Shodmon Sulaymon. Uchinchi palata (qissa)

…Bugun ilk qor yog‘di. Qishning beg‘ubor nafasi keng-mo‘l xonalariga, orasta yo‘laklariga xastalarning ko‘ngli kabi og‘ir sukunat cho‘kkan shifoxonaga ham bos­tirib kirdi. Shundoq ham qordek oppoq kiyim kiyib yuradigan hamshiralar shifoxona derazalari atrofida chug‘urlashib, bir-birlarini suyunchilashdi. Ularning kayfiyati bemorlarga ham ko‘chdi. Kim bosh hakimga qorxat yozib, uyga borib-kelish uchun bir kunga ijozat so‘ragan, kim hamshiradan achchiq dorilar o‘rniga shirin so‘zlar o‘tingan… Faqat Shoir yotgan uchinchi palatada jonlanish sezilmaydi.
Xonada tun bo‘yi navbatchilik qilgan Nafisa dugonalarining shovqini o‘ylariga xalal bergan kabi qoshlarini chimirib, derazaga qaradi. O‘ynab-o‘ynab yog‘ayotgan laylakqorni ko‘rib, chehrasiga shodlik yugurdi. Yosh boladek sapchib turib, derazaga yaqinlashdi. Derazani ochib qor o‘ynagisi keldi. Biroq yuzining rangi qordan farq etmay qolgan Shoirga ko‘zi tushdi-yu, tag‘in ma’yus tortdi. Shoir bu yilgi qorni ko‘ramanmi, yo‘qmi, deya armon qilgan edi. Uni uyg‘otgisi, “dunyoning qilvirliklariga go‘yo qasdma-qasd” (Shoir jahli chiqqanda doim shunday der edi) yog‘ayotgan qorni ko‘rsatib suyuntirgisi keldi. Lekin…
…“– Kuzni yaxshi ko‘rasizmi?
– Nega bunday deb o‘yladingiz?
– Kuz haqidagi she’rlaringiz ancha-muncha ekan…
– Ehtimol… lekin bulutli havoni, mayin yoqqan yomg‘irni yaxshi ko‘rishim aniq. Yana… birinchi qorni yaxshi ko‘raman. Bu yilgi ilk qorni ko‘rsam, armonim yo‘q edi…”
Shoir shu so‘nggi jumlani ayta turib, Nafisaga allaqanday g‘alati, xuddi eng yaqin odamiga qaragandek tikilgan edi. Bu nigohlarda aytilmagan uzrlar, so‘zga ko‘chmagan izhorlar, o‘lim sharpasini his qilib turgan chorasiz insonning ma’yus­ iltijosi, Nafisa ta’rifini keltirishga ojiz bo‘lgan, kamdan-kam odamlar nigohida uchraydigan allaqanday mung bor edi. Nafisa bir necha kun oldin Shoir hushiga kelgan damda bo‘lib o‘tgan bu suhbatni esladi-yu, xayoliga kelgan, ammo tiliga ko‘chib ulgurmagan fikridan uyalib, o‘zini noqulay his qildi. Ikki oydan beri “na tuzalishi, na taqdirga tan berishi aniq bo‘lmay, shifoxonaning dardisariga aylangan” Shoir akasining shundoq ham nozik bo‘lib qolgan ko‘ngli birinchi qor ­xabaridan shod bo‘larmikan? Axir u Nafisaning xushxabarini eshitib, “Mana, Nafisaxon singlim, birinchi qorni ham ko‘rdim, so‘nggi orzuim ham ushaldi, endi bearmon o‘laversam ham bo‘ladi”, demaydimi? Odamning begonasi bo‘lmaydi. Har holda, Nafisa shunday deb o‘ylaydi. Dugonalarining g‘alati qarashlariyu pisandalaridan qat’i nazar, shirin so‘zu tabassumga muhtoj bemorlarning birini aka, birini opa, birini uka, birini singil deya mehribonchilik qilishni burch deb biladi.
Ammo Shoir butunlay boshqacha. Bir qarasa, undan muloyim, undan sergap odam yo‘q. Biroq jahli chiqqanda uning nigohiga dosh berish, undan birgina so‘z eshitish mashaqqat. Nafisa uning ba’zan oddiygina narsadan hayratga tushib hayajonlanib ketishiga, ba’zida hatto eng dahshatli xabarni bamaylixotir eshitib, “Ha…”, deb qo‘yishiga bir necha marta guvoh bo‘lgan. “Mavhum odam, – degan edi bir kun bosh hakim Shoirning bu fe’liga ishora qilib. – Bunaqalarga yashash juda og‘ir bo‘lsa kerak…”
Shoirga og‘ir ekanligini Nafisa ham biladi. Ammo buni bosh hakim talqin qilganchalik vahimali tasavvur qilmaydi. Bir paytlar maktabdagi adabiyot muallimi “Yaxshi ijodkorlar yozganlariga juda-juda o‘xshaydilar”, degan edi. Nafisa Shoirning she’rlarini kasalxonaga tushmasdan avval ham o‘qigan. Muallimning gapiga Shoirning o‘zini ko‘rgach ishonch hosil qildi. Shoir kasalxonaga kuzning iliq quyoshi kabi jilmayib kirib kelgan edi. Ko‘richagidagi og‘riq zo‘rayib, jarrohlik xonasiga olib kirilayotganda ham, hamshiralarga “gap otib”, go‘yo ularga dalda bergan edi. Lekin so‘nggi bir yarim oydan beri Shoirning hayoti ham, kayfiyati ham kuz to‘zoniga o‘xshab qoldi. Nafisa endi Shoirni bandidan uzilay-uzilay deb turgan kuzgi yaproqqa o‘xshatar, u go‘yo o‘z she’rlaridagi zorlarini aytib ado qilolmagan za’faron yaproqqa aylanayotgan edi. Hozir esa…
Bir necha kundan beri goh hushidan ketib, goh hushiga kelib, ozurda joni borliq va yo‘qlik orasida yarador qushdek ojiz talpinayotgan Shoir shu topda hushi o‘zidami-yo‘qmi, avvaliga anglolmadi. O‘ng biqini va yuragida og‘riq sezgach, hushiga kelganini bildi. So‘nggi yillardagi zerikarli mashg‘uloti – o‘y surish, og‘ir o‘ylar girdobida jon talashishga tag‘in o‘zini mahkum etgisi kelmay, xayolan she’r o‘qishga tutindi. Shu bilan go‘yo yozganlarini sarhisob qilmoqchi, tinchgina ko‘z yumishga haqi bormi-yo‘qmi, aniqlamoqchi bo‘ldi. Taassufki, ming mashaqqat bilan xayolida tik­langan misralar uni avvalgidan ham og‘irroq o‘ylar girdobiga uloqtirib tashladi.
Uff… Aslida shu o‘ylar emasmi she’r yozdirgan?! Shu she’rlar emasmi odamovi qilib qo‘ygan?!
Dunyo kengmi? Unda nima uchun sovuq basharasini ko‘rsatmaslikni Yaratgandan tavallo qilib so‘raganing ablah kimsalarga istasang-istamasang har damda duch kelaverasan?! Dunyo tormi? Unda ne sabab yuragingga jon qadar yaqin olganing, diydoriga mushtoq bo‘lganing, taqdir taqozosi bilan yo‘ldami, safardami, qishloqdami, shahardami tanishib, mehr qo‘yganing insonlarning diydori qiyomatga qolaveradi?!… Shoir bu haqda juda ko‘p o‘ylaydi. Ehtimol, dunyoning ishlari u o‘ylaganchalik chigal emasdir. Ehtimol, u umrning har kunidan ma’ni izlab yashashga odatlangani uchun tiriklik dunyo bilan murosadan iborat ekanligini unutib qo‘ygandir…
Ishga endi kelgan paytlari o‘ziga bino qo‘ygan yoshi kattaroq bir oliftani “Sizning fikr tarzingiz o‘n gektarlik ishxona hududidan tashqari chiqolmaydi”, – deya taxtadek “mixlab qo‘ygandi”. Ehtimol, ozmi-ko‘pmi ulg‘ayib, o‘zi ham tor o‘ylaydigan bo‘lib qolgandir. “Torga tor dunyo, kengga keng dunyo”, deydilar-ku, axir. Hamkasblari uning dalli-devona fe’li bois davralarga osonlikcha kirishib ketolmasligini ko‘p ko‘rishgan. Shu bois ular Shoirning ba’zan mehri tovlanib ketib, aytgan shirin so‘zlarini ham yolg‘onga, aniqrog‘i, pichingga yo‘yishadi.
Aslida ko‘pchilik Shoirning yig‘lasa yuragini parchalab yig‘lashi-yu, kulsa quyoshdek beminnat kulishini bilmaydi. Yana kim biladi, deysiz? Bani odam ichra she’r yozmasa ham, shoirni tushunadiganlar ozmi-ko‘pmi bor. Shoir maktab sabog‘idan so‘ng qo‘li kitob ko‘rmagan, ammo dunyo haqida allomayi davronlardan salmoqliroq fikr ayta oladigan odamlarni ko‘rgan. Inson ko‘ngli haqidagi ancha-muncha kitob­larni titkilagan-u, ammo vaziyat taqozo qilganda, “odamlarning yuragiga oyoq qo‘yib devor oshadigan” gapdonlarni ko‘raverib ko‘zi qotgani rost. Biroq ko‘ngil haqidagi balandparvoz mashvaratlardan “qochgani” sabab tanbeh eshitgan, aslida hech bir kengashsiz umrini o‘zgalar yuziga tabassum indirish, odamlar ko‘nglini obod qilish uchun sarf etishga hozir bo‘lgan insonlarga ham ahyon-ahyon duch kelgan.
Nega ahyon-ahyon? Dunyoni butun ko‘rish abadiy armonmi?! Balki dunyo haqiqatan ham tordir? Unda ne sabab yaxshilik qilish uchun uzalgan qo‘l havoda muallaq qolaveradi? Ehtimol, dunyoni keng deganlar donishmandroqdirlar? Unda ne sabab ular bir qarich yer uchun bosh yorguvchilarga, omonat obro‘ ta’ma qilib yovlashguvchilarga bu haqiqatni isbotlab berolmaydilar? Yomonlikdan qaytish shunchalik mashaqqatmi? Yaxshilikdan yuz burish shunchalik osonmi? Yaxshilik va yomonlik orasidagi masofa qayerda o‘zi?
