Yangi tomorqamizga oilamni og‘zim qulog‘imda bo‘lgancha olib bordim. Qip-qizil dashtni ko‘rgandayoq, xotinimning avzoyi birdan o‘zgarib, labiga uchuq toshgandek gezardi-qoldi. Na ariqda suv ko‘rinadi va na gurkirab o‘sgan biror dov-daraxt. To‘g‘ri, har qadamda adir giyohlari bo‘y cho‘zib yotibdi-yu, baribir yoqimsiz ko‘rinish kasb etganligi bilan e’tiborni ololmaydi. Biroq o‘tkir bo‘ylari dimoqqa urilmasdan ham qolmaydi.
Bolalar qiy-chuv qilishgancha atrofni aylanib ketishdi. Xotin esa yerga oyoq qo‘ygancha mashinadan tushishni ham istamaydi. Qon bosimi ko‘tarildi chog‘i, nuqul peshonasini asabiynamo silaydi. Bilib turibman, jahli o‘t bo‘lishga tushdi. Endi ovutishga tushgan ham edimki, ketimdan qo‘qqis gumburlagan salomlashish ohangidan cho‘chib, o‘sha yoqqa alangladik. Miqtidan kelgan bir yigit iljaygancha turar, keng yelkasiga tashlangan barkashdek ketmonini yengilgina salanglattar edi. Ming‘irlab alik ham oldim. Qiziq, ariqda suv bo‘lmasa, ketmon nima uchun. Bu yerda dehqonchilikning o‘zi ko‘rinmaydi-ku! Ichimni uqdimi, yigit qo‘l olisharkan, tomorqaga imo qildi.
– Sizlarnikimi, bu yer?
– Ha, shunaqa.
– Yaxshi joydan sotib olibsizlar.
Bu gapdan ayolim labi titragancha yalt etib unga qaradi, biroq bir so‘z demay, ko‘zlarini yana bir xil tusdagi manzaraga tikkancha uf tortdi.
Og‘zimni poylagan yigitga noiloj bosh irg‘adim.
– Shunaqa shekilli.
Yigit quruq hiringladi.
– Shekilli emas, akajon, haqiqatan ham shunaqa. Faqat, faqat…
Davom ettirdim.
– Faqat suv yo‘q. shundaymi?!
– Yo‘q! – dedi yigit ishonch bilan, – bu o‘zingizga bog‘liq. Quduq qazdirsangiz bas, shu obodlikning boshlanishi degani bo‘ladi.
Vujudimdagi ichki isyonni iliqlik egalladi. Marg‘ubaga bir qarab qo‘ydim.
– Shunday deng.
– Shunaqa! Hov pastlikdagi bir amaki kechagina suv chiqartirdi. Endi elektr simi tortib keltirsa, bu yerdayam yana hayot boshlanadi. Avval bu joylar bog‘-rog‘lar bo‘lgan.
Marg‘uba quruq yolg‘onlarga chidolmadimi, qars etkizib eshikni yopib oldi. Yigit top tortmay davom etdi.
– Biz anavi qir ortidagi qishloqda yashaymiz. Otamlar ko‘chib kelganlarida xuddi shunaqa sharoitsizlikdan qiynalishgan ekan. Mana hozir hamma narsa muhayyo. Bu yerda men sizlarga devordarmiyon qo‘shniman, o‘ng tomondan.
Uzoq suhbatlashgim bor edi-yu, xotinimning tezobligi battar tutib qolishidan, ayamay shang‘illashidan hadiksirab, ortimizga qaytishga urindim. Har yerlardan qir gullarini tera-tera, bir quchoq guldasta hozirlagan bolalar ham zerikishdi shekilli, mashinaga chiqib olishdi. Yigit bilan bosh irg‘agancha xayrlashib yo‘lga tushdim-u, Marg‘ubaning tutoqib vag‘illashidan boshim aylanib ketdi. Qayerdan ham olib keldim-a! O‘zi xayolimga keluvdi-ya! Go‘yo ajdaho og‘zidagi gurkiragan olovga ro‘baro‘ kelgandek, jonim jazillashga tushdi. Qavatli uyda zerikkan, hovlini ixtiyor qila-qila, hol-jonimga qo‘ymagan manavi teskari xotinimning jag‘i sira tinmaydi. Nuqul meni uquvsizlikda ayblaydi. Yana bolalarning oldida-ya.
