Normurod Norqobilov. Keksa tut (hikoya)

Tepki zarbidan keksa tut daraxti qattiq seskandi.
U bu xil kutilmagan zarbalarga ko‘nikib ketgan esa-da, negadir bu galgisiga chidashi xiyla qiyin kechdi. Keksa tanasi ich-ichidan qaqshab, novdalarigacha zirillab va titrab ketdi. Shunga qaramay, pinak buzmaslikka urindi – ichdan to‘lqin urgan ingrog‘ini shabadada tebranayotgan yaproqlari shovuriga ko‘mib, odatdagidek, qaddini adil tutdi.
Keksa tutni Ashur uzunning to‘ng‘ich o‘g‘li tepgan edi.
U tomorqa adog‘idagi dashtdan inilaridan avvalroq qaytarkan, tutqich bermas raqibi – Yovqoshning alamini tutdan olgan – o‘zicha hovurini bosgan edi. Chunonchi, keksa tutning vaqt-bevaqt tepkilanib turishi azaliy odat – qo‘shnilar avvaliga yoqalashadi, so‘ng dasht bo‘ylab quvlashadi va izlariga qaytayotib, albatta, uni bir-ikki tepib o‘tishadi. Shu bois, keksa tut navbatdagi tepkilarni chidam va sabr bilan kutmoqda edi. Ammo shuncha kutsa-da, kutilgan zarbdan darak bo‘lavermadi. Boisi, uni tepkilab o‘tishi lozim bo‘lgan Ashur uzunning ikkinchi o‘g‘li bu vaqtda iziga qayrilib, oqshom pardasi qa’ridan otasini qidirmoqda edi.
Tomorqa adog‘idagi do‘nglikda hanuz o‘ziga kelolmay, harsillab o‘tirgan Ashur uzun o‘zini qidirishayotganini sezib, qo‘lidagi so‘yilga tayanib, zo‘rg‘a qaddini tikladi. So‘ng o‘zini tetik va bardam ko‘rsatishga tirishib, dashtga ko‘z tashlagan, Yovqoshning qorasini ilg‘ashga uringan bo‘ldi. Biladi, bu keng dashtning qaysi bir burchiga biqinib olgan raqibi hali-veri qora bermaydi. Bu tomon to‘la-to‘kis hovuridan tushmaguncha biqingan joyidan chiqmaydi. Har safar shu ahvol – Yovqosh osongina qochib qutuladi, Ashur uzun esa unga yetolmay dog‘da qolaveradi. Qani endi, mana shu so‘yil bilan yelkasiga boplab bir tushirsa, so‘ng tagiga bosib, xumoridan chiqqancha piypalasa. Esingdami, bir zamonlar oldingga solib quvlarding, xo‘sh, endi holing qalay, deya yuziga bir-ikki musht tushirsa! Biroq Yovqosh kiyikdek epchil – sira tutqich bermaydi, hatto o‘g‘illari ham quvib yetolmaydi uni. Yo qo‘rqqan odam uchqur bo‘larmikan? Darvoqe, bir vaqtlar o‘zi ham Yovqoshga tutqich bermasdi-ku! Ha-a, o‘g‘illari unda go‘dak edi, qo‘shnisining oldiga tushib qochmoqdan bo‘lak iloji qolmasdi uni.
Endi esa…
Yovqoshdan qochib yurgan davrlarini eslab, Ashur uzunning g‘azabi qaynaydi. Qo‘lidagi silliq so‘yilni mahkam changallab, yana bir sidra dashtga ko‘z yugurtiradi. Keyin oshiqmay, g‘olib qiyofada yo‘lga tushadi. Katta o‘g‘li allaqachon hovliga yetgan, ikkinchisi, ana, tutdan beriroqda, polizga qo‘yilgan qo‘riqchiday, hanuz so‘ppayib turibdi, uchinchisi, qoqilib tushgan shekilli, oqsoqlanib bormoqda. Uning izidan pildirab borayotgan kenjasi bu yil yettiga to‘lgan, “quv-quv”ga ilk bor ishtirok etishi… Ashur uzun mamnun ishshayadi: “He-e, otasining uli, bo‘sh kemaysan!”