Shu topda ustozlaridan birining “Aslida yaxshilik bilan yomonlik orasidagi masofa juda qisqa. Birovga yomonlik qilsang, uni o‘ziga yaqin oluvchilarni ranjitgan bo‘lasan. Birovga yaxshilik qilsang, uni yomon ko‘radigan odamlarning paytavasiga qurt tushadi”, deya istehzo ila bosh chayqab qo‘ygani tag‘in esiga tushdi. Ehtimol, bu fikr ko‘pni ko‘rgan odamning yillar davomida sinovdan o‘tgan hayotiy xulosasidir. Ammo Shoir har galgidek bu safar ham ustozning bu xulosasi bilan murosa qila olmadi. Illo, yovuz xayollari ro‘yobiga bois-bahona izlab yurganlar kammi? Ularga bu gapni shivirlab aytib ko‘ring-chi. Ustozning tirik­lik haqidagi dardli armoni o‘laroq aytilgan bu xulosani mutlaq haqiqat deya qabul qiluvchilar, gapi o‘tadigan davralarda boshqalarga shu tarzda fatvo beruvchilar chiqib qolmaydimi? Bir qo‘lda asal tutib tabassum qilish, bir qo‘lda zahar tutib fursat poylash… Uh… Ay, g‘ofil, bundaylar yo‘q deysanmi? Aslida ustozning fikriga qo‘shilasanmi-yo‘qmi, dunyo shafqatsiz hukmini o‘qiyveradi. Uyda yegan asaling bekatga yetar-etmas zaharga aylanaveradi… Kimdir dastlab yuragingga ayovsiz pichoq sanchib, so‘ngra o‘zing bilan qo‘shilib yig‘layveradi… Po‘rtanasi ming yillik ummonlarga tutashib ketgan bu asov oqimga qarshi suzish mumkinmi?
Siqilib ketdi. O‘ziga o‘zi vahimachi bo‘lib ko‘rindi. Dunyoda faqat yomon odamlar yashamaydi-ku, axir. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lgani bilan dunyo tugab qolarmidi?! Shu qorong‘i tunlar arazi deb oldinda kutayotgan yorug‘ tunlar umidini o‘ldirish, yorug‘ kunlar quvonchini yerga qorish mumkinmi?!
Yoki dunyoda yaxshi yashash uchun befarqroq bo‘lish kerak, deguvchilar haq ekanmi? Yo‘q, aslo! Oqni ham, qorani ham bir taroziga solguvchilardan, balandni ham, pastni ham bir mezonda baholaguvchilardan, xullas, nafratini muhabbatidan, muhabbatini nafratidan farqlab bo‘lmaydiganlardan badbaxtroq odam yo‘q. Shodligiyu xurramligidan tashqari, dardu kulfati bilan-da go‘zal insonlar yo‘qmi dunyoda?
Shu topda sobiq xonadoshlarini esladi. Zero, ular qay jihatlari bilandir Shoirning yuragiga o‘rnashib qolishgan edi…

* * *

…U jarrohlik xonasida ko‘p qolib ketmadi. “Ko‘richak nima bo‘libdi? O‘n besh minutda yest qilamiz-da, Shoir aka”, – degan yosh jarroh yigit “va’da”sining ustidan chiqdi. Dorilar ta’sirida og‘riq sezmay jimgina yotgan Shoirni ikki-uch hamshira sho‘xligu erkalik bilan palataga o‘tkazishdi. Shoir xonadoshlariga tuzukroq razm solib ulgurmay, uyquga ketdi. Erta tongda og‘riq zo‘ridan bezovta bo‘lib, ingrab uyg‘onganida, boshi ustida unga xavotirli nigohini tikib turgan ellik yoshlardagi odamni ko‘rdi.
– Og‘riq bezovta qilyaptimi, birodar?.. Hechqisi yo‘q, bir-ikki kunda oyoqqa turib ketasiz! Mana, qaynoqqina choy ichib oling.
– Rahmat sizga, – dard soya solgan yuzi yorishib bosh irg‘adi Shoir. – Rahmat…
Keyingi kun Shoir ancha o‘ziga keldi. Xonadoshlari bilan yaqinroq tanishib oldi. Kecha unga mehribonlik qilgan kishi xonadoshlarning eng yoshi ulug‘i, hunarmand usta edi. Shu bois uni Usta deya hurmatlashar ekan. Tanasiga og‘riq chang solayotgan bo‘lsa-da, besh vaqt namozini kanda qilmayotgan o‘rta yoshlardagi kishini Mulla deya e’zozlashar ekan. Shoir Mulla bilan tengdosh uchinchi xonadoshni kim deb atashlarini aniqlay olmadi. U ko‘rimsizgina kiyingan, soch-soqoli betartib o‘sgan, kun bo‘yi shiftga termilib yotishdan o‘zga tashvishi yo‘qdek hech kim bilan gaplashmas ham edi. Illo, bir necha kun davomida uni so‘rab keladigan kishi ham bo‘lmadi.
Shoir uning yolg‘iz yashashini, yaqinlaridan uzilganini, dunyo shodliklaridan mahrum bo‘lib qolganligini tushundi. Uni o‘zicha Mosuvo deya ataydigan bo‘ldi. Albatta, bu nomni tiliga chiqarishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Ammo bu topilmasi hazin kayfiyatiga mos kelganidan uni unutib ham yubormadi.
Shoir shifoxonaga kelib bir haqiqatni angladi: bu yerdagilarni faqat tanasining dardi emas, qalbining dardi ham birlashtirib turar ekan. Ehtimol, dunyoning o‘zi shu mantiqqa qurilgan-u, Shoir buni endi, dardmandlar bir joyga to‘planib qolganda anglagandir? Shifoxona ham darsxona ekan-da…
Bu dunyoda bedard odam bor ekanmi?! Tan dardi-ku, baharnav. Harholda, uncha-muncha emas, shaharning birinchi darajali shifoxonasi – shoshilinch tibbiy yordam klinikasida yotishibdi. Oppoq xalati o‘ziga yarashib, u yoqdan-bu yoqa yugurgan do‘xtirlarga hukumatning aqchasini oqlamoq ham farz. Ammo tan dardi baharnav, ko‘ngil dardiga davo bormikin? Dil dardiga dori bormikin?
Og‘ir o‘yga botgan Shoir, keyingi o‘n besh kunning nari-berisida ikkinchi marta kasalxona zambiliga yotgan Usta, do‘ppisini burni aralash ko‘ziga qo‘ndirib mudrayotgan Mulla, karavotni g‘ijirlatib, u yoqdan-bu yoqqa to‘lg‘onayotgan, sassiz-sadosiz shiftga qadalib yotgan Mosuvo – hamma-hammasining o‘z dardu g‘ami bor…
O‘z farzandining, birodarlarining yomon odam bo‘lishini istaydigan ota-ona, og‘a-ini yo‘q dunyoda. Shoir o‘z adlu diyonati bilan ko‘pchilik orasida obro‘-e’tibor qozongan va o‘z jigarporalari, qondoshlarining ham diyonatli bo‘lishini istagan kishilar xonadonida unib-o‘sdi. Ularning oilasi muhtasham saroyda istiqomat qilmasa-da, benihoya katta edi. Shu darajaga yetgan ediki, biror jiddiyroq sabab tufayli barcha qavmu qarindoshlar jamlansa, kichikroq bir qishloqqa sig‘ishi mushkul edi. Qishloq keksalarining ko‘pchilik oshkora havas bilan boqadigan bu oilani ildizlari tarvaqaylab ketgan chinorga o‘xshatishlari sababini Shoir keyinroq – ancha ulg‘ayib qolganida tushunib yetdi. Binobarin, ularning faqatgina chinorning tomirlarini emas, balki viqor bilan qo‘r to‘kib turgan shoxlarini ham nazarda tutishganiga shubha yo‘q. Oila chinorining savlatdor shoxlari shoirning taqvodor bobo-buvilari, ota-onasi, aka-opalari, mamlakat bo‘ylab yoyilib ketgan qavmu qarindoshlari edilar. Tabiiyki, ular oila sha’nini barcha narsadan ustun qo‘yishar, xalqning e’tiboridan qolish ular uchun halokatga teng edi. Tabiiyki, o‘z xatti-harakatlarini bekamu ko‘st baholay olish layoqatiga ega bo‘lgan oila kattalarining fikru zikri oilaning “bebosh”, o‘yinqaroq bolalari tarbiyasi bilan band edi.
Go‘daklar tomirlariga qon bilan oqib kirgan ezgulik nuri oila kattalarining jonkuyarliklari bois soat sayin teranlashib borar edi. Opa-akalarning tergashlari, achchiq tanbehlari bolalar ko‘ngliga og‘ir botmas, aksincha, murg‘ak qalblarida ildiz otayotgan ezgu hislar ularga ajib farog‘at baxsh etar edi. Atrofdagilarning boshqacha nazar bilan qarashlari, kattalarga xos mulohazalarini eshitib, jilmayib qo‘yishlari xush yoqardi, ularga.
Go‘daklarning o‘yinlari, jajjilarga xos mashg‘ulotlari ham oila ruhiyatiga mos edi. O‘rtancha aka o‘rgatgan “Yaxshi va yomon bola” o‘yini, ayniqsa, bolalarning asosiy vaqtini band qilardi. O‘yin talabiga muvofiq ular yaxshi va yomon bolalar sifatida ikki guruhga bo‘linishar, guruhlar to‘lgach ortib qolgan bolalarga qozi hamda a’yonlar, mirshablar vazifasini o‘tash topshirilar edi. O‘yin juda qiziqarli, shuning barobarida, qat’iy qoidaga ham bo‘ysunar ediki, guruhlarga bo‘linish jarayonida chekiga yomon bola bo‘lish tushib qolgan ishtirokchilar jo‘raboshiga ochiq-oshkora norozilik bayon qilishar, bu ajrimga xayrixoh emasliklarini yashirib o‘tirishmasdi. O‘yin uchun yolg‘ondakam bo‘lsa-da, yomon bola bo‘lgisi kelmasdi ularning…
Kattalarning unga munosabati boshqalarga nisbatan o‘zgacharoqmidi yoki bolalik xotirasi qatlariga mehrga to‘la kunlari manzarasi teranroq muhrlanganmi, harholda, Shoir o‘sha kunlarni entikish bilan eslardi. Aslida oila kattalarining undagi qiziqishlar bilan hisoblashishgani, ba’zida erinmay eng mayda ikir-chikirlar uchun-da besaranjom bo‘lishdan og‘rinmaganliklari bejiz emas edi. Ular bu murg‘ak qalbning o‘y-fikrlarida, favqulodda katta rejalarida uning ertasini ko‘rishgan edi. O‘rtancha aka unga kitob tashishdan erinmadi, ota-ona ro‘zg‘orning o‘ru qiridan chegirib, aytganlarini muhayyo qilishni odatga aylantirishdi. Shoir yaxshi farzand, yaxshi uka, yaxshi o‘quvchi, yaxshi talaba bo‘lishga jon-jahdi bilan harakat qildi. Keyinroq yaxshi xodim, yaxshi ota bo‘lish mashaqqatlariga ro‘baro‘ keldi. U bularning barchasiga ulgurayotganligidan, barchasini uddalayotganligidan hayratga tushar, quvonchi ichiga sig‘mas edi.
