Isajon Sulton. Oftob chiqdi olamga… (hikoya)

Kun chiqdi, kunduz yoyildi. O‘tkir qizg‘ish nuri ayvonda uxlayotgan bolakayning yuziga tushib, ko‘rpani boshiga tortib oldi. Uyqu juda shirin edi-da, ko‘zlarini ochgisi, shu ajoyib lazzat og‘ushidan chiqqisi kelmasdi. Nur yuziga tushganida qaroqlari yumuq bo‘lsa ham ko‘z oldi qizg‘ish-sarg‘ish tusda yorishdi. “Quyoshga suv ostidan qarasa shunaqa ko‘rinadi”, deb o‘yladi va uyqu o‘z og‘ushiga tortib, rostdan ham o‘zini suv ostida ko‘rdi. Bu bola tiniq suvlarda emas, qishloq bolalari “dim” deb ataydigan, katta zovurlarning bo‘tana chuqurlarida cho‘milib ulg‘aygan edi, haqiqatan ham, loyqa suv ostidan qarasa, shunaqa ko‘rinar ekan. Yashil yo‘sinlar chayqaldi. Isigan suv vujudga xush yoqdi, olamga esa yoqimli kunduz yoyila boshladi.

Keyin o‘zini yana ayvonda ko‘rdi. Tushmi, hushmi, bilish qiyin edi. Bo‘g‘otdagi musicha ku-kulab tinmasdi. G‘arq pishgan juxorizorlar uzra pirr etib chumchuq galasi uchib o‘tdi. Oq bulutlar ostida qaldirg‘och yelardi. Tush bo‘lsa kerak, chunki shu osmon ostidayu yer ustida o‘zi tengi bir bolakay toychoqday o‘ynoqlab chopib, har qadamiga moslab qichqirardi:

– Oftob… – deganida qoraygan tovoni qumni to‘zg‘itdi.

Chiqdi… – dedi sakrab, bir beti sariq, boshqa beti qizil shaftolini uzib olib.

Keyin uni yarmigacha tishlab, dahanidan shirali suvini oqizib:

Olamga… – deganida, yorug‘ olamni shu so‘zlar tutib ketdi.

Oftob chiqdi olamga! – chirillashdi uzunoyoq, uzunmo‘ylov chigirtkalar sakrashib.

Oftob chiqdi olamga! – deyishdi shaffof qanotli ninachilar dirr etib uchib ketishar ekan.

Bu juda ajoyib, zavqli manzara edi. Biroq, uyquning shirin xayolotlarini ketkizib, tuyqusdan xolaning chiyilloq ovozi yangradi:.

– Hoy bola, necha marta aytaman senga? Tur, oftob yoyilib ketdi!

Bir amallab ko‘zlarini ochsayam, kipriklari yana yopishib qolaverdi. Uyqusirab o‘rnida bir oz o‘tirdi-da, keyin makkajuxorilar o‘sgan yo‘lakdan etakdagi teraklar ostiga – ariq bo‘yiga yo‘naldi. Bu yerda o‘tlar qalin o‘sgan, tiniq suv sharqirab oqardi. Qo‘lini urgisi kelmay, cho‘nqaygan holida mudrab-mudrab, nihoyat betini yuvdi.

Ha, kunduz olamga yoyilibdi.

Oftob chiqayotganida qizil, keyin sariq bo‘ladi. Rosa qizib ketganida oqaradi. Umuman, oftob ertalablari uncha issiq bo‘lmaydi. Tepaga yetgunicha qizib oladi. Shomga yetganida sovib, yana qora tun qa’riga kirib ketadi.

Kun isibdi. Xaslar ustida chivinlar vizillay boshlashibdi. Yer qizibdi. Chumolilar rizq izlagani chiqishibdi.

Tuproq yo‘lakdan makkajuxorilar oralab hovliga qaytar ekan, ayvonda ko‘k ko‘ylakli birov o‘tirganini ko‘rdi. Iya! Onaizor keldimikin? Ongi ravshanlashib, murg‘ak qalbida quvonch paydo bo‘ldi. Qadamini tezlatdi.

Yo‘q, onaizor kelmabdi. Ko‘k ko‘ylak xolaniki ekan. Xola, ya’ni sira tinim bilmaydigan ozg‘in javroqi xotin saharlab hovli-ko‘chani supurib, mol-qo‘yni saranjomlab, ayvonda xamir qoribdi. Mushtlay-mushtlay qo‘llari horibdi, dumaloqlagan ekan, qo‘zichoq qorniday keladigan xamir hosil bo‘libdi. Kafti bilan urib-urib, ustiga eski dasturxonni yopib, to‘shak bilan o‘rab qo‘yibdi. Xamir uch-to‘rt soatda ko‘pchiydi. Keyin zuvala yasasa bo‘ladi.

Bolaning ko‘z oldiga har yer-har yeri qizarib-po‘rsillab pishgan, hidiyu tafti yoqimli kulchalar keldi. Qaynoq mahali suvga botirib yesa juda mazali bo‘ladi. Suv tekkan joylari sovigan, tegmagan joyi qaynoq, tish orasida qirsillab tandir cho‘g‘i, o‘tin va tutun isi aralash ajoyib ta’m hosil qiladi… Kulcha yegisi kelib:

– Xola-xola, kulcha ber…

Xola unga qaramasdan, ishida davom etar ekan, to‘ng‘illadi:

– Hamma ish bitta o‘zimgami, baring non-non deysan? Yeging kelsa, bor, o‘tin terib kel!

Bolakay itoat bilan uy ortidagi chakalakzorga o‘tdi.

Bu yer qarovsiz edi. Bulturgi quruq shoxlarni shamol sindirib ketibdi. Hozir kichigiyu kattasi uyqashib yotardi. Bola ba’zilarini shundoq saranjomladi, ba’zilari uzun, qayishqoq ekan, oyoqchalari bilan bosib, qo‘li bilan qayirib sindirdi. Shu tariqa bir uyum o‘tin to‘pladi..

O‘tinlarini quchoqlab ko‘tarib, tandir oldiga olib kelib tashladi.

* * *

Oftob oqargani sayin tandir ham oqardi. Qip-qizil qo‘r ustini asta-sekin kul qopladi. Xola kosov bilan cho‘g‘larni uydi. Keyin harsillab non yopa boshladi.

Xolaning o‘z bolalari haliyam uxlab yotishardi. Boyagina qo‘rsroq muomila qilgan xola o‘z bolalarini shunday uyg‘otdi:

– Huv-v bolajonlar! Turinglaru-uv, non pishyapti!

– Turinglar, jon bolalarim!

Xolaning bolalari ham birin-ketin turishib, bet-qo‘lini yuvmasdan kelib olishdi.

Ostiga suv ura-ura yopilgan nonlar avval oqardi, bir oz shishdi, chekich izlari tezroq qizardi, keyin o‘rtasi qotib, chetlari yanada ko‘pchidi. Beti chiroyli chiqsin deya xola xamirga sut qo‘shib, yuziga yog‘ surtgan ekan. Nonlar kuyib ham ketmadi, qiyshayib ham qolmadi, bari o‘z o‘rnida, xuddi kungaboqar kabi yashnab-yashnab, ajoyib bo‘lib pishdi.

Bolalar tandir oldidan ketmas edilar. Xola harsillay-harsillay, yengcha bilan nonlarni uzib savatga tashlayverdi. Issiqqa qaramay savatdan hovur ko‘tarilardi. Uzib bo‘lgach, o‘zining bolalariga elakday-elakday patirlaridan berdi. Navbat bolakayga kelganida esa xo‘mrayib, yengcha uchida tirnoqday kulcha uzatdi.

– Ma, yeb ol sen ham!

* * *

Bu – oq yuzli, ikki betida kulgichi bor, qop-qora ko‘zlari o‘ychan bolakay, onasining yolg‘iz yodgori edi. Ona sho‘rlik, birinchi turmushi bo‘lmagach, ko‘zining oqu qorasini singlisiga qoldirib olis qishloqqa erga tegib ketgan, har zamonda ko‘rgani kelganida turshak, qurut olib kelardi. Qurutlari sho‘r, o‘riklari katta-katta, bemaza edi. Har holda Olisqishloqda ham turmushi yaxshi emas shekilli, battar ozib-to‘zib ketgan, o‘tirib noliy-noliy, nihoyat jo‘nab ketardi.

Yaxshi bola edi-da… Onasiga ichikar, kelsa rosa suykanardi. Yosh bolalarda shunaqa odat bo‘ladi. Kimdir ona bilagini, kimdir kaftini yaxshi ko‘radi. Ich-ichidan kelgan tiyiqsiz istak ila suykanadi, shunda maza qiladi. Bu bolayam shunaqa, onasining mehnatda qavargan dag‘al qo‘llarini betiga bosib, ko‘zlarini yumib-yumib, rohatlanib-rohatlanib suykanib olardi.

Nigohi juda o‘tkir edi, har narsani ko‘rardi. Ari qanotini ko‘tarib ketayotgan chumolining mitti ko‘ziga tikilardi. Dumini uzib qochgan kaltakesakning dumi o‘sib chiqishini kutardi. Havoda o‘lja talashib urishgan zag‘chalarga kulardi: yer to‘la yemish-ku, nega urishasan? Gohida yashilliklarga burkangan ma’volar orasidan sariqso‘fiyon tovushi kelib qolsa, qayerdaligini aniq bilardi. Qizilishton daraxtni to‘qillatib teshsa, o‘tkir nigohi darrov topib olardi, gohida changali tepada, boshi pastda bo‘lib teshishiga hayron bo‘lardi. Kichkina ariqcha bo‘yiga suvchumchuq pirillab kelib, biron shoxga qo‘nib olsa, oqim tubidan chuvalchang topib cho‘qishini kuzatardi.

Yanami?

Yana, o‘rgimchakni aldardi. Kichkina xas olib to‘riga tashlasa, hasharot shosha-pisha o‘lja sari o‘rmalashini ko‘rib esipastligidan kulardi. O‘tlar orasiga tushib chirigan behi holvasi shirinligini, o‘rik tanasidagi shaffof g‘o‘ddani yesa bo‘lishini, ammo shaftoli g‘o‘ddasini yeb bo‘lmasliginiyam bilardi.

Oftob yoyilib oldi. Ari qanotini ko‘tarib ketayotgan chumoli uyasiga yetib borgan edi, qanot teshikchaga sig‘madi. Dumsiz kaltakesak qochib ketdi. Zag‘chalar urisha-urisha boshqa ekinzorlar tomon uchishdi. Sariqso‘fiyon “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb sayradi. Qizilishton sasi yaqindan eshitilayotgan edi, boshqa daraxtga uchib o‘tdi shekilli, endi uzoqdan kela boshladi.

Er cho‘g‘day qizib, osmon ham tandirday oqarib qoldi.

Oftob… Qaqroq yer… Lang‘illagan tandir, chakalakdagi o‘tinlar… Boyagi ohang hali xayolida edi, shularning barini bir onda ko‘rib turarkan, hozirgina ro‘y bergan voqealaru hodisalar birin-ketin so‘zlarga aylanib, o‘sha ohangga mos tizila boshladi.

* * *

Bola boya kelgan yo‘liga qaytib, uy ortiga, chakalakzorga o‘tdi. Tirnoqkulchasi haliyam qo‘lida edi. Juda shirin tuyulsa-da, yemay o‘tirdi. Usti qizarib pishibdi, osti yanada berch, jigarrang, o‘rtasidagi qaynoq xamiri hali yumshoq, tafti ketmabdi.

Boya tushu hush orasida yangragan yoqimli ovozni kim bilan bo‘lishishni bilmadi. Xolaning bolalari u bilan o‘ynashmas, “Etimcha” deyishardi. Xola ham yaxshi muomila qilavermas, xolaning eri – baland bo‘yli, cho‘tir qora kishi esa hech gapirmasdi.

Zag‘chalar urishishni bas qilib, sal naridan qing‘ayib qarab turishardi. Behi shoxiga shovqin solib uzun dumli olahakka kelib qo‘ndiyu sariq johil ko‘zlarini tikib tek turaverdi.

Olahakka gapga tushunadi, hatto so‘zlarni yodlab olishi ham mumkin.

– Hoy, bu yoqqa kel, – dedi unga.

Qush ko‘zlarini olaytirib hakkalab keldi-da, hayiqib sal narida to‘xtadi.

– Senga aytaman, – dedi bola. – Yodlab ol, bo‘ptimi?

Oftob chiqdi olamga
Yugurib bordim xolamga.

Nazdida olahakka buni yodlab oldi-da, qanotlarini tapillatib shovqin solib uchib ketdi.

Asalarilar vizillab uchishardi. Mayda kapalaklar ham. Qoq tepada bir kalxat qanot qoqmay aylanardi. Boya ertalab qo‘shni tarafga o‘tgan chumchuqgala yana gurr etib qo‘ndi.

– Xola-xola, kulcha ber,
Xolam aytdi: “O‘tin ter!”

Chumchuqgala yana uchib ketdi.

Bola kulimsiradi.

Erdagi chumolilar to‘xtab, unga qarab turishardi

Chumoli uch turli bo‘ladi. Eng maydasi qumursqa, u qaydan chiqib kelishini bilolmaysiz. Uy ichida, orasidagi ko‘zga ko‘rinmas tirqishlardan ham chiqib kelaveradi. Yana biri qizil chumoli, u bahorda yer tubidan kavlab chiqib xirmon yoyadi. Yana katta boshli qora chumoli ham bor, chaqsa og‘ritadi. Uni nima qilishini birov bilmaydi. Bularning bari Xudoning lashkari, deydi ona. Odamdan ortgan narsalarni tashib, yer betini tozalab ketishadi…

Hammasi bolakayga hayron bo‘lib qarab turishardi.

O‘tin terdim bir quchoq…
Hammaga elakcha berdi,
Menga tirnoqcha berdi…

Chumolilar tirnoqday-tirnoqday g‘anaklarini ko‘tarib yo‘llarida davom etishdi.

“Ana, hamma bilib oldi”, deb o‘yladi bola, qoniqish bilan. Hali bular ham bolalariga o‘rgatishsa-chi?

Nega o‘rgatishmasin?

Hakka-yu zag‘cha, chumchug‘u musichalar polaponlariga aytib berishadi. Chumolilar qish kelganida yer ostida bolalariga aytib o‘tirishadi.

Nima deyishadi?

“Bir bola bor ekan. Otasi yo‘q, onasi uzoqda ekan. Xolasining qo‘liga qaram bo‘lib qolgan ekan. Xolaning bolalari “Etimcha” deb mazaxlab, u bilan o‘ynashmas, pochchasi gaplashmas, xola og‘ir ishlarga buyurib, gohida uchi yongan kosov bilan urar ham ekan. Kosov bilan urib bo‘lmasligini bilmas ekanmi? Bilsayam uraverar ekan-da. Ovqat qilsa, o‘z bolalariga to‘ldirib-to‘ldirib, buni kosasiga ozgina solar ekan. Yotgani joy solsa, bolalariga qavat-qavat to‘shaklar to‘shab, bunga bitta eski sholcha berib “Bor, joyingni o‘zing solib yot!” der ekan.

O‘zi oq yuzli, tiniq nigohli bolakay ekanu kim bilan gaplashishini bilmas ekan.

Zuryodlariga shunaqa deb ertak aytib berishsa kerak.

Oxirida esa, yodlab olganlarini ham aytishadi, albatta…

* * *

Ota kirib keldi.

– Yetimchang qani?

– Bilmasam, qaylardadir yurgandir anqayib… Shirin-shirin nonlar yopdim, yeysizmi? – deb so‘radi xola eridan, mehribonlik bilan.

– Opkelaqol, qornim ochdi, – dedi ota.

– Un tugadi, – dedi xola aybdorona, yelkasini qisib.

Ota non chaynashdan to‘xtab, qovoq uyib qarab qoldi.

– Qanaqasiga? Opkelganimga bir oy ham bo‘lmadi-ku?

– To‘rtta bola, oltita jon, – dedi xotin. – Bir yesa oltita non yeydi…

Ota ancha o‘ylanib qoldi. Keyin

– Yetimchangni yo‘qot! – dedi qisqa qilib.

– Qayoqqa yo‘qotaman? – dedi bechora xola. – O‘ziniyam turmushi yaxshimas, eri battarin chiqdi. Qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib tinim bilmaydi, eri bo‘lsa baqirgani baqirgan…

– Onasini emsin bu odamlarniyam! – deb to‘ng‘illadi ota, do‘ppisini bir urib tekislab qayta kiyarkan. – Na kattasida insof bor, na kichigida…

Indamadi, turib ketaverdi…

* * *

Bola behining bir-biriga ayqashib ketgan bujur tanasi bo‘ylab tepaga chiqdi-da, tirnoqkulchasini ro‘molchaga o‘rab, daraxt kovagiga ehtiyotlab soldi. Keyin boya yulib olgani o‘t-o‘lan bilan kovakni yaxshilab bekitdi.

Ona… Eh, diydori nonday issiq ona… Muncha uzoqlardasan? Bolamga oboraman deb qurut yasayotgan bo‘lishing ham mumkin. U yerda sigirlar sho‘ralarni yeyishsa kerak. Boshqa o‘t yo‘qmikin? Ha, sho‘ra ko‘p, shu sababdan qurutlar sho‘r. Hammayoqni oqish tuz bosgan bo‘lsa kerak, turshaklariyam taxir-ku? Bitta-ikkita tut ham o‘sgandir? Yana qamishlar ham bor, albatta. Ona o‘sha yerda, qurutlari qotib, turshaklari qurigach kelsa kerak.

“Bu kulchani senga opqo‘ydim, ona”, dedi bola, xayolan unga.

“Kelganingda yashirib qo‘ygan joyimdan olib beraman, mazza qilib yeysan.

Bu yerda bulturgi yong‘oqlar ham bor, ularniyam senga opqo‘yganman. Jiyda-yu o‘riklar ham bor…

Sal vaqt o‘tsin, men katta bo‘laman. Katta bo‘lsam, uy quraman. Keyin sen kelasan. Kelasanu sira ketmaysan. Sen yashayotgan qishloq yaxshi emas. Yomon joyligini turshagu qurutlari taxirligidan bilib olganman. Ha, ona, sira ketmaysan. Nima qilarding o‘sha qishloqqa borib, axir, ko‘zingni yoshi doim duvillab turadi-ku? Meni bag‘ringga bosib gapirasan-yig‘laysan, gapirasan-yig‘laysan… Sen kelguncha men yaxshi bir uy quraman, keyin ikkovimiz o‘sha uyda yashayveramiz.

U uyga xolamniyam, uni eriniyam, bolalariniyam kiritmaymiz.

Mazza qilib kulib-quvnab o‘tirasan. Men qoplarda unlar olib kelaman, sen tandir-tandir nonlar yopasan.

Ikkovimiz bir savat nonni o‘rtaga qo‘yvolib mazza qilib yeymiz. Tugab qolsa, yana opkelaman, yana yopasan.

Eh-he, non nima bo‘pti, juda shirin narsalar ham opkelaman. Sandiqlarimizga to‘ldirib-to‘ldirib solib qo‘yasan. Yeyaveramiz-eyaveramiz, hech tugamaydi…

Qara, bugun rosa chiroyli oftob chiqdi, tushimda bir qo‘shiq eshitdim, uni hammaga aytib ham berdim.

Bitta sen eshitmading…

Oftob chiqdi-yu… sen yo‘qsan-da, onajon…”

* * *

Kavagiga tirnoqkulcha yashirib qo‘yilgan behini xolaning qaynatasi qadagan edi.

Qaynataning ruhi hozir shu yerda, bolakay ahvolini ko‘rib turardi.

Umuman, uni yaxshi odam bo‘lgan, deyishadi. Novvoy edi, nonlar yopardi. Afsus, umri tugab qoldi. Hozir besh yashar shu bolakay urina-urina tirnoqkulchasini kavakka bekitganini ko‘rib ozorlanardi. Bola qo‘shig‘ini u ham yodlab oldi. Yodlab oldiyu chirqillay-chirqillay, mangulik olamlariga o‘zi bilan olib ketdi.

Oftob chiqdi olamga,
Yugurib bordim xolamga…

Yana, shu ariq bo‘yida bir epkin ham yashar edi.

Puf etib yalpiz barglarini chayqatib o‘tgani mahal chumolilar o‘sha ohangga mos ketib borayotganini ko‘rdi. Bir himranib qo‘shiqni o‘ziga singdirib olaqoldi. Keyin suv betiga yoyib yubordi. Oftob nuri barglar orasidan suv yuziga tushib kumush jilvalar hosil qilgan edi. Ohang suv bilan birga oqa-oqa, ekinlar bag‘riga kirib bordi. Ekinlar u zilolni shimib-shimib ichishdi. Qo‘shiq ziroat bag‘riga ham jo bo‘ldi.

So‘ng kuchliroq shamol esganida epkinni ham o‘ziga qo‘shib, qishloq uzra turli-tuman tovushlar aro ko‘tarib ketdi. Shiddati zo‘rroq edi, bir esganida yuzlab qishloqlar ustidan uchardi. Qo‘shiq o‘sha qishloqlar uzra ham yoyilaverdi:

Oftob chiqdi olamga
Yugurib bordim xolamga…

Shu tariqa, voqeadan hamma xabar topdi. Buni bir xolayu uning semiz-semiz bolalari bilishmadi. Yetimcha ko‘rinmayotganidan foydalanib, singib pishgan nonlardan yana yeb olishdi. Hadeb yeyaverishsa, qorinlari to‘yib, do‘mbiraday qappayib ketmasmikin? Ha, shunday bo‘ldi. Ortib qolgan nonlarni shundoqqina yerga tashlab ketishdi.

Xudoning lashkari – chumolilar non bo‘laklarini qurshab, uvoqlarga bo‘lib opketa boshlashdi. Uning jag‘i ikki ayri o‘roqqa o‘xshagan bo‘ladi. Non nima ekan, o‘t-o‘lan urug‘iniyam ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Nega? Chunki bo‘lib qo‘ymasa, bahor kelganida nish urib, o‘t una boshlaydi. Chumoli uyasida o‘t o‘ssa, bolalari qiynalishadi. Chumoli esa bolalarini yaxshi ko‘radi, shu uchun urina-urina hamma urug‘larni ikkiga bo‘lib chiqadi… Lekin, chumolilar buning qanaqa non ekanini bilishmasdi. Achqimtirroq edi. U taxirlik ko‘pchib ketgan xamir taxirligi emas, yetimlik ta’mi emasmikin? Biroq, chumolilar ta’m bilarmidi? Ayni vaqtda shirin ham edi, ochlikning lazzatli ta’mi. Biroq, ochlik nimaligini ham bilishmas? Xullas, shu non parchasi qatida ham bir olam dardu iztirob boriydi:

Hammaga elakcha berdi,
Menga tirnoqcha berdi…

Oftob chiqdi-yu…

Bir onaizor yo‘qligi uchun shuncha narsaning ta’mi o‘zgardi. Ha, oftob chiqdi, tikkaga yetib borib, quyiga yumaladi. Qurtu qushdan hasharotgacha, jon zoti borki, Xudo bergan rizqini terib-terib yedi, birgina bolakay ko‘ziga benihoya qadrli ko‘rina boshlagan behi kavagidagi tirnoqkulchasi oldidan ketmay o‘tiraverdi.

* * *

Bir kuni o‘z hovlimda uxlab qolibman. Quyosh nuri ko‘zimga tushganida uyqu shirinlik qilib ko‘rpani boshimga tortib oldim. Shunda mening ongimda ham bolalik manzaralari uyg‘ondi. Tavba, bir mahallar qishloq o‘smirlari “dim” deb ataydigan loyqa suvlarda so‘milib o‘ynaganimizda, suv ostidan quyosh shunaqa ko‘rinmasmidi?

Chumchuqgala gur etib qo‘shni tomonga uchib o‘tdi.

Zag‘chalar yemish talashib urishishdi.

Qo‘shnimning maykachan bolasi qo‘lida xivchintayog‘i bilan yo‘laklar uzra yelib borar ekan, ingichka ovozda qo‘shiq ayta ketdi:

Oftob chiqdi olamga
Yugurib bordim xolamga.
Xolam aytdi…

Tavba… Birdaniga yuragim hayajonga to‘ldi.

Hech o‘zimni bosolmayman, deng.

“Jonim onam!“ deymanu o‘pkam to‘ladi.

Mana, kimdir non yopdi. Isi tevarakni tutdi.

Jonim onam! Sen doimo qoshimda eding. Men ham chopib borib senga suykanishni yaxshi ko‘rardim. Qo‘lingni taftini haligacha sog‘inaman, ey madorim, quvvatim, bebaho xazinam, oromijonim mening!

Oftob chiqqan mahalda, tong paytida yangragan bir quvnoq qo‘shiq shuncha tuyg‘u hosil qiladi deb kim o‘ylabdi deysan?

Axir, diydoringni sog‘indim-ku, jonim ipiga boylanganim?

Elakday emas, tirnoqday mehringga ham zorman-ku?

Bu quyosh, bu tabiat, bu farog‘atu oromlar sening bir jilmayib qarashinggayu ro‘moling ostidan chiqib turgan bir-ikki oppoq, muloyim soch tolangga arzirmidi?

Borsam… quvonib, bo‘yimga bo‘ying yetmay intilib, “Egilsang-chi axir!” deya yuz-ko‘zimdan o‘pib-o‘pib, “Endi o‘tirib turgin-a, senga non yopib beray” deb shoshib tandir boshiga ketarsan? Hatto o‘tin ter deb ham aytmassan, bolam urinmasin deb o‘zing terarsan?

O‘shanda… diydoringga termilib-termilib, dunyoda sengina yopa oladigan benihoya ajoyib nonlar isidan mast bo‘lib, boshim aylanib, yayrab-yayrab kularman, ona!

Axir, ne saodat bu, ona-bolaning yonma-yon bo‘lishi!

Tong sahar qulog‘imga urilgan, xayolimda benihoya ko‘p manzaralarni hosil qilgan u mangu qo‘shiq o‘zgarib, baxt ohanglarini tarata boshlasa-chi?

Yana oftob chiqadi, asrdan so‘ng cho‘g‘day lang‘illab, shom tarafga ohista botadi.

Ammo, sening mehr quyoshing sira botmaydi!

Senga shu gaplarimni aytsam, bag‘rikengligu xushhollik bilan:

“Hayot o‘zi shu-da, qo‘zim”, deysan.

“Anglamadingmi?” deysan.

“Qara, oftob chiqdi-ku? Nahotki sezmading?”

“Nimani, jonim onam?”

“Axir, oftobim sensan-ku, bolajon?”

Eh ona… Diydori nonday issiq ona… Anglamasmidim? Ko‘zimning yoshini yashirishga, ovozimdagi titroqni bildirmaslikka urinib, beg‘ubor jilmayaman:

“Ha, oftob chiqdi…

Oftobim o‘zingsan-ku, onajon!…”

Ko‘zimga hech nima ko‘rinmay qoladi. Shoshib-pishib diydoringga otlanaman. Xayol hozir qadrdon ota uyimni, nimalargadir urinib yurgan onaizorimni yaqqol gavdalantiradi. Oltmish olti so‘ngagim, yetmish yetti tomirim orasidagi mushtoq qalbim faqat seni qo‘msaydi!

Mana, oz qoldi. Hozir qoshingga yetib boraman, onam!

Kaftingni yuzimga bosib, to‘yib-to‘yib suykanib ham olaman.

Osmonu falakda, yer betida, tabiat oralarida esa o‘sha qo‘shiq, faqat bu gal shodon ohanglarda yangrab, onaizori sari chopib borayotgan bolaning quvnoq qo‘shig‘iga to‘lib ketadi:

Oftob chiqdi olamga,
Yugurib bordim onamga…

(“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1.12.2017.)