Raxshona Ahmedova. Orzu va dengiz (hikoya)

1

Tastubeklik Amangeldi otani bilmaydigan odam yo‘q. Yoshi yetmishdan oshgan bu qariyani butun ovul taniydi. O‘zi qotmadan kelgan, chuvakkina chol, lekin tinim bilmaydi. Cho‘qqaygan soqoli, yakkam dukkam mo‘ylovi bor, butun yuzini tirish qoplagan bu chol sahiyligi bilan ham nom qozongan. Orolga kelgan borki, uning mehmoni. Shungamikan, otani butun Orol bo‘yi, hatto Toshkan taniydi.
Amangeldi otaning bobosi ham, bobosining bobosi ham baliqchi o‘tgan. Baliqchilar avlodidan, baliqchilar qishlog‘ida yashardi. Qishloq Orolning shimoliy sohilida joylashgan, gavjum, sershovqin bir maskan edi. U paytlar ota yosh edi, kuchga to‘la edi. Otasidan qolgan kasb-baliqchilik bilan shug‘ullanar, shu kasbga mehr qo‘ygandi. Tong otmay dengizga chiqib ketarkan, kun botganda qaytar, bir kunda yuz kilolab baliq tutgan paytlarini eslarkan, ko‘ziga yosh qalqadi. Orol ovuldan keta boshlaganida hech narsani tushunmay qoldi. Barisi shunchalar tez ro‘y berdiki, bir kechada Orol bir necha chaqirim ortga chekindi. Ulkan kemalar sayozlikda tiqilib qolib ketdi. Suv sho‘rlanib baliqlar o‘ldi. Oxirgi bor dengizga tashlangan to‘riga o‘lik baliqlar chiqdi.
Orol dengizining o‘sha to‘lib-toshgan paytlarini har qo‘msaganida, ko‘ziga yosh keladi, yosh boladek xo‘ngrab yig‘laydi. Ovuldagilar keyinroq bir necha chaqirim yo‘l bosib Orol atrofidagi kichik ko‘llarga borib baliqchilik qilib yurishdi. Biroq u ko‘llarning ham ko‘pi qurib qoldi, iqlim o‘zgarib to‘qayzorlar yo‘qolib ketdi, hayvonot olami qirilib bitdi. Mana necha yilki ota qo‘liga to‘r olmadi, qo‘llari to‘rni shunchalar sog‘inganki… Yoshi yetmishdan oshgani bilan Orol dengizi bo‘yida o‘tgan bolaligini yaxshi xotirlaydi. Orol bo‘yida cho‘milib qumli sohilda yotib, oftobda toblangani haqidagi hikoyani qayta-qayta aytaveradi. Bu hikoyani butun ovul biladi. Bugun dengiz o‘rni jonsiz sahro, toshloq bir joy, endi bu yerlarda har qanday ulov ham yurolmaydi.
Har kungidek qariya bugun ham Orolni ko‘rgani yo‘lga otlanayotganini sezgan xotini javranishni boshladi.
– Yana Orolni ko‘rgani ketyapsizmi? Bormasangiz nima bo‘ladiya?
Ayjan xola har kuni shu savolni beradi. Javobini biladi, harchand qarshilik qilmasin, chol baribir yo‘lidan qolmaydi. Nima qilsin, qarib shu choliga suyanib qoldi, uzoq yo‘l bo‘lsa, qo‘yib yuborgisi kelmaydi, ayaydi-da.
– Ishing bo‘lmasin! Tez borib kelaman.
Amangeldi ota uch g‘ildirakli mototsiklini o‘t oldirarkan, eng avval idishiga suv oldimi-yo‘qmi, tekshirib oladi. So‘ng o‘rindiq osha o‘tirarkan, Orol tomon oshiqadi. Har kuni shu ahvol, bir necha chaqirim yo‘l bosib Orolini ko‘rib qaytmasa, bo‘lmaydi, ko‘ngli joyiga tushmaydi.
Mototsikl ustida silkinib borarkan, ko‘zlari yanayam qisilib ketadi, shamol turib qum to‘zoni ko‘zlariga kirib achishtiradi. Biroq, ota yon bermaydi, yana yo‘lida davom etadi. Og‘iz burun aralash o‘rab olgan chit durrasining bir chetiga ko‘zlarini ishqalab olib yana yo‘lga qaraydi. Shamol yugurib, tuz chang ko‘tariladi. Shunda ham parvo qilmaydi. Ko‘zlari o‘rganib ketgan, chang-to‘zon kiraverganidan ko‘zlarining kosasi kichrayib qush ko‘zi bo‘lib qolgan. Dengiz o‘rnidagi sahroqum uzoq-uzoqlarga cho‘zilgan. U yer bu yerda qurigan saksovullar ko‘zga tashlanadi. Tuz barhanlari uzoqdan qor yoqqandek ko‘rinadi. Avvallari minglab o‘simlik va baliqlarga bag‘ri to‘la dengiz bo‘lgan bu joylar endi qaysi bir sayyora yuzasidek g‘adir-budir tosh yo‘l, xolos.
