Nabi Jaloliddin. Chuvalchang yoqqan kecha (hikoya)

Eshikdan kirdi-yu harakatlaridan o‘zini hushyor ko‘rsatishga urinayotgani sezildi.
– Yomg‘ir yog‘adi shekilli. Shamol bo‘lyapti, – dedi yomg‘irdan qochib, panaga o‘tganday yelkalarini siltab. – Yaxshi o‘tiribsizlarmi?
Deraza oynasi basma-bas tiqirlab, tirqishidan shamol ufurganday bo‘ldi.
Onasining yoniga cho‘kib, bolishga yonboshladi. Xayolidan ushbu gap o‘tdi: “Dadam chiqibdi shekilli, bolish qo‘yilib qolibdi”. Onasining pinjiga suqilgan uch yoshlar chamasidagi o‘g‘lini panjalaridan tutib, o‘ziga tortdi. Bola ko‘nmadi, buralib, buvisiga battarroq yopishdi.
– Chiroq o‘chmasa go‘rgaydi, – dedi xotini uning gapiga hamohang ovozda va xontaxta ustidagi chinni kosalarni yig‘ishtirishga tushdi.
– Yana ichdingmi, bolam? – Onasi odatdagidek yuzini burishtirib, yiltiragan ko‘zlariga qarab qo‘ydi. – Dadang xafa bo‘ladi-da!
Tuyqus xotiniga boqdi: “He, o‘ling-e”, deya yozg‘irardi nigohi. Ko‘zi bilan unga po‘pisa qilib, oldidagi piyolani keskin uzatdi.
– Choydan quy! – So‘ng onasiga qayrildi. – O‘zi tuzukmi dadam?
– Xudoga shukr, bugun xiyla tuzuk. Opang minan siyning kelishuvdi, sheyda ancha gaplashib o‘tirdi. Binnasalarni gapirib, xuddi bolaliklaringdagidek kuldirdi. – Onasi dasturxon chetini beixtiyor o‘ramoqlab, ko‘ksi shishib, xo‘rsindi. – Qalampirni ezib-ezib, bir kosa ovqat ham ichdi.
– Xayriyat, – dedi qaddini ko‘tarib. – Yaxshi bo‘p qopti, a?
– Opalaringni kuzatib, seni kuta-kuta hozirginada kirib ketdi.
– Ovqat ichassimi? – so‘radi xotini qo‘lidagi kosa-qoshiqlarni shaqirlatgancha kuchanib o‘rnidan turib.
Belini ushlagandi, qorni yanada do‘mpaydi.
– Yo‘q! – dedi dag‘al ovozda. – Qornim to‘q!
Xotini tashqariga chiqib ketdi.
– Oldiga bir kirib qo‘y, o‘g‘lim! – Onasi nabirasini quchog‘iga olib, uxlatmoqchiday yonboshladi. – Baribir seni kutadi.
Shamol oynalarni yana tiqirlatdi.
U choyni tez-tez ho‘plab, piyolani bo‘shatdi.
– Ichganman-ku, aya?..
– Yaqinlashmayroq o‘tirasan-da.
– Xo‘p. Yo bismillo!.. – deya o‘rnidan turdi.
Dadasi ko‘rpalar qalin to‘shalib, qat-qat bolishlar qo‘yilgan temir karavotda shiftga termilib yotardi. Yonida – pastda choynak, piyola, ikkita kitob ustida ko‘zoynak. Bosh tomonidagi tokchada ham kitoblar.
Uning sharpasini payqab, qayrildi.
– Assalom alaykim, dada! – Enkayib, nafasini yutib ko‘rishdi. – Tuzukmisiz? – Beriroqdagi to‘shakka cho‘kdi.
– Keldingmi, o‘g‘lim? Xudoga shukr, ancha tuzukman. – Dadasi yotgan ko‘yi qo‘lini duoga ochdi. – Omin, tinchlik-xotirjamligini bersin! Ovqatiyni ichdingmi?
