To‘lqin Hayit. Shaxs (hikoya)

Qish kuni bir tutam, ko‘zlagan ishni bitiraman, deguncha qosh qorayadi. Tashqari sovuq edi, oqshomgi izg‘irin odamni junjiktirib yuborardi. Markazdan kelgan oddiy amaldor Hakim To‘xtayev issiq xonadan tashqari chiqishi bilan yuziga urilgan sovuqdan eti uvishib, a’zoi badani dir-dir titradi. G‘udranib tamshangancha shinam, oppoq mehmonxonani ko‘z oldiga keltirdiyu borgan zahoti issiqqina suvda yuvinib, yumshoq to‘shakka o‘ralib, biroz televizor tomosha qilib, so‘ng mazza qilib uxlashni o‘yladi va hatto, bu o‘yidan taniga iliqlik yugurdi.
Shohbekat to‘la taksi. Shovqin-¬suron avjida.
Jaranglagan tanish ovoz uning diqqatini tortdi:
– He-e! Umi? Bir tiyin-ku! Buni mendan so‘ramaysizmi?!
Sohib degani bo‘lardi ins¬titutda. O‘shaning ovoziga o‘xsharkan. Undan bir kurs pastda o‘qirdi. Dimog‘dor, hech kimga gap bermas yigit edi. “Odam degani shaxs bo‘lishi kerak”, der edi ¬doimo. Unga ham bir-ikki safar: “Agar kuchli odam bo‘laman desangiz, hamma narsani inkor qiling, hatto taniqli kishilar haqida gapirishsa: “Kim edi u?!” degan gap tilingizda bo‘lsin, faqat katta odamlar bilan gaplashing, maydakashlarni atrofingizga yo‘latmang”, deya maslahat bergan edi. Albatta, o‘shanda Hakim To‘xtayev bu gapdan lol bo‘lib qolgan edi.
Shu-shu uni kuzatib yurdi. Bir yili, esida yo‘q, kuz oyi edimi, ko‘chada uchratib qoldi. Tog‘-tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi-da, nima dedingiz?! U paytda Hakim To‘xtayev tashkilotda buxgalter bo‘lib ishlardi. Hol-ahvol so‘ragan edi, Sohib maqtanib qoldi. Rektor bilan ota-bola bo‘lib ketibdi, institutga ishga qoldirayotganmish. Hakim To‘xtayev ko‘ngli beg‘ubor, do‘stparvar kishi emasmi, unga havasi keldi: uddaburon yigit, omadini bersin, dedi.
Oradan yil o‘tib, Yunusobodda, bir to‘yda yana yuzma-yuz kelishdi. Sohib juda po‘rim kiyingan edi: oyog‘ida falon ming so‘mlik toza qora charm tufli, moviy kos¬tyum-shimi ham uncha-muncha boyvuchchanikidan kam emas. Institut o‘qituvchisi bunday kiyim kiya olmaydi. So‘rasa, tishining oqini ko‘rsatishga qizg‘anib: “Be, o‘qituvchilik… tashab ketdim. Hozir qo‘mita raisining muoviniman”, deya maqtanchoqlik bilan osmonga qaradi. Omadingni bersin, dedi ichida. Lekin bunaqalar qanday qilib, katta qo‘mitalarga va katta odamlarga yo‘l toparkin, deya unga yana qoyil qoldi.
Oradan besh-olti yil o‘tdi.
Bir kuni “Versal”da oshda ko‘rishib qolishdi. Kazo-kazolar bilan turgandi. Bo‘y-basti joyida, qip-qizil kulcha yuzi tirsillaydi, egnida qimmatbaho plashch, qizil bo‘yinbog‘ning o‘zi allaqancha tursa kerak. Dang‘illama hovli qurgan, “Prado” olgan, deb eshitgan edi. Rost ekan, omadini bersin, dedi yana.
Bir yildan so‘ng o‘sha qo‘mitaga tekshirishga bordi va darhol Sohibni so‘radi. Semiz buxgalter opa: “Heh, umi?! Shayton! Urilib ketdi!” dedi pishillab. “Bolaga javr bo‘libdi” deb o‘yladi, hatto rahmi keldi. Ishdan urilib ketgan yigit xotin, bola-chaqa oldida yuzi shuvut bo‘lib, o‘zini o‘zi yeb bitirgandir. Ana shunisi yomon!