Juda uzoqdan mo‘ltirab Orol ko‘rinadi. Yaqinlashganing sayin kattarib boradi. «Qani endi-qani endi… o‘sha to‘lib toshgan paytingga qaytsayding», cholning hayolidan doimgidek o‘y o‘tadi. «Qani endi mo‘jiza ro‘y bersa-yu Orol suvga to‘lib, bu sahrolar ustiga dengiz yopirilib kelsa, sahroqumda tiqilib qolgan kemalar yana to‘lqin ustida chayqalsa…» ota har gal dengizgacha bo‘lgan yo‘lda shularni o‘ylaydi. Qalbida hali so‘nmagan umid uchqunlari sabab, hamon Orol qaytishiga ishonadi.
Mototsiklni bir necha chaqirim narida to‘xtatadi, Orol sohilidan uzoqroqqa qo‘yadi, yo‘qsa botib qolishi mumkin. Oyog‘ida kirza etik shaloplaydi, Orol tomon shoshiladi. Qo‘lida suv idish, nihoyat Orol qirg‘og‘iga yetib keladi, qadrdoni oldiga kelgandek, shodlanadi, aybdordek tiz cho‘kadi.
– Keldim, Orolim, keldim. Bugun yana seni sog‘inib keldim. Kelishimni intiq kutdingmi? – ming‘irlaydi ota o‘zi eshitadigan bir ovozda.
– «Xush kelding!» – degandek to‘lqinlar qirg‘oqqa shoshiladi, ko‘pikli suv otaning tizzalarini bir quchib qo‘ygandek, yana ortga qaytadi.
Ota bundan suyunadi. Meni kutib oldi degan o‘yga boradi. So‘ng o‘zi bilan olib kelgan suv idishning qopqog‘ini ochadi. Qo‘llarini mavjlanib turgan orol ustiga tutadi. Idishdan quyilayotgan suv barmoqlari orasidan tushib, Orol yuzasida doiralar chizgancha, zumda unga qo‘shilib ketadi. Suv tomchilarida qo‘yosh aks etadi. Unda hayot mujdalari ko‘ringandek bo‘ladi. Idishdagi suv tugagach, ota bo‘sh idishni orqaroqqa, to‘lqinlar yetolmaydigan yerga uloqtiradi. So‘ng yana Orolga yuzlanadi.
– Senga suv olib keldim-da, Orolim. Senga suv olib keldim. Endi qaytmasang bo‘lmaydi, sensiz ko‘p qiynalib qoldik. Orolim, bizdan xafa bo‘lganing yetar, bizni jazolaganing yetar, bo‘ldi endi qayt, arazingni yig‘ishtir. Sening dengiz bo‘lganingni ko‘rib keyin ketaman, ungacha o‘lmayman, Orolim. Seni ko‘p xafa qildik, bilaman, Sayxun bilan Jayxunning yo‘lini to‘sdik, bilaman, seni o‘ylamadik, bilaman. Sen bizdan arazlading, xafa bo‘lding, bilaman. Qani endi, qo‘limda bo‘lsa ekan, har ikki daryoingni sengacha olib kelardim. Qani endi qo‘limda bo‘lsa ekan, seni suvga to‘ldirardim. Orolim sen ham ularni tushungin-da. Ularga ham suv kerak, ular ham bolasini boqishi kerak, paxtasiga qaramasa, sholisini sug‘ormasa, qanday turmush kechiradi, axir. Ular ham o‘zini o‘ylaydi, mana men seni o‘ylayman, Orolim. Qayt, yana avvalgidek dengiz bo‘l, Orol, – ota ko‘zidagi yoshni tirish bosgan qadoq kaftlari bilan artarkan to‘lib ketadi. – Bizni kechir, Orolim. Qaytmasang bo‘lmaydi. Bolalarim, nabiralarim-ku mayli, ulg‘ayishdi, sening ertaklaringni aytdik, seni tasavvurlarida jonlantirdik, – Ota, entikib ketadi. Picha nafas rostlagach yana davom etadi, – Endi ularning bolalariga nima deymiz, kelajak avlod bizlarni qarg‘amaydimi? Bizning xatomizni deb ularni jazolama, Orolim.
