Said Anvar. Mardikorlar (komediya)

IShTIROK ETUVChILAR
1. ERKABOY – 60 yoshlarda, qishloqidan kelgan, ammo shaharning pastu balandini bilgan inson.
2. YO‘LDOSh – 30 yoshlarda. Erkaning shogirdi, sodda yigit.
3. MILTIQBOY – 50 yoshlarda. Sobiq mahalla noziri. Anchayin quv.
4. ARSLON – 75 yoshda. Yangi boylardan. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. Qulog‘i og‘irroq.
5. NOZIGUL – 30 yoshda. Arslonning xotini, sodda-yu, ammo ichidan pishgan.
6. XOLIQ – 50 yoshda. Boylik bo‘lsa hamma narsaga tayyor odam.
7. SALTANAT – Arslonning qizi. O‘qimishli, aql-idrokli. Bitta aybi to‘ladan kelgani. 25 yoshda.
8. NURIDDIN – 25 yoshda. Qiltiriqqina, ammo o‘ta “zamonaviy” yigit.

Voqealar “qadim-yaqin” zamonlarda, oddiy xonadonda bo‘lib o‘tadi.

Sahnaning o‘ng tomonida chala bitgan osmono‘par imoratning yarmi
ko‘rinib turibdi. Chap tomonda ko‘cha eshigi, dang‘illama uy.
Yuqoridagi uyning eshigi ochiq. O‘rtada so‘ri.
Uning ustida erkakning shimi, bir poy tuflisi, ayollar ro‘moli yotibdi.
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.

YuQORI UYDAN OVOZ. Voy, erim!.. Qo‘yvoring!

Qo‘ng‘iroq jiringlaydi.

OVOZ (baralla). Hozir! (Shivirlab) Qo‘yvoring deyapman! Qanaqa odamsiz o‘zi?!

Qo‘ng‘iroq jiringlaydi.
OVOZ (baralla). Hozir dedim-ku! Hozir! (Shivirlab) Yashirining, erim! Sizni bu yerda ko‘rsa sog‘ qo‘ymaydi!

Yuqoridagi uydan Nozigul xalatining tugmalarini qadab, belbog‘ini bog‘lab,
sochlarini tartibga solgancha chiqadi. So‘ridagi ro‘molni olib, boshiga o‘raydi.
Shim bilan tuflini uyga otib, ko‘cha eshigi tomon yuradi.
Uydan ichki kiyimdagi Miltiq chopib chiqib,
Nozigulni orqasidan quchoqlaydi.

NOZIGUL (Miltiqni siltab tashlaydi). E, yo‘qol-e!

Miltiqning boshi devorga uriladi, gursillab yerga qulaydi.

NOZIGUL. Yashirining! Erim keldi deyapman! Yashirin!

Miltiqboy gandiraklab uyga kirib ketadi. Nozigul eshikka qarab yuradi.
Miltiq garangsirab uydan chiqib, atrofga alanglaydi. So‘ridagi ko‘rpacha ostiga yashirinmoqchi bo‘ladi. Oyog‘ini yopsa boshi ochilib qoladi, boshini yopsa oyog‘i. Yana atrofga alanglaydi. Yuqoridagi, ochiq turgan eshik orqasiga berkinadi.

NOZIGUL (eshikka). Kim u?

Jimlik.

NOZIGUL (zarda bilan, baqirib). Kim deyapman?
OVOZ. Menman, xonim, menman! Askaringizman, generalim!
NOZIGUL. Uff! (Eshikni ochadi).

Qo‘lida xaltalar bilan Arslon kiradi.

ARSLON (peshonasidagi terlarni ro‘molchasiga artib). Uxlayotganmidingiz, azizam? Uzr, uzr!
NOZIGUL (kinoya bilan). Rosa ko‘zim uchib turgandi-da.
ARSLON (uning so‘zlariga parvo qilmay). Bozor erta bitib qoldi. Uni ustiga arzon-garov mardikor-ustalar uchrab turibdi-da! Ammo tog‘ni ursa talqon qiladigan pahlavonlarni boshlab keldim! (Eshikka) Kiringlar, yigitlar!

Qo‘lida xalta bilan Erka, uning ortidan Yo‘ldosh kiradi.
Nozigul ularga bepisand ko‘z tashlaydi, labini buradi.

ARSLON (chala bitgan imoratlarga ishora qiladi). Oshxonaning chalasini bitkazishadi. Keyin nimaki topshirig‘ingiz bo‘lsa, ularni ham so‘zsiz bajarishadi. Bozorlikni ichkariga qo‘yaqolay, a?

Arslon xaltalarni ko‘tarib, o‘ng tomonga o‘tib ketadi.
Erka atrofga alanglaydi, qo‘ynidan vino olib, ho‘playdi, shlyapasini hidlaydi. Nozigulning tikilib turganini ko‘rib, jentelmenlarday egilib, shlyapasini qo‘lida siltab, ta’zim bajo etadi. Nozigul lab burib, o‘ng tomonga yuradi. Shu payt yuqoridagi eshik “g‘iyq” degan ovoz chiqarib, yopilib qoladi. Uning ortida mayka-tursida, soldatlarday ikki qo‘lini yonga tushirib turgan Miltiq ko‘zga tashlanadi. U ko‘zlarini pirpiratib, biroz turadi-da, chopib kelib Erka bilan Yo‘ldoshning o‘rtasiga turib oladi. Nozigul bosh chayqab, qo‘llari bilan yuzini berkitgancha, so‘riga o‘tirib qoladi. Yo‘ldosh og‘zini ochgancha oldin Miltiqqa diqqat bilan razm soladi, so‘ng Erkaga qosh uchiradi. Erka chap ko‘zini yumib, bosh qimirlatib, “Parvo qilma” deganday ishora qiladi. Arslon ortiga qaytadi.

ARSLON. Hamma masalliqlarni muzxonaga joylab qo‘ydim, xonim. Bularga biror yegulik tayyorlab… (Miltiqqa ko‘zi tushib, o‘ylanib qoladi. Ko‘zoynagini yechib, yana qaraydi. Barmoqlarini bukib, sanagan bo‘ladi. Miltiqqa boshdan-oyoq razm soladi). Ie, bunisi qayoqdan paydo bo‘ldi? Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi? Men ikkita mardikor boshlab kelgandim, shekilli?
NOZIGUL (lab burib). Domullo, ikkitasining ustiga yana ikkita ko‘zoynak taqib olsangiz bo‘larkan.
ARSLON (ishora qilib). Ko‘zoynagim o‘zim-da, mana taqib olganman.
NOZIGUL (baland ovozda). Ey, o‘sha ko‘zoynagingizning ustiga yana ikkita ko‘zoynak taqib olsangiz bo‘larkan. Boshlab kelgan siz, men qayodan bilaman?
ARSLON. Ha-a-a-a!
NOZIGUL. Bunga gap tushunturguncha… (Qo‘l siltaydi)

Arslon hayron, ko‘zoynagini qo‘liga olib, yana taqib yigitlarga qaraydi.
Barmoqlarini bukib, yana sanaydi.

NOZIGUL (ovozini balandlatib, Arslonning yengidan tortib). Hoy, menga qarang, domullo, qarib ko‘zingizga uchta narsa ikkita bo‘lib ko‘rinadigan bo‘lib qoldimi? Manovilardan so‘rang, uchta edi ular o‘zi! (Yo‘ldoshga qo‘lini niqtab) Uchta edilaring-a?
YO‘LDOSh. N-n-nima… b-b-b-biz… haligi… Men bu yerlik emasman!
NOZIGUL (Erkaga). Uch kishi edilaring-a?
ERKA (beparvo). Ha, uch kishi edik, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda! Bu ukamizga domulloning ko‘zi tushmabdi-da, bozorda. O‘zi ukamiz chetroqda yuradi. Sportga mukkasidan ketgan. Sport bilan shug‘ullangani-shug‘ullangan. Jahon chempioni bo‘lmoqchi, yugurishdan. Biz ish topsak, ortimizdan chopib kelaveradi.
NOZIGUL. Ana, eshitdingizmi?
ARSLON (Nozigulga yuzlanib, bosh chayqab). Jahon chempionatiga borolmayman men! Qancha ishim qalashib yotibdi.
NOZIGUL. Uff! Birov buni jahon chempionatiga boring dedimikan! (Erkaga Arslonni imlab) Quloqlari ketgan. Ovozingizga yana bir parda qo‘shib yuborasiz!
ERKA. Ha-a-a-a-a! Bozorda ham Ali desam, Vali deyishayotgandi, shunga ekan-da! (Bemalol sahnani aylanib, Miltiqni ko‘rsatib, har bir so‘zini ta’kidlab, baland ovozda) Bu ukamiz jahon chempioni bo‘lmoqchi, yugurishdan, domlajon!
ARSLON (qo‘li bilan Miltiqqa imlab). Ha-a-a-a-a!
ERKA (Arslonga taqlid qilib). Ha-a-a-a-a! Shunga hech bekor turmaydi. Yugurgani, yugurgan! Siz borganda ham mardikor bozorining atrofida yugurayotgandi, ko‘rmabsiz! Avtobusgayam, mashinaga ham chiqmaydi. Biz ish topsak, ortimizdan chopib kelaveradi. Mana ko‘ryapsiz, yetib kelib turibdi.
ARSLON. Ha-a-a-a! (Miltiqning qarshisiga borib, qo‘l uzatadi) Arslon (ta’kidlab) boy!
MILTIQ (qaltirab qo‘l uzatadi). Miltiq (ta’kidlab) voy!
ARSLON (Miltiqqa). Chempion bo‘lish uchun, yugurishning o‘zi kamlik qiladi. (Ko‘kragiga barmog‘ini niqtab) Bizga o‘xshagan sponsorlarning ortidan ham yugurish kerak! Ammo siz ko‘zimga issiqroq ko‘rinyapsiz… Sizni qayerdadir ko‘rgandayman…
ERKA (Arslonni chetga tortib). Radioda, yo‘-g‘e, televizorda ko‘rgansiz, Arslonboy aka, televizorda ko‘rgansiz… “Mahallamiz malikalari”da chiqqan! Mashqlarini oxiriga yetkazib olsin, albatta sizning orqangizdan ham yuguradi. O‘zingiz sponsor bo‘lasiz, Arslonboy aka! Hozir bizga ishni ko‘rsating, ishni. Vaqt o‘tyapti, pul ketyapti, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda.
ARSLON. Ha-a-a-a! (Ko‘rsatib) Manovi imoratni bitkazasizlar.
ERKA. Gap bo‘lishi mumkin emas.
ARSLON. Sement, qum, ohak, g‘isht ichkarida. Sifat degan narsa bo‘lmasa, pul bermayman. (Eshik tomon yuradi)
NOZIGUL (uning ortidan). Meni kandidatskiyim nima bo‘lyapti?
ARSLON. Bo‘lyapti. Zo‘r-zo‘r himoyachilar bilan gaplashib qo‘yganman, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, azizam! Ko‘cha ko‘rgan yigitlardanmiz, sizni himoya qilamiz! Bugun ham universitetga tushib, himoyachilarning eslariga solib qo‘yaman!
ERKA (tomoshabinga). Heh! Uyida himoya qilolmay o‘tiribdi-yu, ko‘chada himoya qilarmish! (Miltiqqa ishora qilib) O‘yinchilar yallo qilib yuribdi-yu stadionida!
ARSLON (Erkaga). Bir narsa dedingizmi, birodar?
ERKA. Yaxshi borib, ertaroq keling, dedim!
ARSLON. Rahmat!

Arslon ko‘cha eshikdan, Nozigul o‘ng tomonga chiqadi.
Miltiq ostonada yotgan shim bilan tuflini olib,
shoshilib yuqoridagi uyga kirib ketadi.

