Sobir O‘nar. Davlatning qaytishi (hikoya)

Esingdami, o‘shanda Avram Tolmasning yozgi saroydagi kontsertiga kirgan edik, kontsert kechikib boshlangandi. Ungacha Davlat hammani laqillatib o‘tirgan, ulfatimiz Olim akaning yonida kelgan ma’shuqasiga: “Yanga, ko‘zingiz sigirnikiga o‘xsharkan”, deganida boyoqish birdaniga ho‘ngrab yig‘lab yuborgan, shu ko‘yi arazlab saroydan chiqib ketganida Olim aka rosa xafa bo‘lgan, “Davlat, sen odam-podam emasakansan, bu nima qilganing!”, deya kalovlanib qolgan va “sevgan yori” ortidan novcha bo‘yiga yarashmagan holda lo‘killab jo‘nagan edi, bir muddatdan so‘ng “Qurbon o‘lam” qo‘shig‘i boshlanganida, hov bir chekkada “oshiq-ma’shuqlar” bir-biriga suyangan ko‘yi qo‘shiq tinglashayotganiga guvoh bo‘lganmiz, kulishganmiz, kontsert tugaganda tag‘in ular bilan qo‘shilib, Davlat va’da qilgan hovli-kafega ketganmiz. Esingdadir, ha, esingda. Davlatning yonida bo‘yi pakana, biroq juda suluv qiz bor edi, qo‘yib bersa ular shu yerdayoq suykalishni boshlashar, ammo Davlatning g‘ururi baland, go‘zal qizni qo‘lga ilintirgani bilan maqtanishni o‘ziga ep bilmas, aksincha, o‘ziga tirg‘alib keluvchi jononlarni ko‘pincha jerkib berar, so‘kib tashlashdan ham toymas, negadir suluvlar uning so‘kinishiga parvo ham qilmas, go‘yo shunday bo‘lishi kerakday battar tirg‘alishaverardi. Buni sen bilmasding, albatta. U uchun balki oddiy kamtar-kamsuqum qiz ko‘rinding, kontsert oldidan uzuq-yuluq tanishuv va suhbat jarayonida u seni shoir, televideniyeda ishlaydi, degan xayolga bordi hamda odati bo‘yicha tek turmay: “Sizda bir gap bor, yanga, balki televizorda ko‘rgandirman, akam ham uncha-munchalar bilan yurmaydi”, deb menga qaradi va kulib yubordi. Mayram opa uni urishib berdi: “O‘l, sassiq, o‘zingni bil, bir manjalaqini yoningga olvolib har narsani valdiraysan, qo‘shiq eshitishga keldingmi yo odamlarni masxara qilishgami?” Davlat tek turgan ko‘yi pinagini ham buzmay: “Manavini aytyapsizmi, bu pishakbachcha birovniki, meniki emas…”deyotgan edi, Mayram opa ustalik bilan hammani birdamlikka, qo‘shiqni sevishga chorladi. Sen o‘shanda duv qizarib ketding, negadir mening yonimdan qochib Mayram opaning panasiga berkinding, anovi qiz bo‘lsa, uyalish-tortinish yo‘q, ko‘zlarini pirpiratgancha Mayram opaga tikilib qoldi. Bildim, senga “yanga” degan so‘zning o‘zi cho‘g‘ tekkandek ta’sir qildi, chunki sen birovlarning shunday o‘ylamasliklarini xohlarding, u bo‘lsa, dabdurustdan, bamaylixotir qo‘yib yubordi: yanga! Axir men bola-chaqali bo‘lsam, sening hali kelajaging oldinda, boz ustiga nomingga bunaqa dog‘ tushishini o‘zim ham sira xohlamas edim, shu bois “Davlatjon, u bokira qiz, singlim, shunchaki biz bilan “Qurbon o‘lam”ni eshitishga keldi”, degim keldi, ammo Mayram opa sansirab uni urishib berishi hovurimdan tushirdi. “Yanga” deganida eting uvishib ketganini sezdim va… buni o‘shanda senga aytolmaganman, endi aytsam bo‘ladi: boshqa barcha qizlar qatori uni bir ko‘rishda yaxshi ko‘rib qolishingdan qo‘rqqan edim. Xudo bergan ko‘rkam yigit, bunga taraf yo‘q, lekin birdaniga gapning po‘stkallasini aytishi ham faqat unga yarashadi, boshqa birov agar shunday qilsa, albatta janjal chiqib ketishi tayin. So‘ngra… puli bor, hatto ko‘p, pulingiz bo‘lsa, deb so‘ramaysan-da. Bor pulini sarflay bilish ham aslida mardlik, birovning qo‘lidan keladi, birovnikidan yo‘q.