Ota jim qoladi. Chuqur xo‘rsinadi. So‘ng o‘rnidan qo‘zg‘aladi. Ortga qaytarkan, tanasini yarim o‘girib yana orolga tikilib qoladi. Bu qarashda endi sening navbating, seni kutaman, dengizim, degan nido bordek. Buni Orol tushunarmikan, ich-ichidan kelgan bu hayqiriqni Orol eshitarmikan. Orol ko‘pik to‘lqinlarini cholning ortidan yuboradi, qirg‘oqqa yugurgan to‘lqinlar yana shunday tezlik bilan ortga qaytadi. Amangeldi ota buni o‘zicha tushunadi, menga “xayr”, demoqda, “ortingdan boraman”, demoqda, deb o‘ylaydi.

– Nechuk erta qaytibsiz? – Qo‘lini beliga tiragancha ostonada Ayjan xola qarshilaydi.
– Doimgidek. Senga shunday tuyulgan, – ming‘irlab qo‘yadi chol. Qariyaning qushnikidek kichik ko‘zlaridan yig‘lagani bilinmaydi.

2

– Amangeldi ota, o‘g‘lingiz Orolga suv olib kelarmish, eshitdingizmi?
Erta sahardan ostonada qo‘shni Mamat ko‘rinish beradi. Sodda odamlarda! Orolga kimdir kelayotganini eshitishsa, shunaqa o‘ylashadi. Orolni qaytararkan, Orolga suv olib kelarkan, deb har kelgan odamdan umid qilishadi.
– Kim aytdi, senga?
– Ovulda duv-duv gap. Hamma shu haqida gapiryapti. Sizning xabaringiz yo‘qmi? Dunyoning narigi burchagidan olimlar kelayotganmish. O‘g‘lingiz olib kelayotganmish.
– Qachon? – Hovliqib so‘raydi, Ayjan xola. – Bolam qachon kelarkan, Mamat. Intiq qilmasangchi odamni, ayt.
– Ertaga. Ertagamish, xola. Rayonda hozirlik ko‘rilayotganmish. Bugun rayondan kattalar keladi, deyishyapti.
Amangeldi ota qilayotgan ishini yana davom ettiradi. Hali rostmi-yolg‘on bu xabardan suyunishni ham suyunmaslikni ham bilmaydi. Mamatni gapiga ishonsinmi, yo‘qmi? U aldamaydi. Uning rayonda tanishlari bor, nima yangilik bo‘lsa, hammadan oldin shu Mamat biladi. O‘tgan gal Toshkandan jurnalistlar kelishidan oldin ham shu Mamat mujda keltirgandi. Undan oldin olimlar kelishini ham hammadan avvalroq shu Mamat bilgan.
– O‘g‘limni ko‘rmaganimga ham sakkiz oy bo‘libdi, – barmog‘i bilan hisoblaydi Ayjan xola.
O‘tgan gal o‘g‘li kelini va nevaralarini olib kelib bir hafta turib ketgandi. Amangeldi ota, o‘shanda, nabiralarini Orol bo‘yiga olib borgan, chug‘ur-chug‘ur qilishib nabiralari Orol bo‘yida picha o‘ynagan, «Ota dengizni, uyimizga olib ketaylik» deyishgandi. Shunda ota Orolning uyi oldida bo‘lgani, har kuni qayiqda baliq tutgani borgani haqida uzundan-uzoq hikoyalar aytib bergandi. Hozir bari yodiga tushib ko‘ngli buzildi.
– Shu bo‘yi ko‘rinish bergani yo‘q, zang‘ar, – jahli chiqqan bo‘ldi o‘zicha.
– Nima deysiz, chol, – ejikilab so‘radi Ayjan xola.
– O‘g‘lingni aytamanda, necha oyki ko‘rinish bermaydi.
– Endi, uni ham ishi bor, nima deysiz. Ishidan ruhsat olishi osonmi? – Ayjan xola doimgidek o‘g‘lining yonini oldi.
– …
Ota indamadi, so‘ng xo‘rsinib qo‘ydi. O‘tmish yodiga tushib mayus tortdi, chog‘i.
Allaberdi unda hali tug‘ilmagan edi. Orol suvi haddan ziyod sho‘rlanib ketgan paytlar, iqlim o‘zgargan, shahardan kelgan olimlar bolalarni emizmaslikni aytib ketishgandi. Egizagi ikki oylikmidi yoki uch oylikmi, esida yo‘q. Ayjan xola emizmasam, nima beraman, nima yeydi bular, ona sutining ziyoni yo‘q, deb har xil gap-so‘zlarga quloq osmadi, emizishni davom ettirdi. Egizagi ko‘p yashamadi. Nima sabab bo‘ldi, aniq emas, balki Orol qurigach iqlim o‘zgarib, zaharli moddalar ta’sirida shunday bo‘lgandir, balki emizmaganida yashab qolarmidi, ehtimol, organizmi nimjonlik qilgandir. Ota ularni yerga qo‘yganida, og‘ir qayg‘uda edi. Bir yoqda Orol ketib qolgan, bir yoqda bolalaridan ayrilgan Amangeldi ota bir necha vaqt o‘ziga kelolmay yurdi. Qayg‘u hadeganda arimadi, ancha vaqt bolali bo‘lisholmadi.
