Qulman Ochilov. Gardan va gardun (qissa)

Tugamaydigan  bazm  yo‘q. (Maqol)

O‘q

Bosh prokuror o‘rinbosari!

Ha, aynan o‘zi! Respublika bosh prokurorining o‘rinbosari.

«Duel»ga chaqiribdi!

Rashid bu voqeani birovdan eshitsa, ishonmasdi. O‘zi ko‘rdi. O‘zi guvoh. Yoqangni ushlamasdan ilojing yo‘q. Qilmishi uchun ne bir joylarda, ne bir akobirlarga so‘zu so‘roq berishni, ularning qarshisida yetim qo‘zidek mung‘ayib turishini o‘ylagandir. Tasavvur ham qilgandir. Bunday qaltis, vahimali suhbatlarga ancha ko‘nikib, po‘pisalardan eti xiyla o‘lib qolgan bo‘lsa-da, dili g‘ashlangan, tahlikaga tushgandir. Lekin bunchalik tez – hali kunning qizili ko‘rinib, el-ulus uyqudan ko‘zini ochmasidan bosh prokuror o‘rinbosari bilan baqamti kelish tushiga ham kirmagan edi. Maqola e’lon qilinganidan keyin uni qayerlargadir chaqirishlari, tanbeh berishlari, balki ishdan olishlari mumkinligini bilardi. Yo‘q, Rashid unchalik bebosh ham, o‘z bilganidan qolmaydigan qaysaru nodon, o‘taketgan kaj ham emasdi. Taniganlardan, bilganlardan so‘rasangiz, o‘nidan to‘qqizi uni albatta maqtaydi: mehnatkash, aqlli. Bo‘yi… juda novcha emas, lekin pakana ham deya olmaysiz. Qoruvli. Ajdodlari orasidan zobit o‘tmagan bo‘lsa-da, o‘ta batartib, jiddiy. Shirinsuxan deyish qiyinroqdir-u, lekin dag‘al ham emas. Cho‘rtkesar. Sochlariga oq oralay boshlaganini aytmasa, o‘ttiz yoshli yigitda qusur na qilsin!

Lekin shuncha tanbehlar, ogohlantirishlaru, po‘pisalarni pisand qilmagan mahmadonaning o‘zboshimchaliklariga yana qancha chidash mumkin? Qaysi mamlakatda, qaysi jamiyatda, qaysi amaldor tanqidni kasbga aylantirgan  jurnalistning yelkasiga to‘n yopgan?

O‘tmishdan izlamang — topolmaysiz. Kelajakdan boumid bo‘lmang —  gumon bisyor. Inson (faqat insonmi!)  shunday yaralgan. Tinchini buzaverganni, haddi sig‘sa, to‘zdirmay qo‘ymaydi. Uzoqqa borib ne qildik, o‘zingizni olaylik. O‘zingiz o‘sha amaldorning o‘rnida bo‘lsangiz, bir million nusxali gazetada avra-astaringizni chiqargan odamning, ya’ni Rashidning boshini silarmidingiz? Ishonchim komilki, sochingiz tikka bo‘lardi. Soch degan jonivordan qolgan bo‘lsa, albatta.  Zero, ahli ikrom davrasiga yetishgunicha bandasi, erkakdir-ayoldir, nafaqat sochidan, balki boshqa yana ko‘p narsalaridan, deylik, ancha-muncha tishidan, ko‘z nuridan ayrilishi tayin. Mayli, insof bilan aytaylik: juda ayrilib qolmasa ham, salomatligiga xiyla putur yetishi muqarrar. Bir hisobdan, bandasining og‘zi «oshga yetganda» halovatini o‘ylab qolishining boisi ham shunda…

Bu kun Rashidning oyog‘i yerga tegmadi.

Tekkizishmadi.

U ertalab ishga kelib, xonasiga kirmasidan Anzirat «suyunchi» oldi. Malol keldi. Qizning siniqligi, Rashidga boumid boqishlariyu izidan xo‘rsinib qolishlari uchun emas. Otning yolidek timqora va yaltiragan sochlari yelkasida doim qo‘qib yotgani uchun. Qani endi, qaychini olsangu qorong‘i va qalin chakalakzorni eslatuvchi shu uzun sochlarni qo‘yning junini qirqqanday shartta-shartta kesib tashlasang. Kessang-da, biror sartarosh xonimga ikki otim nosning pulini berib, qolgan sochlarini kalta, shu darajada kaltaki, naqd o‘g‘il bolanikidek, taroqqa ilinar-ilinmas qilib kuzattirsang! Nafis quloqlariyu chiroyli bo‘yinlari ochilib, zulflarining uchi iyagining ostigacha tushib tursa. Ana shunda Anziratdan sohibjamol qizni, yarqiragan yulduzni, oyni topib bo‘larmikan! Ne tongki, bugun bechoraning yuz-ko‘ziga og‘ir dard – chorasizlik va siniqlik qalin ko‘lanka tashlagan. Go‘yo hozirgina o‘ksib-o‘ksib yig‘laganday. Go‘yo nimadir butun vujudini, yuragini ayovsiz kemirayotganday, ezayotganday. Go‘yo dilidagi g‘am toshdek qotib qolgan. Yuz-ko‘zlari doim ma’yus, doim qizargan. Zo‘riqqan.

Kotiba bugungidek tumovga chalingan kunlari ijtimoiyat bo‘limining katta muxbiri Anzirat Jo‘rayevaning chirog‘i yonadi.  Shalvirab qolgan nochorgina kursiga yetmagunicha bosh muharrir bilan o‘rinbosarining torgina qabulxonasi ostonasini chuqur qilib yuboradi. Kursiga o‘tirgach… tanimay qolasiz. Tamomila boshqa odam. Lavozimi uch pog‘ona past kotibaning joyiga emas, bosh muharrirning, bosh muharrir nima, vazirning kursisiga erishganday o‘ymoqdaygina lablarining tanobi qochgani-qochgan. Chillali kelinchakdek ochilib-sochilib ketadi.

«Qiz yetishsa yoshiga, shayton qo‘nar boshiga, — deydi bosh muharrir Jur’at Rasulov. – Rashidjon, ehtiyot bo‘ling. Bu qizning chilim-samovaringizga ishqi tushgan. Lekin zo‘r yozadi, qizitaloq. Yetim qiz ovga chiqib, izidan g‘avg‘o chiqqani yomon».

«Mayli, – deb chaynaladi Rashid. – Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi».

— Yana chaqirishyapti, — dedi Anzirat qo‘lidagi gazetaga ishora qilar ekan, ham achinish, ham hadik bilan. Javdirashlaridan go‘yo hozir Rashidni operatsiya xonasiga olib kirishadiyu u yerdan tirik chiqishi dargumon. —  Tezda yetib borarkansiz. Bakirov kutayotgan emish…

— Xo‘p, — dedi Rashid xayolchan va isiriq bo‘yi ufurib turgan xonasiga kirib, o‘tirmasdanoq Anzirat bergan gazetani ochdi. Uchinchi sahifa har qanday odamning ko‘zini oladi: «Toptalgan taqdirlar».

Kimning taqdiri toptalgan? Kim toptagan? Nega toptagan?

«Sarlavhasi zo‘r!» deb pichirladi u. Maqolaga ishlangan rasmlar ko‘ngilga undan ham ko‘proq  qutqu soladi! G‘amzasi baland sohibjamolday o‘ziga chorlab, gazetxonning aqli-hushini olaman deydi.

Odamlar o‘qimay ko‘rsin-chi! O‘qiydi-i! O‘qishga majbur qilaman!..”

Gazetani ochgan odamning birinchi satrga ko‘zi tushsa, bas! Adoi tamom bo‘lgani —  shu. Birinchi satr – gurzi. Rashidning gurzisi! Es-hushidan ayrilib, inon-ixtiyorini muallifning qo‘liga qo‘shqo‘llab topshirganini o‘zi bilmay qoladi.  Maqolani oxirigacha o‘qimasdan qo‘ymaydi. Oxirida -og‘irdir-engildir – xo‘rsinadi. Bu hushiga kelgani. Gazetxonning shu xo‘rsinig‘i uchun joningni bersang arziydi. Demak, bu dunyoda qalamkashman, muharrirman deb yurganing behuda emas.

Bunday lahzalarda Rashid muallifni – Anziratni bag‘riga bosib o‘pgisi, qo‘lginang dard ko‘rmasin, singiljon, deb alqagisi, chin dildan suygisi keladi. Anzirat emas, biror erkak kishi bo‘lganida hoziroq bosh muharrir o‘rinbosarining maqtovini eshitishi tayin edi. Qalam haqidan siylanardi. Balki, Rashid yana aytardiki, gazetamiz tarixida bunday dadil maqola chiqmagan, chiqmaydi ham. Zero, sizday jo‘mardning o‘zi kam!

Bir chekkasi, ayol zotiga bunday sitoyish zoye. O‘zidan ketib qoladi.

Ayni damda Rashid darveshligi tutib, zikr tushgisi, ovozini baralla qo‘yib ashula aytgisi, dalalarga chiqib hayqirgisi, ko‘ringan odamning tumshug‘iga gazetani tutib, maqtangisi, ahli mushtariyning olqishlarini eshitgisi (Yana boplabsiz, Rashidjon! Qoyil!) kelayotganini sezdi. Lekin qani o‘sha foniy dunyo dardlari unutiladigan xonaqoh — darveshxona? Qani o‘sha keng dala, behudud va beg‘ubor osmon? Musaffo havo! Qani o‘sha quvonch, tantana?  E’tibor! E’tirof!

Qabulxonadagi telefon vahimali jiringladi.

— Hozir, —dedi Anzirat g‘ijinib. — Hozir dedim-ku! Endi keldilar, axir!..

Qizil go‘shakning iyig‘i chiqib ketgan sarg‘ish telefon  ustiga taraqlab tushgani eshitildi:

— Ovozing go‘rdan chiqsin sening!..

Bu muloqot Rashidning xayolot osmonida keng yozilgan qanotlariga qadalgan o‘q, oyoqlariga osilgan zilday tosh bo‘ldi — yana tashvish, g‘am-g‘ussa, muammolarga to‘la gunohkor zaminga “tap” etib tushdi. Vujudida, ayniqsa, yelkasida og‘ir toliqish, og‘riq sezdi. Yarim tunda ishdan qaytib, durust uxlay olmagan, bugun yana nonushta qilmasdan tahririyatga shoshilgan, oqshomgi ovqati esa nasiya bo‘lgan edi. Bunday kezlarda tomog‘idan ovqat o‘tishi, ko‘ziga uyqu kelishi uchun odam yo bir qaynatimi kam, yoki temirtan bo‘lishi kerak. U sezib-anglab turardi, bu horg‘inligu dardning, og‘riqning boisi uyqusizlikda ham, ochin-to‘qin yurishda ham emas. Uni kutayotgan ko‘ngilsiz uchrashuvda, sovuqdan-sovuq suhbatlarda. So‘roqlarda. Bunday ko‘ngilsiz gaplar —  favqulodda hodisa emas. Xoriqulodda ham deya olmaysiz. Qovog‘i solingan silliq basharalar, qahrli qarashlar, og‘ir so‘lish olib gapirishlar, yurakka ignadek sanchiladigan pichinglar, kinoyalarda. Go‘yo sen ashaddiy jinoyatchisanu ular – farishta!  Yo‘q, izquvar, tergovchi. Farqi — sening qo‘lingda (hali!) kishan, ularning qo‘ltig‘ida to‘pponcha yo‘q. (Balki bordir?) Qabulxonalarda ataylab soatlab sarg‘aytirib qo‘yishlar: mayli, o‘tiraversin, huzuringga asablari qaqshab, tavbasiga tayanib kirsa, mushukdek yuvosh tortib qoladi. Nima shart qo‘ysang, talab qilsang, rozi bo‘ladi.

 

Oppon-soppon

«Sharq tongi» gazetasining muassisi sanalmish Qo‘mitada o‘tgan ko‘klamda bir «sirli»  suhbat bo‘lgan edi.

«Sen hammadan aqllimisan? —  deb tishini g‘ijirlatgandi o‘shanda Qo‘mita raisi Bakirov. —  Yo davlatning ishi senga maynavozchilik bo‘pqolganmi?»

«Yo‘q».

«Bo‘masa, nega yana chichib, hamma yoqni bulg‘ading? Muddaong nima o‘zi?..»

«Nima qipman?» – talmovsiradi Rashid.

Boshqa nima deysan? Tortishish —  nodonning ishi. Shamolga qarab tuflash bilan barobar. Munkir ham kelolmaysan. Riyokorlikdan kim baraka topgan? Ishning arqoq-o‘rishini bilib olgan. Tepaversang, loy ham pishiydi.  O‘zingni o‘lamsalikka olasan. Merovsiraysan. Chidaysan. Alami, azobi shunda. Rashid «voiz»ning nasihatlarini odob saqlab tinglaydi. Tanbehlari ham, hatto baqirib-chaqirishlarini ham miq etmay eshitadi. Bo‘yni juda bo‘sh bo‘lmasa ham, qasddan bo‘shroq qo‘yadi.  Bo‘yni bo‘sh xodim rahbar zotining hammasiga yoqadi. Rashid qo‘ynida tosh saqlamaydi. Yana apoq-chapoq bo‘lib ketaveradi.

«Nima qipma-an?! – tutaqib ketdi rais. —  O‘v bola, garangsima. Xo‘pmi? Garangsima! O‘tgan hafta Mafkura Kengashida o‘tgan yig‘ilishda bormiding? Bor eding! Ministrday qo‘r to‘kib o‘tirgan eding-ku! Yo gapim yolg‘onmi?»

Rashid bosh irg‘adi. Qo‘r to‘kmagan bo‘lsa-da, barcha otaxon gazetlaru onaxon jurnallar, nevara nashrlaru qo‘shiqsevar teleradio dasturlarning rahbarlari qatori kungaboqar gulidek za’faron stolu kursilardan o‘zga jihozi bo‘lmagan, mashvarat joyidan ham ko‘ra, ko‘proq muzxonani eslatuvchi zalda u ham o‘tirgan edi. Qiziq, deb o‘ylagan edi o‘shanda,  bunday zaxillik, betuslik ulkan mamlakatdagi barcha idoralarni — qishloq sho‘rosining xonasidan to saltanat sardorlarining kabinetlarigacha egallagan. Ulardagi barcha mebellar, gilamlar, pardalar, derazalar, boshqa ashyolar, hatto odamlar ham bir joydan – bir korxonadan chiqqanu tariqqa o‘xshab to‘rt tomonga sochilib ketgan. Hammasi bir xil: imtihon topshirayotgan talabadek o‘ta jiddiy, xo‘mraygan, asabiy. Go‘yo qandaydir dushman xufiyalari el-yurt oralab yuribdiyu ularni zudlik bilan fosh etmoq lozim. Hamma bir-biridan xavfsiragan, hadiksiragan. Hamma tahlikada. Hammaning dami ichida.

«O‘sha majlisda aytilgan gaplar bu qulog‘ingdan kirib, u qulog‘ingdan chiqib ketdimi, yo?!.»

Yo‘q. Chiqib ketmagan. Chiqib ketmaydi ham. Kengash raisi Norgul Orifboyevaning —  Opaning loki oynadek yaltiragan, poldan ko‘z uzmay, hech bir shubha-gumon, ortiqcha mulohaza, savol-javobga o‘rin qoldirmaydigan yo‘sinda, kesib-kesib, hukm ohangida, tishlari orasidan aytgan gaplarini, topshiriqlarini o‘lsa unutarmikan: «Hamma qulog‘iga quyib olsin: ro‘za hayit, qurbon hayit, navro‘z degan udum-marosimlarning hammasi – diniy bayramlar. Bid’at! Birorta ham ommaviy axborot vositasida, birorta ham kitobda, ta’kidlayman, birorta ham, bu so‘zlar endi ishlatilmasin! Xudo, olloh, parvardigor kabi so‘zlar ham mutlaqo tilga olinmasligi, chop etilmasligi kerak. Bu —  partiya va hukumatimizning siyosati va talabi. Din – biz uchun afyun!..»