Avram Tolmas Isroildan ko‘ch-ko‘roni bilan kelganday soz va cholg‘uvchilar benihoya ko‘p edi. Saroy esa kutilgandek odamga to‘lib, kirish pattalari qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketmagan, aksincha, aqalli yarim ham bo‘lmagan, bolalar u yondan-bu yonga chopib yurishar, biz tanigan atoqli hofizlargina qo‘llarini iyaklariga tirab yoxud bir nechtasi birvarakayiga tebranishib qo‘shiq tinglashardi. Ular qatorida Mayram opa ham bor, qo‘shiq avjiga chiqqanida o‘rnidan turib chapak chalib yuborar, Avram Tolmas chamasi miyig‘ida kulib, opani taniganidan bo‘lsa kerak, yengil ta’zim qilib qo‘yardi. Navbat “Qurbon o‘lam”ga kelganida Mayram opa bir quchoq oppoq atirgul ko‘tarib chiqdi. Hofiz bo‘lsa o‘ta madaniyat bilan yig‘ilganlarni opa uchun qarsak chalishga chorladi, orqasida o‘tirgan sozchilarni undagan ediki, ular ham darhol o‘rinlaridan turib opaga ta’zim bajo etishdi. Oq kamzul-shimdagi odamlarning bu xatti-harakatlari g‘oyat bejirim edi, eng muhimi, ulug‘ san’atkor bu ashulani biz emas, asli o‘zingiz qoyillatib ijro etasiz, deya opaga iltifot qilayotgani bu sahnada yaqqol tushunarli bir holat edi. Opa esa sahnada turgancha bot-bot qo‘li ko‘ksida, ta’zim qildi – biz ahli san’at faqat sizga qoyilmiz, degani edi bu. Bir qarashda san’atkor o‘zbek qo‘shiqchilarigagina mahoratini namoyish etmoqda edi.
Tushunarli: Sharq qo‘shiqchiligini yuksak pardalarga ko‘tarib kuylagan hofiz yigirma yil badalida xorijda yurib, so‘ngra shu o‘zi tug‘ilib-o‘sgan tuproq egalariga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda, bu olqishlashga arziydi, baland iltifot belgisi. U shu kunlarda Samarqand va Buxoroni ziyorat qilib kelgani, u yerdagi qadrdonlari, o‘zi kabi xorijga ketolmagan millatdoshlari davrasida bo‘lib qaytgani, nihoyat, matbuotda va televideniyeda bu diyor nihoyatda go‘zallashib ketgani, odamlarning xush-baxtiyor, farovon, shukronalik ruhi bilan yashayotganini ko‘rganidan mamnun ekanini e’tirof etgani ham bor gap. Jurnalistlar esa bir oz bo‘rttirib, kerak bo‘lsa shunday yorug‘ kunlar kelishini bilganimizda, albatta, biz shu vatanni aslo tark etmas edik, xorijda biz bunday farovon hayotga havas qilamiz, deya ko‘pirtirib yozar edilar. Holbuki, Avram Tolmas o‘zbek tilida kezi kelsa o‘zimizdan o‘tkazib chiroyli so‘zlar edi.
Davlat shu damda xiyol ko‘zini qisib tishini kovlash uchun cho‘ntagidan cho‘p qidirayotib qo‘liga ilashib chiqqan do‘xtirning dorinomasiga ko‘zi tushdi, tushdiyu shu zahoti qishloqda otasi peshob tutilishidan qiynalayotganini esladi, o‘zi men nimaga kelgan edim Toshkentga, deb koyingan hamon otasiga ermak qilib boqish uchun uchta sigir, to‘rtta ho‘kizcha olib berganini va shu yozda tog‘dagi podachiga topshirgani, kuzga dovur sigirlar tog‘ giyoh-o‘tlaridan oziqlanib yaltirab semirishi yaxshiyu, lekin bo‘ri-qashqirlar dorisa nima bo‘ladi, cho‘pon har doim ortidan yurmasligi, undan ham qolsa balchiq suvidan ichsa, zuluk kirib o‘rnashib olsa, molning etini qochiradi, oriqlab qovurg‘asi sanalib qoladi, toqqa oborgani, cho‘ponga haq to‘lagani bir pul bo‘ladi, biroq yaydoq yurgan, yarim yovvoyi bo‘lib ketgan molning zuluklaganini qanday bilamiz, buyam bir muammo, otasi zuluklagan mollarni arqonlab shishadagi namakob suvni tili ostidagi zulukni tushirish uchun zo‘r berib mol og‘ziga quyishga tirishgani, ayni vaqtda mol bo‘y bermay pishqiraversa, arqonni kalta qilib oyog‘iga bog‘lab yiqitib, molning qarshilik qilganiga jahl qilib so‘kinib, bir shisha tuzli suvni og‘zidan quyganda jonivor xuddi kerishgandek oyoqlarini cho‘zib, so‘ngra silkina-silkina yutgani, arqondan bo‘shagach tag‘in yovvoyilik qilib shataloq otgancha hovli adog‘idagi yog‘och to‘siqqa o‘zini urgani, otasi shunda xotirjam holda “ana endi shullik (zuluk) g‘unajinning ichagiga tarmashgan bo‘lsayam tushadi, shullik o‘zi achchiqni, sho‘rni yoqtirmaydi-da, unga duch kelsa, tamom, qochadi, qochadi-ya qochadi, qayoqqa borardi – so‘lakka yo axlatga qo‘shilib tushib ketadi-da, shu holiga molniyam, egasiniyam qiynaydi”, deb iljaygancha xotirjam bo‘lganini esladi. “Podaboqar otamning kuni shu edi, mana yangi uy qurib berdim, ukamni o‘qishga kiritdim, singlim to‘y bo‘lishi kerak, seplari bo‘ynimda edi, tillosigacha olib berdim, “Jiguli” modadan qolgan emish, ukangga o‘zingnikiga o‘xshash “Neksiya” olib bersang, biz onang bilan kerilib to‘ylarga borib yursak, bu sening obro‘ying, Davlatboy omadi kelib, obro‘yi oshib ota-onasini o‘ynatib qo‘yibdi, degan gap yaxshimi – yaxshi-da, birinchi navbatda sen uchun yaxshi, emish”.
Odamzotniki shu – birim ikki, ikkim uch bo‘lsin deydi. Bora-bora Pushkinning “Baliq va baliqchi haqida ertagi”dagi kampirga o‘xshab sehr bilan boy-badavlat qilib qo‘ygan oltin baliqni endi shu baliq ham mening xizmatimga kelsin, deydi. Odam degani to‘ymas bir irkit.
Davlat – davlatsiz odamning davlati bo‘ldi. Shundoq ham bo‘lar emish-da: tuf degan tupugi yerga tushmasa, bo‘l degan ishi bo‘laversa, Xudoyjonim boshqalarga to‘qqiz, bunga – o‘ttiz qilib osmondan tap etkazib berib tursa, qiz tilasa – bersa, o‘g‘il tilasa – bersa, suluv tilasa, shu zahoti qo‘yniga solib qo‘ysa, yo‘q, bunga badbin bo‘lmaslik kerak, shukrini keltirib himmat kamarini bog‘lamoq kerak. Bu qo‘ldan keladi, qo‘liyam, ko‘ngliyam ochiq uning, bor ekan – sarflaydi, hali yashirgani, yashirmagani qancha, ba’zilarnikining oldida tariqchalik emasmi bu, tariqchalik, a. Voy-bo‘, zamon keldi, zamon!
– Ziyoda, sening Toshkeningdayam mol shulliklaydimi? – dedi ma’shuqasiga.
– Voy, o‘laman, o‘lamanu qolaman, nima devosiz! – dedi u va erkalanib Davlatning bilagidan ikki qo‘li bilan ushladi, yelkasiga boshini qo‘yib yigitning bilagidagi tuklarni oppoq ko‘rsatkich barmog‘i bilan silay boshladi.
– Qitig‘im bor, – dedi yigit.
– Shunchadan beri sezmagan ekanman, – deb kulib yigitga termildi qiz va sharaqlab yuborib:
– Qayeringizda? – dedi.
Yigit odatda uni uyat a’zoning nomi bilan so‘kib yuborar edi, ma’shuqaning eti qotib, bunga ko‘nikkan, biroq bu safar boshqa gap aytdi:
– Sening qayeringda ziyoding bor, nega Ziyodasan?
– Ko‘rmagan ekansiz-da?
– Bugun ko‘rsatarsan…

