazeta qabulxona o‘tirg‘ichlarining birida unitilib qoldirilgani, uning asabi va es-hushi o‘zida emasligidan dalolat berardi. Shunda beixtiyor qiziqsinib gazetani qo‘limga oldim. Ochiq qolgan sahifada ko‘hlik bir ayolning surati bo‘lib, tagida «Maktabimiz faxri, ustoz o‘qituvchimga» degan kattagina bag‘ishlov ham ko‘rinib turardi. Shu kez favqulodda kecha bo‘lim boshlig‘imiz meni xonasiga chaqirib aytgan gapi esimga tushdi. U menga g‘oyatda sirli o‘ziga yarashmagan va ko‘ngilga sovuq ruhiyat qo‘zg‘ovchi iljayish bilan:
– Kasalxonangizda shu ayol davolanganmi, deb bir ayolning suratini ko‘rsatishsa, – dedi u o‘zini xiyla erkin tutarkan, – davolanganini tasdiqlang va taniyman, deb ayting, xo‘pmi?
– Nega endi? – dedim hayron bo‘lgancha. – Agar davolangan bo‘lsa, albatta, aytaman, aks holda…
– Nima aks holda? Tuyqus rangi o‘zgardi uning. – Qaysi azobda ishga kirganingiz esingizdadir? – dedi qorachiqlari o‘ynab. – Kasalxonada ishlash umidingiz bormi o‘zi, agar tinch ishlab yuray desangiz xuddi shunday deb guvohlik berasiz. Bu yuqorining topshirig‘i. Xotiringiz jam bo‘lsin, men allaqachon yozib berganman. Kerak bo‘lsa, avvaldan bu telbani taniyman, deb aytishim ham mumkin!
To‘g‘ri aytayotgandi u. Ishga kirishim, dar­haqiqat, boshimga yetarli balolarni olib kelgan. Tuman shifoxonasining terapiya bo‘limiga ishga kirishni orzu qilardim. Institutni a’lo baho­lar bilan tugatganim bois, o‘qishim davomida to‘siqlarga uchramaganman. Nazarimda hamma insofli edi. «Adolatliman, demak, hamma ado­latli» deya o‘ylar va bunga qattiq ishonardim.
Biz uch kishi kirdik bosh shifokor qabuliga. Hamrohlarimning ishi darhol bitdi. Biri tez yordamga, ikkinchisi poliklinikaga.
– Sen kutib tur, – dedi bosh shifokor menga. – Hammani birdek ish bilan ta’minlay olmaymiz. Bu javob orimni qo‘zitdi.
– Men terapiya bo‘limida ishlamoqchiman, dedim shoshib. – Iltimos, ishga oling, oshqozon osti beziga oid ilmiy tavsiyalarim bor, a’lo baho bilan bitirganman.
Shunday dedimda, ustozim, professor Salom G‘afurovning yozib bergan tavsiyanomasini uzatdim. Bosh shifokor tavsiyanomaga bir zum hafsalasiz va sovuqqina ko‘z tashlab olarkan, og‘rinish bilan:
– Kutib turgin dedimku! – dedi iddao bilan. – Gapga tushunmaydigan bolaga o‘xshaysana? G‘afuroving kim sening, tavba, G‘afurov emish?
– G‘afurov ulug‘ odam, u kishi haqida be­pisand gapirmang, – dedim tap tortmay. Bosh shifokorning ko‘zlari g‘azabnok boqdi.