Zamonasining olimi davronlari fanning allambalo muammolari haqida bosh qotirishga kirishgan, dunyoni o‘zgartirib yuboradigan kashfiyotni mana men qilaman, deya ko‘kraklariga urib yurgan paytda Shoir hayotning ikir-chikirlarini muhokama qilib, o‘y surish bilan band bo‘ldi. Birodarlari “Dunyoni buncha toru taqir qilasan. Sendan boshqalar ham bordir uning tashvishini o‘ylaydigan”, deyishdan charchashsa-charchashdi, ammo Shoir mushohadalariga erk berib, peshona tirishtirishdan charchamadi. Boshiga bulut qo‘ngan kasbdoshlari uni mahmadona deya “alqashdi”, hazilga o‘ch birodarlari donishmand, deya “elkasiga qoqishdi”. Biroq u dalli, devona degan nom orttirsa orttirdiki, ortiga qaytmadi…
Ammo dunyoni anglash uchun ozmi-ko‘pmi yashab ko‘rish kerak ekan. Yoshi ulg‘ayib, tiriklikning qorong‘i so‘qmoqlariga bosh urgani sari avvalgi shaxdi so‘naverdi. Yaxshilik va yomonlik orasidagi chegarani aniqlay olmay boshi qotgani sari, ozmi-ko‘pmi qilgan xayrli ishlari evaziga goh tanbeh, goh piching, goh oshkor g‘azab shaklu shamoyilida “mukofot” olgani sari, daryoga solingan yaxshiliklarini bir yamlamay yutgan nahang baliq ko‘zlarini lo‘q qilgancha qo‘lini g‘ajishdan umidvor ekanligini anglagani sari shubhasi ortaverdi. Endi u ezgulik haqidagi balandparvoz nutqlarni zaharxanda bilan eshitadigan bo‘ldi. Illo, bunday suhbatu nutqlardan samimiyat topolmay hafsalasi pir, kayfiyati xufton bo‘lajagini anglagani bois radio yoki televizorga hafsalasizlik bilan qaraydigan, gazeta-jurnaldan ijirg‘anadigan bo‘ldi.
“Yaxshi odam, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan inson”, degan nomga munosib bo‘lish uchun jismu jonidan kechishga tayyor bo‘lgan keksa otasi, donishmandlik fasliga qadam qo‘ygan akalari unga tanbeh beraverib charchashdi: “Yomonlikdan yomoni, yaxshilikdan yaxshisi yo‘q, bolam!” “Yomonlik qilib kim foyda topibdi, uka?!” Shoir bu tanbehlarga pinak buzmay chidab berar, ammo fikrini o‘zgartirish, oilaning ming yillik an’analariga qayta bag‘ir ochishga o‘zida kuch topa olmas edi. Yo‘q, u qalbidan yuz burgani, jismiyu ruhiga ona allasi bilan singgan ezgu hissiyotni ko‘ksidan yulib otgani yo‘q. Ammo shubhalarga chap berishga, aqalli o‘n yil oldingi holatiga qaytish uchun kuch topishga qiynalar edi.
“Men qayerda xato qildim o‘zi?” Bu savolni yana necha marta berib yuragini qiymalaydi? Andishaning otini qo‘rqoq deguvchilar hamma zamonlarda topiladi. Nahotki, do‘sti g‘ariblari uning-da andishasini qo‘rqoqlikka yo‘yishgan bo‘lsa? Boshqacha talqin qilishlari mumkin edimi, o‘zi? Aslida u o‘z qo‘rqoqligini andisha bahonasi ila niqoblamadimi? Ancha muddat ana shu qusuri jabrini tortmadimi? Chegarani buzmaslikka ont ichgan edi. Ammo insoniy munosabatlarda, tiriklikning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlarida chegaralar borligini hamma bilarmikin? Illo, bilgan taqdirda nechta odam bu chegara qonuniyatlari bilan hisoblashadi?.. Axir, u qachongacha qiynalib yashaydi? Bu yanglig‘ arosat azobiga yana qancha chidab berishi kerak? Nahotki, yaxshi odam bo‘lish orzusi armonga aylanib bo‘ldi? Nahot, qalbi yaxshilik qilib halovat topish baxtidan abadulabad mahrum bo‘lgan bo‘lsa?!…
Og‘ir uf tortdi. Devorga o‘girilib oldi, uni anchadan beri kuzatib yotgan Mosuvo ham xayolga tolgan edi. Shifoxona hayotining ham o‘z qonuniyati bor, shekilli. Kelganiga hali besh kun bo‘lmagan esa-da, xonadoshlari bilan qadrdonlashib qolganini his qildi. Yolg‘izlikda odamning qadri bilinar ekan, besh kundan beri hayotiga mazmun kirib qolgandek. Aka-ukalari ham Ustaga, Mullaga, Shoirga o‘xshashsa qaniydi. Xayolan Shoirning hozirgi holati sababini aniqlashga urindi. Shoirlarni o‘ychan bo‘lishadi, doimo dunyoning tashvishini qilib yurishadi, deb eshitgan edi. Shoir bu gaplarning noto‘g‘ri ekanligini isbotlamoqchidek doimo kulib, hazillashib yuradi. Ammo hamsuhbat bo‘lgan odam uni qandaydir ichki dard ezib turganligini his etmay qolmaydi. U, ayniqsa, orom soatlarini juda ezilib, azob bilan o‘tkazadi. Tin olish o‘rniga nuqul o‘ylar girdobida to‘lg‘onadi, ich-ichidan xo‘rsinib qo‘yadi. Shoirga televizorda bir-ikki marta ko‘zi tushgan, she’rlarini eshitgan Mosuvo uning bu yerdagi sho‘xligu hazillarini ko‘rib, yozganlari tabiatiga mos emas ekan-da, deya o‘ylagan edi. Yo‘q, Shoir yozganlariga juda-juda o‘xshar ekan. Faqat tund kayfiyatini boshqalarga yuqtirmaslik uchun kulib, hazillashib yurishga urinar ekan.
Shoir bilan dildan suhbatlashgisi, unga tasalli bergisi keldi. Ammo bunga jur’at qilolmadi. Illo, o‘zining kayfiyati ham unikidan yaxshi emas edi…
Odam nima uchun ichadi? Hayotdan ko‘ngli sovisami? Umridan mazmun topmasa, maqsad-maslagini yo‘qotsami? Ba’zilarga ichish uchun bahona kerak, deydilar. Aslida ichishga bahona qidiradiganlar, ichmasa turolmaydiganlar safar ibtidosida yo‘lni yo‘qotganlari uchun, endi hammasi baribirligi uchun ichishga bahona izlasalar, ajab emas. Darvoqe, yo‘l. Mosuvo yo‘lini qachon yo‘qotgan edi? Chuqur xo‘rsindi. Yosh bo‘lib ko‘zida aks etgan dardi suratini yashirish uchun devorga o‘girilib oldi.
“Men o‘shanda o‘lishim kerak edi. O‘shanda Azroil jonimni olsa, buncha ko‘rgiliklar qayda edi! O‘shanda itga it o‘limi qismat ekanligini isbotlasam, bugun Xudodan o‘lim so‘rab izillashlarga ne hojat bor edi?!”
O‘shanda… Har doimgidek ulfatlari bilan cho‘ntagidagi eng so‘nggi chaqalarigacha ezib-siqib ichishgan, chayqalib-turtinib uyga kelganida, ikki norasida qizchasi izg‘irinda qolgan mushuk bolalaridek bir burchakda ko‘zlari javdirab o‘tirar, ro‘zg‘orning yengini yelkasiga yopishtira olmay gangigan xotini uning bugun yana qanday tomosha ko‘rsatishini o‘ylab, bosh changallagancha hiqillardi. Ko‘ziga yomon ko‘rinib ketdi shu topda bu notavon zaifa. “Noshukr!” (xuddi ro‘zg‘orda hech bir kemtik yo‘g‘-u, xotini ataylab g‘ishg‘isha qilayotgandek) o‘yladi u. O‘yi tiliga ko‘chdi:
– Noshukr!
Shunday degani barobar xotinining biqiniga tepdi. Kutilmagan zarbadan hushdan ketayozgan “bu alvasti” lo‘lilik qilyapti, deb o‘yladi-yu, battar g‘azabga mindi. Shalviragan “qop”ni holdan toyguncha tepdi… Qizlarining vahima aralash achchiq faryodidan sergak tortib o‘ziga kelganida, xotini qora qoniga belanib, oyog‘i ostida zo‘rg‘a nafas olardi… Boshqasini eslolmaydi. Choshgohda – biqinidan sovuq o‘tib, joni qaqshagach uyg‘onganida, xotini ikki norasidasini o‘rab-chirmab otasining uyiga qochib ulgurgan edi… Sho‘rlik juda yurak oldirgan ekanmi, hafta o‘tsa ham, qorasini ko‘rsatmadi. Bu orada chekkan azobini o‘zi biladi-yu, Xudo. Uy degani yuvilmagan idishu yig‘ilmagan ko‘rpa-to‘shakdan ivirsib, lo‘lining kapasidan farq etmay qoldi…
Nihoyat, sabri tugadi. Beldan urayotgan laylakqorni, tun zulmatini pisand qilmay, velosipedini yetaklagancha yo‘lga tushdi. Yo‘l-yo‘lakay sovuq va qo‘rquvni yengar, deya bir shisha aroqni ham qo‘yniga solib oldi. Shu taxlit ming azob bilan qor kechib, aroq ichib, qorni gazak qilib, yarim yo‘lni bosib o‘tdi. Bosib o‘tdi-yu… oyoq-qo‘li o‘ziga bo‘ysunmay, ko‘zi tinib, yo‘l chetiga quladi. Qancha yotganini bilmaydi. Ko‘zini ochib, dastlab nima uchun bu yerda yotganini tushunmadi. Tun zulmatida qay yoqdan kelayotgani-yu, qay yoqqa ketayotganini bilolmay gangidi. Tag‘in qor yeyishga tushdi.
