Tong. Sigir-buzoqlarning jag‘i ochilib, meni tinmay o‘z tilida chaqirayotgandek. “Demak, bugun uxlab qolibman” dedim o‘zimga. Yozgi ta’til bo‘lgani uchunmi ertalab uxlab qolish, sigirlarni kun yoyilganda boqish ham ayb emasdek tuyuladi. Ta’tilning to‘qson kuni to‘qqillab o‘tgani sayin esa uy ishlari, o‘yinlar ham biroz zeriktirayotgandek go‘yo.
Aytgancha, bu yil to‘qqizga to‘laman. Momomning aytishicha, “odam soniga” kirar emishman. Hozir-chi, nima odammasmanmi? Momomga shuncha yordamlashganim bilan har doim menga: “Bolasan-da, bilmaysan, bu dunyoning ishlari ko‘p g‘alat… Hech kimning oilasi buzilmasin. Onang ham qiziqqon bo‘lib qolgan… Men kuymay, kim kuysin?! Onangni eslatib turgan qosh-ko‘zlaringdan o‘rgilay. Baxting o‘xshamasin ishqilib”, – deb peshonamdan o‘padi.
– Lobar! – dedi momom, – peshin bo‘ldi-yov qizim. Mollarning qobirg‘asi qobirg‘asiga yopishib ketdi. Shirchoyingni suzib qo‘ydim. Turgin endi.
– Hali sakkiz bo‘lgani yo‘q-ku, enajon, – dedim bir ko‘zimni zo‘rg‘a ochib derazadan mo‘ralab.
– Kunni qaragin, ertalabdan qizdiradi-ya. Dugonalaring allaqachon Sho‘rtandan o‘tib, hu, yam-yashil zovur chetlariga mollarini boqib, to‘yg‘azib ham bo‘lishgandir.
Ichimda mol bahona o‘yindan ham qolib ketganimni fahmlab: “O‘zi ketganini ko‘rdingizmi?” – dedim eshik tomonga yurib.
– Ko‘rganimga ancha bo‘ldi, bolam.
– Ertaroq uyg‘otmabsiz-da, momo, – deyman yana aybimni tan olgim kelmay.
– Qancha chaqirdim, o‘zing erinchoqsan, qizim, – dedi momom. Yuzimni chala-chulpa yuvib, shoshib mollarni bo‘shatgani yo‘l oldim.
Yumshoq nonni yashirib qo‘ygan qaymog‘imga botirib-botirib yedim-da, sigir-buzoqlarni yo‘lga solib haydab dalaga yo‘l oldim.
Buyog‘i endi bepoyon paxtazor va ekin maydonlari. Undan sal narirog‘i esa daryo qirg‘og‘i – dayrovot. Men-ku u yerlarga deyarli bormaganman. Chunki tog‘am u yerga borishimni taqiqlagan. Dugonalarimning aytishicha, daryoning narigi qirg‘og‘i yam-yashil bedazor emish. Shu bois ayrim sigirlar u tomonga suzib o‘taman deb daryoda oqib ketgan.
Sigir ancha qarib qolgan. Kechgacha bosh ko‘tarmay o‘tlasa ham, negadir, uni to‘ydirolmayman. Uyga ketar chog‘da to‘ygunicha suv ichiraman. Mesh qorni shishib to‘ygani bilinib tursin deyman-da.
Bu yerda hamma meni “shaharlik” deydi. Lekin bu gapni yomon ko‘raman. Otam-onam ajrashib ketishganida onam bechora to‘rt bolani boqaman deb qiynalib qolgan. Men esa otamni ham onamni ham emas, momom bilan yashashni tanladim. Tog‘alarimning biri ko‘chib ketgani, biri o‘qish uchun shaharga ketgani sababli momom katta hovlida yolg‘iz qolgandi.
