– Aga-ar kimda ki-im menga-a bayramga bi-ir donagina avokado sovg‘a qilsa-a, jud-dayam xursand bo‘lardi-im!
Dilshodaning tomdan tarasha tushganday e’loni xonadagi to‘rt yigitga yoppa aytilgandek ko‘rinsa-da, gap o‘z egasi – Sultonni topganini hamma fahmlab turardi.
– Avokado? Nima ekan o‘zi u? – Bahodir oldidagi toshoynadek kompyuterdan ko‘z uzmay so‘radi.
– Jongg‘a chiqqan moshin bo‘sa kerak, – kinoyali ishshaydi To‘ramurod. U Toshkentda to‘rt yil o‘qib, uch yildan beri ishlayotgan bo‘lsa-da, surxoni shevasini sof tutardi.
– Hozir mister “gugl” hazratlariga murojaat qilovuza. – Zarif ko‘zoynagini yapasqi burniga qo‘ndirdi. – “A-va-ka-do-o”…
Dilshoda bir og‘iz gap bilan to‘rt birday yigitni ovora qilib qo‘yganidan mamnun holda:
– Mayli, yaxshi ishlanglar, – dedi va qo‘ng‘iroq sochlarini to‘lqinlatib nastarin iforini sochgancha eshik tomon yengil qadamlar bilan borarkan, qizarinqirab turgan Sultonga tabassum tortiq etdi. – Siz… Sultonjon, ketayotganda “gud bay” deb qo‘yarsiz-a?
– Ha… albatta! – dedi dovdirab Sulton va battar qizarib ketdi.
– Mana, otvet ye-st! – stulga yelka tashladi Zarif. So‘ng baland ovozda o‘qiy boshladi, – “Avokado – Amerika qit’asida o‘sadigan shaftolisimonlar oilasiga mansub meva bo‘lib, og‘irligi yuz grammgacha, kaloriyasi bir yuz oltmishgacha, vitaminlari…”
– Shu Dili hech quyilmadi-quyilmadi-da, hozir hammamizzi ahmaq qip chiqib ketdi, sezdinglarmi? Bo‘masa Diliday bozori avj juvon shu… narsaga maxtal qolarmidi? – ijirg‘andi Bahodir va “iyh-iyh” deb kerishib qo‘ydi.
– Ha, jegani oldida, jemagani… Bu yenag‘ardi hovaynag‘i chetga “surib” jubargan yeridan bir chamadan “ko‘gi”dan qog‘anmish. Yendi bo‘sa, shuytib, bir donag‘ana inishu… avakadaga qarab qoptima, – To‘ramurod qiyiq ko‘zlarini qisib, Sultonga sinovchan sin soldi.
– Uni eridan qolgan jomadonini kim ochib ko‘rgan ekan? Odamlarga gap bo‘lsa bo‘ldi, shu chaynalayotgan bechora ham menga o‘xshab onasiga azizdir, deb hech kim o‘ylamaydi. Kim bilsin, balki, rostdan ham o‘sha mevaga dili ketgandir, to‘g‘rimi, Sulton? – Bahodir odatiga ko‘ra ilmoq otdi.
– Bu ukkaarini shaytannigini qorangg‘ar! Tuvriliqcha “Sultonboy, sizdan bitta avakada”, deb qo‘ysa o‘lama?
– Nega men? Bu gap hammaga tegishli, – Sulton bir tomoq qirib oldi. – U sizlarga hamkasb. Men chetdagi odam bo‘lsam…
Zarif o‘rnidan shoshilmasdan turdi, ko‘zoynagini qanshariga ko‘tardi, qo‘llarini shimining cho‘ntagiga imkon qadar chuqurroq tiqqancha dengiz mushugiday sollanib-sollanib kelib Sultonning naq iyagiga iyagini tiradi:
– Karochchi, Dilyaday tin-niq jononga so‘lagi oqmagan yigitni medasmotrdan o‘tkizish kerak. San bu kantoraga bizani ko‘rgani kelarmiding? Uni qorasi ko‘rinishi bilan tizzang qaltirab, tiling aylanmay, chakaging qot-tib qolishini sezmaydi, bular lo‘x deb o‘ylavossanmi? Hozir tomdan tasha desa, sr-razi kallamachak tashashing aniq! Jav-vob!.. – Chiroq aks etgan yiltiroq tuflisining uchini ko‘tarib, o‘ng oyog‘ining tovoni bilan ortiga aylanib qayrilarkan, qo‘shimcha qildi. – Agar manga shans bersaydi…
– Vo‘lla-ya! – To‘ramurod tap etkizib stolga kaft urdi.