* * *

Ishxonamizda bir yoshi kattaroq bo‘lsa ham satang, o‘zini bo‘yab-bejab, qoshlarini terib yuradigan odam bor. Oynaga soatlab qaraydi, burni, qulog‘ining tuklarini tozalaydigan uskunasi ham bor, quloq tozalagich – paxta o‘ralgan cho‘pdan cho‘ntakka solvoladi, gohida koridor oxiridagi oynali shkaf oldida turib oladi-da, negadir oynaga qarab boshini o‘ng yo chap tomonga qiyshaytirgan ko‘yi berilib qulog‘ini chuqalaydi-ey, odam g‘ijiniblar ketadi.
Malik akamiz ba’zida eshigini lang ochib turadi-da, qaraydi-qaraydi, oxiri u ishini tugatavermagach, shartta turib:
– Olmaxonim toshoyna oldidalar, o‘zlarini oynaga solyaptilar. Bu oy chehrani ko‘rmagan nozli xonimchalarning ko‘pi uni tush ko‘rib ayni damda soch yulish bilan ovoradurlar. Akang qarag‘ay bo‘lsa shu topda qosh termoq, burun katagi hamda quloq teshigi atrofidagi tuklarni dag‘al xashak yiqqan singari o‘rib-yig‘ish ila mashg‘uldirlar. Hayhot Olmaxonimizning ushbu yumushi nihoyasi xayrlik yakun topishidan umidvormiz, – deya va’z o‘qib qoladi o‘ziga atay eshittirib.
Akaning ismi “Olmaxon”ga aylanganiga ancha bo‘lgan. O‘zining tejog‘liq va bejog‘liqligidan mamnun, ayniqsa sarishtaliligini bilgan biz kabi oddiy xodimlar bu akaning xurmacha qiliqlaridan kulmay ham qo‘yganmiz. Chunki bir odatni kanda qilmay yurgan odamga ko‘z ham o‘rganib qolarkan. Boshida Malik akamiz “Abdurahmoncha” degan edi. “Mehrobdan chayon” romanidagi Abdurahmon Buxoro madrasasida tahsil olib yurgan chog‘larida avval amirlik to‘ralariga chuhralik qilib, ular bazmini qizitadi, vaqt o‘tib, balog‘atga yetgach, “bachcha bazm”lardan quviladi, choyxonalarda, karvonsaroylarda musofirlar “xizmati”ni qiladi, e’tibordan qolmay deb o‘zini tuklardan forig‘ qilib yuradi. Ammo bari bir, nihoyat, ko‘chada qoladi. Vaqti-soati kelib o‘z yurtiga kelib xon saroyiga ishga kirishni niyat qiladi, mulla degan nom oladi, buyam yetmaganday Anvarga raqobat qilib Ra’noga “oshiq” bo‘ladi…
Akamizni “Abdurahmoncha” deyish, albatta, haqorat va bo‘hton edi, sababi bola-chaqali, ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi, hammasini uyli-joyli qilib bo‘lgan, aybi uning satangligi va ellik oltiga kirgan bo‘lsa ham Katta to‘raga yugurdaklik qilganida edi. Malik aka ham keyingi kezlarda “Olmaxon” atamasini tildan qo‘ymasa-da, zinhor “Abdurahmoncha”ni lug‘at boyligidan tashlab yuborgan. Tabiiyki, Olmaxon Katta to‘raga yaqin bo‘lgach, uni masxaralash ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin-da, Malik akaning bo‘yi pakanaligi yetmaganday mansab pog‘onasi yuqorilamaganligining tub negiz va mohiyati ham shu nuqtalar bilan izohlansa ajab emas…
Olmaxon kaminani o‘ziga yaqin olib sansirar edi. Kunlarning birida san bola kitob o‘qib turasan, Pushkinning “Evgeniy Onegin”ini topib ber, deb qoldi. Uyda Oybek tarjimasidagi “Evgeniy Onegin” turardi, shu qidiraman, topolmayman, kitob do‘konidan ruschasini olib kelib berdim. Varaqladi, ko‘rdi, qoshlarini kafti bilan obdon siladi, shundoq ham moylab yaltiratgan engagini ikki qo‘llab ishqadi-da, gap bor-da, o‘zbekchasi kerak edi-da, dedi. Keyinchalik ham kun ora “topdingmi?” deb yurdi, topmaganimni bilgach, oxiri, mayli, qo‘yaver, titilib, chirib ketgani chiqib qoldi, dedi. So‘ng gapi esidan chiqib qolganday qaytib kelib:
– Yangang ruschani yaxshi tushunmaydi-da, – dediyu ortiga burildi. So‘ng tag‘in qaytib kelib, ko‘zlarini pirpiratib: – Ikkinchi yangang, – dedi-da: – Tss, og‘zing mahkam-ku, senga ishonaman, qisib yurgan boy bo‘lar, – deya hiringlab chiqib ketdi.
Ne bo‘ldiki, shu odam xotin, bola-chaqadan voz kechib yosh bir kelinchakka, birovning xotiniga uylanib oldi. Bir o‘g‘ilchali kelinchak sanatoriyda Olmaxonga sirli karashma qilgan, demak, dil izhorini o‘zi aytgan, kunlarning yoki tunlarning birida “Onegin”ni o‘qiganmisiz, deb so‘ragan, aka o‘qimagan bo‘lib chiqqach, kitobni qidirishga tushgan, Oneginning ham Olga, ham Tatyanaga oshiqligini bilgach, anglaganki, endi otni qamchilamoq darkor. Qarasa, yosh, kelishgan, barra narsa o‘lib turibdi, yo Razzoq deydiyu…
Qayoqda, yo‘-yo‘, g‘alva bo‘lmagan, bo‘lgan-ku chiqar, har qalay oila-ku, ammo biz sezmadik. Ellik olti yoshida bunday tavakkalga qo‘l urganiga bari bir qoyil qolmay iloj yo‘q. Oppoq “Sonata Hyunday” mashinasiga, bo‘yi bir qarich, oxirgi modeldagi, yuzlab funktsiyali mobil telefonga yoxud ohorli kiyimiga kimdir qo‘l tekkizsa, yoinki xonasida naq Braziliyaning o‘zidan keltirilib hafsala bilan kofevarkada ezib tayyorlangan qahvasidan birov bir chimdim olsa, chaqmoq qand, novvot yoki yaltiroq jildli shokoladlarga qo‘l uzatsa, – Malik akaga o‘xshash qitmirlar ham bor-da, – shunaqa to‘s-to‘polonni boshlab yuboradiki, naq osmon o‘pirilib yerga tushgandek, shu asno biz mansub bo‘lgan butun bir millat madaniyatsizga chiqadi-qo‘yadi, bularni tarbiyalab odam qilish uchun esa hali kamida yuz yil zarurligi takror aytiladi. O‘zing kimsan, deydigan mard yo‘q. Xudbin bir odam. Shu holiga Navoiydan, Pushkindan xabardor. Navoiyning biror g‘azali ma’no-mazmuniga oid maqola uchrab qolsa, uni bir chetga olib qo‘yadi, tushunarsiz so‘zlar izohini alohida daftarga ko‘chirishdan erinmaydi, shunda tuyqus “oyo” degan so‘z ayni shevadagi “kaft” ma’nosini anglatishini bilib, “yuribsan-da baring pishillab, hech narsaning farqini bilmay, axir bu Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax xalqining qadimdan kelayotgan mahalliy shevasi-ku, Navoiy davrida ham ishlatilgan, sen sho‘ring qurg‘urlar bo‘lsa, har qatoridan arabcha so‘z topib izohlashga tushasan, anavi shoir akalaringga ayt, Navoiyday yozishsin”, deb iddao ham qiladi, shundan keyin ko‘zlarini pir-pir uchiradi, muhim ishi bordek xonasiga kirib pardoz-andozga mashg‘ul bo‘ladi, hoynahoy quloq tozalaydigan paxtalik cho‘pni qidirayotgan chiqar, Navoiyni, butun adabiyot tashvishini hal qildi, endi oyna oldida turib bundan-da muhim ishlarni amalga oshirmoq lozim…
O‘zbek degani shundoq madaniyatli bo‘lishi kerak.
Bu odam ehtimol, sevishi mumkin, gulday kelinchak birovning xasmi bo‘lishiga qaramay, uning moyilligi bois, oilasini buzib o‘ziniki qilib olishiga, shundan keyin xotini va farzandlaridan ham voz kechib boshqa hayotni yashay boshlay olish, jur’ati ko‘rinib turibdi, biroq oxir-oqibat u faqat o‘zini sevgan bo‘lib chiqadi, o‘zidan boshqa hech kimni sevmaydi! Bu u odamni yaqindan biladigan men g‘aribning qat’iy fikri!