YO‘LDOSh (Miltiqqa ishora qilib, duduqlanib). B…bu p-p-palid osmondan tushdimi, yerdan ch-ch-ch-chiqdimi?
ERKA (so‘riga chiqib, yonboshlaydi, so‘mkasidan vino shishasini olib, gap orasida bemalol ho‘plab-ho‘plab ichadi). Senga nima? Buyam bizga o‘xshagan mardikor ekan, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda. (Ko‘cha eshikka ishora qilib) Pochchamizning o‘rniga ishlayotgan ekanlar. He-he-he! Ammo ishni bitkazmay turib, ishlarini buzib qo‘ydigov! Xonimning qosh-qovog‘ini ko‘rding-ku? Endi navbat bizga. (Nozigul tomonga ishora qilib) Bizniyam rozi qilmay ko‘rsin, dunyoga jar solib yuboraman. “Uchta edik”, deb bekorga yonini olganim yo‘q. Ammo ketvorgan narsamikan?
YO‘LDOSh (qo‘l siltab). E-e-e, a-aka, shunaqa gaplarni qo‘ying! Buzuqi ishlar qilgani kelibmizmi, biz?! O‘zi bunaqa palidlarni melisaga topshirib yuborish kerak.
ERKA (kulib). E, kallangga qoyilman, mulla Yo‘ldoshboy! Chaqir, chaqir bo‘lmasa melisani. O‘zing shapkali odamni ko‘rsang, (urg‘ulab, shoshmasdan) u voyenniymi, uchuvchimi, yo biror yerda qorovul – boshida shapkasi bo‘lsa bas, olti bekat naridan yurasanu, yana melisaga berarmish.
YO‘LDOSh (kuyunib). Shunaqa qilib yurish menga havasmi, aka, havasmi?! Otam uylayman deganiga uch yil bo‘ldi. O‘shalarga yordam bo‘larmikan, bir-ikki tanga toparmikanman, deb yuribman begonalarning eshigida sarg‘ayib. O‘g‘irlik qilmaganman, odam o‘ldirmaganman, jinoyatim – tinchgina, halol mehnat qilib pul topayotganim. E, melisalaringiz bunga qararmidi?
ERKA. “Pasportingizni ko‘rib qo‘yaylik!” dedimi, bu yog‘i tamom!
YO‘LDOSh. O‘lmang! Pasportimni ushlashgani, meni ushlashgani! Qator-qator qarorlar, farmonlar chiqib yotibdi, bular umuman o‘qishmaydimi, eshitishmaydimi, panaga sudrashadi. Cho‘ntaklar, xaltalar qolmaydi: tintishadi, topganingizni tortib olishadi.
ERKA. “Kimsan, pasportimni olishga, ko‘rishga seni haqqing bormi o‘zi? Aslida, sen “naryad”dan chiqib kelyapsanmi yo “parad”dan?” deb so‘raydigan inson yo‘q!
YO‘LDOSh. “Naryad”danmi, “parad”danmi deb so‘rash uchun yurak bo‘lishi kerakmi? Bizda yurakning o‘zi yo‘-g‘u! Allaqachon olib qo‘yishgan. Bo‘riga yo‘liqqan quyonday qaltirab turasiz.
ERKA. O‘g‘ri ushlash yo jinoyatchini topish, qo‘lga olish uchun kalla bo‘lishi kerak! Nima qilishadi? Ulardayam bola-chaqa bor, ushlaganini shilishadi-da. (Kuladi, vinodan ho‘plab, do‘ppisini hidlaydi)
YO‘LDOSh. Pasportimga katta harflar bilan, “Ushbu pasport egasi qonun himoyasida!” deb yozib ham qo‘yilgan! Demak, meni qonunlari qo‘llaydi. Shu yurtda bobolarimning, momolarimning go‘ri – qabri turibdi! Birov ularni bosib o‘taman desa, meni o‘ldirib, keyin o‘tadi! Ammo men o‘z yurtimda meni himoya qiladigan qonun himoyachilaridan qochib yuraman! Uyat! Uyat! Uyat!
ERKA. Ey, kecha shaharga kelib, bugun menga ma’ruza o‘qimagin, uka! Bunaqa ishlarni bugun ko‘rayotganim yo‘q. Gapirsam doston bo‘ladi. Pul topib uylanmoqchimisan, gap yo‘q. Men bilan birga bo‘lsang kam bo‘lmaysan: o‘zim seni onasi o‘pmaganiga o‘ylantirib qo‘yaman.

Yuqoridagi uydan melisa kiyimidagi Miltiq chiqadi. Yo‘ldosh qo‘rqib qochmoqchi bo‘ladi, so‘mkasiga qoqilib yiqiladi. Erka shoshib vino shishasini so‘mkasiga yashiradi, o‘zini o‘nglab o‘tirgach, Miltiqqa sinchiklab qaraydi, chakkasini qashlaydi. Miltiq Nozigul chiqqan, Arslon ketgan tomonlarga bir-bir qarab, turib qoladi. Erka og‘iz va ko‘zlarini bor bo‘yicha ochib, kipriklarini pirpiratadi. So‘ng o‘ziga kelib, qo‘llarini bir-biriga ishqagancha,
Miltiq tomon yuradi.

ERKA. Ie, iye, iye, kamandir, o‘zingizmi, o‘zingizmi? Boya ko‘zimga issiq ko‘ringandingiz-u, shu eslayman deyman, shu eslayman deyman, bu es qurg‘urning o‘zi qolmagan-da, eslolmayman-da! Baribir formada bo‘lmasangiz tanimas ekanman, vey, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda! Qo‘lni uzating, o‘g‘il bola! (Miltiqning qo‘lidan tutadi, ta’kid bilan) Omon-misiz, sog‘-misiz, bor-misiz? Bola-chaqalar tinchmi? Uchastkalarni obxod qili-i-ib yurgan ekansiz-da, a, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda?
MILTIQ. Ha, endi, aka…
ERKA. Obbo, siz-ey! Uchrashgan joyimizni, kunimizni, holimizni qarang! Keyingi paytlarda mayka-tursida xizmat qiladigan bo‘lib ketibsiz-da?
MILTIQ. Bilasizmi, aka?..
ERKA (so‘zini bo‘lib). Bilaman, uka, bilaman. Sigaretdan oling-e, gapni ko‘paytirmasdan.

Yo‘ldosh yonboshlagancha og‘iz va ko‘zlarini bor bo‘yicha ochib, ularni kuzatadi.
Miltiq Erkaga sigaret uzatadi.

ERKA (sigaretani qutisi bilan olib). O! Tozasidan-u. Sigaretpurushlardan o‘ljami deyman-a? Ha, bugun o‘ng tomonim bilan turgan ekanman. (Huzur qilib chekib, qutisini cho‘ntagiga solib qo‘yadi) Yana, “Sigaretdan ber”, deb sizni ovora qilib yotmay, cho‘ntagimda turaqolsin, (kuladi) o‘ljaning o‘ljasi bo‘lib! (Yo‘ldoshga ko‘zi tushib) Ie, iye, iye! Kelaver, bu yoqqa kel! Miltiqboy akang – bu, qo‘rqma, o‘zimizdan. (Miltiqqa) To‘g‘rimi, kamandir?
MILTIQ. To‘g‘ri-yu… Endi, aka, boshqa kuni gaplashsak… Bugun zarur ishlarim bor edi… (eshik tomon yuradi).
ERKA. Hov, kamandir, quyonning rasmini chizmoqchimisiz? A? Jo‘namoqchimisiz? Bizam ortingizdan boraveramiz bo‘lmasa. Mana, guvohimiz bor. (Yo‘ldoshga) Ey, bu yoqqa kelsang-chi, qaltiramasdan! Biqinimga o‘tir! Men borman, qo‘rqma! (ko‘rsatib) Ikkovlashib melisaxonaga boramiz! Mahallalarda qanday, qanaqa, qay holatda xizmat qilib yurganingizni bir boshda-a-an aytib beramiz boshlig‘ingizga.
MILTIQ. Aka, yomon ko‘ngilga bormang. Shunday o‘tib ketayotsam, (Nozigul ketgan tomonga ishora qiladi) ko‘chaga suv sepishayotgan ekan… Meni ko‘rmay qolib, bir chelak suvni ustimga sepib yubordi. Keyin…
ERKA (qah-qah urib, qotib-qotib kuladi). Ishondim, kamandir, ishondim. Keyin kirdingiz.“Ust-boshingizni dazmol qilib beraman, yechining!” dedi, yechindingiz-a?
MILTIQ. Ha-a…
ERKA. Siz suqsurday yigitsiz, ular (Nozigul tomonga ishora qiladi) o‘n gulidan bir guli yopilay-yopilay deb turgan jonon. Gapni bir bor ekan, bir yo‘q ekan, deb boshlasangiz bo‘lardi. Dazmol bosib o‘tirishlaringga kichkina bola ham ishonmasa kerak?! (ishora qilib) Shimingiz ostonada yotgandi-yu? Gaplaringiz uncha qovushmayapti, kamandir.
YO‘LDOSh. Qovush… qovush…
ERKA. Ha-a-a! (kulib, askiyaga burib) To‘g‘ri aytasan, bular endi qovushgan ekan, palakat bosib biz kelib qolibmiz, shunga gaplari qovushmayapti.
MILTIQ (yonidan pul olib, Erkaning cho‘ntagiga soladi). Bunaqa gaplarni qo‘ying, aka. Undan ko‘ra, meni duo qilib, ikki yuztani otvoring.
ERKA. Ie, iye, kamandir, gunohingiz ikkita bo‘lib qolayapti-yu!
MILTIQ. Guvoh?
ERKA. Guvoh emas, gunoh! Mayka-tursida, ayni xizmat qilayotgan paytingizda qo‘lga tushdingiz chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda! Bu – bir! To‘g‘rimi?
MILTIQ. Aka…
ERKA. Akalamay turing! Qo‘yib bersam sal turib buvimlaysizam! (Arslon chiqqan tomonga ishora qilib) U arslonnning og‘zidan (ko‘kragiga niqtab) naq Erka qiyom akangiz, g‘irt yolg‘onni gapirib, “Televizorda ko‘rgansiz”, deb tortib oldi, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda!
MILTIQ. Aka, yigitchilik deb qo‘yibdi. Bir bo‘ldi-da…
ERKA. Ie, vey, sizam yigitchilikni bilasizmi? Ko‘chaga chiqsak, tizzamizning ko‘zi qaltirab turadi, vey! “Do‘ppini cho‘ntakka urib, ro‘mol o‘rab yursakmikan?” degan xayollar ham o‘tadi kalladan-ey! Ko‘zingiz tushib qolsa bo‘ldi, “Nima qilib yuribsan? Hidi kelyaptimi?” deb idorangizga sudrardingiz. “Ishlab yuribmiz! Olti oy ishlab, xo‘jayin bankrod bo‘lib qolgan ekan, olti (ta’kidlab) ming so‘mlik bo‘ldik! Alamiga ichdik! Yigitchilikda bir bo‘ldi-da”, deb ming tavallolar qilmaylik, pinagingizni buzmasdingiz, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda! To‘g‘rimi, kamandir?
MILTIQ. Ha, endi xizmatchilik…
ERKA. Yashang! Endi bizam “xizmatchilik” deb bir xumorbosdi qilamiz.
MILTIQ. “Xumorbosdi?”
ERKA. Ha, xumorbosdi. Bir kun qo‘lingizga tushib qolsak, o‘n besh kun tepamizda turvolib, o‘lguday ishlatardingiz. O‘tirgan uyingizning betonidan tortib, shiferi-yu suvog‘igacha qo‘lga tushgan qasoskorlar – bizga o‘xshagan tekin ishchi-mardikorlar qurdi, quruq nonni suvga bo‘ktirib yeb… Chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda!
MILTIQ. Tekinga ishlatmaganman, pul ham berganman…
ERKA. Ha, o‘n besh kun deganda o‘lik-tirikligini bola-chaqasiga bildirib qo‘ysin deb pulam bergansiz! O‘zim boyvachchaligingizning nomer birinchi guvohi bo‘lganman-ku! O‘n besh kun ishlaganimdan keyin, yarimtaga yarasha pul bergandingiz…
MILTIQ. Yo‘-g‘e?
ERKA. Ha-a-a! Uyingizdan chiqib, cho‘ntak quruq, qishloqqa borvolish uchun birorta tanish izlab tursam, sherigingiz kelib ushladi. “Ustayo‘qlov”, deb meni olib borib yana sizga topshirdi. “Hozir shu yerdan ishlab chiqdim!” degan gapimga parvo ham qilmadilaring. Qaytanga qo‘l tashlashib, xo-xolashib ustimdan kuldilaring! Yana o‘n besh kun qullik qildim, to‘g‘rimi? Mana zamonlar o‘zgarib, bizgayam kun tug‘ib qolibdi, bir kun bo‘lsayam tepangizda turvolib, ishlashingizni tomosha qili-i-ib, bir maza qilaylik, “Xizmatchilik!” deb.
MILTIQ. Jon, aka, boshqa safar har qanday ishingiz bo‘lsa men balogardon. Ammo hozir bormasam bo‘lmaydi.
ERKA. Bormasangiz bo‘lmaydimi?
MILTIQ. Bo‘lmaydi.
ERKA. Sirayam iloji yo‘qmi?
MILTIQ. Sira iloji yo‘q.
ERKA. Bo‘lmasa, qani, (qo‘li ko‘ksida, eshikka ishora qiladi) boshlasinlar! Bizam melisaxonaga bormasak bo‘lmaydi. Sira iloji yo‘q, o‘zlaridan bo‘lsin, yursinlar.
MILTIQ. Siz melisaxonada nima qilasiz?
ERKA. Boshliqlarning oyog‘iga bosh urishingizni tomosha qilaman.
MILTIQ. Men bosh urarkanmanmi?
ERKA. Albatta, siz. Avvalo, bugungi xizmatlaringizni bir boshdan hikoya qilib beramiz halol-pok inson sifatida. Keyin (Miltiqning kostyumi yengidan ushlab) mana bu formada yana xizmat qilib yurganingizni aytamiz.
MILTIQ. Bu formaga nima qilibdi?
ERKA. Ustingizdan uch kishilashib yechib olishgandi-ku!
MILTIQ. Qachon?
ERKA (kuladi). He-he-he! Hov, siz bizni hech narsaga aqli yetmaydigan, farosatsiz mol deb o‘ylayapsizmi, mol?! Bizdayam ko‘z bor ko‘radigan. Bir emas ikkita quloq bor – eshitadigan!!! Eshitdik-da!
MILTIQ. Nimani eshitdingiz?
ERKA. – To‘xtang, hozir. (Yo‘ldoshga) Nimaga sen bir narsa qilib qo‘ygan boladay og‘zingni ochib o‘tiribsan? Bor ishingni boshlab tur, hozir senga yordamga chiqishadi. Bor dedim!
YO‘LDOSh (qo‘li ko‘ksida). Xo‘p, aka, xo‘p. (Chiqadi)
ERKA (Miltiqqa qo‘llarini siltab). Oldin siz mening bitta savolimga javob bering. Militsiya xodimining asosiy vazifasi nimadan iborat?
MILTIQ. Xalqning tinchligini, xotirjamligini saqlash.
ERKA. O‘lmang. Endi ana shu vazifani sidqidildan bajaraman deb tunu kun tinim bilmayotgan, kerak bo‘lsa bu yo‘lda aziz hayotini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan militsionerlar qancha?
MILTIQ. Minglab.
ERKA. Yashang! Ana shunday ulug‘, sharafli, savobli kasbning egasi, qonun himoyachisi bo‘la turib qonunni buzgan, hatto jinoyat qilgan xodimlarni nima qilish kerak? A? (Kaftini qulog‘iga qo‘yib) Erkavoy akangizning qulog‘i sizda, javob bering. O‘zim javob beray bo‘lmasa. (Miltiqning formasidan ushlab) Bunday muborak formaga dog‘ tushirgan kimsalarni, formasini yechib olib, katta ko‘chaga olib chiqib, ketiga tepishadi. To‘g‘rimi?
MILTIQ. T-t-o‘g‘ri.
ERKA. To‘g‘ri bo‘lsa bu formada nima qilib yuribsiz?! Sizni tovlamachilik bilan pul undirayotganingizda qo‘lga olishgandi. Esingizdan chiqdimi? O‘sha kuniyoq formangizni yechib olib, ishdan haydashgandi, ko‘chaga olib chiqib ketingizga tepishgandi chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda. Formaning ikkinchisini topshirmagan ekansiz-da!
MILTIQ. Hay… (So‘z topolmay chaynaladi)
ERKA. Jinoyatingiz kamday yana formada yurib, mana bunaqa iflos ishlarni qilayapsiz! Sizdaqalarning joyi qayerda ekanligini ham aytaymi? Qamash, menga qolsa, sizdaqalarni ekskavator bilan chuqur kovlab, ko‘mib yuborish kerak. Qamashsa, teshik topib chiqib kelaverasizlar-da! (jimlik) Xizmatga borasizmi, yana? Zarur ishingiz bordir balki?