– Katta tog‘angni bekor ko‘chirib chiqargan ekanman. Kattasi ko‘chib chiqsa, kichigini uylantiraman degandim-da. Qayda, kichkina tog‘ang o‘qiyman deb oyoq tirab turib oldi. Omadini bir sinab ko‘rsin, keyin o‘z-o‘zidan ko‘ngli qoladi, deb o‘ylagandim. Lekin tog‘angning omadi chopib o‘qishga kirib ketdi, – deya zorlana boshlaydi momom. – Bobong rahmatli erta ketdi. Bolalarimning katta bo‘lishini qancha kutganimni bilsayding. Mana, katta bo‘lishdi ham. Ammo endi o‘qishini bitirib qaytishini kutyapman. Ko‘zim yo‘lda. Odamzot nimanidir kutib yasharkan. Kutib-kutib, umring o‘tib ketganini ham bilmay qolarkansan.
Momomning gaplariga ba’zan tushunib, ba’zan tushunmay bosh irg‘ab tinglagan bo‘laman. Ammo tinglaganim sayin negadir ko‘nglim ko‘chada – dugonalarimning oldiga chopmoqchi bo‘laveradi…
Qishloqda har bir dalalarning, qirlarning, tepaning o‘z nomi bor. Mana, qadamlarimni tezlatib, sigirlarni yugurtirib Sho‘rtanga ham keldim. Jonivorlar ham bu yerga o‘rganib qolgan. Paxta dalasiga sira kirmaydi. Ariq yoqalab bir tekisda ajriqlarni yeb ketaveradi. Men dugonalarim Ozoda va Gulrux bilan ko‘rishganimdek sigirlarimiz ham bir-biri bilan yer chimdishdan bosh ko‘tarib “mo‘-mo‘”lashib salomlashib qo‘yadi.
Ozoda uzoqdan meni ko‘rishi bilanoq qo‘lidagi makkajo‘xorini ko‘tarib ko‘z-ko‘z qildi. Birdan xayolimda chaqin urgandek nimadir yalt etdi-yu, ichimda xo‘rsinib qo‘ydim. “Ana, ko‘p uxlashning oqibati, kecha kelishganimizdek tomorqadan makka so‘tasini uzib olish esimdan chiqibdi, esiz”.
– Sochini qaragin, Lobar, – dedi Ozoda makkajo‘xori popugini o‘ynarkan.
– Mening qo‘g‘irchog‘im cho‘pdan bo‘ladi, – dedim.
– O‘ynaymizmi?
– O‘ynaymiz!
Mollarni galma-gal qaytarib kelamiz. Har doim quyosh tik kelganda, boshimiz qizib qornimiz ochganini sezamiz. Shunda Bolibek boboning dala chetidagi tarvuzlariga sekin yaqinlashardik. Bolibek bobo oilasi bilan har bahor mana shu kenglikka joylashib qovun-tarvuz ekadi. O‘g‘rilardan qo‘rish uchun uzun durbini bilan atrofni kuzatib o‘tiradi.
Aslida, polizga pusib borsak ham bo‘ladi. Shunda so‘rashga ham hojat qolmaydi. Ammo bizni otning qashqasidek tanib qolgan, bilib qolsa uyat bo‘ladi-da. Keyin bilsam, Bolibek bobo rahmatli bobomning o‘rtog‘i ekan. Yodidan chiqib ketgandir deb har gal tarvuz so‘rab borganimda “Omonning nevarasimisan?” deydi negadir o‘ychan xayolga berilib. So‘ng qo‘limga bitta tarvuz tutib, “kelib turinglar” deydi. “Rahmat!” deymizu, tezroq tarvuzni paqqos tushirish payida bo‘lamiz.
Chanqoqdan o‘layozib turganimiz yetmaganday dugonam Ozoda tarvuzni muzday oqar suvga qo‘yib, birpas kutishimizni aytadi. Keyin ro‘molimizni to‘shab, tarvuzni yerga urib, yorib yeymiz. Ayni pishiqchilik mavsumi bo‘lgani uchun ichi qizarib chiqadi. Yarmini yeb, qolganini sabzi o‘toq qilayotgan ayollarga eltib beramiz.
Quyosh botar mahal ufq qizarganda dalalar salqin bo‘lib koladi. O‘yin o‘ynab kech qolganimiz sabab qorni to‘ygan sigirlarni yugurtiramiz. Yana qosh qorayar mahal momom yo‘lga chiqib, kutib turgan bo‘ladi…
Devorga boshimni suyab mudray boshlayman, shunda momom:
– Ertaga Sho‘rtandanmi, tepalik yonlaridanmi sho‘ra terib kelsalaring pichak qilib beraman, – dedi. Boshim qiyalab borayotganiga ham e’tibor bermay mastava to‘la kosani oldimga surib qo‘yadi.
