Inomjon Shavkatov. Arslon yelkasidagi xazina (qissa)

Millat ozodligi uchun aziz jonini fido, umrini baxshida etgan munavvar zotlar xotirasiga bag‘ishlayman.

Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi? Dunyoni “urxo”lar bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydur?

Abdurauf Fitrat

Uni ko‘rmasimdan avval tanidim, bilmasimdan oldin yo‘qotdim.

Bir kuni saboqdosh do‘stlarim o‘zlari tez-tez qatnashib turadigan adabiy to‘garakda bir devona paydo bo‘lganini, chindanam g‘alatiligini aytib qolishdi. G‘alatiligi u tildan-tilga ko‘chib yurgan afsonaviy xazinani izlayotgani, har bir gapida o‘sha haqida so‘z ochganida ekan. Bir necha kun u haqidagi shov-shuvlarni eshitib yurdim. Nihoyat, qismatning o‘zi bizni ro‘baro‘ qildi.

U “hayot xayolotdan boyroq” degan gapni tez-tez takrorlardi. Bugun uning hayoti mening biqiq xayollarimdan anchayin go‘zalroq ekanini his etayapman. Undan yagona yodgor – har doim qo‘lida ko‘rganim, lekin hech qachon so‘rashga, ko‘rishga hafsala qilmaganim qo‘ldaftarini varaqlar, sahifalarga muhrlangan lahzalarini, lahzalarida akslanib turgan fikrlari, qaydlari, kechmishlarini o‘qir ekanman, uning nechog‘li hissiyotchan, sarguzashttalab inson ekanini his qilib turibman.

Qo‘limga qalam olib, do‘stimning faqat menga tanish bo‘lgan sirli hayotini siz bilan baham ko‘rishga jazm etdim.

Kaftdagi vasiyat

“Qorashat – saxxaz – zazag‘” – Behbuddan eshitgan ilk so‘zlarim shu edi.

Uni dorilfununda, odatda yakshanba kuni ertalab o‘tkaziladigan yosh iste’dodlarning to‘garagida uchratdim. Quyuq qora sochlari, burgutning tumshug‘idek uchi sal qayrilgan burni, ozg‘inligidan bo‘rtib-bo‘rtib turgan chakka suyaklari darhol e’tiborni tortardi. Sirli yurish-turishi, so‘zlarni chertib-chertib, ma’nili gapirishi kishida chuqur bilimga egadek taassurot uyg‘otardi. Lekin dastlab men ham bu yigit haqida, uning o‘ziga yarashgan patala sochlari, odmigina, ozg‘in qomatiga qovushmagan keng-mo‘l kiyimlari, ba’zida soch-soqolini o‘stirib, devonasifat yurishlarini eshitib, u haqiqatan ham savdoyi oshiq bo‘lsa kerak, deb xayol qilardim.

Bahorning so‘ngi edi, chamamda. Munozaraga yuqori davralarda ham ko‘tar-ko‘tar qilinadigan, anchagina taniqli shoira qizning manzumalari qo‘yilgandi. Shoshib kelayotib, zinaning biqinida Behbudga urilib ketdim. Qo‘lidagi yondaftari yerga tushib, ichidagi qog‘ozlar yon-atrofga sochildi. Kamiga bir-ikkitasini bosib ham oldim. Keyin mulzam bo‘lgancha, qog‘ozlarni terdim-da, egasiga uzatdim. U ham egilib, ingichka sariq rangdagi narsani olganiga ko‘zim tushdi. Uzr so‘ragani chog‘langanimda, “Parvo qilma”, – deya gapni kalta qildi. Birinchi suhbatdayoq senlashga o‘tganidan to‘poriligi bilinib turardi. Ikkimiz ham munozara o‘tayotgan xona tomon yurdik. Auditoriya talabalar bilan to‘la edi. Bo‘sh turgan oxirgi partaga yonma-yon o‘tirdik. Zimdan nazar solib, Behbudning harakatida, kiyinishida, yozuvida, nuqsida barcha daholardagi kabi betartiblik, devona oshiqlarda uchraydigan parishonlik akslanib turishini payqadim.