Miltiq jim. Nozigul kiradi. Ularga bir-bir ko‘z tashlaydi.

NOZIGUL (Miltiqqa shivirlab). Ketmadingizmi?
ERKA. E, qayoqqa ketadi, kelin! (So‘mkasidan vinoni olib ho‘playdi, kulib) Sizning xizmatingizni bajarib bo‘lgan bo‘lsa, endi bizning xizmatni qiladi. Sizning ishingiz bitgan bo‘lsa, bizniki endi boshlanayapti… Xex-xex-xex!
NOZIGUL (jerkib). Nimalar deyapsiz?! Qayoqdagi tuzsiz gaplarni aytmang, enangizning uyida emassiz.
ERKA. Bay-bay-bay! (Kuladi) Qalampir yutganmisiz, tilingiz munchayam shirin. Non-choyning o‘rnigami bu gaplar?
NOZIGUL. Aljimasdan ishingizni boshlang!

Nozigul zarda bilan chiqadi.

ERKA (Nozigulning ortidan boshini chayqab). Voy-bo‘y! Zardalari osmonni buzadi-ya! (Miltiqqa) Eshitdingizmi, kamandir, ishni boshlaysiz ekan. Boring, kelinga ayting, pochchamizning eskiroq ust-boshidan bersin, kiyib oling, yana “pokiza” formangiz iflos bo‘lib qolmasin! (Miltiqning qulog‘iga) Gap oramizda qoladi, birovga miq etmayman. O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup. Biz uchun ham bir xizmat qilsangiz qilibsiz-da! (Ko‘z qisadi)

Miltiq qo‘l siltab, Nozigulning ortidan chiqadi. Erka so‘riga yonboshlab, vinosidan ho‘playdi, zakuskasiga Miltiq bergan pullarni cho‘ntagidan olib, hidlaydi.
Yo‘ldosh chetdan mo‘ralaydi, atrofga alanglaydi. Erkaning oldiga boradi.

YO‘LDOSh (hayajonda). Vey, vey, o‘-o‘-o‘zingizmisiz? O‘-o‘-o‘zingizmisiz?
ERKA (masxaralab). O‘-o‘-o‘zimman, o‘-o‘-o‘zimman! O‘-o‘-o‘zingga nima bo‘ldi?
YO‘LDOSh. B-b-bilasiz-ku, ha-ha-hayajonlansam t-t-tilimga k-k-kalima kelmay q-q- qoladi. M-m-melisa sizga p-p-pul be-berdimi, aka?
ERKA (pullarni sanab turib, masxaralab). Ko‘-ko‘-ko‘rib, ko‘-ko‘-ko‘rib t-t-turibsan-ku!
YO‘LDOSh. U-u-ularam berarkan-a, m-m-men f-f-faqat oladi deb yurardim.
ERKA. Berishadi, berishadi. Olgandan keyin bermasa bo‘lmaydi-da! Faqat ular tuzuk-tuzuk (ko‘kragiga barmog‘ini niqtab, kuchayib) bizga o‘xshagan katta-katta, obro‘li odamlarga berishadi. Besh-olti yildan buyon shaharda bekorga yurganimiz yo‘q, uka. Oshna-og‘ayni, besh-oltita uzatadiganlardan orttirib qo‘yganmiz. Senlar xolos, qishloqda, “Alkashsan, topganingni ichasan-a!” deb meni yerga uradigan!
YO‘LDOSh. T-t-tan berdim, aka, tan berdim. H-h-hozir melisani ishlatamizmi?
ERKA. Ishlatasan! Ishlash meni obro‘yimga to‘g‘ri kelmaydi. Sen g‘isht urasan, komandir loy qorib, g‘isht uzatib turadi. Burnini yerga ishqab, so‘kib-so‘kib ishlat. Men bir do‘konlarni obxod qilib (shishaga ishora qilib) zapravkani yangilab, oshna-og‘aynilarni ko‘rib kelaman.

Erka eshik tomonga yuradi. Yo‘ldosh uning yo‘lini to‘sadi.

YO‘LDOSh. Yo‘-yo‘-yo‘q, aka. Odam juda g‘alati bo‘lib ketyapti. (G‘isht urish, ketmon chopishga ishoralar qilib) Men g‘isht ursam, kamandir loy qorib berib tursa!.. “Loyni quyuq yoki suyuq qilibsan, yaxshi pishmabdi!” deb do‘q ham ursam kamiga. Yo‘q, umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, aka. Ular faqat buyruq berishga o‘rgangan odamlar bo‘lsa…
ERKA. Nima bo‘pti? Uyam odam – ishlaydi-da!
YO‘LDOSh. Shoshmang, j-j-jon aka, shoshmang. Haliyam qaltirog‘im bosilgani yo‘q. Kamandirni ishga solib bering, keyin kechgacha aylansangiz, mana bu so‘rida yonboshlab, uxlab olsangiz ham mayli.
ERKA. Uff! Ho‘kizday kuchi bor, eshakday ishlaydigan odam topib bersam ham tinchimas ekanman-da, men! Bo‘pti, zapaska ham qulog‘ini ushlab ketarkan.

Erka bo‘sh shishani so‘mkasiga solib, to‘lasini ochib, so‘riga yonboshlaydi.
Eski ust-boshda, qovoq-tumshug‘i osilib Miltiq kiradi.

ERKA. O‘-o‘-o‘! Sarpolar muborak bo‘lsin, kamandir! Yarashibdi, yarashibdi, ko‘z tegmasin, tfu-tfu! Ishni tugatganingizdan keyin shunaqasi qishloqqa olib ketaversam bo‘larkan, bug‘doy qo‘riqchilikka! (Qah-qah urib kuladi) Menga bunaqa yeb qo‘yguday bo‘lib qaramang, yigitchilikda bir bo‘ldi-da, endi. Soyib Xo‘jayev aytganday, bir kunlik to‘y o‘tar-ketar. Yo‘ldoshvoyga loy qorib, g‘isht uzatib tursangiz bo‘ldi, qolganini o‘zi qoyil qiladi. Qani, marhamat.

Erka bitmagan imoratlarga ishora qiladi.
Yo‘ldosh oldinda, Miltiq orqada o‘ng tomonga yuradi.

ERKA. Ha, aytgancha, kamandir, kelinimizga ayting, gapingizga yuradi-yu, choy-non, achchiqqina zakuska bo‘lsa uzatvorsin, bu yog‘i tatalab ketdi. Bir tishlam non yeb olmasam, kechgacha yetolmayman!

Ikkovi chiqadi. Erka so‘riga yonboshlab, vinoning qolganini ko‘tarib ichadi.
Nozigul choynak-piyola olib kiradi.

ERKA. Ie, iye, kelin sizi ovora qilib qo‘yibmiz-ku! Uzr.

Nozigul choynak-piyolani so‘ri ustiga zarda bilan qo‘yadi.

ERKA (tomoshabinga). Voy-bo‘y! Zardalari metrlikmi yo kilolik? (Nozigulga) Choyga bekor urinibsiz, bir yo‘la muzdayrog‘idan olib chiqavermabsiz-da! Dasturxonni menga bering, men solaqolay.
NOZIGUL (jahl bilan). Urinib qolmang yana, o‘zim solaman.
ERKA. Siz uchun (ko‘z qisib, kulimsirab) bir urinsak-urinibmiz-da.

Ikkovi dasturxonni talashib turganda, eshikdan Saltanat kiradi.
Ularga ko‘zi tushib, lab buradi, zarda bilan gurs-gurs qadam tashlab,
o‘ng tomonga o‘tib ketadi.

ERKA (uning ortidan). Hov, bir piyola choyimiz bor. (Nozigulga) Qaramadi. Noz-firoq ham qaddu qomatga qarab bo‘larkan-da, a?

Nozigul sal kulimsiraydi.

ERKA. Ammangizmi?

Nozigul biroz kuladi.

ERKA. Xolangizmi?

Nozigul baralla kuladi.