– Senga ish yo‘q, – dedi salmoq va qat’iyat bilan. – Bo‘lishiga umid ham qilma. Senday qo‘pol, betgachopar do‘xtirdan bemorlar aziyat chekadi. Jahlim chiqib, olaygan va ta’qibli ko‘zlarga tik boqdim. Biroq aytishim kerak bo‘lgan gap bo‘g‘zimga tiqildi. Qanday omadsizlik. Men shifokor ekanimni o‘ylarkanman, qachondir bu takabbur ko‘zlar bilan to‘qnash kelishimni va mening endigi yo‘lim murosayu madora ekanligini bilgan holda, tilimni tishlashim, jahlimga tushov urmog‘im kerak edi. Tuni bilan to‘lg‘onib chiqdim. O‘zimcha bosh shifokor bilan olishib-talashdim. Unga aytishim kerak bo‘lgan so‘zlar ko‘p edi, biroq… Ertasi yana bordim. Kimsan deya, qayrilib ham qo‘ymadi. Allanarsalarni titkilagancha:
– Bo‘sh joy topilsa chaqiramiz, manzilingni kotibaga qoldir, – dedi bazo‘r yuzimga qarashni ham ep ko‘rmay. Shu onda yozuvchi aytgan haqiqat chaqmoq chaqdi ongimga: «Dunyodan qo‘l yuvg‘uvchidan ham tili uzun odam bo‘lmas».
– Bo‘ladi o‘sha bo‘sh joy, topib berasiz, – dedim keskin. – Albatta bo‘ladi! Bosh shifokor hayratlangancha ko‘zlari olayib ketdi. Stolga tiralgan qo‘llari titradi. Men ham undan ko‘zlarimni olmay turar, go‘yoki sher hamlasiga tayyorlanardim. Uning qarashida majburiy bosiqlik va ayni payt meni qachondir g‘ajib tashlash maqsadi mujassam sovuq uchqun yiltirardi. Yana ortimga burildim. Shuurimda majburiy yechim qaqshar, zabonimda alam shiviri betin edi: ku­tish, kutish, kutish…
Bir yil ukalarimga qarashdim, ular bilan loy suvog‘u imorat, echki-qo‘ylarga yemish-yantoq. Qaqragan, xasu somonlarini devona shamol uchirib ketgan, ko‘ngilga tushkunlik soluvchi taqir tepaliklar, fayzi yo‘qolgan qirlar makonimga, yolg‘iz o‘y surish, yostiqday tibbiyot entsiklopidiyalarni varaqlab o‘tirish kunlik mashg‘ulotimga aylandi. Naqadar zerikarli edi hayot, ko‘ngilga qil sig‘mas mahallar, uzundan uzun kunu kechalar… Qanoat kerak. Qanoat o‘tar kunlarga yovuq. Men hamon o‘zimga ishonar, umidlanar va oriyatimni boshim uzra baland ko‘tarardim. Biroq hanuz o‘sha saroblik. O‘sha jonga nashtar qadovchi, mazax javob: «Bo‘sh joy yo‘q…» Yuqoriga arz qildim yana. Kun aro chaqiriq qog‘ozi. Shumshuk talabgor, kal­tabin yozg‘uvchiman go‘yo. «Adolat peshvolari» ko‘zlarga baloyu qazo… O‘sha zerikarli kunlar saroblar ortidan quvaverdilar, quvaverdilar, al­qissa mendagi qanoat va ishonch umid eshikla­riga kalit soldilar. Muruvvat darchasi qiynalib ochildi men uchun. Uzoq tog‘ qishlog‘iga. Xuddi asarda o‘qigan Ona Do‘liday, Zaynilar makoni kabi… Oddiy va kamtargina ish-feldsherlik. Uch yillik o‘qishni amal-taqal bitirgan diplomida «hamshira» so‘zi bitilgan, shifokor tavsiyasi bi­langina muolaja qila oladigan kamtargina kasb. Bu past nazar oriyatim va qat’iyatimni xivich kabi bukdi. Chidam va irodam toliqdi. Yana arz qildim. Yana chaqiriq. Yuqoridan kelishdi. «Sendan boshqa ishimiz qolmadi» dedi iddao bilan tumandagi mutasaddi. Keyin tap tortmay: «Bosh shifokor bilan kelishsang, osmon uzilib yerga tusharmidi. G‘orda o‘sganmisan, nima balo. Yo‘li shu. Kelishish?!» Baqrayib qoldim unga. Bosh chayqadi. Yuzidan nafrat va hayrat yog‘ildi. «Senbop ish bor, dedi nihoyat muruvvat uchqunlari uchgan ko‘zlarini qaratarkan. Zo‘r ish. Psixbolnitsa. Bilib qo‘y, bu feldsherlik emas, yana yozib-chizib yurmagin. Vrachlik! Terapiyami, asab tizimlarimi, marhamat. Ilmiy ish uchun allanimalarim bor deyotganmiding? Bemalol tatbiq qilaver. Yaxshigina tajriba joyi.» Mutasaddining muruvvatidan har qancha quvonsam kam. Yoki bu taklifga ham ko‘nma­yinmi? Ko‘nmay chora bormi? Bardoshchi? Qoldimi o‘sha his? Terapiya degan tibbiy termin ham «yo‘l ko‘rsatuvchi»ning nopisandligi bilan qorishib ketdi. «Tajriba qilish uchun joy, telbalar makoni» Alvido, g‘o‘rgina orzu! Alvido, terapiya!