Bahs-munozara qizib ketdi. Behbud esa hamma narsani tamoman unutgan ko‘yi jandasi chiqib ketgan yondaftarga nimalarnidir qoralar, o‘chirardi. She’r yozyapti, – degan o‘y o‘tdi boshimdan.

– Arab tilini bilasanmi? – dedi u to‘satdan. Xayoldan chalg‘idim. Angrayib qolganimni ko‘rib, bosh chayqadi: – Yo‘q, bo‘ldi, uzr. – U yana bemalol ishini davom ettirdi. Hayron bo‘lib termilib turgandim, tag‘in menga qaradi. Xijolatdan ko‘zimni olib qochdim.

Qaytishda avtobus bekatigacha birga ketdik. Bu safar suhbatimiz ancha qovushdi.

O‘sha kundan boshlab o‘rtamizda allaqanday yaqinlik paydo bo‘lganini his qildim. Balki, bu tasodifdir, biroq har holda taqdir ham xuddi bu ko‘ngil yaqinligini qo‘llagandek, shundan keyin bizni istirohat bog‘larida, avtobus bekatlarida tuyqusdan uchrashtira boshladi. Keyinchalik anglab yetdimki, Behbud o‘ziga yaqin bir odamga muhtojlik sezgan-u, o‘sha men bo‘lib chiqibman.

Ilk bor uyiga borganim yodimda. Rosti, hashamatli koshona Behbud va qo‘shni xotinning ba’zan supur-sidir uchun kirib turmaganini aytmaganda, huvillab yotardi. Yuragim zirqirab ketdi. Ichkaridan anqiyotgan qo‘lansa hid va xona devorlarining allambalo qizg‘ish-sarg‘imtir rangdaligi menga asr vayronalarini eslatib yubordi. Lekin anchayin ko‘rkam qilib qurilgandi. Jodulangan shahzoda bilan o‘rtoq bo‘lgan ekanman-da, deb o‘yladim ichimda. To‘g‘risi, u ham yotoqxonadan quvilgan talabaday – xuddi men kabi shaharning allaqaysi kunjagidagi biror-bir xonada ijarada turadi, deb xayol qilgandim. Har holda, yurish-turishi va kiyinishidan shunga o‘xshardi.

Xonasida nuroniy kishining surati osig‘liq ekan. Stol ustidagi bir kosa suv va to‘ntarilgan piyola ketiga o‘rnatilgan shamga ko‘zim tushdi. “Nega?” – deb so‘radim. “Azadorman, bir hafta oldin bobomni berib qo‘ydim”, – dedi sovuqqonlik bilan. Keyin bobosining sirli o‘limi haqida gapirib berdi. O‘sha lahzalarda men uni elas-elas tushunayotganimni, tashqaridan palapartishlikka, tartibsizlikka o‘xshab ketadigan, jumboqqa o‘ralgan bu vujudning matlabi neligini his qila boshlaganimni angladim. U hikoya so‘zlashning hadisini olgandi. Kerakli nuqtada ehtirosga berilar, ba’zida gapini keskinlik bilan to‘xtatib, suhbatdoshiga qanday ta’sir etayotganini kuzatar, shu payti o‘ylab olib, yana davom etardi. O‘shanda ham avval ko‘ziga yosh oldi, qoramag‘iz chehrasi salobat kasb etdi.

– Bobom o‘ldi. Ismlari Zarifiddin, yoshlari yetmish beshda edi, – deya biroz mayin, hirqiroq ovozda hikoyasini boshladi. – Esimni taniganimdan beri ular bilan birga yashardim. Bobom meni yetimxonadan olgan ekan. Yorug‘ olamda yakka-yu yagona yaqinim ular edi. Bir kuni ko‘chadan kelsam, xonaning o‘rtasida uzala tushib yotibdilar. Xona bo‘ylab ming so‘mlik, besh yuz so‘mlik, yuz so‘mlik pullar sochilgan, boshqa narsalar to‘zg‘ib yotardi. Qo‘llarida ikki yuz so‘mlik pulni mahkam g‘ijimlab olganlar. Yuraklari xastaligi tufayli muntazam dori ichib yurardilar. Jon holatda dorixonaga chiqmoqchi bo‘lganmilar, deb o‘yladim. Lekin… dori shundoq cho‘ntaklarida turgan ekan.