So‘ng qulog‘imga yana momomning zorlangani eshitiladi…
Ko‘zimni ochganimda tong yorishgan ekan.
– Lobar! Qizim, turaqol, dugonalaring kutib turibdi.
Ochiq derazadan boshlarini suqib piqir-piqir kulayotgan dugonalarim bu safar momomga qo‘shilib:
– Hech uyquchiliging qolmadi-da, dugonajon! – deyishdi.
Bahoriy ko‘katlar qotishib, yalpizlar ham achimsiq ta’mga kirgan. Doim shifobaxsh taomlar tayyorlashga ishtiyoqmand momom:
– Endi peshingacha mol haydash yo‘q. Sho‘ra terib kelinglar, maza qilib pichak yeysizlar, – dedi.
Yana har ishni o‘yinga aylantirib, bir-birimizni turtkilab o‘yinqaroqligimiz tutadi. Momom aytgan tepalik yoniga yetib borganimizda xushxo‘r yam-yashil sho‘ralar g‘uj-g‘uj o‘sib yotardi. Har qalay oyoq ostida emas tepalik yonida o‘sgani uchunmi, momom bizni shu yerga jo‘natardi. Goh sho‘raning bargquloqchasini uzib, goh tomiri bilan sug‘urib chelakchalarimizni to‘ldirib uyga qaytardik. Momom allaqachon pichak xamirini mushtlab qo‘ygan ekan.
Biz terib kelgan sho‘rani eski dasturxon ustiga yoya turib: – Ie, bu yovvoyi sho‘ra-ku, qizim, – deb qoldi momom. Nafasim qaytib ketayozdi. Shuncha mehnatimiz, buning ustiga enam xamirini ham qorib qo‘ygan ekan-a!
– Qaysisi chin sho‘ra unda? – so‘radim. Enam chelakni ag‘darib ichidan yapaloq bargining orqasi oqimtir sho‘rani qo‘limga tutqazib:
– Mana bunisini yesa bo‘ladi, – dedi.
Dugonalarim ham allaqachon uylariga ketganini fahmlab yana oyog‘imni qo‘lga olib ortimga yugurdim. Chelagimni to‘ldirib qizg‘ish bargli sho‘ralarni terib, uyga qaytdim.
Uyda kundachani ayvonga olib chiqib o‘tirgan momom ham meni shoshib qarshiladi. G‘ayratim jo‘shib kundachada sho‘ralarni chopib ham berdim. Momom bichaklarni bukishga o‘tirganida yugurib tandirni qizdirdim.
Tandir ichi juda katta. Bir marta olov yoqib oqartirish kamlik qiladi. Ikki marta tandir ichini oqartirib rapida va yengchani qoqib-qoqib tayyorlab qo‘ydim. Momom qizigan tandir ichining ikki tomoniga suv sepib hovuridan tushurib qo‘yadi. Keyin yengchani bilagiga kiyib, birin-ketin pichaklarni yopib tandir og‘zini biroz berkitadi. Ko‘p o‘tmay, pichakning hidi dimog‘imni qitiqlay boshladi. Keyin enam pichaklarni uzib tog‘orani to‘ldirdi.
– Birpas damini olsa, muloyim bo‘ladi, – dedi momom. Pichakni yeb bir ko‘cha narida bo‘lak bo‘lib chiqib ketgan tog‘amning uyiga dasturxonga o‘ralgan bichakni olib yuguraman.
Tog‘amnikidan qaytib kelayotsam, ayollar ketmonchalarini tutgancha paxta chopig‘idan qaytishayotgan ekan. Ularni ko‘rib havasim keldi.
Momomga: “Men ham paxta chopig‘iga chiqay? Tog‘amni qizlari chiqishyapti-ku” dedim. Momom meni kichkinaligim uchun ayadimi, ishqilib ortiga qarab ham qo‘ymay, “mollarni kim boqadi unda?” – dedi.
