Raxshona Ahmedova. Tushunarsiz sevgi izhori (hikoya)

Gul do‘koniga ishga kirganimga ikki hafta bo‘ldi.
«O‘g‘il bola bo‘lsang, gul do‘konida nima bor», demoqchimisiz? Gul do‘konining egasi ham xuddi shunday fikrda. Suhbatga kelgan kunim, u «O‘g‘il bola degan gullar orasida aralashib yurmay, bilagini ishga soladigan mehnat qilgani yaxshi emasmi?», deb so‘radi. U haq edi, biroq menga gullar yoqardi. O‘g‘il bola bo‘lsam-da, bolaligimdan gullar shaydosiman. Tengdoshlarim to‘p tepib yurgan payt men gulbog‘lar ichra kezardim. Goho kapalakning, goho ninachining ortidan yugurib yurardim. Bu mashg‘ulot menga to‘p tepishdan ko‘ra, ming chandon qiziqroq tuyulardi.
Keyin gullar hayotimning mazmuniga aylandi.
– Dada, bu gulning nomi nima?
– Oyi, bu gulni nima deyishadi?
Kattalardan gullar nomini so‘raganim so‘ragan edi. Biroq kattalar ham gohi javob berolmay qolishardi.
– Bilmasam, o‘g‘lim, gul-da gul.
Maktab kutubxonachisidan yordam oldim. Karl Linneyning «O‘simliklar orzusi» va yana bir talay kitoblarini o‘qib tugatdim. Gullar soat o‘rnini bosishi mumkin, ha ha. Gullar gapiradi desam, ishonmassiz, ehtimol. Lekin bu haqiqat. Gullarning tilini tushuna boshlaganimda o‘n besh yoshda edim.
Misol uchun, moychechak yoshlik ramzi, chinnigullar esa birinchi sevgi va ehtirosdan so‘zlaydi. Sariq chinnigullar «Siz meni xafa qildingiz» deb gina qilayotgandek, pushti chinnigullar esa «Men sizni hech qachon unutmayman», deydi. Astra nafislik ramzi, unda yashirin bir niyat, pinhona tuyg‘u mujassam. Oq astra esa «Men seni ko‘proq sevaman», deyayotgandek. Oq sumbul «Siz go‘zalsiz», deydi, sarig‘i esa hasaddan so‘zlaydi. Yasmin sevishganlar guli. Kaktus cheksiz bardoshni anglatadi, xrizantema yaponchada quyosh degani, kalalar esa havas va hurmat ramzi. Oq kameliyalar «Siz ajoyibsiz», deydi, pushtisi «Sizni sog‘indim», qo‘ng‘iroqgul «Doim siz haqingizda o‘ylayman, nega meni qiynaysiz?», deb yig‘layotgandek. Mimozaning tuyg‘ulari yashirin, ehtimol, shu uchun ham uni «uyatchan» deyishar. Orxideyalar «Siz juda-juda go‘zalsiz» desa, lolalar muhabbat izhor qilib, «Siz men uchun azizsiz» deyayotgandek.
Bu dunyoda gullar ko‘p. Gullar orqali inson o‘z sevgisini va yoki hurmatini bildirishi mumkin. Gullar bizga ko‘p narsani aytadi, biroq biz ularni eshitmaymiz. Gullar aslida, odamlarning bir-birini tushunib olishi va his-tuyg‘ularini ifoda etishiga yordam berish uchun yaratilgan.

Gul do‘konimiz gavjum ko‘chalarning birida joylashgan. Oldidan har kuni son-sanoqsiz odamlar o‘tib qaytadi. Kimdir gullarga e’tibor qiladi, kimdir beparvo o‘tadi. Gullarga havas bilan boqib, so‘ng xushnud yo‘lida davom etadiganlar qancha? Gul sotib oladigandan ko‘ra, uni tomosha qiladiganlar ko‘proq, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun do‘kon oldida to‘xtaydiganlarga uncha parvo qilmayman.
– Bu guldastangiz qancha? – qo‘ng‘iroqdek ovoz xayolimni bo‘ldi.
– O‘n sakkiz ming, arzon qilib beraman.
– Nima deb o‘ylaysiz, singlimga bermoqchiydim, bo‘larmikan? – o‘ylandi qiz.
– Nega bo‘lmas ekan? – kuldim.
Uning yuzlarida ham tabassum jilolandi.
Unga suqlanib qaradim. U juda chiroyli, maysalar orasidagi bir dona lolaqizg‘aldoqni eslatardi. Qop-qora ko‘zlarida quvonch uchquni porlar, qalbi muhabbatga limmo-limdek tuyulardi menga. Ismini so‘radim, yana jilmaydi, biroq aytmadi.
U guldastani qo‘liga olganida qalbim shodlandi. So‘ng u ketdi, ortidan ma’yus qarab qoldim. Yana kelarmikan, deya o‘yladim. Unga gullar haqida gapirib bergim keldi. Keyin esa ish bilan chalg‘idim.