Keyingi safar tomorqaga o‘zim yolg‘iz bordim. Kimdir tomorqasiga toshu shag‘al to‘kib ketibdi. Havas qildim. O‘zimcha reja qilib tursam, avvalgi yigit paydo bo‘ldi. Qo‘lida o‘sha sopi uzun ketmon. Oldida barvasta it. Kallasi xumdek keladi. Dumi, quloqlari kesilganidan ko‘zga g‘alati ko‘rinadi. Yeliniga yopishgan pashshalarni nafas qaytarib-nafas qaytarib qo‘rishdan toliqmaydi.
– Qo‘rqmang, –dedi yigit ishonch bilan bir menga, bir itiga qarab, – tishlamaydi! Ko‘rinishi shunaqa o‘zi. Hali ko‘rasiz, atrofingizda parvona bo‘lib qoladi. Kirishimli itlardan.
Dilkash yigit ekan, uzoq gaplashdik. Rejamni eshitib, dalda berdi.
– Sira tashvish tortmang. Betonni o‘zim quydirtirib beraman. Tanish bolalar bor. Siz qanday bo‘lishini chizib bersangiz bo‘lgani. Kerakli ashyolarni yetkazib tursangiz, tez orada quyib chiqib ketishadi.
– Suv masalasi tang-ku!
Yigit mamnun iljaydi.
– Suv tashiydigan oshnamiz bor. Hov pastlikdan keltirib beradi. Bakini kelishib olsangiz, qancha kerak bo‘lsa, erinmaydi. Tirikchiligi shundan.
Shunday bo‘ldi. Ikki haftaga qolmay, hayhotdek hovli tarxi bino bo‘ldi. Yigit yana dalda berdi.
– Akajon, paxsa urdirsangiz, tanishlar ko‘p. Hech qanchaga qolmay, urib chiqib ketishadi.
Shundoq bo‘ldi. Uch haftaga qolmay, imoratu atrof devorlarni haqiqatan ham ko‘tarib qo‘yishdi. O‘zimniyam havasim ortganidan tez-tez qatnaydigan, tez-tez xabar oladigan bo‘lib qoldim. Keyingi gal yigit yana qanotimga kirdi.
– Akajon, yog‘ochu vassajuftlarini keltirib bersangiz, tanish bolalar mo‘l. Ayni paytda qo‘llari bo‘shab ham qoldi.
Shunaqa bo‘ldi. Uch kunga qolmay, tom suvog‘iniyam bitirib qo‘yishdi. Vo, ajab, deyman o‘zimga-o‘zim. Xuddi ertakka o‘xshaydi-ya. Istagan narsang ko‘z ochib yumguncha bino bo‘layotir-a!
Yigit yana ko‘nglimni ko‘tardi.
– Akajon, kuz ham kelib qoldi. Shifer yoptirasizmi, yo tunuka tommi? Xohlasangiz, tanishlar tiqilib yotibdi. Bir haftaga qoldirishmaydi.
Aytilgandek bo‘ldi. Tomni zangori rangdagi tunukada chiroyli tusda yopib berishdi, baraka topkurlar. Ichimga sig‘mayman. Bir tekisda ketayotgan qurilishga qolganlar ham qiziqib ketishdimi, qo‘shnilarning ham g‘ayrat olovi yonishga tushdi. Mahalla tusini olayotgan imoratlarning shakl-shamoyili bir-biridan o‘zishga kirishdi.
Qish kirib qolganida qadamim uzilib turgandi, yigit yana g‘ayratimni qitiqlab qoldi.
– Akajon, uylaringizning polini qoqtirmaysizmi mabodo? Hozir yog‘ochu taxtalar arzonlashadigan ayni payt. Bahorda ikki baravariga olasiz. Istasangiz, ustalar bor.
– Mayli, ishqilib sovqotib qolishmaydimi?
Yigit bamaylixotirlikda kuldi.
– Ustalarni aytayapsiz-da, to‘g‘rimi? Ular toblanib ketishgan issiqqayam, sovuqqayam.
Qoyil qolmasdan ilojisi yo‘q. Bir haftaning ichida hamma xonalar bir tekisda polli bo‘ldi. Ko‘zlarim yashnab, dilim quvnab ketdi.