Majlis ahli janozada o‘tirgandek ma’yus tortgan. Ezilgan. Go‘yo janoza tezroq tugashini, mayitni tezroq yerga topshirib, qabristondan tezroq  qochishni istaydi.

Markazdan maxfiylik tamg‘asi bilan yuborilgan qaror — hukm. Hukm muhokama qilinmaydi. Ijro etiladi. Partiya aytdimi, demak, to‘g‘ri: diniy bayramlar – bid’at!

«Masala tushunarlimi?» – deb so‘raydi qoraga bo‘yalgan sochlari ensasiga otning jilovidek qattiq, shu darajada qattiqki, go‘yo emin-erkin gapirishiga, boshini burishiga ham monelik qilayotganday, urab-burab, mushtday qilib (aytishlaricha, gardanidagi yong‘oqday norini yashirish uchun) tortib tugilgan, turmaklangan Opa. Uning kichkinagina og‘ziga mahliyo tikilib o‘tirgan Rashidning ko‘z oldiga Hadra maydonidagi tuproq qo‘rg‘on orasida qad rostlagan, lekin hali rasmiy ochilishi o‘tkazilmagan mahobatli haykal keladi. Ozod o‘zbek ayolining timsoli! Jilmayadi. Yoshroqligini aytmasa, haykal Opaning aynan o‘zi: kulcha yuzli, yupqa lablari qat’iy qimtilgan. Sochlari ensasiga tortib turmaklangan.  Faqat qansharida temir gardishli ko‘zoynagi yo‘q. Bo‘yi tikroq, mavzunroq. O‘ktam va dadil. Haykaldagi ayol o‘tkir nigohlarini Shimolga (Markaz tomonga!), keng ufqlarga (Porloq kelajakka!) tikkan.  Qo‘lidagi kitobni (Ma’rifat va madaniyat timsolini!) ko‘ksiga mahkam bosgan. Tumshug‘i ko‘kka intilgan charm kovushlarining uchi shohsupadan xiyol oldinga chiqib turibdi. (Ayol o‘z zamonidan xiyla ilgarilab ketgan. Ilg‘or! Ilmda ham, mehnatda ham ilg‘or!)

«Masala hammaga tushunarlimi?» – deb boz so‘raydi Opa nimadandir ko‘ngli to‘lmagandek.

«Ha, — birinchi sinf o‘quvchilaridek jo‘r ovozda javob beradi zal va guvva o‘rnidan turmoqqa shaylanadi. —  Tushunarli-i!..»

«Savollar bormi?» – deb so‘raydi endi voiz. Shunchaki. Yo‘liga. Marhumning ustiga tuproq tortilib, chim bosilganidan keyin, mulla: «Mayit qanday odam edi?» deb so‘ragani kabi. Javob doim aniq: yaxshi odam edi! Bu javobni aytar ekan, tiriklar go‘yo munkar-nakir kelib, so‘rog‘ini boshlashidan oldin, kecha birga araq ichib yurgan shishadoshini himoya qilmoqchi, oqlamoqchi bo‘ladi…

“Yo‘q!..” – deydi zal go‘yo o‘rgatilganday yana jo‘r ovozda.

«Bor!»

Engil tortib, o‘rnidan qo‘zg‘algan Opa  seskanib ketgandek bo‘ladi. Ilkis  boshini ko‘tarib, zalga alanglaydi. Bunday mashvaratlarda odatda savol berilmaydi. Bahs-munozaraga o‘rin yo‘q. Savol berish — shakkoklik. Partiya, demak, davlat, belgilab bergan yo‘lga shubha bilan qarash — ayni kufr. Dili kufrga moyil odamlar, ming donishmandu mutafakkir bo‘lmasin, el-yurt taqdiri hal qilinadigan bu kabi oliymaqom mashvaratlarga taklif etilmaydi. Ularning bunday pinhoniy sirlarga nasibasi qo‘shilmagan. Joylari — ko‘chada. Pana-pastqamda o‘zlaricha to‘ng‘illab, o‘zlaricha sasib yuraverishsin.

Rashid odob saqlab, o‘rnidan turadi.

O‘tirganlarning hammasi duvva orqaga — u tomonga o‘giriladi. Nigohlarida xayrixohlikdan ham ko‘ra hayrat va ajablanish ko‘proq. So‘ng hayrat o‘rnini darhol istehzo va hadik egallaydi: «Voy nodon-ey, shunga ham aqling yetmaydimi!» Zal ahliga yigitning o‘z bo‘yidan baland gap qilishi yoqmaydi: «Bunday mashvaratlarni ko‘raverib, har xil topshirig‘u gaplarni eshitaverib, ko‘zi pishib ketgan bizdek tajribali rahbar kadrlar turganda sen jo‘jaxo‘rozga kim qo‘yibdi bo‘yin cho‘zishni? Kasring hammamizga urib ketmasin tag‘in, mahmadona!..»

Opa ijirg‘anadi. Yigitga, so‘ng oldingi qatorda mo‘ltirab o‘tirgan Mafkura Kengashi xodimlari — majlis uchun mas’ul a’yonlariga qahrli nigoh tashlaydi: «Suruvdan ortda qolgan bu yetimqo‘zi kim?! Qaysi ahmoq bu yerga chaqirgan uni?!.»

Mayda ko‘zlari teshib yuboray deydi:

«Govorite!»

Jurnalist gapiradi: «Mumtoz adabiyotimiz vakillarining asarlarida uchraydigan diniy so‘zlar va iboralarni nima qilamiz?..  Beruniy, Navoiy, Bobur… Bu yoqda jahon adabiyoti vakillari – Pushkin, Tolstoy, Gorkiy, Dante, Shekspir… Ularning asarlarini ham tahrir qilamizmi?»

O‘tirganlarning yuz-ko‘zidagi istehzo, norozilik va zarda o‘rnini endi shoyon qiziqish egallaydi. Ajoyib film tomoshasiga shaylangan avomday savol nazari bilan hamma Opaga qaraydi: «Darvoqe, nima qilamiz? Ayting-da, nima qilaylik o‘tgan buyuklarning asarlarini? Axir Navoiy komfirqa a’zosi bo‘lmasa? Alisher G‘iyosiddinovich, marhamat, kelib g‘azalingizni tahrir qilib, zamona zayliga moslab bering, deya olmaymiz-ku! Ya’ni, Siz besh yuz yil burun sig‘ingan, hamdu sanolar aytgan Olloh, sevib, shodlanib madh etgan hayitu bayramlar bugungi avlodlaringiz tomonidan bid’at deb e’lon qilindi…»

Opaning qovog‘i solinib, yuz-ko‘zi yanada qahrli tus oladi. Qarshisidagi ingichkagina qora simga ulangan mushtday unolgichga —  mikrofonga yupqa lablarini qattiq qimtigancha bir lahza tikilib qoladi. Bor-yo‘g‘i bir lahza. Unolgich voizning ma’ruzasini ahli zal bezavol eshitishi uchun emas, magnitofonga yozib olish va maxsus arxivda saqlash uchun qo‘yilgan. Zarurat tug‘ilganida tekshirish, muhokama qilish, hatto,   Markazga jo‘natish uchun. Shu bois gala o‘zbek yig‘ilib, o‘z milliy va diniy bayramining taqdirini hal qilayotganida ham dorildavlatning rasmiy tilida gapiradi. Shunisi qulay, shunisi ma’qul. Markazga, albatta. Demak, hammaga ma’qul. Yo‘qsa, tarjima qildirib, ortiqcha tashvishu aziyat, xarajat chekishga to‘g‘ri keladi.

Opa shu savolni kutgan. Shu savoldan cho‘chigan ekan, chamasi. Bu kirtaygan ko‘zlari bexosdan pirpirab ketganidan seziladi. Uning xayolida Markazdan ketma-ket kelgan va zarvarag‘iga qizil rangda vahimali «Sov. Sekretno» (mutlaqo maxfiy!) muhri bosilgan uchta qalin qaror jonlangan edi: «Ra’iyat, ayniqsa, ziyolilar o‘rtasida millatchilik va dinning ta’siri tobora kuchayib bormoqda. Bunday muammolarning oldini olish uchun maxsus dastur ishlab chiqilsin va ijrosi haqida Markazga muntazam axborot berib borilsin!..»

Har uchala qaror ijrosi uchun mas’ul – Opa!

«Uchindi, bechora! Qattiq uchindi!..»

Aftidan, Opaning tayyor javobi yo‘q, bo‘lsa ham aytishi dushvor. Netsin? Necha asr burun o‘tganlarning asarlarini tahrir qilamiz, deya olmaysan. Desang, marhumlarning ruhidan baloga, tiriklardan kulgiga qolasan. Demasang, zalda o‘tirganlarning hammasi ham do‘st emas. Markazga shipshitishi mumkin: «Falonchiyeva murosasozlik, ko‘ngilchanlik yo‘lini  tutib, bir guruh dindorlaru millatchilarning nog‘orasiga o‘ynamoqda». Bu o‘lkada fotih ham, tobe ham eshitsa tizzasi zir titraydigan bir tavqila’nat bor: millatchi! Bu la’nat yopishsa, yopishtirilsa, so‘rab-surishtirib o‘tirilmaydi. Bahringdan o‘tib yuborishadi. Oldin majlisi oliyda obdon sazoyi qilinib, so‘ng partiyadan, ishdan haydalasan.  Hech kim, hech qachon kechirmaydi. Ishdan ketding — kuchdan ketding. Omading kelsa, keyin seni it ham so‘ramaydi. Kelmasa ham chidaysan: oqshom eshigingni «qizil shapkalar» taqillatadi. Qolgani — ma’lum. Buyuk Pushkin aytib ketgan: «Sibir konlarining tagida saqlang mag‘rur sabot va najot».

Martabaning vasli ham, hajri ham azobga aylangan zamon.

Otasi Stalin zamonida – qirchinida o‘qqa uchgan, xalq dushmani sifatida otib tashlanganidan so‘ng Chimkentning Turbat qishlog‘ida o‘ksinib o‘sgan bo‘lsa-da, Opani aqli kutoh deyish qiyin. Kasbi  sharqshunos-tarixchi, olima bu ayol juda chechan, o‘z ishiga o‘ta berilgan. Bosib ishlashga odatlangan. Ish deganda ro‘zg‘or, bola-chaqasini ham unutadi. Nazarida, taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ov – din va milliy an’analar. Dorildavlat hujjatlarida bitilgan ahkomlarni avomga oshirib-toshirib yetkazadi: «Bir umr komsomol, kommunist sifatida faoliyat yuritgan arbob vafot etganidan keyin nega chalasavod mullalarning qo‘lida qolib ketishi kerak? Nega uni so‘nggi yo‘lga partiya, sovet, komsomol tashkilotlarida birga ishlagan maslakdoshlari, safdoshlari emas, mullalar kuzatishi kerak? Nega alvidoni dindorlar aytishi kerak?  Yo‘q! Ham kommunistlarga, ham milliy an’analarimizga xos zamonaviy dafn marosimini yarataylik. Faqat u dindan yiroq, jonajon partiyamiz va hukumatimizning odilona siyosatiga mos bo‘lsin!»

Lekin Opa bu rejasini amalga oshirishga ulgurmaydi.

Qamaladi.

Oradan uch yarim yil o‘tgach, odamlar uni boshida ro‘ymol, egnida yengi uzun sidirg‘a ko‘k qo‘ylak, qo‘lida Qur’oni karim bilan ko‘radilar. Ko‘rganlar ko‘zlariga ishonmaydi. Opa nimalarnidir pichirlagan. Nigohi yerdan uzilmaydi. O‘n yigitga ham ko‘plik qiladigan shiddatiyu g‘ayrati, hukmi hoziqligidan endi asar ham yo‘q. Lafzi ham, o‘zi ham, nigohiyu, zallarni to‘ldirib turadigan ovozi ham muloyim tortib qolgan. Bahorning mayin tonglari kabi muloyim. Go‘yo birov uni sehrli bir imoratning bu eshigidan kiritib, narigi eshigidan boshqa Ayol sifatida chiqargan. “Savdoyiga o‘xshab qopti”, deydi odamlar. Onasining yostig‘i tagida doim “xalqlar dohiysi” Leninning kitoblarini ko‘rib o‘rgangan qizi hayratini yashira olmaydi:

 “Oyi, o‘zbekchani qayerda buncha ravon o‘rganib oldingiz?”

 “Butirkada!”

 

U hali tuman miqyosidagi yoshlar tashkilotining rahbari ekanida tengdoshlariyu militsionerlarga tinim bermas, bodom gulga kirdi deguncha tunlari mahallalarga kutilmagan yurishlar qilar, hovli-joylarga bostirib kirib, sumalak uchun bug‘doy ko‘kartirayotganlarning sho‘rini quritar edi. Sabza urgan maysalarni xandaqqa ag‘darar, g‘azab o‘tida yonib, tepkilar, qozonidagi sumalaklarni anhoru soylarga oqizib yuborar, navro‘zparastlarni gazetalarda tanqid qilar edi. «Ming yillardan buyon ko‘chada, oyoq ostidagi loyga, balchiqqa belanib yotgan toshlarni doshqozonga solib, sumalak qaynatish sanitariyaning qaysi qoidasiga to‘g‘ri keladi! —  deb kuyunardi u majlislarda. — Qo‘lbola o‘choqqa qozon osib, tepasida yoshman demay, qariman demay, ming xil kasning kuymalanishi – sumalak pishirishi – sanitariyaning qaysi qoidasiga mo-os? Qozonning bo‘yida tonggacha chang-to‘zon ko‘tarib, har xil o‘yinlar o‘ynashi, tupigini sachratib, eskicha ashulalar aytishi partiyamiz siyosatining qaysi yo‘nalishiga hamohang? Bunday shubhali marosim va tadbirlarga komsomol-yoshlarning, ayniqsa, maktab o‘quvchilarining tobora ko‘proq tortilayotganiga qanday chidash mumkin, o‘rtoqlar!.. Sumalak — ochu g‘aribning, kambag‘al-qashshoqning taomi. Sho‘rolar mamlakatida kambag‘allar yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas! Hamma teng. Hamma farovon!.. Xalqimizni bid’atga boshlaydigan eskicha navro‘zu hayitlarning o‘rniga boshqa, mohiyatan sho‘rolarga, kommunistlarga xos, yangi bayramlarni tashkil etaylik!..»

 

Lekin ulgurmaydi. Qamaladi.

Oradan uch, bor-yo‘g‘i uch  yil o‘tgach, dala-dashtlar, loysuvoq imoratlarning tomlarida maysalar nozikkina quloqlarini ko‘rsata boshlaganida, Markazdagi “Butirka” deb nom qozongan mash’um hibsxonadagi ikki yarim yillik tutqinlikdan so‘ng, oliy sud zalidan taqir qirilgan boshi bilan uyiga chiqib kelgach, birinchi so‘ragan nasibasi sumalak bo‘ladi. Ikki yarim yillik avaxtada shirdoni qurib, tishlari, qoshu kipriklarigacha to‘kilib ketgan Ayol, yaqindagina ulkan respublikani so‘rab turgan nufuzli Ayol, hammani zirillatgan Ayol,  paxta gulli piyoladagi sumalakni aslzodalarga xos nazokat bilan kumush qoshiqchada emas, terilari tirishib, yorilib, yoriqlari go‘lahning qo‘llaridek qorayib ketgan ko‘rsatkich barmog‘ini tiqib yalaydi. Sumalakka boshqorong‘i bo‘lgan kelinchakdek yutoqib yalaydi. Yalar ekan, xira tortgan ko‘zlaridan yum-yum yosh to‘kiladi. Eri, qizi, o‘g‘li – hammasi unga qo‘shilib yig‘laydi.