Allaberdi otasining qalbida umid uyg‘otdi. Yashashga Orolning qaytishiga umid berdi. O‘g‘il ko‘rganini suyunchilab ota eng birinchi Orol bo‘yiga borgandi. O‘zini Orolga otgan. Orol bag‘ridan chiqqanida hamma yog‘i oppoq tuz edi. Keyinroq, Allaberdini yetaklab Orol bo‘yiga ko‘p bordi. O‘g‘lining murg‘ak qalbida Orolga mehr uyg‘otdi. Tabiatni sevishni, e’zozlashni o‘rgatdi. Tabiatga e’tiborli bo‘lishni o‘rgatdi. Hali o‘n yoshga kirmagan bola, tabiatga ehtiyotsizlik oqibati nimalarga olib kelishini bildi. Tabiat bergan ne’matlarning qadriga yetmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini tushundi.
Ovuldan ketayotganida hali mo‘ylabi sabza urmagan yigit edi. O‘qishga kirib, to‘rt yil o‘qidi. Har olti yo sakkiz oy deganda bir kelib ketib yurdi. Amangeldi ota, o‘g‘lim o‘qishni bitirsa qaytadi, deb o‘ylagandi, Allaberdi qaytmadi. Ekologiyamidi tabiatni asrashmidiyey, nomi allambalo bir tashkilotga ishga kirdi. Tirishqoq, chayir bola edi. O‘sha tashkilotda yaxshi ishlab kattalar e’tiboriga tushdi. Lavozimi oshdi, kattalardan birining qiziga uylandi. Ovulda katta to‘y qilishdi. Kelinning otasi boy ekan, to‘yni o‘zi qilib berdi, chol-kampirga og‘irini tushirmadi. Bir hafta turdimi, yo‘qmi, kelin ketamanga tushdi. Toshkanda yashaydigan bo‘ldi. Ota keliniga qo‘shilib ketayotgan o‘g‘lidan picha gina qilib yurdi.
– Ota, Toshkanda o‘qidim. O‘sha yerda ishlayapman. Keliningiz ortidan ketayotganim yo‘q, –dedi.
Lekin baribir, birga ketdimi, birga ketdi. Ovulda rosa gap-so‘z bo‘ldi. Qari ota-onasini tashlab ketdi, deyishdi. Shaharda ishlaydi, degan gapga kim ham ishonardi. Ota bir muddat odamlar ko‘ziga ko‘rinishdan qochib yurdi. Ovuldagilar bilan gaplashmay yurdi. Vaqt o‘tib gap-so‘zlar unutildi. O‘g‘li o‘sha ekologiya tashkilotidagilar bilan bir necha bor ovulga kelib ketgach, odamlar endi teskari gapira boshladi. Amangeldi otaning o‘g‘li kattakon bo‘lib ketibdi, Orolni qaytararmish, degan gap oraladi.

3

Ota qo‘lida narsa turmay, tushib ketaverganidan uyga mehmon kelishini taxmin qildi. Yaxshilikka yo‘ydi, kimdir yo‘qlab kelishiga ishora bildi. Kechga yaqin rayon hokimi «Assalomu alaykum, ota» deb kirib keldi. Shaxsan o‘zi keldi.
– Allaberdijon kazo-kazolar bilan kelayapti ekan. O‘zingiz mehmon qilasizda, ota. Nima kerak bo‘lsa, ayting. Mana biz bormiz, – dedi ko‘krak kerib.
Mamat aldamagan ekanda, hayolidan o‘tkazdi ota. Shu tobda o‘g‘lining kelishi haqida o‘ylarkan, «rostdan Orolga suv olib kelsa-ya», hayol qilardi. Allaqayerdan eshitgandi, Kaspiydan suv yo‘li ochib kelinsa, Orol tirilishi mumkin emish, Kaspiydan suv olib kelinsa, Orol yana to‘larmish…. Biroq bunga kim ham rozi bo‘lardi. Tana boshqa dard bilmas, deydilar. Jar solgan boshqa, jon kuyitgan boshqa. Orol quriyotgani bilan kimning necha pullik ishi bor. Yo‘q, ota unday o‘ylamaydi. Necha yilki, keti uzilmayotgan olimlardan umidi bor. Bejiz kelib-ketmayotgandir, bir yo‘lini topishar, deb o‘ylaydi. Orolning bir kuni to‘lishiga ishonadi. «Dengiz bo‘lib, o‘zaniga sig‘may ketadi, hali», deb qo‘yadi. Umidini hech so‘ndirmaydi. «Bir uyum temir-tersakka aylanib qolgan kemalarni qayta sozlash kerakmikan? Shoshib qolmasmikanmiz», hayolidan o‘tkazib qo‘yadi.