Meni tizginsiz o‘ylar iskanjaga olardi yana. Qarama-qarshi fikrlar yengishga chog‘lanardi battar, tunlar bedorligi, o‘ylar qiynog‘i: «Bo‘lim boshlig‘ining topshirig‘ini bajarishning imkoni bormi? – deya peshkash bo‘lardi toliqqan fikr, chuvab-chuvab ko‘rinardi chorasiz shuur. Uvol ishlarni vijdoni lat yemay bajradiganlarga qanchalik oson. Joynamozdan to‘qim tikkanlar aziz. Uvaysni so‘k desalar, so‘karlar! Dil azobi qattol, bir umr ilon zahriga tan tutish, vijdoni yurak kabi tepib turganlarga qanchalar mushkul. Mushkulligi shu qadarki, ruboiydagi uch yuz Ko‘hi Qofni kelida tuymoqdek, yurak qonidan falakni bo‘yash kabi. Men ayta olmayman. Aytib bo‘lmaydi. Qasam kabi imkonsiz. Aytarga yo‘l berish ham inson bolasi iymoni uchun lat . U ayol eng nafis va ulug‘ kasb egasi. Shogirdlarini sevgan, izdoshlari siylagan murabbiy. Telba emas, telba emas faqat!»
Yakshaba kuni menga qadrdon bo‘lib qolgan bemorni kasalxonaga olib kelgan kishi eshikdan kirib keldi. U bemor o‘rtog‘i haqida so‘rab surishtirarkan, nadomat hisi bilan menga umidli qarash qildi va istihola bilan so‘radi.
– Doktor, ayolning kasalxonaga yotganligini tasdiqlovchi fikr aytdingizmi? Men bosh chayqadim va dedim:
– Garchi bu kabi ishlar qadr topmasada, vijdonim oldida yerga boqishni istamayman.
– Rahmat, – dedi u eshitilar-eshitilmas. – Biroq o‘rtog‘im xotinining xunini talab qildi va boshiga mana shunday baloni orttirdi. Men suhbatdoshimga qiziqsinib qaradim hamda o‘zim uchun muhim bir haqiqatni topmoqchiday e’tiborimni jamladim.
– O‘rtog‘ingiz nega bu holga tushdi? Axir, bu dunyoda xotini qazo qilganlar, adolatsizlikka yuz tutganlar kammi?
U barmoqlarini asabiy shiqirlatib o‘tirarkan, atrofga olazarak, xuddi birov qarab yoki atayin quloq solib turganday, alanglab qaradi va menga xiyol egilgan ko‘yi shivirladi:
– O‘rtog‘im yuqoridagilarni ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi. Ayniqsa, tomiri suvga yetgan takabbur bosh shifokorning oromini buzdi.
– Xo‘sh, – dedim sabrsizlik bilan. – Undan keyin…
– Har safar tekshiruvchilar ayolning aqldan ozganligiga ishonar, o‘rtog‘imga tashxis va tahlil natijalarini ro‘kach qilishar, bosh shifokorning ishlarini to‘g‘ri topishardi. O‘rtog‘im esa kurashni davom ettirishdan charchamasdi. Bir kuni u ishxonasiga tibbiyot ko‘rigi o‘tkazadigan xo­dimlar kelishadi. Hammasi qonuniy. Yillik tibbiy ko‘rik. Malakali shifokorlar, ko‘chma laboratoriya. Har xil tekshiruv asboblari. Shifokorlar to‘rt kishining qon bosimi oshganini aytishadi. Ular orasida o‘rtog‘im ham bo‘ladi. To‘rtovining ham tomirlaridan ukol yuboriladi. Bu voqeadan o‘n kuncha vaqt o‘tgach, o‘rtog‘imnikiga hol so‘rash uchun bordim. Uning gaplarida g‘alatilik, chalg‘ishlar, mavhum fikrlar, o‘ziga o‘xshamagan xarakter menda shubha o‘yg‘otardi. Uni xolis yerga boshlab so‘rab-surishtirdim. Ko‘nglim alag‘da edi. «Begona kishilar bilan yaqin orada birga ovqatlandingmi, deya so‘radim. Yoki biror yering og‘rib, ukol yoki dori qabul qilmadingmi?» U hech qanday dori qabul qilmagani, biror yeri og‘rimagani, shunchaki bir necha kun avval ishxonasida tibbiy ko‘rik bo‘lgani, to‘rt kishi­ning, jumladan, o‘zini ham qon bosimi oshgani uchun muloyim muomalali xushbichim doktor ayolning tavsiyasi bilan to‘rt kishi ham ukol olganini g‘oyatda xotirjamlik bilan aytib berdi. O‘rtog‘imning gapidan no­goh qalqib ketdim. Uning ko‘zlari porlab turardi. Buning ustiga haligi ukol qilishga tavsiya bergan xushbichim shifokor ayolni xotiniga o‘xshashini aytarkan, jilmayar va hiqillab yig‘lardi. Hammasiga tushungandim. Subatdoshim afsus bilan boshini changalladi. «Endi uning holi nima kechadi, deya o‘rnidan turdi. Suhbatdoshimning barmoqlari asabiy titrardi. «Bolalari kimga qoladi endi, davom etdi u, hali ular norasida. Bechoralar. Mendan onalari va otalarini so‘rashmoqda. Ularga va’da berayapman. Albatta, ota-onala­ringni olib kelaman, deyapmanu, ularni qa­erga joylashtirish haqida bosh qotirayapman. Qarindosh-urug‘lari yo‘q hisob. Bo‘lganda ham nima o‘zgarardi. Shu zamonda birovning ortiqcha noni bor deysizmi? Ortiqcha bosh og‘riq kimga kerak. Buning ustiga onaning aqldan ozganligi haqidagi mudhish mish-mishlaru otaning bu ahvoli. Ha, darvoqe, bu yoqqa kelgunimcha bolalarni yetimlar uyiga joylash­tirish bo‘yicha kerakli hujjatlarni bilib oldim.» U shunday deya yoqa tugmasini yechgancha, ochiq deraza oldiga keldi. Uning ruhiyati menga ham ko‘chgandi. Boshimga ming bir xayol yopirilardi.
– Anavi nima qilyapti bu yerda, – dedi u tuyqus deraza osha tashqariga qararkan. – Doktor, iltimos, qarang, qarang, bo‘sh hovuzga qarmoq tashlab o‘tirgan odamga qarang! Men shoshib deraza oldiga keldim. Yaqinda kelgan yigitni tanidim.
– Kasal. Davolanayapti, – dedim bamaylixotir.
– Kasal?! – Uning so‘zidan istehzo ufurdi. – Yana bir yovuzlik, yana bir jinoyat! Doktor, kasalxonami bu, nima axir?! Men uning hayajonidan hayronlik tuygancha unga yaqinlashdim va qo‘llaridan ohista tutdim.
– O‘tiring, o‘tirib olingchi, – dedim unga muloyim qarab. – Yana nima gap?