Shu kundan dunyo men uchun qoraga burkandi. Hayotimdan ma’no yo‘qoldi. Lekin… Nima desam ekan, birdaniga… hamma narsa o‘zgarib ketdi. G‘aroyib narsalar sodir bo‘ldi… Hammasi bobomning xonasini yig‘ishtirayotib, bir xat topib olganimdan keyin boshlandi. Qanday tushuntirsam bo‘ladi? Xatlikka xat-u, lekin ichida bitta toza qog‘oz hamda somon parchasi bor edi, xolos. Kim, qachon, qayerdan, nima uchun yuborgani noma’lum. Ma’nisiga yetmay, bir chetga tashlab qo‘ya qoldim.

Besh-olti kun o‘tgach, uyimizga bir odam kelib, o‘zini Sharifiddin deb tanishtirdi. U turk lahjasida gapirardi. Ajablanarlisi, nimasidir bobomga ham o‘xshab ketar, yurish-turishi, qadam bosishi, gapirishida ham bobomni ko‘rganday bo‘ldim. Lekin u ancha yosh ko‘rinardi. Mehmon bir paytlar Istanbulda bobom bilan yaqin bo‘lgani, aslida uzoq qarindoshligi xususida gapirdi. Bir lahzalik hayronalik ichida bu odam meni aldamayaptimi, degan shubhaga ham bordim. Sababi, bobom bu haqda hech narsa aytmagan edi. Ammo bir hisobdan to‘g‘riyam. Bobom u qadar xotiralari bilan o‘rtoqlashishni xohlayvermasdi. Faqat 1939-yili otasi bilan afg‘on orqali Turkiyaga qochib ketganini, oradan 30 yilcha o‘tib, yana O‘zbekistonga qaytganini bilardim, xolos. Mehmon bilan ancha vaqtgacha gaplashib o‘tirdik. U gap orasida mening o‘qishim, nima ish qilishim bilan qiziqdi. Marhumning hurmati haqqi, xohlasam, Turkiyada o‘qishimga ko‘maklashishiga sha’ma qildi. Xayrlashish chog‘i qandaydir eski kitob va yana yaqin orada birorta maktub kelgan-kelmagani xususida ham so‘radi. Men bilmasligimni aytdim. U chiqib ketar ekan, dabdurustdan orqaga qayrildi-da: “Bu xonadonga yana qachon kelaman, xonasini ko‘rsam bo‘ladimi?” – deb qoldi. “Mayli”, deb yo‘l boshladim. Bobomning xonasiga kirganimizda, ichkarini sinchiklab ko‘zdan kechirayotganini ilg‘adim. Keyin stulga cho‘kib, kasalligidan shikoyat qildi-da, nafasi qisib ketayotganini aytib, mendan suv so‘radi. Kosada suv olib kelganimda, mehmon hamon stulda o‘tirar, ro‘molchasi bilan yuziga havo yelpirdi. Chiqib ketayotganimda, yopiq turgan kitob javonining eshigi biroz qiya ochilganini sezsam ham, sir boy bermadim. Mehmon o‘ziga kelib olgach, bobom bilan bir paytlar yaqin bo‘lganini eslatib, mendan “Bu yerga tez-tez kelib tursam bo‘ladimi?” – deb so‘radi. Roziligimni eshitgach, rahmat aytib chiqib ketdi.

Ko‘nglimda shubha uyg‘ondi. Bobomning to‘satdan vafot etishi, sirli maktub va antiqa mehmon mushtarakligida menga notanish bo‘lgan allaqanday jumboq ko‘z ochib turgandek tuyulaverdi. Lekin hali noma’lum, o‘zi yo‘q chigallikni qanday yechish mumkin? Eng avval ko‘nglimga shubha cho‘g‘ini tashlagan maktubni o‘rganishga kirishdim. Harchand urinmay uning tagiga yetish, menga noma’lum bo‘lib kelgan bobomning sirli olamiga kirishga urinishim behuda ketardi.