Ishdan charchab kelgan ekanman, ko‘zim ketib qolibdi. Telefonning jon achchig‘ida jiringlashidan potirlab turib ketdim. Nafas yetishmaydi. Yuragim tomog‘imgacha musht urib yotibdi. Hushim sal o‘ziga keldimi, to‘xtovsiz jiringlayotgan telefon go‘shagini jahl ustida ko‘tardim-u, dastak naryog‘idan ming‘irlagan tovushni eshitib, tutoqib ketdim.
– Kim kerak o‘zi? Manqalanmay tiniqroq gapir, o‘v!
Go‘shakdan shirillagan shovqin aralash ming‘i tovush keldi.
– Bu, men, akajon, Yaxshiboyman.
– Qaysi, Yaxshiboy?
Xayolimdan esa, Yaxshiboy ismi ham bo‘larkanmi, degan mazaxomuz o‘y g‘irillab o‘tdi.
– Qo‘shningiz, yangi qo‘shningiz.
Rosti, tanimadim. Boshim g‘ovlab turganida qayoqdagi Yaxshiboyi xayolga kelarkanmi? Dastakdan yana ming‘irlash eshitildi.
– Akajon, tanimayapsizmi? Bu, men, Yaxshiboyman-ku, Yax-shi-boy!..
Ax, endi tanidim. Qayerdan topdi uy raqamimni, bermagandim shekilli. Hamon uyqu o‘chmagan kayfiyatda bo‘lganim bilan o‘zimni bir amallab bosgancha so‘radim.
– Nima gap, uka.
– Akajon, mabodo uy ichlarini suvatmaysizmi?
Qonim qaynab ketdi. biroq zardamni bazo‘r yutib, tushuntirdim.
– Hozir ayni qish chillasi-ku!
Yaxshiboyning pinagiyam buzilmadi shekilli, shoshirdi.
– Ustalar hozir bo‘sh, bahorga chiqqach, topolmaysiz birortasini. Derazalaringizga suvqog‘oz tortib, cho‘yan pechka o‘rnatishadi. Bu yerda nima ko‘p, qattiq-quruq yantoq ko‘p. Bir isitvolib suvayverishadi. Tashvish qilmang, men o‘zim qummi, ohakmi, barisini topib kelaman. Siz pulini to‘laysiz, xolos.
– Mayli, – dedim noiloj. – o‘zlaring bilasizlar, ukajon.
Shunday bo‘ldi ham. Bir oyga qolmay, xonalar suvoqdan chiqdi. Yangi ohakning hidiga to‘lgan har xonaning bir tekisda suvalganidan zavqim toshib ketdi. Yaxshiboy yana shijoatimga teginsiradi.
– Akajon, quduq qazdirmaysizmi? Ha, quduq! Oddiy quduq. Ammo-lekin bu toshloq yerlarga har qanday quduqchi ham kelavermaydi. Bular boshqacha. Umuman boshqacha! Ba’zi bir xom atalalari bor, qattiq joyiga yetishganda u yog‘iga o‘tolmasliklariga ko‘zlari yetdimi, urra qochishadi. Bizning mahalladayam uch-to‘rttasinikini shundoq qilishgan. Men aytayotgan quduqchilar ishning ko‘zini bilisharkan, mahallamdagi bir qo‘shni qazdirdi. Suv chiqdi.
– Hozir qish-ku, ukajon.
– Nima qipti?! Ular aynan qishda ko‘proq ish qilisharkan-da! Yer osti issiq bo‘larkan. Tepadagi – shag‘alini tortib oluvchi sherigiga yoppasiga kapa qilinarkan, tamom-vassalom. Uyingizda yotib yurishib, ishlayverishadi. Faqat bizning mahalladan sim tortib kelish kerak. Elektrsiz ishlasholmaydi. Bu yog‘idan tashvish chekmang, sim keltirsangiz, o‘zim qoyillataman barini.