* * *

Shunda sen jim bo‘lib qolding. Negadir mening miyig‘imda bo‘lsa ham kulishimni xohlading. Kutib turganingni ko‘rdim, biroq jiddiylik saqlayotganimni sezib, “tavba” deya yoqangga “tuf-tuf” qilding, ko‘zlaringning chuquridan siqilayotganingni sezdim, sen erkinlikka undayotgan eding, men buni tushundim, lekin bilasan, men o‘zim aytgan gapning ta’sirida yuraman, soatlab, kunlab davom etishi mumkin bu holat, tavba qilayotgan sodiq qulning tavbasi qabul bo‘lguncha erinmay kutib turishiga o‘xshaydi bu, “buncha keskinlashib ketasiz, aka” deganingdan so‘nggina, qarshimda erkak emas, dunyoning malohatli ayoli turganini sezib qolaman, ustingdagi libos o‘zgarsa, yangilansa, o‘zing ham o‘zgarganday bo‘lasan, men shunday o‘zgaraman, ko‘zlaring o‘pqoniga sassiz cho‘kaman, buni bilib sekin tomoq qirasan, bu bilan o‘z jozibasidan ijirg‘angan malika holiga tushasan, na ichdan, na tashdan o‘zingga yuqtirmaysan, boshqa erkaklar kabi shilq tushishimni ham xohlamaysan, chidamli, sabrli va g‘ururli bo‘lib qolishimni istaysan, bu qanchalik uzoq vaqt davom etmasin, shu o‘rtaliq, shu bo‘shliq turaversin, daxlsiz bo‘lsin, deysan. Ko‘zlaringdagi buyruqqa bosh egaman. Oilali, farzandlar otasi bo‘lsam, sen esa bokira, hayotning turli shafqatsiz sinovlariga dosh berib kelayotgan bo‘lsang-da, o‘sha ko‘rinmas rishtani bir zumga bo‘lsin qo‘yib yubormaysan, yechilib-yozilib ketishidan chunonam qo‘rqasan, shu bois hatto qo‘lingning haroratini ham bilmayman, yuraging, ko‘zing va so‘zingning taftini his etib turaman, xolos.
Ko‘zingning osti bilan Davlatga bir zum qarashing ham meni o‘rtab yubordi. Shugina, birgina shu qiz unga mahliyo bo‘lmasa netardi, deb o‘yladim, lahzalarning ichidayoq ko‘p joyga olov ketdi. Sening ichingda nima g‘alayon kezdi, bilmadim, lekin Xoliq egam bandasini maftunkor qilib yaratayotganda erkak-ayolligiga qarab o‘tirmas ekan-da.