– Bu yer shifoxona emas, dedi u titragancha. – Qabohatni yashiradigan mudhish makon! Axir, u kechagina o‘z do‘stining xotiniga tajovuz qilgan, sharmisor bo‘lgan, odam zotini oyoq uchida ko‘rsatadigan amaldorning arzandasiku. Naqadar jirkanchlik va insofsizlik! Qarang, unga ham kimdir muruvvat eshigini ochibdi. Ajoyib rahnamolik! Sizga hozirgina aytdimku, doktor, bu yer muruvvat makoni deb. U muruvvatga emas, aksincha osib o‘ldirishga, yo‘q-yo‘q, ba’zi a’zolari qiymalab tashlanishga arziydi. Jahldan yuzlari qoravut tusga kirgandi suhbatdoshim­ning. – Albatta, unga ham aqlan zaif, degan hujjat kerak, – deya davom etdi u, menga yovqarash bilan. – To‘g‘rimi gapim, o‘rtoq doktor?! Hujjatni allaqachon, qon tahlillariyu tashxisiga qo‘shib tayyorlab qo‘ygan bo‘lsalaringiz kerakdir, a? Axir, shunday qilmasanglar u «bechora»ga qiyin bo‘lardi. Kamida sakkiz yilu yana qancha­dir oy… U menga tikilib turarkan bosh chayqadi. – Siz bu ishni qilmang, xo‘pmi, – dedi so‘zlari birmuncha yumshab. – O‘rtog‘im bilan kechagi suhbatimizda u sizni hurmat qilishini aytdi. Ha, aytgancha, u yaqinda sizni bo‘lim boshlig‘i vazifasiga ko‘tararkan. U shunday deya zo‘rma-zo‘rakilik bilan kulimsiradi. – Uning aytishicha, siz bu yer­dagilarga o‘xshamas ekansiz. O‘rtog‘im ta’kidlayotgan qora bulutni tarqatib yuborish va qabohat o‘chog‘iga suv sepish sizga o‘xshagan odamlarning qo‘lidan kelarmish. Biroq unday odamlar yakkalik qiladilar, dedi o‘rtog‘im. Yana aytdiki: Siz oq tulporli suvoriylarga qo‘shilmog‘ingiz kerak ekan. Uning aytishicha, suvoriylar sarkori jafo o‘chog‘i bo‘lmish qora bulutni parchalash uchun bel bog‘lagan, tez orada ana shu xayrli ish amalga oshadi, asriy azob yaloviga singigan qora tumanlar, ko‘lankalar, rutubat olovini yoquvchi qora bulutlar, mag‘rur bosh ko‘taruvchi muqaddas quyosh poyida tiz cho‘kadilar, o‘shanda nomuslar va insoniy qadr­-qim­mat toptalmaydi, haqiqatni aytuvchilarni tillari kesilmaydi, to‘ng‘izlar lolani yemaydi, va… va farzandlari va shogirdlarining shuurida Ona-Vatanga mehr, kelajakka umid va ishonch uyg‘otadigan mo‘tabar ona sha’niga telba degan tamg‘a hech qachon ilinmaydi.
Suhbatdoshim o‘rtog‘ining ushbu so‘zlarini aytarkan, ko‘zi namlangancha qo‘shib qo‘ydi: – Bechora odam, armonda ketmasa edi hali. Aytishicha, u suvoriylarga qo‘shilishni juda istagan ekan.
Darhaqiqat, bemor aytgan va men eshitgan so‘zlar donishmandlikka monand mulohaza va chaqiriq edi . Aslo telbalarga xos emas! Suhbatdoshim aytgan va menga o‘git hisoblangan bu so‘zlardan lol qolgandim, botinimda allanarsa qo‘zg‘alib kelayotganini sezardim: mas’uliyatdir balki u, da’vatdir, g‘ururdir, ordir, burch, uyg‘oqlikdir ehtimol. Ayni chog‘ ko‘z oldimda bemorning alamli va armonli ko‘zlari muhr bosar, uning dardini anglamoq va fikriga esh bo‘lmoq uchun yovuq va jondosh bir sezgining vujudimga qon kabi oqib kirayotganini sezardim.