– Qayt-qayt, Zarif, yuvosh-yuvosh! – ovozini yo‘g‘onlatib, Sultonga xayrixoh qiyofaga kirdi Bahodir. – Bu dunyoda ko‘ngil degan matoh bor. Ketayotganda “Sultonjo-on” deb chiqib ketdi-yu.
– Bizaniki hazil, to‘g‘ri tushunasan, Sultonchik, – Zarif uning yelkasiga do‘stona yengilgina musht qo‘ydi. – Qandingni ur, mujik, kuch-quvvat bersin!
– Mayli, men ketdim. Qo‘yib bersa, hozir yo‘q narsadan Yurg‘umtog‘ yasaysizlar. – Sulton eshik dastasini tortdi, – ishga boray, tushlik vaqti tugab bo‘ldi.
Dilshoda xonasida ko‘rinmadi. Sulton uni chiqish eshigi yonida haddan tashqari tarvaqaylab ketgan qizilsoch ayol bilan birga ko‘rib taraddudda sekinladi.
Dilshoda yonboshdan o‘ziga qadalib turgan chanqoq nigohni payqamayotganday qo‘l chalishtirgancha turardi. U go‘yo suhbat bilan band: goh xumor ko‘zlarini katta-katta ochib qalam qoshlarini ko‘targancha hayrat qiyofasiga kirar, goh qirmiz lablarini g‘unchadek cho‘chchaytirib, afsusini ifodalar, goho nazokatli bosh to‘lg‘ab shokila sochini yelkasidan oshirishga urinardi. Nihoyat, u suhbatdoshining bilagidan tutib, oshig‘ich nimalardir dedi-da, xuddi dorda yurayotgan qadamlar bilan Sultonga yaqinlashdi.
– Joyingizda yo‘q ekansiz… – yigit boshqa so‘z topolmay taqqa to‘xtadi.
– Ha, Varya opa chaqiruvdilar. Shunga… Qaytyapsizmi? – Dilshoda uning ko‘zlariga shaddod nigohini tikdi. Qizning cho‘lpon qarog‘ida sho‘x jilva, istig‘no aylanar, qorachig‘ining tub-tubida zulukday qop-qora mitti shaytonchalar o‘mbaloq oshardi…
Sultonning chap ko‘ksida ho‘l lappaktosh keskin ag‘darilganday bo‘ldi.
– Ertaga oqshom sizni kutaman-a, – shivirladi kaftini og‘ziga pana qilib juvon. Uning yuzlaridan qon qochib, chap yonog‘i lip uchgandek tuyuldi. Sulton so‘zsiz bosh irg‘adi. – Hech narsa ko‘tarib ovora bo‘lib yurmang. Avokado. Bir donagina…
Sulton hayajonini bosib olish uchun ishxonasiga yayov ketdi.
* * *
Toshkentga kelganiga hali yil to‘lgani yo‘q – tanishlari ham shunga yarasha. Dastlab ishxonasidagi tund muhit zeriktirganidan hamshahri Bahodir ishlaydigan ilmiy tekshirish institutiga ahyonda borib turardi.
Ajoyib kunlarning birida oydan tushganday Dilshoda paydo bo‘ldi va endi u imkon topdi deguncha “Bahodirni yo‘qlaydigan” odat chiqardi.
Birinchi ko‘rishgandayoq juvon yo‘lakda bir lahzagina Sultonga ko‘z tashlab o‘tganday bo‘ldi-yu, ana shu oniy nazar asov toyning bo‘yniga tashlangan kamand kabi yigitni bog‘ladi – qo‘ydi.
Cheksiz samoni to‘ldirib to‘linoy och zangor yog‘dusini socharkan, kim unga mahliyo bo‘lmaydi deysiz?