Xayol bilan maktubni ko‘chaga olib chiqibman. Esingda bo‘lsa, sen bilan tanishgan kunimiz u yerga tushib, changga belandi. Uyga kelib qarasam, uning ba’zi yerlarida g‘ayritabiiy tarzda g‘ubor izlari qolib ketgan ekan. O‘shanda qog‘oz g‘uborga yoki qora tutunga tutilsa, yuzasida allaqanday yozuv paydo bo‘lishi, bu usuldan avvallari juda ko‘p foydalanishgani yodimga tushib ketdi. Darhol, qo‘limga birinchi tushgan narsa – ruchkamni yoqdim-da, qog‘oz yuzasini qurumga burkadim. Keyin diqqat bilan e’tibor bersam, sahifa sirtida “Behbudiy Uya SI-5 20..” degan g‘ira-shira yozuv paydo bo‘libdi. Endi oldimda navbatdagi jumboqlar qalasha boshladi? UYa SI5 nima? Nega Behbudiy deb yozishdi? Va yana uning bobomga nima aloqasi bor? Shundan so‘ng izlanishga, kitob titishga tushdim… Hozircha mana shunaqa gaplar.

Behbud hikoyasini tugatgach:

– Bular haqida yozmaysanmi? – dedi menga ilinj ko‘zlari bilan tikilib. – Hali senga ko‘p ajoyib voqealarni aytib berishim mumkin. – Keyin qo‘shib qo‘ydi: Men buning oxiriga yetaman. O‘zim yozardim-u, qo‘limga qalam olsam, ichimdan issiq hovur qo‘zg‘alib, yuragim yonib ketadigandek tuyulaveradi. Go‘yo bir zum o‘tib, bu hovurdan tevarak-atrofga ham o‘t ilashadigan, dunyo alanga ichida qoladigandek. Shuning uchun sen yozsang, bundan xursand bo‘lardim.

O‘sha kuni uyga kelib, qog‘oz-qalam oldim. Stolga bosh qo‘yib, uzoq vaqtgacha o‘y surib qoldim.

Buxoro Amirining tahdidi

1917 yil 7 aprel. Buxoro. Istibdod zulmidan ezilgan mazlum xalq peshonasini erk nasimlari silay boshladi. Ammo Buxoro hamon qo‘rquv va tahlika tumani ichiqa qoldi. Osmonni qoraga burkagan bulutlar hamda allaqayerlardadir burqsiyotgan tutun tez orada mudhish bir voqelik ro‘y berishini bashorat qilardi. Shaharda qadimchilar va jadidlar o‘rtasida tortishuvlar, ziddiyatlar xufyona avj olgan, kunora gunohkor deb topilganlar omma oldida sazoyi qilinib, boshi tanasidan judo qilinar, kiyimi yirtilib, orqa badanining terisi titilib ketguncha savalanardi. Bu dolg‘ali kunlarda mang‘itlar sulolasini qanday bo‘lsa-da saqlab qolishga chirangan amirning ham boshi qotgandi.

Yumaloq mis gardishli ko‘zoynak taqqan, o‘rta bo‘yli, sersoqol, boshiga jigarrang salla o‘ragan, egniga girdi bo‘ylab qizil rangdagi chiroz yugurtirilgan yashil beqasam to‘nli 42-43 yoshlardagi bir kishi Buxoroning baland minoralariga termilgan ko‘yi xayol surib o‘tiribdi. U o‘zining keyingi ikki kun ichida qilgan ishlarini bir-bir sarhisob qilib chiqdi. Xayolidan Buxoro Amiri rus konsuli Miller bilan kelishib, mamlakatda o‘zgarishlar qilish uchun Manifest e’lon qilishga qaror qilishi, isyon ko‘tarilmasligi uchun Samarqandga maktub yuborilishi va shu maktubga asosan Chartuyev, Gartsfild, mulla Haydarbek, Isoxorov va o‘zining Buxoroga jo‘natilishi bir-bir o‘tdi. Keyin vokzalda shaxsan Millerning o‘zi kutib oldi va manifestni o‘qitib, fikrini so‘radi, so‘roqqa tutib, tahdid qildi… Uning bu ishlardan ko‘ngli biroz xijil tortdi.

Bir necha soat muqaddam Rahimxoniy mehmonxonasida Manifest e’lon qilinganidan so‘ng, amir ham barcha ila qo‘l berib ko‘rishib, salla va chopon kiygan uch musulmon bilan salomlashishni lozim topmaganini eslab, buni ham yomonlikka yo‘ydi. U go‘yo o‘pqonning o‘rtasiga tushib qolgandek edi. Vaziyat ham sal bo‘lsa izdan chiqib ketadigandek. Har holda bu voqealarda rus konsulining qo‘li borligi aniq. Vagondagi suhbatda ham manifest saktaligi yuzasidan bildirgan e’tirozlari unga yoqinqiramagandi.

Mahmudxo‘ja minora tepasiga in qurgan laylakni mahzun kuzatdi. Keyin unga mahliyo bo‘lib qoldi. Shu laylak ham mendan baxtiyor, deb xayol qildi u. Lekin bu qabohat isi kelayotgan makonni tez orada laylaklar ham tark etajak. Avvalgi kelganida ular ko‘p edi. Endi ko‘z bilan sanarli… “Ey yaratgan egam, bu jonzotlar Buxoroda bo‘lmasa, boshqa shahardan boshpana topadi, ammo biz, bandalaring, o‘z yurtimizni tashlab, qayerga sig‘indi bo‘laylik, qachon bizga to‘zim berasan?” Lablari orasidan sizib chiqqan bu so‘zlar, o‘zini ham sergak torttirdi.

Hamrohi Mulla Haydarbek kelib, uni saroyga chaqirtirishganini aytganda yuragi shuv etib ketdi. Ketayotib, har tashlagan qadamida, hozir uni nima deb so‘roqqa tutishlarini, o‘zi nima deyishini taxmin qilib bordi.

Mahmudxo‘ja arkka kirgach, panjaralar orasida sullayib yotgan mahbuslarga ko‘zi tushdi. Amir otxonasidan chiqayotgan axlatlar maxsus quvurlar orqali ularning boshidan quyilardi. Aftidan mahbuslar allaqachon bu ko‘rgulikka ko‘nikkan shekilli, barchalari beparvo. Ammo Mahmudxo‘ja g‘ijinib ketdi. Ba’zi birlariga termilib, ularning ko‘zlaridagi mungdan ma’yus tortdi. Ko‘ngli battar ezildi. “Ular nahotki, shunchalik beshafqat qismatga mahkum gunohkorlar bo‘lsa?” – deb o‘yladi. Aslida, amirning zindoni saroyning orqa tarafida deb eshitgandi. Minglab mahbuslar bitxona va kanaxonalarda o‘limini kutib yotishibdi. Lekin saroyga kiraverishda ham mahbusxonalar qurilishi va arkka kelgan odamlarga ularni pesh qilish nega kerak bo‘ldi ekan? O‘, bu amirning kuch-qudratini namoyish etish, kishilarda qo‘rquv uyg‘otish uchunmi?!

Mahmudxo‘ja mahbuslarga qaramaslikka intildi, ko‘zlarini olib qochdi. Shu topda bundan ancha yillar oldin bo‘lgan voqealarni xotirladi. Mahmudxo‘ja umri imom-xatiblik bilan o‘tgan otasi Behbudxo‘ja vafot etgach, tog‘asi Qozi Muhammad Siddiqning qo‘lida tarbiya topgandi. Ammo bir necha yil o‘tib, tog‘asi ham doril baqoga rixlat etdi. Lekin hayotining so‘nggi soniyalarida, unga avlodlari zimmasiga buyuk vazifa yuklatilganini va allaqanday xazinaning siri haqida so‘zladi. Ajal talvasasi buning butun tafsilotini batafsil eshitmog‘iga yo‘l bermadi: tog‘asi zo‘rg‘a nafas olar, aftidan Mahmudxo‘janing qat’iyatiga biroz shubha ham qilayotgandek edi. Tog‘asi xazina sirining nihoyatda maxfiyligini, uni faqat millat, yurt zavolga yuz tutmog‘i tayin bir paytda ishlatish, o‘shanda ham ulusning eng ishonchli zabardast o‘g‘loniga berish va u xazinani faqat yurt ozodligi va fuqaro dasturxoni to‘kinligi yo‘lida tasarruf etishi joizligi haqida qayta-qayta so‘zlarkan, “Sherdor” deyishga ulgurdi, xolos. Mahmudxo‘jaga yostig‘i tagida qolgan, umr bo‘yi qo‘lidan qo‘ymagan eski bir kitob yodgorlik bo‘lib qoldi. Dastlab tog‘asi nima haqida gapirdi, neni so‘zladi, unchalik idrok qilmadi. U esankirab qolgandi. Murg‘ak qalbida nish urgan bu musibat unga har qanaqasiga ham bu onlarda boylik to‘g‘risida o‘ylashga izn bermasdi. Keyinchalik dardi arib, bu taqdir royi ekaniga ko‘nikkanidan keyin qorachig‘larida qotib qolgan tog‘asining so‘nggi lahzalarini, gaplarini xotirlar ekan, barchasi ong-u shuuriga chirmashib ketdi. Yaratganning amri bilan to ungacha yetib kelgan bu vasiyatni qanday bo‘lsa-da bajarmog‘i lozim edi. Keyingi yillarini o‘qish-o‘rganishga sarf etdi. Samarqandda, Buxoroda tahsil oldi. Zamonasining buyuk insonlari suhbatiga musharraf bo‘ldi. Sharq mamlakatlari, Piterburg, Moskva shaharlariga sayohatlar qildi. Ammo bir lahza bo‘lsin zimmasidagi mas’uliyatni unutmadi. Izlandi va xazina yashirilgan joyni taxminan bo‘lsa-da aniqladi…

