Shukrullo. Kafansiz ko‘milganlar (roman)

KO‘ZI BOG‘LIQ ODAM

Odam o‘ldiribmi yoki o‘g‘irlik qilibmi, ishqilib biror gunohga botib qo‘lga tushgan kishining ahvolini tasavvur qilish mumkin. Ammo hech narsadan hech narsa yo‘q mutlaqo begunoh bir odamning uyidan qo‘liga kishan solsalar-da, olib chiqib, qamab qo‘ysalar, bundoq quruq tuhmat kimning xayoliga keladi-yu, qaysi risolada bitiladi.
1951 yili nashriyotda muharrir bo‘lib ishlardim. Mutlaqo begona bir odam menga ish oxirida telefon qilib, sizning muxlislaringizdan biriman, ko‘rishmoqchi edim, degan istak bildirdi. Men, vaqtning kech bo‘lib qolganini, bundan tashqari ayni zamonda imkonim yo‘qligini, ijod haqida hamisha gaplashish mumkin, degan vaj-korsonga qaramay, atigi besh minutgina vaqtingizni olaman, yaqin joydaman, o‘zingizda bo‘lsangiz hozir boraman, dedi-da mening javobimni eshitmasdanoq trubkani qo‘yib qo‘ydi. Uning iltimosining tagida nima maqsad borligi, hamma gapi yolg‘onligini eng befahm odam ham tushunardi.
Bu yaxshilikka emasligini sezgan edim. Axir, o‘sha kezlari mening eng yaqin kishilarim, do‘stlarim — shoir Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, Hamid Sulaymonlar qamoqqa olib ketilgan edi… Bu — navbat menga kelganidan darak edi.
Oradan ko‘p o‘tmay nashriyot xodimlaridan kimdir tashqarida meni qandaydir odam kutayotganini, chaqirib berishni iltimos qilganini aytdi. Chikdim.
Begona odam ishshayib salomlashdi. Atrofga olazarak qarab meni chekkaroqqa oldi.
— Men voyenkomatdanman, harbiy biletingiz yoningizda bo‘lsa ko‘rsam, — dedi.
Tinchlik bir zamonda bunday gap kishini taajjubga solishi tabiiy, albatta bu meni ham hayratga soldi.
Kerakmas vaqtda bu hujjatni yonimda olib yurmasligimni aytdim. Ammo u esa qat’iy qilib, uyingizda bo‘lsa ko‘rishim kerak, — dedi. O‘sha yillardagi «ovchi»larning sinalgan usuli edi bu.
Pastga tushdik. Ko‘chada gaz mashina kutib turar, mashinada baland bo‘yli rus kishisi ham bor edi. O‘sha zahoti qo‘limga kishan solishdimi, yo‘qmi — yodimda yo‘q, uyga keldik. Ular nomiga harbiy hujjatimni ko‘rgandek bo‘lishdi-da, uyda kim bor, kim yo‘qligini aniqlagandan keyin hech kim hech qayoqqa qimirlamasligi lozimligini ta’kidlashdi. Mendan esa uyda qurol-yarog‘, taqiqlangan siyosiy adabiyotlar bor-yo‘qligini so‘ragach, tintuv boshlashlarini aytdi. Men nima ham derdim! Birorta odam taqiqlangan kitoblar saqlagan deb ma’lumot bergan bo‘lsa, bunday narsalar menda yo‘qligidan xotirjam bo‘lib qarashsa-qarashaversin deb ko‘nglimdan o‘tkazib qo‘ydim. Xalq dushmani bo‘lib qamalib ketgan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosirlarning kitoblari, hattoki ularning nomlari yozilgan gazeta va jurnallar chiqib qolarmikan degan umidda rosa izlashdi. Hatto otam, qarindosh-urug‘larimning 20—30-yillarda ovro‘pacha yoqada tushgan rasmlarigacha yig‘ishdi. Keyinchalik bilsam, ularni jadidlarga
aloqador, degan shubhada olishgan ekan. Hatto men bilan o‘rta va oliy maktablarda birga o‘qigan do‘stlarim, mahalladosh, tanish-bilishlarimning urushdan yuborgan suratlarini ham olishdi. Ular uydagi narsalarni har yoqqa otib-sochib tintuv qilardilar. 4 yoshli o‘g‘ilcham bo‘lsa hech narsadan xabari yo‘q ularga men yozgan «Kreml yulduzlari» degan she’rni o‘qirdi.