Qora qishdan chiqqan qarog‘lar yo‘l chetida favqulodda ochilgan nishona qizg‘aldoqqa bee’tibor o‘ta oladimi?
Tashnalab elkezar tubida zarrin qumlarni qo‘mitib, o‘z boshidan hovuchlab suv sochayotgan yashma buloq qoshida tiz cho‘kmaydimi?
* * *
Hayotning taqdir erkalatgan arzandalari bo‘lganidek, qismat qarg‘agan baxtiqarolari ham ko‘p.
Sulton esini tanibdiki, kuni azob-uqubatda, qahatchilik-qattiqchilikda o‘tdi. Bolaligini eslasa, otaning darg‘azab qiyofasi, onaning mungrayib siqtayotgani, ag‘darilgan xontaxta, qatiqqa bulangan dasturxon, chumdugi uchgan choynak, buvisining zorlanib qarg‘angani, qo‘shnilarning masxaraomuz qarashi ko‘z oldiga keladi.
Otaning mast jazavasidan yuragi tushib, og‘ilda qo‘ylar orasida uxlaganini, beshikda jonsiz yotgan singilchasini uyqu aralash karaxt tebratib o‘tirgan kezlarini unutish mumkinmi?
Mayzada ota tokchadagi yarimlagan shishani og‘ziga olib borarkan, “Ichmang, pashsha, qarang, pashsha tushibdi”, deb halpinganda u yog‘lama ko‘zlarini suzib ma’nosiz iljaygancha sharobni lablari chetidan oqizib “g‘o‘lt-g‘o‘lt” yutgani-yu, tishiga yopishgan hasharotni olib parda chetiga beparvo surtib qo‘ygani… har qancha urinsa-da, xirapashshadek xayol ko‘zgusiga yopishaveradi.
* * *
Hovli orti shaftolizor bo‘lardi. Ertagi, luchchak, otyog‘i, oqpo‘stdan tortib anjirshaftoligacha boshini yeb meva solib yotardi. To‘rt-besh yashar chog‘lari yerga to‘kilganini beso‘roq olgani uchun behi gavroni bilan ayovsiz savalangan bola ulg‘ayib ham biror marta “dumaloq asal”dan tatishga yurak betlamagandi.
Haqdorlar eshik turumini oyog‘i bilan buzavergach, onaning yolvorishlariga qaramay ota bor-baraka qildi-yu hovli bilan shaftolizor o‘rtasiga qo‘ra tushdi.
Keyinroq insof berib ota ichishni tashladi, lekin baribir ro‘zg‘orga baraka yo‘lamadi.
Choyxonada yugurdaklik qilib, yangiboylarning yerida mardikor bo‘lib Sultonning ham eti, ham beti, ham suyagi qotdi. Tog‘asining ko‘magi bilan o‘qishga kirgandan keyin bozorda arava tortib shartnoma pulini to‘ladi. Mana, ishlik bo‘lib ham hanuz ba’zi shapshak qishloqdoshlarining “tengqurlaringiz allaqachon o‘g‘ilchasini cho‘chchisini kallaklatib bo‘ldi, sizdayam biror mo‘ljal bormi, erkak?” degan so‘rovidan bezib, uyga imkon qadar hayallab boradi. Har gal bo‘sag‘a hatlab ko‘chaga chiqarkan, onasi uning bo‘ynidan mahkam quchib, “Bolam, peshanamiz shuyakan, otang janavardan najot yo‘q. O‘zing o‘zingga ota bo‘p to‘yga tan yig‘masang, tog‘angam qaridi, uniyam qo‘liga qaraydigan o‘zini nonxo‘rlari bor. Qoluvursa, chiqim chaqani tanga sanaydigan begana puti ayri junbosh o‘tiribdi sandig‘ini minib”, deb hiqillaydi.
O‘g‘ri qarisa mezanaga tirmashadi, degandek, mana, ota masjidga tanda qo‘ydi, uzzu-kun “Poshsho – Egam…”, deb yig‘lamsiragani yig‘lamsiragan.