Shu bahona qo‘lbola simyog‘ochlar – terak ustunlari o‘rnatilib, chiroq ham kirib keldi. Quduq ham qazilib, suv chiqarildi. O‘zimga sig‘mayman. Uyga qaytayotganimda Yaxshiboy qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Quduqchilarni mashinaga solvolishim kerakmish. Markazgacha borib olishsa basmish. Ularning to yig‘ishtirilib, mashinaga chiqqunlariga qadar diqqatim oshib ketdi. Uning ustiga havo sovigandan-soviy boshladi. Hali yo‘lga tushmay turib, yoshi o‘tganroq ayolni ergashtirib Yaxshiboyning o‘zi kelib qoldi.
– Akajon, shu qo‘shnimnikiga kelib qaytayotgan mehmon opaniyam ola ketsangiz. Yo‘lda qolib ketmasin.
Peshonamga achchiq shapatilab, boshimni devorga urgim kelib ketdi. Bu bola qanaqa o‘zi, qanaqa, a? Nomahram ayolni mashinamga solib olsam, kim degan odam bo‘laman? Tanimasam, bilmasam. Ayol ham pakana bo‘lsayam, chakana emas ekan. To boshimni qashlaguncha bo‘lmay, lip etib o‘tirib olsa bo‘ladimi. Bo‘g‘ilganimdan ustalar o‘tirib-o‘tirmay, gazni bosdim. Hozirgina havoga belanchak bo‘lib turgan yupqa tumanlik birdan quyuqlashib ketdi. Boz ustiga anavi ayol tinmay yo‘l ko‘rsatib borayapti. Go‘yo to‘rtta ko‘zi ojizni yetaklab borayotgandek, qat’iyona farmoyish berib qoladi. Do‘ngliklarda haybatli chinqirib ham yuboradi. Bir mahal telefoni jiringlab qoldi-yu, xayriyat deb tursam, og‘zi tinmay ketdi-ku! O‘chakishgandek, yo‘l ham tamom ko‘rinmay qoldi. Hatto mashina ichiniyam tuman qopladi. To‘rt kishining ko‘zi qinidan chiqqudek porpiraydi, ayolning jag‘i tinmaydi. Ichimdan dimiqib arang o‘tiribman, bir bahona chiqib ketmasaydi deyman.
Markaziy yo‘lga tushib olganimdagina ko‘nglimiz biroz xotirjam topdi. Biroq ayolning shang‘i tovushi… Xax, o‘sha telefon chiqarganning ham!.. Egov-a, egov! Markazga bir amallab yetib keldig-u, boshimni rulga bosgancha jimib qoldim. Uch usta qulluq qilgudek tashakkur aytib turishibdi, ayol esa o‘sha bodillashida tushdi-yu, gum bo‘ldi. Qulog‘im tinchiganiga ming shukrlar ayta-ayta, uyga yo‘l oldim.
Ertalab er-xotin ishga, bolalar bog‘chaga shoshilayotgan mahalimiz Marg‘uba mashina eshigini ochdi-yu, birdan dod solib qolsa. Qo‘lining uchida yaltiroq sharf dum tashlab, sallolanib turibdi-ku! Hayron bo‘ldim. Ayollarning rashki oldida bunaqangi hayronliklaru bahonalar ham, rostu yolg‘onlar ham ip esholmasligini turmush qurganimdan beri ming xilini ko‘raverib, ko‘zim pishmagan, qulog‘im qovurilmagan joyi qolmadi desam, hali bor ekan. Bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon. Asabimni tinchlantirish uchun men dorixonaga yo‘rg‘aladim, Marg‘uba o‘zini to‘shakka tashladi. Bolalarni har galgidek qaynsinglim bog‘chaga olib ketdi-yov.
Uylar bitib, yengil-elpi ko‘chib kelgunimizcha jigarimdan ham ziyoda bo‘lib ketgan Yaxshiboy oilamizning bir a’zosiga aylandi-qoldi. Bir devor qo‘shni bo‘lganimiz haqqi-hurmati har kuni biznikida nonushta qiladigan, biznikida kechki taom atrofida bo‘ladigan bo‘ldi. Biroq o‘ziga menga kuyunganchalik jon kuydirmayotganiga hayron bo‘laveraman, xolos. Tomorqasiga u-bu ekib, suvni bizning quduqdan nasos orqali sug‘oradigan bo‘ldi. Indamadim. Qancha yaxshiliklar qildi axir.