“Anoyigina ayolim-a!” – deydi eri.

“Anoyining hammasi o‘tib ketgan, – deydi Opa ohista. – Hammasi Chig‘atoyda yotibdi!”

    Chig‘atoy ko‘chasiga – sharif zotlar mozoriga borib, kimnidir, nimanidir izlaganday, qabrlar orasida soatlab tentirab yuradi. Balki u hali onasining vujudida, gumona paytida Stalinning murdasho‘ylari tepkilab-tepkilab ko‘mgan otasining qabrini izlagandir. Balki yetimlik azobida o‘tgan bolaligi, aldab, adashtirib ketgan yoshligining izlarini topmoqchi bo‘lgandir.

“Balki, bechora ayol o‘ziga xilxona, qabriga joy axtarayotgandir”, deydi uni ko‘rganlar.

 “Yo‘q, – deydi bilgichlar. –  Endi u “Chig‘atoy”dan umid qilolmaydi. Endi uning turbati – avomning orasida”.

“Kimning qabrini qidiryapsiz, singlim?” – deb so‘raydi undan qabriston qoravuli.

“Yoshligimning! – deb pichirlaydi ayol shitob bilan uzoqlashar ekan.- Yoshligimning!..”

Bular keyinchalik bo‘lgan gaplar.

 

Orqa qatordan turib savol bergan Rashidning qulog‘iga chalingan edi: Opa nishonni ko‘zlamay uradi. Olov. Olovki, dami qilichdan qolishmaydi! Hammaga, vaqti kelsa, Yurt Sardoriga ham gapini o‘tkazadi. Ko‘pincha Sardor ham o‘z aytganidan qaytmaydigan «Qaysarbibi»ning og‘ziga qarab turadi. “Bibi”ning tobora oshib borayotgan nufuzidan tashvishda.

Opa bu gal ham yo‘lini topdi: Rashid bergan qaltis savolni, mavzuni, sezdirmaygina chetlab o‘tib, Boburning qabriga g‘isht qalashga tushib ketdi. O‘tganlarga osilsang ko‘taradi. Muhimi, ustingdan Markazga shikoyat yozolmaydi!

«Siz, uka, provakatsiya qilmang! — dedi Opa tahdid bilan. —  Bunday buzmakorligingiz juda qimmatga tushishi mumkin. Mejdu prochim, o‘sha Boburingiz feodal, zolim podsho bo‘lgan. Yo‘q deb ko‘ring-chi! Hindistonni bosib olgani tarixdan ma’lum!.. Sovet matbuotida, kommunistik mafkurada bunday zolimlarga, qonxo‘r podsholarga o‘rin yo‘q! Qo‘yib bersak, siz hali Amir Temurni ham boshingizga ko‘taradiganga o‘xshaysiz!..»

Opa bu talabi unchalik to‘g‘ri emasligini,  Xudo bilan hazillashib bo‘lmasligini sezib, hadiksirab turardi. Navro‘zning esa dindan, partiya, sovet tashkilotlari rahbarlari azroyildan qo‘rqqanday qo‘rqadigan islom dinidan, oldin paydo bo‘lganini ham bilardi. Bu ozmi-ko‘pmi kitob ko‘rgan odamga ayon, jo‘n gaplar. Lekin Markazning topshirig‘i qat’iy bo‘lsa nima qilasan: diniy va milliy bayramlarning avj olishi — millatchilikka, xurofotga, xurofot – janjalga, janjal esa qon to‘kilishga sabab bo‘ladi. Xalq komfirqa, ya’ni davlat belgilab bergan, sho‘rolarga xos bayramlarni nishonlashi kerak. Tamom-vassalom! Hamma o‘zboshimchalik qilaversa, mamlakat tariqday sochilib, tumtaraqay bo‘lib ketadi…

Majlis ahli gapni, muhokamani zaldan chiqib, ilgakka osilgan qalin kiyim-boshlarini kiygach, ko‘chada qotiradi.

«Shuncha odamdan birortasi miq etmadi-ya, — deydi ulardan biri mahzun ovozda. —   Baraka topkur, parvardigor kimga xalaqit beryapti, demadi-ya. Tavba-a!..»

«Dedi-ku, anavi bola», — gap qo‘shadi ikkinchisi va atrofiga alanglab oladi. Rashid o‘zini eshitmaganga soladi.

«Mahmadonagina ekan, — deydi uchinchisi shivirlab. — Hali shalloq yemagan-da».

«U emas, bu emas, hammamizning oldimiz — ayvon, ketimiz ravon bo‘p ketgan, — deydi to‘rtinchisi hansirab. — Hammamiz bichilgan qulga o‘xshab qolganmiz!..»

«Qo‘ysangiz-chi befoyda gaplarni, — deb kesadi boshqasi. — Oshga boramizmi? Bugun Abduvoris qizini chiqarvotti…»

«Meni aytmagan-ku. Qandoq bo‘larkan?..»

«Nima bo‘pti?  Baribir obed qilishingiz kerak-ku!»

«Bo‘pti. Borsak bordik-da…»

«Oppon-soppon deydigan bormi?»

 

O‘rkach

Bakirov  shu majlisdan so‘ng — 21 mart – navro‘z kuni Rashidni chorlagan edi. Opaning, demak, partiya va hukumatning topshirig‘i chetda qolib, o‘sha kuni «Sharq tongi» (faqat Rashidning gazetasi!) boshdan-oxiri navro‘zga bag‘ishlangan materiallar bilan to‘lib chiqqan va odamlar orasida tala-tala bo‘lib ketgan edi.

Raisni uzun va keng xonani qoplab olgan quyuq tutun orasida ko‘rdi. Oynavand shkaflarda — dohiyning qizg‘ish muqovali, chiroyli terilgan ellik besh tomligi. Terilgan-u, birortasining muqovasiga farrosh xotinning qo‘lidan boshqa qo‘l tegmagan. Yarg‘oqi  yaltirab qolgan Saltanat Sardorining devordagi salobatli suratidek, serjild kitoblar ham dorildavlatga sadoqat va  oriflik timsoli bo‘lib javonda namoyishkorona saf tortib turibdi.

Bakirovning yuzlari alvonday bo‘lib ketgan, qo‘llari tinimsiz titraydi.

Bechorani rosa tuzlashibdi!”

Rais  chuqur uf tortdi va bexosdan sigaret uzatdi. «Astra» qutisini ko‘rib, yigitning qorachiqlari kengayib ketdi: bunday badbo‘y tamakini askarlar ham og‘ziga olib borishga uyaladi.

«Rahmat! — dedi jurnalist shosha-pisha. — Yaqinda tashladim».

Mezbon tamakisini ikki-uch marta bosib-bosib tortgach, tutuni osmonga o‘rlab turgan qoldig‘ini kuldon chetiga qo‘yadi. Qora kuldon labidagi sigaret Rashidning ko‘ziga nafisroqday ko‘rinadi. Uzun, filtri chiroyli. Qizil belbog‘i  ham bor.  «Marlboro»!  «Astra»ning qutisi to‘la qimmatbaho «Marlboro» edi.

Xona sohibi sekin o‘rnidan turib, salobatli sariq stolini aylanib o‘tadi va uning yoniga keladi. Mehmon ham turadi. Mezbon kaltaroq, qirq yoshlardagi qotma odam. Kiyimi yuziday, yuzi kiyimiday: na bir g‘ijim, na bir ajin. Rashid uni o‘n yildan beri tanishini eslaydi. O‘n yildan beri zarracha o‘zgarmagan. Yuz yildan keyin ham qilt etmasa kerak. Laqabning juda mosini topishgan: qadimiy va navqiron! Doim bir xil libosda: kulrang kostyum, oq ko‘ylak, ingichka bo‘ynini siqib turuvchi qora galstuk, tumshug‘i tumtoq qora tufli. Aytishlaricha, kiyim-boshni biryo‘la uch-to‘rttalab oladi. Qattiq tanbeh eshitgan: «Artistlarday yaltir-yultir qilib, jilpanglamasdan, ishlasang bo‘lmaydimi, nokas!..»

«Men, uka, seni ilgari ham ko‘p ogohlantirganman-a, — deydi Bakirov o‘pkasi og‘ziga tiqilmoqdan beri bo‘lib. G‘azabini bosishi oson bo‘lmayotgani sezilib turardi.— Esingdami?»

«Ha, esimda».

«Endi ogohlantirmayman!»

U Rashidning chap bilagidan tutib, etini yaxshilab ezg‘ilaydi. Yakqat kostyumning yengi dosh bera olmaydi. Rais doim o‘stirib yuradigan “xazina” barmog‘ining tirnog‘i bigizday sanchiladi. Yigitning ko‘zlaridan olov chiqib ketadi. Lekin sezdirmaydi. Chidaydi.  Keyin, ishxonaga kelib qarasa, qon silqib turganini ko‘radi.

«Qisib yur! Bildingmi, qisib! Yo‘qsa, ko‘taningni sug‘urib olaman!..»

Yigit og‘rinmaydi. Tug‘yonga ham tushmaydi. G‘udranadi. G‘udranish san’atini xo‘b egallagan.  Otasining gapini eslaydi: «Namoz ham vaqti bilan farz, bolam».

Shu suhbatdan keyin uning rais bilan yo‘li bugungacha tutashmagan edi. Yo‘q, bir marta tutashgan.  Jur’at Rasulovning otasi qazo qilgach, ko‘ngil so‘rash uchun borganida. Marosimda uch kishi, kattadir-kichikdir uch rahbar, uch ziyolining birortasi Qur’ondan ikki og‘iz tilovat qilib, savobini marhumning ruhiga bag‘ishlay olmadi. Balki rostdan ham ismi rasmini bilmas, balki sotib qo‘yadi, deb bir-biridan xavfsiragandir: janozaga borib, mullaga ro‘y-baro‘y bo‘lgan rahbarlarning qanchasi avval firqa biletidan, so‘ng lavozimiyu mol-mulkidan ayrilayotgan zamon. Mulla kelib, janozaga taraddud boshlanishi bilan marhumning hovlisi bo‘shab qoladi. Galstuk taqqanning hammasi yov bostirib kelayotganday tumtaraqay qochishga tushadi.

Mehmonlar o‘zlaricha garangsib, ma’yuslangan bo‘lib turmoqqa hozirlangan mahal suvlar sepilib, toza-ozoda supirilgan hovliga ikki yonida ikki o‘rinbosari bilan Bakirov kirib keladi. Odati shu – to‘y-ma’rakaga yolg‘iz bormaydi. A’yonlari doim   yonida. Hamma yengil tortib, oyoqqa qalqiydi. Ham raisning hurmati, ham xijolatpazlikdan qutulganiga shukr: shu bahonada juftakni rostlash mumkin.  Lekin rais imo qiladi: “Shoshilmanglar. Birga turamiz”. Hamma yana muloyim ko‘rpachalar solingan uzun kursilarga cho‘kadi. Rais to‘rga chiqadi va o‘tirganlarga, o‘tirganlar  erga qaraydi. Kimdir og‘ir xo‘rsinadi. Rais yengil tomoq qiradi va tilovat boshlaydi. Qiroatida andak namoyishkoralik bordek tuyulsa-da, berilib o‘qiydi. Ayniqsa, gala “qo‘li ketiga yetib, betiga yetmaganlar”ning oldida juda ta’sirli chiqadi. U ko‘zlarini yarim yumib, oyoqlari ostidagi beton yo‘lakka tikilgancha, mungli tebranadi. Ko‘p cho‘zmaydi. Lekin davradagilar bu sirli mashg‘ulot, tilovat davom etishini istaydi.  Ularni Bakirovning shirali ovozi sehrlab  qo‘yadi. O‘n yil madrasa tuprog‘ini yalagan mullaning ham havasiyu hasadi kelgan bo‘lardi bu tilovat, bu holatu bu manzaraga!

Bilsa,  “kambag‘al dehqon oilasidan chiqqan” Bakirovning otasi nafasi o‘tkir mulla o‘tgan, o‘g‘lining ham eskichadan savodi binoyi ekan.

“Tuya ko‘rdinglarmi?” – dedi rais hammaning qo‘lini siqib xayrlashar ekan.

“Shaharda tuya nima qiladi!” – dedi o‘rinbosarlaridan biri shoshib-pishib.

“Ko‘rdik! O‘rkachi ikkita ekan”.

 

Nega yig‘layapsiz, Anzirat?

— Haydovchiga ayting, — dedi Rashid Anziratga, — mashinasini tayyorlasin.

— Xo‘p bo‘ladi!

Qiz uni yo‘lakning oxirigacha kuzatib boradi. Ishxonada hali odam siyrak, liftgacha ergashib kelarmikin, deb cho‘chigan edi. Har qalay, insof qildi. Tortindi, chamasi. Qizning Qo‘mitagacha birga borgisi ham yo‘q emasdi. «Paltongizning yoqasini ko‘tarib oling, Rashid aka, — dedi. —  Ko‘cha juda sovuq!»

Yigitning kulgisi qistadi. Kinolarda ko‘rganlari esiga tushgan edi: juvonlar urushga ketayotgan erlarini mana shunday — ko‘zlari namlanib kuzatib qoladi. Anziratning ham salga ko‘ngli buziladi. Asabiylashadi. «Erga tegsa, tuzalib ketadi», deydi bosh muharrir tamshanib. Keyin sinamoqchi bo‘lganday qo‘shib qo‘yadi: «Shu qizga uylanib qo‘ya qolsangiz bo‘lmaydimi, Rashidjon? Bechora, cho‘riday xizmatingizni qiladi…»

«Bilasiz-ku, aka, sharoitim yo‘q. Lekin o‘zi tillo qiz!»

“Ha, yuziga tappi yopishtirib qo‘ysangiz ham yarashadi, – deb boz tamshanadi Jur’at Rasulov. –Biz tezroq to‘yini yesak deymiz-da…”

Rashidning ham ko‘ngli tusaydi qizni…

«Hamma menga it tekkan, deb o‘ylaydi, – deb yig‘lagan edi bir kuni u Rashidga. – Agar shunday bo‘lganida, allaqachon o‘zimni osib qo‘yardim. Qamashgani rost! Olti kishilik kamerada o‘n ikki ayolga qo‘shib bir oy hibsda saqlashgani rost! Tovonimga tushadigan ikki o‘rim sochimni pakki bilan qirib tashlashgani rost!  Qo‘limga kishan solib,  otamga ro‘y-baro‘ qilib qo‘rqitishgani, otam bechorani o‘ldirishgani rost!.. Shukrki, hammasi o‘tib ketdi. Yuragimda qop-qora dog‘i qoldi! O‘lsam ketmaydi».

– Nega yig‘layapsiz, Anzirat? – deb so‘raydi yigit yonida hansirab borayotgan qizdan. -Tinchlikmi?

– Sizga bir gap bo‘lsa, nima qilishni o‘zim bilaman!..

Yigitga bu gap juda yoqadi. «Nima ham qilardingiz, Anzirat?»  degisi keladi. Lekin odatdagidek tilini tiyadi. Rashidning xayolidan o‘tgan andishani qiz sezgandek, yanada muloyim, yanada erka ovozda xayrlashadi:

– Yaxshi borib keling, Rashid aka! Choy damlab turaman. Ko‘k choy!..

Yigit liftga kirar ekan, yelkasi osha ortiga ko‘z qirini tashlaydi va qiz hamon yo‘lak o‘rtasida parishon qarab turganini ko‘radi. Uning ham ko‘zlari kirtayib qolganini eslaydi. Bedorlikdan. Ayni damda Xo‘jai Xizr oldidan chiqib, Rashiddan tila-tilagingni desa, shu qizga chin dildan baxt tilagan bo‘lardim, deb o‘ylaydi. O‘ylaydi-yu, xayoliga kelgan fikrdan dili yorishib ketadi: o‘zgaga yaxshilik sog‘inishning o‘zi baxt emasmi!

Bir kuni Rashid qizga sochidan gap ochdi. Anzirat yig‘ladi: «Otam rahmatli oqlanmagunicha sochimni o‘rmayman ham, turmaklamayman ham!..»

Kolxozda hisobchilik qilib yurgan ota «paxta ishi» bo‘yicha hibsga olinib,  tobutda qaytgan. Temir tobutni ochishga izn berishmaydi. Nimkalagina hisobchining suddagi hukmi qancha uzoq–bir yildan ortiq kutilgan bo‘lsa, janozasi juda qisqa – chala-chulpa o‘qiladi. Mulla, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ xabarsiz qoladi. Lekin charm kamzulining ichidan to‘pponchasining qo‘ndog‘i bo‘rtib turgan odamning kami bo‘lmaydi. Ular tabelchini yarim tunda eshigiga qizil yulduz rasmi chizilgan bahaybat yuk mashinasida olib kelishib, tong qorong‘usida o‘zlari tepasida turib ko‘mdirishadi. Tobutdagi mayit qotmagina, jikkakkina To‘xta buxgaltermidi yo boshqa? Olti kishi (olti charm kamzul) arang yelkasiga olgan tobutda inson zoti bormidi yo ikki qop qum? Bu savollarning javobini ham tobutga qo‘shib   ko‘mib yuborishadi. Ko‘milmagan – marhumning yolg‘iz tirnog‘i – Anzirat qoladi.

Qizni dorilfunundan, auditoriyadan olib ketishgan edi. O‘ttiz chog‘li talaba, soch-soqolining tayini qolmagan professorning ko‘z o‘ngida qizning bilagiga temir kishan solishadi: “Ko‘rib qo‘yinglar. G‘ing deganning boshiga shu ko‘y tushadi!” Auditoriya bo‘ri oralagan suruvday, izillab, big‘illab qoladi. Hech kim bu bechoraning aybi nima, deb so‘ray olmaydi. Faqat professor ovozi titrab-qaqshab dalda bergan bo‘ladi: Sen qo‘rqma, Anzirat! O‘zingni qo‘lga ol, jon qizim!..”

“Bir qop go‘shtga o‘xshab qolgan otam,  bechora otam, meni panjara ortida avval tanimadi, – deb yig‘laydi Anzirat. – Yo‘q, tanidi. Tanidi-yu, ko‘zlariga ishonmay avval angrayib, so‘ng gandiraklab qoldi. Ovozimni eshitgach, boshini panjarali eshikka urdi. “Sizga nima bo‘ldi, otajon?” Otamning quloqlarigacha yara bosib ketgan, yuzlarida yiring aralash qon qotib qolgan edi. “Kana, – dedi otam bechora. – Taxtakana yeb qo‘ydi!”  “Tilingni tiy, Jo‘rayev! – deb baqirdi tergovchi. – Narigi kamerada o‘n yildan beri xotin zotini ko‘rmagan yigirmata esh-shak yotibdi. Qizingni o‘sha esh-shaklarning orasiga tashlaymiz!.. Ko‘z oldingda bi-ir maza qilishsin! O‘zing tomosha qilib turasan!..” Ota dodlaydi. Joni bo‘g‘ziga kelib dodlaydi: “Mayli, mayli! Nima desanglar, roziman! Nima desanglar, ko‘naman! Qog‘ozlaringni opkelinglar, qo‘l qo‘yib beraman! Kolxoz raisigayam, rayko‘mgayam, obko‘mgayam – hammasiga pora berganman. Oyma-oy berib turganman! Hammasiga! Lenin bilan Stalingayam, Gitler bilan Chingizxongayam paxtaning pulidan berib turganma-an!..  Faqat qizimga tegmanglar. Faqat Anziratimni qo‘yib yuboringlar!..”

Bir oydan keyin, tong qorong‘isida temir tobut keladi. “O‘zini osib qo‘ydi”, deyishadi charm kamzullilar. Ona hushidan ketadi-yu, qaytib kelmaydi.

“Otam o‘zini osadigan odam emasdi…”- deydi Anzirat.

“Joningni qanday saqlab qolding?” – deb so‘raydi Rashid yerga qarab.

“Meni tuzuk-quruq so‘roq qilishgani yo‘q. Maqsadlari otamni tilga kiritish bo‘lgan. Tergovga chaqirganlarida yuzimga sarimsoq piyoz bilan kuldondagi qorakuyadan surtib olardim. Alvastiga o‘xshab. Kameradoshlarim o‘rgatishgan… Kameradoshlarimning yarmidan ko‘pi o‘zimga o‘xshaganlar – garovdagi qiz-juvonlar edi…”

Mashinaga o‘tirar ekan, Rashid totliroq xayollarga berilgisi keladi. Anziratning xatini eslaydi:

“Ko‘zimni yumsam, tog‘day yelkalaringiz ko‘rinib ketaveradi. Yo‘lakda, ko‘cha-ko‘yda, qayerda duch kelib qolsam, ko‘zlarim hech narsani ko‘rmay, quloqlarim hech narsani eshitmay qoladi. Qani endi Siz tomonga qarashga jur’atim yetsa! Qani endi Siz tomonga qaramaslikka qurbim, qudratim yetsa! Qaragim, qayta-qayta qaragilarim kelaversa nima qilay!  O‘ktam ovozingizni eshitsam, hushimdan ketib qolay deyman. Har qanday qizni aqldan ozdirib qo‘yadigan ko‘zlaringiz ko‘zimni  ko‘r, sehrli ovozingiz quloqlarimni kar qilib qo‘ygan. Majlislarda majlis tugamasa ekan, deb tavallo qilib o‘tiraman. Liftda birga chiqsak, uning beshinchi qavatga yetmasdan, ora-yo‘lda buzilib, to‘xtab  qolishlarini orzu qilaman. Matnlarni o‘zim mashinkada terganda ba’zi so‘zlarni, satrlarni ataylab noto‘g‘ri, aji-buji yozaman. Yozaman-da, jahlingiz chiqib, tanbeh berish uchun qo‘ng‘iroq qilishingizni yoki xonamizga kirib kelishingizni kuta boshlayman. Bir martagina bo‘lsin ovozingizni eshitsam, deb ming ilhaq o‘tiraman.  Tanbeh bersalar ham, urishsalar ham, jazolasalar ham mayli, deyman. Sizni uzoqdan bo‘lsa-da, ko‘rsam, ovozingizni eshitsam, ikki og‘izgina gaplashsam – o‘sha kuni men uchun eng ulug‘ bayram! Ovozim birdan ipakdek muloyim tortib, ko‘zlarim charaqlab, toshday zil, muzdan sovuq  tanam yayrab ketganini sezaman! Xudoyimga ming, million martalab shukrlar aytaman. Yaxshiyam, bu dunyoda Siz borsiz!.. Qani endi, izlaringizni yuzlarimga upa qila olsam!.. Ko‘zlarimga surma qila olsam!..”

 

…Xiragina yaltirab turgan quyoshning tafti yo‘q. Osmon bo‘zargan. Qora sovuq. Zahri baland izg‘irin xalqobdagi suvni muzlata olmagan bo‘lsa-da, yuzini qaymoqlatibdi. Odamlar topgan-tutganini ustiga ilgan. Baland imoratlar panasida qolgan qilamuqdek qor oyoqosti bo‘lib, kirlanib, qorayib yotibdi.

Haydovchi yo‘lni qisqa, “O‘zbekiston” ko‘chasidan oldi. Mehmonxonaning oldini aylanib o‘tib, o‘ngga burildi va chorrahada to‘xtadi.

Shu chorraha hech songa kirmadi-da, deb o‘yladi jurnalist. Har yili ta’mirlashadi. Har yili bomba tushganday o‘ydim-chuqur bo‘lib qoladi. Yana yamashadi. Yana o‘sha ahvol. Oxiri yo‘q.

Musofirxona tagidagi gastronom oldida turgan qora-qura odamlarni ko‘rib, yuragi ezildi. Ko‘pining yoshi qaytgan -kampirlar, chollar. Munchoqdek tizilib turishibdi. Navbat uzun. Urush yillarini eslatadi. Hamma ma’yus, horg‘in. Hammaning yuzida umidsizlik. Go‘yo shahar, shahar ne, butun o‘lka boy berilgan.

Qor uchqunlay boshladi.

— Shakar kepti, — dedi haydovchi. — Xo‘p desangiz, siz majlisdan chiqquningizcha, do‘konga birrov sho‘ng‘ib chiqaman. Ertalab navbat olib  qo‘yganman.

— Bemalol.

— Sizga ham olaymi?

— Ha, — Rashid haydovchiga pul uzatdi. — Iloji bo‘lsa, ko‘proq oling.

Qishloqqa, enamga jo‘nataman”.

— Jon boshiga – ikki kilodan. Ortiq berilmas ekan.

— Mayli. Boriga baraka.

Jildilar.

Uchinchi sahifa

Kecha, peshinga yaqin Anzirat yarmi mashinkada, yarmi ruchkada, qolgani qalamda «piypalangan» —   odatdagidek tahrir qilinaverib, to‘g‘rilanaverib, bo‘yalib ketgan navbatdagi maqolasini ko‘tarib kirdi. U kam yozadi. Yozgani yerga tushmaydi, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. O‘qiladimi, demak, biror janjalni boshlab keladi. «Maqolani men yozaman-u, jabrini Siz tortasiz»,  deydi qiz. Yigit gapni hazilga buradi: «Balki bu gal mukofot berishar!»

Rashid uning yangi maqolasini ham ko‘z uzmay, nafas olmay o‘qib chiqdi. O‘qidiyu irg‘ib turib, oynavand shkafining eshigini sharaqlatib ochdi. Kishti kelgan edi. Bunday paytlarda uni odam narida tursin, buldozer, hatto tank ham to‘xtata olmaydi. Tengi-to‘shining tushlariga qizlar, juvonlar kirsa, u tushida ham bir parcha qog‘ozni quchoqlab, bo‘ylariga to‘ymay chiqadi. Tengdoshlari choyxonayu mayxonalarda obi nobdan xo‘plashni, tamakidan tortishni xush ko‘rsa, uning dahani doim bosmaxona bo‘yog‘idan qoraygan…

«Rashidning dardi yomon, — deyishadi hamkasblari. — Gazeta kasaliga chalingan. Endi o‘lganda qutuladi».

«Xudoning bergani-da, — deydi uning o‘zi. —Bo‘lgan-turganim — shu!»

«Bu dunyoning tashvishi faqat senga qolganmi? – deb yozg‘irishadi tengdoshlari. – O‘zingni o‘tga-cho‘qqa uravermasdan, qisibgina yursang bo‘lmaydimi?”

“Unda yashab nima qilaman!”

Rahmatli otasi (Juma shopirma) kuyib o‘tdi. Gapni juda ko‘pirtirardi: «Bizding shu ulning qog‘oz bilan kindigi bir. Gazetani enasidan ham yaxshi ko‘radi. Doim yurak hovuchlab yuraman. Netay, og‘ziga kuchi yetmagan bir kas elning orasida: “Avvalgisidan ham tirnoq ko‘rmagan edi. Bolangiz o‘zi narmi-modami?” deb tergab qolsa nima qilaman! Ah, nodon bola-ya!.. Ah, nodongina-ya! Birinchisi peshonangga sig‘madi. Kuni kam ekan. Lekin “sariq” bir sening xotiningni qaqshatgani yo‘q-ku. Axir bir yildan oshdi. Uylan, qachongacha belingga boylab yurasan, deb yozg‘irsam, ko‘nmaydi. Endi boshpana olib, keyin uylanarmish. Yigit kishining boshi ikkita bo‘maguncha biri ikki bo‘lganini kim ko‘rgan!..»

 

Maqolasini o‘qigan bosh muharrir o‘rinbosarining shoshib, hovliqib qolganini ko‘rib, Anziratni vahima bosdi.

«Tinchlikmi, Rashid aka?»

«Rashid aka»ni shunday muloyim, shunday sekin va ehtiros bilan aytdiki, boshqa yigit bo‘lganida, oldidagi qo‘lyozmani to‘g‘ri kelgan tomonga otib, qizga burgutday tashlanar va uning quruqshab turgan lablaridan  yutoqib-yutoqib o‘pgan bo‘lardi. Tashlansa, tishlansa Anzirat yo‘q dermidi! Chanqab, cho‘llab, qurib-qaqshab ketgan odamga suv tutsangiz yo‘q dermidi!

Ammo Rashidning fikri xayoli shu topda yerda ham, osmonda ham, qizda ham emas. Eshiklari qiyshayib, oynalari tushay deb qolgan sarg‘imtil shkafda edi.

«Sarlavhasi – bir tiyinga qimmat”, – dedi shkafdagi papkalarni titkilar ekan.

«Befarqlik» ham gapmi! «Toptalgan taqdirlar», deymiz. «Toptalgan taqdirla-ar». Qalay?»

«Durust-ku, — deb chaynaladi ranglari oqarib, xo‘rligi kelib o‘tirgan qiz va o‘z ovozini o‘zi eshitmayotganini sezadi. Nima deyotganini o‘zi ham anglamaydi. Go‘yo quloqlari tom bitib, mastga o‘xshab qolgan. Shkafni titkilayotgan yigitning, erkak atrining bo‘yi dimog‘iga kelib urilgan edi. Ko‘ziga Rashidning keng yelkalaridan boshqa narsa ko‘rinmaydi. Shu yelkalarni birgina quchgisi, shu bo‘yga birgina to‘ygisi, shu mavzun va vazmin kelbatning og‘irini birgina tuygisi keladi. Qolgani bir gap bo‘lar. Qolgani yonib-kuyib, o‘lib-etib ketmaydimi!..

“Lekin… oshirib yubormaymizmi? Gap eshitib qolmaylik tag‘in!..”

“Eshitsak-chi?”

Yigitning ko‘ngli to‘q edi: «duelga chiqarishsa», bosh muharrir tashlab qo‘ymaydi. Va’dasi bor. Boshliqdan xato o‘tsa, o‘rinbosari uni himoya qilishi dushvor. Lekin ayni holatda u Rashidni qanoti ostiga olishi, ancha-muncha hujumlardan omon saqlab qolishi mumkin. Gap ko‘tarilsa, o‘ylab-netib o‘tirmay, menga to‘nkab yuboravering, deydi o‘rinbosar. Jur’at Rasulov – ko‘p yurishli odam. Chet eldan beri kelmay qo‘ygan.   «Bomba» materiallar u safarga ketganida bosiladi. Kelishi bilan, tabiiyki, uning yoqasidan olishadi. «Obbo, shunaqa bo‘ptimi? — deydi bosh muharrir afsus bilan qorako‘l popoqli boshini saraklab. — Men muovinimga ishongan edim. Hali yosh-da. G‘o‘r. G‘ayrati zo‘r, jur’ati zo‘r, qalami zo‘r. Tajribasi kamroq. Mayli, hammamiz ham qachonlardir yosh bo‘lganmiz. G‘o‘r bo‘lganmiz. Sarkashroq bo‘lganmiz. Xotin — jafosiz, gazet xatosiz bo‘lmas. Bu yog‘ini endi bizga qo‘yib beringlar. O‘zimiz gaplashamiz. Kerak bo‘lsa, o‘zimiz jazolaymiz!..»

Jur’at Rasulov – farosatli. Jonining qadrini ham biladi. O‘z holini bilib, ishning jilovini o‘rinbosariga berib qo‘ygan. Insofi ham bor. Rashidni oldida maqtamasa ham, izidan alqaydi: “Alomat yigit! Hali mo‘rtroq, avaylashimiz kerak”.

Rashid qilmishlari uchun ishdan darrov olib tashlanmasligini biladi. Boshqa xavf bor: maqtashadi, ko‘tar-ko‘tar qilishadi, rad etishing qiyin, juda qiyin bo‘lgan va’dalar berishadi. «Siz, uka, davlatimizning ishongan kadrlaridansiz. Falon tashkilotni ham “Sharq tongi”day ko‘tarib bering. Axir devoriy gazetadan ham xarob nashrning tirajini ikki yilda bir milliondan oshirib yubordingiz. Odamlar ovqat qolib, gazetxo‘rlikka o‘tib ketdi. Otangizga balli! Darvoqe, shu bahonada uy-joyingizni ham to‘g‘rilab olasiz. Uylanasiz. Ijroqo‘mga aytildi. Ikki-uch oy ichida sizga kvartira ajratadi…» Shunday qilib, «ko‘tarilib ketasan». Qarasang, maoshi ikki barobar ko‘p, ishi o‘n barobar kam, obro‘-e’tibori, mashinasi joyida, lekin bir oyda ham biror zot sendan itmisan, kuchukmisan deb so‘ramaydigan qaysidir Qo‘mitaning serhasham kabinetida savlat to‘kib o‘tiribsan. Siynalari selkillagan, dumbalari dirkillagan, ko‘zlari suzuk bir xonim – kotiba xizmatingda: «Shahardan telefon etib turibdilar, yoshulli. So‘ylashasizmi?» Hujrai xosingga chorlasang ham yo‘q demaydi… Ijroqo‘m sadaqa qilgan kvartirada butingni ko‘tarib yotasan, kechalari shirin tushlar ko‘rib uxlaysan. Tushlaringga yalang‘och juvonlar kiradi. Hech kas seni bezovta qilmaydi. Zanjirband itdan kim cho‘chiydi! Nari borsa, oqshomlari mayxonalarda ichgan sharobing bezovta qiladi: qoningni ko‘pirtirib, boshingni og‘ritadi.

Fotihangning o‘qilgani shu!

Dilingdagi o‘t so‘na boshlaydi. Quyrug‘i tog‘oraga solinsa, kimga yoqmaydi! Qarabsanki, keting bilan beting – bir. Suyakka o‘rganasan. It esa quruq suyakni ko‘rib ham sevinadi. Qorni to‘ysa, qurbon hayit!

Fotihangning o‘qilgani shu!

Rashid nisbatan erta ko‘tarilgan edi: komfirqaga erta —  harbiydaligida  a’zo bo‘lganiyu «ikkinchi ona tili»ni ham durust bilgani, unda-bunda yozgan narsalari e’tiborga tushgani sabab. Ko‘pning ichidan saralab olinib, sharafli ro‘yxatlarga kiritilgan. Markazga avval o‘qishga, so‘ng ishga yuborilgan. Kishvari a’zamning u kezmagan o‘lkasiyu yo‘lkasi kam qolgan.

 

“Sizga nima bo‘ldi? – deb so‘raydi Rashid sarg‘ayib ketgan  papkadagi qog‘ozlarni Anziratning oldiga — stolga ag‘darar ekan. – Rangingizda rang qomapti?..”

“Tumov tegmoqchi, shekilli… – Qiz avval ko‘zini, so‘ng gapini olib qochadi.— Uh-hu! Shuncha qog‘ozni erinmay yig‘ib yuribsizmi, Rashid aka? Qoyil!”

“Kerakli toshning og‘iri yo‘q. Yiqqan-terganim, xazinam — shu!..”

Yigit loaqal “dori-pori ichdingizmi?” deb ham so‘ramaydi. Maqolaga mos rasm va suratlarni tanlashga tushib ketadi. Tanlash qiyin bo‘lmaydi. Qabohat qurboni — bo‘yniga galstuk taqqan, portfel ko‘targan ziyoli yigit —  boshini qamoqxonaning beton devoriga urmoqda. Qalin tikanli simlar. Kishan solingan qo‘llar. Sochlari patakka aylangan aftodahol ayollar, xo‘rlangan qizlar… Nohaq qamalganlar. Tahqirlanganlar. Anziratning maqolasi ana shunday (o‘ziday!) bechoralar — aka-singilning ayanchli taqdiri haqida edi. Ularning aybi na yillab cho‘zilgan tergovda, na tumandan boshlanib, Markazdagi oliy sudgacha davom etgan jarayonlarda isbotini topgan. Bunday paytlarda otasiga ham ishonmaydigan Rashid maqoladagi har bir satr, har bir da’vo, har bir raqamni sinchiklab tekshiradi. Ikkilangan joylarini olib tashlaydi. Ko‘ngli to‘lgach, ustiga gajakdor imzosini chekadi: uchinchi sahifaga!

 

Shirinkoma

Mana endi gazetada chop etilgan o‘sha maqola uchun javob berish fursati yetdi.

Bakirovning qabulxonasida malla sochli kotiba jimitdaygina burnini tortib o‘tirardi. Peshi ko‘tarilgan baxmal shlyapasi qip-qizil, nasldor sigirning  og‘zini eslatuvchi lablari qip-qizil, dahan-yanoqlari – qip-qizil, tirnoqlari qip-qizil. Go‘yo hozirgina kino ekranidan tushib kelgan ovrupalik ajnabiy xonim. Kotiba unga qayrilib ham qaramadi. Yo‘q, qaradi. Qaradi-yu, e’tiboriga loyiq biror  narsani ko‘rmadi, chamasi, yana elektr mashinkasini sharaqa-shuruq qilishga tushdi va raisning eshigiga sovuqqina imo qildi: «Kiring».

— Kimlar bor?

Jurnalistning labidan uchgan shu ikki so‘z kotibaga malol keldi. Boshini zardali chayqadi: «Kiravering!..»

Rashid zalvorli eshikni sekin taqillatgan bo‘ldi. Sado bo‘lmagach, dadil ochdi.

To‘rdagi salobatli stolga tirkalgan stolchaning ikki burjida ikki kishi baqamti o‘tirardi. Rashid mehmonni tanidi: majlislarda ko‘rib yuradigani — bosh prokuror o‘rinbosari Maydanov. Bugun gazetada chop etilgan maqolaning “bosh qahramoni”.

«Uh-hu! Buncha tez!»

— Mumkinmi?

— Keling, Rashid Jumayevich, — dedi Bakirov kutilmagan iltifot  bilan va o‘rnidan turdi. Rostga o‘xshab ketadigan bu chorlashda umid uyg‘otuvchi va taskin beruvchi nimadir borday edi.

«Shirinkomasi yomon emas».

Bakirovning qo‘li issiq ekan. Lekin qattiqroq. Qoqsuyakligidan. Ko‘rishganingda payrahani ushlaganday bo‘lasan. O‘tirgan joyida qo‘lini cho‘zgan Maydanovniki sovuqroq va yumshoqqina. Uning kalta, lekin etdor panjalari, kafti ayol kishining qo‘lini eslatardi. Rashid qo‘lini darhol tortib olmoqchi bo‘lgan edi, prokuror qo‘yib yubormadi. Qattiqroq qisdi. Bu ham bir odat, raqibini tahlikaga solib qo‘yishning prokurorlarga xos yo‘li bo‘lsa kerak. O‘ziga  istehzoli tikilib turgan Maydanovning ko‘ziga ko‘zi tushib, sal qizarinqiraganini sezdi. Prokurorning nigohida biroz ajablanish, hatto hayrat zohir. Bakirovga ochiq istehzoyu takabburlik bilan qaradi: “Olam jahon fitnani boshlab yurgan shu go‘dakmi?”

Bu jurnalistga yoqmadi:

«Voy, enag‘ar-ey! Meni kim deb o‘ylayapsan o‘zi?!»

Prokuror qimtinibroq turgan yigitni hamon sinchkov kuzatardi. Go‘yo u qassobu jurnalist  yaloqqa yotqiziladigan qo‘y: eti qancha tosh bosadi?  Rashidning nimdoshgina qora kostyumi, oxori to‘kila boshlagan havorang ko‘ylagi, ingichka galstugi kimligini aytib turardi. Aslzoda boyning bolasi jurnalist bo‘lmaydi. Nasl-nasabiga mos ish bilan shug‘ullanadi.

Rashidning dilidagi g‘ashlik, hadik, yelkasidagi og‘riq birdan yo‘qolganday bo‘ldi. O‘rnini anglash qiyin qandaydir ishtiyoq, qayerdandir paydo bo‘lgan ishonch, quyilib kelgan kuch-g‘ayrat egalladi. Go‘yo davraga chiqqan alp. Bundan o‘zi hayron.

«Tikkama-tikka tortishaman. Kerak bo‘lsa,  solishaman!»

Rais stolining ustiga yozib qo‘yilgan «otaxon» gazetaga ko‘zi tushdi. Sarlavhasi yirik-yirik harflar bilan terilgan maqolani tanidi: «Adolat —  faoliyatimizning bosh mezoni». Maydanovning maqolasi. Prokuratura xodimlarining hur o‘lkada amalga oshirayotgan olijanob ishlari haqidagi hisobot. O‘tgan hafta barcha gazetalarning birinchi sahifalarida chop etilgan edi. Bugungi «Sharq tongi» ko‘rinmaydi. Yo‘q,  “otaxon”ning tagida ekan.

«Bu ham bir san’at!»

Bakirovning allaqachon esi ketib bo‘lgan, ikki o‘t orasida tutab yonayotgani sezilib turari.

 

Bugun u ishga har kungidan erta, shoshilib keldi.

Pedinstitut tomondan o‘qday uchib kelgan oq “Volga” chorrahada miltirab turgan qizil chiroqqa parvo qilmadi. Ilkis to‘xtab, unga yo‘l bo‘shatishga majbur bo‘lgan “Moskvich” zor-zor bong chalib qoldi.    Chorrahaning chetida angrayib turgan qorni katta avtoinspektor zang‘illab  o‘tib ketgan “Volga”ni ko‘rib, jon holatda qizil tayoqchasini ko‘tardi va hushtagini churillatdi: “Stop!” Lekin avtomobil uni masxara qilganday dumidagi o‘ng chirog‘ini miltillatgancha darhol ko‘zdan yo‘qoldi. Inspektor shaxtidan tushib,  Qo‘mita tomonga burilib ketgan mashinadagi odamni so‘kish bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi: “Onangni qozi zo‘rlasa, dodingni kimga aytasan!”

-To‘g‘ri qildingiz, – dedi orqa o‘rindiqda o‘tirgan Bakirov haydovchiga. – Ba’zan qoidani ham buzib turish kerak.

-Shoshganda labbay topilmas, oka.

-Mehmonxonaning tagida buncha odam ko‘p? Yana afg‘on yoshlarini o‘qishga olib kelishganmi, nima balo?

-Gastronomga araq-paraq kelgan-ov. Yana bilmadim. Boya sizga borayotganimda yash-shik ko‘tarib yurishgan edi. Bular navbatda turganlar.

Bakirov o‘z qabulxonasini kimsasiz ko‘rdi. Bir hisobga shunisi ma’qul edi. Shartta shkafni ochib, taxlamlar orasidan zarur gazetalarni sug‘urib oldi…

 

Maydanov qo‘lini qo‘yib yuborgan bo‘lsa-da, Rashidni hamon sinovchan kuzatmoqda, chamasi, aytajak gaplarining surobini to‘g‘rilamoqda  edi. Yigit sezdi, bir vahimali qarash, bir gap bilan esankiratib, galdiratib tashlamoqchi. Tuyadek tiz cho‘ktirmoqchi. Ammo u tutmoqchi bo‘lib, quvlab yurgan tovuqni Rashid allaqachon so‘yib, patlarini yulib, sho‘rvasini qaynatib qo‘yganini bilarmikin! Bilmasa, endi biladi!

U prokurorga dadil qaradi. Ko‘zi ko‘ziga tushdi. Tushdi-yu, titrab ketdi. Yo‘q, boshi aylandi, chamasi. Maydanovning o‘ng ko‘zida istehzoli jilmayishga moyillik sezilib turgan bo‘lsa, chapi o‘ljasiga tashlanishga tayyor yirtqichning ko‘zlaridek  sovuq, sinchkov va qahr bilan boqardi. Zimziyo, tubsiz quduqqa qaraganday bo‘lasiz. Rashid seskanganini sezdirmadi. Hayajoni junbushga kelib, tanasi har qancha muzlab ketmasin, ichidagini sirtiga chiqarmaslikka o‘rgangan. O‘zini shunga o‘rgatgan. Biladi, bunday lahzalarda uning quyuq soqollari qirtishlab olingan oq yuzi, kattakon ko‘zlaridan biror ma’no uqish qiyin. Hozirgina uzoq davom etgan yig‘ilishdan ezilib chiqqan odamning qiyofasidek zerikarli, hatto befarq tus oladi. Horg‘inlikdan boshqa narsani ko‘rmaysiz. Bo‘lar-bo‘lmasga sapchib tushaversa, kim degan odam bo‘ladi.

U prokuror o‘zini ancha bilarmon, ko‘zlari o‘tkir odam deb hisoblashini sezdi. Lekin nigohi moychiroqdek xira. Har holda Rashidga shunday tuyuldi.

«Badgumon bo‘lma».

Miqti gavda, yaltiragan peshona, keng va qalin gardishli ko‘zoynagi o‘ziga yarashgan bu odam, dimog‘ining xiyla balandligini aytmasa, prokurordan ko‘ra olimga o‘xshab ketardi. Yurish-turishidan shaharning eng ko‘rkam, ko‘chalariga har kuni mashinalarda suv sepilib, supiriladigan dilkusho qasabasida yashasa kerak. Ertalablari  yugursa, badantarbiya qilsa, muzday suvda yuvinib, toblansa, ehtimol. Maishati joyida: dudlangan go‘sht, kolbasa, pishloq, sariyog‘, asal, yong‘oq, mayiz… Qahvasi naqd Braziliyaniki… Oy oxirlaganda chaqa sanash unga begona…

 

Qora “Volga”si mehmonxonaning orqa tomonidagi chorrahada to‘xtaganida Maydanov telefondagi gapini tugatdi:

-Yaqinlashib qoldim, – dedi yordamchisiga. – Darvozada kutib oling, deb aytganmisan?.. Bo‘pti. Uzog‘i bilan yarim soatda qaytib boraman. Hujjatlarni tayyorlab qo‘y.

Xiva gilamidan qalin poyondoz solingan mashinada ko‘ylakchan o‘tirsa bo‘ladi. Shunga qaramay, oynadek yaltirab turgan tig‘dor etikdagi oyoqlari sovuq yemoqda edi. Shofyorning yoniga, pechkaning oldiga o‘tirmaganiga afsuslandi. Yaltirab turgan quyoshga qarab havo iliq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi. Zahardan battar ekan.

“Moskvaning qishidan hech qolishmaydi!- deb o‘yladi u ko‘chma telefon go‘shagini haydovchiga uzatar ekan. –  Imoratlari ham bir xil. Tussiz”.

Mehmonxona tagida kuymalashib turgan odamlarga ko‘zi tushdi.

-Bular nima qip turishibdi? – deb so‘radi shofyordan. – Yana mitingmi?

– Gastronomga biror narsa opkelishganga o‘xshaydi. Navbatda turishibdi-ku.

-Kolbasami?

-Ko‘tarib chiqayotgan narsalari kolbasaga o‘xshamaydi… Yo un, yo shakar…

-Shakar hozir necha pul o‘zi?

-Davlatning magazinlarida – o‘sha-o‘sha. Lekin topish qiyin.

– Kooperativlarda-chi?

-Yaqinlashgiligi yo‘q. Osmon.

“Ana pul qayerda! – deb o‘yladi Maydanov. – Magazinda nomiga ikki-uch qop sotishadi-da, qolganini shirkatlarga pullashadi…”

Mashina yalang‘och daraxtlarga burkangan keng maydonga burildi. Fayzsiz joy. Shoxi yerga qarab o‘sgan pastqam tutlar “terisi” shilib tashlangan shamsiyaga o‘xshaydi. Shaharning markaziga ekiladigan daraxtmi shular? Akas boshqa. Ko‘rkam.  Shoxlari chayir. Bolta narida tursin, arra bilan ham ololmaysan. Yangi yaproq yozgunicha eskisi joyida osilib turaveradi. Kuzmi, qishmi – farqi yo‘q.  So‘ng bir kechada duvva to‘kiladi. Chinorga o‘xshab yil bo‘yi tagini supirmaysan.