Alqissa, Sulton shu zayl o‘ziga o‘zi tashvish bo‘lib, tengdoshlari qatoriga kirolmay, sevgini o‘ylashga, o‘z ko‘ngliga qarashga vaqt ham, imkon ham topolmay er yetdi. Axir kaptar ham don cho‘qib, nafsi orom olgachgina boluparini tarab, o‘ziga oro beradi-da…
Tirikchilik toshdan qattiq, Sulton ramaqijon ro‘zg‘or deb qorin-qursoq g‘amida ishdan keyin chinni bozorida qo‘riqchilik qiladi. Dam olish kunlari mijozlarning aravasiga yuk ortadi.
“Poshsho – Egam, O‘ziga oson, bir kuni ol qulim desa, hech gapmas…”
* * *
Avokado deganlari rostdan ham anqoning urug‘iday narsa ekan. Kalla suqmagan rastasi, bosh egmagan savdogari qolmadi. Hamma kelishib olganday, qo‘lini yoniga tashlab yelka qisadi. Oxiri, bo‘lmadi, bozor egasining haydovchisiga maslahat soldi. U bir zum istehzoli qarab turdi-da, “Xo‘jayinni yerto‘lasida yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Shunchalik zaril bo‘lsa, so‘ra, mard odam, qo‘li ochiq, bilasan-u… Seni maqtaganiniyam eshitganman, bersa kerak, uyalma”, deb yo‘l ko‘rsatdi.
Sulton satang oyimlardek bepisand gerdaygan badqovoq koshonaning qo‘ng‘iroq tugmasini bosishga ulgurmasdan ichkaridan ko‘ppakning hirqilanib hurgani eshitildi. “Xudo xohlasa, mendayam shunaqa qasr bo‘ladi, menam olabay it boqaman, mengayam yalinib kelishadi… Qishloqdagilar otimni aytib maqtanib yurishadi… Hozircha chidash kerak, vaqti-soati kep qolar…”
Xo‘jayin iltimosni eshitiboq “Bitta-yarimtasini boshqorong‘i qip qo‘ymadingmi, ishqilib, ukam? – deb hazillashgan bo‘ldi. So‘ng jiddiy tortib, savdoga o‘zi dallollik qildi. – Mayli, er yigitning o‘ziga yarasha siri bo‘lgani yaxshi, aytmasang aytma. Lekin salomga yarasha alik, degan gap bor. Biror hafta tekinga ishlab berasan. To‘g‘ri kelsa, shu, ukam…”
Sulton o‘ylab ham o‘tirmay, minnatdorlik ila shartga shartta rozi bo‘ldi.
* * *
Dilshodaning xonadoni shundoqqina metro yoqasidagi to‘rt qavatli uyning birinchi yo‘lagida ekan. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosmoqchi edi, eshik qiyaligini ko‘rib, bosh suqib qisqagina yo‘taldi. Ichkaridan “Kiravering, kuyovto‘ra”, degan shodon tovush va sho‘x kulgi eshitildi.
Sulton eshikni yopib zulfinini ildi. Mehmonxonada kiroyi dasturxon tuzalgan, oshxonadan “jaz-buz” ovoz, piyozdog‘ hidi kelardi. Sulton qo‘lidagi ikki dona avokadoni dasturxon chetiga qo‘yib, qirmizi atirgulni tik tutgancha oshxonaga kirib bordi. Dilshoda qozonga suv quyarkan, “Hozi-ir, mana hozi-ir”, deb mehmonga ikkala ko‘zini baravar qisdi. Tuvoqni yopib, sochiqni ilgach, jilmaygancha atirgulni oldi, hidlagan bo‘ldi-da, bo‘y cho‘zib yigitning oftobda qolgan mis barkashday qaynoq yuzidan o‘pib qo‘ydi.
Sultonning bo‘g‘ziga to‘mtoq narsa tiqildi, nastarin hididan boshi aylanib ketdi.
– “Bir dona qirmizi ati-i-rgu-u-l”, – mezbon ohangga solib kuyladi. – Bunda ham ramz bor-da, a? – Keyin Sultonni yosh boladek yetaklab mehmonxonaga olib kirdi. Charm divan o‘rindig‘iga tashlab qo‘yilgan ko‘ylak va shimga ishora qilib, – Manavilarni kiyib oling, ko‘nglingizga kelmasin, yap-yangi, – dedi tantiqlanib va kutilmaganda “kuyovto‘ra”ning bo‘yniga qo‘l ilib, tizzalarini bukkancha osilib oldi. Sulton beixtiyor ko‘ylagini yechdi, juvon uning yoldor va qabariq ko‘ksiga bosh qo‘ydi.
– O‘zimning pahlavonim, arslonim…
Go‘yo bu holatni kimdir pinhon kuzatib turgandek yigitni xavotir aralash vahima bosdi. Isitmada tush ko‘rayotgan kabi voqealar uzuq-yuluq, ixtiyoridan tashqarida kechardi.
Juvon chiroqni o‘chirdi…
* * *
Sulton hovurdan tushib o‘ziga kelganda yuziga, bo‘yniga, labiga yuqqan yog‘upadan ko‘nglini behuzur sezdi. Nazarida labbo‘yoqdan beti olachalpoq bo‘lib masxarabozga o‘xshab qolgandek tuyuldi. Ichidagi ko‘lanka lopillab tobora yuragini siqar, ana-mana eshik ochilib, uni jinoyat ustida qo‘lga olish uchun izquvarlar kirib keladi-yu, butun olamga sharmanda qiladigandek tahlikada edi.
Dilshoda o‘rnidan turdi-da, choyshabga hindona o‘ranib, dasturxon yoniga bordi. To‘q yashil avokadoni qo‘lga olarkan:
– Opkelgan ekansan-da! Jonim, o‘zimni asalim, – dedi tolg‘in tovushda sensirab. So‘ng mevani uzatdi. – Ma, o‘zing kes! Bir haftacha burun televizorda ros-sa maqtashuvdi. Yonimdagi do‘konlardan topolmadim, savil! Sen qayerdan olding?
– Topdim-da, – dedi quruqqina qilib Sulton. Juvonning o‘zicha yaqin olib sensirashi yoqmadi, ohangida qandaydir kamsitish bordek tuyuldi.
O‘rnidan turib, pichoq bilan rasamadini keltirib meva kesish malol keldi. Yotgan joyida bosh barmoqlarini botirib ikkiga bo‘lmoqchi edi, palag‘da tuxum chaqilganday ko‘ksi aralash bo‘yniga shilliq suyuqlik oqib tushib, ko‘ngli ag‘darildi.
– Yovvoyiginam, – Dilshoda gilamga cho‘kib, divanga suyandi. Meva pallasini ichki tomonidan avaylab tishlab ohista chaynarkan, birdan aftini burishtirdi. – Fu! Nima balo, qazining yog‘imi? Muncha bemaza? Yoki eskirganmikin? – simdek ingichka qoshini tugib, sinovchan qaradi. – Ma, o‘zingam yeb ko‘r! – Sulton yuzini ters oldi. Dilshoda taltanglab, uning labiga avokadoni aylantirib ishqadi. – O‘zing pishirgan o-osh… Mayli, yemasang yema… – O‘rnidan dast turib dasturxondagi butun avokadoni ham zarda bilan oldi-yu, deraza darchasini chinachog‘i bilan surib, mevani tashlab yubordi. – Odamlargayam hayronsan, savil, qayda yo‘q olqindini osmonga chiqarib maqtaydi-ya. Ha o‘l-a, bayramimniyam bayram qildi!
Juvon sannagancha tars-turs yurib yuvinish xonasiga kirdi-da, eshikni sharaqlatib qulfladi. Sulton o‘rnidan irg‘ib turib, apil-tapil kiyindi-yu, tashqariga otildi.
* * *
Qosh qorayib, ko‘cha chiroqlari yoqilgan. Avtolar betoqat shovqin soladi. Shivalayotgan yomg‘ir yo‘lovchilarni o‘z manziliga shoshiradi.
Sulton birpas ko‘kka yuzini tutib, o‘pkasini to‘ldirib tin oldi-da, atrofga alanglagancha metro tomon odimladi. Uch-to‘rt qadam qo‘yar-qo‘ymas, darchasi ochiq deraza yoniga yetgach taqqa to‘xtadi.
Qo‘lidagi guldastani yog‘indan panalab teskari tutib olgan bir miyig‘i baxmalday yigitcha yo‘lak chetidagi maysaga tuflisi tagini artayotgan Sultonga ajabsinib qarab o‘tib ketdi.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-son