Imorat qurmaysizmi, deb shuncha qistasam ham, boshpanam bor-ku, deb adir ortidagi mahallasini ko‘rsatadi. Yo‘q, qolgan-qutgan qurilish ashyolarini ko‘rsatib, ishlatib yuborishini aytganimdayam istar-istamas oxir ko‘ndi. Biroq allakimlarga tarqatib yuborganini ko‘rib…
Erta tongda eshik taqillab qoldi. Yaxshiboy ekan. Xijolatomuz tirjayib turibdi. Biznikida unda-bunda qolib ketadigan iti ham eshik ochilgandayoq, lip etib ichkariga o‘zini urdi-yu, bir chekkadagi idishiga tumshuq ura ketdi. Yaxshiboy qo‘lidagi ketmoni dastasini o‘ynatgancha iymanib so‘radi.
– Akajon, aybga buyurmaysiz. Ana shu qolib ketgan shag‘alingizni berib tursangiz. Istasangiz soting. Lekin menga emas, hov, uch hovli naridagi qo‘shniga. Hozirgina o‘sha yoqqa bir to‘p ustalarni boshlab keldim.
Dod devoray dedim. Tun yarmida arang kelgan, uyqum buzilib turgan joyim edi. “Qanaqa bola bu o‘zi, a, qanaqa? Kun bilan tunning farqi bormi o‘zi bunga?!” O‘zimni bazo‘r bosib turibman. U ham bilib turibdi oshkor og‘rinayotganimni. Og‘zimni mo‘ltayib poylashi yanayam alamimni toshirib turganida uning tovushidan ilkis bosh ko‘tardim.
– Aka-a, uzr, bezovta qilibman.
Dod solaymi, nima qilay? Jon-jahdim bo‘g‘zimda tursa-da, bosh qimirlatdim. Bosh qimirlatishim bilan Yaxshiboy o‘zida yo‘q quvonib ketdi.
– Rahmat, aka, bilardim yo‘q demasligingizni.
Hordiq kuni edi. Qo‘y-qo‘zi sotib olish niyatida xotinim bilan bozorga tushdik. Qarasam, Yaxshiboy o‘sha yerda. Kim bilandir muloyimlikda tortishib yotibdi.
– Akajon, zo‘r sigir bor. Atigi bittagina tuqqan xolos. Kuniga yigirma besh litrdan ortiq sut beradi. Rostini aytsam, bir kun o‘ttiz, bir kun yigirma besh litr.
Xaridor kimsaning qo‘yko‘zlari g‘alati tortishib ketdi. Beixtiyor iyagidagi xolini qashladi.
– Nega endi unaqa: bir kun yigirma besh, bir kun undan ko‘proq?!
– Onasiyam shunaqa bo‘lgan ekan. Oling, yutqazmaysiz. Meni bilasiz-ku axir, akajon.
Xaridor ikkilanib so‘radi.
– Xo‘p, seni-ku besh qo‘ldek bilganim bilan sigir sen emassan-ku yelinini namoyish qiladigan! – Savdolashayotgan kishi bosh chakkasiga bormog‘ini mixlab buradi. – Bir mundoq ana bu yeringni ishlatib gapirgin, uka. Xo‘sh, qancha deyapti o‘sha do‘sting?
– Narigi bozorda sakkiz milyonga bermabdi.
Xaridorning rangi bo‘zardi, ammo kundalik daromad ikki oyga yetmay, pulini chiqarib yuborishini chamaladi shekilli, shoshirdi.
– Bilib kelgin-chi, yettiga berarmikin?
Yaxshiboy oyog‘ini qo‘liga olgancha g‘oyib bo‘ldi. Bu vaqtda biz aylanib-aylanib mol bozoriga kirib qolganimizni bilmay qoldik. Tanish tovushdan ketimga qayrilishimni bilaman, tag‘in Yaxshiboyga ko‘zim tushdi. U jon kuydirib bo‘ychan do‘stiga boyagi kishining iltimosini tushuntirdi shekilli, birodari bosh liqillatgancha dedi.
– Beraman, mayli, yettiga, ammo undan kam emas. Bor, o‘sha tanishingni yetaklab kelaver!