Mahmudxo‘jani amirning oldiga olib kirishdi. Ancha semirib ketgan va bundan aziyat chekayotgani yuz-ko‘zidan bilinib turgan Amir Sayyid Olimxon zarbof to‘nda o‘z taxtida qo‘r to‘kib o‘tirardi. Saroyda undan tashqari Nasrulla Qushbegi, amirning kuyovi Asatullo Guvanar Urganji, “Jallodbek” laqabli, asl ismi Imomqul bo‘lgan bosh xazinabon bor edi. Mahmudxo‘ja ta’zim qilib, salom berdi.

– Vaalaykum assalom, keling Mahmudxo‘ja, – amir unga joy ko‘rsatdi. Taxt sohibining ko‘zlarida ayyorona tabassum zuhur bo‘ldi.

– Qulluq, amirim, davlatingizni Alloh taolo bundan ham ziyoda qilg‘ay.

– Nafaslari muborak, insholloh. Suhbatingizga anchadan beri chanqoqligimiz bor edi.

– Bu men uchun sharaf. Ammo bir noxush xayol tinchlik bermay turibdi. Negadir boyagi uchrashuvda bizlarni tabarruk salomingizga-da ravo ko‘rmadingiz?

– Buni vaziyat taqozosi deb biling.

– Qulluq, amirim… Ammo… ko‘p xayrli ishni boshlabsiz, Buxoroda keng bir islohoti sha’riya joriy etmoq qaroringizni qutlayman. A’lo hazratning bu baxshishi shohonalari haloyiqning taraqqiy va osoyishiga, albatta, sabab bo‘lur. Lekin… mug‘loq sur’atda Samarqand xalqining Buxoroga fasod nashr qilmoqlaridan xavfsiramog‘ingizga va bizni chaqirtirmog‘ingizga sabab yo‘q edi, deb o‘ylayman.

– Mufti hazratlari, – amir biroz sukut saqladi, keyin so‘zida davom etdi, – fevral inqilobi hammamizni shoshirib qo‘ydi. Rusiya taxtida o‘tirgan Romanovlar sulolasi yiqitildi. Sulolaning oxirgi hukmdori Nikolay II taxtdan voz kechdi. Davlat tepasiga Kerenskiy boshliq muvaqqat hukumat keldi. Bunday bo‘lishini kim ham o‘ylabdi deysiz? O‘ylashimcha, muvaqqat hukumat ustunlari ham darz ketajak. Meni aytdi dersiz, katta bir xunrezlik bo‘lishi tayin. Kamina shuning-chun Buxoroga chetdan isyon oralamog‘ini istamayman.

– Kaltafahm qulingizni ma’zur tuting, amirim.

– Sizni nega hamrohlaringizdan ayurub, bu yerga chaqirtirganimizni fahm etgan bo‘lsangiz kerak?

Mahmudxo‘ja bilmayman, degandek yelka qisish bilan kifoyalandi.

