Qulman Ochilov. 5+1 (hikoya)

Yakshanba kuni, peshinda, to‘y oshidan qaytayotganimda, ko‘nglim muzdekkina pivo tusayotganini sezdim. Havo kishini lohas qiladigan darajada dim. Quyosh ko‘kdan shunday ayovsiz olov purkab turibdiki, qayerga qochishingni bilmaysan.
 Chilonzordagi pivoxonalardan biriga kirdim. Bo‘sh joy qidirib, chetroqdagi ayvon soyasida qo‘lini jag‘iga suyab o‘tirgan oq soch odamga ko‘zim tushdi.
 -Assalomu alaykum!
 U xayol surib o‘tirgan ekanmi, yo biroz ko‘zi ilinganmi, cho‘chib tushgandek, men tomonga ilkis burildi. E’tiborimni tortgani – uning qizargan katta-katta ko‘zlariyu, shishib ketgan qovoqlari bo‘ldi. Odatda, uzoq bedorlikni boshdan kechirgan, ko‘p yig‘lagan yoki qon bosimi behad ko‘tarilgan odamning yuz-ko‘zlarida shunday asoratlar paydo bo‘ladi. Keyinchalik bilsam, akamizning boshiga bu dardlarning barchasi bir yo‘la «yig‘ilib kelgan» ekan.
 Bo‘sh turgan kursiga ishora qildim:
 – O‘tirsam bo‘ladimi? Band emasmi?
 -Bo‘lganda qandoq!.. Bemalol. O‘tiring.
 Iltifoti uchun minnatdorlik bildirib, sun’iy charm qoplamali yog‘och kursiga o‘tirdim. Mijozlarga zir yugurib pivoyu ovqat tashiyotgan ofitsiant ayollardan birortasini chorlash ilinjida, yon-verimga qaradim.
 -Ancha kutishingizga to‘g‘ri keladi, – dedi yangi tanishim. – Men ham yarim soatdan ko‘proq kutdim. Bugun odam ko‘p.
 U ovozi yoqimli, chehrasi ochiq, salobatli odam edi. Kattagina idorada boshliq bo‘lsa kerak. Lekin, yoshi oltmishni qoralab qolgan bu odam biz kabi yosh-yalanglar ham ko‘pdan mensimaydigan hilvat joyda yolg‘iz o‘zi nima qilib o‘tiribdi?
 -Issiq ja ezvordi, – dedim va dastro‘molim bilan yuzimni yelpidim.
 -Bunday paytda jon saqlashning yagona yo‘li – yo salqingina soy sohili, yo pivoxona, – dedi hamrohim. Uning qalin sochlari qanchalik oppoq bo‘lsa, ingichka qoshlari shunchalik qop-qora edi. – Bizning Sirdaryo tomonlarda bunday joylar kam. Keling, uka, tanishaylik: ismim Turg‘un.
 Tanishdik.
 Turg‘un akaning yolg‘iz o‘zi zerikib o‘tirgani, kim bilandir gaplashgisi kelayotgani, biroz kayfi ham borligi ajin tusha boshlagan bug‘doyrang yuzi qizarib ketganidan ham sezilib turardi. Dasturxonda – ozroq ichilgan «Toshkent» arog‘i, ikki shisha «Qibray» pivosi, ikki six kabob, uch-to‘rt bo‘lak non, chala-yarim kesilgan pomidor bilan bodring aralash salat. Lekin bokal ham, stakan ham, likopchayu sanchqi ham ikkitadan edi. Chamasi, yangi tanishim kimnidir kutayotir.
 -Kuyunmang, – dedi u bokalni pivoga to‘ldirib menga uzatar ekan. – Ofitsiant xonimlardan birortasi kelgunicha mana buni taft bosdi qilib turing.
 -Yo‘g‘-e! Siz.. siz bemalol olavering.
 -Uka! – dedi u qat’iy. – Sizni menga yaratganning o‘zi yetkazdi. Ertalab bu yerga kelayotib, niyat qilgan edim, xudoyim bugun biror dilkash suhbatdosh ato etsa, «beshta-beshta» oli-ib, dardlashib o‘tirsam, deb. Shuning uchun, bokalu stakanlarni – hammasini ikkitadan buyurdim. Ko‘nglim sezgan ekan. Mana, sizday ajoyib yigit bilan o‘tiribmiz!..
 Men qo‘limni ko‘ksimga qo‘ydim: «Rahmat!» Qiziq, akamiz mening «ajoyib yigit» ekanligimni darhol qayerdan bila qoldi? Yo sinchiligi bormi?
 Pivo rostan ham muzdaygina ekan. «Oh-oh!» deb yuborishimga sal qoldi.
 -Siz jurnalistsiz, to‘g‘rimi?
 Ana xolos! Hali bu akam bilan yaqin tanish, hatto qarindosh-urug‘ chiqib qolmasak edi.
 -Ha. Nima edi?
 -Chehrangiz juda tanish. Televizorda ko‘rganman, shekilli.
 Televizorda «xalqqa ko‘rinish bermaganimga» ming yillar bo‘ldi-yov. Turg‘un akamiz, chamasi, meni kimgadir o‘xshatdi. Balki yaqinda sotuvga chiqarilgan piyozning po‘stiday kitobchamdagi suratim esida qolgandir. Ko‘rgan, o‘qigan bo‘lsa, albatta.
 U bejirim qadahchalarga aroq quydi.
 – Endi mana bundan ham oling. Tanishganimiz uchun!
 Rad qilish foydasiz ekanligini sezdim. Bo‘lganicha bo‘lar!
 Aroq ham muzdekkina ekan. Sanchqini olib, pomidordan gazak qildim.
 -Endi gap mundoq, uka, – dedi u yanada qat’iyroq ohangda. Odatda uzoq yillar rahbar bo‘lib ishlagan va buyruq berib o‘rganib qolgan odamlar ana shunday, kesib gapiradi. Iltimosi ham buyruq ohangida yangraydiki, rad qilishning sira iloji bo‘lmaydi. – Xo‘p, desangiz, bugun men sizni mehmon qilsam?
 -Bu qanaqasi bo‘ldi,Turg‘un aka? Tinchlikmi?
 -Tinchlik, uka, tinchlik! – U daf’atan boshini egdi. – Meni kechiring, uka. Men hozir juda ezilib, to‘lib o‘tiribman!
 Uning ovozi titrab ketdi.
 -Ochig‘ini aytsam, juda-juda yig‘lagim kelayapti!..
 Kayfi oshib qopti, deb o‘yladim. Hali uyimga olib borib qo‘y, deb boshimni qotirmasa go‘rga edi. Soqoliga ikki-uch kundan beri tig‘ tegmaganiga qaraganda aka betashvish emas, yaqinda qamoqdan chiqqanga o‘xshaydi. Balki kamomad qilib, balki avariyaga uchrab, birortasining hayotiga zomin bo‘lgandiru qamalgandir? Endi butun hayotining barbod bo‘lganini o‘ylab, iztirob chekayotgandir, bechora. Lekin, o‘zi yaxshi odamligi ko‘rinib turibdi. Har neki boshidan o‘tgan bo‘lmasin, taqdir uni menga baqamti qilgani qiziq. Bir bokal pivoga bir xurjun g‘alva sotib olamsam bo‘lgani, ishqilib. Ozib-yozib bir bozor – uni ham yomg‘ir buzar! Shoshma, balki, bu uchrashuvning bir hikmati bordir? Balki, qalamga oladigan biror «gap» chiqaru ertaga ibratli bir lavhaning muallifi bo‘larman! Ol-a, uyatsiz! Qassobga – moy, echkiga – jon qayg‘usi…
 Turg‘un aka uyqudan uyg‘ongandek, qo‘llari bilan yuzlarini qayta-qayta ishqaladi. Shu yo‘sinda ichidan to‘lib kelayotgan yig‘ini bosdi, chamasi. Balli, aka Turg‘un!
 -Men bir nomard odamman! -dedi u stoldagi non ushog‘iga ma’nosiz termulib.
 «Nomard odamman?» Masala men o‘ylagandan ancha jiddiyga o‘xshaydi. Bunday paytda yagona yo‘l – ikkilanishu sarosimani yig‘ishtirib, suhbatdoshingga taskinu tasalli, hatto beozorroq yo‘sinda tanbeh ham berasan. Bir chimdim yolg‘on aralashtirilsa ham, osmon o‘pirilib, yerga tushmaydi. Eng muhimi, jo‘yali fikrlarni topib, qat’iy ishonch bilan gapirish kerak. Masalan, qo‘ying, Turg‘un aka, aslo «nomardman» demang. Sizga bunaqa gaplar yarashmaydi. Aslo yarashmaydi, aka! Yuz-ko‘zingizdan nur yog‘ilib turgan, imonli, e’tiqodli, farishtali odam ekansiz. Pivodan iching. Bosadi. Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz!..
 U gaplarimni jim eshitdi-da, siniq kuldi va bokalni ko‘tardi.
 -Siz meni kechiring, uka. Dardimni yormasam, hozir portlab ketaman!..
 -Yoriling, aka, yoriling. Yengil tortasiz. Ukangiz – bamisoli quduq. Bemalol ishonsangiz bo‘laveradi.
 Tavba! Gaplarim ta’sir qildimi yoki bokaldagi muzdekkina zormanda hovrini bosdimi, akaning chiroyi ochilganday bo‘ldi.
 -Er yuzida yetti milliard odam bor, uka. Lekin, shunday paytlar bo‘ladiki, bu dunyoda o‘zingni shu qadar yolg‘iz, shu qadar keraksiz, shu qadar ojiz his qilasan, dod deb yuborging keladi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Buni ilgari bilmagan ekanman. Boshimga ne bir savdolar tushgandan keyin tushundim…
 U og‘ir uf tortdi.
 -Shayton xonamga Toshmurod qiyofasida kirib keldi, – deb gap boshladi va birdan to‘xtab, boshini nadomat bilan irg‘adi. Yana siniq kuldi. – Bahonamni qarang? Axmoqligimni qarang, uka!..
 U qizil dastro‘molchasini olib, ter bosgan yuzini artdi.