Yuzi, bo‘yni va tobora alangalanayotgan otash ichida qovrilayotgan ko‘ksiga qor surtib, fikri ravshanlashdi. Tipirchilayotgan joniga xotirjamlik indi. Bo‘shagan shishani noma’lum yoqqa uloqtirib, velosipedini yetaklagancha yo‘lga tushdi. Lekin qayoqqa?.. Hushsiz yotgan paytida tag‘in kuchaygan qor izlarni ko‘mib yuborgan. Tun yarmida bu ovloq yo‘ldan na mashina, na bir yo‘lovchi o‘tar, uchga bo‘lingan yo‘lning qay tarmog‘i qaynotasining uyiga borishi noma’lum, o‘zi qay tomondan kelgani-da mavhum edi. Hamma yoq oq… oppoq… Tuyqus yurak-yuragini o‘rtab yuborgan fikrdan tiligacha muzlab, nochor-notavon tiz cho‘kdi: “Endi nima qilaman?! Muzlagan jasadim mana shu ovloqda xor bo‘ladimi?! Shirin qizlarimning mayin qo‘lchalari, issiq nafaslari taftidan bebahra, kimsasiz, quvg‘indi maxluqqa o‘xshab jon beramanmi?!” O‘zini zabun, hamma narsadan mahrum, haqoratlangan his qildi. Xo‘rligi kelib, uvvos solib yig‘ladi. Betartib o‘sgan soqol-mo‘ylovida muzlay boshlagan qoru qirov ko‘zyoshlari taftida erib, ko‘kragini shalabbo qildi. Aytib-aytib, to‘lib-to‘lib yig‘ladi (kimdan ham andisha qilsin?!) Kuygan kunlariyu kuyajak kunlari uchun. Chekkan g‘amlariyu chekajak alamlari uchun. Hammasi tugaganiyu hammasi baribirligi uchun…
Uzoq yili traktorchi qo‘shnisining bir to‘yda ko‘proq ichib, uyga yetolmay yo‘l chetida uyqu elitganini, qoni muzlab o‘lib qolganini eshitgan edi. Shu mash’um voqea yodiga tushib, ko‘ksida sovuq allanima o‘rmalagandek bo‘ldi. Tun zulmati zil-zambil qo‘llari bilan yelkasidan bosib, vahimasi ortdi. Shuurida uyg‘ongan o‘jar hissiyotga bo‘ysunib, noma’lum tomonga yura boshladi. Ko‘nglida umid uyg‘ondi. Hech yo‘qsa, kun yorishguncha muzlab qolmaslik tadbirini o‘ylab, bir chaqirimcha masofa oralig‘ida izillagancha takror-takror yugurishdan or qilmadi. Yuguraverdi, yuguraverdi… Tirik qolsa bo‘ldi! Muzlab qolmasa bo‘lgani!…
Afsus… notavon jismini izg‘irin changalidan xalos etgani chora topganidan bir kun kelib pushaymon qilajagini bilsa, naqd bo‘lib turgan imkoniyatni qo‘ldan chiqararmidi?.. Tun zulmati chekinib, g‘ira-shira tong otganida, o‘zining ojizligiyu laqmaligiga la’nat o‘qidi. Qahraton dahshatidan esankirab, qaynotasining uyi tomon ketadigan yo‘lning bir chaqirimi orasida takror-takror yuguraveribdi, yuguraveribdi… Shu lahza qaynota uyidan qadami o‘sha mash’um tundayoq uzilganligini tushundi…
Beozor musichadek qimtinib, pastak uy derazasidan mo‘ltirab boqqan qizaloqlarini bag‘riga olgan hovli darvozasini qoqish foyda bermadi. Qo‘shni hovlidan yugurib chiqqan ikki qaynog‘asi yog‘dirgan kaltaklar, jonso‘z haqoratlar oldida tunda chekkan azoblari hech narsa bo‘lmay qoldi. Bir zamonlar qo‘liga tushib qolgan kitobda o‘qigan edi: Odam kim emas, nima! Jaholat nima emas, kim!.. Darvoza g‘azab bilan yopildi, uning uchun bir umrga ochilmaydigan bo‘lib yopildi go‘yo.
Odam nima uchun ichadi? Maqsadu maslagi noayonligi, umrining mazmunini yo‘qotganligi uchunmi? Hech kimga kerak emasligini, uni deb qayg‘urishga ko‘zi uchib turgan mehribonu mushfiqi yo‘qligini anglagani uchunmi? O‘zini azobli o‘ylar girdobiga bog‘lab turgan tiriklik rishtalarining uzilishini tezlashtirish uchunmi? Barcha-barchasi uchun! Hamma narsa baribir bo‘lib qolgan odam uchun ichishga bahona izlashning hojati yo‘q.
Mosuvo ham ichdi. Hojati bo‘lsa, bo‘lmasa. Ko‘ngli tortsa, tortmasa. Bir shisha vino ta’maida kun bo‘yi mardikorlik qilishlar. Yillab supurilmay ivirsib yotgan katalakdek xonada qon-qusga ag‘anab tong orttirishlar. Shu yillarda orttirilgan jigar xastaligi… Yo‘l boshida adashgan badbaxt kimga ham kerak?! Na oila, na kasb-kordan tinmagan dardisarga kimning ham ko‘zi uchardi? Aka-ukalari, opa-singillari “isqirt piyanista”dan yuz o‘girishdi. Uni ko‘rgan yor-do‘stlari ko‘zini olib qochadigan, ko‘chaning narigi tarafiga o‘tib ketadigan bo‘lishdi… Odam kim emas, nima! Razolat nima emas, kim! Ichishga bahona izlash shartmi? Shuncha kulfat “shukronasi uchun” ichmaslik insofdanmi?!..
“Ay, o‘ziga botgan noravolar! Ay, sho‘rlik niqob bandalari! Yomg‘irdan qo‘rqqan toshbaqaga o‘xshab bo‘yningizni ichkari tortaverib tolib ketmadingizmi, sho‘rmanglayginalar?! Men-chi, men? Sizlardan qolisharmidim? Bir noshud, ayanchli maxluq. Hech kim kirmaydigan uy, hech kim qadam bosmaydigan ko‘cha… O‘shanda nega o‘lmadim?! Zulmni odat qilgan benavodan o‘lim ham hazar qildimi? Kaltagu haqoratlarga bundan-da battarroq badbaxtliklarga yuzma-yuz bo‘lish uchun chidab bergan edimmi?!”
Bo‘g‘ziga tiqilgan faryod yo‘lini to‘sishga kuch topa olmadi. Jon holatda og‘zini yostiqqa bosdi. Ammo alam va hayajondan silkinayotgan yelkalarini yashirishga imkon topolmadi. Uni boyadan beri zimdan kuzatayotgan Shoir ortiq chidab turolmadi. O‘rnidan sekin qo‘zg‘alib, Mosuvo yotgan karavot oldiga bordi:
– Qattiq og‘riyaptimi?
Mosuvo dastlab so‘z topolmay taraddudlandi. So‘ngra siniq jilmayib bosh silkidi:
– Ha…
Shoir unga qanday ko‘mak berishni, qay tariqa tasalli berishni bilmay shoshib qoldi. Nogahon, bola yoshida xotirasiga muhrlangan bir voqea esiga tushib, sergak tortdi…
O‘shanda qishning so‘nggi kunlari edi. Qor-qirovli kunlar nafasi chekinib ulgurmagan, bir to‘p sinfdosh qunishgancha bir-birining pinjiga tiqilib, maktabdan qaytishayotgan edi. Nogoh yo‘lga tutash tashlandiq zovur tomondan mushukchaning ojiz miyovlashi eshitildi. Bolalar sovuqni unutishdi, jildlarini bir chekkaga qo‘yib, uni quvlay ketishdi. Xatardan qochish tajribasi shakllanib ulgurmagan jonivorni tutish qiyin bo‘lmadi.
– O‘-o‘… urg‘ochi-ku. Bekorga tashlab ketishmagan ekan-da, – bilag‘onlik qildi sinfdoshi Aziz.
– Bu yoqqa ber-chi, – mushukchaga chang soldi sinfdoshlar ichida zo‘ravonligi bilan nom qozongan Shavkat. – Urg‘ochi mushuk kasofat keltiradi, uni mana bunday qilib…
U shunday deya mushukchani boshi uzra bir necha marta aylantirdi-da, qulochkashlab yerga urdi. Mushukcha bir-ikki tipirchiladi-yu, tinchib qoldi. Sinfdoshlar beparvo qo‘l siltagancha undan uzoqlashishdi. Bola (u paytlarda shoir bo‘lib ulgurmagan edi) yig‘lab yubordi. Gavdasi shalvirab qolgan mushukchani yerdan ko‘tarar ekan, qo‘lidan hech narsa kelmasligini o‘ylab, xo‘rligi keldi. Uning jajji boshchasini, ko‘krakchasini silab, ko‘zlarini yumgancha allanimalarni shivirlay boshladi. Shu taxlit qancha o‘tirganini bilmaydi. Nogahon, kaftida jonlanish sezib, ko‘zini ochdi. Uning silab-siypalashlariyu iltijolari sabab bo‘ldimi, hushiga keldimi, mushukcha unga ko‘zlari javdirab qarab turardi. Bola mushukchani avaylab qo‘yniga soldi…
Uydagilar uning mushukchani asrab olish haqidagi iltimosini rad etisholmadi. Shundan keyin u menda allaqanday ilohiy quvvat bo‘lsa kerak, deya o‘yladi. Biror yeri bezovta qilgan ota-onasini, aka-ukalarini shu tariqa o‘zicha “davolab” yurdi. Ammo yoshi ulg‘aygach, odamlarga kulgi bo‘lmay deya bu “ermak”dan o‘zini tiyadigan, hatto bu qilig‘i o‘ziga kulgili tuyuladigan bo‘ldi.
Hozir esa… biroz taraddudlanib turdi-da, karavot chetiga ehtiyotkorlik bilan o‘tirdi. Kaftini Mosuvoning ko‘ksiga qo‘yib, ko‘zlarini yumgancha allanimalarni pichirlay boshladi. Chetdan qaragan kishiga bu holat erish tuyulishi muqarrar edi. Ammo Shoir komil ishonch ila boshlagan ishida davom etar, Mosuvo tanasiga titroq yugurganini, yengil tortayotganini sezib, lol bo‘lib qolgan edi…
Tundan so‘ng Ustaning ahvoli og‘irlashdi. Qon bosimi oshib, boshida kuchli og‘riq turdi. U hamshiralar har qancha ogohlantirishmasin, bosh hakim har qancha ta’kidlamasin, o‘ylar girdobidan qutulolmagan edi…
Odam bolasi munofiq bo‘lib tug‘iladimi? Bunday desa… Usta Shogirdning otasini yaxshi biladi. Bir necha yildan beri shu mahallada yashab, bu odam haqida yomon gap eshitgani yo‘q. Yoki munofiqlik odamzod tabiatiga keyinchalik atrofdagilar ta’sirida o‘rnashib oladimi? Unday bo‘lsa, Usta aybni o‘zidan qidirishi kerak ekan-da? Bandasining aybi Yaratganning o‘ziga ayon. Usta o‘zini ko‘proq savob amallarga daxldor hisoblasa-da, undan ham o‘tgan ayb-xatolar yo‘q emas. Ammo ba’zilarning qattolligi-yu munofiqligi oldida uning ayblari nima bo‘libdi? Nahot dunyo yaxshi-yomonni ajratmay bir kaltakda savalayversa?! Nahot nodon abadulabad ayshini surib, dono abadulabad jabrini tortaversa?
Otasi Ustaning huzuriga yetaklab kelganida, Shogird hali o‘n olti yoshga to‘lmagan edi.
– Hunari bor xor bo‘lmas, deydilar, Usta. Mana, o‘zingizdan qiyos. Mahallada obro‘-e’tiborga egasiz. Shu desangiz, o‘g‘limizning sizning kasb-koringizga ishqi tushib qolgan. Qo‘liga tushgan yog‘ochdan nimadir yasay, deydi. Ustoz ko‘rmagan shogird ham maqomga yo‘rg‘alar, deganlaridek, biror tuzukroq narsa yasaganini ko‘rganim yo‘g‘-u, tarbiya qilsa, bir ish chiqib qolar…
Usta qariyaning gapini yerda qoldirmadi. Illo, birov hunar o‘rganaman deb kelsa, yuziga eshik yopish ustalar odati emas. O‘g‘illari boshqa sohani tanlashga ishtiyoqmand bo‘lib turganda, o‘zidan keyin ishini davom ettiradigan mard topilganiga quvondi.
Shogird ancha uquvli chiqdi. Bir necha kun Ustaning ishini kuzatgach, o‘zicha yog‘och yo‘nib yurgan paytlaridagi g‘o‘rligi sabablarini anglab yetdi. Sinchkovligi, qiziquvchanligi bilan Ustaning ko‘ngliga yo‘l topdi. Uning odamlar bilan muomala-munosabati ham Ustaga ma’qul bo‘ldi: u katta-kichikni o‘zining shirin so‘ziga mahliyo qilar olar, bitmagan ishni bitirishu yechilmagan chigalni yechishda unga teng keladigani yo‘q edi. Uch-to‘rt yil o‘tib, Shogirdning sabog‘i yakuniga yetib qoldi.