Davlat xudbin emas. Shu uchundir idoramizdagi ellik olti yoshli shavvoz oshiqqa o‘xshamaydi. Uning puli ko‘pligini aytgan edim, lekin ish qaltis, chegaraga yaqin joyda harbiyda ishlaydi, bir safar ishdan haydalayotganda uch kun biznikiga tanda qo‘yib olgani, e, aytsam birov ishonmaydi, o‘shanda anavi ellik olti yoshga kirgan tannoz aka pulini olib ishini bitirib bergan, mana yana o‘ynab yuribdi, bir yonida puli, bu yonida “yori”…
Uch yil burun u mashhur Sohiba Mardonovaning raqqosasi Madina Komilovaga qattiq bog‘lanib qoldi. Qachon qarasang kunda-shunda, shaharda. Qiz uni rosa shildi. Kimdir yigitning chiroyiga uchgan der, bo‘lsa bordir, ammo kamina raqqosa uning pulidan foydalanmoqchi bo‘lganini e’tirof etgan bo‘lardim. Oxir-oqibat shunday bo‘lib ham chiqdi. Avval qiz yigitni o‘ziga isitib olibdi, shaharga serqatnov bo‘lib qolgach, u yoqda xitlangan kelin g‘avg‘o ko‘taribdi, degan gap eshitdim. Hatto raqqosaga poytaxtdan bir xonali uy ham sotib olib beribdi, kelsa, Davlat uch kechayu uch kunduz raqqosaning uyidan chiqmay yotarmish, bo‘yniga yuz ellik grammlik tilla zanjir, barmog‘iga qayiqnusxa katta uzuk, egniga “G‘ashion” telejurnalida ko‘rsatiladigan so‘nggi modadagi palto oberibdi, ana-mana oq “Lacetti” sovg‘a qilaman deb turganida, birdan…
To‘g‘ri, men u raqqosani bilardim. Sohibaning kontsertida ko‘rganman. Raqs san’atini yo yaxshi tushunmayman, yo Qizlarxon Do‘stmuhammedovaning o‘yinidan boshqasini tan olmaydigan konservatorman, har qalay raqqosa meni lol etgani yo‘q. Rostini aytganda chiroyi ham non botirib yeydigan asal yo atala emas. Eshitganmanki, pulini changallab shataloq otib yurganlar televizorda chiqib turadigan ayollarga ko‘p ishqiboz bo‘lar emish, o‘zaro ziyofatlarda ekranga qarab “ana, bizniki chiqdi, ko‘rib qo‘yinglar qanday?” deb maqtanish uchun. Uyi­da bo‘lsa kelin qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib xizmatni qilib yotadi, qaynotasi, qaynonasining ko‘nglini oladi.
Xullas, meni raqqosa emas, Davlatning xushtori sifatida e’tiborimni tortgan. Tabiiyki, u ham o‘zini o‘ynash maqomidan baland tutolmagan. Ya’ni dam-badam zobitning mo‘ylabini silash, yelkasiga bosh qo‘yish, qo‘lini qo‘yib yubormaslik kabi shilqim xatta-harakatlari bilan esimda qolgan. Hozir Davlatning pinjiga suqulib olgan ofitsiant qizdan sira beh emas.
Esimda qolgan deb aytayotganimning boisi, endi u Davlat tomonidan unutilgan, o‘tmishdagi qiziq voqeadan beri emas. O‘shanda yigit “aka, nega shu qizga bunday bog‘lanib qoldim, hech tushunmayman”, degan edi. Holbuki boshqalarini paypoqday tez almashtirar edi. U Sohiba o‘z raqqosasini mendan rashk qiladi, deb yurdi. Bu – rost. Davlatning xotiniga ham Sohiba xabar qilgan bo‘lsa kerak. Madina meni o‘qitib, o‘ziga isitganmikan, degan gumonga bordi. Nihoyat, bu ham rost bo‘lib chiqdi. Davlat nomi chiqqan mullaga qayta-qayta dam soldirib, arang qutuldi. Lekin o‘qitish asnosida yahudiy kishi konyakka duo qilib bergani, raqqosa uni ichirib, qolganini olib qo‘ygani, to konyak yo‘qotilmas ekan, duo kuchida qolishi muqarrarligini bilganida…
… Ertalabki harbiy saflanishda turganida sheriklari odatdagidek komandirdan tanbeh, so‘kish eshita boshlagan, navbat Davlatga kelganida, u boshi og‘ib, avval oldinga bir, keyin orqaga tentirab ikki qadam tashlaganu chalqanchasiga yiqilgan. Hushidan ketgancha o‘ziga kelmay yotavergan. Tuman shifoxonasi darhol shahardagi gospitalga jo‘natmasa bo‘lmaydi, degan. Gospital bosh vrachi boshini tomografiya qildirib, bosh miya qon tomirlari yorilib, qon quyilganini, ahvoli o‘nglanishiga umid yo‘qligini aniqlagan. Harbiy qismdan kelgan komandirga ham uyidagilar tayyorgarlik ko‘raversin, endi odam bo‘lmaydi, xohlasanglar olib ketaverishlaring mumkin, degan.
O‘sha kuni harbiy gospital hovlisida yig‘i-sig‘ilar boshlanib ketgan. Kelinning esi og‘ayozgan. O‘tirib olib: “To‘ram o‘lmaydi, mening mayorim o‘lmaydi!” deb baqiravergan.