Ashur uzunning do‘ngdan ena bosh­laganini ko‘rgan ikkinchi o‘g‘il asta yo‘lda davom etarkan, keksa tutga yetganda, xuddi jin chalgandek, birdan unga tashlanib qoldi. Avvaliga kaftlari qirrasi bilan tutning g‘adir-budir tanasiga ketma-ket zarba berdi, so‘ng bir necha bor tepdi, sho‘rlik daraxtni Yovqoshga qiyoslab, o‘zicha, boplab po‘stagini qoqqan kishi bo‘ldi.
Keksa tut, odatdagidek, zarbalardan emas, adadsiz kek, cheksiz nafrat va adovatdan qaltirab ketdi. Tavba, odam bolasi shuncha narsani qanday qilib ko‘ngliga sig‘dira olarkan? Yuragi tars yorilib ketmaganini buning!
Yigitcha tutdan uzoqlasharkan, so‘qmoqda yotgan mushtday kesakni ham tinch qo‘ymadi. Uni bor kuchi bilan qo‘shni tomorqa tomon tepib yubordi. Keyingi tepkisidan esa so‘qmoq bo‘yidagi gulxayri qoq belidan chirt uzilib tushdi. Bu ishidan mamnun bo‘lgan yigitcha, tepmoqqa narsa qidirib, zimdan tevarakka alangladi. Shunda uning ko‘zi shudgordan naridagi bedapoya chetiga qantarig‘li Yovqoshning eshagiga tushdi. Bir o‘yi uni tepkilab tashlamoqchi bo‘ldi. Biroq shudgor kechib yurishdan erindi.
Aslida bugungi janjal ushbu shudgor tufayli yuzaga kelgandi. Yovqosh ekindan bo‘shagan yerini haydatarkan, yovvoyi o‘t ildizlarini terib, so‘qmoq yoqasiga uygandi. Keng ikki tomorqa o‘rtasidagi so‘qmoq umumiy esa-da, bu holat Ashur uzunning g‘ashiga tegadi. Oqibat, yana o‘rtada urush chiqib, ko‘pchilikka bas kela olmagan Yovqosh, o‘ziga o‘g‘il tug‘ib bermagan xotinini la’natlab, tag‘in qochmoqqa tushadi.
Keksa tutning endigi hadigi oqsoqlanib kelayotgan yigitchadan edi. Bir ozdan so‘ng uning o‘zi bilan o‘zi ovoraligini sezgach, xiyol yengil tortdi. Holbuki, jangarilikda bu yigitcha akalaridan sira qolishmaydi. Ularga taassub qilib, tutga ko‘p azob beradi. Xayriyatki, eng keyinda pildirab kelayotgan kenja o‘g‘il bu borada akalaridan ulgi olmagan, tutni yaxshi ko‘rgani bois kunda bir necha marta unga tirmashadi. Azaldan bolalarga mehri baland keksa tutga uning bu qiliqlari juda xush yoqadi.
Ayni damda keksa tut shuni istamoqda edi. Johil yigitchalar tepkisidan karaxt tortgan tanasiga bolakayning kelib suykalishlari xuddi malhamdek tatiydi-da. Biroq bolakay hali huv narida, to u yetib kelgunga qadar keksa tut “tepkichilar” tomonidan qoldirilgan yomon hislarni o‘z tanida tuyib turishga majbur edi.
Keksa tut barcha dov-daraxtlar kabi tashqi muhitga, shuningdek, yaxshi-yomon tuyg‘ularga g‘oyatda sezgir edi. Tanasiga tekkan barmoqlardanoq kaft egasining kayfiyatini darrov uqib oladi. Qisqasi, u mehrdan yayrab, qahrdan titraydi. Biroq nochor jihati shunda ediki, daraxtlardagi bu holatni odam bolasi payqay bilmaydi. Masalan, ular uchun bu daraxt o‘zi unib-o‘sgan shunchaki bir tut edi. Pilla qurti davrida, jonini og‘ritib, novdalarini chala-yarim kesib olishadi-da, qolgan payt u bilan birovning ishi bo‘lmaydi. Keksa tut esa tig‘ tegmagan novdalarida qolgan mevalari bilan bolalarni siylamoqni yoqtiradi, misli yoqutday tovlanuvchi mevalariga bolalarning og‘zi tekkani sari, g‘alati bir hisdan sarmastlanib, bejiz quyoshdan nur emib, bejiz zamindan quvvat olmayotganini tuygandek bo‘ladi.
Keksa tut ildiz otgan bu zamin qadimda yaydoq dashtning chekka bir bo‘lagi edi. Vosiq polvon ko‘chib kelganda, qishloq hozirgidan ko‘ra, yuz baravar kichik, yer degani bisyor edi. Vosiq polvon o‘zini qora tortib kelgan jonajon do‘sti Bakir polvonga o‘ziga tegishli yerning teng yarmini hadya etganida, ushbu tut ikki yer o‘rtasida belgi bo‘lib qolgandi. U paytda do‘stlar endigina uylanishgan, yagona shirin orzulari bir etak polvon o‘g‘il ko‘rish edi. Biroq bandasining istagi emas, Xudoning buyurgani bo‘ladi degandek, to‘ng‘ichlarida polvonlik siyog‘i sezilmagach, Vosiq polvonning qovog‘i osilib, xomush tortadi. Bakir polvon jo‘rasidan ham ko‘ra, o‘zini yupatmoq ilinjida deydi: “Suyagini qotirib, mehnatga solsak, odam bo‘p qolishar…” Bunga javoban Vosiq polvon keng ko‘ksini siypab-siypalab, umidsiz bir ohangda deydi: “Bo‘lar bola boshidan deganlar! Bekorga ovora bo‘lasan, bulardan ikki dunyoda ham polvon chiqmaydi!” Ammo shunga qaramay, jo‘ralarning umidlari katta edi, axir bellari to‘la bola, hali bunaqa o‘g‘illardan kim qanchasini ko‘rishadi. Biroq yana o‘g‘il ko‘rish do‘stlarga nasib etmaydi. Ayni qishda Bakir polvonning ota yurti bo‘lmish tog‘ qishloqlaridan biriga to‘yga otlanishgan jo‘ralar yo‘lda qor ko‘chkisi ostida qolishadi…
Shunday qilib, do‘stlar so‘nggi nafaslarigacha ahil qoldilar. Turgan gap, ular o‘g‘illarini ham shunday bo‘lishlarini istashar edi. Biroq yomg‘irli kuz oqshomlaridan birida Vosiq polvon tuzatib bo‘lmas bir xatoga yo‘l qo‘ygandi. U to‘rda xirmonday bo‘lib yonboshlab yotarkan, bexosdan og‘zidan shu gap chiqib ketadi: “Bakir polvonning yeri aslida bizga tovin, do‘stligimiz vajidan yerning teng yarmini hadya etganman unga…” Vosiq polvon bu gapni ne maqsadda aytdi, bunisi qorong‘i-yu, har holda o‘shanda ovozida zig‘ircha ta’na yo‘q edi. Ammo bu gapni poygakroqda, qalin kigiz ustida o‘ynab o‘tirgan tor manglayli bola – Ashur uzun qulog‘iga qo‘rg‘oshinday quyib olgandi. Oradan sal vaqt o‘tib-o‘tmay, u tengquri Yovqoshga pisanda qiladi: “Uv-v, bilasanmi, silarni yerlaring aslida bizniki…” Yovqoshi tushmagur xiylagina dadil bola edi, tap tortmay, bosh barmog‘ini boshqa barmoqlari orasiga joylab, mushtumini uning burniga taqaydi: “Shu gapingga manovuni yebsan!”
Odatda, iliq-issiq kunlarida jo‘ralarning tushki choyxo‘rligi va boshqa shu kabi tadbirlari o‘rtada do‘stlik ramzi sifatida qad rostlab turgan keksa tut soyasida kechardi. Biroq ularning o‘g‘illari bu go‘zal udumni davom ettirmadilar. “Er” deya yovlashdilar. Holbuki, yerning Ashur uzunga sira keragi yo‘q edi. Tabiatan mayda va xudbinligi bois, shunchaki, g‘ayirligi kelardi. Bu borada Vosiq polvon adashmagan – polvonlik siyog‘i yo‘q bu yigitlar maydalikdan tashqari, o‘lgudek johil va nodon ham edilar. Ashur uzun keng bag‘irli bo‘lolmaganidek, Yovqosh ham oriyatga oshna tutinmadi, ol yeringni, deya o‘zga manzilda tomir otmadi. Qaytanga “Senga yer berguncha, o‘zimning qora yer bo‘lganim yaxshi!” deya tirashishda davom etdi. Vaholanki, u paytlarda ham yer qahat emasdi.