– Bu gal ham chet elliklar kelarkan, ota. Ular nima yeydi, baliq yeydi-da, sizga besh o‘n kilo laqqa berdirib yuboraman, – hokim tinmay gapirardi. Otaning esa qulog‘i tom bitgan, ko‘z oldida dengizning mavjlanib turgan suvlarida chag‘alaylarning g‘ujg‘on o‘ynayotgani gavdalanadi. Kemalarning oq yelkanlari quyoshda tovlanib, sohilda cho‘milayotgan bolalarning sho‘h qiyqirig‘i atrofni tutib ketadi.
Hokim otaning yuzidagi nimtabassumni o‘zicha tushundi, aytganlarim otaga ham maqul keldi, deb o‘yladi, ko‘ngli xotirjam tortdi. Aslida-ku, ota bu siz ham kelganlarni mehmon qiladi-ya.
– Mehmondorchilik moyli bo‘lgani yaxshi-da, ota. Nima dedingiz-a? – hir-hir kuldi. – Bo‘pti, men boray. Ota sizga kuch-quvvat tilayman, – hokim qo‘lini siqib ko‘cha tomon borarkan, chol unga tikilgancha, ortidan o‘ychan qarab qoldi. Hamon hayolida o‘sha dengiz bo‘lgan Oroli.
Ayjan xola o‘sha kuni tinim bilmadi. Uy tozaladi. “O‘g‘lim kelayapti, yana kim bilan chet elliklar bilan”, ichida takrorlagancha, qo‘li-oyog‘i chaqqon borib keldi. Ko‘nglini g‘ash qilgan narsa, o‘g‘lidan ham ko‘ra nabiralarini sog‘ingani, o‘g‘li mehmonlar bilan kelayotgan bo‘lsa, ularni olib kelolmasligi aniq, o‘zicha taxmin qildi. O‘tgan gal kelganida, nabiralarini ko‘rib ko‘zi quvnagan. Bo‘yi o‘sib-ulg‘ayib borayotgan nabiralari atrofida girdikapalak bo‘lganini eslarkan, yuzi yorishib ketdi, zumda o‘rnini qayg‘u egalladi. Xo‘rsinib qo‘ydi.
O‘g‘li Toshkandan uy olganidan keyin, ta’til bahona bir kuni keksa ota-onasini ham olib ketishga keldi.
– Yuringlar, birga yashaymiz, bu yerlarda nima qilasiz. Dengiz endi yo‘q, sahro bilan shamoldan o‘zga nimasi qoldi. Yozda jazirama issiq, qishda qahraton sovuq, tuz bo‘ronlari yopirilganida qayerga qochishni bilmay qoladi, kishi. O‘zingizni qiynamang, – dedi ko‘nglini qattiq qilib.
Qariya o‘g‘liga picha termulib turdi, bu gaplarni qanday aytayapti, Orolga mehri susaydimi, bilmoqchi bo‘ldi. O‘g‘li bu gaplarni keksa ota-onasini ko‘ndirish uchun aytayotgan ko‘rinardi. Biroq, bu gaplarning ahamiyati yo‘q. Ota baribir ko‘nmasligi aniq edi, Ayjan xola ham to‘g‘ilib o‘sgan vatanini tashlab ketgisi kelmadi.
– Shu yerlar ona yurtimiz. Tashlab ketolmaymiz, –deganiga ko‘nmadi, o‘g‘li ham. Qistalang qilaverdi.
– Endi yosh emassiz, kimdir g‘amho‘rlik qiladigan yoshdasiz. Yonimda bo‘lsangiz, ko‘nglim xotirjam, sizsiz qiyin menga ham, – dedi.
Ayjan xolaning ko‘zlari yoshlandi. Otaning ham ko‘ngli yumshadi. Biroq Orolini tashlab ketarmidi? Yo‘q, tashlab ketmaydi. Shu yerda tug‘ildi, shu yerda ulg‘aydi. Ota-bobolarini bag‘riga olgan shu makonni tashlab ketishga ko‘zi qiyarmidi, yo‘q. Tuz bo‘ronlari tursa, nima bo‘pti. Sahroga aylangan bo‘lsa, nima bo‘pti. Baribir tashlab ketmaydi. Orol bir kuni qayta dengizga aylanishini kutadi. Umri oxirigacha kutadi. Hatto bir ikki hafta turib kelishga ham bormagan o‘sha Toshkanga, butunlay ketarmidi, yo‘q. Ketmadi.