Kelin va go‘daklarini Davlatning Chilonzordagi uch xonali uyiga qo‘yib keldik. Qayoqda, tong bo‘zarmay tag‘in bolalarini olib shifoxonaga kelib turibdi. Hovliga o‘tish eshigi ochilmagani uchun “Och!” deb derazaga mushtlaydi. Shu zayl tahlika va xavotir ichida besh kun o‘tdi. Jonlashtirish xonasida yigit oltinchi kechada ko‘zini ochibdi. Rus hamshira qiz chiqib qarindoshlaridan suyunchi olibdi. Qarindoshlar hatto Isroil davlatiga olib borib davolatamiz, deb taraddud ko‘ra boshlagan edi. Biroq gospital bosh hakimi Isroil, Germaniya, Amerika ham hech narsa qilolmaydi, bo‘lar ish bo‘ldi, bu yog‘iga janozaga tayyorlanaveringlar, deb ochiqdan-­ochiq aytgan edi. Ahvol o‘zgarganini ko‘rib u ham taajjubda qoldi.
Bemorning ko‘zi ochilishga ochildiyu, u tamom xotirasidan ayrilgan edi. Atrofga qarar, lekin hech kimni tanimas edi. Hamshiralarning aytishlaricha, u endi ovqatga to‘ymas emish, qarindoshlar bergan yegulik, shifoxonadan beriladigan bo‘tqayu makaronlarni ham ko‘rdim demay paqqos tushirar emish. Yigirma uch kun deganda bizga oynadan qarashga ruxsat berishdi.
Bizga kulib qaradi. Lekin birortamizning ismimizni aytmadi. Yonidagi go‘zal rus hamshirasining ikki o‘rim sochidan ushlab siypar, aftidan hamshiraga ham bu holat yoqib tushgan edi. Bizga ham, xotiniga ham vaziyat erish tuyulmas, muhimi, uning ko‘zi ochilgani, omon qolgani edi. Kunlar o‘tib uni palataga chiqarishdi. Endi u odamlarni tanir, lekin ismlarini adashtirib yuborar edi. Ukasi bir tutam bo‘lib ketgan soqolini oldi, lekin u mo‘ylabimni qirqmaysan, deb qarshilik qildi.
– Mana, kalladan ham qutuldik, – dedi bir kuni piq-piq kularkan. – O‘zi shu sabil odamni qiynab yotarkan-da. Na ishlaydi, na og‘riydi, sopsem maza.
– Lekin, – deydi yig‘ishtirinib o‘tirarkansan, – qarz pullar bor-ku, birinchi bo‘lib shu esga keldi. Qoyilmisiz? Daftarga yozib qo‘ymapman, deb afsus qilayotgan edim, hammasi tip-tiniq esga keldi. “Neksiya”ni Ilyos akaga sotganim, hali uch ming dollar qarzi borligini birinchi bo‘lib esladim. Xotin, bolalar keyin xayolga keldi…
Hayot o‘yin emas, u bir marta beriladi.
Davlatning onaizori, otasi o‘shanda qay ahvolga tushganini tasavvur qilaman. Agar o‘g‘lon o‘lsa, ularning hayotida ma’no qolmas edi. Va mana bu o‘yin-kulgi, hazil-huzullar ham aslida Davlatning ikkinchi hayotida ro‘y bermoqda edi. Ammo yigit hali ham qismat Xudoning bir inoyati, ikkinchi hayot ulug‘ marhamati deb o‘ylab o‘tirmasdi. Raqqosa Madina uning hayotidan yo‘qolib ketdi, bugun-erta o‘ladi, degan gapga ishongan do‘stlari ham bir fursat oyoq uzsalar-da, keyin yana yaqinlashib olishdi. Yolg‘iz o‘g‘lining xatna to‘yiga Toshkentdan saralangan hofizlarni chorladi. Minglab odam keldi. Hokim ham kelib taraqqos o‘ynadi. Oddiy qishloq ahli artistning chakkasiga yashil pul – dollar qistirilganini o‘shanda ko‘rdi.
Davlat Toshkentdan tag‘in ikkita uy sotib olib ijaraga odam qo‘ydi. Hali ham u artist-hofizlar bilan jo‘ra, oshna, apoq-chapoq edi. Bugun ham hoynahoy “Chaqmoq” kafesiga borib ulfatchilik qilsak kerak. Davlat televideniye boshlovchisi Tolib Sultonni, Zarina Ma’diyevani, ularga qo‘shib qator estrada qo‘shiqchilarini chaqirsa kerak, Mayram opa g‘ashi kelib orada birrovgina o‘ziga navbat kelishini kutib o‘tirsa kerak. Hofizlar odob yuzasidan “opadan ham bir juft mumtoz ashula eshitaylik” deyishadi, albatta. Opa noz-firoq qilib o‘tirmaydi. Navoiyning “Tortamen” radifli g‘azalini maromiga yetkazib aytadi. So‘ng “Munojot”ni so‘rashadi. “Men kampirda ovoz qoldimi, ballarim, “Munojot”ga kuchim yetmaydi”, deydiyu o‘sha zahoti eshilib-to‘lg‘onib “Munojot”ni boshlab yuboradi. Ora-chora Davlatga xezlanib: “Cho‘z, cho‘z, o‘lmaysan!” deydi. Davlat bir chetga o‘tadi-da, ko‘zlari qisilib kulgancha qarsak chalib turaveradi qitmirlik bilan. Lekin pul uzatmaydi. Opa ketayotganda baribir oladi. Kamida ikki yuzga tushiradi va duo ham qilishni unutmaydi. “Arslonkelbat ukajonim, sani yaxshi ko‘raman, olginu oldirmagin”, deydi. Pulni olgach, qulog‘iga yana bir narsa deydi-da, hiringlab mayda yurish qilib chiqib ketadi. Mashinaga chiqayotganda esa: “San bala qizlarga ko‘p o‘ralashma, putingdan osilib o‘lasan, o‘, ishing nozik!” deydi-da, yigitning peshonasidan o‘padi…