Guldasta yasash kishidan alohida diqqat va zukkolik talab etadi, ba’zan qo‘lim qo‘limga tegmaydi. Kimdir onasiga, yana kimdir sevgilisiga gul olgani keladi. Bunda ranglar uyg‘unligiga e’tibor beraman.
Pushti rang nozik his tuyg‘ularni anglatadi, u hatto sevgi izhori bo‘lishi mumkin. Qizil rang hayotni sevish degani, binafsharang kamtarlik ramzi. Yaxshi xotiralar va sadoqatdan so‘zlaydi. Shu rangdagi gullar orqali siz do‘st ekaningizni, qo‘llab-quvvatlashingizni aytishingiz mumkin. Moviy va ko‘k rangli gullar esa sog‘inchdan so‘zlaydi, to‘q sarig‘i g‘urur ramzi. Oq esa vafoni anglatadi, do‘stlik rishtalariga ishora qiladi, ba’zan.
Bolalarga yorqin va quvnoq ohangda so‘zlovchi mayda va nozik gullar taqdim etgan ma’qul. Katta yoshli ayollar uchun tez so‘lib qoladigan gullarni tavsiya etmayman, yosh qizlarga esa yorqin, qizil rangli gullar berish odatiy emas. Erkaklar uchun guldastalarda shakl va chiziqlar sezilishi kerak, ayollar guldastasi esa aksincha, yumaloq shaklga ega bo‘lgani ma’qul.
Gullar haqida bilganlarim ko‘p. Biroq men kabi gullarga qiziqadigan kam. Hayotda shunday bir insonni uchratsamu, butun umr faqat gullar haqida so‘zlashsam deyman.

Bayram oldi odam ko‘p keladi. Biroq negadir shanba kunlari do‘kon xaridor kutib mahtal bo‘ladi. Yo‘l qarayman, o‘sha kungi qiz o‘tib qolarmikan, deb o‘ylayman. Uning yuz-ko‘zlari xayolimda jonlanadi, qaysidir gulga o‘xshataman. Yo‘q, yo‘q u gullardan-da go‘zal. Do‘kon ichi har turli gullarning xushbo‘y hidiga to‘lib ketadi. Shu bo‘y ichidan unikini izlayman. Yo‘q, uning bo‘yi hech bir gulning bo‘yiga o‘xshamaydi. Keyin esa sog‘inch bilan xo‘rsinaman.

– Bu gulning nomi nima? – ko‘cha shovqini orasidan yana o‘sha qo‘ng‘iroqdek ovozni eshitgandek bo‘ldimu yalt etib qaradim.
– Siz? – hayratdan qotib qolganimni o‘zim ham sezmabman. Tilim aylanmasdi. Gapiray deymanu hech so‘z topolmayman.
– Yaxshimisiz? – jilmaydi u.
– Rahmat, – dedim zo‘rg‘a. Biroq ko‘zlarimni uzolmasdim. Unga termulgancha turardim.
U gullarni birma-bir tomosha qildi, zavqlanib ba’zilarini hidlab ham ko‘rdi.
– Gullarni yaxshi ko‘rasizmi? – tutilib-tutilib so‘radim.
– Ha, juda yaxshi ko‘raman, ularga qarab odamning ko‘zi quvnaydi, – dedi u siniq jilmayib. Bu gal ko‘zlarida g‘am quyqalari cho‘kib qolgandek tuyuldi.
Gullar odam tanlaydi, o‘ziga yaqinlashgan insonning qanaqaligiga qarab munosabat ko‘rsatadi. Xayolimda uni hatto gullar ham yaxshi ko‘rib qolgandi. Men baxtimni topgan edim.
– To‘g‘ri – dedim shoshib. So‘ng unga gullar haqida gapira ketdim. U nozik barmoqlari bilan gulbarglarini silar, har-har zamon bosh silkitib qo‘yar, huddi jon qulog‘i bilan tinglardi.
– Mayli yaxshi qoling, – dedi u picha fursat o‘tib.
– Gullarni sog‘insangiz, yana keling, – dedim men.
So‘ng u ketdi. Ortidan qarab qolaverdim.