Ular o‘rtasidagi ilk jiddiy to‘qnashuv Ashur uzun o‘g‘il ko‘rgan yili yuz beradi: “Bola-chaqamga yer kerak, bo‘shat tomorqamni!”, deydi. Yovqosh uni mazaxlab, qog‘oz ko‘rsat, deydi. Ashur uzun bu safar o‘zini tutolmay, uning yuziga boplab bir tarsaki tushiradi. Ana shunday so‘ng Yovqoshga xudo beradi… Unga bas kelmoqqa chog‘i yetmagach, Ashur uzun sharmandalarcha qochmoqni boshlaydi.
Yovqosh quvlaydi.
Ashur uzun qochadi.
Bu “quv-quv” kelinchaklarning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi. Boshda ular rosa oh-voh ko‘tarishadi. So‘ng-so‘ng esa binoyidek ko‘nikib ketishadi, negaki, bu narsa bora-bora odatiy holga aylanib, erlari haftada bir-ikki quvlashmasa, yeganlari ichiga tushmaydigan darajaga yetishdi-da.
Odatda g‘idi-bidini Ashur uzun boshlab beradi. Anchayin mehnatkash bo‘lgan Yovqoshning sa’y-harakati tufayli gullab-yashnab turgan qo‘shni yerga qararkan, ichidan qirindi o‘tib, o‘z-o‘zidan alami toshib kelaveradi:
– Otamning yeri bu!..
Bu yog‘i esa juda tez… pirovardida, janjal hamisha Ashur uzunning shataloq otib qochishi-yu, Yovqoshning quvlashi bilan yakun topadi. Bu masalani qonun yo‘li bilan hal etish esa, na unisining, na bunisining xayoliga keladi – biri, “meniki”, deya; ikkinchisi esa, “yo‘q, seniki emas, meniki”, deya umrguzaronlik qilib kelishadi.
Ular o‘rtasida janjal qo‘pishi bilan keksa tut ayni qish chillasida kunbotishdan esadigan achchiq izg‘irin zahrini tuyganday bo‘ladi. Faqat achchiq bu izg‘irin kunbotishdan emas, misli urishqoq xo‘rozlarday bir-biriga xezlangan ikki qo‘shni vujudidan ufuradi. Qish izg‘iriniga, harchand achchiq bo‘lmasin, toqat qilish mumkin, ammo johil bu kimsalar jismidan ufurayotgan g‘azab va nafrat to‘foniga bardosh bermoq g‘oyatda mushkul. Buning ustiga, bu kamdek, ular quvlashganda ham, qaytishganda ham keksa tut yonidan o‘tisharkan, iziga qaytishda, uni tepib qo‘yishni sira kanda qilishmaydi, ya’ni ta’qibchi tutqich bermagan g‘animi alamini daraxt­dan oladi. Sho‘rlik keksa tut bu “tepki”lar zarbidan o‘ziga kelishga ulgurmay, tomorqa adog‘ida qochoq – mag‘lub tomon paydo bo‘ladi. Ammo u tutni tepmaydi, unga g‘amgin suyanadi. Keksa tutning unga ichi achiydi, yashil yaproqlarini shivirlatgancha bechoraga dalda bergan bo‘ladi.
Boshda Ashur uzun uning rahmini keltirardi. U Yovqoshdan bir amallab qochib qutularkan, iziga qaytishda, tutning yonida to‘xtar, unga yelka tirab, qo‘shni kulba tomon g‘anim ko‘zi bilan tikilar ekan, raqibidan o‘ch olishning ming bir yo‘llarini o‘ylar va so‘ng otasi Vosiq polvonning kuchi o‘zida yo‘qligidan juda-juda o‘kinardi. Mabodo, mo‘jiza yuz berib, Vosiq polvonning kuch-qudrati o‘g‘liga qaytar bo‘lsa, Ashur uzun deganlari otasiga o‘xshab davralarga tushib o‘tirmasdi, qishlog‘i ori uchun o‘zga yer polvonlari bilan kurashib yurmasdi, ado etadigan birdan-bir ishi – la’nati Yovqoshni yerga bosib, obdon mijiqlash bo‘lardi, xolos. Bunday paytda u raqibini shu qadar yomon ko‘rib ketardiki, nazarida, qo‘shnisi Yovqoshning tumshug‘ini yerga boplab ishqalash vajidangina bu yorug‘ olamda nafas olib yurgandek tuyardi o‘zini: “Yaramasni tagimga bosib, anjirday ezg‘ilamasam, toza armonda ketaman-ov!” – deb o‘ylardi.