 

Bakirovning kotibasi uni tanidi, shekilli, irg‘ib o‘rnidan turdi. Qiz ko‘ziga olovday ko‘rindi. Ivanovo tomonlardan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi Maydanov. Qarsillagan olmaday. Yelini tarvuzday keladi. Qiz bilan birozgina gaplashgisi keldi. Lekin atrofingda mingta ko‘z, mingta quloq. Padariga ming la’nat, deb o‘kindi prokuror. Shuyam ish bo‘ldimi? Shuyam hayot bo‘ldimi? Restoran-pestoranga borolmasang. Birovga tishingning oqini ko‘rsatib gapirolmasang!

 

 “Ustimdan kulsangiz ham, telbaga, hatto behayoga chiqarib qo‘ysangiz ham mayli, Rashid aka. Akajon!   Sizga yuragimni ochgim keladi. Kelaveradi! Gapirmasam, dilimdagilarni yozmasam, o‘lib qoladiganga o‘xshayman. O‘xshayveraman! Yozsam!.. Yozsam… Har tong ruhsiz, holsiz, jur’atsiz ko‘z ochaman. Ochamanu, yostig‘im yonidagi soatga, stoldagi taqvimga talvasada ko‘z tashlayman: bugun qanday kun? Xudoga shukr,  ish kuni ekan! Yuragim hapriqib ketadi. Badbin o‘ylar mendan qochmoqqa tushadi. Tumtaraqay! Soat qo‘ng‘irog‘i – dunyodagi eng shirin, eng jozibali navo. Ijaraxonam derazasidan jilvalanib mo‘ralayotgan quyosh –  eng yaqin, eng sadoqatli dugonam! Bugun – ish kuni. Bayram! Sizni ko‘raman! Ovozingizni eshitaman! Balki, Xudo nasib qilsa, gaplashaman!

Uzun kun bir xil xayol bilan yashash, bir inson haqida o‘ylash mumkin, desalar, hargiz ishonmas edim. Hargiz! Endi esa shunday baxt menga nasib etganidan boshim osmonda. Dunyodagi eng totli tuyg‘u – Sizning xayolingiz. Dunyodagi eng totli ovoz – Sizning ovozingiz. Dunyodagi eng shirin gaplar – Sizning tanbehlaringiz! Ha, tanbehlaringiz ham menga qanchalar xush yoqishini bilsangiz edi! Sizning har bir nigohingiz, har bir gapingiz, har bir nafasingiz – mening mulkim, davlatim!

Xudoyim menga aka-uka, opa-singil nasib etmadi. Boshim ikki bo‘lmasidan ota-onamni O‘z dargohiga chaqirib oldi. Qabrdek yolg‘iz, basirdek yo‘lsiz, gadodek navosiz qolganimda Sizday insonning suhbatiga arjumand etdi. Yolg‘iz yaratguncha tosh qilib yarat demishlarki, haq – rostdir.

Faqat bir iltimos: men mushtiparning ustidan kulmang!..”

 

Nazarkarda

U Maydanov haqida yomon xayollarga borishni istamasdi. Qildan qiyiq qidirish odatidan emas. Shu darajaga, bosh prokuror o‘rinbosari martabasigacha erishishi oson bo‘lmagandir. Xudo marhamat qilmasa, eshak bozorga dallol bo‘lolmaysan. Yaratganga ma’qul biror fazilati bordirki, notanish o‘lkalarda o‘ta qaltis ishlarga bosh bo‘lib yuribdi. («Balki Xudoga xush kelmagani uchun uni sandiraqlatib qo‘ygandir!») Bu yerda do‘stidan ko‘ra g‘animi ko‘p. Kiyinishi odmi, o‘zi ham do‘lvorgina ekan. Muhtasiblik — kasbi. Kishini odam o‘rnida ko‘rmasligi alamli. Bu durust tarbiya ko‘rmaganidan, ishning ko‘zini bilmasligidan…

Mayli, bilganidan qolmasin!

Bir hisobga, Maydanov bilan Rashidning yoshida o‘n ikki yil farq bo‘lsa-da, qismatlari juda o‘xshash edi. Ikkalasi ham sahroyi.  Biri Saratov yabonlaridan, ikkinchisi Qarshi cho‘lidan. Ikkalasining ham suyagi mehnatda qotgan: qora ishchidan chiqqan. Kishvari bir, firqasi bir. Olgan ta’limiyu o‘rgangan ta’limoti bir. Qo‘shini bir: ikkalasi ham Sibirda, maxfiy qismda xizmat qilgan. Harbiyga askar sifatida chaqirilib, uyiga zobit unvonida qaytgan. Birining otasi urushdan bir qo‘lidan ayrilib, ikkinchisining otasi ikki qo‘ltiqtayoqda kelgan. Biri oilaning uchinchi, ikkinchisi beshinchi farzandi. Biri universitetning sirtqi bo‘limida, ikkinchisi kechkisida o‘qigan. Biri kursdoshiga, ikkinchisi  sinfdoshiga uylangan.  Bu kunlarga yetgunicha, biri zavodda ishchi, ikkinchisi qurilishda duradgor bo‘lgan. Ammo ular bir davlat fuqarolari bo‘lsa-da, bir iqlim odamlari emasdi. Farqi shunda!

Maydanov — qushi qochib, davlati tanazzulga uchrab borayotgan ulkan saltanatning nazarkardasi. O‘zi umrguzaronlik qilib turgan o‘zbek yurti odamlarining na maylidan, na haylidan xabardor. Saltanat sarvarlari bu yurtga to‘rt yarim mingdan ortiq ana shunday «navkar»ni tashlagan. Shuncha odamga joy bo‘shatish uchun kamida to‘rt yarim ming tobeni qamash, talash, badnom qilish zarur. «To‘rt yarim ming nazarkarda paxta ekkani, g‘alla o‘rgani yoki paxsa urgani kelgani yo‘q, — deb yozgan edi Anzirat Jo‘rayeva «Toptalgan taqdirlar»da. — Ular «omi xalq»qa yashashni o‘rgatgani, o‘rgatish asnosida, uy-joy, mashina, maoshlari baland-baland lavozimlarni bo‘lib olgani kelgan. Bo‘lib olishdi ham! Qorni ochni bir amallab to‘ydirish mumkin. Ko‘zi ochdan o‘zi asrasin».

Nazarkardalarning boshida turganlardan biri — Maydanovning bu o‘lkada na ko‘ngil yetar mahrami, na diltortar hamrozi bor. Labiga uchuq toshsa ham, suiqasd deb uchinishi shundan. Xotindan kuygan. «Moskvadan chiqmayman», deydi tannoz! Er labini tishlaydi. Otliq ayol piyodani er qilmasligini kech tushundi. Oqshomlari zerikkanidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay, alamini shishadan oladi. Bevalarga boqay desa, yurak yo‘q.    «Chuchmal,— deb kuladi xotini erining ortidan. — Gapida tuz yo‘q!»  Ayoli, ayni shiraga to‘lgan juvon – mamlakatning zodagonlaridan, siyosiy byuro a’zosining qizi. Erining izidan Toshkentga kelishni o‘ziga or biladi. Kelganda-chi? Qo‘lini sovuq suvga urarmidi. Choy qo‘ysayam tagiga olib ketadi-ku.

Shu paytgacha Maydanovni ochiq-oshkora, el-ulus orasida, buning ustiga, O‘zbekistonday mo‘min-qobil, tobe o‘lkada, hatto Markazda ham ochiqchasiga tanqid qilishga, tanqid ne, fikriga e’tiroz bildirishga birovning jur’ati yetmagan. Kimligini, dasti qayerlarga yetishini ahli akobir yaxshi biladi. Ra’yi qaytmagan.  O‘lkaning eng oliy rahbarlari bir sari, Markazdan yuborilgan bosh prokuror ham o‘zining o‘rinbosari oldida qo‘l qovushtirib, qosh-qovog‘iga qarab turadi. Kimning boshi ikkita?!.

 

Maydanov qarshisida turgan jurnalistni bepisand kuzatar ekan, bu bitliqi  jo‘jaxo‘rozga bir tomondan rahming ham keladi, degan xayollarga borayotganday edi. Zohirida unchalik sezdirmayotgan bo‘lsa-da, botinida shunday o‘ylayotgani aniq. Qurbonlikka ketadigan jonliq ekanini muharrir bolaning o‘zi bilmaydi. Muhimi —uning ortida turganlar. Zimdan ish ko‘rayotgan millatchilar do‘ppisi tor kelganda bu jo‘qini o‘ylab-netib o‘tirmay qurbonlikka berib yuboradi. O‘rmonga o‘t ketsa, xasga kim achinadi?  Insoniyat paydo bo‘libdiki – shunday. Panada turib nodonlarni gizgizlaydilar. Lekin «vah» desang, hammasining joni halqumiga keladi. Faqat qachon, kimga, qanday «vah» deyishni bilish kerak. O‘n qarg‘aga – bir kesak. Hammasi avval qisib, so‘ng pisib ketadi. Maydanov keriladiki, men kelaversam, ahli fuqaroni vahima bosadi: qamarmikan yo faqat tintuv qilarmikan?

Rashid esa kecha tunda xayolidan o‘tganlarni esladi. Imperiya – saltanat mudom qon so‘rib yashaydi. O‘zining qonxo‘rligini dunyodagi eng buyuk, eng ezgu g‘oyalar bilan xaspo‘shlaydi, oqlaydi. Qarshisida bir qarorga kelolmay o‘tirgan va unga bepisand qarayotgan mana bu kibor, o‘zini tutishidan aqlida qusuri bor mana shu kas, butun boshli millatni, xalqni o‘g‘riga chiqarib qo‘yganining boisi ham shunda. Eng baland minbarlardan eng yuksak, eng ezgu g‘oyalarni avomga bayon etib, o‘zlari teskarisini qiladigan, bilgan bo‘qini yeydiganlar xilidan. Adolat uchun kurashning tag-zamirida xufiya maqsad, manfaat, siyosat yashiringan — jahon bozorida neftu gazning narxi tushib ketgach, davlat xazinasi bo‘shab qolgan: endi uni qanday bo‘lmasin to‘ldirish zarur! Shusiz ham tinkasi qurigan avomga qo‘shimcha soliq sololmaysan. Madaniy yo‘l bilan talash boshqa gap. Talash tamoyili esa o‘sha-o‘sha: mendan  qolgani — davlatga. Nafs. Bepisandligining boisi: ortida — butun bir davlat. Rashidning ortida esa… Orti ham, yoni ham bo‘m-bo‘sh. Boshiga bir balo yog‘sa, zimdan xayrixohlik bildirsa-da, ochiqchasiga hech kim, hatto bosh muharrir ham yonini olmaydi. Ololmaydi. Nima deb ming‘irlashi ma’lum: «O‘zi qiziqqon edi. Sal o‘ylabroq ish qilsa bo‘lardi. Kelib-kelib Madanovday odam bilan o‘ynashadimi…»

Suyanadigani, ertaklardagi kabi eranlari, chiltonlari yo‘q. Anzirat-chi. “Sizga bir gap bo‘lsa, nima qilishni o‘zim bilaman”. Ayol boshi bilan nima ham qila olardi? Yig‘laydi-siqtaydi. Ko‘nadi.

Balki ming, balki ikki ming yil ilgari ham tobe qabila vakilini fotih mana shunday — mensimay, istehzoyu masxaraomuz kuzatgandir: sen tirrancha nima qilib yuribsan? Balki Sohibqiron Amir Temurning oldida mana shu prokurorning bobokaloni tiz cho‘kib shafqat so‘ragandir? Gardunu dun adoqsiz aylanaveradi. Yangi avlodlar kelib-ketaveradi. Yana ming, o‘n ming yildan keyin  nima o‘zgaradi? O‘zgaradimi?

Maydanov istasa, Rashidni chivindek ezib, yanchib tashlashi, benom-benishon yo‘q qilib yuborishi mumkin. Qanchadan-qancha odamni shunday qilgan, qilyapti-ku. Toptalgan taqdirlar kammi? Ular ham chakana odamlar emasdi. Xotini, o‘g‘li, bo‘yi yetgan qizi —butun oilasi —hammasi qamoqda. Sezilib turibdi: Maydanov bugun saltanat ishlariga doxillik mayidan mast. Istalgan odamni qamoqqa tiqishi mumkin. Istalgan. Damining balandligi shundan.

Maydanov esa shu topda kuni kecha Opaning hibsiga imzo chekkanini juda-juda aytgisi, aytib, oldida some turgan shu ikki sartni gangitgisi kelayotgan edi. Opa nima, “Katta”ning ham sanoqli kunlari qolganiga ishora qilsa-ku, ishtonlarini ho‘llab qo‘yishi aniq. Afsuski, aytish mumkin emas. Tilini arang tiydi. Tergov siri.

«Bu qama-qamalarning oxiri bormi o‘zi? — deb yozg‘irgan edi Opa telefonda prokurorga sal ilgariroq, paxtasanoat vazirligida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan ukasini hibsga olishgach. — Hammani avaxtaga tiqaversanglar, ishni kim qiladi?..»

«Qancha  istasak, shunchani tiqamiz! — dedi Maydanov etni junjiktiradigan sovuqqonlik bilan. — Istasak, hammani tiqamiz!..»

«Sizni ham!» degisi keladi. Lekin demaydi. Insof qilganidan emas. Tergov siri ochilib ketishidan cho‘chiydi. Bahslashayotgani ayol kishi ekanligi, tortishuv telefonda bo‘layotgani esiga tushadi.

«Ustingizdan arz qilaman!..»

 

«O‘h-o‘h! Qo‘rqitib yubordingiz-ku! Marhamat! Arz qiling, qilavering! Lekin o‘zingiz ham, har ehtimolga qarshi, talqoningizni tuyib qo‘ying!»

Opa bo‘sh kelmaydi:

«Menga do‘q urmang, o‘rtoq Maydanov! Qo‘rqadigan joyim yo‘q. Men halol va pokiza ayolman. Kommunistman!..»

Ayol arz qiladi.

«Xo‘sh, nima bo‘pti? — deydi Maydanov Markazdan chalingan qo‘ng‘iroqqa javoban. — Ustimizdan yozayotganlar achib-bijg‘ib yotibdi. Bu xotincha ham o‘shalarning  bittasi.  Qo‘l-oyog‘i murdor. Qamalishini sezib, tahlikaga tushib qolgan.  Yaqinda hibsga olamiz».

Oladi ham.

«Uzoq kavlamadik, — deb maqtanadi u keyinchalik davralarda. — Odam bo‘lsa, jinoyat kodeksidan unga mos modda topiladi. Bu dunyoda keti toza odamning o‘zi yo‘q. Kavlasang, ko‘p narsani topasan. Hi-hi!. Topdik. Ikki-uch kishi unga qarshi ko‘rsatma berdi: falon paytda mendan falon ming pora olgan,  deb. Hibsiga o‘zim imzo chekdim».

Opani temiryo‘lchi eri safarda, qizi bilan o‘g‘li ona yurti — Chimkentga ketgan tunda olishdi. Issiqqina to‘shagidan.

«Bechora juda aftodahol yashar ekan, — deydi ertasi kuni tergovchi yigit Maydanovga. — Bir dasta atirgulini ham qatiq shishasida ko‘rdim. Balki, tilxat olib,  qo‘yib yuborish kerakdir?..»

«Prokuratura senga mehr-shafqat jamg‘armasi emas! — deb baqiradi Maydanov. — Advokatlik qilma! Birovlarga rahm-shafqat tilaydigan bo‘lsang, cherkovga bor. Ibodatxonaga bo-or! Lekin avval arizangni yoz!..»