Dadasining ko‘nglini o‘ylab, yolg‘on gapirdi:
– Hmm, ichdim. – Yon-veriga alangladi. – Televizorni obchiqib bersam bo‘larkan-a? Zerikmasdingiz. – Aslida dadasining televizorni uncha xushlamasligini yaxshi biladi. Hozirgi gapini nima deyishni bilmaganidan beixtiyor aytib yubordi.
– Dilbuzariyni (dadasi televizorni shunday atardi) nima qilaman-a, bolam, boshimni og‘ritib… Shamol bo‘lyapti shekilli-a? Yomg‘ir yog‘adi. Bahor havosi-da, yoqqani yaxshi. Yerga foyda, – deya xo‘rsindi. So‘ng unga beozor tikildi. – Tag‘in ichdingmi, o‘g‘lim?
– Ha, endi… – Dadasiga birrov xijolatli nazar tashladi: xiylagina ozganini, ko‘zlari mahzunlashganini ilg‘adi. Mo‘ylovi, jag‘ining uchidagi kalta soqoli oppoq. Ozg‘in qo‘llarining tomirlari bo‘rtgan. Oltmish beshni qoralayotgan odam qartaygandek ko‘rinadi. Dadasining ahvoli diydasini yumshatdi, dimog‘ida g‘imirlayotgan zardasini yutib, sarxush shuuri ozorsiz so‘z qidirdi. – Ulfatlar minan o‘tirdik-da, dada. Hammalari yaxshi bollar…
Dadasi yonboshlab, chap kaftini chakkasiga tiradi.
– Yaxshi bollar bo‘lsa bordir, – dedi qo‘pol gapirib qo‘yishni istamayotganligini sezdirib. – Ammo ular biron joyda ishlab, tirikchiligini yo‘lga solvolib, innaykeyin ulfatchilik qilishayotgandir balki…
U g‘ashi kelib, tebrandi, yuzi tirishib, pishilladi. Chakkalari qizib, o‘zini tutolmadi.
– Yana yuzimga solyapsizmi, dada? – deya to‘ng‘illadi.
– Yo‘q, o‘g‘lim! – Dadasi jiddiy, lekin mehrli gapirdi. – Yuzingga solganim yo‘q, esingga solyapman. Sen mening yolg‘iz o‘g‘limsan, suyanganim, ishonganimsan! – Oxirgi so‘zlari yalinchoq ohangda chiqdi. – Mening safarim qarimoqda. Endi uyning erkagi sensan, o‘g‘lim! Ko‘zim ochiqligida bir ishning boshini tutgin, deyman!
– Yo‘lkiraga pul topvolay, Rossiyaga ketaman, – dedi u mana-mana yo‘lga chiqadiganday ishonch bilan.
Dadasining qoshlari chimirildi.
– Tag‘in o‘sha gapmi?! Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi, bolam! O‘z yurtida boy bo‘lmagan…
– Bu gaplarni avval ham aytgansiz! – deya dadasining gapini bo‘ldi. – Somonniyam, o‘zga yurtda boy bo‘lmaslikniyam bilaman. Oma bundan menga nima foyda? – U ro‘parasidagi odam padari ekanligini va hatto uning betobligini ham unutib borardi. – Agar o‘shanda qaytarmaganingizda, besh-o‘n so‘m pul ishlab kelgan, moshina olib, hozir hech yo‘q kira qilib, tirikchiligimni o‘tkazayotgan bo‘larmidim!..
Otaning yuz-ko‘zida nadomat balqib, turib o‘tirdi. Enkayib, piyolaga choy quydi. Qaddini tiklab, bir ko‘tarishda sipqordi. Piyolani to‘shak ustiga tashlagandi, yonboshlab qoldi.
U dadasi bilan yana aytishib qolishdan saqlanish uchun qo‘zg‘aldi.
– Qo‘ying, dada, men chiqib keta qolay!
– Yo‘q, o‘tir! – dedi dadasi yumshoqlik bilan, biroq qat’iy. – Hozir gaplashmasak, keyin kech bo‘ladi. – Fikrini jamlamoqchiday soqol-mo‘ylovini siladi.
U g‘ashlanib, pishilladi.
Deraza oynalari qattiqroq tiqirlab, parda pufakday shishdi – shamol avjlandi shekilli.
– Yolg‘iz o‘g‘limizni Rossiyaga jo‘natib, onang ikkovimiz beyda qanday tinch o‘tiramiz, bolam?! – Dadasi biroz qizishdi. Ovozi titradi. – Opa-singillaring birovning xasmi. O‘lib-netib qolsak, mahalla-ko‘y ko‘mib qo‘yar! Ammo uyat bo‘lmaydimi, o‘g‘lim? – Unga sinovchan tikildi. – Mana, o‘zing, anovi yolg‘iz o‘g‘lingni Rossiyaga jo‘natarmiding?..
U zaharxanda irshaydi.
– U hali yosh bola-yu, dada! Men uni zo‘r odam qilib o‘stiraman. Erta kunda tik­lab qo‘yaman. Hadeb aql o‘rgatmayman! O‘z holiga qo‘yaman…
– Shunaqa degin?.. – Dadasi yana chakkasini kaftiga tiradi. – Menam borki orzu-umidimni senga tikkandim, o‘g‘lim. Erkalatib o‘stirdim. O‘qitdim…
– O‘qidim, kattakon domla bo‘ldim, a? – kesatdi u keyingi oy-kunlardagi hamma alamlarini ovoziga jamlab.
– Domlalikni nimasi yomon? Bilasan, otam, bobong-da erta o‘tib ketgan. Maktabni bitirayotganimda tushimga kirgan. Malim (muallim) bo‘lasan, degan. Otam rahmatlining bir og‘iz gapi minan o‘qituvchi bo‘ldim.
U “fu-u” deganday tag‘in irshaydi.
Ota hamon aytishib qolishdan saqlanar, gap-so‘zlaridan ichidagini to‘kib solgisi kelayotganga, jigargo‘shasini shashtidan qaytarishni istayotganga o‘xshardi:
– Sizlarniyam bir umr o‘qituvchilik qilib boqdim. O‘qituvchining noni halol.
– Lekin ko‘paymaydi! Shuning uchun meniyam o‘qituvchi qilmoqchi bo‘ldingiz.
– Ha! Universitetni bitirding – buning nimasi yomon? Ziyoli, degan noming bor. – Ota ovozini mayinlashtirdi. – Agar maktabda ishlolmagan bo‘lsang, buning uchun boshqalarni ayblama!
– Shunaqa deysiz-da! – U rosmana tutoqdi. – Nima, sizningcha, ozgina oylikka ertamandan kechgacha chuldirvaqilarning manqasini artib yurishim kerakmidi? Yana-tag‘in maktabda faqat xotinlar qolgan. Xotinlarning enasi bo‘lib…
Dadasi jilmayishga urindi.
– Xotinlarning enasi emas, xotinlarning erkagi bo‘lib, degin. Keyin… sabr qilsang, ozgina oylik ham yetardi. Oylik – bu naqd narsa. Baraka sabrda, bolam.
U boshini sarak-sarak qildi-yu, indamadi.
Buni dadasi o‘zicha tushundi.
– Ekzyuperi degan yozuvchining “Kichkina shahzoda” degan kitobi bor. Ashi kichkina shahzoda hammaning o‘z sayyorasi bor, uni tez-tez supurib-sidirib turishi kerak, deydi. Ya’ni ko‘nglini-da, – ota tushunyaptimi-yo‘qmi qabilida tikildi. – Seniyam ko‘ngling kirlagan, bolam. Uni tozalashing kerak. Buning uchun kitob o‘qishing, yaxshi narsalarni o‘ylashing kerak.
U “voy dada-ey”, deganday boshini tebratib, achchiq jilmaydi.
Shu payt eshik ochilib, kelin ko‘rindi.
– Choy damlab beraymi, dadajon? – deya eriga ko‘z tashlab qo‘ydi.
– Mayli, qizim, o‘zi tugab qoldi shekilli.
Kelin chap qo‘lida belini ushlab, qiynalib choynakni oldi.
Ota o‘g‘liga norozi qarash qildi. Ammo u buni payqamadi. Xotini chiqib ketishi hamono yana to‘ng‘illadi:
– E, dada-ya, haliyam kitoblarda yashaysiz, “kitob-kitob”, deysiz. Anovi Erkin aka o‘qish tugul umrida biron marta kitob ushlaganmikin? Oma boy-badavlat yashaydi. Moshinalarini, qurgan uylarini qarang…
– Gaping to‘g‘ri, o‘g‘lim, – dedi ota bamaylixotir. – Lekin Erkinjon Xudodan faqat boylik so‘raydi-da.
– Nima, men so‘ramayapmanmi? – siltandi u.
– Yo‘q, sen ikki o‘t orasidasan, bolam! – Ota “qaniydi gaplarimni to‘la tushunsang”, deganday halovatsizlanib, turib o‘tirdi. – Gap qizib qoldi, endi aytay: sen nima istayotganingni bilmaysan. Ichishga-ku tinmay ichyapsan. Eshitishimcha, anovi choyxonaning burchagida qimor ham o‘ynayotgan emishsan…
– Yolg‘on! – dedi u ishonchsizroq ovozda.
– Aldama, bolam!
U boshini egdi.
– Yo‘lkiraga pul topmoqchiydim, – deya g‘o‘ldiradi yer ostidan.
– Harom pulni yo‘lkira qilib, safarga chiqmoqchimisan hali?! Shunaqa qilib pul topmoqchimisan? – Ota birpas jim qoldi. – Bu ishning oxiri voy, bolam, ko‘zingni och!..
Kelin choy olib kirdi. Choynakni erining oldiga qo‘yib, so‘radi:
– Boshqa hech narsa kerakmasmi, dadajon?
– Yo‘q, qizim, – dedi ota erkalovchi ohangda. – Damingizni olavering.
– Xo‘p, yaxshi yotib turing, dadajon! – Kelin chiqib ketdi.
U choyni bir-ikki qaytargach, piyolaga quyib, dadasining qo‘li yetadigan joyga qo‘ydi.
– Rossiyaga ketaman, deysan, hademay bolang ikkita bo‘ladi-ku, – ota vaziyatni yumshatish uchun zo‘raki po‘pisa qildi. – O‘z uyim – o‘lan to‘shagim, degan gap bor, o‘g‘lim, – so‘ng gap paynovini boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldi. – Oldingilar oson ko‘zi yoriydi, deb, – homilador kelinini ko‘rib, o‘g‘liga gapirayotgani uchun “oson tug‘adi”, deyolmadi, – og‘iroyoq ayollarga kelida sholi tuydirishar ekan.
– Hamma gaplariyiz maqol, matal, eski gaplar-a, dada! – U endi xiyla yengil tortdi. – Hozir zamon boshqa. Hech qachon sizning aytganingiz bo‘lmaydi, – qo‘lini siltab, ko‘zlarini olaytirdi. – Hozirgi ikkiqat xotinlarga sholi tuydirib ko‘ringchi! O‘libla qolar!..
Ota piyoladagi choydan ho‘pladi.
– Xullas, gap shu: hech qayoqqa ketmaysan! – Shunday deya, choyni oxirigacha simirib, piyolani yana to‘shakka tashladi. – Hajga boraman, deb pul to‘playotgandim. Onangga aytsang, beradi. Ashinga yer olib, dehqonchilik qil yoki uch-to‘rtta novvos boq. U yog‘ini o‘zing bilasan. Haj bir gap bo‘lar, – dadasi birdan xomush tortdi.
U buni boshqacha tushundi. Ham dadasining keyingi gaplari ko‘nglini eritib yubordi.
– Hajga o‘zim jo‘nataman, dada! – dedi yuzi yorishib. – Meniyam omadim keb qolar.
– Ilohi, niyatingga yet, bolam. Xudo xohlasa, omading, albatta keladi. Faqat mehnat qilish kerak xolos, o‘g‘lim. – Otaning ko‘zida tafakkur balqdi. – Fashing kelsayam aytaman: tag‘in bir yozuvchi vaqtni dahshatli narsa, degan. U juda beshafqat. Vaqtni boy berma, o‘g‘lim!
Uning ensasi qotdi: yana nasihat! Ammo o‘yini tashiga chiqarmadi.
– Maktab direktoriga ham aytib qo‘ydim – ishga oladi. Ichishni tashlasa bo‘ldi, dedi. Ozgina dars olsang, ermak-da.
– Maktabda qaytib ishlamayman! – dedi u bolalarcha qaysarlik bilan.
– Hali sizni aytganingiz hech qachon bo‘lmaydi, deding. – Ota bilinar-bilinmas jilmaydi, lekin ko‘zlari o‘ychan edi. – Aytganimni qilsang bo‘ladi-da. Endi tur! – Chalqancha yotib, shiftga tikildi. – Derazani qiya ochib qo‘y-da, joyingga chiq.
U turib, pardani surdi. Ehtiyotkorlik bilan derazani ochdi. Xonaga toza havo yopirildi. Kayfi tarqab qolganidan og‘rishga moyil boshiga, dimog‘iga xush yoqdi. Qalay, deganday dadasiga qayrildi.
Ota chuqur nafas oldi.
– Yomg‘ir boshlayapti, – dedi o‘ziga gapirayotganday. – Chuvalchang yomg‘ir shekilli…
– Nima? – U tizzasiga shapatilab, piqillab kuldi. – Hazillashyapsizmi, dada? Hech jahonda chuvalchang yomg‘iram bo‘ladimi?.. Bo‘pti, yaxshi yotib turing. Voy, dadajonim-ey!.. – dedi-yu eshikka yo‘naldi.
Ota mahzun jilmaygancha uning ortidan termilib qoldi.
– Bo‘ladi, bolam, bo‘ladi!.. – deya shivirladi lablari…
Onasi nabirasini bag‘riga olib, boshini kaftiga tiragancha pinakka ketgandi. Uning sharpasini sezib, uyquli ko‘zlarini xiyol ochdi.
– Aya, – dedi hazilkash ohangda, – dadam rostdanam tuzuk bo‘p qopti, a? Bunaqa ko‘p gapirmasdi-yu.
Onasi “hm-m”, dedi-yu yana ko‘zlarini yumdi.
Tashqariga chiqdi. Olam zimiston. Shamol tingan. Tanasining ochiq joylariga yakkam-dukkam tomchilar uriladi. Osmonga qarab, ko‘ksini to‘latib havo simirdi. Keskin chiqargach, yengil tortganday bo‘ldi. Haligidan bir piyola zo‘r ketardi-da hozir. Uyda yo‘q, choyxonayam bekilgandir… Ro‘parasida qo‘shnisi Erkinning ulkan uyi ularning hovlisini bosib tushguday bo‘lib qop-qorayib ko‘rindi. Qubbalari devning kallasiga o‘xshaydi. Shunaqa bo‘lgach, Xudodan faqat boylik so‘raydi-da! Xah, dadajonim-a! Chuvalchang yog‘armish!.. Qhm-m!..
Uyga kirib, pishillab uxlayotgan xotinining qornini ohista siladi-da, yuzidan o‘pdi: “Akashti xotini, yana o‘g‘il tuqqin!” Mamnun xo‘rsinib, uyquga yotdi…
Tush ko‘ribdi. Kattakon daraxtga osilgan halinchakda o‘tirganmish. Dadasi tinmay tebratarmish. Har itarganda halinchak yuqoriga ko‘tarilib, boshi oppoq bulutlarga tegay-tegay dermish. U yuraklari hapriqib, kularkan: “Bo‘ldi, dada, niyatingizga yetdingiz-ku”, – deya qichqirarmish… Bir payt yelkasi siltanib ketdi. Yana, yana… “Turing! Turing!” – derdi kimdir. Shuuri tiniqlashib, ovoz egasini tanidi: xotini. Ko‘zini ochdi.
– Nima deysan? – deya injiqlandi.
– Turing tezroq. Tursayiz-chi! – tag‘in turtkiladi ayol.
– Ishga bormasam, nima qilaman saharmardonda turib? Tinch qo‘y meni! – U ters o‘girildi.
– Turing, dadajon uzilib qoldi. Eshityapsizmi, turing! – deya piqilladi xotini.
U birdan sapchidi.
– Nima deding? Dadam?! Nega?! – Siltanib, qayoqqadir chopmoqchi bo‘lgandi, xotini qo‘lidan mahkam tutdi.
– Avval bet-qo‘lingizni yuving, keyin kirasiz, – dedi yig‘lab. – Hali qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larni aytishingiz kerak!
U bo‘shashib, o‘tirib qoldi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi…
Havo musaffo edi. Tun bo‘yi yomg‘ir yoqqan shekilli, dov-daraxtu o‘t-o‘lan – hammayoq shalabbo. Dimoqqa yoqimli hid uriladi.
U mustahab qilib qaytdi. Tahorat olish uchun sahn chetiga cho‘nqaydi. Farg‘ara qilayotganda Erkinning uyiga ko‘zi tushdi. Osmon ochiqligigami, negadir kichrayib qolganday tuyuldi. Kechagi haybati yo‘qolganday. Endi burniga suv olib, qoqish uchun enkaydi. Oyog‘i ostida ingichka chuvalchang g‘imirladi. Parvo qilmadi. Birdan toshday qotdi. Xotirasining allaqaysi puchmog‘ida chuvalchang bilan bog‘liq fikr jimirlaganday bo‘ldi. Darvoqe, chuvalchangli yomg‘ir – dadasi aytuvdi shekilli… Nigohi tentidi. Boyagi chuvalchangdan nariroqda yana bittasi kulcha bo‘lib yotardi. Alangladi. O‘ngida bir necha, so‘lida bir necha, sahnning hamma yerida chuvalchang. Bari ingichka, ojiz-ojiz qimirlaydi. Axir sahn asfaltlangan-ku, bular qayoqdan chiqdiykin? Asfaltni tesholmasligi aniq. Nahotki osmondan yoqqan bo‘lsa? Yomg‘ir bo‘lib. Chuvalchangli yomg‘ir! Demak, dadasi to‘g‘ri aytgan ekan-da, chuvalchangli yomg‘ir bo‘larkan-da!
U enkayib, chuvalchanglarni terib, kaftiga sola boshladi.
– Dadajon, siz to‘g‘ri aytibsiz! – ovozi chiyillab, ko‘zlaridan yosh sizdi. – Aytganingiz bo‘libdi, dada! – Ho‘ngrab yig‘lab yubordi. – Endi hamma aytganlaringiz bo‘ladi, dadajon! Mendan rozi bo‘ling! Rozi bo‘ling, dada!..
Kaftidagi chuvalchanglarni yomg‘irda loylangan tuproqqa olib borib tashladi.
– Endi yerda yashaysizlar! – deya shivirladi.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 8-son