– Men, men hammasiga ulguraman. Faqat xo‘p desangiz bo‘lgani! – dedim o‘zimni xuddi katta odamday tutib.
– O‘zing bilasan. Lekin charchab qolasan-da, o‘ylab ko‘r, bolam, – deydi bu safar ortiga burilib xuddi mening bo‘yimni chopiq ketmonning bo‘yiga taqqoslab o‘lchayotgandek tikilib.
– Charchamayman, – dedim.
Endi bu gapni dugonalarimga ham aytib ularni ham o‘zim bilan birga dalaga olib borishim va chopiq masalasida brigadirdan ruxsat olish kerak edi.
Raim brigadir avval bo‘yimizni, keyii shashtimizni sinadimi, bizni anchayin so‘roqqa tutdi:
– Qurmagurlar-ey, mayli, kichikdan katta bo‘ladi-da odam, yana paxtani ildiz-pildizi bilan chopib boshimni baloga qoldirmaysizlarmi? – deb shop mo‘ylovini buragancha uchalamizni ketmonchalar bilan uchta egat boshiga olib bordi.
Paxtazorning uzundan-uzun egatlarida kun qizib borgani sayin dam-badam o‘tirib o‘yinga berilib qolganimizii aytmasa, Raim birgad aytganday endigina barg chiqara boshlagan g‘o‘zalarni chopmadik. Chopgan bo‘lsak ham endi so‘liganda seziladi. Xullas, bir sigirlarga, bir paxta egatga chopib kunni kech qildik. Bir kunda o‘zimizni katta odam chog‘lab ketmonchaga suyanib olib bir-birimizga “maslahatgo‘ylik” qilishimizda ham, nazarimda, tezroq katta bo‘lish umidi bor edi.
Uyga qaytganimda, sigir-buzoqning u yoq-bu yog‘idan o‘tib, ko‘zdan kechirib kelgan momom mening rang-ro‘yimga boqib: “Charchab qoldingmi, qizim?” dedi. So‘ng yana alqab: “Barakalla, yaxshiyam sen borsan”, deb yelkamga sekingina urib, so‘ng xo‘rsindi.
Men esa charchoqdan yelkamni devorga suyab mudragancha enamni kuzataman. Bunday paytlarda enam har kuni oz-ozdan kechqurunlari paxta chigitlab o‘tiradi. Men ularni kuzata turib, uyquga ketaman. Ertasiga ertaroq uyg‘onib, paxta dalasiga chopiqqa otlandim. Tushlariga chopiq kirib chiqqanday Gulrux bilan Ozoda ham allaqachon sigirlarini oldilariga solib yo‘lga chiqishgandi. Etagimiz to‘la oq olma. Bolalikning oq olmalari ham shirin bo‘larkan. Biz o‘sha oq olmalarni ham dalada yeyishni yaxshi ko‘rardik. Harqalay charchaganda chanqoqni bosadi. Paxta dalasiga yetib borishimiz bilan dala aylanib yurgan Raim brigadir bizga:
– Ha, barakalla! – deydi.
Shunda uchalamiz ham bir-birimizga qarab eshkirib ketamiz va chopiqni boshlaymiz.
Bu keng dalalarning sira adog‘i yo‘qdek edi, nazarimizda. Biz uchun har bir narsa qiziq, har kun sarguzashtga to‘la edi. Ammo tezroq katta bo‘lishni, tezroq bu hayotning o‘zimiz bilmagan jumboqlarini yechishni istardik. Peshinda charchaganimizdan sigirlarni oldimizga solib oq olmalarni bir-bir tishlab uyga qaytdik. Oq olmani tishlasang, boshqa olmalardek qarsillamaydi-yu, lekin baribir shirin. Keyin uni paxta olma ham deyishadi. Nega unaqa deyishar ekan-a?.. Tish botgani uchundir balki… Balki oqligi uchundir. Balki paxta chopiqda paxta dalaga olib chiqib yeyish uchun shunday nomlashgandir. Bilmadim, ammo odamning ko‘ngli oq bo‘lsin ekan. Shu oq olmalardek…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 11-son