Tintuv paytida guvohlik uchun chaqirilgan qo‘shni ayol go‘dakning o‘z otasi taqdiridan bexabarligidanmi yoki menga achinganidanmi, uni bag‘riga bosib ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Men esa uyimda taqiqlangan biror narsa topilmasligiga komil ishonch bilan xotirjam edim. Ammo bu xotirjamlik uzoqqa cho‘zilmadi. Tintuv tugagach, meni o‘zlari bilan olib ketajaklarini aytishdi. Qayerga, nega, aniq javob berishmadi. Xohlasangiz, ehtiyotdan ko‘rpa-yostiq, kiyim-kechaklar olishingiz mumkin, deb qo‘yishdi.
Xotin, bola-chaqa, uyimda hozir bo‘lgan qo‘ni-qo‘shnilarning qiy-chuvi ostida men ular bilan ketdim.
Boshimga tushgan bir necha yillik ayriliq, qaro kunlar mana shu daqiqadan boshlandi. Ammo oldimdagi yo‘l qandoq, xuddi ko‘zi bog‘liq odamdek menga qorong‘i edi.
KGB qamoqxonasining yakka xonasida yotganimga mana bir necha kun bo‘ldi. Qamalganimning ertasi kuni sochimni qirtishlashdi. Bu ham xunuk bir xabarning, ya’ni bu dargoxdan yaqin orada chiqishdan umid qilmaslik belgisi edi. Xuddi shuni tasdiqlagandek nomim yozilgan taxtachani ko‘kragimga qo‘yib rasmimni olishdi. O‘zini-o‘zi osib yoki bo‘g‘ib qo‘ymasin degan «g‘amxo‘rlik» bilan kamarim bormi, hatto tomirini kesib, o‘zini-o‘zi o‘ldirmasin degan maqsadda bo‘lsa kerak, shimimdan tortib hamma kiyimlarimdagi tugmalargacha qirqib olindi.
Qamalganimning nechanchi kuni, yodimda yo‘q, men yotgan xonaning temir eshigidagi tuynukdan nazoratchi nomimni aytib chiqishga tayyorlanishimni buyurdi.
Kutib turdim. Eshik ochilib chiqishim bilan nazoratchi boshdan oyoq go‘yo men nimanidir yashirib qo‘ygandek hamma joyimni tintib chiqdi-da, qo‘lingni orqaga qil, yo‘lda gapirma, yur deganimda yur, to‘xta deganimda to‘xtaysan, deb tartibni tushuntirib, qayergadir olib ketdi. Bu do‘q-davaraning zamirida shu bugundan boshlab butun insoniy huquqlardan mahrumsan, kimligingni endi unutaver degan ishora bor edi.
Xo‘sh, meni qayerga olib bormoqchi? Yana qanday ko‘rgiliklarim bor — bular faqat xudoyimning o‘zigagina ayon edi.
Qamoq nazoratchisi meni tergovchi Suxanovning xonasiga olib kirdi.
— Xo‘sh, ahvoling qalay? — dedi u soxta mehribonchilik bilan ishshayib. Bu «mehribonchilik»ni aynan masxaralash, deb tushunish lozim edi.
Bugungi tergovda go‘yo tug‘ilganimdan boshlab shu kungacha bo‘lgan qilmishlarimni eslatib, yodimga solmoqchi bo‘lgandek, tarjimai holimni surishtirishdan boshladi. Tug‘ilgan yilimdan tortib to ota-onam kimligi, qachon tug‘ilib, qachon o‘lganiyu, qarindosh-urug‘larim kim bo‘lgan, qamalganmi-yo‘qmi, chet ellarda bo‘lganmi-bo‘lmaganligigacha hammasiga javob berdim. U esa nimalarnidir uzoq vaqt yozdi. Nihoyat yozganlarini o‘qib berib, qo‘l qo‘yishimni so‘radi. Qo‘l qo‘yishdan avval o‘qidim-u yoqa ushladim. Tug‘ilgan yilimdan boshqa deyarli hamma gaplar buzib, men aytmagan narsalar qo‘shib yozilgan edi.
Otang kim, degan savolga otam ham, avlod-ajdodim ham emchilik kasbi bilan shug‘ullangan deb bergan javobim otam dindor, domla bo‘lgan, men o‘zim sovetlarga qarshi targ‘ibot bilan shug‘ullanganman, deb yozilibdi. Axir tarjimai holimni buzib yozishdan maqsad nima? Bundan kuzatilgan birdan-bir maqsad, butun avlod-ajdodi bilan sovetlar dushmani, degan tavqi la’natni bo‘ynimga osish, xolos. U paytlarda, ayniqsa, dindormi, tamom sovetga qarshi dushman, degan so‘z edi.