– Bolam o‘lsam shu tuproqda o‘laman. Sening Toshkaning menga begona, yosh bo‘lsa ekanman, o‘sha yerni makon qilsam. Endi bo‘larim bo‘lib bo‘yovim singan, – dedi. O‘g‘li yana og‘iz juftlagan edi, – Orolimni ko‘rmasam yasholmayman. Ikki qariya bir kunimizni ko‘rarmiz, sen boraver, sening yo‘rig‘ing boshqa, – dedi.
Shu bilan masala yopildi. Ora-sira Ayjan xola Toshkanga bir ikki borib o‘g‘linikida turib keldi. Lekin endi yoshi o‘tib, yo‘lga yaramay qoldi.

4

Diydor kabi shirin narsa yo‘q. Kutasan intiq bo‘lasan, kutgan kuning kelganida esa, yuraging quvonchdan hapqiradi, dupir-dupir qiladi. Entikib ketasan. Ayjan xola ham shunday bo‘ldi. O‘sha kuni bir gala chet elliklar orasida o‘g‘lini ko‘rganida yig‘lab yubordi, bo‘ynidan quchoqlab yig‘ladi. O‘ziga kelgunicha yig‘ladi. Chet elliklar hayron qoldi, pichir-pichir qilib qoldi.
So‘ng maqsadga o‘tildi. Hamma ishga kirishdi. Tekshir-tekshir boshlandi. Yana nimalardir bo‘ldi. Qaqrab yotgan qum barhamlariga uzoq tikilib turishdi. Qumliklarda tiqilib qolib ketgan kemalar oldida surat tushishdi. Cho‘kib borayotgan bandargohlarni suratga olishdi. Yastanib yotgan tuz barhanlarini ko‘rgani borishdi. Sahro-cho‘l ustida uzoq tortishishdi, uzoq suhbatlashishdi, uzoq so‘zlashishdi. Har galgidek o‘tgan bu galgi uchrashuvdan ham biror natija bo‘lar, deya ovul ahli yana kutadigan bo‘lishdi.
So‘ng mehmonlar otaning mehmoni bo‘lishdi. Baliqlarni maqtab-maqtab yeyishdi, sara ichimliklar ichishdi. O‘g‘lini ham maqtab qo‘yishdi. O‘zlari bilan, qilayotgan ishlari bilan maqtanishdi. Bu galgi keldi-ketdi ham uch kun-bir haftaga cho‘ziladigan bo‘ldi. Olimlar ko‘krak kerib nimalar bilandir mashg‘ul bo‘lishdi, jurnalistlar kameraga olishdi, intervyu so‘rashdi, fotograflar yaxshi kadr izlab yurishdi. Orol haqida ko‘rsatuv qilinadigan bo‘ldi, qachon efirga uzatilishini telefon qilib aytadigan bo‘lishdi. So‘ng ketishdi.
Yana nima qoldi. Amangeldi ota qoldi, Ayjan xola qoldi, Mamat qoldi. Ular ortga qaytib ketishdi. Qop-qop va’dalar berib ketishdi. Lekin otaning yuragida umid qoldi, zora bu galgi olimlar bir yo‘lini topishar, degan umid qoldi. Orol bir kuni qaytadi, degan ishonch qoldi. Orol bizdan xafa bo‘lgan, bir kuni arazini yig‘ishtirib ortga qaytadi. Men uning o‘zaniga to‘lib toshishini ko‘raman yana. Yana yuz kilolab baliq tutaman. Kuch-quvvatim bor hali, o‘ylardi ota. Yana o‘z qayig‘im bo‘ladi, ishonardi ota.
O‘g‘lining atrofida girdikapalak bo‘lgan Ayjan xola ham o‘g‘lini kuzatib mayuslanib qoldi. Ko‘ngli bir necha kungina to‘lib turdi. Endi yana yarmi yo‘q. Inson zoti bolasini buncha suymasa, jonidan paydo bo‘lganda. Bo‘lmasa shu qadar suyarmidi. Joni achib, jonining bittasidan kechib tuqqanda, yo‘qsa shuncha sog‘inarmidi. Bolam bolasini deydi. Necha kunlik umri qolgan, bilmaydi, umrining shu pallasida ham bolasini deydi. Ayni damda Ayjan xolaning qalbini o‘rtayotgan zo‘r bir alam, zo‘r bir iztirob, yuragini kuydirmoqda edi. Orol agar qurib qolmaganida edi, avvalgidek to‘kin-sochin hayot bo‘lganida edi, o‘g‘li uzoqlarga ketib qolmasmidi?! Shu yerlarda, yaqinida yurgan bo‘larmidi?! Shu yerlarni makon tutarmidi?! Ayjan xola xo‘rsinib qo‘ydi, ko‘zlarini yuvgan yoshlarni keng, osilib turgan yengiga artdi. Uzoqlarga tikilib uzoq o‘tirdi.