Yaxshiboy shoshib odamlar orasiga o‘zini urdi. Bozor tiqilinch bo‘lib ketganidan tol soyasida, ayni o‘sha mol sotayotgan Yaxshiboyning do‘sti qarshisida turib qoldik yo‘l siyraklashishini kutib. Hech qancha o‘tmay, Yaxshiboy tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgandek, bo‘shashib paydo bo‘ldi.
– Qo‘y olib qo‘yibdi bor puliga!
Birodarining qoshi kerildi. Bo‘yin tomirlari o‘shqirgudek bo‘rtib chiqdi-yu, ammo do‘q qilmadi. Asta uqtirdi.
– O‘sha tirraqi qo‘ylarini qaytarib bersin egalariga. Sut-qatiqdan qaytmasin, bolalarining og‘zi oqaradi axir. Bor, ayt gaplarimni!
Yaxshiboy yana zing‘illadi. Xotinimning besaranjomligiga qaramay, ularning harakatiga qiziqqancha, yana nimalar bo‘lishini kuta boshladim. Hech kuttirmay, Yaxshiboy qora ko‘rsatdi. Ish pishmaganini bildigandek, bosh chayqadi.
– Ko‘nmadi. Esing bormi, dedi. Qo‘y-qo‘zilar olganini qaytarib-qaytarib pisanda qildi.
Rosti, bunaqangi hammaga birdek yaxshilikni ravo ko‘radigan odamni umrimda birinchi bor ko‘rishim edi. Tavba, o‘zini zarracha bo‘lsin o‘ylamaydigan kishiyam bo‘larkanmi? O‘zimizni bildirmasdan uzoqlashdik, bo‘lmasa bizgayam keragicha jon kuydirib qolishi hech gap emas eli.
Shu kuni ishdan rosa toliqib keldim. Bu paytda mahallamizning ikki tomoni yakkam-dukkam bo‘lsa-da qo‘shnilarga to‘lib qolgandi. Hali choy ichib ulgurmay, uzun-qisqa bo‘lib qo‘shnilar kirib qolishdi. Qo‘llarida turlicha paqir. To‘g‘ri borishib, nasosni yoqishdi-da, bir-bir suv to‘ldirishib, bemalol chiqib ketishdi. Taajjublanib oshxonada kartoshka artayotgan xotinimga qaradim. U istehzoli kuldi.
– Bir yildan beri shu, dadajonisi. Yaxshiboyjon ukangizning hotamtoylik tashabbusi bu. Mayli, suvdan qizg‘onib bo‘lmaydi, ammo hammayoqni shilta qilib tashlashlari yoqmay turibdi, xolos.
Marg‘ubaning tug‘ilgan kuni ayni yoz mahali bo‘lganidan sahnni aylantirib, stol-stullarni joylashtirib chiqdik. Mehmonlar kirib kelishgach, qo‘shiqlarni mayin ohangda qo‘yib, iltifotga kirishib ketdik. Qavm-qarindoshlar, tanish-bilishlar, ayolimning kasbdoshlari to‘lib ketganidan uygacha joylar hozirlandi. Ayni ziyofat avjiga minganda darvoza qanotlari ikki yonga asta ochilib, o‘rtada Yaxshiboy paydo bo‘ldi. U qayerga kelib qolganini, beizn nima qilib qo‘yganini endi anglagandek, bir muddat taajjubda turib qoldi. Nigohi javdiragancha mehmonlar ichidan meni topib oldi-yu, qip-qizargan yuzida xotirjamlik zuhur bo‘ldi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha uzr so‘radi. So‘ng iddaosini aytdi.
– Akajon, manavi yon qo‘shningizning mashinasi ayni shu yerga kelganda yurmay qolibdi. Qurilishini boshlamoqchi bo‘lib kelgan joyi ekan. Keling, akajon, yo‘q demang, shu tunuka aravasini qo‘ya tursin. Qaygayam borardi bu ahvolida. Ustasini o‘zim topib kelaman. Qishlog‘imizda Dadajon usta degani bor, aytsam, yo‘q demaydi. – Ko‘zlarimning bir nuqtada pirpirayotganigayam parvo qilmay, darvozaxonadagi mehmonlarga yuzlandi. – Aybga buyurmaysizlar, akajonlar, opajonlar. Biror quloch o‘rindiqlaringni siljitamiz-da endi.