Usta Shogirdning otasini maslahatga chaqirib, ikkovlon usta oshi berishga kelishib olishdi. Kichik bir ma’raka tusida o‘tishi zarur bo‘lgan usta oshi katta to‘yga aylanib ketdi. Usta biroz og‘rindi. Usta oshi Shogirdning dabdabaga o‘chligini oshkor qilib qo‘ygandi… Ammo Ustaning ginasi cho‘zilmadi. Bir yildan so‘ng Shogird uning qiziga sovchi qo‘yganda ginalar allaqachon unutilgan edi. Ustaning nazarida qiziga Shogirddan-da munosibroq juft yo‘q edi. To‘y usta oshidan-da dabdabali o‘tdi. O‘ylab ko‘rsa, Ustaning o‘zida ham dabdabaga mayl yo‘q emas ekan. Qudasining o‘sha kungi “erkaliklari”, mehribonchiliklari unga juda-juda yoqdi…
Shogird ustaxona ochib, mustaqil ish boshladi. Ustadan o‘rganganlariyu Xudo bergan iqtidorini ishga solib, bir necha kun ter to‘kdi. Bir-biridan chiroyli, salobati aqlni shoshiradigan eshik, deraza, beshik, sandiqlar yasab, ustaxona burchagiga terib qo‘yaverdi.
U yasagan jihozlarini ustaxona tashqarisiga, namoyishga olib chiqqan kuni mahalladoshlari bir-birini suyunchilab, tomoshaga oqib kelishdi. Keksa-yosh, xotin-qiz Shogird yaratgan mo‘jizalar atrofida lolu hayron kezardi. U yasagan buyumlar, darhaqiqat, bekamu ko‘st. Ularni ko‘rgan Usta ham lol qolishi aniq edi. Keksalar Shogirdni uzoq duo qilishdi, bir-ikki odamni aytmasa, hamma uyiga xush-xursand, Shogird yasagan buyumlardan qay birini xarid qilishni ko‘ngliga tugib qaytdi.
Hafsalasi pir bo‘lganlar Shogirdning omadiga hasad qilishgani yo‘q, uning Usta haqidagi bo‘lmag‘ur gapini eshitib qolishgani uchun ranjishgan edi. Shogird ustaxona oldida o‘ralashib yurgan uch-to‘rt gumashtasini yoniga chaqirib, “Bularni Usta ko‘rsa, yuragi yorilib o‘lsa kerak. Uning yasaganlari bular oldida nima bo‘libdi”, deya behayolarcha kulgan edi. Bora-bora u bu gapni ustaxonaga kirgan duch kelgan odamga aytadigan bo‘ldi.
Usta bu gaplarga parvo qilmadi. Shogirdning gaplarini yoshlik tantiqligiga yo‘yib qo‘ya qoldi.
Shogird yasagan buyumlarimni namoyish qilsam, ishdan qo‘lim bo‘shamay qolsa kerak, butun mahalla buyurtma uchun ustaxonamga oqib kelsa kerak, deb o‘ylagan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Shogirdning Usta haqidagi nojo‘ya gapi qulog‘iga yetgan, shekilli, qishloq keksalari ustaxonadan oyoq uzishdi. Imoratu to‘y tashvishida yurganlar Shogirdning ustaxonasiga qiyo ham boqmay, olisroq bo‘lishiga qaramay, Ustaning uyiga eshik qoqib borishardi. “Ustoz ota o‘rnida ota emasmi? Otasini izzat qilmagan odamning qo‘lidan chiqqan buyumda sharofat bo‘larmidi?” o‘ylashardi ular.
Shogird g‘azablangandan g‘azablandi. O‘z mag‘lubiyatini Ustadan ko‘rdi. “U odamlarni menga qarshi qayrayapti. Almisoqdan qolgan uslublari bilan odamlarning ko‘zini moylab yuribdi. Ko‘zbo‘yamachi. Eski tos, eski hammom!” – betoqat to‘lg‘onar edi u. Alamini Ustaning qizidan – xotinidan oldi. Avvaliga tiliga erk berdi, so‘ngra qo‘lini, oyog‘ini ishga soldi. Kunduzida farog‘at, uyqusida halovat qolmadi. Oxiri, Ustaning naq yuragiga xanjar urishga ahd qildi.
O‘sha kuni Shogird xotinini yetaklab keldi-da, Ustaning yuziga tik qarab zahar sochdi:
– Men sizning otaligingizga ham, otalig‘ingizga ham muhtoj emasman!
Shunday dedi-yu, nafrat bilan “chirt” tupurib chiqib ketdi.
Ustaga shuning o‘zi kifoya edi. Boshini burovga olgan og‘riq zo‘ridan behush quladi…
Usta joylashgan shifoxona bosh hakimi to‘rt-besh kunlik muolajadan so‘ng uyga ruxsat berar ekan, huda-behuda asabiylashmaslik, hayajonlanmaslikni ta­yinladi. Tashqarida uni mung‘ayib qolgan xotini, ko‘zlari yoshdan qizargan qizi kutib turishardi. Usta bir necha kun umidlanib yurdi. Shogird xatosini tushunar, murosaga kelar, deb o‘yladi. Kecha-kunduz darvozaga umid bilan tikilib, xushxabar kutdi…
Shogird ikkinchi zarbani berdi. Eshik qoqqan notanish yigit allanimalarni ming‘irlab, darvoza ro‘parasida turgan yuk mashinasiga ishora qildi. Mashinaga qizining yuklari ortilgan edi. Ustaning yuragi chilparchin bo‘ldi. U Shogird­ning bunday qabih ishga qo‘l urishini xayoliga ham keltirmagan edi. Boshini changallagancha ostonaga cho‘kdi. Otasi kiravermagach, xavotir olib darvozadan mo‘ralagan, mashina ustidagi yuklarini ko‘rib yig‘lab yuborgan qizining faryodini elas-elas eshitar ekan, tag‘in hushidan ketdi.
Shifoxonada hushiga kelgan Usta boshi ustida unga norizo qarab turgan bosh hakimni ko‘rdi. Usta siniq jilmaydi, hakim bosh chayqadi:
– Men sizga aytuvdim, axir. Ikki hafta ichida ikki marta bunday holga tushish… Qon bosimi bilan hazillashmang. O‘zingizni ehtiyot qilishingiz kerak. Bo‘lmasa, men ham hech qanday yordam berolmayman…
“O‘zingizni ehtiyot qiling, deydi-ya. Hamshiralar ham shu gapni takrorlashgani takrorlashgan. Axir, boshimga tushgan bu ko‘rgiliklarni o‘ylamay bo‘ladimi? Men-ku, dunyoyi dunning achchiq-chuchugini ozmi-ko‘pmi tatidim. Farzand, nevara ko‘rdim. Qizginam, kenja gulginam hali nima ko‘rdi?”
Begonaning xanjari og‘ritmas, deydilar. Shogirdi ko‘ksiga qadagan xanjar azobiga qanday chidasin?! Farzand ozori o‘ldiradi, deydilar. Shogird farzand emasmi?! U uchinchi zarbani qachon beradi? Bu zarbaga dosh bera olarmikinman? Yana qanday g‘ayirlikni o‘ylayotgan bo‘lsa u…”
Xo‘rligi keldi. Ko‘zyoshlarini yashirolmadi. Hamshiralar chiqib ketishini ­kutib, boyadan beri fursat poylayotgan Shoir Ustaga yaqinlashdi:
– O‘zingizni siqmang, Usta. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
Usta indamadi. Shu topda ko‘ngliga gap sig‘mas edi. Shoir biroz taraddudlanib turdi-da, Ustaning yelkasiga kaftini qo‘ydi. Ko‘zini yumgancha nimalarnidir pichirlay boshladi. Usta tanasiga yugurgan ajib iliqlikni his etib, yengil tortdi. Boshidagi og‘riq chekinganday bo‘ldi. Bunga Shoirning mehri sabab bo‘ldimi, qo‘lida allaqanday shifobaxsh quvvat bor ekanmi, anglayolmadi…
Ikki kundan keyin Usta bosh hakimga o‘zini juda tetik his qilayotganligini aytib, uyga borib kelish uchun yarim kunga ruxsat so‘radi. Bosh hakim avvaliga buni xas­talik injiqligiga yo‘yib, qosh chimirib qo‘ydi. Tushdan so‘ng Ustani qayta ko‘rikdan o‘tkazib, qon bosimi mo‘tadil ekanligini aniqlagach, noiloj ijozat berdi:
– Yangamning tug‘ilgan kunlari ekan-da, a? Men sizga ishonganim uchun ruxsat beryapman. Tag‘in yoru do‘stning qo‘lini qaytarolmay… O‘zingizni xarob qilasiz, bilib qo‘ying.
Usta mahzun jilmaydi. Ichkilik ko‘ngliga sig‘armidi. Aslida u tug‘ilgan kun bahona yo‘qlab keladigan o‘g‘il-qizlarimni, nevaralarimni ko‘rib, ko‘nglim biroz yozilarmi, deya umid qilgandi.
Usta ketgach, biroz mudrab yotgan Mosuvo biror shumlik o‘yladimi, Mullaga ko‘z qisib, tashqariga imladi. Shoir ularga hayron tikildi. Mosuvo “Hozir, hozir”, degancha Mullani yetaklab, oyoq uchida yo‘lakka chiqdi. Ular ko‘p o‘tmay yuzlariga jiddiy tus bergancha xonaga qaytishdi. Mulla yuzidagi jiddiyatni tag‘in oshirib, Mosuvoga go‘yo norozi tikildi:
– O‘ylab aytyapsizmi gapingizni? Axir, endi-endi oyoqqa turib, tuzala boshladingiz…
– Qiziqmisiz, bir qultum bilan odam o‘lib qolarmidi. Birga borasizmi, yo o‘zim borib-kelaveraymi?
– Men… shariat harom qilgan narsalardan hazar qilaman. Sizga hamroh bo‘lmasam, xafa bo‘lib qolasizmi, degan andisham ham yo‘q emas. Lekin xomtama bo‘lmang, sizga ulfat bo‘lolmayman.
– Vahima qilmang-ey, Mulla aka. Bir amallab olib kelsak, bo‘ldi. Qancha bo‘lsa, mendan ortmaydi.
Mulla “Bilganingizdan qolmadingiz-da”, deganday qo‘l siltab, istar-istamas Mosuvoga ergashdi.
Shoir ularning suhbatidan avvaliga hech narsa anglayolmadi. Keyin Mosuvoning “bir qultum”, “mendan ortmaydi” degan luqmalari yodiga tushdi-yu, ko‘ngliga vahima oraladi. “U nima qilmoqchi o‘zi? Jigar xastaligi jonini burovga olib, shifoxonaga qon qusib kirib kelgan bemor hali shifoxona eshigidan chiqib ulgurmay ichish haqida o‘ylashi mumkinmi? Mosuvoki, bu ishdan qaytmayotgan ekan, demak, dunyoyi dundan etak silkib ulguribdi-da. Esiz…”
Ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketdi. Jarroh muolajasidan keyingi jarohati tuzalmayotganini, kundan-kun kayfiyati xiralashayotganini o‘ylab tag‘in xunob bo‘ldi.