So‘ng, «mayli», dedi, o‘ziga tasalli berganday pichirlab. «Orol bahona o‘g‘limning diydorini ko‘rdim, Orol bahona o‘g‘limning katta-katta davralarni to‘ldirib o‘tirishini ko‘rdim. Orol bahona o‘g‘lim bugun o‘z o‘rnini topganini ko‘rdim. Lekin Orol bundan hech nima ko‘rmadi. Lekin bundan Orolga hech bir naf bo‘lmadi.» Ayjan xola bilardi. Choli Orolning qaytishiga ishonsa-da, u ishonmasdi.

5

Amankeldi otaning joni qattiq, deyishardi taniganlar. Chunki qishni qish demay, yozni yoz demay, qo‘li mehnatda edi. Har kuni necha chaqirim yo‘l bosib Orolni ko‘rib kelardi. Yozda tuz bo‘ronlari yo‘liga to‘g‘onoq bo‘lishga urinar, qishda tizza bo‘yi qorlar yo‘lini to‘sardi. Lekin ota bo‘sh kelmasdi. Uch g‘ildirakli mototsikliga o‘tirib o‘sha ikki piyolagina suvni Orol suviga qo‘shib kelmasa, bekor, turib turganday, o‘tirib o‘tirganday bo‘lmasdi.
Ayjan xola pechkaga o‘t qalarkan, cholining hayallayotganidan bezovta bo‘ldi. Bu galgisi doimgi bezovtalikka o‘xshamadi. «Axir yoshi bir joyga borib qolgan chol bo‘lsa, yo‘l-po‘lda yiqilib qolsa, kim yordam beradi», o‘ylardi o‘zicha. «Kim joniga oro kiradi.»
Qishda erta kech tushadi. Qorong‘i oralagani sari Ayjan xolaning yuragi qinidan chiqib ketgudek, urarkan, e’tibor bermaslikka urinardi. Qo‘li bilan o‘tni turtarkan, hayoli tashqarida, «tiq» etgan tovushga quloq tutardi. Aytgandi-ya. «Borishingiz shartmi, bugun har kungidan sovuq, hamma uyida o‘ranib o‘tiribdi. Hech kim ko‘chaga chiqmaydi, bu sovuqda» deb. Quloq osmadi. O‘sha termosini ko‘tarib mototsiklini o‘t oldirdi. Motori muzlab qolgan shekilli qaynoq suv olib chiqib ustiga quydi. Yana nimalardir qildi. «Qani endi yurmasaydi», qarg‘anardi, Ayjan xola. Yo‘q, qarg‘ishi o‘tmadi.
Vaqt allamahal bo‘ldi. Xolaning bezovtaligi chinga aylandi. Endi nima qilsam ekan, o‘ylardi Ayjan xola. Tashqariga chiqay desa, bunaqa havoda, och chiyabo‘rilar izg‘ib yuradigan payt. Qo‘li ishga bormas, qo‘lidan hech ish kelmasdi. Pechka yaqiniga surildi, devorga suyanib Xudodan so‘radi, iltijo qilib o‘tirdi. Boshqa nima ham qila olardi, picha turib ko‘zi ketgan bo‘ldi. Eshikning «g‘iyq»illashidan sergak tortdi. Cholining sharpasini sezib ancha xiralashib qolgan ko‘zlari bilan uzoq tikilib turdi. Eshikka suyanib hammayog‘i muzlab tarashadek qotib qolgan choli turardi, yakkam-dukkam soqoli qorli, oppoq edi. Ayjan xola shoshildi.
– Zarilmidi, shu sovuqda? Odamni gapiga kirsangiz bir nima bo‘lib qolasizmi? – tinmay javranardi.
Pechka ustidagi qumg‘ondan issiq suvni tog‘oraga quydi. Sovuq suv keltirib qo‘shdi. Tarasha bo‘lib qolgan kiyimlarni bir boshdan yecharkan, «kuf-kuf» qilib cholining muzlab qolgan badanini isitishga urinardi. Iliq suvda tanasini yuvib, so‘ng taftida isib tursin deb pechka yaqiniga qo‘ygan yangi kiyimlarni kiygazdi. To‘shakka yotqizib ustiga qalin ko‘rpa tortarkan, og‘zi javranishdan to‘xtamasdi.
– Ko‘rdingizmi o‘sha Orolingizni? Ko‘nglingiz joyiga tushdimi, endi?
Ota indamadi. Avzoi badani titrardi, xolos. Ertalab otaning isitma aralash g‘o‘ng‘irlagani eshitildi.
– Orolimni qaytganini ko‘rarmikanman, kampir? Nima deysan? Bo‘ldi, endi bormayman. Endi o‘zi kelsin. Mana necha yilki, bir kun qoldirmay qatnadim, Orol tobora kichrayaverdi, suvi kamayaverdi, meni chorlagandek, ortga ketaverdi. Endi men bormayman, kampir, eshityapsanmi, endi o‘zi keladi, – hansirardi ota.