Qotib qolibman. Mehmonlar esa amrga itoat qilishdimi, yo mening haykaldek qotganimni rozilik alomatida bilishdimi, stol-stullari bilan bir qulochdan ortiq siljishdi. O‘yinga tushish uchun ajratilgan joy tamom qisqardi. Yaxshiboy esa men umuman tanimaydigan qo‘shni bilan mashinani itarishgancha keng yo‘lakka olib kirishdi. So‘ng bo‘zarishgancha nima qilarlarini bilolmay turishdi-turishdi-da, iltifot sadosi hech kimdan chiqmaganidan darvoza qanotlarini yopishdi-yu, ming uzru tashakkurda chiqishdi-ketishdi. Xayolimga na dod solish keldi va na faryod.
Shundan so‘ng Yaxshiboyning tovushini eshitsam ham, qorasini ko‘rsam ham asabim qaqshaydigan bo‘lib qoldi. Ishonsangiz, ta’mirdan qolgan bo‘yoqlar bormi, boshqalar bormi, o‘rinma-o‘rin almashaverib, tusi o‘zgaraverib, toqatni toq qilib tashladi. Oddiy g‘isht ham qator-qator egasini topib ketaveradigan va mendek egasini topib kelaveradigan ham bo‘lib qoldi.
Hammasiga tish bosib kelayotgandik. Biroq bunisiga chidolmadik. Marg‘uba aytmaganida bilmas ekanman. O‘q devorga uyni davom ettirish maqsadida tirnoq chiqarilgan edi. Shu qismini Yaxshiboyning ko‘ppagi kavlab, o‘ziga in qilib olibdi. Mayli, qo‘riqchimiz bor-ku, desak, iti ham oy o‘tar-o‘tmas, boshqacha ish tutib qoldi. O‘sha devor ostidan “ving-ving” degan tovush eshitilgandek bo‘ldi. Hayron bo‘lib yaqinlashayotgan joyimda Marg‘uba hay-haylab qoldi.
– Dadasi, bora ko‘rmang u yoqqa! Tishlab olmasin tag‘in.
– Barbos o‘zimizniki bo‘lib qoldi-ku, qaydan tishlab olsin. Qiziqmisan?
Marg‘uba yana kuyundi.
– U boshqasi. Ana shu Barbosingiz ergashtirib kelgan urg‘ochi it. O‘zidan ham bahaybat.
Rosti, yuragim dov bermadi. Xayolimga o‘tgan yili bir do‘stimizni laycha kuchuk tishlab olib, shifoxonada ikki oycha yotib chiqqandi. Kindigining ostiga qirq kun ukol olgan. Eslab, seskanib ketdim. Oshxona derazasidan javdirab turgan Marg‘ubaning oldiga qaytdim. Bir bo‘lak nonni derazadan itqitdim.
– Max-max!..
Bir mahal tuproq tuynugidan Barbosga bir yarimta keladigan ko‘ppak selkillab chiqib keldi. Yelinlari yerga tegay-tegay deydi. U pishillab-pishillab non chaynarkan, dumini likillatdi. Shu payt allaqayerdan Barbos paydo bo‘ldi-yu, dugonasini ovqat to‘la idishi tomon boshladi. Mehmonining chapillab taomlanishiga xushnud boqqancha, bir qarich dumini tayoqdek aylantirayotgan Barbos old oyoqlariga tiranib, kuyukchan ingillaydi bir yaxshi. Bu manzaraning tomoshabiniga aylangan er-xotin qotib qolibmiz. Bir mahal Marg‘ubaning telefoni qattiq jiringlab qoldi. Bog‘cha tarbiyachisining tovushi oshxonani tutdi.
– Bolalaringizni eslaringdan chiqardinglarmi, qachon olib ketasizlar? Soat yetti bo‘ldi, opajon.
Ichimda birdan olov aylanib ketdi. Shoshib Yaxshiboyga sim qoqdim.
– Ukajon, itlaringizni olib ketmasangiz bo‘lmaydi, kennoyingiz tashqariga chiqolmay yotibdi. Bolalarni bog‘chasidan olishimiz kerak.
Go‘shak ortidan shang‘illagan tovush keldi.
– Men uzoqdaman, akajon. Bir enaxonimiz borlar, o‘tin-cho‘p kerak bo‘lib qolgan ekan, shuni ola ketayapman. Siz tashvish qilmang, hoziroq ukamga teraman, itimni olib ketadi. O‘zi sizlarnikiga ancha ko‘nikib qolgandi-ya.