ERKA. Opangizmi?
NOZIGUL. Qizim!
ERKA. Nima? Va-ha-ha! Askiyaniyam qotirarkansiz, yashang!
NOZIGUL (jiddiylashib). Buning nimasi askiya? Haqiqatan ham qizim. Aniqrog‘i, pochchangizning erkatoy qizlari. Shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimdan buyon mana shunaqa zarda, achchiq-tirsiq.
ERKA (non kovshab). O‘g‘il zarda qilsa uylash, qiz zarda qilsa erga berish kerak, tamom-vassalom! Birortasini topib…
NOZIGUL. Qani o‘sha birortasi?! Shaharda qiz chiqarish – azob. Birov birovni qo‘ying, hatto qo‘shnisini ham tanimaydiganlar bor! So‘rab-surishtirib, bormagan xonadonim, o‘rtaga solmagan odamim qolmadi. Biriga qizimiz yoqmasa, ikkinchisiga xonadonimiz… Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay deb kuyov tomonni ko‘ndirsak, kelin qurg‘urga kuyov yoqmaydi. Birini qirriq deydi, birini tirriq.
ERKA. O‘x-xo‘! Sizniyam dardingiz og‘ir ekan. Ammo teshik munchoq ko‘chada yotmas, deyishadi eskilar. Ko‘ngilni keng qilavering, tengi chiqib qolar. (Shishani qo‘yniga solib, eshik tomon yuradi). Endi men borib, bi-ir oshna-og‘aynilarimdan xabar olib kelay.

Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Erka cho‘chib, ortiga qaytadi.

ERKA. E, yurakni tushirdi-yu! Kelin, birov keldi shekilli, o‘zingiz qarang. Yana pagonlilardan bo‘lmasin!

Erka so‘riga qaytadi. Nozigul eshikdan chiqadi.

NOZIGUL (zardali ovozda). Ha, nima deysiz?

Jimlik. Erka qo‘li bilan qulog‘ini eshik tomon buradi.

NOZIGUL (mayin ovozda). A? Nima? Ie, voy, shunaqami?! Qadamlaringga hasanot. Assalomu alaykum, juda yaxshi-da, juda yaxshi kelibsizlar.

Nozigulning ovozi eshitilmay qoladi. Erka qulog‘ining orqasiga urib-urib
yana qulog‘ini eshik tomon buradi. Ovoz eshitilmaydi.
Qo‘l siltab, qo‘ynidan shisha olib, uni ho‘playdi. Ichimlik tushmagach, shishani yana qo‘yniga tiqadi. Nozigul kirib, hayajon bilan hovlini aylanib yuradi.

NOZIGUL. Voy, o‘lmasam, voy, o‘lmasam. Endi nima qildim? Endi nima qildim?
ERKA (hayron). Tinchlikmi, kelin? O‘t tushdimi?
NOZIGUL. Ha-a, o‘t tushdi, o‘t tushdi. Tushganda ham bemahalda tushdi. Sovchilar kelibdi, sovchilar!
ERKA. Ie, anovini qarang, bo‘rini gapirsang qulog‘i ko‘rinadi, deganlari shu-da! Qadamimiz yoqibdi.
NOZIGUL. Ko‘rinmay ketsin, yoqmay o‘lsin! Dadasi yo‘q-ku, dadasi.
ERGASh. Qo‘llarida telefon degan narsa bor, bir og‘iz qo‘ng‘iroq qiling, zumda yetib keladi.
NOZIGUL. Ha-ya! (Shoshib yuqoridagi uyga kirib ketadi, dam o‘tmay bo‘shashib chiqadi). Qarib, esiyam kirarli-chiqarli bo‘lib qoldi. Telefonini uyda qoldirib ketibdi chol! (Qo‘lidagi telefoni siltaydi)
ERKA. Manzilini ayting, bu yog‘iga erisangiz, o‘n minutda yest qilamiz.
NOZIGUL. E, savdogarda manzil nima qiladi. Molga borib kelaman, deb yurgandi, Qozog‘istonga kettimi, yo Otchoparga Xudo biladi. Bu sovchilar bir kelibdi, qaytib keladimi, yo‘qmi?!
ERKA. O‘zingiz savol-javob qilib yuboravering, xotinlarmi axir sovchilar?
NOZIGUL. Zamonning teskariligini ko‘rib turibsiz-ku, aka. Hozir yigit tomon qolib, qiz tomon sovchilikka boryapti. Ayollar o‘g‘lini sandiqqa berkitib, qizlardan sovchi kutyapti. Qiz tomonga birorta esini yegan erkak sovchi bo‘lib kelmasa, xotinlar sovchilikka umuman bormay qo‘ydi. Xullas, esini yegan erkaklardan bittasi qizimizga sovchi bo‘lib kelibdi.
ERKA. Bu yog‘i shunaqa bo‘lib ketgan deng! Bunchaligini bilganimda shaharga ko‘chib kelib, birorta semizroq jonondan sovchi kelsa, jon-jon deb tegib olardim. Va-ha-ha!
NOZIGUL. Kulmang. O‘zi bularni bitta dugonam, “Ko‘kidan uch yuz bersang, uyingga sovchi yuboraman”, degan shart bilan topib bergandi.
ERKA. O‘-o‘-o‘! Bu yog‘i dollorli sovchilar deng. Ammo pulni begona qilibsiz-da, biz arzonroqqa ham topib berardik sovchilarni. Xonadonlarda ishlab yurib, nechta-nechta qari qiz, tul kampirlarga er, necha beva cholga xotin topib bermadigu, savob-da, savob deb.
NOZIGUL (birdan jonlanib). Bo‘ldi, bo‘ldi, siz dadasi bo‘lasiz!
ERKA (sakrab tushadi). Voy-ey! (shishani ko‘rsatib) Manovi vinojonni men ichdimmi yoki siz? Nimalar deyapsiz?
NOZIGUL. Yo‘q, demang, jon aka. Bunaqa ishlarni qilib yurgan ekansiz, yo‘q demang. Gap-so‘zidan sovchi erimni umuman ko‘rmagan. Bir bora erim bo‘lib, shu sovchilarni ko‘ndirib bering.
ERKA. Yuz marta ham eringiz bo‘lishim mumkin, ammo sovchi masalasi… To‘g‘ri sovchi bo‘lganman, ammo… Er rolini hecham bajarmaganman. Miltiqboy bo‘laqolsin, o‘zi biz kelguncha…
NOZIGUL. E, u yosh-ku! Uni dadasi ekanligiga sovchini urib ham ishontirib bo‘lmaydi.
ERKA. Bu axir umr savdosi… Keyin biz eringiz bilan bunga dagovor qilmaganmiz. G‘isht terish, suvoq qilishga kelishganmiz.
NOZIGUL. Nima farqi bor? Shu uydagi ishlarni bajarsangiz bo‘ldi-da. Keling, yaxshisi yangidan shartnoma tuzamiz. Siz erim bo‘lasiz. (o‘ng tomonga ishora qilib) Anavilarning biri kelinning tog‘asi, ikkinchisi amakisi bo‘ladi. Ko‘plashib sovchini ko‘ndirib bersalaring, kelishilgan pulni olasizlar. Ko‘ndirolmasanglar…
ERKA. Yo‘q, yo‘q, bu shartingiz bizga to‘g‘ri kelmaydi. Juda nozik ish – bu. Sovchilikda sigirni – amma, ho‘kizni – tog‘a deyishga to‘g‘ri keladi. Mundoq qilamiz: sovchilarni ko‘ndirsak, shartlashilgan pulni ikki barobar qilib berasiz. Ko‘ndirolmasak, o‘sha pulning o‘zini olamiz. (ta’kidlab) Bizniki kunbay-da!
NOZIGUL. Ho-o! Sizga six ham, kabob ham kuymas ekan-da. Xo‘p, ko‘ndirolsanglar pulni ikki barobar qilib beraman, ko‘ndirolmasanglar kelishilgan pulning yarmini olasizlar.

Erka barmoqlarini bukib, sanab, peshonasini qashlab, o‘zicha hisob-kitobni boshlaydi. Nozigul yuqoridagi uyga kirib ketadi. Uydan uchta kostyum-shim ko‘tarib chiqadi.

ERKA. Juda boshni qotirib qo‘ydingiz-vey! Maqtash kerak, qizingizni bilmasak nima deymiz?
NOZIGUL. Maqtayvering! Nihoyatda mo‘min-qobil deng, mehnat desa o‘zini tomdan tashlaydi deng! Keyin gapning kelishimiga qarab davom etaverasiz-da.
ERKA. Mayli-yu, ammo men (qo‘ynidan shisha olib, ko‘rsatadi) manovindan har zamonda olib turmasam, fe’lim chatoq, kayfim tarqasa, tilimga gap kelmay o‘rischa gapirvoraman! Cho‘rt poberi! Chort poberi! Chort poberi! Ana boshlandi!
NOZIGUL. O‘zingiz ham chort peberi ekansiz-ku! Undanam bo‘ladi. (Kostyumlardan birini uzatib) Mang, manovini kiyib, odamga o‘xshab oling.
ERKA. Voy, voy, voy! Odamga o‘xshamay nimaga o‘xshaymiz?! (Kostyumni olib) O‘h-ho‘, dunyoga kelib egnimizga ilmaganimizdan-ku! Kuyovligimizda ham kiymagandik bunaqasini! Mayli, kiyaman, ammo yomon fe’lim bor: (ta’kidlab) kiygan kiyimim o‘zi uzilib tushmaguncha egnimdan yechmayman men, shunga rozi bo‘lsangiz kiyaman.
NOZIGUL. Uff! Qanday balo odamga yo‘liqdim-a? Bo‘pti, sovchilarni ko‘ndirsangiz – sizga siylov. Manovi uyga kirib, kiyining.

Erka lab burib, uyga kirib ketadi. Nozigul kostyumlarni ko‘targancha o‘ng tomonga o‘tadi. Yuqori uy eshigidan yangi kostyum-shim kiygan Erka ko‘rinadi. U tomoshabinga “Qalay?” ishorasini qilib, ko‘zdan yo‘qoladi. Nozigul so‘riga yangi to‘shaklar soladi, yana chiqadi. Erka bo‘ynida oltin zanjir, qo‘llarida tilla uzuklar bilan paydo bo‘ladi. Ularni bir-bir tomoshabinga maqtagan bo‘ladi, yana ko‘zdan yo‘qoladi. Nozigul ko‘cha eshik tomon yuradi.

NOZIGUL (eshikka). Voy, kelaversinlar, kelaversinlar!
XOLIQ (tomoq qiradi, ovozi). Bismillohir rahmonir rahiym!
NOZIGUL (qo‘li ko‘ksida, ichkariga imlab). Kelsinlar, kelsinlar, qadamlaringga hasanot.
XOLIQ (qo‘lida tasbeh bilan kiradi). Assalomu alaykum, yaxshilar! (Atrofga alanglab, hayron qoladi). Dadangiz bormilar o‘zi? (Tomoq qiradi)
NOZIGUL. Shu yerdalar, shu yerdalar. So‘riga chiqib turing, hozir. (Yuqoridagi uyga qarab). Hov, chiqaqoling, dadasi, mehmonlar kutib qoldi.

Xoliq atrofga ko‘z yugurtiradi. Koshona imoratlarga qarab “ma’qul” deganday tasbeh donalarini o‘ynab, tomoq qirib, qosh uchirib, boshini qimirlatadi. Erka boshida shlyapa, bo‘ynida galstuk bilan osmonga qaragancha gerdayib uydan chiqadi. Omonat ostonaning chetini bosgani bois, gandiraklab yiqiladi. Xoliq og‘zini ochgancha qotib qoladi. Nozigul Erka tomon chopadi.

NOZIGUL. Ostonamiz nobop-da, ostonamiz nobop.
ERKA (Nozigulga). Nobop bo‘lsa tuzattirib qo‘ysangiz o‘lasizmi?
NOZIGUL. Tuzattiramiz, dadasi, tuzattiramiz. Ishqilib yomon yiqil­ma­dingizmi, dadasi?
ERKA (belini uqalab, kuchayib). Yiqilaverib, yumalayverib ko‘nikib ketganmiz. Hatto Shohimardondagi bir yuz saksontalik pillapoyadan ham yiqilib, bir yuz birinchisigacha yumalab tushganmiz, buningiz nima bo‘libdi. Chort poberi! Chort poberi!
NOZIGUL (Erkani ust-boshini qoqib, so‘riga boshlaydi). Hozir, chort poberi ham bo‘ladi, dadasi! Sovchilar keldi, sovchilar!