O‘shanda nimalar xayolingdan kechganini bilmayman, ammo mum tishlab jim qolganingni ko‘rdim. Mening hayotimda, umuman, menga qadrdon insonlar orasida shunaqa fe’l-atvorlisi ham borligini bilding. Davlat bilan bugungi ko‘rishuvimizda aniq bir reja yo‘q edi, nari borsa birga tushlik qilamiz, deb o‘ylagandim, Mayram opa Davlatga Avram Tolmasning kontserti bo‘lishini aytganini eshitgach, seni ham taklif qilgim keldi. Avram Komiljon Otaniyozov emas, Otajon Xudoyshukurov ham emas, ammo mumtoz qo‘shiqlarni tinglaysan, men ham senga o‘xshab zamonaviy estradaga hushim yo‘q. Charchablar ketaman ba’zan. Ammo esingdami, bizning iltimosimizga ko‘ra Sohiba Muqimiyning “Kim desun”ini ijro etdi. Qo‘ng‘iroqday ovozi bor-a, hatto Mayram opa ham turib qarsak chaldi. So‘ng baribir orqasidan yengil-elpi qo‘shiqlarni boshlab yubordi.
Davlat ham Xorazm qo‘shiqlarini yoqtiradi. Og‘abek Sobirovning diskini tinimsiz eshitadi, meni kechir, Xorazm ohanglaridagi ba’zi tinimsiz takrorlar meni zeriktiradi. Otajonu Komiljonlar boshqa dunyo. Seni Davlat “Lazgi”ga o‘yinga taklif qildi. Xirom qilding. Ilgari bir to‘yda o‘ynaganingni ko‘rganman, ammo bu darajada chiroyli xirom aylashingni tasavvur ham qilolmagan edim. Chiroyli harakatingni ko‘rib Davlat o‘yinni bas qildi, chetga chiqib chapak chala boshladi. Hayratlanganimdan qandaydir raqs maktabiga qatnamaganmikan, degan o‘yga ham bordim.
“Hayotimiz go‘zal, yurtimiz farovon, yurtdoshlarimiz qalbida xotirjamlik. Osmonimiz musaffo, vatanimiz tinch, osuda…” Davlat seni shu gaplar bilan masxara qilmoqchi bo‘ladi, negaki, radioda boshlanadigan har bir kalom shunday yoki shunga yaqin gaplar bo‘ladi-da. Lekin sen e’tibor bermading. Xuddi eshitmaganday muqomni davom ettiraverding, shunday qilganing menga ma’qul, har gapga jahl qilaversang, bu dunyoda do‘st qolmaydi. Davlat birdaniga Sohiba va yonidagi yigitlarga qichqirib “vals bo‘lsin!” dedi. Xorijiy musiqa yangradi. Davlat sening qo‘lingdan tutmoqchi bo‘ldi, negadir xohlamay chetga o‘tding, u yana borib qo‘lingdan ushlagan edi, men tomonga chopib kelding, vals tushmoqchi emasliging ko‘rinib turardi. Davlat yana ortingdan kelganida, beixtiyor meni davraga tortib ketding. Umrimda vals tushmagan edim, belingda qaynoq taft sezdim, qo‘lingni yelkamga qo‘ysang-da, ko‘zimga sira qaramas eding. Men esa qarashingni istayotgandim. Uyatsizmanmi? Yo‘q, mayli, qarama, tanang, badaning borligini ham bilmay qo‘ya qolay, bo‘sa olgim keladi, mayli, labing ham bo‘lmay qo‘yaqolsin, ko‘zlaring yetadi, men ko‘zlaring tubiga ummonga cho‘kkan yanglig‘ cho‘kib ketaman, taxayyulim ichida vaznsiz bo‘lib yurish qanday yoqimli. Go‘zallik totish, bahramand bo‘lish emas, tasavvurda. Sen go‘zaldirsan, U go‘zal bo‘lgani uchun, xayoling go‘zal – U senga go‘zal o‘y bergani uchun, ko‘zlaring chashmadan tiniq – senga berilgan ko‘zyosh go‘zal bo‘lgani uchun, qo‘llaring issiq – U mehribon bo‘lgani uchun.
Seni quchmoq, o‘pmoq u yoqda tursin, sevishga ham qo‘rqaman!..
Davrada esa Davlat avval Sohiba bilan, so‘ngra boyagi ofitsiant qiz bilan vals tushdi, ofitsiant qiz yigitning ko‘kragiga boshini qo‘ydi, qo‘yib bersang yigitga yopishib, chirmashib ketsa. “Arslon bola” bu qizga, Sohibaga, boshqalarga ham kezi kelganda kun bermaydi…
Sen esa jon singlim, jon ovunchog‘im, jon pokiza xilqat, uni, ularni sevib qolma, birgina sen sevma!
Men ularni yomon ko‘rmayman, yaxshi ko‘raman, sababi, shularning ichida yashayman, birga yeyman, ichaman, tantiligini hurmat qilaman, to‘yu tomoshalarda yonida bo‘laman.
Bir paytlar mening irodamni hurmat qilishingni aytgan eding. Xudbinman. Yana-chi, degan so‘rog‘imga, bo‘ldi, deb qo‘yaqolgansan.
Hozir ham suv bo‘yida, balanddagi chiroq yorug‘ida xuddi sokin suv yuzida balqib borayotgandeksan, sen o‘zingni mendek kuzatolmaysan, kuzatuvchingning esa ichi shu qadar qoraki, qaysi bir vaqtda “Ogonyok” jurnalida bosilgan latish fotosuratchisining fotosini eslab qoldi: ko‘piklanib to‘lqin urayotgan ummon, yalangoyoq qiz qirg‘oqdan suvga qarab yuryapti, yo‘q, u yalangoyoqqina emas, butunlay yalang‘och. Faqat sochlari shu qadar uzun va qalinki, butun tanasini to‘sib, yopib turibdi. Shundoq qaraganingda, suv, havo, osmon, nozik oyoqlar va … yolg‘izlikni ko‘rasan, xolos. Qizning siyrati faqat go‘zallikdan iborat emas, u – tanholik belgisi, qizning misli yo‘q, shu barobar tengi yo‘q, shu bois do‘st tutingani – ummon, havo va osmon.
Suv yuziga qo‘ngan oqqush.
O‘sha qizga o‘xshatib gunohga botdim. Gunohkorni ortda qoldirib ilgari odimlading…
“Gunoh – yo‘qotishdan, toat – makrdan xoli emas”.
Tiriklik esa – mo‘jiza.
– Boyagi gapni o‘zingiz to‘qidingizmi?
– Yo‘q, bu fikrni to‘qib bo‘lmaydi. Bir avliyoniki. Abu Hasan Nuriy. Nurotani bilarsiz?
– Gunoh – yo‘qotish, toat – makr… qiziq.
O‘tirmoqchi bo‘lib o‘rindiq qidirdik. Hamma joy “sevishganlar” bilan band edi. Xoli joydagi skameykaga yaqinlashuvdik, chiyillagan ovoz eshitildi. Xira qorong‘ilikdagi skameykada ikkita yosh vujud bitta bo‘lib yopishib yotgan edi. Ovoz sohibi o‘rindiq bo‘sh emasligidan bizni ozod qilgan edi.
Men seni o‘yladim, sen – kimni?
Davlat haqida gapirsam, ranging o‘zgaradi. Senga tuhmat qilishdan, to‘g‘rirog‘i, xafa qilishdan cho‘chiyman.
Nariroq yurgach:
– Demak, bu yo‘qotish. Yo‘qotish uchun avval topish kerak, to‘g‘rimasmi? Tavba qilish uchun esa avval gunoh qilish kerak, a?
– Vaqt – tig‘iz, umr – yugurik. Vaqt ziqligi gunoh uchun yetarli…
– Ha, darvoqe… Aka, bizlar kimmiz o‘zi?
– Siz Davlatni baxtiyor deb o‘ylaysizmi?
– U siz bilan menga o‘xshab o‘ylamagani, hasrat qilmagani uchun baxtli.
Topding. To‘g‘ri.
– Kalta o‘ylagan, oz narsaga qiyqirib quvongan baxtli.