Ayjan xola cholining qaqrab qolgan lablariga suv tutarkan, isitmada yonayotgan badaniga qo‘lining orqasini tutib ko‘rdi. So‘ng piyolaga dori tayyorlab ichkazgach, ro‘molini to‘g‘riladi-yu ko‘chaga otlandi.
– Mamatga aytaman, do‘xtirni olib keladi. – Cholining eshitgan eshitmaganini bilmasa-da, shu so‘zi bilan o‘zicha ruxsat so‘ragan bo‘ldi.
Tong yorisha boshlagandi. Mamat erta sahardan Ayjan xolaning kelishini kutmagani aniq. Hayron bo‘ldi. Pala-partish taranib doktorga shoshildi. Ayjan xola ortga qaytarkan, hansiragancha, yo‘l-yo‘lakay kecha tundan beri takrorlayotgan so‘zlarini pichirlab kelmoqda edi.
– Xudo, cholimni jonini omon saqla! O‘zing asra! Sendan bo‘lak so‘raguvchimiz yo‘q, bizdan marhamatingni ayama.

6

Amankeldi ota o‘g‘li bilan vidolasholmadi. Qancha issiqlarga, qancha sovuqlarga dosh bergan tanasi bu gal pand berdi. Bu galgi sovuqni ko‘tarolmadi. Ayjan xolaning paymonasi ham to‘lgan edi. O‘zini zo‘rg‘a tutib turardi. Ellik yildan ortiq birga yashagani, yarmini yo‘qotsayu qanday yashayveradi? Qanday qiladi, endi? Tanasi borib kelardi, dodlar biroq ovozi chiqmasdi, sanlab-sanlab qo‘yardi. Endi cholimsiz bu dunyoda qanday yashayman-a? Endi bu dunyoda kimga suyanaman-a?
Ko‘zyoshlarining duv-duv oqayotganini ko‘rgan yosh yalanglar unga qo‘shilishar, sanlashiga jo‘r bo‘lishardi. Ikkitasi madori qolmagan Ayjan xolaning qo‘ltig‘idan tutib o‘tirishardi.
Uzoq yo‘l. Insonlarni ajratib turuvchi, ularga azob beruvchi ham shu yo‘l. Uning nishi botmagan ko‘ngil yo‘q. U ayirmagan ko‘ngil yo‘q. O‘g‘li yetib kelgan kun Ayjan xola peshvoz chiqolmadi. Otasidan ayrilgani yetmaganidek, bir kunda onasidan ham ayrilib qoldi. Ikki qabr orasida o‘tirarkan, Allaberdi boshidagi do‘ppisini qo‘llari orasiga olib ko‘zlarini yashirishga urinardi. Biroq ho‘ngragan ovozini tutib turolmadi. Orqaroqda o‘tirgan o‘g‘illari qo‘ltig‘iga kirib ortga qaytishayotganida, ularga suyanib borardi.
Tug‘ilib o‘sgan ota uyiga qaytib bolaligini xotirladi. Onasini etagidan ushlab ortidan pildirab yurgani, otasining qo‘lidan tutib birinchi bor Orol bo‘yiga borganini esladi. So‘ng otasining choponini ustiga tashladi, kirza etigini kiydi. Otasining mototsiklini o‘t oldirdi. Bolaligida shu mototsiklga o‘tirib Orol bo‘yiga borganlari yodida edi. Endi kap-katta odam, endi o‘g‘illari uning yoshida. Mototsikl yelib borardi. O‘sha yo‘l hali hamon esida. Orolga eltuvchi uzun yo‘l bu.
Orol uzoqdan ko‘rinish berdi. Oroldan uzoqroqda to‘xtadi. Kirza etikda shaloplagancha, Orol bo‘yiga kelib cho‘kdi. Kirza etik yarmigacha botib ketdi. E’tibor bermadi. Orolga yuzlanib, bor ovozi bilan hayqirdi:
– Ey Orol, yig‘lamaysanmi? Endi seni ko‘rgani keladigan, sening mehriboning yo‘q. Senga har kuni suv olib keladigan Xizring yo‘q. Ko‘rgani bormaysanmi, hech yo‘q, qabrini ziyorat qilmaysanmi? Qarzingni to‘lamaysanmi? Seni to‘lganingni ko‘rolmagan otam-a, seni suvga to‘ldirolmagan otam-a. Sening armoning bilan o‘tib ketgan otam-a, otam.
Ovozi bo‘g‘ilib, kuchi qolmay yuztuban yiqildi. Orol ko‘pik to‘lqinlari bilan uning yuzini chayishga oshiqardi. Orol qoshida bir inson sajda qilib yotardi. Orol esa jim. Hech bir sado bermas, mayus kuzatardi, xolos.