Men qo‘l qo‘yishdan bosh tortdim. Mana shu bugundan boshlab oqni qora, qilmagan gunohlarimni qildi deb ko‘rsatish, do‘q-haqorat, yolg‘on boshlandi.
Bu haqorat va xo‘rlik azoblaridan qutulish uchun bitta yo‘l bor edi, u ham bo‘lsa men sochimning tolasidan tirnog‘imgacha sovet davlatiga dushmanman, millatchiman, deb yozib berishim edi, xolos. Bu esa o‘zimni o‘zim o‘limga hukm qilish bilan barobar edi.
Kim bunga rozi bo‘ladi?! Rozi bo‘lmasang-chi? Kartserga tashlashadi. Kartser qanday bo‘ladi, bilasanmi? Yotar joying tsement. Har kuni yeydigan bir cho‘mich yovg‘on so‘k oshi yoki suli bo‘tqadan ham mahrum bo‘lib, ikki yuz gramm non va suvga kuning qoladi. Oylab senga uyqu bermasliklari mumkin. Uyingdan kiritiladigan yeyish-ichishdan ham, xat-xabardan ham mahrum etilasan. Istagancha haqorat qilishlari, azoblashlari mumkin. Bularning hammasiga bardoshing yetadimi? Yashashdan umiding bormi? Qancha chidaysan? Nima qilish kerak? Yolg‘onlarni rost deb tan olish — bu o‘zingni o‘zing dushman deb hukm chiqarish bo‘lmaydimi? Xo‘sh, bordi-yu shunday ham qilding, baraka top, deb seni qamoqdan ozod qilib yuborishadimi?
To‘qima aybnomalarga qo‘l qo‘yishni rad etganimdan keyin tergovchi:
— Nega qamalganingni bilasanmi? — dedi.
Bu bilan, sen qo‘l qo‘yasanmi, yo‘qmi, seni dushman deb qamadikmi, majbur qilamiz, demoqchi. Albatta, mening hayratlanishim va yo‘q deyishimdan o‘zga javobim bo‘lmas edi. Mendan yo‘q javobni eshitgach, tergovchi o‘tirgan joyidan darg‘azab qo‘zg‘alib:
— Makkor!.. Makkor! Dushman makkor bo‘ladi! Sovetlarga qarshi harakatlaring, panturkizm va panislomizm qarashlaring haqida bizlarni bilmaydi deb o‘ylaysanmi! Zo‘rlab, qiynamasimizdan hammasini yashirmay, o‘zing gapirishing ma’qul, bu gunohingni yengillashtiradi. Maksim Gorkiy nima degan? Shoirsan, bilishing kerak! «Dushman o‘zi taslim bo‘lmasa, uni majaqlab tashlaydilar», shundaymi? — dedi.
— O‘zi yo‘q narsani nimasini yashiraman? Gunohimni bilsang, aytaber! Meni sovet davlatiga hech qanday dushmanligim ham, yengillatadigan yoki og‘irlatadigan gunohim ham bo‘lgan emas.
Mening bu javobim unga haqorat tuyulib, stolga g‘azab bilan musht urib:
— Dushmanligingni yashirib bizni aldamoqchimisan, tuhmatchi! Senga shafqat bo‘lmasligini o‘yla! — deb urmoqchi bo‘lgudek tepamga kelib turib oldi.
Hamisha to‘tiqushdek bir gapni qaytarardi:
— Sovet davlatiga qarshi qanday va kimlar bilan birgalikda kurashmoqchi bo‘lgansan? Biz majbur qilmasimizdan o‘zing ayt!
U qancha do‘q-po‘pisa, haqorat qilmasin, mening ham javobim faqat bitta bo‘ldi:
— Men dushman bo‘lmagan bo‘lsam, nimani o‘ylayman!.. Nimani aytaman!
— Sening ashaddiy dushmanligingning bitta belgisi shundaki, hattoki sen sovet chekistlarini yolg‘onchi qilmoqchi bo‘lasan, ularga ham ishonmaysan.
— Yo‘q!.. Men chekistlarni eng fidoyi, davlat va vatan manfaatidan o‘zga manfaatni o‘ylamovchi, eng halol odamlar deb hisoblaganman.
Ammo men tergovchiga nima javob qilmay, har bitta so‘zimni aksini aytib, mendan dushman chiqarmakka intilardi.