Uning armonlarini tuygan keksa tut yashil yaproqlarini silkib, bobo quyoshning charog‘onligi-yu, ona zaminning hayotbaxsh tafti xususida ohista shivirlab, tiriklik ulkan baxt ekanligini uqtirishga behuda urinardi. Va dilidagini bu johil kimsaga anglata olmagani sayin, har safar, ich-ichidan darz ketib borardi.
Bu orada Ashur uzunning o‘g‘illari ulg‘ayib, vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi mag‘lub sifatida Ashur uzunning o‘rnini Yovqosh egalladi. U g‘olib ota-bolalarning oldiga tushib qocharkan, qaytishda xuddi Ashur uzundek tutga suyanadi, ter bosgan manglayini uning g‘adir-budir tanasiga tirab, alamdan ko‘zlarini namlaydi, o‘ziga o‘g‘il bermagan Xudodan noliydi. Keksa tut tag‘in borliqning ulug‘vorligi-yu, havoning musaffoligi to‘g‘risida so‘zlab, uning ko‘ngliga mehr iydirmoqchi bo‘ladi. Ming afsuski, Yovqoshning toshqotgan ko‘ngliga mehr degani sira singmaydi, adovatga to‘la qalbi bu xil narsalarni chuchmal his etib, tuflab tashlayveradi.
Bunga sari keksa tutning tomiriga muz yugurgandek bo‘ladi. U gohida shu sozda qurib qo‘ya qolgisi keladi. Biroq borliq uning o‘lmog‘iga izn bermaydi – tanasini qo‘chib turgan alamzada ko‘lanka uni tark etishi bilan shoxiga qushlar kelib qo‘nadi, mayin shabada yaproqlarini tortqilaydi, quyosh mo‘l-ko‘l nurini undan ayamaydi, shunda u zamin tarovatini qayta his etib, yengilgina kerishib, tevarakka mas’ud nazar tashlaydi va uzoq-yaqindagi dov-daraxtlarga yel orqali salom yo‘llagan ko‘yi, arg‘imchoq uchadigan qizlarni ilhaq kuta boshlaydi. Qizlar shoxiga arqon tashlab, arg‘imchoq uchganida, ularga qo‘shilib, yayraydi, shodlikdan “qiyqiradi”, ya’ni yashil yaproqlarini sho‘xchan tebratadi.
Qizlarning arg‘imchoq uchishlari hovli etagida Ashur uzunning qorasi paydo bo‘lgunga qadar davom etadi. Qizlar Yovqoshniki. Ular Ashur uzunni payqashi bilan tutni oshig‘ich tark etishadi va bolaligiga borib, ba’zida arqonni unutib qoldirishadi. Unutilgan arqon Ashur uzun tomonidan pichoqda bo‘laklanib, qo‘shni tomorqaga uloqtiriladi.
Ashur uzunning arqonni burdalash paytidagi vajohati keksa tutni doimo dahshatga soladi. Bu onda Ashur uzunning vujudidan shunday bir yovuz quvvat ufuradiki, tut bu quvvat ta’sirinigina emas, rangi va ko‘lankasini ham ilg‘aydi. Qoramtir tusdagi bu ko‘lanka xunuk tebranib, tevarak-atrofga yoyilganda, quyosh so‘nik, zamin taftsiz tuyulib, u karaxtlashadi, ya’ni xuddi birov chop­moq niyatida bolta ko‘tarib kelganday, qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.
