Isajon Sulton. Qismatga qarata hayqiriq (hikoya)

Yoshi katta odamning hayqirganini birov ko‘rganmi?

Yo‘q, suyunib yoki kimnidir chaqirib qichqirishini nazarda tutmayapman. G‘alaba hayqirig‘i ham emas, chunki umrim davomida zafar hayqiriqlarini eshitmadim. Ko‘zlagan maqsadiga erishgan insonlar esa… to‘satdan ko‘zlaridan yoshi duvillab oqib, “O‘zingga shukr” deya pichirlashlariniyu duoga qo‘l ochishlarini bilaman, xolos Qichqiriqlarni ham eshitganman, ular bolasi o‘ynab ketib qolsa yoki uzoqroqda bo‘lsa ismini aytib yoxud koyinib chaqirgan onalarning ovozlari edi. Ekinlari yig‘ishtirib olingan dalalarda bolalar nimagadir alahsib ketishsa, shunday qichqiriqlar yangrab qolardi:

– Bola bo‘lmay o‘lgur, qaydasan?

Taqdiridan norozi bo‘lib kuyingan kishilar ham topilardi, albatta. Xotinlar nimagadir o‘zlarini qarg‘ar edilar:

– Dunyoga kelmay men o‘lay.

– Seni tug‘may har narsa bo‘lay.

– Voy, peshanamni sho‘ri…

Yoki allaqachon dunyodan o‘tib ketgan ona sha’niga ham aytilib qolardi:

– Onam o‘lsin, meni tug‘may…

Odam behuda o‘tgan umridan afsuslanib, qo‘lidan hech nima kelmasdan, bo‘lar ish bo‘lib bo‘yog‘i singgach, ortga qaytishning sira iloji yo‘qligidan, qachonlardir uchgan qushlar samo ufqida allaqachon g‘oyib bo‘lib ketishganidan, suvlarni yer yutganidan, mevalari xazon bo‘lib, gullari quriganidan xunobi chiqib, benihoya chorasizlik ichida, tiyiqsiz armonu iztiroblar qalb deb atalmish makon aro chir-chir aylanayotgan haybatli girdob shaklini olib, inson bo‘g‘zidan to‘fonday otilib chiqadigan hayqiriqni aytmoqchiman.

Nazarimda, ichimda ana o‘shanday isyonkor hayqiriq yetilib kelayotganday. Hech qayerga sig‘mayman. Na o‘tirgan yerimda oromim bor, na turgan joyimda… Tasavvur aro bolaligimning manzaralari qalqib jonlanadi. Bolalikdan o‘smirlikkacha qadar davr mobaynida sodir bo‘lgan turli-tuman voqealar, kishilar, do‘stu birodarlar o‘zlarining o‘sha mahaldagi qiyofalarida ko‘rinish beradilar. Axir, benihoya qiymatli gavharim bor edi, yo‘qotib qo‘ydim. Juda aziz do‘stim bor edi, ayrildim. Sevar yorim boriydi, judo bo‘ldim. Endi qayga boray, qayga sig‘ay, degim keladi.

Degim keladi-yu…

* * *

U mahallarning manzarasi o‘laroq, bahor, yoz hamda erta kuzning ko‘m-ko‘k osmonida oq iz qoldirib uchgan mitti, kumushrang uchoqlar qolibdi. Nimagadir u uchoqlar bulutli kunlarda uchmas edilar. Yana, dalalarda qolib ketgan makkapoyalar, yerdan tig‘day chiqib turgan kesik ildizlar, qirov bosgan oqterak shoxlari, sovuqda qorayib ilviragan juxori yaproqlari, sigirga tert qorib beriladigan tunuka tog‘oradagi qirmizi tusli muzlagan suv… shular qolibdi. U suv taram-taram, naqshli bo‘lar edi, ayoz buta shoxlariga o‘xshatib surat chizib qo‘yardi.

“Kuzgi o‘tloqlarda o‘ynar sovuqlar…”

Naqqosh ayoz ongimda mana shu misrani hosil qilgan. Sovuqlar ham ko‘zga ko‘rinmay, qirov bosgan dalalarda o‘ynarmikin degan tasavvurdan hosil bo‘lgan bo‘lsa bordir. U misraning paydo bo‘lish sababi qayda ekanini bilmayman.

Manzara aniq bo‘lishi uchun yana allaqancha narsalarga ehtiyoj bor. U mahallarning paltolari hozirgiday emas, kiysangiz nimagadir qiyshayib qoladigan, odamning egnida tekis turmaydigan, qo‘polroq edi. Quloqchinli telpaklar bo‘lardi, ipini iyak tagidan o‘tkazib boylab olardingiz. Goho, o‘zaro mushtlashuvlarda u iplar uzilib ketsa, onasi bolasini koyiy-koyiy, o‘ninchi g‘altak ipidan bir necha qavat qilib boshqa bog‘ tikib berardi. Ba’zilar harbiy telpak kiyib yurishardi, mo‘ynasi ko‘kish bo‘lardi. Qishda oyoqqa etik kiyilardi, kirza etik, uni “tosh etik” deyishardi. Sovuqda toshday qotib qolardi-da. Qulayroq bo‘lsin uchun qo‘njini pastroqqa qayirib qo‘ysangiz, qo‘njli botinkaga o‘xshab qolardi.

Ko‘chalar loy-balchiq, yana esda qolgani – simyog‘ochlar ekan. Odam bo‘yi keladigan beton ustun yerga chuqur qoqilib, yog‘ochi qalin sim bilan o‘rab mahkamlanar, u sim xodaga botib ketgan bo‘lar, qoramoyga to‘yintirilgan o‘sha yog‘och uchida elektr oqardi. Oq chinni kosachalarga boylangan simlar shamolda g‘uvillab-chiyillardi, yoz jaziramalaridayu qish sovuqlarida kosachalari sinib ketardi.

Yana, yo‘l belgilari ham bo‘lardi: nimani uqtirishini birov bilmaydigan, bolalar tosh-kesak otaverib qiyshaytirib tashlagan uchburchak, to‘rtburchak, yumaloq tunuka ko‘rsatkichlar shamollarda taraqlab silkinardi.

Uy ishlari esni tanib-tanimasdan boshlanardi. Besh-olti yashar bolalar ham mehnat qilib yurganini ko‘rardingiz. Yumushning adog‘i ko‘rinmasdi, yer chopish, tekislash, egat olish, ekin ekish, sug‘orish, o‘toq qilish, mol-holga qarash kabilar tinimsiz davom etaverardi. Tabiiyki, u zahmatlarning mahsuli gohida biron yangi kiyim yoxud kundalik yeyish-ichish bo‘lgani uchun ishlagimiz kelmasdi, mehnatdan bo‘yin tovlab qochib ketardik. Onaizorlarning qarg‘ishi xavflimas, lekin otamizdan qo‘rqardik, jahli chiqsa yomon bo‘lishini hammamiz bilardik. Gohida esa “Juda qattiq uradi” deb bir-birimizga maqtanar ham edik.

Maktab – mana shu bolalarning birdan-bir najot joyi, o‘zi bilan o‘zi bo‘ladigan manzili, mehnatdan qochishning yagona makoni edi.

…Bugun orasta sinflarda tahsil olayotgan bolalarga qarasam, o‘sha mahallar ko‘z oldimga keladi. Ertalab to‘p-to‘p bo‘lib o‘qishga jo‘nayotgan bolalarni ko‘rib qolaman, dazmollangan orasta kiyimda, bo‘ynida galstugi, yelkasida bejirim sumkasi, yo‘l chetidagi toshlarni tepa-tepa ketayotgan bo‘ladi. To‘satdan u manzara xayolimda o‘zgaradi: tekis yo‘laklar o‘ydim-chuqur qishloq yo‘liga aylanadi, yomg‘ir suvlari ko‘lmak hosil qilgan, u ko‘lmak qizg‘ish tus olgan, o‘sha yo‘l chetidan qo‘pol palto kiygan, quloqchinini iyagi ostidan o‘tkazib boylagan, oyog‘idagi tosh etigi allaqachon suv o‘tkazib yuborgan, yuz-qo‘llari sovuqdan tars-tars yorilib ketgan bolalarni ko‘ra boshlayman.

U bolalar yuragimga aziz, qadrdonday tuyuladi. Chunki… o‘zim ham o‘shalarning bittasiman.

Ha, xayolim o‘tmishga bot-bot yetaklaydi. U davrlarning har lahzasi bir manzara chizaveradi. Fanlar bag‘rini ochadi, ammo asl mohiyatini emas, boshqa xulosalar berganiga aqlim shoshadi.

Ey do‘st! O‘sha mahallarning sinfxonasiga bir mo‘ralashni istamaysanmi? Sensiraganimga xafa bo‘lma, axir, eng yaqinimsan-ku? Ular barchamizga tanish manzaralar, ortimdan ergashsang-chi? Faqat, jo‘jiqlaring kelishmasin, u manzarani ko‘rishdan bolalarga sira naf yo‘q. Nega deb hayron bo‘lma, to‘g‘ri, otasi o‘qigan kezlar balki qiziq tuyular… Ammo, avlodlar nigohi ortga emas, oldinga, kelajakka tikilgani ma’qul.

Men senga fizika, kimyo, matematika, jo‘g‘rofiya, zoologiya, tarix xonalarimizni ko‘rsatay. Diqqat bilan razm solsang, balki u yerda o‘zingni ham ko‘rarsan? Gaplarimni bir sen tushuna olasan, boshqalar anglashga balki qodir emaslar. Xullas, yuraqol men bilan, eski va qadrdon sinfxonalarimizga, bugun munkillagan qariyaga aylangan ustozlarimiz qoshiga… birgalashib, xuddi o‘sha mahallardagi kabi, bir-birimizning yelkamizga qo‘llarimizni tashlab, tengma-teng, yonma-yon…

* * *

Taxtalari yorilib ketgan, derazalari tob tashlagan shifti baland xonani ko‘ryapsanmi? Shu xonada fizika fanini o‘qiganmiz. Anavi burchakda baqalok pechka bo‘lardi, goh muallimimiz, goh o‘zimiz o‘sha pechkaga toshko‘mir yoqardik.

Fizika muallimimizni Abdunazar domla der edilar. Uyi qishloqning etakrog‘ida, el qatori bir imorat, ko‘cha tarafdan pastak guvalak devor olingan, hovlisida anorlariyu behilari bor, yog‘och valishli hovli edi. Hovli adog‘i dalalarga tutashgan, o‘sha yerda ikki tup bahaybat yong‘oq ham o‘sgan, orqa tomondan borib mevalarini terganlarimiz esimda. “Terish” degan gap to‘g‘ri emas, goho tosh-kesak otib shoxda qolgan-qutganini urib tushirsak, goh yerdagi katta jigarrang yaproqlar orasidan topib olardik-da. U yong‘oqning nomi “Abdush” bo‘lib, urishtirganda har qanday yong‘oqni sindiradigan darajada qalin-qattiq qobiqli edi.

Yong‘oq qobig‘i ikki pallali bo‘ladi. Bizlar uchun esa uch pallalisi zo‘r hisoblanardi, chunki urishtirganingizda chaqilmasdi.

Sinfda ekan, salobati hamda do‘rillagan ovozi hammani partaga mixlab qo‘yadigan u kishi o‘z tomorqasida belini boylab ketmon chopishlarini ko‘rganimizdayam haybati ketaqolmasdi. Ha, muallimlar ham el qatori rizqini tomorqasidan chiqaradigan zamon edi-da.

Ilk darsimizni modda tuzilishidan boshlaganimiz esimda. Mutlaqo tushunarsiz u fan atrofdagi har qanday narsaning mitti zarralardan tarkib topganini ilk bor ongimizga quydi. Yosh, sarkash aql buni qamrab ololmas, qabul qilmasdi. Temir qattiq, yog‘och bo‘sh, suv oquvchan, bug‘ yengil… bularning bari bir xildagi zarralardan hosil bo‘lganiga ishonmasdik. Fan bilan hayot o‘rtasidagi ziddiyat ilk darsdanoq boshlangan edi.

Haftasiga ikki kun fizika darsi bo‘lardi. Sinf sovuq, partalar muz, quloqchinlar yechilmas, moddaning agregat holatlari, suyuqliklarning xususiyatlarini o‘rganardik.

Suvning turli-tumanligidan xabar berardi boshlang‘ich sinflar fizikasi. Dunyo bo‘ylab aylanishini, o‘simliklar bag‘rida quyidan yuqoriga oqishini, turli mevalar tarkibida turfa ta’m hosil qilishini, bug‘lanib samolarga ko‘tarilishini va juda olislarda ummonlar uzra yog‘ilishini, u yerda qaytib bulutga aylanib, yana dunyo kezishini aytsa-da, tasavvur qamrab olarmidi? Sirayam!

Fizika tobora mutlaqo keraksiz yangiliklarga ro‘para qilardi. Kunda bir-ikki marta zo‘rg‘a keladigan elektr toki bilan Galvani degan olim kashfiyoti orasida hech qanaqa bog‘liqlik yo‘qday tuyular, biz uchun elektr butunlay boshqa narsa edi.

– Simga tegma, o‘lasan!

– Falonchini to‘k uribdi.

Tamom-vassalom.

Arximed, Nyuton qonunlari ham qiziqish uyg‘otmadi. Suvga solingan jism o‘z hajmi miqdoridagi suyuqlikni siqib chiqaradi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Buni mushtdayligimizdan bilamiz, masalan, tog‘oraga bir paqir suv quyib, bir paqir kunjara solish kerak. Ikki paqir solsa toshib ketadi, shuginani Arximed degan, bizning qishloqlardan juda olisdagi yunon chol kashf etganiga kulgimiz ham kelardi. Qonunlar xayotga zid bo‘lsa, nima qilaylik? Yerning tortish kuchi qismi beshbattar kulgili edi. Aql bovar qilmas, ishonmas edik: bizni Yer tortib turarmish. Yo‘qsa, oyog‘imiz osmondan bo‘lib ketadimi? Yer yumaloq degan gap ham shunga o‘xshash: yumaloq bo‘lsa narigi qismidagilarning ahvoli qanaqa ekan? Biz turgan joydan tikkasiga kavlasak, Amerikadan chiqamiz degan gaplar ham bo‘lardi. Bularning bari ishonarsiz yolg‘on, fizikaning turgan-bitgani keraksiz, bo‘lmag‘ur va bema’ni bilimlarday tuyulgani bor gap.

Fizika degan fan hurmatini shu tarz yo‘qotib, nomigagina borish lozim bo‘lgan darsga aylanib ketdi. Abdunazar domlaning haybatidan hayiqqanimiz uchungina borsak-da, vaqti kelib u fanlar tamom bo‘lishini, shu bilan yaramas mashg‘ulotlardan qutulishimizni bilardik. O‘sha bois bizning bilimlarimiz mana shu bir necha qonundan nariga o‘tmadi, keyinchalik ort-ortdan kelgan boshqa qonuniyatlarning birontasi ahamiyat berilmagani uchun esda qolmadi. Lekin, fizika o‘zi berishi lozim bo‘lgan bilimlar qolib, butunlay boshqa narsalarni ongimizga quydi. Bu haqda sal keyinroq batafsil hikoya qilib beraman.

Kimyo faniga kelsak, bu fandan avvaliga qahriyam, qo‘liyam qattiq inson Nazirjon domla, keyinchalik To‘xtasin akalar dars o‘tishdi

Nazirjon domlaning uyi O‘rta mahallaga yaqin, Yigitali domla esa Yuqori mahallada yashar, har ikkovi ham ajoyib kishilar edilar. Nazirjon domla zug‘umliroq bo‘lgani uchun ko‘proq qo‘rqardik, Yigitali aka esa ko‘ngilchan kishi edi.

Kimyo bizga yana moddalar tarkibidan xabar bera boshladi. Suvning tuzilishini o‘rgandik, bilsak, ikki gazsimon moddaning qo‘shiluvidan iborat ekan. U bizlarni tuproq, havo va minglab biz bilmaydigan unsurlar ichiga olib kirib ketdi. Anorganik kimyo qiziqarliroq edi, organik kimyoga kelgach, aqlimiz tamomila oqsab qoldi. Kimyo xonasi badbo‘y islarga to‘la, shisha idishlarda har turli narsalar saqlanar, kislotalar boriydi. Shishadan boshqa har qanday jismni o‘yib-eritib yuboradigan u g‘alati moddalarga hayron bo‘lib termilganimiz esimda. Sirka kislotasi o‘z-o‘zidan muz bilan qoplanib turardi. Eng qizig‘i chumoli kislotasi edi, chumolilar hayotini hammamiz yaxshi bilar, u chiqaradigan achimsiq is dimog‘imizga o‘rnashib qolgan, endi ushbu kislotadan ham shunaqa hid kelishi qiziq tuyular, kimyo degan fan minglab chumolilardan shu g‘alati suyuqlikni to‘plab oladiganday tuyulardi-da. Kislorod olishni tajriba qilib ko‘rganimiz ham esimda, shisha probirkadagi qorishma kislorod hosil qilganida gugurt cho‘pi uchidagi olov birdaniga yallig‘lanib ketganini ko‘rib, aqlimiz lol qolgan edi.

Tez orada umumiy bilimlar nihoya topib, moddalarning xususiyatlariga kirib ketdik, Mendeleev davriy jadvalini o‘rgana boshladik. Simob juda og‘ir bo‘lishini, undan tashqari, ba’zi moddalar o‘zidan halokatli bug‘ yoki nurlar chiqarishini, lekin xudoga shukrki, unaqa moddalar sun’iy ravishda hosil qilinishini bilib oldik.

Shu bilan kimyo fani ham badar ketdi. Hozir o‘ylab qarasam, maktabda yaxshi baholarga o‘qigan bo‘lsam-da, ongimda shu aytganlarimdan boshqa narsa qolmabdi. Biroq, kimyo ham mutlaqo boshqa xulosalarni menga ro‘para qildi.

Bir fizika yoki kimyogina bo‘lsa mayliydi… O‘sha mahallar sira o‘ylarmidim, u fanlar hayotimda ulkan evrilishlar sodir qilish qudratiga ega ekanini?

Yillar davomida botanika o‘simliklardan, biologiya tirik mavjudotlarning tuzilish va hayot tarzi qonuniyatlaridan, zoologiya hayvonot dunyosi deb atalgan olamning xususiyatlaridan darak bergan bo‘lsa-da, na botanika, na biologiya, na zoologiyaning hayotda o‘rni borligini bola aqlimiz bilan ochiq-oydin ko‘rib turardik.

Bepoyon dalalarda ekinlar ekilardi, ularni hamma qatori men ham juda yaxshi bilaman. Makkajuxori bilan juxorini niholiga qaraboq ajrata olaman, qay biri necha kunda unib chiqishi-yu necha kunda sut boylab hosilga kirishigacha xabarim bor. Tegramizdagi o‘ntacha tur hayvonning barcha xususiyatlari ayon, sigiru qo‘y nima yeb ichishidan kuchuklarning tabiatigacha… Biroq qadim zamonlarda yashab hayot kechirgan pterodaktillarni yoki suv tublarida yashaydigan vahshiy baliqlarni bilishimdan nima naf topishimni hanuz tushunolmayman. Hozirgacha yapaloqbaliqning bir turi o‘zidan elektr toki chiqarishini, sakkizoyoqning yuragi uchta bo‘lishini bilsam-da, qishning uzun kechalarida, ertaklar qatorida shu gaplarni aytib o‘tirishning gashtidan bo‘lak qiziqarli jihati yo‘qligi ajab. Bolalar xayolida u g‘aroyib maxluqlar rivoyatlardagi devu ajinalar bilan birlashib ketganday, tevarakdagi jon egalari o‘zimiz kabi oddiy, jo‘n hayot kechirayotganday tuyulgan-da.

* * *

– O‘qib odam bo‘larmiding, qo‘shish-ayirishni bilib olsang bo‘ldi-da!

– O‘qiganlar odam bo‘ptimi? O‘qidi-o‘qidi, moyga botib yuribdi endi!

Agar o‘qiganlar muallimlar bo‘lishsa, ularning hayoti ham boshqalardan ortiq emas edi. Hamma tirikchilik dardida ovora, odamlarda kun kechirish zahmati ko‘proq, u muhit aro fanlarga sira o‘rin yo‘q edi.

“Falonchi maktabga sira bormagan, ammo qara, qanaqa boyib ketdi” degan misollar eshitilib turardi. “Men o‘qimagan bo‘lsam ham tuppa-tuzuk yashayapman. Sen hayot darsini o‘rgan” deyishardi ba’zi kattalar.

Matematika borasida kattalarning aytgani bo‘ldi. Eng oddiy hisoblaru karra jadvalidan so‘ng, tenglamalar qismiga o‘tganimizda yana ora yo‘lda qolib ketdik. Keyingi bo‘limlarni qanaqa o‘qiganimiz yodimda yo‘q. Esimda logarifmlar, tangenslar, ko‘p noma’lumli, juda murakkab tenglamalar hamda “Pi” soni qolgan, ammo ular nima uchun kerak bo‘lishini aytolmayman.

Matematikaning ahvoli shu esa, geometriya yoki chizmachilikning taqdirini o‘zingiz bilib olavering. Tasviriy san’at degan fan ham bo‘lardi, biroq u san’atning nima ekanini bolalar tugul, muallima opamizning o‘ziyam bilmasdi. Mushuk chizsak, kuchukka o‘xshab qolardi, kuchuk chizsak, tushunarsiz bir jonzot paydo bo‘lardi, tasviriy san’at olamni hissiy idrok etishning bir shakli ekanidan na o‘qituvchilarning xabari bor edi, na bizlarning.

Faqat Odil degan sinfdoshimiz nima chizsa, o‘ziga o‘xshatib chizardi.

– Qara, Komil buvani rasmini chizibdi.

– Voy qurmag‘ur, xuddi o‘ziday-a?

– Shu boladan bir nima chiqadi shekilli…

– E, katta bo‘lsa rasmchi bo‘larmidi?

* * *

Gapni cho‘zib o‘tirishning hojati yo‘qligini bilamanu lekin yana bir nechta fanimiz qoldi. Ularniyam aytmasam bo‘lmaydi.

Eng qadimgi xalqlar tarixidan to dunyoda ro‘y bergan urushlargacha benihoya zerikarli tarzda hikoya qilib beradigan tarix ham yoqtirmaydigan fanlarimizdan biri edi. Balki, muallimimiz Sulton akaning bir xilda, ohangini o‘zgartirmasdan deraza tarafdagi noma’lum nuqtaga tikilib so‘zlab bergan tinishsiz hikoyalari zeriktirganmikin? Dunyoning qayerlaridadir, qachonlardir turli voqealar ro‘y berganidan hikoya qilardi Sulton aka. Hikoya ham juda o‘ziga xos, o‘zbekona bo‘lganini ko‘rasiz.

– Shundan keyin Vizantiya podshohining g‘azabi qo‘zg‘abdi. Finikiyaliklarga “Achchig‘imni chiqarmanglar, yomon bo‘ladi” debdi. Finikiyaliklar ham kulib “Qo‘lingdan kelganini qilaver” deyishgach, Vizantiya podshohi “Mana bo‘lmasam senlarga” deb…

Shunaqa, qishloqqa xos, qishloqqa mos bir tarix.

Jo‘g‘rofiya bilan tarix bir biriga o‘xshar edi nazarimda. Har ikkisi ham yetti uxlab tushga kirmagan narsalardan hikoya qilardi-da. Tiyiqsiz tasavvur dengiz o‘yiqlarini, ummonlarning tublariniyu tog‘ cho‘qqilarining yuksakligini aqlga ro‘para qilardi, mana shu muallimning qiziqarli hikoyalarini quloq qoqmay eshitardik. Avstraliya suvlarida suzib yuradigan odamxo‘r akulalar, yovvoyi qabilalar, yunusbaliqlar, bolg‘abaliqlar, nayzabaliqlar haqida shu kishi aytib bergan. Jo‘g‘rofiya yer yuzini kezdirgan, tarix voqealarning qayerlarda ro‘y berganini ko‘rsatgan, mamlakatlar barpo etilgani yoki kuli ko‘klarga sovurilib ketganining misollarini ongimizga quygan, adabiyot sevgi-muhabbatning eng ajoyib namunalarini namoyon qilgan, odamiylikning go‘zal cho‘qqilarini ko‘rsatgan, olam aro inson bo‘lib yashashning qonuniyatlarini bildirganmidi?

Sirayam!

– Majnun Layliga aytibdiki, sensiz yashay olmayman!

Bolalar ongida bu gap o‘zgarib akslanardi. Ya’ni, Majnun degan bir bola Layli degan bir qizni sevar ekan. Lekin ikki qabila yovlashgani uchun Laylini otasi qizini Majnunga bermabdi.

Shundan keyin Majnun aqldan ozibdi.

Qayg‘uli xalq dostonlari ham shu tarz badar ketaverardi. Katta-katta Alpomish, Go‘ro‘g‘li dostonlari tugul, Er To‘nga marsiyasining o‘ziyoq notanish bo‘lib, muallimimiz uni tushuntirib berishga qiynalardi-da.

Alp Er To‘nga o‘ldimi?
Esiz azin qoldimi?
Og‘laq o‘chin oldimi,
Emdi yurak yirtilur…

Alp Er To‘nga kim? Beruniy, ibn Sino, Xorazmiy kim? Yurak nega yirtiladi?

Ular qachonlardir yashab o‘tib, ismlari kitoblarda qolib ketgan g‘oyat olisdagi kishilarday, o‘zlarini ham asrlar changi qoplab olganday tuyulgani bor gap. Sababi, qishloqdagi hayotimizga Alp Er To‘nga-yu Alpomish ham, Beruniy-u Xorazmiylar ham yetti yot begona edilar. Ular ko‘rsatgan ibratu qahramonliklarning bizlarga zarracha aloqasi yo‘q edi.

– Omon!

– Ha?

– Sigirga o‘t berdingmi?

– Hozir!

– O‘tiraverasanmi yalpayib? Tur o‘rningdan, bola bo‘lmay har balo bo‘lgur! Hamma ish bitta o‘zimgami?

Mana shular aro kech kirar, goh tengdoshlar bilan ko‘cha sanqir ekanmiz, goh bedazorlarda osmonga qarab gaplashib yotar, olislarda jivirlagan yulduzlarning noma’lum sirlari borday, ularga yetish mushkulday, bodroqday sochilgan Somon yo‘li, Yetti og‘ayni, Katta va Kichik Cho‘mich, Oltinqoziq yaraqlagan bolalik oqshomlarida, beda isi va qaylardandir kelayotgan qishloq sadolari ostida, umrimiz aro mavjlangan ilm daryolaridan bexabar, mana shu tarz ulg‘ayar edik.

Vaqti kelib balog‘at yoshiga yetgach, sinfdosh qizlar uzatilib ketishdi, o‘g‘il bolalar yigit yetilib, birin-keyin uylanishdi. Maktab – o‘zga dunyolardan xabar bergan, ammo anglanmagan maktab o‘sha yerlarda qolib ketaverdi.

* * *

Yoshi katta odamning hayqirganini birov ko‘rganmi dedim-a?

Aytdim-ku, suyunib yoki kimnidir chaqirib hayqirishni nazarda tutmayapman. G‘alaba hayqirig‘i deyishingizning sira hojati yo‘q, chunki unday hayqiriqni men tugul, ota-bobom ham eshitmagan. Maqsadiga erishgan insonlar esa… ko‘zidan duv yoshi oqib, “shukr” deya pichirlashlariniyu duoga qo‘l ochishlarini bilaman, xolos.

Ha, men va men kabilarning sharhi holimiz mana shunday. Shu taqdir, shu qismatni boshdan kechirganmiz, u hayotimning parchasi, boy berilgan bo‘lagi o‘laroq umrimning bir qismiga aylangan, ortimga nazar tashlasam, fanlarni sira ko‘rmayman, ammo ular menga tamomila boshqa mazmunlardan ta’lim berganiga hayron qolaman.

Fizika fani modda xususiyatlaridan, mexanikaning oltin qoidalaridan, Nyuton va Arximed qonunlaridan bahs eta-eta, o‘sha eski maktabning zax sinfxonalarida qolib ketgan bo‘lsa-da, endi hayotning oltin qoidalarini bilaman.

Kimyo kislotalarning xususiyatlari ila aqllarni lol qoldirgan esa, endilikda g‘am, qayg‘u, afsus-pushaymonlik degan o‘yuvchi unsurlar ham mavjudligini, odam qalbini omonsiz o‘yishini, faqat shisha qalblargina turg‘un ekanini, tirik qalblarni kul qilib yuborishini ham bilaman.

Botanika, zoologiya, biologiya, tasviriy san’at, adabiyot-chi?

Astronomiya shuurimga hech nima bermagan bo‘lsa-da, dunyodan o‘tib ketgan ulug‘larim umrim osmonida yulduzday chaqnab turishganini bilaman. Samo ilmi olimlarining aqli yetmagan xulosalarim bor. Dunyodan o‘tgan kishilar yulduzlarga aylanib qolishiga ishonaman. Masalan, oy desa oyday, kun desa kunday Dono xolam bo‘lardi, ayni o‘n sakkizga kirganida, daladan qaytayotgan traktor suvga ag‘darilib ketganida o‘lib qolgan edi. Dono xolam eng yorug‘ yulduzga aylanganday, nazarimda. O‘sha mahallar bir yulduzni tanlab, uni xayolan Dono xolamning siymosi bilan birlashtirib qo‘yganman. U yulduz haliyam birday charaqlab turadi. Kimga qanaqa, bilmadim, ammo vodiyning so‘lim tunlarida yulduzlar sochilgan samoga qarasam, Dono xolam hanuz o‘sha yulduz bo‘lib balqiydi.

Yana, hammadan bekitiqcha sevgilim ham bo‘lardi, o‘sha eski sinfxonayu maktab yo‘laklarida, dalalarda uzoqdan ko‘rsam ham ichimni yoqimli hislarga to‘ldirgan bir qizaloq… U hozir olamda yo‘q, vujudiga ilashgan bir dardning nimaligini bilmasdan dunyodan o‘tib ketgan, ammo olis bolalik uni o‘z osmonida kichkina, biroq, juda yorug‘ yulduzcha qilib chaqnatib qo‘ygan…

Ey voh! Axir, yuragimda bir titroq hosil bo‘lmayaptimi?

Ha, ey do‘st, ey birodar, ichimda bir to‘fon bino bo‘lmoqda. Aqlim “O‘zingni bos, kap-katta odamsan-ku” desayam, bu kichik qalb aro juda haybatli bir nima yetilib kelayotganday.

Hozir, shu onda hayqirgim kelyapti. Axir, nega? Ilmlarga eng chanqoq mahalimda meni ulardan judo qilgan kim? Eng ziyrak mahalimda meni dalalarga sudragan kim? Axir, ko‘zi endigina ochilgan g‘o‘r bolakay edim-ku? Hammani ilmdan uzoqlashtirib qo‘ygan kim? “El qatori bir burda non topsang bas, o‘qib odam bo‘larmiding?” degan o‘gitlarga yetaklagan kim?

Ha, pushaymon bo‘lib, afsusu nadomat ila bor ovozim bilan hayqirgim kelyapti, ammo kimga? Qismatgami? Taqdiru qismatlarni Xudo yaratadi, hayqirib bo‘larmidi? Benihoya tadbirli u zot mening shu g‘alati taqdirimni ham behikmat yaratmagandir?

* * *

Boya aytdim-ku, bugungi orasta sinflarda tahsil olayotgan bolalarga qarasam, o‘sha mahallar ko‘z oldimga keladi, deya? Gohida ertalab o‘qishga jo‘nayotgan o‘smirlarni ko‘rib qolaman, dazmollangan top-toza kiyimda, bo‘ynida galstugi, yelkasida bejirim sumkasi, yo‘l chetidagi toshchalarni tepa-tepa ketayotgan bo‘lishadi. To‘satdan u manzara xayolimda o‘zgarishini ham aytmadimmi? Tekis yo‘lak to‘satdan o‘ydim-chuqur qishloq yo‘liga aylanadi, yomg‘ir suvlari ko‘lmak hosil qilgan, u ko‘lmak vaqt o‘tib qizg‘ish tus olgan, o‘sha yo‘l chetidan akasining qo‘pol paltosini kiyib, quloqchinini iyagi ostidan o‘tkazib boylagan, oyog‘idagi kirza etigi allaqachon suv o‘tkazib yuborgan, qo‘llari sovuqdan tars-tars yorilib yetgan bolalarni ko‘ra boshlayman-ku?

Naylayin, u bolalar yuragimga aziz, qadrdonday tuyulaveradi-da. Chunki… o‘zim ham o‘shalarning bittasiman…

– Ada, bugun qora tuynuk nimaligini o‘tdik.

– Nima ekan?

– Fazodagi vaqt hamda makon birligi aro juda katta gravitatsiya qudratiga ega hudud bo‘lib, tortish quvvati shu qadar zo‘rmishki, yorug‘lik tezligida harakatlanayotgan jism ham undan chiqib ketolmasmish. Atrofida neki bor, barini o‘ziga omonsiz tortarmish…

Shunaqa ekanmi?

Aytganingday bo‘lsa bordir, o‘g‘lim. Men o‘qigan mahallarimda buni qaydan bilardim? Axir, mehnat qilishim kerak edi. Tirikchilik, yo‘qchilik degan qilich boshimizda osilib turardi. To‘qqiz bola, to‘qqiz jon edik, bir yeganda to‘qqizta non yerdik. O‘g‘ilu qizlar birgalashib yerlar chopardik, egatlar olardik, ekin-tikinga qarashardik, mushtday-mushtday bolalar dalalarda o‘t o‘rardik, qishlarda o‘tin to‘plardik… shu orada maktabga ham bir-ikki borib kelardik. Orzular sari qanchalar shiddatlansak ham, turmush degan qora tuynuk o‘z domiga ayovsiz tortib ketgan edi-da.

– E, hech nimani bilmas ekansiz-ku? Mexanikaning oltin qoidasini-chi?

– Bilaman, bolam. Bir nimadan yutsang, boshqa narsadan yutqazasan…

– Sirayam unaqa emas. Kuchdan yutsangiz, masofadan yutqazasiz!

Shoshma… Oltin qoidadan gapirdingmi?

Mening oltin qoidam o‘zingsan-ku, jon bolam?

Men fursatdan yutqizgan bo‘lsam, yutug‘im sen-ku?

Musaffo ko‘zlariga qarab yuragim hasratga to‘lib ketadi, o‘zimni qo‘ygani joy topolmayman. Bolalar dars qilgani kirishadi, men esa hovliga chiqaman. Olislarda yulduzlar jivirlaydi. O‘zimning o‘smir haqiqatlarim esimga keladi. Axir, Dono xolam rostdan ham o‘sha yulduz bilan birlashib ketmaganmi? Xotiram osmonidagi yulduzlarim jivirlab turishmayaptimi? Eng qat’iy hayot haqiqatlarini yuragimga jo qilgan, elning o‘zi kabi juda oddiy, juda sodda, mehnatdan boshi chiqmagan ustozlarimning har biri mening yulduzlarim emasmidi? Mana shu zahmat aro oy-u quyoshim bo‘lmish onam, otam-chi?

Ha, o‘g‘lim, mening fanlarim senikidan juda farq qiladi. Sen moddalar tubiga, yulduzlar olamining teranliklariga nazar tashlaydigan palladasan. Men esa… faqat ortimga nazar tashlayman, xolos. Chunki… oldinda hech nima ko‘rmayman.

Istasam ham ko‘rolmayman.

Kechagina aytding-ku, qaniydi tezroq sizday bo‘lib qolsam deb?

Men esa bo‘g‘zimda turgan gapimni aytolmay qiynalaman:

“Qaniydi, senday bo‘lib qolsam, bolam…”

   (“Kitob dunyosi” gazetasi, 24.02.2016)