XOLIQ. Vey, alomat qizingiz bor ekan-ku! Ishqilib o‘zi qiz bolami?
ERKA (kulib turgan yuzi birdan tundlashadi). I-iye! Bu bilan nima demoqchisan, vey!? Nimaga sha’ma qilyapsan-ey!? Voy, palid-ey!

Erka Xoliqqa yaqinlashib, yoqasidan ushlab, bo‘g‘a boshlaydi.

MILTIQ (ajratmoqchi bo‘lib). Hoy, nima qilyapsiz? Esingiz joyidami o‘zi?
ERKA. Sen aralashma! Bu singlingni haqorat qilyapti. «Qiz bolami?» deyapti, yuzimga qarab. Bu juvonmi degani-da! Solmaysanmi yuziga!
XOLIQ. Yo‘, yo‘, siz meni noto‘g‘ri tushundingiz…
ERKA. Qanaqasiga tushunishim kerak edi? Gapingning ma’nosi irg‘ib chiqib turibdi-yu, ablah!

Miltiq imo-ishora bilan Erkani tinchlantiradi.

ERKA (birdan o‘ziga kelib, kulimsiraydi). Degan ekan bittasi. Gapingizni mening tom bitgan quloqlarim noto‘g‘ri eshitibdi, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda. Bir nima dedingizmi, taqsir?
XOLIQ. Qiz boshi bilan xo‘rozdek yashang, xo‘rozday yuring, degan bo‘lsa, erga tekkach, xotinlar frontida inqilob qilib yuboradimi, demoqchiman.
ERKA (kulib). Shundoq deymaysizmi. Ha, menam, «Qizim, oldin turmush quring, ana undan keyin bunaqa gaplarni so‘ylang. Hali eringiz sizni ko‘chaga chiqaradimi, yo‘qmi?» dedim. «Turmushga chiqqach, birinchi qiladigan ishim erimni uylash bo‘ladi!» deydi.
XOLIQ. Ofarin-e! Erkaklarning ko‘nglidagi qiz ekan. Uni xotin-qizlarga o‘rnak qilib, ishlarini ommalashtirish lozim.
ERKA (Miltiqqa ishora qilib). Manovi amakisini ham, «Bitta xotin bilan o‘tib ketaverasizmi? Erkak bo‘lib keldingizmi – erkakday yuring!» deb tergagani-tergagan. Bechora amakisi erkakday yurish uchun ozib-to‘zib, «dom»lar oralab kezgani-kezgan!
MILTIQ (g‘ijinib). Hov, yana haddingizdan oshyapsiz!
XOLIQ. Bergan tarbiyangizga rahmat.
ERKA. Bir o‘zim tarbiyalaganim yo‘q, ko‘plashib tarbiyaladik. Dadasi yo‘qligida mana shu amakisi kelib onalariga tarbiya berib ketadi, onasi qizlariga…

Miltiq jahl bilan o‘rnidan turib ketadi.
Erka uning etagidan tortadi.

ERKA. Hayajonlanmang, amakisi, hayajonlanmang. O‘tiring. (Xoliqqa) Bu kishining dardlari bor, aybga qo‘shmaysiz: jinday maqtasangiz bas, o‘z-o‘zidan eshilib, raqsga tushib ketaveradi. (Miltiqqa) Mehmon bor, mehmon. Kuzatib olaylik, keyin hammasini bitta qilib boplab raqsga tushib berasiz.
XOLIQ. Bo‘ldi, bo‘ldi. Ko‘rmasdan ham qizingizni kelin qilishga roziman.
ERKA. Yashang! Beshni tashang! Qani, shu gaplaringiz uchun, oldik!

Ikkovi qo‘l tashlashadi. Aroq ichishadi.

ERKA. Kelin muborak, quda!
XOLIQ. Kuyov muborak, quda!

Ikkovi kuchoqlashib, o‘pishadi.

MILTIQ (Erkaning etagidan tortib). Hov, qanaqa otasiz o‘zi? Qizingiz ko‘chada qolganmi? Aqalli kuyov kim, qayerda ishlaydi, deb bir og‘iz so‘ramasdan qiz berasizmi? Hatto ismini ham so‘ramasdan fotiha qilasizmi?
ERKA. Onasini ko‘rib, qizini ol, deydilar. (Xoliqni ko‘rsatib) Qudamiz bu maqolga amal qilib, onalarini ko‘rdilaru, qizini olishga qaror qildilar. Bu maqolning teskarisini qilsak, otasini ko‘rib – qizingni ber degani bo‘ladi-da. Mana, otalari bama’ni inson ekanlar, shu kishining farzandlari bo‘lgach, yaxshi yigit bo‘ladi-da, nima dedingiz, quda?
XOLIQ. Nihoyatda to‘g‘ri kalom aytdingiz, quda, tasanno.
MILTIQ. Hov, menga qaranglar, turmush quradiganlar sizlarmi yoki yoshlar? Bir-birini ko‘rsin, gaplashsin, ko‘ngli-ko‘ngliga to‘g‘ri kelsa…
ERKA. Obbo! Gapni chuvalashtirmang, kamandir! U narsalar eskilik sarqiti. Ota rozi – Xudo rozi, degan yangi gaplar chiqqan hozir.
MILTIQ. Yashaydigan ular!
ERKA. Haliyam siz yashamaysiz!
MILTIQ. Ikki kundan keyin ajrashib tursa…
XOLIQ. Mayli, ukamizning gapida ham jon bor, quda. Yoshlar bir-birini ko‘rishsin, bir zumlik ish-ku! O‘zim bilan birga olib yuribman ukamni.
ERKA. Labbay!? «Ukamni» dedilarmi? O‘zi siz kimdan sovchi bo‘lib keldingiz, vey?
XOLIQ (esankirab). Hm, nima, haligi.. E-e-e! Xudodan yashirmagan, sizdan yashiramanmi? Gapning indallosi, qo‘shnimning o‘g‘lidan sovchi bo‘lib keldim. Otasi o‘tib ketgan. Kuyov bo‘lmish, otasini ko‘rib, (pulga ishora qilib, bosh va ko‘rsatkich barmog‘ini bir-biriga ishqaydi) qizini oladigan yigitlar to‘pidan!
ERKA. Ha, belida belbog‘i bor yigitlarni kamayib, aytganingizday otasining boyligini ko‘rib qizini oladigan (shivirlab) mayda qadamlar ko‘payib ketyapti!
XOLIQ. Onasi o‘g‘lining ko‘nglidagi otani topaman deb izlayverib oyog‘ida oyoq qolmadi. Shu bechoraga jinday yordam, savob deb…
ERKA. Chamamda, mo‘ljalda o‘zingizning o‘g‘lingiz ekan-ku!
XOLIQ. Yo‘q, qo‘shnimizning o‘g‘illari.
ERKA. Sizlarda qo‘shnichilikda seniki menikisi bo‘lmaydi shekilli. Gapingizning mazmunidan…
XOLIQ (Erkaning qulog‘iga shivirlab). To‘g‘risi, bu bolaning onasi ham beva, menam tul. Og‘iz solsam, «Mana shu o‘g‘limni uylab olsam, keyin gapingiz qulog‘imga kiradi», deyapti. Shunga…
ERKA. Men aytgan gapning g‘irt o‘zginasi-da, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda. Bugun bo‘lmasa ertaga haqiqiy o‘g‘lingiz bo‘larkan. Ammo, birodar, og‘ir shartni bo‘yningizga ilib olibsiz! Xotin kishida burd degan narsa bo‘lmaydi. Shart qo‘ydimi, shoir akamiz aytganday, bunday xotindan mashinangizni bir yuz ellikka bosib, benzini yetgan joygacha qochavering. Birinchi shartini bajardingizmi, ertaga ikkinchisi chiqadi. Indiniga uchinchi shartni qo‘yadi. O‘zimga uchramabsiz-da, ko‘zim ostiga olib qo‘ygan janon-janon juvonlar bor edi. Kelishib qolsak, birortasi bilan tanishtirib qo‘yardim…
XOLIQ. Bunaqa hunaringiz ham bormi?
ERKA. Ha, endi, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda tirikchilikning aybi yo‘q hozirgi zamonda. Yigit kishiga qirq aroq, yo‘g‘e hunar oz deydilar. Qolaversa, ikki yuz gramm savob mana shu hunarda, men sizga aytsam. Ikki so‘qqaboshni qovushtirib qo‘yishdan zo‘r ish bormi bu dunyoda. Uyam xursand, buyam xursand bo‘ladi. Biriga xotin, ikkinchisiga er topib berib, hojatlarini chiqarib, atab qo‘ygan bir-ikki tangasini olish, gunoh bo‘lmasa kerak, taqsir? O‘zlariyam chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda…
XOLIQ. Chamangizda, chog‘ingizda, mo‘ljalingizda, juda to‘g‘ri topdingiz.. Bizam shunday savobli ishning etagini tutib, xonadoningizdamiz…
ERKA. Siz qo‘shningizning hojatini chiqaryapsiz ekan, mayli. Ammo o‘g‘lini uylab olgandan keyin ham juvon yana shart qo‘ysa, u bilan adi-badi aytishni bas qiling! O‘zim sizga onasi o‘pmaganidan topib beraman!
XOLIQ. Gap yo‘q!
ERKA. Bir-ikki so‘m ataganingiz bo‘lsa berib qo‘ysangiz, bevalar ro‘yxatiga yozib qo‘yaman. (cho‘ntaklarini kovlay ketadi) Temir daftarim qayda qoldi?
MILTIQ. Hov, oldin bitta ishni oxiriga yetkazib oling.
ERKA (hayron). Qanaqa ishni?
MILTIQ. Ie, ofarin-e! Tom allaqachon ketganmi deyman-a? (Xoliqni ko‘rsatib). Bu kishi sovchi bo‘lib kelgandilar, chamangizda, chog‘ingizda, mo‘ljalingizda.
ERKA. Ie, ha, darvoqe, o‘g‘lingizni, to yest, ukangizni olib keling unda, ko‘rishtiraylik. Bizam kun kech bo‘lmay pulni olib, qishloqqa qaytaylik.

Eshik tomon ketayotgan Xoliq birdan to‘xtab, ortiga qaytadi.