Zamonlar o‘tib, salom berganning o‘ngiridan tutib, tutgach qo‘yib yubormay,  pandu nasihat qiladigan, qilar chog‘ida o‘zining rivoyatnamo gaplaridan o‘zi mutaassir bo‘lib,  ko‘zlari namlanadigan yoshga yetganida bot-bot iqror bo‘ladi: «Mana men degan zodagonlarning dargohlarida ko‘p bo‘lganman. Qanday yashashini, maishatini juda yaxshi bilaman. Lekin Opaning uyini ko‘rib, qotib qoldim. Yo‘q-yo‘q! Uyiga o‘zim borganim yo‘q. Qamoqqa olish paytida olingan videotasvirni tomosha qilib, ko‘zlarimga ishonmadim. O‘zbekistonday nufuzli respublika oliymaqom rahbarining uyi emas, qishloq kasalxonasining g‘aribgina palatasi deysiz. Kitobdan boshqa qo‘lga ilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Mahbusaning qulog‘idan yechib olingan taqinchog‘i ham momosidan qolgan eski jez zirak ekan. Tergovchilar ishonishmadi. «Yashirgan narsalaring qayerda? Ayt!», deb uch-to‘rt soat rosa hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilishdi, qiynoq-qistovga olishdi. Yo‘q. Opa keyin ham «yorilmadi».  Ikki yarim yillik so‘roq ikki pullik foyda bermadi».

Maydanov o‘sha kuni orderga imzo chekar ekan, tergovchiga maslahat soladi: «Hibsxonaga borib, bu mahmadona xotinning o‘tirishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam deyman. Bo‘ladimi?»

«Bemalol».

Kushanda

U kameraning qalin temir eshigidagi  tuynukdan qaradi. Opa torgina, na durustroq deraza, na tokcha, na oyoqni uzatib cho‘zilsa bo‘ladigan arzirli biror taxtasi, taxtasida na to‘shamchisi  bor, xonaning burchagidagi beton supada, jujuncha kamzulining ustida, ikki bukilib, buklanib, peshonasini ikki tizzasiga bosgancha   qunishib o‘tirardi. Sochlari to‘zg‘igan. Devoridan chag‘ir toshli beton «oqib turgan» kameraning sal etakrog‘i, burchakda hojat chelagi. Tuynukdan gup etib achchiq zax va qo‘lansa hid keldi. Kameraning devorlari yaltirab, namlanib turibdi. Havosi dimiqib, “terlab” ketganidan. Bunday xonada bir hafta o‘tirgan odam keyin mondimaydi. Bandasining qamoqda chirigani —shu. Maydanov kelishini bilib, Opani ataylab yakkalik kameraga o‘tkazishganini sezdi. Bir hisobga to‘g‘ri qilishibdi. Qamoqxona aslzodalar hordiq chiqaradigan chorbog‘ emas. Ko‘rsin. Hammasini ko‘rsin. O‘zi shuni istadi, o‘zi shunga intildi. Endi chidasin. Hali «qo‘tirxona» degan joylardan xabari yo‘q. Hibsxonada eng qadrli narsa toza havo bilan suvarak ekanini bilmaydi. Buni katakday xonada o‘n — o‘n besh odam qanorga tiqilgan somonday ezilib o‘tirsa biladi. Buni ovqat tarqatuvchi mahbuslar oshxonayu omborxonalarda ataylab ko‘paytirib, semirtirib sotadigan bir gugurt quti —uch-to‘rtta suvarakni ikki shisha araqning puliga yalinib-yolvorib sotib olganda biladi. Kamerada bitta suvarakni bexosdan bosib olgani uchun odamning boshi ketishi mumkin. Suvarak — taxta kananing kushandasi. Kana — odamning. Bunday joylarda hasharot – suvarak odamdan aziz ekanini bilmaydi. Bandasining qamoqda chirigani —shu!

Prokuror atir purkalgan ro‘molchasi bilan dimog‘ini bekitdi. Opa kamera eshigi oldidagi shivir-shivir, taqir-tuqurni yo eshitmadi, yoki og‘ir xayol yuki ostida ekanmi, burilib ham qaramadi. Chamasi, tomosha qilishayotganini sezdi. Lekin qilt etmadi.

Maydanov tomoq qirdi. Kelganini bildirib, sezdirib qo‘yishdan o‘zini tiya olmadi. Ayol baribir pinagini buzmadi. Toshday qotib o‘tirardi. Keyinchalik prokuror xotiralarida yozadi: «Norgul Orifboyeva — men hayotimda uchratgan ayollarning eng aqlli va matonatlisi. Bandasi mo‘rt bo‘ladi. Tez sinadi. Tergovchilar so‘roq jarayonida qanday usul va uslublarni qo‘llamasin, u miq etmadi. Tahlikaga tushmadi. Sobit turdi. Sinmadi. Joni toshdan ekan. Ba’zi erkaklarga o‘xshab, o‘zini yerga urib, ko‘zidan yoshini sel qilib yolvormadi. Hech kimni sotmadi…”

U Opaning tilga kirganini aytmaydi. Qizi bilan kelini hibsga olingach, “sayragani”ni. Tergovchilarning yo‘rig‘iga to‘la yurganini. Keyin, sudda tonganini. Tonib-tonib qutulganini, o‘zining, ya’ni Maydanovning, barcha urinishlari barbod bo‘lganini  aytmaydi…

“Meni jurnalistlar himoya qildi, – deydi Opa keyinchalik. – Lekin ne bir yigitlarning jonlari ming azobda uzildi. Qiynash tun yarimdan oqqanda  boshlanar edi. “Onajon, qutqaring!”  deb jon azobida dodlar edi kechagina bir viloyatni boshqarib turgan katta-matta odam. Boshqasi “Oyijon!” desa, yana bir “Enajon!”, “Bibijon!” deb chinqirar edi. Ovozlari tanish edi. Dodlaganiga qarab kimni qiynashayotganini taxminlab o‘tirar edim: “Bu – falonchi, bunisi…” Hammasi elning oldi, o‘zbekning eng sara farzandlari edi. Ularni avval butun dunyoga badnom qilishib, so‘ng ketma-ket o‘ldirib yuborishdi. Hammasi o‘zini o‘zi osgan, o‘zini o‘zi pichoqlagan emish… O‘ttiz yettinchi yilda otam bechora qanday qilib ingliz ayg‘oqchisiga aylanib qolganini “Butirka”da anglab yetdim… Lenin ham, Stalin ham, Beriya ham o‘lmagan ekan!.. Sovet hukumati bor ekan, ular hech qachon o‘lmaydi!..”

 

Prokuror Maydanov mahbuslar kamerasiga, ayniqsa, yakkalik kameraga kam kirardi. Kishi dushmaniga ham ravo ko‘rmaydigan joy. Manzara. Bu safar kameraning eshigini ro‘y-rost ochdirib, Opa bilan yuzma-yuz bo‘lgisi, achchiq-achchiq gaplar bilan alamidan chiqqisi keldi.  Yana fikridan qaytdi. Bu ayoldan har narsani kutish mumkin. Jahliga erk berib, anavi axlat to‘la chelakni boshingga otsa, nima qilasan?

Oradan ko‘p o‘tmay, kabineti tintuv qilinib, o‘zining qo‘liga ham kishan solinganida, Maydanovning, o‘z vaqtida minglab odamlarni avaxtaga tashlagan prokurorning,   ko‘z o‘ngida boshqalar emas,  yakkalik kamerada ikki buklanib o‘tirgan shu Ayol negadir namoyon bo‘ladi. Adoqdagi chelakka burnini jiyirib, ko‘z qirini tashlaganini, dimog‘ini xushbo‘y atir purkalgan qizil ro‘molchasi bilan bekitganini eslaydi. Eslaydiyu endi tumov burnini arta olmaydi. Qo‘lidagi temir kishan cho‘ntagidan ro‘molchasini olishga monelik qiladi. Soqchidan iltimos qilishga ori yo‘l qo‘ymaydi. Orqa qilib yurgan qaynotasi ishdan olinib, xotini jazman tutib ketgan.  Opaga berilgan o‘sha savolni Maydanovga ham berishadi: «Kimlardan pora olib, kimlarga berib turgansan?»

Kovla-kovla arkoni davlat saralarining dargohlariga yetgan edi.

Qizarib ketgan burnidan oqqan shilimshiq oqova avval og‘ziga kirib, so‘ng iyagi osha oppoq ko‘ylagi, nafis matodan tikilgan hashamatli generallik mundirining ko‘kragiga, qirmizi galstugining ustiga tushib, hamma yog‘ini murdor qiladi. Pufak bo‘lib shishadiyu yelim bo‘lib sachraydi. Xo‘rligi keladi. Soqchi yigit uni zaharxanda kuzatadi: «Battar bo‘l!». «Endi bunday muomalaga chidashim kerak, — deb labini qattiq tishlaydi diabeti – qandiga qo‘shilib, qon bosimi ham ko‘tarilib ketgan va og‘zi quruqshab qolgan prokuror. — Ayol boshi bilan Orifboyeva chidagan azoblarga men ham chidashim kerak!..»

Tutqinlikdan chiqqanida egnidagi juldir kiyimidan boshqa hech vaqosi yo‘q: na xotin, na farzand, na uy, na ish. Hammasidan mosuvo bo‘lgan. Hammasidan. Saratovdagi xutorda otasidan qolgan eski yog‘och uyga borib, serfarzand ukasining yoniga tiqilishdan o‘zga chorasi qolmaydi. 

 

Prokuror Bakirovga o‘girildi. Xona sohibi o‘zini eski qadrdoni —  Maydonovni ko‘rib, dimog‘i chog‘ bo‘lib ketganday, mayinu muloyim tutayotgan, mehmonning soyasiga ko‘rpacha to‘shashga urinayotganday ko‘rinsa-da, ko‘zlarida – sarosima.  Javdiragan. Go‘yo prokuror Rashid bilan gaplashgani emas, Bakirovning jonini olgani kelgan. Rais jurnalistni ko‘rib, ichidan zil ketdi: “Yana sen ablahning  kasringga qoladigan bo‘ldim. Endi o‘zing pishirgan oshni o‘zing ich!..”

— Xo‘p desangiz, narigi stolga o‘tib gaplashsak, — dedi Bakirov botinolmaygina. Prokuror go‘yo qarshisidagi ikki mardumni qarzi xasanasiga botirib qo‘yganday, iddao bilan bosh irg‘adi. Bakirov atrofiga kamida o‘ttiz chog‘li odam sig‘adigan uzun stolga ishora qildi. Ikkalasi to‘lqinsimon parda osilgan deraza tomonga o‘tdi. Rashid ularning qarshisiga — sun’iy oq matodan g‘ilof sirilgan og‘ir, o‘rindig‘i qattiq (ming yillik!) kursilardan biriga o‘tirdi.

Jurnalist cho‘ntagidan yon daftari va tumshug‘iga ko‘k izolenta o‘ralgan ruchkasini oldi. Go‘yo muhim majlisga kelgan. Ma’ruzachi — prokuror, uzr, bosh prokuror o‘rinbosari. Suhbatdoshlarining ikkalasi ham avval daftarchaga, so‘ng ruchkaga, ruchkaning uchidagi ko‘k izolentaga qarashdi. Xayollari qochdi. Rashid sezmagandek, daftarining yangi, toza-ozoda varag‘iga bugungi kun, oy, yil – 198_ yil 12 dekabr va soatni, Qo‘mitaning nomini, qarshisida o‘tirgan arboblar o‘qiy oladigan darajada, yirik-yirik, dona-dona qilib yozdi. Soat o‘ndan yigirma besh daqiqa o‘tgan edi. Suhbatdoshlari tushunishdi. Voqea shu bilan tugamasligini, ayni xonada, ayni lahzalarda bo‘ladigan gaplar erta-bir kuni batafsil, sharhu tafsilotlari, ta’nayu ishtibohlari, quvonchu iztiroblari bilan biror gazeta yoki jurnal, kitobda  paydo bo‘lishi mumkinligini anglashdi. Qalam ahlidan har narsani kutish mumkin. Ikkalasining ham xayolidan, bu bolaning cho‘ntagida xufiya diktafoni yo‘qmikan, degan shubha o‘tdi. O‘zaro ko‘z urishtirib olishdi. Lekin so‘rashga or qilishdi.

 

Qo‘rqqandan hovliqqan yomon

Xona sohibi shosha-pisha so‘zni Maydanovga berib yubordi:

-Marhamat, Andrey Vasilevich! – dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. – O‘zingiz boshlaysizmi?..

«O‘-o‘ qirriq!»

Rais stulning bir chetiga omonatgina o‘tirar ekan, darhol kurk tovuqqa o‘xshab hurpayib oldi. Bosh prokuror o‘rinbosari tepangda tik tursa-yu, sen qanday yayrab-yalpayib o‘tirasan!

Maydanov o‘tirmadi. Prokurorlar sudda turib, kinolarda esa yurib gapiradi. Davlat, qudratli davlat nomidan gapiradi ular. Nomi ham davlat qoralovchisi.

Bakirovning gapni o‘zidan bunchalik tez qochirishini kutmagan Andrey Vasilevich sarosimada qoldi. Sherigi ataylab gapni kalta qilganini sezdi. Prokuror tomog‘ini qirdi. Yo‘talgan bo‘ldi. Katta minbarlardagidek so‘lish olib, manziratdan — komfirqayu hukumatga hamdu sano o‘qishdan boshlashning iloji yo‘q. Qahru g‘azabga darhol erk berishning esa joyi ham, mavridi ham emas.

— Bu qanday gap?

Prokurorning ovozi shang‘illab, xuddi ishga kechikib kelgan quruvchiga tanbeh bermoqqa shaylangan prorabning hayqirishiday, yolg‘on po‘pisa bilan chiqdi. Bu shang‘illashdan Rashid-ku mayli, boshini xam qilib, gap eshitmoqqa shaylanib o‘tiribdi, Bakirov ham cho‘chib tushganday bo‘ldi. Rangi oldin oqarib, keyin bo‘zardi. Peshobi zahritang qilayotganday bezovta. Prokurorning ovozida na salobat, na malohat bor. Aytayotgan gapiga o‘zi ishonmasa, kishining tilidan so‘zi mana shunday sun’iy, bachkana va xunuk chiqadi.

Rashid yengil tortdi. Daftariga «jizzaki, toshi juda yengil ekan»  deb yozdi. Unga prokurorning do‘lvorligi yoqdi. Xudo bunday odamlarni uzoq va chuqur o‘ylashdan, fikr-mulohazadan qisgan. Junundan siylagan. Gapni maydalab o‘tirmaydi. Shartta-shartta aytadi-qo‘yadi. Shunisi tuzuk. Momoguldirakning yomg‘iridan cho‘chimasa ham bo‘ladi. Yerni ot terlaganday ham qilolmaydi. Tez o‘tib ketadi.

— Partiya va hukumat senga shunday yirik gazetani ishonib topshirsa, sen davlatga qarshi ish yuritasanmi?..

«Millatchilik qilasanmi?»

— Atrofingga har xil g‘alamislarni yig‘ib, millatchilik qilasanmi?

Rashidning daftarida «davlat» degan so‘z paydo bo‘ldi. Go‘yo sud jarayoni boshlanganu  prokuror jinoyatchilarning kirdikorlarini peshma-pesh fosh qilishga kirishgan. Rashid — ham gumondor, ham oqlovchi. Qonun bo‘yicha, qoida tariqasida bo‘lsa-da, prokurordan keyin unga ham so‘z berilishi kerak. Aslida uning talashib-tortishish niyati yo‘q. Jurnalistning bahsxonasi mashvarat joyi emas. Shunday bo‘lsa-da, daftariga yana yirik-yirik qilib «davlat odami» deb yozdi va yoniga xitob belgisini qo‘ydi. Bakirov o‘qidi. Labini tishlab, Rashidga boshini nadomat bilan chayqadi.

— Huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, adolat posbonlariga tuhmat qilish, ularning pok nomlarini bulg‘ash, millatchilik qanday oqibatlarga olib kelishini sanlarga ko‘rsatib qo‘yaman!

Rashid  «huquqni muhofaza qilish», deb yozdi va izidan qo‘shib qo‘ydi:  “kimlarning huquqini?”.

Bakirov endi ma’nodor tomoq qirdi: “Qachongacha shaltog‘ingni artaman?!  Qachongacha meni qon qaqshatasan?!”

Maydanov zaharxandaga o‘tdi:

— Bunday kirdikorlar uchun, bilasanmi, qanday jazo beriladi?..

«Qanday? – deb yozdi endi yigit. – Jonimni sug‘urib olishmas».

Yo‘q, qamash ham qo‘lingizdan kelmaydi, degan fikr xayolidan o‘tdi jurnalistning. Qilmishim, agar qilmish deyish mumkin bo‘lsa, jinoyatga tortmaydi. Urib-so‘kolmaysiz. Davlatning idorasida o‘tiribsiz, axir. Jur’atingiz ham, qurbingiz ham yetmaydi. Ustimdan arz qilib, ishdan bo‘shatishingiz mumkin. Marhamat! Mabodo dov-dastgohingni ko‘tar, deyilsa, ko‘pam og‘rinmayman. Qo‘limda gulday hunarim bor: duradgorlik qilsam ham kunim o‘tadi. Yo‘q, bo‘shatish ham qo‘lingizdan kelishi dargumon. Yuragingiz nechta! Million nusxali gazetaning rahbari cho‘lda yurgan cho‘pon emas, bir jahon g‘avg‘oyu tavqi la’natga qolasiz. Axir adolatni shior, demokratiyani bayroq qilib, boshingizga ko‘targansiz. Yo bug‘doyni ko‘rsatib, arpani sotasizmi?..  Yagona yo‘l – vahimali gaplar, do‘q-po‘pisalar bilan po‘stakni qoqish.  Jurnalistni savalamagan siz qoluvdingiz! Armonda ketmang!

— Men seni, senga o‘xshaganlarning hammasini turmada chiritaman! Hammangni! O‘ynab yuribsan hali hammang! Bitta qoldirmay, hammangni Sibirga surgun qilaman! Sibirda daraxt kesib, hammang itday o‘lib ketasan!

Kaftini peshonasiga qo‘yib o‘tirgan rais daftarga bitilgan yangi so‘zlarni o‘qidi: «Qo‘rqqandan hovliqqan yomon!»

Rais jurnalistga sovuq tikildi: “Bu ra’yingdan qayt! Qayt, juvonmarg bo‘p ketasan! Organ bilan hazillashib bo‘lmaydi!”

“Gezarmang, aka!.. Yo‘q, gezarsang – enangning qorniga!”

Raisning qarashida ham iltijo, ham xo‘rlanish bor edi.  Kechirim so‘ra. So‘rayver. Keyin bir gap bo‘lar. Boshqa takrorlanmaydi, de. Tavba qildim, de. Mahmadonalikni bas qil, nodon! Yo‘q joydagi gaplarni yozma, gapirma! Ko‘tarmalik qilma!..

Qani endi bu azob tezroq tugasayu, Bakirov,  bechora Bakirov mehmonlarni kuzatib, yengil tortsa. Mixning ustidan tushsa! Tushsayu «Astra» qutisidagi «Marlboro»dan tutatib, yutoqib-yutoqib tortsa!

Rashid kutganiday bo‘ldi. Bakirovning sadoqat dasturxoni – stolining ustiga namoyishkorona yozib qo‘ygan maqola chetlab o‘tilmadi. Maydanovning jag‘i-jag‘iga tegay demadi. Nutqini yodlab olgan voizdek ilhomu ishtiyoq bilan, jo‘shib gapirdi. Necha ming odam hibsdayu qanchasi sudlangan! Yana qanchasi qo‘lga olinadi. Respublikada adolatni tiklash, xalqqa yengillik berish borasidagi bunday olijanob ishlar yana qancha davom etadi? Gapir desam, hammasi yer chizib qoladi, deb o‘ylagan, chamasi. Necha marta tupugi Rashidning peshonasiga, yuziga kelib yopishdi. Bakirov necha marta sapchib tushdi. Lekin daqiq gapdan darak yo‘q.

Jurnalist yozdi: «Bu jazavani to‘xtatish kerak!»

Bakirov ko‘karib ketdi. Yuzini burdi. Yangi yozuvni ko‘rmaganga oldi.  Rashid shimining cho‘ntagiga qo‘l yuborib, dastro‘molini oldi va prokurorning labidan o‘z peshonasiga sachragan tupukni namoyishkorona  artgan bo‘ldi.

Maydanov taqqa to‘xtadi.

Rashid boshini ko‘tardi va gapga chog‘landi. Go‘yo ko‘pni ko‘rib, ko‘zi pishib ketgan professor imtihon topshirayotgan no‘noq talabaning gaplaridan ensasi qotganu qo‘shimcha savol berishga majbur. Sekin, chollardek so‘lish olib, o‘ta xotirjam so‘z qotdi:

— Andrey Vasilevich, bo‘ldimi? Gapingiz tugadimi?

Savolning bu darajada tomdan tarasha tushganday, boz ustiga, masxaraomuz, o‘ta osoyishta, ishonch va xotirjamlik bilan berilganini ko‘rib, prokurorning ko‘zlari qinidan chiqib ketay dedi. Ko‘zlariga, quloqlariga ishonmaganday yigitga baqrayib qoldi:

— Tushunmadim? Nima dedingiz?

«Sizlashga o‘tding-ku, enag‘ar!»

— Gapingizni tugatdingizmi?

— Ha… Tugatdim. Nima edi?..

Rashid kulimsiradi. Ataylab biroz tin olib turgach, o‘ta muloyim ovozda so‘radi:

— Sizga bitta savol bersam bo‘ladimi?

Savolni eshitib emas, berib o‘rgangan prokuror, bosh prokuror o‘rinbosari  Maydanov bexosdan uyg‘onib ketganday atrofiga alang-jalang ko‘z yugurtiradi. Siyrakkina, tumtoqqina qoshlarining o‘rtasi chimirilib, rangi tutilgan oyday gezarib ketadi. Nima bo‘layotganini to‘la anglay olmaydi, chamasi, go‘yo bexosdan shapaloq yegan odamday, najot istab Bakirovga qaraydi:Bu bolaning tani-joni sog‘mi o‘zi? Menga, bosh prokuror o‘rinbosariga savol berishga qanday haddi sig‘ayapti?” Bakirov ko‘zlarini olib qochadi. Nimadir demoqqa chog‘lanadiyu darhol fikridan qaytadi. Nojoiz gap aytib, o‘sal bo‘lib qolishdan cho‘chiydi, chamasi. Chamasi emas, aniq.

«Uning joni ikki o‘t, ikki balo o‘rtasida halak edi, – deb yozadi keyinchalik daftariga Rashid buyuk shoirning tashbehidan ulgi olib. – Na o‘likka, na tirikka o‘xshardi».

Garangsib qolgan prokuror yonida o‘tirgan raisdan jo‘yali gap chiqishi qiyinligini sezadi. Do‘ppi tor kelganda hamma sendan yuz o‘giradi.

Maydanov, oradan yigirma yetti yil o‘tgach, boshini butkul yarg‘oq bosib, iyagini oppoq cho‘qqi soqol bezagach, oshxona-yu mayxonalardan ko‘ra cherkovni ko‘proq ixtiyor etishga odatlangan kezlari, jurnalistlar  bilan suhbatda ushbu kun, ushbu daqiqalarni achchiq alam bilan eslaydi: «O‘lkada adolat tantanasi, inson haq-huquqlarini tiklash borasida boshlagan xayrli ishlarimizni bir guruh yozg‘uvchi-jurnalistlar chippakka chiqardi. Bizni el-ulus oldida yomonotliq qilib qo‘ydi. Boshida juda qahrim kelgan edi. Keyin o‘ylab ko‘rsam, ular to‘g‘ri qilishgan ekan. Hayotning achchiq sabog‘i shundaki, baliq boshidan sasib, dumidan tozalanar ekan».

Qantar og‘di

— Sizga bitta savol bersam bo‘ladimi? — deb boz so‘radi Rashid hamon oldida serrayib turgan prokurordan.

Odam suhbatdoshining gapini eshitishni mutlaqo istamaganida, boshini keskin teskari buradi va o‘ta dag‘allik bilan javob qaytaradi. Maydanov boyadan beri goh bigiz – (Rashidga), goh paxsa (Bakirovga), goh musht qilib (o‘lka rahbarlariga) tahdidli silkitayotgan qo‘llarini endi qayerga qo‘yishni, qaysi cho‘ntagiga tiqishni bilmay qoladi. O‘ziga yarashib turgan qora kostyumining yenglaridan chiqib turgan qo‘llari dami chiqqan pufakdek ikki yoniga shalvirab tushgan. Shimining cho‘ntagiga soladi va darhol chiqarib oladi. Balki buni odobsizlikka yo‘yganidandir, balki tarbiya ko‘rmagan ko‘cha bezorilariga o‘xshab ketishdan cho‘chiganidandir.

—Ha-a!— dedi prokuror zarda bilan. —Bering o‘sha savolingizni!

Rashidning lablaridan so‘zlar yanada xotirjam yangraydi:

—Bugun gazetamizda chop etilgan va sizga yoqmagan o‘sha «Toptalgan taqdirlar» maqolasini shaxsan o‘zingiz, o‘z ko‘zlaringiz bilan o‘qib chiqdingizmi?

— Yo‘q! — Prokurorning ovozidagi o‘ktamlik, dag‘dag‘a, vahimayu ishonch bexosdan qayergadir yo‘qolib, o‘rnini asabiy va ojizona bir dag‘allik egallaydi.— Menga aytib berishdi!..

«Ey farzand!- deb yozadi endi Rashid shoshilmasdan. To u yozib bo‘lgunicha prokuror ham, rais ham portlab ketay dedi. Maydanov tovonini ko‘tarib, ot kabi betoqat depsinganday bo‘ladi. –  Bilgilki, seni mutab yotgan fotih tilingga ham, dilingga ham tupiradi».

Endi jurnalist uchiga ko‘k izolenta o‘ralgan ruchkasini daftarining o‘rtasiga avaylab qo‘yadi-da, o‘ng kaftini ochadi. Sochlari chiroyli taralgan boshini sarak-sarak qiladi. So‘ng respubika bosh prokurori o‘rinbosariga kulimsirab qaraydi. Odatda og‘ir kechgan xalqaro uchrashuvlarda qo‘li baland kelgan mohir diplomatlar muzokaralar yakunida o‘zga mamlakatlik hamkasbiga mana shunday — havas qilarlik darajada osoyishta, ishonch va muloyimlik bilan qaraydi. Har bir so‘zni chertib-chertib, ohista, lekin cho‘ng ishonch va qat’iyat, salobat va vazminlik bilan  gapiradi.

— Hurmatli Andrey Vasilevich,— deydi Rashid ovoziga o‘ta rasmiy tus berib, lekin g‘oyat muloyimlik bilan, — siz, marhamat qilib,  avval o‘sha maqolani o‘zingiz sinchiklab o‘qib chiqing. Boshidan oxirigacha. Iltimo-os! —Shu yerga yetganda kishti keladi. Ovozi endi dadil va qat’iy chiqadi: —Mabodo undan tariqday xato topsangiz, ayting. — Yigit kaftining qirrasini gardaniga qilichday qo‘yadi. —Boshim  bilan javob beraman. Boshim bilan!..

Maydanov endi beo‘xshov kulimsiraydi. O‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgan odam ana shunday, endi meni nima qilishadi, deganday ayanchli, yig‘lamoqdan beri bo‘lib kulimsirasa kerak. Bosh prokuror o‘rinbosari qurshovda qolgan asrday sarosima to‘la  ko‘zlarini yana Bakirovga tikadi. Maydanov so‘rasa jonini ham berishga tayyor turgan Bakirov endi o‘zini go‘llikka soladi va hansiray boshlagan qozi kalondan darhol nigohini olib qochadi.

Shu topda Rashid o‘zini aqlini joyiga solib qo‘yish uchun Qo‘mitaga chaqirtirilgan “mahmadona jurnalist” emas, balki mustaqil mamlakatning, qudratli davlatning vakolatli vakili — buyuk elchisi his qiladi. Huzurlanadi. Balki o‘ta og‘ir, g‘oyat chigal va uzoq davom etgan sud jarayonida mijozi — ayblanuvchining gunohi yo‘qligini to‘la isbotlay olgan oqlovchi — advokatning vujudiyu shuurini ish yakunida ana shunday masrurlik, g‘alaba nash’asi chulg‘ab olar. Ehtimol, o‘n ikki raundlik jangning o‘n bittasida beomon kaltak yeb, oxirida raqibini yer tishlatgan bokschi ana shunday nash’aning havosidan osmonga sapchir. Sakrab-sakrab, o‘ynoqlab-o‘ynoqlab ketar. Lekin bularning hammasini yig‘ib kelsangiz ham bo‘y yetgan bir ma’sumaning chiroyli ko‘zlaridan oqqan bir tomchi yoshga, parishon sochlarining bir tolasiga arzirmidi!

«Shoxi sindi!»

Olis-olislardan minora soatning jom chalgani eshitiladi. O‘n ikki marta. Qalin pardalar orti yorishib, quyosh charaqlab ketganday bo‘ladi.

Qantar og‘di!” – deb o‘ylaydi yigit zavq bilan.

 

“Sizni faqat ko‘zlaringiz, mansab-martabangiz uchun yaxshi ko‘rsam, meni aslo kechirmang. Siz mendan ikki yosh kattasiz. Ne tongki, qarshingizda o‘zimni tili endi chiqa boshlagan sabiy sezaman. Aqlingiz, bardoshingiz, dadilligu g‘ayratingizni ko‘rib, hayratlarga tushishdan o‘zimni to‘xtata olmayman. Go‘yo Siz bu dunyodagi jamiki sir-sinoatni bilasiz! Go‘yo bu dunyodagi jamiki ish qo‘lingizdan keladi!  Men shu paytgacha ko‘rgan, bilgan, tanigan odamlarning eng aqllisi, eng fidoyisi, eng mehnatkash va xokisori – Siz. Siz yagonasiz! Tanhosiz! Hech bir yigit hech qachon Siz bilan bo‘ylasha olmaydi. Hech qachon! Mabodo, Xo‘jai Xizr oldimdan chiqsalar-u, tila tilagingni, qizim, deb marhamat qilsalar, men o‘ylab-netib, ikkilanib o‘tirarmidim? O‘zim uchun biror narsa so‘rarmidim? Tiz cho‘kib iltijolar qilar edimki, Xizr buva! Sadag‘angiz ketay, buvajon! Sizdan iltimosim: Rashid akamga Baxt va Halovat bering! Sog‘liq, omonlik, uzoq umr bering!..”

 

Shu paytgacha  gap qotmay, sovuqda qotgan musichaday qotib o‘tirgan Bakirov boshini ko‘tarib, qo‘rqa-pisa yigitga qaraydi. Rashidning yuzidagi ishonchni ko‘rib, qaddi ko‘tarilib, ko‘zlari mug‘ombirona yaltirab ketadi: «Zo‘rsan, ukkag‘arning bolasi, zo‘rsan! Boplading!»

Hozirgina qarshisida turgan yigitni itdek g‘ajib tashlashga   tayyor Maydanov go‘yo birdan so‘nib, ichi tushgan tarvuzga aylanadi…

«Sochingni o‘r! Ko‘k choyingni damla, Anzirat!»

So‘zlari qoyim yigit daftarini yopadi va o‘rnidan qo‘zg‘aladi: “Bazm tugadi!..”

“Sharq yulduzi” jurnalining 2018 yil, 7-sonidan.