Gul sovg‘a qilsang bo‘lmasmidi? Shunchalar go‘l, sodda ekanimni keyin tushundim. O‘zimni koyidim. Yana necha kunlar o‘tdi, bilmayman. Men uni intiq kutardim. Xayolim parishon bo‘lib qolgan, endi gullardan ham ko‘proq meni o‘sha qiz o‘ylantirardi.
Erta kech uni o‘ylayman. Endi o‘sha qiz haqida gapirgim keladi. U haqida so‘zlashsam, deyman. Biroq «U endi kelmasa kerak» deya umidim kundan kun so‘nib boradi.

Guldasta tanlash har odamning didiga bog‘liq. Gullar ming yillardan beri oshiqlarning dil izhori bo‘lib kelgan. Ular oshiqlarning murakkab ruhiy kechinmalarini ifodalashga yordam bergan. Ishonasizmi, ba’zan harflar o‘rniga gullar yuborilgan. Sumbulga qarab uchrashuv kuni tayin qilingan. Gulchalar soniga qarab uchrashuv soati belgilangan.
Qani endi yana bir bor kelsa, deyman. O‘zimcha unga guldastalar hozirlayman. Ranglarini tanlayman. Bir dona gul e’tibor belgisi, uchta bo‘lsa, hurmatni anglatadi, beshtasi iqrorlik, yettitasi sevgi ramzi. Guldastadagi gullar soni juda muhim. O‘n dona gul «Siz uchun nimadir qilsam devdim», degani. O‘n bittasi do‘stlik, o‘n ikkitasi «Albatta, hammasi yaxshi bo‘ladi», deydi. O‘n uch esa nafrat belgisi. O‘n beshtasi minnatdorlik.

– Bu guldastangiz qancha?
Boshqa mijoz bilan band edim. Biroq darrov tanidim.
– Siz uchun bepul, – dedim. U jilmaydi.
– Yo‘q ayting.
Aytdim. U kichkina sumkachasidan pul olib uzatdi.
– Shu guldasta bo‘larmikan? Onam uchun, – dedi.
– Nega bo‘lmasin?
So‘ng unga eng chiroyli gullardan guldasta yasab berdim.
– Bu nima uchun? – dedi u hayron boqib.
– Go‘zal tabassumingiz uchun, – dedim.
U olmadi. Yalinib yolvordim. Olmasangiz xafa bo‘laman, dedim. U jilmaydi, go‘zal edi hatto tabassumi ham. So‘ng ketdi. Ortidan qarab qolaverdim.

Nega ismini, yashash joyini so‘ramading? O‘zimni koyidim. Do‘konni tashlab ortidan borgim keldi. Biroq… Kutardim, «U yana keladi». Endi kecha-kunduz uni o‘ylardim. Gullar orqali his tuyg‘ularingiz, shu kungacha yashirgan gap-so‘zlaringizni bildirsangiz bo‘ladi. Men unga berib yuborgan guldasta orqali dil izhorimni aytgandim. «Uni sevib qolganimniyu, unga muhtoj ekanimni, usiz hayotimda mazmun yo‘qolayotganini…».
Endi hayotim mazmuni gullar emas, o‘sha qiz bo‘lib qolgandi. Uni telbalarcha kutardim, yo‘llariga mushtoq edim. Yana bir marta kelsa, boshqa qo‘yib yubormayman, gullardan kechib uni tanlayman, degandim. Biroq negadir u kelmadi. Uni uzoq yillar kutdim. Bilmadim necha kun, necha oy, necha yil o‘tdi…

Bugun o‘sha gul do‘konining xo‘jayiniman. Biroq avvalgidek emas, bu hayotga, gullarga qiziqishim so‘ngan. Bu dunyosidan bosh olib ketay dedim, gullarga muhabbatim meni qo‘yib yubormadi, qolaversa, hamon o‘sha qizni kutardim. Balki u gullar tilini tushunmas, balki dil izhorim anglamagandir..?.
Lekin endi gul do‘konim tepasiga katta xarflar bilan yozib qo‘yganman. «Bir-biringizga gullar hadya etib turing. Zero, odamlar gullar tilini unutib qo‘ymasin.»