XOLIQ. Bir g‘alati kalom aytdilarmu, yo mening qulog‘im noto‘g‘ri eshitdimi?
MILTIQ (Erkani turtadi). «Kelin kuyovga, kuyov kelinga ma’qul kelib qolsa, suyunchini olib uyga qaytasiz, ataganim bor», deyaptilar akamiz.
XOLIQ. Ha-a, shundoqmi? (Eshik tomon yuradi, yana to‘xtaydi) Aytmoqchi, kelinimizning ismlari nima edi, kuyovbolaga aytib qo‘ysam, gap boshlashlari osonroq bo‘ladimi?
ERKA. Kelinimizning… tois, qizimizning ismlari?.. (Miltiqqa yuzlanadi)
MILTIQ. Ismlari?.. Ha-a-a, Saltanatxon!
ERKA. Ha, ha, Saltanatxon! Shoshganda labga labbay kelmaydi-ya!
XOLIQ (xursand). Ie, anovini qarang, uzukka ko‘z qo‘yganday-ku bu yog‘i, kuyovniki Nurik!
ERKA. Nurik? Ie! Nurik degan ham ot bo‘ladimi? Millatining tayini bormi? Ishqilib bu yog‘i sunnat qilinganmi?
XOLIQ. Qilingan, qilingan. Barcha sunnatlar qilingan. Ismlari Nur… Nur… Nuriddin!
ERKA. Undoq bo‘lsa durust! Obkelavering!
MILTIQ (Erkaga). Kelinbola universitetni tamomlagan, o‘qiganga tegadigan, kuyov qayerda o‘qigan ekan, bir og‘iz so‘rang!
ERKA. Uff! Odamni xit qilib yubordingiz-da, kamandir! (Xoliqqa) So‘raganning aybi yo‘q, kuyovbola qayerda o‘qiganlar?
XOLIQ. Bo‘lg‘usi kuyovingizning o‘qimagan joylari qolmagan. (Ortiga qaytib, so‘riga o‘tirib, aroqdan quyib, ichadi)
ERKA (Miltiqqa). Ie, bu yog‘i o‘z-o‘ziga xizmat bo‘lib ketdimi?
XOLIQ (parvo qilmay). Dastlab, onajonlari, hamma pul bankda deb iqtisod universitetiga majburlab olib kirib qo‘yishdi. Boylangan it ovga yaramaydi, deganlariday, ukamizning sabrlari arang uch oyga yetdi: «Bu o‘qishni bitirib, bankka ishga kirib, birovlarning pulini hisob-kitob qilib o‘tiramanmi?» deb o‘qishni yig‘ishtirishdi. Keyingi yili, «Kino yulduzi bo‘laman», deb artistlar tayyorlaydigan institutni tanlashdi. Shukr, onalari ham shu sohadan chiqqan…
ERKA. Ya’ni… Ya’ni…
XOLIQ (biroz dovdirab). Bir zamonlar artistlar tayyorlaydigan institutda o‘qishgan. (Shirakayf, xayollarga berilib, tamshanadi) Go‘zalxon shunaqangi raqsga tushardiki… Ana qaddu, ana qomat… Tovusday tovlanib xirom etib qolsalar… Ah-ah-ah, joningdan! Vah-vah-vah, joningdan!
ERKA. To‘ylarda pul qistirmagan odam qolmasdi!
XOLIQ. O‘lmang! Sizam pul qistirganlardanmisiz deyman! Ha-ha-ha! (birdan jiddiylashadi) Hazil, aka, hazil!
ERKA. Ana undan keyin to‘ylardan, bazmlardan qo‘llari bo‘shamay, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda, Go‘zalxoningiz olti oydayoq o‘qishni yig‘ishtirishdi!
XOLIQ. Endi bu yog‘dan to‘y, uning ortidan pul quvib turgandan keyin… Qaysi biriga bo‘lsin! «Siz bormasangiz, to‘y bo‘lmaydi!» «Sizsiz menga bazm yo‘q!» deb oh-voh qiluvchilarning safi sakkiz qator bo‘lgach, o‘qishga balo bormi! Nima dedingiz, aka?
ERKA. Yashang, to‘ppa-to‘g‘ri aytdingiz!
XOLIQ. Yashang degan tilingizdan bitta o‘pay! Bitta o‘pay! (Erkani o‘padi)
MILTIQ. Sal lirik chekinish qilib yubormadingizmi, «quda bobo?»
ERKA (Miltiqqa). Odam sal o‘ziga kelib, xayollarga berilganda kayfining beliga tepasiz-a, kamandir!
XOLIQ (ko‘zlarini pirpiratib bir Erkaga, bir Miltiqqa qaraydi. Birdan boshini siltab, o‘ziga keladi). San’atda ishqilib, tanishlari bor ekan, o‘g‘illarini o‘qishga kiritib qo‘yishdi. Ukamiz qarashsa, artistlarniyam topishida tayin yo‘q… Irg‘ishlab o‘ynab beray deyishsa, erkakka kim ham pul qistirardi! Olti oydayoq yulduz bo‘lishdan voz kechishdi. Undan keyin bojxona, irrigatsiya universitetlarida ham uch oy, to‘rt oydan o‘qishdi…
ERKA. Bo‘ldi, bo‘ldi… Bosh suqmagan teshiklari qolmagan ekan… Xayriyat ham o‘quv yurtlaridan uning dumini vaqtida tugishibdi. Bo‘lmasa…
XOLIQ (mast bo‘lib qolgan). O‘qimagan joylari qolmagan!
MILTIQ. Hozir nima ish qilishadi?
XOLIQ (barmoqlari bilan ko‘rsatib). Onalarining ikkita supurmarketlari, bitta to‘yxonalari bor… Bir kunda bilasizmi, (qo‘lini siltab, Erkaning qulog‘iga shivirlaydi) qancha dollor oborot qiladilar!
MILTIQ. Demak, bo‘lg‘usi kuyov to‘yxonani boshqaradi?
XOLIQ. Yo‘g‘-e, kalla bormi, kam… kam… kamandir? To‘yxonaning boshqaruvchisi bor. O‘sha boshqaruvchining ustidan boshqaruvchilik qiladilar…
ERKA. Yarim kechasi ulfatlari bilan to‘yxonaga borib-a! Yarim kechagacha kayf-safo… Bu yog‘i qiz bazm…
XOLIQ. U kishining ulfatlariga gap yo‘q. Bitta o‘rtoqlari yog‘-moy kombinati direktorining qiziga, ikkinchisi bozorkomning qiziga uylangan! (Erkani imlab) Hozir, (har bir jumlani urg‘ulab) bo‘lg‘usi qaynotaning bor-bisotini, kundalik topishi obdon surishtirib, bilib, qiz ol deyishyapti… Tushundingiz? Tushundingizmi? Tushundingizmi?
ERKA. Tushungandayman! O‘zlariyam beva juvonga (masxaralab) sup… sup.. supermarketlari uchun uylanyapsiz, shekilli, chamamda chog‘imda, mo‘ljalimda!
XOLIQ (Erkaning gapiga tushunmaydi). Sir bo‘lmasa jam… jam.. jamg‘armangizda qancha bor, quda? Oborotga qancha qo‘ygansiz? Aytavering, qar… qar.. qarindosh bo‘lyapmiz, bilib qo‘ysak yomon bo‘lmaydi. Qo‘shma korxona ochaman deyotgan ekansiz, rostmi? Necha million kredit olmoqchisiz? (ishora qilib) Bu hovliga qizlaridan bo‘lak yana kimlar merosxo‘r, quda?
ERKA. Miltiqboy, bu sovchi bo‘lib kelganmi yo tergovga?
MILTIQ. Aka, ko‘chada yurib siz nimaniyam bilardingiz. O‘n sakkiz, yigirma yoshli qizlar oltmish-etmish yoshli badavlat chollarga erga tegib olyapti… Qiz tegmayman desa, otalari amal deb, mol-dunyo deb qizlarini chollarning quchog‘iga otishyapti!
ERKA. Keyin bu qizlarning hojatini sizga o‘xshagan chiqaryapti-a?
XOLIQ. Shu yerdayam qitmirligingiz qolmaydi-da! Yigitlar o‘rtasida yangi boylarning qizlariga uylanish modaga aylanib ketyapti. U qiz o‘ttizga kirganmi, qirqqa kirganmi, turmushi buzilib qaytganmi, yo erga chiqmay bolali bo‘lib qolganmi farqi yo‘q! Yigitlar qiziga emas, molu dunyosiga uylanyapti…
ERKA. Buyam (Xoliqqa imlab) shunaqa nusxalarning quyib-qo‘ygani, shekilli! Bunaqalar bilan gaplashmaganim bo‘lsin-a! O‘zingiz gaplashavering, kamandir! (chiqadi)
XOLIQ (Erkaning ortidan). Akaginam, yo‘l bo‘lsin? (Xirgoyi qilib) Ketma, bahor, ketma-ey, bizning bog‘lardan!

Xoliq Erkaning orqasidan bir-ikki qadam tashlaydi, gandiraklaydi. Miltiq uni suyab, so‘riga olib boradi. Xoliq so‘riga yonboshlaydi-yu, pinakka ketadi.
Miltiq unga hayron boqqancha turib qoladi.
Bobillab javragancha Nozigul, uning ortidan Erka kiradi.

NOZIGUL. Nima balo qilib qo‘ydingiz, nima balo qilib qo‘ydingiz, oyda-yilda bir kelgan sovchini!?
ERKA. Men uni og‘zidan majburlab quyibmanmi? O‘zi ertapishar – chilgi ichuvchilardan ekan-da!
NOZIGUL. Chort poberi, demay keting! Mana endi sizga chort poberi! Pishib turgan ishni rasvo qildingiz!
ERKA. Bo‘g‘ilavermang, kelin! Ertapishari erta o‘ziga keladi. Hozir, hozir! (piyolaga aroq quyadi)
NOZIGUL. Yana nimani boshlayapsiz? Burnidan otilib chiqishi shartmi?
ERKA. Achchiqni achiq kesar degan gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Hozir bir minut shoshmang!

Erka qo‘lidagi qadahni Xoliqning burniga tutadi. Xoliq aroqni hidlagach, boshini siltaydi. Erka aroqni undan uzoqlashtiradi. Xoliqning boshi qadah ortidan intiladi. Erka qadahni birdan boshi ustiga ko‘taradi. Xoliq o‘rnidan turib ketadi, ko‘zini ochadi, atrofga alanglab, hayron bo‘lib turib qoladi.

MILTIQ (ko‘zlarini pirpiratib). Qoyilman-e! Mastni tiriltirishning bunaqa usulini dunyoga kelib ko‘rmagandim!
ERKA. Bundan keyin ham ko‘rmaysiz! Quda buvani yetaklang bir chetga! Boshlaridan bir chelak suv quyib yuboring, suvga tushgan baliqday bo‘lib qolishadi.
MILTIQ. Yuring, quda buva, jinday shamollab kelamiz. (garang bo‘lib turgan Xoliqni qo‘lidan yetaklab, olib chiqib ketadi).
ERKA. Ko‘rdingizmi, kelin, er bo‘lishning qanchalik mashaqqatli ekanligini!
NOZIGUL (aroq shishalarini ola boshlaydi). Hammasini rasvo qilgan mana shu chort poberingiz bo‘ladi.
ERKA. Nima qilyapsiz, kelin? Pishib turgan oshni itga bermoqchimisiz? (aroq shishalarini Noziguldan olib, yana so‘riga qo‘yadi) Ishni pishitayotgan shu bo‘ladi.
XOLIQ (qo‘lida tasbeh bilan kiradi). Bismillohi rahmoni rahim! Bizni andak shayton yo‘ldan urubdur, urubdur!
NOZIGUL. Bo‘pturadur, bo‘pturadur!
XOLIQ (shishalarga ishora qilib). Gumdon qiling, gumdon qiling, (yuzini chetga o‘giradi) aftini ham ko‘rmayin shaytonni!

Erka shishalarni so‘ri ostida qo‘ya boshlaydi.

NOZIGUL. Menga beraqoling, gumdon qilib tashlayman!
ERKA. Siz aralashmang, xonim, siz aralashmang! Shaytonni xotin kishiga ishonib bo‘ladimi! Xotin kishi shaytonning yaxshi yomonini qaydan biladi! Nima dedingiz, taqsir?
XOLIQ. Endi men nima ham derdim, (tasbeh o‘girib) ming dono bo‘lsang-da arilar suhbatiga burun suqmagin, eru xotinning tortishuviga zinhor bazinhor, aralashmagin, degan usta Gulmat!
ERKA. Bali! Yashang, mavlono! (Nozigulga) Eshitdingizmi? Arilar suhbatiga burun suqmaganingiz ma’qul! Yana, olmani uzoqqa otmagin, aroqni uzoqqa sochmagin, deganlar!
XOLIQ. Haq gap, bo‘tam, haq gap! Uvoli yomon, uvoli.

Nozigul lab burib, chiqadi.

ERKA (Nozigulning ortidan) Aytgancha, xonim, kuyov ko‘rdini o‘tkazmoqchi edik, qizimizni uch minutga bu yoqqa olib chiqasiz endi. (Xoliqqa) Taqsirim ham kuyov bola boshlab kelmoqchi edilar…
XOLIQ. Qanaqa kuyov bolani?
ERKA (kulib, Miltiqqa). Heh, taqsirim haliyam o‘zlariga kelmabdi-yu! Quying shaytondan!
MILTIQ. Qo‘ying, aka, ishlarni bir yoqlik qilvolaylik, keyin…
XOLIQ. Xayrli ishni keyinga surmagan ma’qul.
ERKA. Bali! Eshitdingizmi? Oling, quying.
XOLIQ. Endi shuni qo‘yinglar…
ERKA. Hozir quyishadi, quyishadi. (Quyilgan aroqni olib, Xoliqqa uzatadi) Shayton (Nozigul tomonga ishora qiladi) uzoqqa ketganda, taqsir, o‘zimizga kelib olaylik!
XOLIQ (Nozigul ketgan tamonga ishora qilib). Shayton?..
ERKA. U shayton ichkariga kirib ketdi, oldik!

Piyolalarni cho‘qishtirib, ichishadi.