Cho‘pon kulbasidan o‘tayotgan chakka hamon asabimga rahna solardi. Tashqaridagi sovuq havo va etga nish sanchuvchi izg‘irindan aziyat chekkan vujudim ichkaridagi iliqlikdan najot topgan, dovul chalayotgan va yerga tegay deb uchayotgan qora bulut hamlasi hanuz yuragimga vahima va nochorlik ruhiyatini solar, men esa betinimlik bilan quyosh issiqligini, uning jonbaxsh nurlarini sog‘inar, ahyon-ahyon oniy lahzada ko‘zlarim ilinar, bir chimdim uyqu hosilasida esa allaqanday omonatgina namoyon bo‘layotgan surat yoxud siymolar almashinuvini payqab qolardim. Chamamda tong otishiga ham oz qolgandi. Bu paytda tirik jon ruhiyati bir qadar bo‘shashadi. Og‘ir xastalar­ning yuragi ana shu payt pand beradi. Uyqu xuruji kuchayadi. Qovoqlarimga tosh osganday. Dimog‘im ichkaridagi badbo‘ylikka moslashishga tirishadi. Inson a’zosi naqadar kirishuvchan. Shu kez kutilmaganda quloqlarim ostida g‘ayrioddiy hayqiriq keladi va vahshatli guvranadi borliq. Xayolim bo‘linib ketadi. Ko‘z oldimga bemor siymosi. Shuurim uyg‘oq. Qorong‘ilik qa’ridan nogohon uning hush­yor jussasi qalqib chiqadi. U najotkor qo‘llarini kunchiqarga cho‘zmoqda va xitob qilmoqda: «Odamlarning ko‘zidagi bog‘ichlarini yeching, ko‘zi ojiz odam yetovidan xalos qiling, qutqaring ularni, zog‘lar boshidan yuling tojlarni, to‘ng‘izdan lolalarni asrang!!!
Uning xitobi tun qo‘ynini yashin kabi tilgancha aks-sado bermoqda. Va unga esh dupurlagan sas dunyoni tutib kelmoqda. Suvoriylar qamchi o‘ynatib boradilar. Arg‘umoqlari oppoq. Ko‘zni qamashtirar darajada oq. Qamchilar shiddat-la, qora bulut bag‘rini tilib borayotir, qamchilar yaraqlaydi, yashin kabi ko‘z oladi. Oldindagi sardor hammadan ulug‘vor, barchadan hushyor. Suvoriylar uning ortidan uchib borarlar. «Qu­yosh, quyosh!» Bu xitob barcha hayqiriqlardan ustuvor. Kuchli sezgi. Sachrab uyg‘onib ketdim. Vo ajab! Qovoqlarimni bosgan toshlar zalvori yo‘qlikka singgan, ruhim qushlardek yengil. Men batamom hushyorman, ildam o‘rnimdan turdim, suvoriylarni ko‘rish uchun tashqariga otildim. Vo ajab, shuncha ko‘p uxlabmanmi? Shunchalar uzoq. Olamga tong nafis pardalarini yoyibdi. Tush ta’siri, shekilli, sabr­sizlik bilan suvoriylarni izlayapman. Ko‘rishga oshiqayapman. Xavotirlanmasam ham bo‘ladi. Ikkilanmayman. Chunki ular mavjud. Albatta, bor ular. Negaki, yurakka ezginlik va dilgirlik urug‘ini sochgan qora bulutning bag‘ri yirtilgan, g‘ubor tarqagan, izg‘irin kuchi qirqilgan, kun chiqish tomonda shafaq qizg‘ish tus bermoqda. Qadam tashlayapman, juda shoshilayapman. Bemorning ko‘zlarida xuddi tushda ko‘rganim kabi ishonch va da’vat sururini ko‘rishni istayapman. U hozir uyg‘oq va albatta, derazadan qarab turibdi. Ko‘zlarini mashriqdan uzmagan, qo‘llari quyoshga tomon cho‘zilgan…

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son