 – Bilasizmi, bo‘lgan voqealarni eslaganimda har gal aybni Toshmurodga ag‘dargim kelaveradi. Toshmurod yuragimga qutquyu g‘ulg‘ula solmaganida, boshimga bu savdolar tushmasmidi, tinchgina kunimni ko‘rib yuravergan bo‘larmidim, deb o‘ylayman. Bandasi shunaqa – xatoni o‘zi qiladiyu aybni boshqalardan axtaradi. Lekin, men go‘dak emasman-ku, kim nima desa, ishonib, izidan ergashib ketaversam. Nima qilgan bo‘lsam, o‘zim qildim, o‘zim!..
 -Hammamiz ham xom sut emgan, ojiz bandamiz, aka, -dedim tasalli ohangida.- Xatoyu kamchilikdan holi insonning o‘zi yo‘q. Buni yaxshi bilasiz. Beayb – parvardigor!
 -To‘g‘ri. Ammo, uka, bularning barchasi – bir taskin. Gunohkor bandalar tomonidan kechasi tinchroq uxlash uchun o‘ylab topilgan chiroyli va aqlli, tasalli gaplar bo‘lib tuyuladi menga. Taskinning yana bir xili bor. Boshiga savdo tushgan osiy banda o‘ylar ekanki, bu olamda gunoh qilib, isnodini ko‘tarib yurgan faqat menmanmi? Mendan og‘irroq, mendan dahshatliroq gunohlarda qo‘lini bulg‘ab, xo‘rozday ko‘krak kerib yurganlar son mingta-ku!.. Ammo, qazo kunida har bir echkini o‘zining oyog‘idan osadilar.
 Nihoyat ofitsiant ayol keldi. Ikki shisha pivo aytdik.
 -Gaplaringiz menga naqadar yoqayotganini bilmaysiz, Turg‘un aka! – dedim. – Falsafani, hayotga teran ko‘z bilan qaraydigan dono insonlarni juda yaxshi ko‘raman. Afsuski, sizday aqlli odamlar kam-da, aka. Juda kam!
 -Ko‘paytirib nima qilasiz? -deb kuldi u. – Odam faylasuf bo‘lishi uchun menga o‘xshab peshonasi toshga urilib, yorilishi, azobini tortishi, ko‘zi ochilishi, keyin, vijdoni bo‘lsa, tavba-tazarru qilishi kerak. Bunday tashvishlarni boshidan kechirgandan ko‘ra, bandasining jimgina yurgani yaxshi emasmi!..
 -Jimgina yurish qo‘lidan kelmay qolsa-chi? – dedim kulib. – Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz!
 Turg‘un akaga g‘oyat mehrim tovlab ketdi, o‘rnimdan turib bag‘rimga bosgim keldi. Keyinchalik bu xushholligimga, hayajonu hovliqmaligimga qornimni shishira boshlagan pivo bilan aroqni aralashtirib yuborganim ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va uyaldim. Yaxshiyam o‘sha paytda bu ishni qilmaganim – uni bag‘rimga bosmaganim. Negaki, mavridi emasdi. U gapirib ko‘nglini yozishi, men esa tinglashim, aytayotgan fikrlarini eslab qolishim kerak edi. Fikrlarki, har biri – bir hikmat! O‘ylab xulosasini o‘zingiz chiqaravering!
 -Nima? «Qo‘lidan kelmay qolsa-chi?» deysizmi?
 Men tasdiq ma’nosida bosh irg‘adim.
 -Mabodo, mening poyintar-soyintar gaplarimni eshitib, kulmayapsizmi, uka?
 -Tavba! Nega unaqa deysiz, Turg‘un aka?..
 -Aytdim-qo‘ydim-da. Kulsangiz ham mayli, xafa bo‘lmayman.
 -Qo‘ysangiz-chi! Gapiravering, aka.
 -Men quruvchiman, uka. Kitob o‘qish – jonu dilim. Shoir-yozuvchilardan, olimu san’atkorlardan oshna-og‘aynilarim, ulfatlarim ko‘p. Lekin shunday bo‘lsa ham, gapni bo‘yab-bejash qo‘limdan kelmaydi. Pustkallasini aytaman. Endi chidaysiz. Eshitasiz!
 -Xo‘p, Turg‘un aka, xo‘p. Qulog‘im sizda. Bemalol gapiravering.
 -Gulistonda firmam bor edi. Kattagina. O‘ttizga yaqin odam ishlardi. Maktab, kollej, litsey, uy-joy – hammasini qurganmiz. Buyurtma ko‘p, ishlarim «besh», pulim yetarli, dimog‘im choq, obro‘yim joyida edi. «Semizlikni qo‘y ko‘taradi, boylikni – arab», degan maqol bor. Eshitganmisiz?
–    Yo‘q. Eshitmagan ekanman.
 -Men ham bu maqolni o‘tgan yili Qashqadaryoning Kosoniga borganimda eshitdim. U tomonlarda arablar ko‘p ekan. Shuni nazarda tutib aytilgan bo‘lsa kerak… Men xudo bergan mol-davlatni ham, obro‘-e’tiboru mansabni ham ko‘tarolmadim, uddalay olmadim. Lekin, uka… Tanglayim quridi, savil.
 Men bokaldagi pivoga ishora qildim.
 -Kotibam Boyovutga erga tegib ketganidan keyin sayxunobodlik bir juvonni ishga oldim, – deb gapida davom etdi u. – Ikkinchi qizim tengi – yigirma besh yoshlarda ekan. Rahmim keldi. Piyonista eridan ajrashib, uch yoshli qizchasi bilan qiynalib yurgan ekan. Qopqoragina, kirchimolgina, xat-savodi haminqadar qishloq qizi… Boya aytganimday, shayton xonamga Toshmurod qiyofasida kirib keldi. Trestda boshliq paytlarim Toshmurod qo‘limda prorab bo‘lib ishlagan. Juda gapdon, shinavanda yigit. Har ko‘rganida bir gapni takrorlayveradi: «aka, siznikiday bo‘yi bastim bo‘lganida, eng avvalo, yugurib borib jinsi shim olardim-da, qishin-yozin yechmasdan maza qilib kiyib yurardim. Lekin, savil, dumbayu charvidan jinday qisilgan joyimiz bor. Belimizda shim turmaydi. Jinsi kiysak, shalvirab qoladi…»
 Kotibamni chaqirdim:
 «Oppoq qizim, bizga bitta ko‘k choy damlab bering.»
 «Oppoq qizim?» – deb kuldi Toshmurod kotiba chiqib ketgach. – Tavba! Saksonga kirgan chollarga o‘xshab gapirasiz, a! Siz tengi yigitlar…»
 «Nima deyin? Halimaxon, deyinmi?»
 «Desangiz-chi?»
 «Eshitgan quloqqa uyat, uka! O‘rganmaganman.»
 «Ko‘zlarining yonib turishini qarang. Ko‘zlari och, «eyman», «yutaman», deydi-ku, aka!.. Ishga olganingizga necha oy bo‘ldi?»
 «Yarim yilcha bo‘p qoldi…»
 «Yarim yildan beri «oppoq qizim» deb o‘tiribsizmi, cholbobo? Bay, bay, bay!.. Bilasizmi, narigi dunyoda bu qilmishingizning so‘rog‘i qattiq bo‘ladi, aka, juda qattiq bo‘ladi! «Senga shunday jononkani, shunday ke-ng imkoniyatlarni berib qo‘ydim. Buning ustiga, yoshgina, navniholgina ayol bechora beva edi. Sen unga erkak sifatida burilib ham qaramading, xor qilding», degan ta’nalar bo‘lsa, qanday vaj aytasiz, aka? Uy vazifasini bajarmagan uchinchi sinf o‘quvchisidek bir burchakda qo‘lingizni ko‘tari-ib turmasangiz, deb qo‘rqaman. Bay-bay! Isrofgarchilik ham evi bilan-da, aka!..»
 Toshmurodning yarim hazil, yarim chin gaplaridan so‘ng fe’lim aynigisi kelayotganini payqab qoldim. Kotibam xonamga kirsa, unga o‘g‘rincha qaragim kelaveradi. Xonamdan chiqib ketayotganida esa orqasidan ingichka bellari, nozikkina yelkalari, kalta kesilgan sochlariyu chiroyli oyoqlariga pinxona tikilaman. Yuragimning qat-qatida betonu shag‘al, qumlarga ko‘milib yotgan bir narsalar uyg‘onganday, totli bir hislar jimirlaganday bo‘ladi. Ko‘nglim alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, entikaman. Yana qaragim keladi. Kechalari ham Halimani o‘ylaydigan, ko‘rishni qumsaydigan odat chiqardim. Qishu yoz oyog‘imdan etik, yelkamdan fufayka tushmasdi. Poson tufli bilan oq ko‘ylagu qora kostyumga o‘tib ketganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Bu o‘zgarishni qiz ham payqadi, albatta. Ish yuzasidan gapirayotganimda yoki topshiriq berayotganimda, ko‘zimga muloyim tikilib turadigan odat chiqardi. Ilgari e’tibor bermagan ekanman. Qo‘y ko‘zlari chiroylikkina ekan. Ko‘zim ko‘ziga tushganida bo‘z boladek duvva qizarib ketaman. Gapimni yo‘qotib, kalovlanaman. U shirin jilmayadi, shirin gapiradi. Gapirish asnosida ovozida shirin bir titroq seziladi. Atirining shirin bo‘ylari dimog‘imga urilganida boshim aylanib, mazam qochib qoladi. Qarasam, Toshmurodning gapida jon borday: Halima durkungina, xipchagina, qarashlari, ovozlari muloyimgina. Kami yo‘qdek. Yoshi ellikdan oshib, sochlarining qorasidan ko‘ra oqi ko‘payib ketgan, semizligidan yurishga ham qiynalib qolgan xotinimning oldida u ko‘zimga gulday, olovlanib turgan cho‘g‘day ko‘rina boshladi, uka… Ko‘nglim sust ketib, yuragimga o‘t tushganday bo‘ldi: urinib ko‘rsam-chi? O‘tar dunyo bo‘lsa! Bu dunyoga kelib, mehnatu zahmatdan boshqa nima ko‘rdim?.. Yo‘q, shaytonga hay berdim. To‘g‘rirog‘i, yuragim betlamadi. Ishonmaysiz, uka! Shu yoshgacha biror begona ayolning qo‘lini ushlamagan, ushlash nimasi, bunday ishni xayoliga ham keltirmagan odam edim-da! Toshkent politexnika institutiga o‘qishga kirgan yilim otam mendan so‘rab-netib o‘tirmasdan o‘zining oshnasi – mulla Eshmurodning qiziga uylantirib qo‘yganida hali o‘n sakkizga ham kirmagan bola edim. Xotinim bilan o‘ttiz besh yil birga yashab, biror marta, eshityapsizmi, biror marta senu menga bormaganmiz. Bu mening yaxshi odamligimdan emas, xotinimning farishtadek aqlli va vazminligidan, uka!..
 Xullas, Toshmurod tushmagur har ko‘rishganimizda Halimani so‘raydi, yuragimdagi cho‘g‘ni olovlantiradi: «aka, siz bu dunyoga qiz kelib, qiz ketasiz, hur ketasiz, deydi. Eh, sizdagi salobatu chiroy, imkoniyat menda bo‘lsa edi, o‘zim bilardim nima qilishni!.. Lokin, u dunyoda Jannatga tushaman, deb aslo xomta’ma bo‘lmang, deydi «lokin»dagi «o»ga urg‘u berib, nomzodingiz o‘tmaydi. Negaki, biz kabi ukalaringizga qo‘shilib, ba’zi-ba’zida aroq-paroq ichib turasiz. Qurilishini chala tashlab ketgan ob’ektlaringiz, qo‘shib yozilgan ma’lumotnomayu hisobotlaringiz ham yo‘q emas. Hammasini bilamiz, aka. Demak, gunohdan benasib qolmagansiz, g‘ayrat qilsangiz, Arosatdan bir parcha joy ijaraga tegishi mumkin, aka…»
 Bir kuni kadrlar bo‘limidan Halimaning hujjatlarini so‘rab oldim. Shubha-gumon uyg‘onmasligi uchun yoniga yana ikki xodim – yangi ishga kelgan buxgalter yigit bilan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shofyorimning ham shaxsiy hujjatlarini olib kirishlarini aytdim. Hujjatlarini ko‘rib, dahshatga tushdim: Halimaning otasi mendan uch yosh, onasi besh yosh kichik, jo‘ja birday jon – o‘n bir farzandli dehqon odamlar ekan. Oilasida ma’nili bir ish qiladigan, tayinli kasb-korga ega odamning o‘zi yo‘qligi sezilib turardi. Ichida eng uddaburoni – Halima. Xudo bir saqlabdi, uvoliga, qarg‘ishiga qolmay, deb o‘yladim va ortiqcha hoyu havaslarni yig‘ishtirishga, shaytonga xay berishga ahd qildim. Lekin, uka, uddasidan chiqa olmadim. Boya aytganingizdek, qo‘limdan kelmadi, uka! Ojizlik qildim! Gumrohlik qildim!..
 Turg‘un aka yana boshini afsus bilan chayqadi.
 -Mart oyining oxirlari edi, -deb gapida davom etdi u.- Esimda. Halima o‘sha kuni torgina, lekin biram chiroyli, o‘ziga biram yarashgan jinsi shim, torgina qizil ko‘ylak kiyib, sochlarini yanayam kaltaroq, yanayam chiroyliroq qilib kelgan edi. Choy olib kirganida ko‘zim tushdi: ko‘kragining yuqori tugmasi ochiq ekan… Chiday olmadim, uka.
 «Shaharning chekkarog‘ida ikki xonali kvartiram bor, – deb gap ochdim va ovozim sovuqda qolgan bolanikiday titrayotganini sezdim. – Anchadan beri supirib-sidirilmagan. Shu masalada yordam berolmaysizmi, Halima?» Bu gaplarni aytar ekanman, boshiga musht tushishini kutib turgan odamday, yelkalarimni qisib, stolimning ustidagi qog‘ozlarga ma’nisiz tikilgancha xurpayib o‘tirganim esimda. Ajablanarlisi, kutganimday, baqiriq-chaqiriq ham, «Siz meni kim deb o‘ylayapsiz? Uyingizni chang bosgan bo‘lsa, xotinchangizga ayting!» qabilidagi iddaolar ham bo‘lmadi. Halima shu taklifimni kutib yurganday, o‘ylab-netib o‘tirmasdan darhol «xo‘p» dedi. Ishonasizmi, uka, «xo‘p» dedi.
 Men bosh irg‘adim: ishonaman, Turg‘un aka, ishonaman.
 – Ertasi kuni kvartiraga Halimadan oldinroq borib, dasturxon tuzatib turdim: tandir kabob, pomidor, bodiring, aroq, deganday… Eshikni o‘zim ochganimni ko‘rib, Halima yana ajablanmadi. Qo‘l uzatsam, qarshilik ham ko‘rsatmadi… Shunday qilib, uka, Turg‘un akangiz butunlay aqldan ozdi. Yo‘q, ado bo‘ldi! Ko‘zimga na ish, na bola-chaqa, na pul ko‘rinadi. Tilimda ham, fikri zikrimda ham – faqat Halima! «Halima, Halimajon, sen – gulsan, Halimajon, sen – qushsan! Yo‘q, farishtasan! O‘zimning farishtamsan, Halimajon!..» Ikki oy deganda u mening «burnimdan arqon o‘tkazib oldi». Yo‘rig‘iga yurmasam, «arqonni tortadi» – yetti mahallani boshiga ko‘tarib, to‘polon qiladi: «Meni zo‘rladi, deb ustingizdan militsiyaga yozaman! Prokuraturaga yozaman! Sharmandangizni chiqaraman!..» Ishxonada sharmandam allaqachon chiqib bo‘lgan, qilmishimdan bexabar odam qolmagan edi. Biror korimga yarar, deb yaxshi niyatlar bilan olib qo‘ygan o‘sha ikki xonali kvartiramni egallab olgani, tinimsiz pul talab qilishi, haftalab ishga chiqmay, qayerlardadir sanqib yurishlarini aytmay qo‘ya qolay… Guliston Toshkent emas, uka, kichkinagina shahar. Ko‘pchilik bir-birini taniydi. Bir gap chiqsa, ko‘z ochib yumguncha butun shahar eshitadi. Tanish-bilishlar, qarindosh-urug‘, quda-andalarimning pichinglari asablarimni qaqshata boshladi. Buning ustiga, Halima bir kuni «suyunchi oldi» – uch oylik homilasi bor ekan. Tamom, deb o‘yladim, uyim kuydi!..
 «Oldirib tashla», desam, kuldi. Shunday yayrab kuldiki, haligacha eslasam, ko‘z oldimga keltirsam, tomog‘imga bir narsa tiqilganday bo‘ladi. Xo‘rligim keladi, uka. Inson bolasi ham shunaqa chiroyli kuladimi, kulgisi bilan bandasining yuragiga shunaqa o‘t-olov soladimi?..
 «Shu kunlarga ne azobda yetdim-ku, nega oldirar ekanman?» – deydi.
 «Axir men otangdan ham kattaman! Odamlar nima deb o‘ylaydi?»
 «Menga desa, bobomdan ham katta bo‘ling! Odamlarning gapi bilan ishim yo‘q. Men normalniy erkakdan farzand ko‘rmoqchiman. Hech bo‘lmasa, qariganimda bolamga suyanib, odamga o‘xshab yashamoqchiman!..»
 «O‘rtamizda nikoh yo‘q. Bola harom tug‘iladimi?.. Xudodan qo‘rqmaysanmi?»
 «Ib-e, hali xudoni ham bilasizmi? Buni qarang-a! Xudo endi esingizga tushdimi?..»
 Qiz tug‘ildi.
 Turg‘un akaning bu gaplarini eshitib, qayerdadir o‘qiganim – nikohsiz tug‘ilgan farzand – valadi zino ota-onasiga bir umr tinchlik bermaydi, degan hikmat yodimga tushdi. Farzand emas, ko‘kaykesar bo‘lar ekan-da. Bechora Turg‘un aka!
 U ko‘nglimdan o‘tayotgan fikrlarni sezgandek, stol ustidagi bo‘sh bokalga tikilganicha jim bo‘lib qoldi.
 -Ukajon! Mening besh farzandim – uch qizim, ikki o‘g‘lim bor. Ko‘rsangiz, birortasini ham menga o‘xshatolmaysiz, -dedi. – Ko‘proq onasiga tortgan. Kulcha yuzli, to‘ladan kelgan. Halima tuqqan qiz – Noiba esa… Yo‘q, shu go‘dakni ko‘rsangiz, uka, uni Turg‘un aka tuqqan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz… Kulmang, uka, kulmang! Tavba deng!
 -Tavba!..
 -Kseroksdan nusxa olingan hujjat ham asliga bunchalik o‘xshamaydi!- Turg‘un aka kaftlari bilan yana yuzlarini ishqaladi. Qattiq ishqaladi.
 -Gulistonda yurgiligim qolmadi, – dedi u. – Poytaxtga «ko‘tarilib» ketgan bo‘ldim. Uch yil bo‘ldi. Shukr, tanish-bilish, oshna-og‘aynilar ish topishda yordam berishdi. Lekin, Toshkentda ham na orom, na qo‘nim topdim. Halima tezda izimdan yetib keldi. Yetib kelgani mayli, imkonimdan xorijdagi shartni qo‘ydi: «qari xotiningizdan ajrashib, menga rasman uylanasiz va birga yashaysiz!» Qizim tengi juvonga qanday uylanamanu qanday birga yashayman? Necha kun, necha oy birga yashayman?.. Qurilish kompaniyalaridan birida rais o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan edim. Halima kelib, idoramizda ikki marta janjal ko‘targach, rais uzr so‘radi. So‘ng loyihalashtirish bilan shug‘ullanadigan firmaga o‘tdim. Halima bu gal kabinetimda yuzlarimni shunday timdaladiki, it g‘ajigan mushukka o‘xshab qoldim. Bir hafta uydan chiqolmay yotdim. So‘ng firmaga qaytib bormadim. Hozir bir jamg‘armada xo‘jalik ishlari mudiriman… Kechqurin hamma shoshilib uyiga ketadi. Mening esa kech tushaversa, yuragim bezillaydi. Yolg‘iz o‘zim ijarada turadigan kvartiraga borgim yo‘q. Borsam, go‘rga kirganday bo‘laman. Sovuq, zax, chang. Nabiralarimning qiy-chuvi, erkalanishlariga o‘rganib qolgan emasmanmi, katalakday bu uy qabrday bo‘lib tuyuladi, jim-jit. To‘rt devor yutib yuboray deydi. Ko‘pincha yarim tungacha shu yerda, kafeda o‘tiraman. Bola-chaqamning oldiga, Gulistonga qaytib ketay desam, or qilaman. Qaysi yuz bilan boraman… Bir kuni Gulistonga, uyga borsam, xotinim ko‘rpa-to‘shak qilib yotibdi. Kenja o‘g‘limdan, «onangga nima bo‘ldi?» deb so‘rasam, yuzini buradi: «Bilmayman! O‘zlaridan so‘rang…»
 Keyin bilsam, Halima ikki yoshli Noibani ko‘tarib, uyimga boribdi. Xotinim ham, o‘g‘lim ham, kelinlarim ham – hammasi Noibani ko‘rib, hayratdan qotib qolganini aytib o‘tirmay, uka.
 «Turg‘un aka mendan ancha-muncha pul qarz, -debdi Halima. – Mana bu qizchani boqish uchun pul kerak. Ayting, qarzini uzsin!»
 «Xo‘jayinimning to‘g‘ri kelgan odamdan qarz oladigan odati yo‘q, – debdi xotinim.- Olgan bo‘lsa, qaytarib beradi!..»
 – Uka, xudoyim menga har tomonlama omad bergan edi. Farzandlarimning hammasi – aqlli, esli-xushli, o‘qimishli. Yaxshi joylarda ishlaydi. Uy-joyim, mol-davlatim yetarli edi. Yaxshi ko‘rgan, barakali ishim bor edi. Ko‘pchilik havas qilardi. Hammasidan judo bo‘ldim. Hammasidan! Firmam yopilib ketdi. Bolalarimning, ayniqsa, qizlarimning mendan ko‘ngli qoldi. Ularning yuziga qaray olmayman, ukajon! El-yurtga masxaraligimni-ku, aytmay qo‘ya qolay!.. Axmoq er o‘z xotinini maqtaydi. Lekin, joyi keldi aytsam, aybga buyurmaysiz: yangangizday aqlli ayol kam, uka. Xotinim hamma «gap»dan xabardor ekan! Hammasidan! Lekin dardini ichiga yutgan. Keyinchalik ham bir og‘iz ta’na-dashnom qilmadi. To‘polon qilmadi! Ichidan ezildi, bechora! Bundan ko‘ra, ayu-hannos solib, dunyoni boshiga ko‘targani ming marta yaxshi edi!..
 Ofitsiant ayol stolimizga ikki shisha pivo qo‘yib ketdi. Bittasini ochib, Turg‘un akaning bokaliga quydim.
 – Halima uyimga kelib ketganidan keyin o‘g‘lim onasiga ta’na qilibdi: «Dadam shu ayolni mashinasiga mindirib yurganini ikki marta o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, desam, jerkib bergan edingiz. Mana endi tug‘ib ham olibdi. Ergashtirib yurgan bolasi dadamning o‘zi! Bundan ortiq sharmandalik bo‘ladimi, ona?»
 Xotinim, bechoragina xotinim, o‘g‘limga yana tanbeh beribdi: «Tilingni tiy, bola! Odam-odamga o‘xshaydi! Dadang buzuq yo‘llarga yuradigan odam emas! Shu gapingni yana eshitsam, qattiq xafa qilaman!..»
 O‘sha oqshom xotinimni «Tez yordam» olib ketdi. U avval tildan, so‘ng ko‘zdan qoldi. Insult. Hozir ham kasalxonada. Qizlarim, kelinlarim navbati bilan yonida qarab o‘tirishibdi.
 Turg‘un aka bu gal aroq to‘la qadahni ko‘tardi. Aroqning yarmi bo‘yniga to‘kilib, havo rang ko‘ylagining ko‘kragini ho‘l qildi.
 – Uka, men – kalvasini yo‘qotgan odam, uyiridan adashgan bo‘taloqman, – dedi u. – Qani endi shu kechmishlarim tush bo‘lsayu, tezroq uyg‘onsam. Yana o‘sha yuzlarim yorug‘ kunlarimga qaytsam. Xotinimning, bola-chaqamning, qarindosh-urug‘imning ko‘ziga tik qaray oladigan kunlarimga qaytsam, uka! Azroyil kelib jonimni olsa!.. Armonim bo‘lmas edi!..
 -Halima qayerda?
 -Kim? Halima? Halimami?..
 Turg‘un aka beo‘xshov kuldi. Uning bu kulgisini ko‘rishning o‘zi juda ayanchli edi. Yashashdan umidini uzgan bemordan sog‘ligini so‘rsangiz, unga, hali tuzalib ketasiz, deb dalda bersangiz, shunday – alam va ayanchli alfozda kulsa kerak.
 -Qayerda bo‘lardi? Ikki qizini ham onasiga tashlab, bir so‘tak bilan Rossiyaga yo‘qolgan. Uch-to‘rt oycha bo‘p qoldi!
 U ilkis boshini ko‘tardi:
 -Uka, bir gap aytsam, kulmaysizmi?
 -Tavba! Nega unaqa deysiz, Turg‘un aka?
 -Uch kun burun, yarim tunda u telefon qildi. Ovozini eshitib, jonim halqumimga keldi. «Halima! Qerdasan, Halimajon?» deb o‘rnimdan turib ketganimni bilmay qolibman. «Noibadan nega xabar olmayapsiz? – dedi. – Boring, xabar oling!..» «Xo‘p, boraman! – dedim. – Albatta, xabar olaman! O‘zing qachon kelasan, Halima?..» U telefonini o‘chirib qo‘ydi. Qarasam, yigirma sekund ham gaplashmabmiz. Telefon raqamini ko‘rsatmasdan qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Tuni bilan mijja qoqmay, aqldan ozgan devonaday xonamda yurib chiqdim. Kallai saharda Ucell kompaniyasining ofisiga qarab chopdim. Qaysi nomerdan telefon qilinganini aniqlab berishlarini so‘rab, yolvordim. Aytishdi. Terdim. Bir yigit sas berdi: «Halimaning kimi bo‘lasiz?» «Eriman! Turg‘unman!» Shunday dedimu tilimni tishladim. Yigitning piq etib kulgani, nimadir deb pichirlagani eshitildi. So‘ng: «Bu yerda unaqa odam yo‘q. Adashdingiz», – dediyu ovozini o‘chirdi. Telefonimni jon jahdim bilan otdim. Uyning devoriga urilib, sochilib ketdi… Oldimda turgan piyolani ham otdim. Chilparchin bo‘ldi!.. Axir sezdim-ku, bildim-ku, Halima o‘sha yerda, telefonni olgan o‘sha so‘takning yonida turgan edi. Telefonni olsa, men bilan ikki og‘izgina gaplashsa, o‘lib-netib qolmas edi-ku, uka!.. Pul, desa – pul, kiyim-kechak desa- kiyim-kechak, qo‘limdan kelgancha yordam bermasmidim? «Keling!» – desa, hamma narsamni tashlab, yoniga uchib bormasmidim? Dunyoning narigi chekkasiga desa ham uchib borardim-ku, uka!.. Unga nima yomonlik qilibmanki, meni bunchalar azoblaydi?..
 -Gardini do‘nda bunday og‘ir savollarga javob izlab yurgan yolg‘iz siz emassiz, Turg‘un aka.
 U o‘ylanib qoldi. So‘ng birdan boshini ko‘tarib, menga qaradi. Uning ko‘zlari to‘la yosh edi.
 -Uka, ustimdan kulasizmi, kuyasizmi, o‘ldirasizmi, bilganingizni qiling, lekin, men shu enag‘arni yaxshi ko‘raman! Halimasiz yashay olmayman! Bu yurishda yo aqldan ozib qolaman, yo!..
 U qo‘lini noumid siltadi.
 -Yaxshi niyat qiling, aka!
 -Borim – shu!..
 Bir muddat jim qoldik. So‘ng gapni boshqa tomonga burgan bo‘lib so‘radim:
–    Darvoqe, yor-do‘stlar, shogirdlar xabarlashib turishibdimi?
 U yana xafsalasiz qo‘l siltadi.
 -Tanish-bilish, oshna-og‘aynini ko‘rarga ko‘zim qolmagan. Hammasi gapni aylantirib kelib, Halimaga taqaydiyu ustimdan kuladi. Shogirdlar? Bir shogirdim Toshmurod bo‘lsa, meni uzoqdan ko‘rishi bilan ashulasini boshlaydi:
 Men necha aytdim, ko‘ngul, jondin kechib yor sevma, deb,
 So‘ng yiroqqa ketsa tashlab, urma oh, dod dema, deb…
 G‘ijinganimni ko‘rib, gapni hazilga buradi. «Aka, siz tajribasizlik qildingiz, – deydi. – Halima, sizning oqko‘ngilligingizdan foydalandi. O‘zi soddagina ko‘ringani bilan, baloning o‘qini yegan xotin ekan!..»
 «Haqorat qilmang, Toshmurod!- deyman.- Iltimos, haqorat qilmang! Halimayam xudoning sizu menga o‘xshagan bir bandasi!..»
 «Uzr, aka uzr! Halima yangamni shunchalar yaxshi ko‘rishingizni bilmas ekanman! Hay, mayli, boshqasini qo‘ying, aka, «besh pilyus bir» qalay?»
 Bu uning «o‘g‘il-qizlaringiz omonmi?» degani…
 Turg‘un aka keng peshonasini mahzun silar ekan, chuqur xursindi va boshini ko‘tardi:
 -Buni qarang, gap bilan bo‘lib, salqin tushib, kech kirganini ham sezmay qolibmiz. Keling, yana bittadan olaylik!..

“Hurriyat” gazetasi, 2013 yil 27 mart.