XOLIQ (o‘rnidan qo‘zg‘alib). Endi men kuyov bolani boshlab kelaqolay, a? (Eshik tomon bir-ikki qadam tashlab ortiga qaytadi. So‘rida qoldirgan tasbehini oladi, ko‘cha eshikka yuradi)
ERKA. Shundoq qiling, shundoq qiling! (Xoliq chiqadi). Ko‘rdingizmi, kamandir, zumda kallalari ishlab, oyoqlari ham chaqqon bo‘lib qoldi.
MILTIQ. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin!
ERKA. Baxayr bo‘ladi, tashvishlanmang, bu ishning tepasida men turibman! Kelinni tezlating, kelinni!

Miltiq chiqadi.
Xoliq qo‘lida guldasta, ko‘zoynak taqqan, bo‘ynida yo‘g‘on zanjir, qo‘lida telefon, qulog‘idagi kuchaytirgichdan eshitilayotgan musiqaga irg‘ishlayotgan,
kiyimi, o‘sib, yelkasiga tushgan sochlariga qarab qiz yoki
yigit ekanligini ajratib bo‘lmaydigan bir nusxani boshlab kiradi.

XOLIQ. Mana, kuyov bola!

Erka kuyov bolaning atrofida aylanib, tomosha qiladi.
Xoliqni chetga tortadi. Nurikning ko‘zi so‘ridagi ichimliklarga tushib, o‘sha tomonga yuradi. Ichimliklarni bir-bir qo‘liga olib, mamnun bosh qimirlatadi.

ERKA. Taqsir, mabodo, hayvonot bog‘i tomondan kelmadingizmi?
XOLIQ (hayron bo‘lib). Yo‘q! Nimaga endi hayvonot bog‘i tomondan kelishim kerak ekan?
ERKA (Nurikka ishora qilib). Adashib birorta maymunni kiyintirib kelmadingizmi, deyman-da!
XOLIQ (kulib). Yo‘q, yo‘q…
ERKA. Kiyim-boshlaridan yigitmi yo qizligini ajratolmay turibman!
XOLIQ. Ey, hozirgi yoshlarni bilasiz-ku! (ichimlik quyayotgan Nurikka ko‘zi tushib, u tomonga chopadi. Qo‘lidan piyolani tortib oladi) Shoshmang, shoshmang, Nurik!
NURIK. Chto, babay? Kuda tы menya privel? Durak shtoli?
XOLIQ. Nurik, siz shoshilmang, yuqoridagi uylarni ko‘ring.
NURIK. Zachem?

Xoliq imoratlarga ishora qilib Nurikka nimalarnidir tushuntiradi.
Erkani ko‘rsatib, bosh barmog‘ini ko‘rsatkich barmog‘iga ishqalab puli ko‘p deya uqtiradi.
Nurik yuqoridagi uyga kiradi.

ERKA. Bu ukamizning millatini tayini bormi?
XOLIQ. Bor, bor. O‘zimizdanlar, o‘zimizdanlar… Onalariga tortgan. Onalari ham bitta gapga to‘rtta g‘ayriddin so‘zdan qo‘shmasalar, gapirolmay duduq bo‘lib qoladilar. O‘g‘illariga ham yo‘rgakda tekkan-da!
ERKA. Yo‘rgakdan sal oldinroq, aniqrog‘i, o‘g‘illarining tug‘ilishidan to‘qqiz oy, to‘qqiz kun burun onalariga yuqmaganmi bu kasallik, chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda?
XOLIQ. Yo‘q, yo‘q… Unaqa xayollarga bormang, birodar. Ayb bo‘ladi. (Uydan chiqqan Nurikka) Nu, kak, poydyot?

Nurik musiqa ohangiga chayqalgancha, sigaretini yoniga puflaydi.

XOLIQ. Yashang, bor bo‘ling. (Bitmagan imoratlarga ishora qilib) Bularni to‘ygacha bitkazisharkan. (So‘rini ko‘rsatib) To‘yda buni o‘tin qilishib, samovarga qalab yuborishar ekan.

Nurik osmonga qarab tutun puflaydi.

ERKA. Menga qarang, birodar, bu ukamiz qizko‘rarga kelganmi yo uyko‘rarga!
XOLIQ. Har joyga borsang, maqsading qo‘shaloq bo‘lsin, degan mashoyixlar! Uyko‘rarni ham, qizko‘rarni ham o‘tkazib qo‘yaqolganimiz yaxshi emasmi, birodar.
NURIK (o‘ng tomonga qarab turib, birdan o‘ng tizzasini yerga qo‘yib, qo‘llarini ikki tomonga yozadi). O-o-o! Krasavitsa! (O‘rnidan turadi, Xoliqning qo‘lidagi guldastani olib, yana o‘sha holatda yerga tizzalaydi)

Erka bilan Xoliq bir-birlariga ma’noli qarashadi. Nozigul kiradi.

NURIK. O, krasavitsa iz krasavits! Ya gotov otdat svoyo serdtse za vas!

Nozigul joyida to‘xtab qoladi.

NURIK. Ya xochu pogovorit svami v sadu, gede nikogo net…

Erka bilan Xoliq Nurikning oldiga chopib borishadi.

ERKA. Nima qilyapsiz-ey?
XOLIQ (Nurikni chetga boshlab). Bu kelinning onasi, bo‘lg‘usi qaynonangiz bo‘ladilar!
NURIK (quvonib). Da-a! Nishtyak narsamikan, ammo, boboy? (Erkaga qo‘l siltab) Nu, babay, tы molodets!

Nozigul chiqadi. Saltanat kiradi.

ERKA (Nurikning yuzini Saltanat tomonga buradi). Mana bo‘lg‘usi juftingiz!

Saltanat ikki qo‘li belda, xo‘mrayib kuyovga qaraydi.

SALTANAT. Shu so‘takka meni tegadi deb o‘ylayapsizlarmi? Erkakmi o‘zi bu yo…

Nurikning qo‘lidagi guldasta yerga tushadi.

XOLIQ. Onalarining ikkita supermarketlari, bitta to‘yxonalari bor…
SALTANAT. To‘yxonasini boshimga uramanmi? Supermarketiga erga tegamanmi? Manovi supermarketni qaranglar undan ko‘ra! (Nurikni yoqasidan ushlab, tepaga ko‘taradi) Bu dunyoning odamiga o‘xshamaydi-yu! Yana sirg‘a taqib olganini ko‘ring! (Nurikni chetga otib yuboradi) Qoshingga o‘sma, qo‘lingga xino ham qo‘yib olgin, kuyov (ta’kidlab) bacha!

Nurik qaltiragancha eshikka otiladi.
Xoliq «hoy-hoy»lagancha uning ortidan chopadi.

ERKA (Nurikning ortidan). Hoy, qayoqqa? Qiz ko‘r qilgur, to‘xta! Qayt. Bizniyam tirikchilikdan qo‘ymoqchimisan?!

Saltanat Erkaga o‘qrayib qaraydi, zarda bilan o‘ng tomonga o‘tib ketadi.
Erka eshik og‘ziga yetganda Arslon kiradi.
Erka, uning ortidan kelayotgan Miltiq Arslonni ko‘rib haykalday qotadi.
Arslon Erkani aylanib yurib, uni boshdan-oyoq ko‘rikdan o‘tkazadi. Kostyum-shimini, bo‘ynidagi galstugini, tillo buyumlarini bir-bir ushlaydi. Ajablanib, yelka qisadi.
Miltiqning ham atrofida aylanib, ko‘rikdan o‘tkazadi.
Choy ko‘tarib kirayotgan Yo‘ldosh sahna o‘rtasiga yetganda haykalga aylanadi.
Arslon uniyam ko‘rikdan o‘tkazadi, lab burib yelka qisadi. Bularni ko‘rib, eshikdan kirib kelgan Xoliq ham toshday qotadi. Nozigul kiradi, Arslonni ko‘rib andak
dovdiraydi, ko‘p o‘tmay o‘zini tutib oladi.

NOZIGUL (Arslonga). Ie, voy, keling, keling, qo‘shni. Bir chiqibsiz-da, bir chiqibsiz. Bu yoqqa yuravering, qo‘shni! (Boshi bilan o‘ng tomonga imlaydi)
ARSLON (lab burib). «Qo‘shni», kim qo‘shni?
NOZIGUL. Siz-da, qo‘shni. Kim bo‘lardi, qo‘shni! (Zarda bilan bu yoqqa yur ishorasini qiladi. So‘ng Xoliqqa yuzlanadi) Hozir, biz hozir.

Nozigul Arslonning qo‘lidan tortqilab, majburan o‘ng tomonga olib o‘tib ketadi.
Erka yuqori uyga, Miltiq ko‘cha tomonga qarab chopadi.
Ko‘zlari Arslon tomonda bo‘lgani uchun bir-biriga urilib, qulashadi.
Yo‘ldosh chopib chiqib ketadi. Nozigul kiradi.

NOZIGUL (ag‘anab yotganlarning tepasiga kelib). Ammo shu repetitsiyalaring ham jonimga tegib ketdi-da. Har kuni repetitsiya, har kuni repetitsiya… (Xoliqqa) Hozir chiqqan qo‘shnimiz rejissyor bo‘lib ishlaydi. Bular, (yotganlarni ko‘rsatib) «Bizniyam televizorga chiqaring», deb boshini qotirganmi, «Haykalga o‘xshab toshdek qotib turishni o‘rgansalaring, mayli televizorga chiqaraman», degan ekanlar. Shunga qo‘shnimiz ko‘rindimi bas, haykaldek qotishaveradi. Aybga buyurmaysiz-da! So‘riga chiqib, choydan ichib, meva-chevalardan olib o‘tiring.
XOLIQ (tomoq qiradi). Shundoq demaysizmi, men qanday balo odamlar ichiga tushib qoldim deb hayron bo‘lib turgandim.

Erka va Miltiq bir-biriga ma’noli qarashadi.

NOZIGUL. Shundoq shundoq. (Erkaga) Qo‘shniga, «Repetitsiyani to‘xtatib turing, sovchilar bor, ularni kuzatib olaylik», deb aytdim. Rozi bo‘ldi. Keling, akajon, keling, so‘riga chiqinglar.

Ikkovi o‘rnidan turib, so‘riga yaqinlashadi.

ERKA (qo‘llarini bir-biriga ishqab). Tuya hammomni orzu qilganday, bizam bir televizorga chiqaylik degandik-da! Chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda! Shunga…
XOLIQ. Orzuga ayb yo‘q. O‘zi sizning qaysi bir tomoningiz, qaysi bir artistning, qaysi bir tomoniga o‘xshab ketarkan, birodar!
ERKA. Chamangizda, chog‘ingizda, mo‘ljalingizda-ya! (Kuladi, qo‘lini uzatib) Beshni tashlang, qarindosh!
MILTIQ. Hov, qarindoshlar, chamalaringda, chog‘laringda, mo‘ljallaringda kelinning vajohatini ko‘rib kuyov bolaning yuragi tushib bo‘ldi. Yaxshisi unga yurak soldi qildiringlar!
XOLIQ. Endi kuyov kelinni, kelin kuyovni birinchi bor ko‘rganda, uyaladi, hayajonlanadi, qaltiraydi… Bizam uyalganmiz, qaltiraganmiz… Kelinimizni ko‘ndirsalaring…
ERKA. Qiz bolaning nozi bo‘ladi-da, birodar. Chamamda, chog‘imda, mo‘ljalimda kelin kuyovga, kuyov kelinga uzukka ko‘z qo‘yganday mos! Mana shu qizimiz o‘g‘lingizni odam qatoriga qo‘shadi, haqiqiy erkakka aylantiradi.
XOLIQ. Barakallo, erni er qiladigan ham xotin, qaro yer qiladigan ham xotin, deb bejiz aytishmagan donolar!

Arslon viqor bilan kirib keladi. So‘riga chiqib o‘tiradi.
Erka va Miltiq yana haykalga aylanishadi.

NOZIGUL (Arslonga). Bu yerda umr savdosi bo‘layotgandi, qo‘shni, siz aralashsangiz qandoq bo‘larkan?..
XOLIQ. Juda yaxshi bo‘ladi-da. Guvohli ish – gunohsiz ish, deydilar. Umr savdosi bo‘layotgani uchun ham o‘tirsinlar, gap-so‘zimizga guvoh bo‘lsinlar.