* * *

Davlat bu atrofda telefon signali yaxshi emasligi uchun nariroqdagi do‘nglikka chiqib kim bilandir baland ovozda gap­lashayotgan edi, shu bois pastda betoqat qichqirayotgan o‘smirning tovushi eshitilmayotgandi… Bundoq qarasa postdagi yugurdak Shuhrat. U Davlatning tezroq pastga tushishini ham baqirib, ham ishora chorlovi bilan zo‘r berib tushuntirayotgan edi. Davlat do‘nglikdan chopib pastga tushdi. Shom kirib kelayotgan edi. Shuhratning shoshib-hovliqib tushuntirishicha, postga besh yuz-olti yuz qadam yetmasdan bir “Captiva” qattiq avariya bo‘lgan. Ikki tomonlama yo‘lning o‘rtasidagi katta betonga shu qadar qattiq urilganki, shofyorning ko‘kragini rul siqib, u joyida o‘lgan. Aftidan u ham harbiyga o‘xshaydi. Lang ochilib qolgan diplomatida hujjatlari va katta miqdorda puli bo‘lgan.
– Nima qilding uni?
– Shudgorga ko‘mdim.
– Yaxshi, lekin dokumentini qoldirish kerakmidi?
– Endi iloji yo‘q, aka.
– Ha, bo‘pti. Puli ko‘pmidi?
– Uchovimizga bir umrga yetadi.
– Yo‘g‘-e, dollarmi?
– Ha, Xudo berdi, aka.
Mashina deyarli yo‘q bo‘lib ketgan, o‘rindiq va rul o‘rtasida siqilib qolgan haydovchining allaqachon joni chiqib bo‘lgan, o‘rnidan qo‘zg‘atib chiqarib olish ham amri mahol. Shoshilinch tibbiy yordam va qo‘shimcha naryad chaqirildi. Yoshi ellikni qoralab qolgan bu odam boshqa bir viloyatdagi chegara hududidagi bojxonada yaxshigina vazifada ishlaydigan podpolkovnik bo‘lib chiqdi. Shundan so‘ng uning orqasidan surishtira-surishtir kuchayib ketdi. Shaxsiy va idoraga oid hujjatlarining yo‘qolgani sirli edi. Oilasidagilar ham kelib Davlatdan, sherigi Akmal va dastyor Shuhratdan o‘smoqchilab diplomat hamda ichidagi hujjatlar haqida surishtira boshlashdi. Tergov organlari ularni ikki oy badalida chaqiraverib tinka-madorini quritib yuborishdi. Lekin bir ish chiqmadi. Bular ham og‘zi mahkamlik qilishdi. Oxiri ikki oydan so‘ng qorong‘ida uch o‘g‘lon diplomatni topib ichidagi pulni qoq uchga bo‘lib olishdi…
Og‘ziga kuchi yetmaganlar pul miqdorini xuddi sanab ko‘rgandek muncha edi, uncha edi deyishardi. Qaydam. Biz bilmaymiz. Ammo tug‘ilgan kuniga ayni uch kun qolganida Davlat menga ayni o‘sha “Chaqmoq” kafesida qirq yoshini nishonlamoqchi ekani, yanga yoki “yangalar” bilan o‘tishim zarurligini qattiq ta­yinlagan edi.

Men senga telefon qilib o‘sha kuniyoq ogohlantirgan edim. “Yana tug‘ilgan kunimi ukangizning?” deb so‘ragan eding. “Ha, bu safar rostakamiga tug‘ilgan kuni, roppa-rosa qirqqa kiradi. Keling, birpas o‘ynab-kulishamiz”. “Borishga boramanu, “yanga” deb odamning sho‘rini quritadi-da u odam”. “Tayinlab qo‘yaman, aytmaydi”. “Unday bo‘lsa…”
Shunday qilib, rozi eding.

Tug‘ilgan kuniga uch kun qolganda…
Har qanday kasallik kutilmaganda tashrif buyurgani singari har qanday ajal ham eshik qoqmay kirib keladi va tanangdan joning­ni sug‘urib oladiyu xizmat vazifasini o‘rinlatgan qarol yanglig‘ hammani qon qaqshatib ortiga sovuqqon qaytadi.
Davlatga bir dard so‘ramay kelgan va ne ajabki, u naqd ajalning komidan qaytib kelgan edi. U endi ko‘p yashashiga astoydil ishonib qolgandi. Avvaliga bir oz do‘xtir aytgan parhezlarga amal qilib yurdiyu, keyin parvo qilmay qo‘ydi, har uch oyda gospitalga kelib ko‘rinishi, zarurat bo‘lsa, yotishi kerak edi, uni ham qilmadi. Men zulukchi, qortiqchi tabiblar topib bergan edim, boshida zo‘r ekan, odamning boshidan tuman ko‘tarilganday bo‘larkan, deb yurdiyu, keyin…

Diplomat voqeasidan keyin qattiq tergov qilishgani bor gap ekan, umuman, o‘sha tafsilotlar Bo‘kirboyning gapi. Men endi-endi, oradan sakkiz yil o‘tib eshit­yapman Bo‘kirboydan.
Qichqirboy ham bir narsa degandi. Bu ikkinchi taxmin. Yo‘q, dalil yoki sabab emas – taxmin.
Chegaradagi postda qo‘shni davlat zobitlari bilan bir masalada tortishuv bo‘lib qoladi. Qichqirboyning aytishicha, qandaydir kelishmovchilik bo‘lib qolgan, Davlat nohaq bo‘lgan, so‘ng ur kaltak-sur kaltak qilishgan. Davlat qattiq tayoq yegan, shu boshiga ta’sir qilgan emish…
Uchinchi taxminni yuqorida yo‘l-yo‘lakay zikr qilgan edik. Ya’ni raqqosa Madinaxon Davlatbekka ikkinchi xotin maqomida bo‘lib yurgan kezlar o‘ziga tamom qaratib olish yoxud pulidan foydalanish niyatida duolar ichirgan. Duo ham eskirsa, borib-borib miyaga urib ketarmish. Bu endi, Miltiqboyning so‘zi.
Miltiqboy ham, Bo‘kirboy ham, Qichqirboy ham so‘zamol yigitlar. Qolaversa, Davlatbekning ulfatlari. Yolg‘on aytib nima qiladi, do‘stga achinayotgandir-da.
Nima bo‘lganda ham yigit qirq yoshga to‘lishiga uch kungina qolganida, menga telefon bo‘ldiki, yo‘q, bu safar o‘ziga kelmadi, tuman shifoxonasida joni uzildi, ertaga peshinda, Gulchambardan, ota uyidan chiqarishadi…
Qay ahvolga tushganimni bilmayman. Biroq o‘limning yolg‘oni bo‘lmaydi.

Ketar chog‘im senga telefon qildim. Birdan jimib qolding. Go‘shakni qo‘ydim. Bir ozdan so‘ng qayta qo‘ng‘iroq qilsam, ko‘tarmading. Yig‘layotganingni sezib qolishimdan qo‘rqding.
Sen barcha boshqa qizlar kabi uni sevib qolgan eding. Bu safar… gumonim to‘g‘ri chiqdi!

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 1-son