Nazar Eshonqul. Qalb to‘zoni (hikoya)

Yaqinda bir tanishim bir to‘da qo‘lyozma ko‘tarib keldi.
— Shu qo‘lyozmalardan yaroqlisini tanlab, bir to‘plam qilsangiz. Muallifi ikki oy burun qazo qildi. Juda yosh edi, to‘plam qilishga ham ulgurmagan ekan. Nimadan o‘lganini hali aniqlashganicha yo‘q. Ha, aytganday, bu yigitning hikoyasini o‘qigan edingiz, sizga juda yoqqandi. Bo‘limda ish qalashib yotgan bo‘lsa ham, marhumning hurmati uchun qo‘lyozmalarni olib qoldim. Ikki oylardan so‘ng unga tartib berish va tanlash uchun saralab, o‘qiy boshladim. Rostdan ham marhumning ikki-uch hikoyasini o‘qigan ekanman: qo‘lyozmalarni saralayotganimda esimga tushdi. U men tasavvur qilgandan ham yosh, hali ko‘p ishlar qilishi mumkin bo‘lgan nozikta’b va favqulodda qobiliyat egasi edi. To‘g‘risini aytishim kerak, jurnalda ishlaganimga o‘n yildan oshgan bo‘lsa-da, bunday hikoyalarni kamdan-kam o‘qigandim. Hikoyalarda inson tabiatida mavjud bo‘lgan ziddiyatlarning hammasi potirdab yuzaga chiqqan, muallif tushkunlik umidsizlik, ikkilanish, jur’atsizlik, xijolat, cho‘chish va mavhumliklararo o‘ziga shunday yo‘l ochib olgandi-ki, uni endi bu yo‘ldan surib chiqarish mumkin emasday tuyulgandi menga. Qo‘lyozmalar meni qanchalar hayajonga solganini hozir tushuntirib berolmayman. Men go‘yo biyday bepoyon va tuganmas sahroda uzoq adashib yurib, to‘satdan ko‘klam cho‘milib yotgan, qizg‘aldog‘u lolalar porillab ochilgan, maysalar qomatlarini ko‘z-ko‘z qilish uchun saylga chiqan qizlar kabi durkunlashgan, havosidan hayot isi anqib yotgan, uzoq-yaqindan hayvonlar o‘kirigi eshitilib turgan yam-yashil o‘rmondan chiqib qolganday edim. Kim biladi, turli xil chuchmal qo‘lyozma o‘qiyverib, charchaganim uchun shunday ta’sir qilgandir, lekin uzoq davom etgan tunni ufqdan otilib chiqqan quyosh to‘satdan charag‘on qilib yuborgani kabi uning sevgan qizingizning tabassumi yanglig‘ dilingizni nurafshon qiladigan so‘zlari, majozlari, manzaralari va ramzlari mening ko‘nglimni lovllatib yorittib yuborgandir? Hikoyalari xalqalari mustahkam va hech qachon uzib bo‘lmas zanjir, ko‘chalarda o‘lja izlab, uvillab yurgan o‘lim, qabrlarga boshlab boradigan yo‘l, qaygadir shoshib ketishayotgan boshsiz odmlar, ko‘zlari chippa ko‘r bobolari izidan oq qasrni izlab borishayotgan bolalar, faqat qo‘zichoq tug‘adigan ayol, egasiz va qorovsiz daydib yurgan otlar, umr bo‘yi hech kim sotib olmaydigan xanjar yasab o‘tirgan telba usta, donishmandning boshini koptok qilib tepishayotgan olomon haqida edi va barcha hikoyalari odamning ko‘nglida achchiq xo‘rsiniq uyg‘otardi. Ammo meni to‘plam ichidagi hikoya ham, kundalik ham deb bo‘lmaydigan, xuddi tassurotlar qaydnomasiga o‘xshash qo‘lyozma ko‘proq hayratga soldi. Bu qo‘lyozma hali tugallanmagan, oldingi hikoyalarga hech bir o‘xshamaydigan tarzda poyintor-soyintor, u hikoyadan ko‘ra biron kitobdan olingan fikrlar umumlashmasiga o‘xshardi-ammo bu yerda na kitobning nomi, na uni yozgan yozuvchining ismi tilga olingan, tush kabi almoyi-aljoyi lavhalar edi.
Bu qo‘lyozmadan alahsirash, vasvasa anqib turar, so‘zlar ishlanmagan, varaqlar yuviqsiz yuz kabi kir-chirga belangan, so‘ng g‘azab va nafrat bilan sahifalar toki yirtilib ketguncha chizib tashlangan, bu manzaralardan biron narsani aniqlab olish qiyin edi. Shoshib ketyotganingizda oldingizdan lop etib bir yirtqich chiqib qolgandek, bu qo‘lyozmada voqealar ham to‘satdan, izohsiz, tafsilotsiz boshlangandi. Men qo‘lyozmaning birinchi varaqlari tushib qolgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, darvoqe, sahifalarga tartib raqami ham qo‘yilmagan, voqealarning rivojiga qarab duch kelgan betdan o‘qiy boshladim.
«Bugun yozuvchi A. bilan uchrashuv bo‘ldi. Zal odamlarga to‘lib ketdi. Taniqli yozuvchilarning hammasi A.ni «ustoz» deb maqtadi. A . menga yangi chiqqan kitobini sovg‘a qildi…»
«… Kasalligim uchun bugun meni ishdan bo‘shatishdi. Miyamda shish bor ekan. Yaxshi bo‘ldi: endi uyda kitob o‘qib yotaman. Qo‘limga kitob olmaganimga ham ko‘p bo‘ldi. Bugun «Qalb sadosi»da bosilgan hikoyamning qalam haqini surishtirib qo‘yishim kerak. Balki, u mening bir-ikki oy kun kechirishimga yetar?..»
«Bu kitobni deyarli har kuni o‘qiyman. Uning so‘zlarigina emas, tinish belgilarigacha shiraga yopishgan pashshaday xotiramga o‘rnashib qolgan. Ko‘zlarimga tuganmas qo‘shinday bostirib kirayotgan jumlalar nazarimda, to‘satdan yorila boshlagan suyak kabi qarsillab ketayotganga o‘xshardi, har safar qayta o‘qiganda bo‘shab yotgan kimsasiz dalaga yopirilib keladigan kuzgi qarg‘alar misoli qalbimga yangi-yangi vahimalar yopirilar, baayni, aroqqa ro‘ju qo‘ygan, faqat maygina xulyo oftobini yoritadigan, xumorini bosadigan bodaparast kabi menda ham kitobdagi manzaralarning xumori paydo bo‘lgan, voqea meni mast qilib qo‘ygan, unga ro‘baro‘ bo‘lgan kundan boshlab, biron kecha ham o‘qimasdan uxlamas, hayotim shomi ham, tongi ham shu kitob bo‘lib qolgan edi. Har kuni ko‘chadan charchab qaytgach, nomigagina nonushta qilar, biroz mizg‘ib olishga qanchalik harakat qilmay, yostig‘im tagida yotgan kitob meni ohanraboday o‘ziga torta boshlardi: vujudingga xuddi maydalab yog‘ayotgan qor kabi bir miskin tashnalik, bir miskin qumsov ezilib-ezilib yog‘adi. Men esa qorga qarab turib, shirin hayollar surish, xotiralarga berilish o‘rniga, oxiri yo‘q botqoqni kechib yurgandek, kitob varaqlari aro jur’atsiz kezib yurardim. Kitobda aytarli hech bir voqea yo‘q, til ham zanglagan kasov kabi quruq, joziba va nafosatdan xoli, dag‘dag‘a va vahm to‘la manzaralar joy olgan ko‘rimsiz, aytish mumkinki, g‘oyatda dag‘allik bilan yozilgan og‘ir zanjirday jumlalar to‘plamidan iborat edi. Ammo mana shu sarg‘ayib ketgan sahifalar, qulab tushay deb turgan ustunga o‘xshash zo‘raki jumlalar va ataylab bo‘rttirilgan tasvirlar aro bir tojovuzkorana ruh kezib yurardi. Va balkim meni ham mana shu ruh oshufta etgan, tushimning, hayotimning osayishta va sokin qo‘rg‘onlariga shu ruh bostirib kirgan, telba xayolini band etgan osmonsiz quyoshsiz kabi mening ham o‘y-u xayolimni band etib olgandir?!
Tunlari cho‘chib o‘yg‘onib ketar ekanman, hozirgana meni uyqu osmonidan haydab tushirgan tush kalxatining chaqchaygan ko‘zlarini eslashga behuda harakat qilardim. Hozirgana yuragingni yulib olgan, ko‘zlaringga tirnoqlarini tiqqan, tomiringda oqayotgan hayotni yalab bitirgan yirtqichning asl qiyofasini eslab bo‘larmikan? U yirtqichning asl qiyofasi bormi? U tushim uxlab yotgan kulbaga goh uch boshli ajdar, goh osmonu-falakni qanoti bilan to‘sib qo‘ygan kalxat, goh yer yuziga o‘zidek maxluqlarni urchitib yuruvchi o‘laksaxo‘r maxluq bo‘lib kirardi. O‘yg‘onib ketgach, xonamga pardalar orasidan zo‘rg‘a sirg‘alib kirayotgan tongning moviy yog‘dulariga tikilgancha, uning qiyofasini eslashga xarakat qilardim, shu’lalar esa go‘zal malakning moviy rangdagi soch tolalaridek, mening bo‘ynimni va yuzimni qitiqlardi. Kitobdagi ruh asta-sekin mening oylarimni, haftalar, kunlar, daqiqalarimni istilo qilib olgan, har lahza, har soniya jismu jonimni qatilkor qadamlari ostiga olar, so‘ng chekib bo‘lingan tamaki kabi ezg‘ilab o‘tardi — bu holat deyarli har kuni takrorlanar, tonglar shafaqdan endi bosh ko‘tarayotgan quyosh, tunlari to‘lin oy bo‘lib umrim ko‘chalarida paydo bo‘lar, gohida esa besanoq qo‘shinlar yig‘ilib turgan ulkan qal’a ustida hilpirayotgan yalov kabi xayolim, shuurim devorlarida hilpirar, tog‘dan shiddat bilan to‘kilayotgan jilg‘a misoli qon tomirlarimda gupirib aylanardi, o, bu ruh meni qachon tark etar ekan, o, bu taqdir kitobi qachon meni kishanlardan ozod qilar ekan? Bundayin mudhish manzara, budayin ochko‘z maxluq, budayin xo‘rlik aks etgan kitob yana qayda bor? Qayda bor bundayin jodu g‘arq qilgan mustabid suhuflar? Qayda bor bundayin mutelik ilmi? Bu xo‘rlik san’atidan qachon qutulaman? Bu haqorat uyqusidan qachon o‘yg‘onaman? Men vahim va qo‘rqinch to‘la ko‘nglimni nimta-nimta qilib, sahifalarda xo‘rak izlab izg‘ib yuradigan ruhning sayoq itlarga bo‘lib bergan, endi menda jismu, to‘rtta suyakdan boshqa hech narsa qolmagan edi. U kitobni na yirtib tashlardim, na birovga berib yubora olardim. U idish tagiga cho‘kkan g‘ubor kabi ongimga, shuurimga o‘tirishib qolgandi: o‘qib chiqqandan so‘ng har safar yirtib, varaqlarini qiyma-qiyma qilishga o‘zimni chog‘lar, biroq pistirmadan chiqib qolgan, sanoqsiz qo‘shin oldida lolu-hayron bo‘lib turgan botir yanglig‘ qo‘limga olishim bilanoq, bu tahlika, tojovuz va vahim to‘la varaqlar oldida o‘zimning zabun va ojiz ekanligimni anglab qolardim. Vaholaki, men ham bu olam ishqining mevasi bo‘lgan, xo‘rlik va haqoratlarga dosh berishga o‘zimda kuch, to‘qson botmonni bir silkishda ko‘targan Alpomish kabi o‘zimning izimdan o‘ttiz yil umr botmonini ko‘tarib yurgan, bir zamonlar bu dunyoga ezgulik va zaminni gullatish uchun ekilgan o‘sha naslning navqiron avlodi edim. Kitob qarshisidagi mening holatim yaratgan gunohlarimga avf so‘rab, sajda qilayotgan taqvadorning xolatiga o‘xshardi, zero, menga kitob rostdan ham behad qudrat va zo‘rlikning timsoli bo‘lib tuyulardi. Balkim, mening sahifalar oldida ojiz va mahkum bo‘lib qolishimning ham sababi shudir?? Mening o‘sha paytdagi kechinmalarim kema halokatidan so‘ng bepoyon dengizda yolg‘iz yog‘ochga osilganicha turgan odamning kechinmalari kabi tushkun va umidsiz edi, zotan, bu sahifalar ko‘ngil bog‘laridan umid yalovlarini uchirib ketguvchi qop-qora quyunga o‘xshardi. Shunday bo‘lsa-da o‘z yarasini o‘zi tishlab yotgan bo‘ri misoli men ham bu afyunga o‘xshash manzaralarni xuddi telba kabi qayta-qayta o‘qiyverar va bundan maxluq ko‘z oldimda yana ham ulkanlashib, vahshiylashib borar, endi miyaxo‘r ertadan kechgacha miya yer, lekin hech to‘ydim demasdi: balkim rostdan ham telba bo‘lib qolgandirman, yo‘qsa, menga bu nahs va zo‘rlik g‘arq qilingan kitobning fosihu fotih ko‘chalarida kezishga ne hojat, yo‘qsa, shifti alam, devori xiyonat bo‘lgan kitob bilan yashashga ne hojat, yo‘qsa, har qadamiga dorlar qurilgan yo‘llarda yurishga ne hojat?!
Men endi undan hech qachon qutulolmayman. U mendagi hamma narsaga yagona xo‘jayin bo‘lib oldi. Uning qiyofasni ham, yuz ifodasini ham tasvirlashga ojizman, Uning bosh qismi mushukka, tana qismi maymunnikiga o‘xshaydi, ammo maymunga qaraganda uch-to‘rt barobar ulkan, tirnoqlari o‘siq, afti esa isqirt, tumshug‘i miya yog‘idan qorayib qolgan. U yaqinda butun shahardagi miyalarni yeb bitirsa kerak. Axir kitobni ham shundayin vahshiyona ruhda yozadimi, degan fikr damo-dam xayolimga kelardi: axir maxluqning miyani qanday yeyishi-yu miyasi yeyilayotgan odamnning ko‘zlari qanday chaqchayishi, ajinlari qanday titrashishi, yuzini, ko‘zini tiriklik qushlari qanday tark etishi, hayot zavqi qanday so‘nishi, maxluqning miya yeyish usullari-yu, uni xil-xiliga ajratib, chanoqning o‘zidayoq ezg‘ilab, so‘ng ishtiyoq bilan yalashi, yalar ekan, ko‘zlari huzur va halovatdan so‘zilib ketishi, o‘rshiq va qalin lablari orasidan ko‘kimtir, badbo‘y so‘lakning bo‘yinlari aro ko‘kragiga oqib tushishi, isqirt tishlari orasida qolgan miyani rohat qilib, ko‘zlarini yumib so‘rishi, so‘ng yana miya izlab ko‘chalarda izg‘ib yurishi, tirik jon poylab, muyulishlarda, qorong‘u xilvatlarda, dahliz va yer osti yo‘laklarida soatlab payt poylab o‘tirishi, bosh chanog‘i yorilayotgan odamning faqat ko‘chani emas, butun dunyoni fig‘onga to‘ldirishi, lekin maxluq iskanjasida tipirchilay-tipirchilay, oxiri jon taslim qilishi haqida bunchalar hafsala bilan yozilishi shartmidi, o‘qigan kishining dardu-dunyosini, shuuri ongini bunchalar zulmatga burkash uning qalbini, ko‘nglini o‘rtash, maxluq qo‘lida jon taslim qilayotgan odamga qo‘shilib, har bir o‘qigan odamni ham qatl etish shartmidi?! O‘quvchini avval maftun etib, so‘ng uni vahimalar ila g‘ovg‘oga solishi, uning ko‘ngil qasrlariga qo‘rquv va vasvasa yalovlarini ilish, shusiz ham so‘qmoqlarini chakalak bosgan umrining dalalariga tushkunlik va umidsizlik urug‘ini ekish, shusiz ham qovurdoq bo‘lgan yurakni sahifalar tovasida qovurish shartmidi? Kitob ham shunday vahimkor bo‘ladimi, kitobni ham shunday shafqatsiz yozadimi?! Undan ko‘ra jallod bo‘lib, suyaklarini nimta-nimta qilgan afzal-ku!!”… Men kitobga va qalbi vahimga limmo-lim bo‘lib turgan qahramonimga shunchalik mubtalo bo‘lgan ketdim-ki, endi undan xuddi qulning bo‘ynidagi zanjirday sira ajrala olmas edim va tunlari kitob ko‘chalarida sargashta kezib yurardim. Kitobda miyaxo‘rning uzun tafsiloti, fe’li, tishlari, qorachig‘i cho‘g‘day yonib turadigan ko‘zlari, qancha miya yegani, uy boshchanoq bilan to‘lgani, shaharni kundan-kun vahima qamrab olyotgani haqida uzun tafsilot berilgandi. Keyingi sahifalarida voqea keskinlashardi.
«Oh, tangrim, — deb oh tortardi qahramon, — najot bormi bu maxluqdan?! Kecha yoshgina qizchaning miyasini paqqos tushirdi. So‘ng kun bo‘yi yotib uxladi. Uxlaganda tanasidan badbo‘y hid chiqardi-xonada turib bo‘lmay qoladi — undan qochib chiqib ketgim keladi, biroq taqdir meni uning qo‘llariga ekib qo‘ygan, uning oyoqlariga kishanlab qo‘ygan! Qochib qayga boraman? Qayga boray?! Butun shahar uning nafsi bilan to‘lgan bo‘lsa, butun dunyo uning oyog‘i ostida yotgan bo‘lsa?! Qani najot?! Agar u bor bo‘lsa keltiring, men uning kundasiga boshimni qo‘yay, ko‘llarila o‘zimni g‘arq qilay, ajal oloviga yuzimni bosay… Men shuni anglab qolgandimki, jumlalar, so‘zlar, sahifalar ko‘z oldimda ulkan va yeb to‘ymas maxluqni yaratib berar va kitobning o‘zi ham kundan-kun, nazarimda, miya yeydigan ochko‘z maxluqqa aylanib borar, men esa uni yirtib, pora-pora qilish o‘rniga turli sahifalardan iqtiboslar ko‘chirar va bu ko‘chirmalarni qayta-qayta o‘qirdim. «…Miyaxo‘r endi yuzlab miyani bir o‘tirishda yeb bitirar, qancha yesa shuncha ishtahasi ochilib borardi. Uni na to‘xtatib, na bu yo‘ldan qaytarib bo‘lardi: umuman, uni to‘xtatadigan kuch bormikin? U qorong‘u joylarda poylab turar, ko‘chadan biron yo‘lovchi o‘tishi bilan tappa bosib, burchagiga sudirab ketar, sho‘rlik esini yig‘ib, baqirishga ulgurmay bosh chanog‘ini bir urishda ochib, hash-pash deguncha miyani yalab bitirardi: miyani yeb bo‘gach, jasadga qayrilib ham qaramas, boshqa biron joyiga ham ziyon yetkazmas, miyasiz jasad yotgan joyida to‘lg‘ana-to‘lg‘ana tipirchilab qolardi. Keyingi kunlarda u hatto ko‘chalarda oshkora tentirab yurardi, qo‘liga tushgan odam qochib qutulolmasdi, u bir paytning o‘zida oyoqlarining tagiga o‘nlab odamni bosib qo‘yib, birin-ketin bosh chanoqni ochib, miyani yalar, so‘ng yana o‘lja izlab, gavjum joyga yo‘l olardi. U kundan-kun semirib, shishib ketayotgan, yuzi tovoqday lorsillab qolgandi. Miya yalar ekan, qip-qizil tili shundayin tez harakat qilardi-ki, chanoqda bir chimdim ham miya qolmasdi. Unga qarshi qo‘yilgan barcha pistirma-yu tuzoqlar bekor ketdi: u o‘lguday ayyor edi-pistirmalardan sakrab o‘tar, qopqonlarni sindirib, tuzoqlarning to‘rlarini uzib tashlar, hirsday kuchli, yo‘lbarsday chaqqon va ohuday xushyor edi».
«…U bir soat ichida butun boshli binodagi barcha odamning miyasini yeb bo‘lib chiqib ketibdi, deb eshitganimizda hech bir ajblanganimiz yo‘q. Vaholanki, bunday binolar shaharda kundan-kun ko‘payib borardi. U uylarga sezdirmasdan kirardi: qulflarini bir tortishda ochar, kitob o‘qib o‘tirgan yoki oshxonada kuymanyotgan kishining bo‘ynidan xippa bug‘ar, unga unchalar azob ham berib o‘tirmas, bosh chanoqni tirnoqlari bilan qo‘porib, miyani og‘ziga tiqardi — bir-ikki daqiqadan so‘ng yana bilintirmay chiqib ketar, siz uning changini ham sezmay qolardingiz. Bu yerda vahshiy odamxo‘rlar haqidagi rivoyatlar ham shunchaki cho‘pchakka aylanib qolardi: bu yovuzlikni ko‘z ko‘rib quloq eshitmagandi… hammasidan dahshati-miyaxo‘rning kundan-kun nafsi ochilib borar, uning ko‘zlari qon to‘la kosaday ulkalashgandi…»
Qo‘lyozmaning shu joyidan bir necha varaq chizib tashlangandi-har qancha urinsam ham, bir-ikki uzuq-yuluq jumla-yu, birikmalardan boshqa hech narsa o‘qiy olmadim, balkim yosh yigit sahifalarda bir oddiy ufrindi kitob tufayli paydo bo‘lgan oh-vohlardan uyalib ketgandir, balkim bu sahifalarda kitob qarshisidagi ojizlik haddan oshganu, unga qarshi qo‘lidan biron chora kelmasligi o‘ziga nash’a qilib, ojiz va mahkum etganligini tan olgisi kelmay, alam va azob bilan chizib tashlagandir-sahifalarning yirtilib ketganiga qaraganda bu taxmin haqiqatga yaqinroq edi — balkim, toshib, ko‘pirib keladigan botiniy va o‘jar tuyg‘ular ta’sirida shunchaki, besabab yirtib tashlangandir: nima bo‘lganda ham bu chizish odamning yuziga qarab turib, surbetlarcha va farosatsizlarcha tuflash bilan barobar edi. Men nafas rosllab olgach, boshqa sahifani shoshib o‘qiy boshladim — zero, bu qo‘lyozma po‘lat sharikchaning ichida nima borligini bilmoqchi bo‘lib, behuda urinayotgan bolaning qilig‘i kabi, meni g‘qiziqtirib qo‘ygan edi.
«O, men bu sahifaga qachon mubtalo bo‘ldim, bu kitob qachon joy oldi qalbimdan? Bu xulyoning cheku chegarasi bormi? Meni adoi tamom qiladi bu kitob. Nahotki, umrim tariqday shu kitob sahifalariga sochilib ketgan bo‘lsa? Kitobdan qanchalik o‘zimni olib qochsam, unga shunchalik yaqinlashayapman, ko‘nglimda mubtalolik bo‘ronlari shunchalik kuchayayapti.» «…Qabuliga kirganimda bo‘lim mudirimiz nimanidir kovshab o‘tirardi,-meni ko‘rib, xo‘ragini darrov stol ostiga yashirdi. Uning lablarida oqish dog‘lar bor edi-xuddi yollig‘i so‘ngan chiroqday ko‘zlari chaqchayib turardi, odatda kishini jinoyat ustida qo‘lga tushirsang, shunday holatga tushadi. Men shunda yeyotgan narsasi miyadan boshqa narsa emasligini bir ichki sezgi bilan his etdim…»
«Qancha iqtibos olmay, qancha qayta-qayta o‘qimay, kitobga bo‘lgan ixlosim so‘nmas, aksincha, bu ixlosda qandaydir hirsiy yovvoyilik paydo bo‘layotgandi: eng hissiyotli oshiq ham o‘z ma’shuqasini men kitob varaqlaridagi manzaralarni kutgan kabi mushtoqlik bilan kutmasa kerak. Bir kuni bu mubtololik meni ado qilishiga shubha qilmasdim. Kechalari xonamda kimdir gapirganday bo‘ladi, men xirillagan nafasni aniq eshitaman — yuragim orqaga tortib, tura solib, chiroq yoqqanimda hech zog‘ ko‘rinmaydi: faqat varaqlarni derazadan kirayotgan shamol o‘ynoqlayotgan kitobgina ochiq turardi. Shunda ming yillik zanjirga o‘xshab salobat bilan ochilib yotgan kitobga qarab turib, men baribir taqdirdan qochib qutulolmasligimni anglayman. Shunday bo‘lsa-da iqtiboslar olamidan sira toliqmasdim. Ko‘chirganlarim naq kitob darajasida ulkanlashganda ham bu meni qoniqtirmadi, zero, xonamda kitob paydo bo‘lgandan beri na kundalik yozishga, na qog‘oz qoralashga holim qolmagandi-kitob endi mening butun umrimni ishg‘ol qilib olgan, yotsam ham , tursam ham asta sekin unga taqlid qila boshlagan, uning oldida o‘zimni mustabid shohning qarshisida qaltirab turgan fuqoradek his etar, oxirgi paytlar esa f’eli atvorim miyaxo‘rning xunuk va ochko‘z basharasiga o‘xshab ketayotganini sezib qaltirab ketardim, asli bu qiyofa maxluqning basharasimi yoki mening qalbimmi? Nahotki maxluq qalbimni ham ishg‘ol qilgan bo‘lsa?!
Nahotki, qalbim ham uning asiriga aylangan bo‘lsa?! Qayda qoldi mening yostiqdoshim-osudalik?! Qayda qoldi, yo‘ldoshim va rafig‘im-xayol?! Qayda qoldi, kamarim-erkim?! Kim meni bunchalik dag‘allashtirdi?! Kim menga bu tutqunlik to‘nini kiydirdi?! Kim mening xazinamni-sururimni o‘g‘irladi? Kim mening osmonimni maxluqning tezagi ila bo‘yadi? Kim mening hujramga yolg‘izlik tegirmonini qurdi? Kim mening ostonamga vahim yo‘lbarsini bog‘lab qo‘ydi?? Savollar o‘lik ustida aylanayotgan quzg‘unday boshimda tinimsiz aylanardi. Unga na javob bor, na sado. O‘rniga faqat kitob-qo‘rquv va vahimga to‘la kitob bor. Meni sahifalar o‘rmoni toliqtirdi: bu o‘rmonda qayga qarab yurmay qarshimda faqat maxluqni ko‘raman-qani endi yotib uxlasamu, ertalab, meni bu qo‘rquv saltanatidan olib chiqadigan xaloskor bilan birga uyg‘onsam: ko‘zlarimda uyqu tulporlari chopoayapti. Tun ham allamahal bo‘lgandir? Eshik taqirlayapdimi? Hozir turib ochaman, balki meni yo‘qlab kelishgandir?!.. yo‘q, u kelgandir…” Qo‘lyozma shu yerda to‘satdan to‘xtagandi: go‘yo ta’qib va vahm hukmron changalzorni kezib yurib, birdan bo‘m-bo‘sh kimsasiz dalaga chiqib qolganday, bu yog‘i bo‘shliq va yo‘qlik zarb etilgan bo‘m-bo‘sh varaqlardan iborat edi: shunda yosh yozuvchi qo‘lyozmani davom ettirishni mo‘ljallaganu, biroq qandaydir hodisa unga bu yog‘ini davom ettirishga qo‘ymagan degan shubhali, ham dog‘uli fikr o‘rmalab kirgandi. Qo‘lyozmaning ma’nosi ham hali davomi yozilmaganidan darak berib turardi. Balkim, bu yosh yozuvchining so‘ngi qo‘lyozmasidir, balkim, bu qo‘lyozmani tugatmay turib, uni ajal elchilari mangu rixlatga yetaklab ketgandir?! Xuddi sokin yoz osmonini birdan to‘zon qoplagandek ko‘nglimda to‘satdan quyunday g‘ulg‘ula paydo bo‘ldi. Bu shubha qanchalar ishonchsiz bo‘lsa-da, menga shunchalar haqiqatga yaqin bo‘lib tuyulardi. Musibatli xabar eshitganingizda yoxud bir umr sig‘inib kelgan e’tiqodingiz bir lahzada bir so‘z ila puchga aylanganda yoki xonangizda sizga tashlanmoqchi bo‘lib turgan hayolning qudrati yetmas darajada ulkan va vahmkor chayonini ko‘rib qolganingizda shuuringizda shunday holat paydo bo‘ladi va tasovvuringiz shiftlari qo‘porilib, siz ham xayoldan to‘kiluvchi va jazavaning kundasiga sekin bosh qo‘yasiz. Men nimanidir g‘ira-shira angladim va anglagan narsalarim yozuvlar ichidan bir maxluq kabi bosh ko‘tarib chiqqan va mening changimni ham qoldirmay bir haplashda yutib yuborgan edi, zero, qo‘lyozmadagi yozuvlar to‘zigan qalbning to‘zonlari ekanligiga men endi amin bo‘lgan edim.
O‘z shubhamni isbotlash uchun men ertasiga tanishimga sim qoqdim va jasad qay holatda topilganini so‘radim. — Biz ham hayronmiz, — dedi u.
— Bosh chanoq ochilib yotardi, u yerda umuman miya qolmaganini aytmasa, tananing boshqa hech joyida tashqi zarbaning alomati yo‘q edi. Men o‘zim tekshirib chiqdim, uydan hech narsa o‘g‘irlanmagan…