Nozigul Erkani turtadi.

ERKA (o‘ziga kelib). Mayli, mayli. Kuyov bolani ko‘ndiradigan bo‘lsangiz, kelin bolani bizning xonim yo‘lga solarlar! Endi mana bu qo‘shnining guvohligida to‘y xarajatlarini ham kelishib olaylik bo‘lmasa.
XOLIQ. Ma’qul, ma’qul.
ERKA. To‘y kuni bo‘ladigan xarajatlarning hammasini…
NOZIGUL. Bekamu ko‘st bo‘ynimizga olamiz. Hammasi bizdan bo‘ladi, quda.

Erka ajablanib Nozigulga qaraydi.

ERKA. Kelinga boshdan-oyoq sarpo…
NOZIGUL (gapini bo‘lib). Taxt. Sizlarni hecham urintirmaymiz. Kuyovga ham yetti qavat boshdan-oyoq sarpo qilib, yoshlar bemalol yashashsin deb uch xonali uy ham olib qo‘yganmiz. Chaqiruv kuni kuyovbolaga dadalari «Kaptiva» sovg‘a qilmoqchi.

Arslon qo‘li ko‘ksida, tasdiq ishorasini qiladi. Xoliq ajablanib unga qaraydi.

ERKA (achchiqlanib). E, shunchalik ekan, qizni begona qilib nima qilasiz, poshsho, o‘zimizda kuyov bor edi!
XOLIQ (shaxd bilan o‘rnidan turib ketadi). N-n-nimalar deyapsiz? Siz kelinning otasi emasmisiz?!

Nozigul Erkani chimchilaydi.

ERKA (zarda bilan Nozigulga). E, bo‘ldi-e! Jonimga tegdi bu xizmatingiz. (Xoliqqa) Men qanaqasiga dadasi bo‘lay? Men manovi imoratlarning chalasini bitkazgani kelgan mardikorman. Singlimizning iltimosiga binoan (Arslonni ko‘rsatib) bu kishimning o‘rniga ota rolini o‘ynayotgandim (Miltiqni ko‘rsatib) Bu kishi, bu kishi…

Miltiq shoshib o‘ng tomonga o‘tib ketadi.

ERKA (qo‘l siltab). E, u kishiyam xizmatdagi odam edi. (Arslonni ko‘rsatib) Mana, qizning haqiqiy otasi.
XOLIQ. Nima?! Meni mayna, qilibsizlar-da!? Masxaraboz artist ekansizlar-da, hammalaring! Odam ham shunaqa odobsiz bo‘ladimi?! Men buni shunday qo‘ymayman. Artistlik qilish qanaqa bo‘lishini endi mendan ko‘rasizlar!

Xoliq zarda bilan u yon, bu yon yuradi, qo‘l siltab chiqib ketadi.

NOZIGUL (Erkaga). E, odam bo‘lmay har balo bo‘ling, endi ish pishganda rasvo qildingiz.
ERKA. Menga nimaga baqirasiz-vey?! Manovi eringiz jinday kelmay turganda bir balo bo‘lib qolarmidi!? Hamma ishni buzgan shu.
NOZIGUL (Arslonga). Siz ham bir narsadan quruq qolganday hovliqib kirib keldingiz-ey!.. O‘lasizmi, har kuni keladigan vaqtingizda kelaversangiz.
ARSLON. Endi, xonim, ustalardan xabar olayin, qiynalib qolmadingizmi, deb kelgandim-da, uzr.
NOZIGUL. Qilar ishni qilib qo‘yib, kechirim ham so‘raydilar. Bir balo qilib to‘yni kelishib olganimizda, ish pishardi, keyin sizni tanishtirardik… Nima bo‘lgandayam sovchi ketdi, ish buzildi. Uff!
ERKA. Ular ketgan bo‘lsa, biz shu yerdamiz!
ARSLON. Bu bilan nima demoqchisiz? Menga kuyov bo‘lmoqchimisiz?
ERKA. Yo‘-g‘e! (Ichkariga ishora qilib) Yo‘ldoshali shogirdimni aytyapman!
ARSLON. Mardikor-a? Mardikorga qiz beramanmi?
ERKA. Nima mardikor odam emasmi? Aslida, bu hayotda hammamiz mardikormiz. Biz uy qurgani kelgan mardikorlarmiz. (Ko‘cha eshikka ishora qilib) Anovi shilta qo‘shnisiga mardikorchilik qilib yuribdi. Sizam (Nozigulga ishora qilib) bu kishining mardikorisiz.
NOZIGUL. Aslini olganda (eshikka ishora qilib) anovi so‘takdan ko‘ra bu akamizning shogirdlari menga ko‘proq ma’qul bo‘lib turibdi. Qarang, (ichkariga ishora qilib) yangi kostyum-shimlarda binoyidek kuyovga o‘xshab qolibdi.
ERKA. Yashang, oyijonisi!
XOLIQ (shitob bilan kiradi). Bo‘ldi, uylanadigan bo‘ldi, o‘g‘limiz.
NOZIGUL. Voy, qanday yaxshi, qudajon, qanday yaxshi. O‘tgan gap-so‘zlarni ko‘nglingizga olmaysiz-da, qudajon.
ERKA (boshini chayqab). Uff! Endi ish yurganda pashsha bo‘ldi-yu, bu shilta. (Xoliqqa) Hov, o‘g‘lingiz yana qochib qolsa, chimildiqqa odam izlab yurmang.
XOLIQ. Odam izlamaymiz. Qochib qolsa, (ko‘ksiga niqtab) mana biz bormiz. Olsa xaridorniki, olmasa dallolniki, deydilar-ku, mashoyixlar.
ERKA. Voy, dallol bo‘lmay ketkur-ey! Singlimiz senga molmi, qo‘ymi? Olsa xaridorniki, olmasa dallolniki deysan! Inson u, ablah! Qariganingda ko‘ngling qiz tusamay ketsin seni, shilta, xotinboz, buzg‘unchi!

Erka Xoliqqa tashlanadi. Yoqasidan bo‘g‘ib, tarsaki tortib yuboradi.

XOLIQ. Yordam beringlar, o‘ldirib qo‘yadi, yordam!

Eshikdan Nurik kiradi. Urishayotganlarga ajablanib qaraydi.
Uzoqdan turib Erkani karate usulida tepgan bo‘ladi.
Erka javrab turib, Xoliqning yuziga musht tushiradi.

XOLIQ. Militsiya! Militsiya! O‘ldirishayapti! Militsiya!

Militsiya formasidagi Miltiqboy kiradi.
U mushtlashayotganlarni ko‘rib birdan bo‘shashib, qo‘l siltaydi.
Arslon Miltiqni ko‘rib, haykalga aylanib qoladi.

ERKA (Xoliqni siltab tashlaydi). Yo‘qol-e, palid! (Arslonni turtib) Ie, dadajonimiz ham haykalga aylanib qolibdi-yu! (Miltiqni ko‘rsatib) Qo‘rqmang, bu kishi o‘zimizdan, xizmatda yurganlardan.

Saltanatning shodon kulgisi eshitiladi.
Uni eshitib hammalari bir-birlariga ma’noli qarashadi, joylarida qotib qolishadi.
Yana kulgi eshitiladi. Dam o‘tmay Saltanat bilan
Yo‘ldosh qo‘l ushlashib kiradi.

ERKA. Ie, iye, shogirdimiz ham balo chiqib qoldi-ku!
XOLIQ. Bizdanam ko‘ra otni ilgariroq qamchilaganlar bor ekan-ku!

Saltanat oldin Arslonni, so‘ng Nozigulni quchib o‘padi, erkalanadi.

YO‘LDOSh (Erkaga). Aka, bir ko‘rishda muhabbat degan narsaga ishonasizmi?
ERKA. Endi…
YO‘LDOSh (so‘zlarni ta’kidlab). Ishoning, aka, ishoning, bir ko‘rishda muhabbat deganlari bor! Saltanatxonning zarda bilan ichkariga kirib tsementni, ellik kilo keladigan qopni par yostiqday chetga uloqtirganlarini ko‘rdim-u, yuragim «jiz» etdi. «Yo‘ldosh, izlaganing shu!» degan ovoz eshitildi g‘oyibdan. Aka, men baxtimni topdim!
ERKA. Balandroq dorga osilib yubormadilarmi, ukaginam?
YO‘LDOSh. E, aka, hozir dormi, mozormi, hech narsa ko‘zimga ko‘rinmaydi. (Erkani cho‘lpillatib o‘padi) Borligingizga rahmat, aka! Mana shu xonadonga boshlab kelganingiz uchun rahmat!

Saltanat Yo‘ldosh bilan birga Arslonning oldiga keladi.

SALTANAT. Dada, biz Yo‘ldosh akamlar bilan ahdu paymon qildik, fotiha bering!
ARSLON (talmovsirab). Men fotiha beramanmi?
ERKA. Dadasimisiz axir?
ARSLON. Bu to‘polonda o‘zimni kim ekanligimni ham bilolmay qoldim.
XOLIQ. Dadasisiz, fotiha bering.
ARSLON. Nima deyman?
NOZIGUL. E, bu domlangiz nima ishni qoyil qilgandiki, fotihani eplasa. Pul sanashdan boshqaga yaramaydi.
ERKA. E, shuning uchun Miltiqboy xizmatda yurgan ekan-da.
NOZIGUL (Erkaga). Ey, bunaqa sassiq gaplarni yig‘ishtiring endi, quda. Undan ko‘ra duo qiling!
ERKA. Iloho omin, o‘zlaringdan ko‘payib, uvali-juvali, baxtli, bittalaring emas, ikkovlaring umrbod bir-birlaringga mardikor, madadkor bo‘linglar! Ollohu akbar!
XOLIQ. Borgan joyingizda tosh qotib, palak yozib, xomaklab ketavering.
ERKA (Miltiqqa). Ana shunda sizga ham yo‘llar ravon, uylar bemalol bo‘ladi.
MILTIQ. O‘chiring-e, ovozingizni!
ERKA (Arslonga). Endi, mullaka, pulni berib, bizgayam oq fotiha bering, kech bo‘lyapti yo‘ldan qolmaylik.
ARSLON. Ishlarni bajarmabsizlar-ku?
ERKA. Eng katta va sharafli ishni bajardik!
MILTIQ. Aka, endi, kuyov siz tomondan, qarindosh bo‘lib qolyapsizlar, bu ishga pul aralashsa uyat bo‘lar.
ERKA. Aralashmaganingiz shu ish qolgandi, kamandir!
XOLIQ. Ish uchun pul olsa uyat bo‘ladi, ammo suyunchi deb berishsa, olsa bo‘laveradi.
ERKA. O‘lma, uka, ammo senam yomon bola emas ekansan. (Arslonga). Qani, qarindosh, suyunchisini cho‘zing.

Arslon pul uzatadi. Erka Nozigulga yaqinlashadi.

ERKA. Qani, qudaxola, sizniki tabarruk, suyunchisini bering.
NOZIGUL. Mana shu kiyib turgan ust-boshingiz sizga suyunchi!
XOLIQ (Erkaga yaqinlashib, cho‘ntagiga pul tiqadi). Aka, bizda bor, suyunchining naqdi.
ERKA. Zo‘r bola ekansiz-ku, uka.
XOLIQ (tomoq qiradi, shivirlab). Zo‘r-zo‘r juvonlar bor degandingiz, biz uchun ham xizmatda bo‘lasiz.
ERKA. Bo‘ldi uka, mana shunaqa qilib xizmatimni qilib tursangiz, ertadan boshlab xizmatingizdamiz. Bugun mana bu xizmatimizni oxiriga yetkazib qo‘yaylik. Qani, ha! (qo‘shiq boshlaydi) To‘ylar muborak, to‘yxona bo‘lsin! Yo‘ldoshvoy ukam, uylar muborak! Erkavoy akangga kostyum-shim muborak!

«To‘ylar muborak» qo‘shig‘i taraladi. Nozigul uydan kelinlar ro‘molini olib chiqib, Saltanatning boshiga yopadi, Yo‘ldoshga do‘ppi kiydiradi.
Nurik eshikdan raqsga tushib kirib, yerda yotgan guldastani Saltanatga tutqazadi. Erkaning ortidan hammalari o‘yinga tushib ketishadi.

Tamom

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 11-12-son