“O‘zim-o‘zimga tushunmayapman-u, odamlarni qanday tushuna olardim. O‘zim nechog‘liq haqmanki, birovga nohaqsan, deya malomat qilardim. O‘zimni, ko‘nglimni davolashga urinib ko‘rdimmi? Birovdan buni talab qilishga qanchalik haqim bor?”
Betoqat bo‘lib deraza oldiga bordi. Kasalxona hovlisidagi yo‘lakdan Mosuvo va Mulla suhbatlashgancha kelishardi. Ularning qo‘lida hech narsa yo‘qligini ko‘rib, tinchlanganday bo‘ldi. Biroq Mosuvoning qo‘ynida allanarsani avaylab olib kelayotganini ko‘rgach, hafsalasi pir bo‘ldi. Xonadan chiqib ketgisi keldi, ularning “murodi hosil bo‘lguncha” qavatdagi orom xonasida vaqt o‘tkazsammi, deya xayollandi. Tag‘in o‘ziga malomat qila boshladi. “Birovlarning fojiasiga qachongacha tomoshabin bo‘laman? Ularning xato va adashuvlarini qachongacha chetdan turib kuzataman? Qanday yashagan ma’qul? Birovlarga xalaqit bermay, “yaxshi odam” bo‘libmi, yoki hammaning ishiga aralashaverib, “yomon odam” bo‘libmi?..”
Bir qarorga kelolmay boshi qotdi. Chiqib ketish uchun taraddudlanib turganda,­ eshik sekin ochilib, Mosuvo va Mulla kirib kelishdi. Chiqib ketish noqulay edi. Shoir norozi ohangda g‘udrangancha joyiga cho‘zildi.
Mulla xona o‘rtasidagi stolga dasturxon yozdi. To‘shagi yonidagi kichik stolda turgan mevalarni, qand-qurs, pishiriqlarni did bilan likopchalarga terib, das­turxon tuzashga kirishdi. Mosuvo esa Shoirning stolidan narsa tashiy boshladi. Illo, uning o‘zida bu imkoniyat yo‘q, ul-bul olib keladigan mehribondan-da umidini uzgan edi.
Shu bois Usta ham, Mulla ham, Shoir ham uni o‘zlariga teng sherik sanashni burch bilishar, mehrga mushtoq Mosuvoning ko‘ngli bu ehtiromdan tog‘ bo‘yi o‘sar edi. U gazak uchun pomidor va bodring parraklar, “Ichiga olov tushgur aroq degani bunaqa gazak bilan kelishib qo‘yadi-da”, der, o‘ziga “hamrohlik qilmayotgan” Mullaning yelkasiga “turtib” qo‘yar edi. Sas-sadosiz dasturxon tuzayotgan Mulla bu “tanbeh”dan hushyor tortgandek, “Shuni aytmaysizmi, birodar, shuni aytmaysizmi”, der, tag‘in “Astag‘firulloh, o‘zing kechirgaysan, Xudoyim”, deyishni-da unutmas edi.
Nihoyat, dasturxon tayyor bo‘ldi. Mosuvo Mullaning uyidan yangigina kelgan ovqatni dasturxonga tortar ekan, Shoirga “keling, qani” degandek im qoqdi. Qo‘ynidagi narsaga qarab, “Hozir, hozir, sizni ham dasturxonga olamiz”, deya “erkalik” qildi.
Shoirning bardoshi tugadi. Majolsiz qo‘zg‘alib, eshikka yo‘naldi. Xonadan chiqishga chog‘lanar ekan, ortiga ilkis qarab, “Sadqai odam keting-ey”, degandek Mosuvoga qattiq tikildi. Mulla tizzasiga urgancha afsus bilan bosh chayqadi. Mosuvoga ta’na qildi:
– Bo‘ldi-da, endi!.. Yengiltaklik ham evi bilan-da…
Mosuvo bunday bo‘lishini kutmagan edi. Ko‘zida iztirobu quvonch, hayratu minnatdorlik aralash allaqanday ifoda aks etgancha, Shoirga yaqinlashdi. Yo‘l-yo‘lakay qo‘ynida do‘ppayib turgan narsani qo‘liga oldi. Bu chiroyli muqovali qalingina yangi yon daftar va qimmatbaho ruchka edi. Bularni Mulla ikkalasi yonlarida bor pulni o‘rtaga qo‘yib, Shoir uchun sotib olishgan edi. Hayajoni bo‘g‘ziga tiqilib, ko‘zyoshlari yuzini yuvayotgan Mosuvo Shoirga qo‘lidagilarni uzatar ekan, xuddi yaqin birodari bilan bag‘irlashayotgandek uning bo‘yniga osilib, uvvos solib yubordi. Uning-da bardoshi tugagan edi…
Shoir avvaliga hayron bo‘lib turdi. Keyin nima bo‘layotganini anglab, ko‘ksini ko‘zyoshi bilan ho‘l qilayotgan Mosuvoning yelkasiga titroq qo‘lini qo‘ydi. Ammo unga tasalli beradigan hech bir so‘z aytolmadi, illo, bunday so‘zni topish ham mushkul edi. Mosuvo yelkalari titragancha nola qildi:
– Shoirjon, bizni kechiring. Aslida sizni xursand qilmoqchi edik… Iltimos, bizni unutib yubormang. Biz bilan o‘tkazgan kunlaringizni kitob qiling, Shoirjon, kitob qiling… Qizlarimni sog‘indim, Shoirjon. Ularni bir martagina ko‘rsaydim, Shoirjon!
Hammaning ko‘ngli xufton bo‘ldi. Aslida xursandchilikka bois bo‘lishi ko‘zlangan bu “sahna”ning bu qadar jiddiy yakun topishini hech kim kutmagan edi. Yasatig‘liq dasturxon muztarligicha qoldi. Shoir Mosuvoni avaylab o‘rniga yotqizar ekan, Mullaga qaradi. U boshini changallaganicha o‘yga tolgan edi.
Shoir Mullaning ham nedir o‘y girdobida jon talashib yurganini sezgan edi. Yuzini panjalari orasiga yashirgancha muk tushib o‘tirgan Mullaning shu topda ham o‘sha o‘ylari bois ezilayotganligiga shubha qilmadi…
Odamzod taniga bir tikan ham besabab kirmaydi, deydilar. Issiq jonga chang solgan dardni odamzod bilib-bilmay qilgan qaybir gunoh uchun jazo, deydilar. Mulla shifoxonada dard deganining ma’lumu noma’lum sanoqsiz xilini ko‘rib, odamzodning bardoshiga lol qoldi. Shifoxonaga og‘riq azobidan panoh izlab kelgan dardmandlar safiga qo‘shilar ekan, avvaliga jazoga mustahiqlar safiga tasodifan tushib qolgan mahkumdek o‘ng‘aysizlandi. Bu shafqatsiz ajrimga rozi bo‘lgisi kelmadi. “Nahotki, bu odamlarning hammasi jazoga loyiq bo‘lsa? Hatto mana bu tishi chiqib ulgurmagan bolakaylar hammi? Ular dunyoga kelib, qanday gunoh qilib qo‘yishibdiki, jonlari iskanjaga tushib azob chekadilar? O‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi, deydilar. Nahot dunyo tarozusi hammani bir mezonda o‘lchayversa?..”
Shifoxona odamni mo‘min-qobil qilib qo‘yar ekan. Bu yerda shiftga qarab o‘y surishu hayotingni sarhisob qilishga fursating ko‘p bo‘ladi. Mulla ham ko‘p o‘yladi. Oqibat, “Bu yerdagi o‘nta odam jazoga munosib bo‘lsa, bittasi menman, agar bitta odam munosib bo‘lsa, o‘sha menman”, degan xulosaga keldi. Xonadoshlari uning kamgapligi sababini surishtirishga istihola qilishardi. Suhbatu kulgilarga qo‘shilmay, ularni noqulay ahvolga solib qo‘yayotganini o‘zi ham sezardi. Biroq harchand urinmasin, qalbini pora-pora qilgan, halovatidan ayirgan o‘ylar girdobidan qutulish chorasini topolmayotgan edi. Shu topda bir-biriga suyanib, g‘am-anduhini baham ko‘rayotgan ikki xonadoshiga qarab, yarasi yangilandi. Shoirga dardini aytgisi, yengil tortgisi keldi. Ammo nima desin? “Mening ham mehribon do‘stim bor edi. U meni yer-ko‘kka ishonmay avaylar, kulfatu shodligimga sherik edi. Lekin men unga xiyonat qildim, uni arzon pulladim, ko‘ksiga pichoq sanchdim”, – desinmi? Shoir bu gaplarni eshitib, “Suf sizday odamga, sizga o‘xshaganlarga mullalik hayf”, – demaydimi?!
Xonadoshlari uni besh vaqt namozi sabab Mulla aka deya e’zozlashadi, xolos. Aslida u o‘zini savdoning piri sanar, darhaqiqat, u bozorni ipidan ignasigacha biladigan savdogar edi. Namozxonlikni esa yoshi qirqdan oshib, dunyo haqidagi fikri ancha-muncha o‘zgargach odat qilgandi. Shifoxonaga tushgach, gunohlarini yuvish uchun namozlari kamlik qilishini tushunib yetdi…
Birovning ko‘nglini obod qilishdan ulug‘roq savob, birovning ko‘nglini og‘ritishdan og‘irroq gunoh bormi dunyoda?! Axir, u inson ko‘nglini bir buyum yanglig‘ bozorga solmadimi? Odam qalbini xuddi qo‘lida tilla zanjir o‘ynagandek o‘ynamadimi? Buning jabrini begona odam tortsa, ehtimol, vaqt o‘tib hammasi unutilardi… Uni baloyu qazolardan asrab qolish uchun o‘zini o‘tga urishga tayyor turgan Do‘stining qalbiga oyoq qo‘yganini Xudo kechirarmikin?
Dunyo ko‘ziga tor bo‘ldi. Bir necha kundan beri ko‘z oldiga keldi deguncha, o‘zini boshqa ishga andarmon qilib chalg‘itishga behuda urinib yurgani manzara tag‘in xayolidan o‘taverdi.
– Bilasanmi, hozir hamqishloqlaring uchun sen himoya qilayotgan haqiqatdan ko‘ra qishdan omon-eson chiqib olish muhimroq.
– Qishloqliklar qishni birinchi marta ko‘rishayotgani yo‘q, ne-ne qattol qishlarni yengmadi bu odamlar. Yo‘q, aslida bu ulardan chiqqan fikr emas. Sen aynityapsan ularni. Qishloqqa gaz o‘tkazilsa, jannatda yurganday rohat qilib yashaysizlar, deb sen qutqu solyapsan ularning ko‘ngliga.
– Adashyapsan, birodar. Bu faqat mening fikrim emas. Qishloq keksalari ham shu gapni aytishyapti. Qariganda bir farog‘at topaylik, deyishadi-da boyoqishlar. Yurishsinmi sening qosh-qovog‘ingga qarab?