— Yaxshilikcha millatchiligingni bo‘yningga olmasang, dalil va guvohlar bilan dushmanligingni fosh qilamiz, bizlarga ishonib, aybingga iqror bo‘lsang, yana takrorlayman, gunohing yengillashadi, tergovni tezroq tugallashga sabab bo‘lardi… O‘yla!
— Gunohim bo‘lsa guvohsiz ham, dalilsiz ham tan olaman. Yo‘q gunohni nimasini o‘ylayman! Gunohim bo‘lsa ayt!
— Millatchilik faoliyatingni yashirasanmi?
— Tuhmat!
— Qamalgan millatchi, xalq dushmani yozuvchilar bilan aloqang-chi?
— Hech qanday millatchi bilan hech qachon aloqam bo‘lgan emas. Bo‘lsa, aytaber, tan olaman!
— Bizga hammasi ma’lum. Dushman makkor bo‘ladi, darhol tan olmaydi.
Javoblarimdan jini qo‘zigan tergovchi mendan oldinroq hibsga olingan Hamid Sulaymon, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, aka-uka Alimuhamedovlar, Mahmud Murodovlar bilan tanishligim, qanday aloqada bo‘lganim, qayerlarda uchrashganimiz va sovetlarga qarshi qanday g‘oyaviy qo‘poruv ishlari olib borganimiz haqidagi savollarga javob berishimni talab qila boshladi.
Bunga dod deyishdan boshqa iloj yo‘q. Qayerga qochasan? Nimani o‘ylab, nimani iqror qilaman.
— Biz hech kimni nohaq qamagan emasmiz. Gunohsiz odamlar bu yerga kelmaydi.
Tergovchi menga zug‘um bilan qaradi-da, nazoratchini telefon orqali chaqirib meni olib ketishni buyurdi.
Mana necha kundirki, yakka kishilik kameradaman. Tergovchi meni unutib qo‘ydi. Gunohlarini obdan o‘ylab olsin, deb chaqirmayotgandir balki. Unday bo‘lsa qaysi gunohimni o‘ylay! O‘zimga-o‘zim savol beraman, qilgan gunohlarim bormikan deb axtaraman. Balki unutgandirman…
Bordiyu kimdir menga bu ko‘rgiliklar biron payt ota-onangning dilini ranjitganing, ozor berganing uchun desa, ularning oyoqlariga yiqilib tavba-tazarru qilishga, hatto har qanday jazoga ham rozi bo‘lardim. Ammo o‘z vatanim, xalqimga esa aslo xiyonat qilgan emasman! Agar shundoq bo‘lganda o‘limimga rozi edim.
Taqdirimni vijdonimga havola qilib, o‘z-o‘zimga savol ham berib ko‘raman. Axir hayotdan, siyosatdan norozi bo‘lgan vaqtlarim bo‘lmaganmikin? Bo‘lganmi? Balki shuning uchun qamashgandir?
Qamoqqa olib kelganlaridan beri qish o‘tib, bahor ham kirib keldi. Bu orada yerdan ko‘katlar unib, dalalarda lolalar ochildimi, daraxt kurtak chiqarib gul yozdimi, bilmadim, bularni ko‘rishdan butkul mahrumman. Qushlar ovozi ham men uchun yot. Men yotgan qamoqxonaga na bahor shamoli, na ko‘klam nafasi kiradi. Qilgan qay gunohlarimga xudo o‘zining bu orombaxsh ne’matlaridan meni mahrum qildi!?
Qani, tergovchi aytgandek boshdan kechirganlarimni o‘ylab ko‘ray-chi… Beayb parvardigor degandek qaysi gunohlarimga xudoning qahri keldiykin? Otam qori bo‘lsa ham gunohkormanmi? Bordi-yu Abdulla Qodiriy yoki Usmon Nosir asarlarini o‘qigan aybmi? Bundan Sovet davlatiga nima dushmanlik bo‘lishi mumkin? Meni nima aybim bor?
Menga qo‘ygan asosiy ayblaridan biri — Sovet hokimiyatiga dushmanligim, Sovet turmush tarzidan, siyosatidan noroziligim, nolishim emish! Dushmanlik bor, norozilik bor!.. 1930 yillarda odamlar ochlikdan shishib qirildi. Bunga kim rozi bo‘ladi? 1937 yilda begunoh odamlar qamalib, yo‘q bo‘lib ketdi. Kim bunga rozi bo‘ldi? Aqlimni tanibmanki, yoshlik chog‘larimdanoq hamisha bir xavfu xatar bilan yuragimni hovuchlab, norozilik bilan kun kechirganim rost, buni yashirmayman. Nahotki bu dushmanlik sanalsa!

Romanning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling