Nurullo Oston. Xudo bandam desin (hajviya)

Yaratgan bandasini loydan bino qilganida, bir payt kelib, uning bandaga aylanib ketishini hisob-kitob qilib qo‘ymagan bo‘lsa kerak. Shundan hamma joyni izm-izmlar bosib ketdi. Avval banditizm paydo bo‘ldi, keyin banda o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqib, anarxizm yuzaga keldi, keyin vandalizm, kapitalizm, imperializm, sotsializm, kommunizm…

Bu balolardan qutildik, deganda endi terrorizm degan balosi chiqib turibdi. Samolyotni  osmono‘par binoga olib borib urgan, hamma tomonga bomba joylab, avtobusni portlatgan, tinch aholini besaranjom qilgan. Yana kontrabanda deganiyam chiqqan. Ham kontra, ham banda! Kontra, degani yot unsur degan ma’noni anglatardi ilgari. Banda degan so‘z-ku, hammamizga ma’lum. Bandalik-da endi, deyishadi birov o‘lganida. Falonchi bandalikni bajo keltiribdi, deyishadi. Kontrabandalikni bajo keltiribdi, deyishmaydi.

Bandalardan mafiya tashkil topadi. Hamma joyda mafiya, hammaning o‘z mafiyasi bor. “Bu mening territoriyam, -deydi gadoy-gadoyga. -o‘zinging territoriyangda gadoylik qil, bo‘lmasa…”, -deb kazo-kazo odamlarni sanab ketadi, bu yog‘i salkam xalqaro tashkilotlarga borib yetadi. Qaysi oqsuyakni ko‘rsang, ota yo ona tomonidan shajarasi Ibrohim Xaliullohga borib taqaladi. Biror ortiqcha gap aytishga qo‘rqasan. Ibrohim Xaliullohning millatlarini so‘rasangiz, u kishi Odam Atoning avlodidan bo‘lganlarini, xotinlari Bibi Soradan yahudiylar va Bibi Hojardan arablar tarqalganini tushuntirib ketishadi. Ha, mayli sizlar Odam Atoning avlodlari bo‘lsalaring, biz qora xalq maymundan tarqalganmizmi, deb so‘rayolmaysan. “Unday bo‘lsa, sizlar yahudiy bilan ota bir, ona bo‘lak, tug‘ishgan aka-uka ekansizlar-da”, -desang  malomatga qolasan. “Xudoga shirk keltirayapsan, -deyishadi G‘azablanib. -Bularning hammasi faqat o‘ziga ayon. Sen muridmisan, muridligingni qil. Millatchilik xudoga yoqmaydi”. Bitta eshon bir paytlar amallab huk
umat tepasiga chiqib olib, xalqni g‘orat qilib yuborganini aytishmaydi. Adashgan-da, deyishadi. Ot ham to‘rt oyoqda qoqiladi-ku!

Bozorlarda ham mafiya. Davlat pulini hamyoniga urgan bir pattachini ishdan bo‘shatishmoqchi ekan, BMT dan: “Qo‘yinglar, ishlasin”, -degan qo‘ng‘iroq bo‘pti… Odam gavjum joylarda ko‘chaga moshinangni qo‘ymoqchi bo‘lsang bilagiga qizil latta  tang‘igan,  kirligidan yoqasi yirtiq, fufaykasining rangi bilinmaydigan davang kelib “stoyanka puli”ni so‘raydi. Bir narsa yo‘qolsa, yoki moshinani birov surib ketsa ishi yo‘q. “Qaydan bilaman”, -deb yelkasini qisib jo‘nab qoladi.

Boshlig‘imiz minbardan va’z o‘qiyotganida har safar ko‘nglim buzilib, ko‘zimga yosh keladi. Shunday ta’sirchan gaplarni gapiradi, shunday shirin gaplarni topib aytadi, hammamiz ikki soat yig‘lab o‘tiramiz. Uni yaqinda sharmandai-sharmisor qilib ishdan haydashdi. Hammamiz yig‘lay-yig‘lay xayrlashdik. Yo‘q, oradan olti oy o‘tmasdan yana katta tashkilot raisligini qo‘lga oldi. Tagida moshin, ba’zi paytlarda tekshirgani kelib qoladi. O‘sha paytda “sehrlanib qolibmiz, o‘lib qolibmiz”, -deb yomonlaganlarga sichqonning uyasi ming tanga bo‘ladi.

Bir ziyofatda kimdir: “Insof, diyonat qolmadi hech kimda. Stalin davri bo‘lganida hozir shu yerda o‘tirganlarning yarmi politsay, yarmi ayg‘oqchi bo‘lardi”, -dedi. Yuzi cho‘chqaning tumshug‘iday qip-qizil, shirakayf yigit buni eshitib, qo‘llarini ishqab:

-Eh, zo‘r bo‘lardi-da, politsay bo‘lsak, hammani jo‘natardik, xotinlari bizga qolardi, -dedi. Kimdir dasturxondagi likopchani olib uning basharasiga uloqtirdi, bo‘ldi to‘polon, janjal, ziyofat bir tomonda qolib ketdi.

Mahallada tug‘ma devona bor, kim nima bersa, shu bilan tirikchilik qiladi. Har doim yonida suv to‘ldirilgan plastmassa idish, qo‘lida kitob bilan “Avval Vatan, keyin jon”, -degan ashulani xirgoyi qilib yuradi. Bir gal u ro‘paramdan chiqib qoldi. “Avval Vatan, keyin jon”, -dedi devona basharamga  qarab. Men uning hozir xayoli joydami-yo‘qmi, bir sinab ko‘ray deb so‘radim:

-Bu nima deganingiz, falonchiboy?

-Avval Vatanni beramiz, -dedi devona pinagini buzmay. -Keyin qocholmay qolsak, jonni ham topshiramiz.

-Ie, vatanni sotasizmi, -dedim uning savdoyi qiyofasiga qarab.

-Ha, olasizmi? -dedi u menga jiddiy tikilib. Dovdirab qoldim. Xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘navordim. Chunki bu zamonda jinnigayam ishonib bo‘lmaydi. U meni sinab ko‘rish uchun jinni qiyofasida yurgan mafiya bo‘lishi mumkin. Xullas, hamma tomon mafiya. Belgilab qo‘yilgan imtiyoz bo‘yicha kolxozdan tomorqa olishim kerak, har yili beramiz, deb berishmaydi. Hisobchi, kotib, brigadir, rais hammasi bitta mafiya. Yana “zimlamir” degan bittasi bor, ko‘zi urg‘ochi shoqolning ko‘ziga o‘xshaydi, qancha imorat-joy sotib, haliyam qamalmay yurganiga qoyil qolaman. Bu ham mafiyaning ishi. Nimasini aytasiz, fohishalar ham mafiyaga o‘lpon to‘lab turisharkan. Qabristondan joy tanlash, o‘likni ko‘mish uchun mafiyadan ruxsat olish kerak. O‘ligi-ki shunchalik dardisar bo‘lganidan keyin, tirigining kuni qursin. Ha endi bandalik-da, deysizmi? Xudo bandam desin…