Shu gaplar xayolidan o‘tarkan, o‘shamikan, deya yaqinroq bordi. Har holda bitta institutda o‘qishgan, ko‘z-ko‘zga tushgan. Afsus, qaysi tumandan ekanini so‘ramagan ekan. Lekin adashmabdi, bu o‘sha – Sohib edi! Gap-so‘zi o‘sha-o‘sha, bir tuki o‘zgarmabdi. Faqat sochiga oq oralab, peshonasini ajin bosibdi.
– Sohib! – dedi beixtiyor quvonib. Yoshlikda birga bo‘lgan tanishni uchratganda, albatta, shodlanasiz, suyunasiz-da! To‘g‘rimi?
Sohibning yuzini hayrat bulutlari qopladi, yalt etib unga qararkan, ko‘zlari olazarak boqdi.
Hakim To‘xtayevning peshonasidan ter chiqdi, adashdimmi, cholni ko‘rib, buva degan bo‘lsam-a, deya o‘yladi, lekin “o‘sha bo‘lsa, meni darhol taniydi” degan gap ko‘nglidan o‘tib, xotirjam tortdi. Chindan ham, Sohib bir ko‘rgan odamini sira esidan chiqarmas, har ko‘rgan kishisining ism-sharifini ham darhol eslab qolardi.
– E, akajonim! – dedi Sohib beo‘xshov hi-hilab. Gap ohangi g‘ashiga tegsa-da, tishini-tishiga bos¬di. – Vey, vuh-hi-i! Siz…akamullo! Osmondan tushdingizmi, yerdan chiqdingizmi?!
Hakim To‘xtayev hech bir andishaga bormay gapni hazilga burdi:
– Burningiz ostidan chiqdim!
Sohib xuddi o‘sha, avvalgiday, istehzoli ohangda qotib hi-hiladi va hol-ahvol so‘radi. Hakim To‘xtayev shukr, deb gapni qisqa qildi, so‘ng o‘z navbatida, undan hol-ahvol so‘radi.
Sohib yana avvalgiday, qo‘lini paxsa qilib gapira ketdi:
– He, akamullo, yurgan ekanman-da, besh-olti qorni kattalarga dum bo‘lib! Ko‘rib turibsiz, qora qozon har kuni qaynab turibdi. Haftada ikki kun ko‘chaga chiqaman: markazga uch-to‘rt marta borib kelaman, bir oylik ish haqini bir haftada topaman! O‘zlari-chi?
Aytdi.
Ota Sohib bu safar chiyillagancha hihiladi:
– Bir pulga arzimaydigan tashkilot u, akamullo, kattasi shunaqa odam! Ja-a, shu bilan sichqon-mushuk o‘ynagani kelibsiz-da! Vey, vuh-hi-i! Voy, Siz…akamullo!
Hakim To‘xtayevda ham sal qiziqqonlik, izzattalablik bor. Sohibning odatini bilgani uchun ham, uning pichingidan jahli chiqib, sochidan tirnog‘igacha zirillab ketdi. Ammo jahl chiqqanda aql ketadi, deya o‘zini bosdi va o‘zini Sohib o‘rniga qo‘yib ko‘rdi. O‘zi bo‘lsa, poytaxtdan shunday qadrdon mehmon bo‘lib kelibdi, deya uyga boshlarmidi? Ha, shunday, uyga bosh¬lardi. Lekin Sohib-chi? Ustidan kulyaptimi?! O‘zini hamon shaxs deb o‘ylaydi, shekilli!
Hakim To‘xtayev gap kelganda otasini ham ayamaydi.
– Hali ham o‘sha odatlari qolmabdi-da, Sohibboy! – deya unga yumshoqqina dakki berdi, mulo¬yimgina koyidi.
Sohibning nafasi ichiga tushib ketdi. Uzun qo‘llarini tarvuzday qorniga qo‘yib, bir narsa demoqchi bo‘ldi, ammo tili aylanmadi. Mehmonning qattiq tanbehi unga og‘ir zarba bo‘lgani rost.
Qorni ochib, tanasi sovuqdan junjikkan Hakim To‘xtayev:
– Omadingizni bersin, janob shaxs! – dedi bir oz istehzo ohangida.
– Shaxs?
Sohibning gapi og‘zida qoldi, Hakim To‘xtayev u bilan adi-badi aytishni nasiya qilib, mehmonxona tomon odimladi.
Ortdan kimningdir:
– Kim u? – degan tovushi eshitildi.
Sohib:
– Bitta amaldor-da! – deb javob qildi.
Hakim To‘xtayevning ko‘nglidan bir gap o‘tdi. Qanday gap deng?
“He o‘rgildim, senday shaxsdan!”

“O‘zAS”dan olindi.

O‘xshash maqolalar: