Iqbol Mirzo. Ko‘chat (hikoya)

Rahmatjon ko‘cha eshikni yelkasi bilan itargandi, lo‘kidoni yerga tushib, daranglab ketdi. Ichkaridan avval shoshib xotini, keyin olazarak o‘g‘ilchasi chiqdi.

– Ha, tinchlikmi? Sulaymon taxtini ko‘tarib keldingizmi, shahdingiz osmon? – dedi xotin peshonasiga tang‘ilgan yashil durrani mahkamroq tortib. So‘ng devorga suyab qo‘yilgan juft ko‘chatga ko‘z tashladi. – Nima bu?

Ko‘chat ekishni niyat qilgan hamma havaskorlar qatori Rahmatjonning ham dimog‘i chog‘, kimgadir yaxshilik qilayotganday sururli hissiyot ko‘nglida hukmron edi.

Xotinning zarda aralash so‘rog‘idan keyin shashti qaytdi, peshonasi tirishdi.

– Ko‘rib turibsan-ku, ko‘chat! – dedi u norozi po‘ng‘illab.

– Nimaligini so‘rayapman. Olmami, behimi? Go‘rmi, balomi? – dedi xotin yuziga qon tepchib.

– Jo‘ka! – Rahmatjon ham baland pardaga chiqdi. – Noyob daraxt…

– Nima? – dedi xotin tishi og‘riyotganday aft burishtirib. – Jo‘ka? Hoy dalaning bolasi, gilosmi, o‘rikmi ekmaydimi – mevasini bolalar yemaydimi? Manavi zormandani qanday yo‘qotishni bilmay turibmiz-ku. – Xotin darvoza yonidagi tarvaqaylagan emanga ishora qildi. – Buni xazonini supurib, changini yutadigan men-da! Qurib ketsin, turgan bitgani quruq savlat!

– Nima qilay? – dedi Rahmatjon alam bilan. – Qaytib oborib beraymi?

– Menga desa ko‘chaga tashlavoring! – xotin jahl bilan ortiga qayrilib, o‘g‘ilchasi ichkari kirguncha kutib turdi. – Maslahatning uyiga o‘t qo‘ygan bu odam!

Rahmatjon boshliqning tug‘ilgan kunida qutlagani borib, shampan po‘kagi bilan qandilni chil-chil qilganda ham xuddi shunday xijolat chekkandi.

“Ayb o‘zimda, – deb o‘yladi u. – Xotinning gapi to‘g‘ri, o‘zimizni “ho‘kizko‘zi” gilosdan opkelmaymanmi, uch yilda mevaga kirmaydimi…”

Ko‘chatni ko‘tarib ko‘chaga chiqdi.

“Yo manavi gulzor yoniga qadab qo‘ysammikan? Qo‘shnilarning mashinasiga ham soya tashlardi”.

Erto‘ladan belkurakni olib chiqib, yo‘l yoqasidagi gulzordan joy chamalab turgandi, mahalla oqsoqoli Sobit chaqqon pildirab kelib qoldi.

– Hay, hay, hay, – deb belkurak dastasidan tutgancha shovqinladi Chaqqon kekirdak olmasini o‘ynatib, – nima qilmoqchisiz, okasi? Shahar bedarvozami? Buni mahalla deb qo‘yibdi. Mahalla instituti degan gaplar bor…

So‘rashishga uzangan qo‘li muallaq qolgan Rahmatjon nochor chakkasi aralash bo‘ynini siladi-da, javob qildi:

– Shu… jo‘ka obkeluvdim, ekib qo‘ysammi deb turgan joyim.

– Iya, mulla Rahmatilla! Xohlagan odam xohlagan narsasini xohlagan joyiga ekib ketaversa, bu dunyoda tartib qoladimi, okasi? Nima daraxt dedingiz?

– Jo‘ka.

– Ana xolos, – xuddi shumxabar olganday oqsoqolning o‘siq qoshlari payvasta shaklga kirdi.

– Archa bo‘lsayam boshqa gap edi. Ha… – oqsoqol biroz o‘ylanib turdi-da, dabdurustdan allaqanday ichki qoniqish aralash “Subardinatsiya!” deb qo‘ydi.

Rahmatjon oqsoqol bilan ko‘pda oshqatiq bo‘lmasa-da, uning tantiqsifat qiliqlariga ajablanmay qo‘ygandi. Shuning uchun jo‘kaga subardinatsiyaning nima daxli bor, deb so‘rab o‘tirmadi.

Xotin va o‘g‘ilcha ostonada paydo bo‘lishdi.

– Menam shuni aytaman-da, amaqi, somaykum, – dedi xotin fig‘oni oshib. – O‘zi manavi ordonani yo‘qotolmay halakman. Nimaymish, bu yuz yillik daraxt davlat himoyasidaymish, kesishga maxsus ruxsatnoma kerakmish. Mana, yo‘q joydan boshog‘riq!

– Ha-a, – dedi g‘ulg‘ulinikiday salqi bo‘ynini cho‘zib oqsoqol emanga suq solgancha.

– Buningni kessa bormi, taxtasi Xitoyga yetadi… Vestern yunyo‘n!

– Hademay guliga bolarilar yopirilib keladi, – Rahmatjon go‘yo hozir Chaqqon bolta ko‘tarib chiqib, emanga tashlanib qoladiganday shosha-pisha tabiat muhofazasiga o‘tdi. – Eman asali eng shifobaxshi bo‘larkan…

– Yo‘g‘-e, qarang-a, – dedi xotini ensasi qotib.

Yana nimadir deb uzib olmoqchi bo‘ldi-yu, oqsoqolga bir qarab, bolasining orqasini kafti bilan yengil “suvab”, indamay hovliga kirib ketdi.

– Endi-i, gap bunday, okasi, – oqsoqol boshidagi baxmal do‘ppini bir aylantirib, kekirdagini sakratib oldi. – Bu zormandani nechchi pulga oldingiz? Ha, arzimas chaqa ekan, qaytib borganingizning kirasi emas. Yaxshisi, buni anavi bog‘chaga obkirib ekib bering. Orzugul bir narsa desa, oqsoqolni xabari bor deng, yo‘q demaydi.

– Balki, birga-birga…

– Yo‘q! – gapni cho‘rt kesdi oqsoqol. – Narigi mahallada osh bor. Roziq qozi namunali to‘y qilyapti. – Oqsoqol kurakni yerga bir urib ko‘zdan kechirdi-da, Rahmatjonga qaytarib berdi.

– …Detsibel!

“Bugun yakshanba, bog‘chada odam bo‘larmikan?” deb o‘yladi Rahmatjon. Shu savolni oqsoqolga ham bermoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan ediki, gapi og‘zida qoldi. Gulzor boshida taksi to‘xtadi-yu, undan bir qolipdan chiqqandek ikki sariqsoch ayol tushdi.

– Shu joy! – dedi ulardan biri hayajonlanib.

– Xuddi o‘zi!

– Aniqmi? Yana adashmayapsanmi? – deb so‘radi narigisi poxol qalpog‘ini boshiga bosib.

– Mana o‘sha eman! O‘shanday turibdi! Tanidingmi?

– Uy siznikimi? – Rahmatjonning qo‘lidagi kurakka qaradi ayollardan biri.

– Ha… meniki, – dedi kalovlanib Rahmatjon.

Mehmonlarni ko‘rgach oqsoqol iziga qaytib, qoshini sinchkov ko‘targancha ularga yaqinlashdi. Ayollardan biri oqsoqolga razm solib birpas qarab turdi-da, shaxdam borib azot quchoqlab oldi. Oqsoqol ayolning keng-mo‘l bag‘rida kurk tovuqning qanotiga kirgan sariqtumshuq jo‘jaga o‘xshab qoldi.

– Tanidingmi, tanimadingmi? – qayta-qayta so‘radi ayol to‘lqinlanib, – Sabish, bu men Yulyaman, sinfdoshing. Bu – Olya. Asalchi Nikiforning qizlarimiz. Manavi hovlida turgandik, eslolmayapsanmi? Manavi eman guvoh! – ikkala ayol ham jo‘rovoz yig‘lab yuborishdi.

Oqsoqol ayolning quchog‘idan chiqib, atrofga bir alanglab qo‘ydi:

– Tanidim, tanimay o‘libmanmi? Bolalar bilan eslab turamiz… o‘sha paytlarni, – ku­til­magan uchrashuvdan qattiq hayajonlanib tomog‘i quridi, shekilli, halqumini irg‘ishlatib g‘o‘ltillatib yutindi.

Yana ko‘cha eshigi ochilib, Rahmatjonning xotini va o‘g‘li bosh chiqardi. Oqsoqol, eri va ikki malla ayol emanga qarab angrayib turganini ko‘rib, o‘g‘ilchasini dikonglatib kelib davraga qo‘shildi.

– Tinchlikmi, nima gap? – dedi xotini daraxtda arzigulik o‘zgarish topolmay. – Bular kim, hokimiyatdanmi?

Oqsoqol va ayollar biri qo‘yib biri o‘tmishni eslay ketishdi. Mehmonlar Rahmatjonga, oqsoqol kelinga izohlashicha, bularning onalari Klavdiya eri Nikifor bilan urush paytida ko‘chib kelishgan ekan.

– Nikifor amaqi qo‘li gul usta edi. Chap oyog‘i tizzasidan ketgan bo‘lsayam, duradgorlik deysizmi, chilangarlikmi, hamma ishni qoyil qilib ketaverardi, – deb xotirladi oqsoqol emanning uch-uchiga ko‘zlarini qisib qararkan. – U paytlar shahar narida edi, manavi joylar bog‘-rog‘ bo‘lib yotardi. Esimda bor, amaqi qaydandir ona asalarini tutib kelib uya yasaganida yonida mix uzatib turganman. Manavi egizaklardan qaysi birini olasan, deb meni doim uyaltirardi. O‘shanda mahkamroq tursam bo‘larkan. – Oq­soqol Rahmatjonning xotini g‘ashlanib qarab turganini ko‘rib xijolatli iljaydi. – Hazil­lashaman-da, kelinjon… Jeyms Kemeron!

Mehmonlar xandon otib kulib yuborishdi.

– Voy hozir o‘laman, voy hozir ichagim uziladi! Xudoyim-ey, o‘sha odati qolmabdi-ya! Yulya, esingdami, dars payti hamma insho yozib o‘tirganda tomdan tarasha tushganday he yo‘q, be yo‘q “Kabardino-Balkariya” yoki “Iosif Vissarionovich Jugashvili!” deb qolardi. Bu so‘z qaydan keldi, nimaga aloqador, tushunmay garang bo‘lardik.

Bu eskartma oqsoqolga yoqdi. Yelka qoqib uzoq kuldi-da, kaftining orqasi bilan qovoqlarini artib, “Otamdan o‘tgan, otamdan”, deb izoh berdi.

Rahmatjon mehmonlarni ichkariga taklif qildi. Xotin kursi olib chiqib hovliga qo‘ydi, dasturxon yozib, choy damlab chiqdi.

Ayollar o‘zlarining o‘ris talaffuzida chuchuk qilib to‘rt yashar qizchaday biram biyron o‘zbekcha so‘zlasharkanki, odamning zavqi keladi deng.

Oqsoqol uzr so‘rab, tez qaytish va’dasi bilan namunali to‘yga jo‘nadi.

– Ha, hammayoq o‘zgarib ketibdi, – dedi Olya chuqur xo‘rsinib. – Bu joylar jannatday bog‘-u dala edi.

Egizaklar hovlining qayerida qanaqa xona bo‘lgani-yu qanaqa gul-giyoh o‘sganini eslab, bir-biriga “esingdami-esingdami” deyishdan charchamasdi.

– Nega ketdinglar? – so‘radi xotin qiziqsinib. – U yoqda hayot zo‘rmi?

– Kim biladi, oziqchiga ergashib… O‘ttiz yil bo‘libdi-ya, o‘ttiz yil! Bizning hamma boylik-bisotimiz shu yerda: ota-onamiz shu tuproqda yotibdi. U yoqda eslaydigan qadrdon o‘tmish yo‘q, – Yulya yuzini chetga burib, ko‘z yoshlarini qaytarmoqchi bo‘lgandek bir muddat kipriklarini pirpiratib turdi. Keyin eman yoniga bordi-da, xuddi odam bilan ko‘rishayotganday yelka berib silab-siypaladi:

– Omonmisan, azizim! Bizni yelkangda ko‘tarib katta qilganding. Bo‘ying uzoqlardan ko‘rinib turardi. Olya bilan dalada adashib qolganimizda sening bastingni ko‘rib uyni topib kelardik. Pahlavonim, azamatim! Gohida sahar uyg‘onib chiqsam, onajonim senga kifti bilan suyanib, teskari quchoqlagancha ko‘zlarini yumib turganini ko‘rardim. Keyin bilsam, sen taskin, kuch va ishonch berar ekansan. O‘zimning emanjonim, otaginam, onajonim mening!

Rahmatjon bo‘g‘ziga tiqilgan qattiq narsadan yo‘talib qutulmoqchi bo‘ldi. Yo‘talgandi, ko‘zlari achishib ketdi. Xotiniga qarasa, eshikka suyanib lol-u hayron turibdi. Olya ham emanning palaxsa tanasiga peshonasini qo‘ygancha sukutga cho‘mgan. Mana shu holatni Rahmatjon o‘g‘ilchasi ham ko‘rishini… u ham yig‘lashini negadir ich-ichidan istab, xotiniga yuzlandi:

– Bolani opchiq!

Xotin eriga ajablanib qarab qo‘ydi-da, shoshib ichkari kirdi.

…Rahmatjon belkurakni yerto‘laga joylab chiqayotganda xotini derazadan qararkan, kaftlarini chakkasiga yostiq qilib, “Bola uxlayapti” ishorasini berdi va shivirlab so‘radi:

– Ketib qolishdimi?

– Ha, ketishdi. Qabristongayam o‘tishlari kerak ekan.

– Yaxshi ayollar ekan. Ochiqko‘ngil, samimiy, – u bo‘ynini cho‘zib emanga bir qarab qo‘ydi.

– Ko‘chatlarni nima qildingiz?

– Bervordim.

– Opketishdimi?

– Opketishdi. Suvqog‘ozga ozgina tuproq ham solib bering, deyishdi. Shunda ko‘chat yaxshi tutib ketarkan…

– Ha, yaxshi qipsiz. Savob… – dedi xotin siniq ovozda va birdan o‘zini ichkariga oldi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-son