– Men hech kimni qosh-qovog‘imga qarashga majbur qilgan emasman. Raisman deb kerilganimni ham birov eslolmaydi. Tartib bo‘lmagan joyda ishning unumi ham bo‘lmaydi. Hali bizdan oldingi ikki qishloqqa ham gaz kelgani yo‘q. Xo‘jalikdagi hamma qishloqlarda kelgusi qishgacha gazlashtirishni yakunlash rejalashtirilgan. Men sening maqsadingni bilaman. Axir, sen savdoning odamisan. O‘zingga foyda unmaydigan ish uchun bunchalik yonib-kuyishing besabab emasdir…
Do‘st yana nimalardir demoqchi edi-yu, ammo uni ayadi. Savdogar buni qo‘rquvga yo‘ydi. Tag‘in avj oldi:
– Men nimaiki qilayotgan bo‘lsam, boshqalarni o‘ylab qilyapman, o‘zimni emas. Xo‘jalikning ishi o‘z yo‘liga. Hozir tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan. Kim qanday xohlasa, shunday ish bitiradi…
Do‘st chidab turolmadi. Illo, birodari andishani yig‘ishtirib qo‘yib, o‘z qabih kirdikorlari uchun fatvo to‘qiyotgan edi:
– Nima, boshqalarni o‘ylab? Kim u boshqalar? Sening hamtovoqlaringmi? Molini ko‘tarasiga pullab qolish uchun fursat poylab yotgan o‘sha xudbinlarmi sen aytgan boshqalar? Qo‘shni qishloqdagilarni chuv tushirib, ish bitirganlaringni bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Cho‘ldagi tashlandiq ovuldan olib kelingan, o‘n-o‘n besh yil ishlab, xizmatini o‘tab bo‘lgan eski quvurlarni moylab, odamlarga sotganlaringdan boshqalar bexabar deysanmi? Necha yil ishlaydi o‘sha quvurlaring? Endi o‘z hamqishloqlaringga xiyonat qilmoqchimisan? Vaqti kelib qing‘irliklaring fosh bo‘lsa, qanday bosh ko‘tarib yurasan bu yerda? Ko‘zingni kattaroq och, birodar. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Yoki bir galgidek oson qutulib ketaman, deb o‘ylayapsanmi?
Savdogar qizarib ketdi. Do‘stga g‘azab bilan tik qaradi. Uning yuzidagi alamzada ifodani ko‘rib, zaharxanda bilan gap boshladi. Bu uning raqibiga zarba beradigan eng ishonchli quroli edi:
– O, valine’matim… O‘shanda qilgan yaxshiliklarini yuzimga solish uchun fursat poylab yurgan ekanlar-da. Men bechora o‘shanda sen bo‘lmaganingda nima qilardim-a? Qulluq, rais bova, qulluq. Bu yaxshiligingizni tirik bo‘lsak unutmasmiz…
Do‘st uning boshiga bir necha yil burun – qishloqdagi do‘konda ishlab yurgan paytlarida tushgan ko‘rgiliklarni esga olayotgan edi. O‘shanda do‘konga “o‘g‘ri tushgan”, agar Do‘st oraga tushib, tegishli idoralarning ishni yakuniga yetkazmaganiga qo‘ymaganida, Savdogarni javobgar qilishlari tayin edi. Do‘st buni shu paytga qadar esga olmagan, eslashni ham istamasdi. G‘azabini jilovlay olmay, tiliga erk bergani uchun o‘zini koyidi. Afsus bilan bosh chayqab, yo‘lning narigi tarafiga o‘tib ketdi.
Savdogarga alam qildi. O‘zini haqoratlangan his qilib, g‘azabga mindi. “Qiliqlarimni yuzimga solib, tag‘in “sen ham odammisan”, deganday qo‘l siltab ketdi-ya, nomard. O‘, xomkalla, anqov haqiqatparast. Axir, bugun odamlar suvni pullayapti-ku. Boshqalar bir so‘m bo‘lsa ham pul ishlab qolay, deb yugurib yurganda, haqiqatga balo bormi. Nima, men qishloqdoshlarimni majburlabmanmi? O‘zlari emasmi “Qo‘shni qishloqqa qarashdingiz, bizni ham unutmang-da”, – degan. Savdo odami xaridorning o‘zi o‘laman sattor bu yo‘limdan qaytmayman, deb turganda esini yebdimi uning yo‘lini to‘sib? Endi rais meni tinch qo‘ymaydi. Jo‘rachiligimizni andisha qiladiganga ham o‘xshamaydi. Undan oldinroq otni qamchilamasam, pand yeb qolaman, shekilli…”
U Do‘stdan oldinroq ot qamchiladi. Gumashtalariga ayttirib, butun qishloqqa “rais qishloqni gazlashtirishga qarshi ekan. Tumandagi majlisda men yashaydigan qishloqni gazlashtirishga hozircha ehtiyoj yo‘q, deb aytibdi”, qabilida gap tarqatdi. Qishloq keksalari raisning yo‘lini poylab, unga ta’na-malomat yog‘dirishdi. Uning biroz sabr qilishlarini so‘rab qilgan iltimosini eshitishni ham istamay, “O‘zingning qo‘lingdan kelmas ekan, hech bo‘lmasa boshqalarning yo‘lini to‘sma”, deyishgacha borishdi. Rais ularga gap tushuntirish befoyda ekanligini anglagach, qo‘l siltab qo‘yaqoldi.
Biroq shu bilan ish bita qolsa, qaniydi. Hisobot-saylov kuni yaqinlashayot­ganini bilgan Savdogar qishloqdoshlari ko‘ngliga tag‘in o‘t qalab, “Men-ku, sizlarga yordam berishga tayyorman. Lekin raislaring hali ham yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lishdan qaytmagan bo‘lsa, men nima qila olardim”, deya o‘zini jabrdiyda ko‘rsatishni odat qildi. Bu gap qishloqdoshlariga ta’sir qilmay qo‘ymadi. Hisobot-saylov yig‘ini kuni xo‘jalik klubining old qatoriga o‘rnashib olgan qishloq keksalari raisning ikki gapidan biriga luqma qo‘shaverib, savol yog‘diraverib, ma’ruzaning maza-matrasini qochirishdi. Rais tumandan kelgan vakillar oldida izza bo‘ldi. “Xalq bilan ishlash kerak, o‘rtoq Hamroyev. Xalqning dardini eshitish kerak. O‘zlari imkoniyat qidirishayotgan ekan, nima qilasiz xalal berib”, – deya ta’nayu pisanda qilishdi ular.
Savdogarga shuning o‘zi yetarli edi. O‘sha kuniyoq gumashtalariga buyurib, qishloqqa quvur tashittirdi. Arzon-garov mardikorlarni yollab, ish boshlab yubordi. Chog‘roqqina qishloqni gazlashtirish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Keksalar uni duo qilib, ko‘nglini chog‘lashdi. Yoshlar boybova deya hurmat qiladigan bo‘lishdi. Savdogar bir yondan mo‘maygina daromad, bir yondan tekin obro‘ orttirganiga xursand bo‘lib yuraverdi.
Biroq quvonchining umri qisqa ekan. Qishloqqa gaz kelganiga yil to‘lar-to‘lmas Savdogar quvur yetkazib bergan qo‘shni qishloq aholisi g‘imirlab qoldi. Ikki-uch yillik qor-yomg‘irda bo‘yog‘i ko‘chib, tag‘in yupqalashgan eski quvurlar bebosh bolalar osilavergach, darz ketgan, ichidagi zangi ko‘rinib, eskiligi bilinib qolgan edi.
U quvurlarning bunchalik tez ishdan chiqishini kutmagan edi. Ichida sirni oshkor qilib qo‘ygan bebosh bolalarni so‘kdi. Keyingi yili o‘z qishlog‘idagi quvurlarning ham “misi chiqdi”. Savdogar talvasaga tushib qoldi. “Ifloslar, meni ham chuv tushirishgan ekan. Men ularga yangi quvurlar uchun pul to‘laganman”, – deya qutulib qolmoqchi bo‘ldi. Qishloqdoshlari undan yuz burishdi. “Sadqai odam ket”, – deya qo‘l siltashdi. Anchadan beri ko‘ngliga xavotir solib yurgan, o‘ylaganida ko‘z oldini qorong‘i parda to‘sadigan holga tushib ulgurgan edi. Ich-etini yeb, kunni tunga, tunni kunga ulaydigan bo‘ldi:
“Tangri taoloning insonni jonzotlar aro aziz qilib yaratgani rost. Ammo inson jonzotlar aro eng johili, eng yovuzi hamdir. Yo‘qsa, inson bolasining o‘z xatolarini anglashi uchun, o‘z gunohlarini tan olishi uchun yillar zarur bo‘larmi edi? To‘fonlar, ko‘chkilar, zilzilalar – tabiat hodisalarimi yoki inson o‘z gunohlari uchun foniy dunyoda to‘laydigan to‘lovlarmi? Bevaqt ajal, xastalik, nogahoniy ayriliq, ishdagi omadsizlik, xalqning la’nati – inson qismatidagi yozuqlarmi yoki uning bilib-bilmay qilgan yovuzliklari uchun berilgan jazomi? Nahotki inson hidoyatga qaytish uchun boshiga kulfat tushishini kutishi kerak? Nahot inson xalqning nazaridan qolish o‘lim bilan barobar ekanligini o‘zi xalq nazaridan qolganda anglab yetishi kerak? Men Do‘stimni yomonotliq qilib nimaga erishdim? Bir dasta qog‘oz pulgami? Harom-harish pul evaziga yozilgan dasturxonu ikki soatlik maishatgami? Haqiqatning tig‘i bunchalar o‘tkir bo‘lmasa? Kecha menga qo‘shilib Do‘stni yomonlagan odamlar bugun mening go‘rimga g‘isht qalashga tayyor turishibdi. Do‘st-ku, hech kimning kechirimiga muhtoj emas, ammo odamlar meni kechirisharmikin? Hamma dardni vaqt davolaydi, deydilar. Endi ko‘rshapalakka o‘xshab tunda ko‘cha kezib, kunduzi xonanishin bo‘lib umr o‘tkazamanmi? Gunohimga tirik guvoh odamlarning o‘limini poylab kun sanaymanmi?!”
Nihoyat, o‘ylab-o‘ylab, namozxonlikni odat qildi. Ma’rakalarda poygakda o‘tirishdan, to‘ylarda choy tashishdan orlanmadi. Qishloqdoshlarining unga munosabati mavhum edi. “O‘g‘ri qarisa mulla bo‘lar ekan-da”, – deganlar ko‘p bo‘ldi. “Xato qilmagan banda bor ekanmi? Xudo imon bergani rost bo‘lsin”, – deya uni kechirishga moyilligini sezdirganlar-da yo‘q emas edi.
Ammo u o‘zini kechira olarmikin? Do‘st qalbida qayta mehr uyg‘ota olarmikin? Illo, o‘shanda qilgan g‘ayirliklarini qay taroziga solib, qay tariqa o‘lchash mumkin?