Jahlimga battar o‘t tutashdi.
– Hoy uka, itingiz bitta emas, ikkita. Eshakdek keladi, eshakdek. Shunisi devor tagida bolalab yotibdi.
Yaxshiboy quvonib-quvonib shang‘illadi.
– Ie, shunaqami?! Hah, xayriyat-a, yana bolalabdi-ya, eson-omon qutulib olibdi-ya! Bolalarini katta qilib olaversin bo‘lmasa, akajon. O‘z holiga qo‘ya turing endi birpas. Ziyon-zahmat ko‘rib yurmasin sho‘rlik.
Dod solib yuborganimni bilmay qoldim.
– Hoy, bu yer odam yashaydigan hovli, it emas, inson.
Yaxshiboy bir nimalar deb javrandi-da, takror qaytardi.
– Hozir ukamga terayin-chi, nima der ekan?
– Voy-dod, nima deyish kerak o‘zi, u tirmizak uka, a?! Axir o‘z uyimga o‘zim xo‘jayinmi, itingizmi, ukangizmi?..
Telefon “tut-tut”lagancha o‘chdi. Kallam chaqmay qo‘yganidan Marg‘ubaga javdirayman, xolos, shundan biror aqlli chora chiqib qolarikin deb. Yo‘q, chiqdi! Chiqqandayam zo‘ri chiqdi. U darhol qaynsinglimga sim qoqib, bolalarni bog‘chadan olishini, uylariga eltishini aytdi-yu, ko‘nglim saranjom topdi. Biroq ayolim ikkimiz uyga qamalgancha qoldik. Hovlini tap-tayyor tug‘ruqxonaga aylantirgan ikki ko‘ppak etakda joylashgan maxsus xona yo‘lagini ham bo‘shatishmadi sira. Yaxshiboyning bedavo ukasi esa na qora ko‘rsatdi va na xabari bo‘ldi.
Erta tongda turgan bemaza shamol darvozaning darchasini qarsillatib ochib tashladi-yu, qorni ochiqqan tug‘ruqxonadagi dugonalar tashqariga o‘zlarini urishdi. Mijja qoqmaganimdan ko‘zlarim toliqqan, kalla vang. Shunday bo‘lsa-da, birdan uyg‘ongan fikrdan xotinimni uyg‘otdim. Darvoza qanotlarini lang ochgancha mashinaga o‘tirdig-u, shosha-pisha gazni bosdim. Qulog‘imga devor ostidan kuchukbachchalarning “ving-vingi” chalingandek bo‘ldi.
– Ha, ovozginangdan senlarning!..
Kechga yaqin uy telefoni bezovta jiringlab qoldi. Shu bugun ishga borolmagandim, boshlig‘im bo‘lsa kerak degan tusmolda go‘shakni ko‘tardim. Dastakdan o‘sha tanish tovush – Yaxshiboyning ming‘i xitobi yangradi.
– Akajon, hovlingizni langillatib ochib ketibsiz. Yaxshilab yopib qo‘ydim, tashvish qilmang. Kecha ukamga tusholmadim, qaytib sizgayam. Rosa urindim, bo‘lmadi. Mana endi o‘zim itlarni olib ketayapman. Bu itlar bo‘ribosar-da, akajon, bozori chaqqon. Sho‘rlik, o‘nta tug‘ibdi, o‘nta-ya! Sutdan chiqishi bilan bozorga solaman. Uyimni bitirib olaman shu bilan. Endi qo‘rqmay kelaveringlar, aka.
Bir amallab og‘zimni ochdim.
– Yaxshiboyjon, ukajon, biz hovlini sotadigan bo‘lib yurgandik o‘zi. Iltimos sizdan, xaridor topilsayoq, xabar berib yuboring.
Yaxshiboyga jon kirdimi, shang‘illay ketdi.
– Xaridor tiqilib yotibdi, aka, kirganiga sotaverasizmi? Mana hozir e’lon qilaman o‘shalarga! Siz sira tashvish qilmang. Hammasini o‘zim qoyillataman. Hovliga zorlar qancha-yu-yu-yu…
2019 yil