Bugun Ashur uzun so‘qmoq bo‘yidagi yovvoyi ildizlarni qo‘shni yerga jahl bilan uloqtirmoqqa tushganida, keksa tut qushlar chug‘uridan mast edi. U kechki yotoqqa hozirlik ko‘rayotgan hurkak chumchuqlar galasini kiftida erkalab, ularning chug‘ur-chug‘uridan huzur qilayotgan edi. Ashur uzunning bejo xatti-harakatlaridan qushlar hurkib qochgach, tanho qolgan daraxt yuragini hovuchlagancha voqeaning davomini kuzata boshladi. Ana, Ashur uzun yovvoyi ildizlarni uloqtirish bilan kifoyalanib qolmay, o‘z hovlisi kunjagida ketmondasta yo‘nib o‘tirgan Yovqoshning tepasiga o‘dag‘aylab bordi. Odatdagi, qisqa olishuvdan so‘ng qo‘shnisining qo‘li baland kelib, Ashur uzun yerga cho‘zilarkan, bo‘g‘izlangan buqaday bo‘kirib, o‘g‘illarini ko‘makka chorladi. O‘g‘illari miltiqning o‘qiday uydan otilib chiqishlari bilan Yovqosh yer hidlab yotgan Ashur uzunning ketiga bir tepib, oyog‘ini qo‘liga oldi…
Qo‘rqib ketgan keksa tut Ashur uzunning to‘ng‘ich o‘g‘li tepkisidan o‘ziga kelganida, “quv-quv” allaqachon nihoyasiga yetgan, Yovqoshni quvlab yetolmagan “qo‘shin” parokanda bir ahvolda iziga qaytmoqda edi. U, hansirashgancha, tanasiga qotinib o‘tayotgan yigitchalardan taralayotgan qora quvvat – adadsiz kek, cheksiz adovatdan jonsaraklanib, tevarakka razm solganda, quyosh allaqachon pinakka ketgan, boya uni oshig‘ich tark etgan qushlar chug‘uri qo‘shni dov-daraxtlardan kelar, shuningdek, qiqirlab kulishlari ko‘ngliga xush yoquvchi qo‘shni qizlardan ham endi umid yo‘q. Uning birdan-bir ilinji Ashur uzunning miqtigina kenja o‘g‘lidan edi. Kattalarning betayin janjali tufayli yuzaga kelgan tanidagi og‘riqqa, har galgidek, bolakayning bolalarcha ma’sumligi malham bo‘lishi mumkin edi.
Keksa tut oqsoqlanayotgan akasi izidan pildirab kelayotgan bolakayga ilhaq termularkan, kuni kechagina uni shoxlari orasiga olib erkalaganini esladi. Yovqoshning qizlari bir shoxida arg‘imchoq uchganida, ikkinchi shoxida bolakay o‘z o‘yini bilan andarmon bo‘lgan, so‘ng qizlarga qo‘shilib arg‘imchoq uchgan. Keksa tut bu xil sho‘xchan damlarning uzoqroq davom etishini istaydi. Biroq keng tomorqa boshidagi devorsiz hovlilardan birida Ashur uzun paydo bo‘lishi bilan qizlar tutni tark etishadi. U bo‘shab qolgan quchog‘ini kerganicha qolaveradi. Ular orasida faqat bolakaygina kattalar kayfiyatiga bo‘ysunmaydi, shoxlari orasiga joylashib o‘tirib olgancha, keksa tutni goh ot, goh mashina, goh samolyotga qiyos etib, berilib o‘ynashda davom etadi.
Bu orada bolakay ariqchadan chaqqon sakrab, oqsoq akasini quvib o‘tdi. Ana, bu yog‘i ko‘p qolmadi, yana bir necha soniyadan so‘ng u tutning yoniga kelib, har safargidek, unga suykaladi, quchadi. Keksa tut hademay yuz berishi lozim bo‘lgan bu tanish lazzatdan huzurlanib, beixtiyor, sarxush tortarkan… tuyqusdan qattiq seskanib tushdi. Yo dorig‘, bolakay xuddi akalaridek, uni tepgandi. Keksa tut zaif tepki zarbidan emas, ushbu tepkining yuzaga kelmog‘iga sabab bo‘lgan nafratdan seskangandi. Tavba, qachon u adovatga oshna tutina qoldi? Axir salgina burun uning qalbida beg‘uborlikdan o‘zga narsaning o‘zi yo‘q edi-ku! Nahotki, kattalardagi bu noqis illat shu qadar yuqumli bo‘lsa?!
Keksa tut bu savollarga javob topolmay, bir muddat ang-tang turib qoldi-da, so‘ng bolakayning nav­batdagi tepkisini ko‘tarmoqqa chog‘i va bardoshi yetmay, nolakor g‘irchillagancha, gursillab yerga quladi…

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son