O‘shanda Do‘stga yana qanday zarba berish mumkinligini o‘ylab soatlab bosh qotirganini, rejalar tuzganini xayolidan o‘tkazib, o‘zining nechog‘liq past ketganligini tan oldi. Yotib qolguncha otib qol qabilida ish tutganini, o‘ngu tersiga qaramay, gunoh ustiga gunoh qilib, oxiratini azobga qo‘yganini o‘ylab, eti junjikdi. “Bir-ikki turtkilab, ko‘zini ochib qo‘ymasam, bosar-tusarini biladiganga o‘xshamaydi bu ovsar”, deya o‘zining haqligini isbotlashga behuda uringanini, aslida qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar qabilida yo‘l tutganini eslab, o‘zidan nafratlanib ketdi.
“Bu gaplarni Shoirga qanday qilib aytaman. Parvardigorning karami keng. Ammo Uning dargohida mendayin notavonlarga joy bormikin? Yaxshilik evaziga zahar, mehr evaziga qahr tutguvchi menday adashganlarga rahm qilarmikin U?”
Ko‘ksida o‘rmalagan sovuq hisdan tiligacha muzlab ketdi. Devor tarafga o‘girilib, yuzidagi ayanchli ifodani yashirishga urindi. Inson zotining taqdiri azal oldida juda-juda zaif, juda-juda kuchsiz ekanligini alam va qo‘rquv ichra e’tirof etar ekan, bo‘g‘ziga qadalgan faryod yo‘lini to‘sishga kuch topa olmadi. Mosuvoga andarmon bo‘lib qolgan Shoir ilkis unga qarab, gap nimadaligini fahmladi. Shosha-pisha uning boshiga kelib, yelkasiga qo‘l uzatdi. Biroq allaqanday kuch o‘zini orqaga siltab tashlaganini his qilib, darhol qo‘lini tortib oldi. Mulla buni sezdi. Battar xo‘rligi kelib, ochiq-oshkor hiqillay boshladi. O‘z dardi bilan bo‘lib yotgan Mosuvo ham o‘rnidan turib, uning boshiga keldi. Xonaga aza sukunati, motam kayfiyati bostirib kirgandek edi…

* * *

…Bosh hakim Usta, Mulla va Mosuvoga birdaniga javob beradigan bo‘lib qoldi. Aslida dardi yengilroq bo‘lgani uchun ulardan-da oldinroq ketishi kerak bo‘lgan Shoir bundan biroz xavotirga tushgan edi. Bir tomondan, qadrdon bo‘lib qolgan birodarlaridan uzoqlashayotganini, ikkinchi tomondan, jarohatining tuzalmayotganini o‘ylab, ko‘ngli buzildi. Xonadoshlari bilan bag‘irlashib xayrlashar ekan, ularni qayta ko‘rish nasib etmasligi mumkinligi ko‘nglidan kechib, battar ezildi. Illo, u jismiga allaqanday shafqatsiz dard o‘z hukmini o‘tkazayotganligini sezgan edi.
O‘sha kun Shoirni boshqa bo‘limga ko‘chirishdi. Tanasida qand miqdori oshib ketgan, jarohati tuzalish o‘rniga, jismu joniga xatar solayotgan edi…

* * *

– …Iltimos, pardani tushirmang, qorni ko‘rmoqchiman.
Nafisa bir sapchib tushdi. Shoirga yalt etib qarar ekan, uning yuzida tirik­lik ifodasini ko‘rib, suyunganidan yig‘lab yuborayozdi. Boyadan beri ko‘nglini o‘rtayotgan o‘y tiliga ko‘chdi:
– Tabiat isyon ko‘taryapti, tabiat yashashga da’vat etyapti. Nahotki siz jim o‘tiraverasiz? Nahot siz bunga kuch topa olmaysiz?
Shoir gapirishga ojiz edi. Nafisa uning ko‘zida aks etgan mungni ko‘rib, tag‘in umidsizlandi. Tanasi darddan begona odamning bemor ko‘nglidan kechayotgan hissiyotni anglashi qiyin bo‘lganidek, bemorning sog‘lom odam ko‘nglidagi hislarga bo‘yin egishi ham mushkul savdo. Hozir ham shunday bo‘ldi. Shoir Nafisaning quvonchiga sherik bo‘lishdan ko‘ra, o‘z hissiyotiga bo‘ysunib, o‘y surishda davom etdi. Nachora, o‘ziga qolsa o‘ynab-kulmasmidi? Tanasida ozgina bo‘lsa-da madori bor ekan, o‘ylab olsin: “Qor ham odamga o‘xshab ketadi. Qor yoqqanda unga mana bu joyga qo‘n, bu yer pokiza, mana bu joyga qo‘nma, bu yer notoza, deb bo‘lmaganidek, tug‘ilajak odamga ham qayerda nash’u namo topishni buyurish mushkul. Qor o‘z xohishiga qarshi o‘laroq, har doim ham pokiza joyga qo‘na olmaganidek, inson bolasi ham qay makonu zamondan o‘rin olishiga qozilik qila olmaydi. Kimdir fazilatlari bilan ko‘pchilik e’tiborini qozongan insonlar kaftiga qo‘nsa, yana kimdir nafrati-da, samimiyati-da noayon kishilar libosiga ilashishga mahkum bo‘ladi. Illo, tog‘ cho‘qqisiga qo‘ngan qor yana qayta osmonu falakka parvoz qilishdan umidvor bo‘lganidek, oyoq ostiga qo‘ngan qor parchalari tuproqqa qorishib ketishdan o‘zga qismatni orzu qilishlari mushkul. Inson bir yog‘ib, bir erisa mayli edi-ya. Nahot uning umri yog‘ishlaru erishlardan iborat bo‘lsa. Ertaga qay ezgu insonning kaftiyu yelkasiga yog‘ish nasib etarkin, qay yovuzning oyoqlari ostida ezilarkinman, deya yurak hovuchlab yashash odam bolasiga qismat ekanmi? Nahotki inson bu achchiq qismatga bosh egib yashashga majbur?! Nahotki u bu azaliy qismatdan qochib qutula olmaydi?”
Shoir tag‘in ishxonasini esladi. O‘zini bir issiq kaft, bir mehribon yelka topa olmay sarson bo‘lgan qor parchalari kabi chorasiz his qildi. Endi u sobiq xonadoshlarini esga oldi. O‘zini tog‘ cho‘qqisiga qo‘ngan qor kabi his qildi, yengil tortdi. Ularga omonlik tiladi. Ularga madadkor bo‘lishni so‘rab Yaratganga iltijo qildi.
Tushdan so‘ng Munisa keldi. O‘jar fe’li bois boshida singan kaltaklarga sherik bo‘laverib, qirqqa kirib ulgurmay sochiga oq, yuziga ajin tushgan ayoliga qarab ko‘ngli buzildi. “Unga mensiz qiyin bo‘ladi. Uyda bolalarni, bu yerda meni ayagani uchun ko‘zyoshlarini yashirishga majbur, sho‘rlik. Unga nima qilib berdim o‘zi? Bir umr qovog‘imga qarab yashadi. She’rim bois boshimga yog‘ilgan malomatlarga indamay yelka tutdi, do‘st bo‘lib dushmanning ishini qilganlar, qavmdosh bo‘lib yovning yo‘lini tutganlar ichirgan zaharga teng sherik bo‘ldi, tiriklik sahrosidagi besamar jangu jadallar holdan toydirib, yerga qulatganida, qayta oyoqqa turg‘azdi. Nima qilib berolmadim unga? Aka-ukalarim o‘jar fe’limdan ozorlanib, qo‘l siltab qo‘yishganiga ancha bo‘ldi. Munisaning yaqinlari ham shunday. Mendan keyin qay taxlit umr kechiradi Munisginam?!” – qorachiqlarini kuydirgan og‘riqqa chiday olmay ko‘zlarini yumib oldi.
Munisa uning ko‘zyoshlarini artar ekan, kafti bilan og‘zini to‘sib yig‘lab yubordi. Shoir majoli qurib entikdi. Bo‘g‘zidagi faryodni ichiga yutib asta shivirladi:
– Bolalarni ehtiyot qil, Munis! Sizlarni Xudoga topshirdim…
Munisa uning qo‘llariga yuzini bosdi. Bir necha kundan beri jismu jonini o‘rtayotgan hasratini to‘kib-sochishga shaylangandek, ko‘z oldini qoplagan yosh pardasini kafti bilan sidirgancha Shoirga tikildi. Ammo Shoir uning gaplarini eshitadigan ahvolda emas, yana hushidan ketgan edi…
Shoirning o‘nglanishiga umid qolmagan edi. Ertasi kuni bosh hakim Nafisani yoniga chaqirib, uni uyiga jo‘natib yuborishdan boshqa chora qolmaganligini aytdi. Nafisa xonadan yig‘lab chiqib ketdi. Bosh hakim derazadan mo‘ralayotgan qish quyoshining zaif nurlariga tikilgancha xo‘rsinib qo‘ydi…

* * *

…Yuragiga mayin titroq solgan allaqanday hayotiy quvvatni his qilib hushiga kelgan Shoir ko‘ksi ustida muloyim sirpanayotgan qo‘llarga ko‘zi tushar ekan, hayratdan lol qolgancha qo‘l egalarini izlab yuqoriga qaradi. Boshi ustida o‘n chog‘li odam turar, ular Shoirning ko‘ksiga qo‘llarini qo‘ygancha ko‘zlarini yumib, allanimalar deya pichirlashar edi. Shoir ulardan uchtasini – Usta, Mulla va Mosuvoni tanidi.
Ko‘zi quvonchdan yashnab, Ustaning qo‘lini ushladi. Usta mayin jilmayib, yonidagi yigit va qizni bag‘riga tortdi.
– Bu – Shogirdim, bunisi – qizim!
Ko‘zlari quvonchdan porlab ketgan Mulla yonidagi kishining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
– Bu – Do‘stim!
Orasta kiyingan, yuzlariga rang kirib, ko‘zlari ma’no kasb etib qolgan Mosuvo yonidagi – jajji qo‘lchalari Shoir amakisining ko‘ksini siypalayotgan ikki qizaloqning boshini siladi:
– Bular – qizlarim!
“Yo‘q, yo‘q! U endi Mosuvo emas, Baxtiyor, – o‘yladi Shoir.– So‘zsiz, Baxtiyor! Ularning hammasi BAXTIYoR!”
Mehribonlarining kayfiyati Shoirga ham ko‘chdi. Tanasiga mador kirganini, ruhi yengil tortib qolganini sezib, ko‘zi yoshlandi…
Xonada tuyqus avjiga chiqqan quvnoq qahqaha va sho‘x-shodon qiyqiriqlarni eshitib fig‘oni falakka chiqqan bosh hakim va hamshiralar ko‘z ochib-yumguncha fursat o‘tmay, eshik oldida paydo bo‘lishdi. Nimqorong‘i xona go‘yo yorishib, kengayib qolgan, unga bosh hakimdan yashiriqcha kirib olgan o‘n chog‘li odam xavotir sezmas, xona o‘rtasida g‘uj bo‘lib, qahqahayu askiyani avjiga chiqarar, ular chehrasi yorishib, yuziga rang kirib qolgan, kursiga sipogina o‘tirib, qahqahaga jo‘r bo‘layotgan Shoirni o‘rab olishgan edi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 3-son