– Nahotki, har narsaga yetgan aqlingiz, shu narsaga kelganda qosirlik qilsa?..

– Janob Miller kaminani vagonda anchayin bo‘lmag‘ur gaplar bilan so‘roqqa tutdi. Hazratim, shuni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu gumrohlikdan o‘zga narsa emas.

– Gumrohlik deyursizmi? – amirning ovozi shiddatli tus oldi. – Bu talab, bu bizning talabimizdur. Ajdodlar xazinasi qayerga yashirilgan?

Mahmudxo‘ja vaziyat qaltisligini angladi. U yo‘l-yo‘lakay bunga ne deb javob bermog‘ini o‘ylagandi, biroq ayni holat bundan chekinmoqni talab etardi. Aslida, Buxoroga kelmasa bo‘larkan.

– Janob Miller ham menga shunday tahdid qildi, – dedi u behol tovushda. Savol-javobga Nasrulla Qushbegi ham aralashdi:

– Bizni aldash mumkinmi? Bir paytlar Sohibqiron Temur xazinasi sizdaligini bilurmiz. Tovlanmoqni bas qiling. Yoki yozgan “Padarkush” dramangizning nomi nimaga ishora qilishini, chiqarturgan “Oyna” jurnalingizning birinchi soni muqovasini nega Sherdor madrasasi peshtoqidagi suvrat bilan bezaganingiz va Xo‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li, soatchi Badriddinlar bilan qidiruv ishlari olib borganingizni eslataylikmi? Turkiston xaritasini tuzib bosmadan chiqarganingiz, jo‘g‘rofiyaga oid asarlar bitganingiz, aslida ne maqsadni ko‘zlaganingizdan darak bermasmi? Farg‘onalik ulomochilar bilan ham bog‘lanib, bu masalada fikrlashganingiz bizga ma’lum.

Mahmudxo‘janing oyoqlaridan mador qochdi. Asab kasalidan aziyat chekib yurgan kishi uchun eng yaqinidan ham yashirib kelgan sirini o‘zga bir kimsadan batafsil eshitmog‘i u uchun nihoyat og‘ir edi. Vale endi ortiqcha turlanmoq ham g‘oyat xatarli. Mahmudxo‘ja amirga ham, qushbegiga ham bir-bir nazar soldi:

– Qo‘ying, bu eski gaplarni. Barchamiz o‘z farzimizni bajaraylik. Yoshlarni o‘qitmoq bizning bo‘ynimizdagi qarz, ilm izzati dunyo va sharofati oxiratdir. Siz shu yurtning boshi bo‘lub, farzandlarimizga dunyo eshiklarini ochib bering. Xalqni zulukdek so‘rib kelayotgan bosqinchilarni quvib solmoqqa qaror bering.

– Mahmudxo‘ja, – amirning qahrli tovushi yangradi, – biz sizdan boshqa narsani so‘radik. Ulus orasida “Amiri ma’sum” nomi ila mashhur bo‘lgan bobokalonimiz mang‘itlar sulolasining a’losi – Amir Shohmurod sizning ona tomoningizdan bobongiz qori Niyozxo‘jani Urganjdan Samarqandga olib kelgani, umrining so‘ngida esa 22 yoshli o‘g‘li Amir Sayyid Haydarga inonmay xazina haqidagi sirni o‘ziday xudojo‘y qori Niyozxo‘jaga ishonganini bilurmiz.

– Baytul mol bo‘shab qoldimi, a’lo hazratlari?.. – Behbudiy ters gapirmoqqa chog‘langan bo‘lsa-da, keyin biroz sukut saqlab, yanayam mahzunlashdi: – Amirim, siz adashayotganiningizga kafilmen. Xohlang o‘lduring, xohlang so‘ying, jonim sizga nisor o‘lsin. Baski, o‘zim bilmagan narsam haqida gapirmagim nojoiz. O‘zimda yo‘q narsani ham sizga berolmasman, deb qo‘rqaman. Ulomochilar ham begona emas, shu jafokash xalqning botir o‘g‘lonlari. Ular bilan turli xil sabablar bilan uchrashganim, yurt ozodligi yuzasidan aloqada bo‘lganim rost. Buning sababi – maqsadimiz mushtarakligidadur.

– Maqsadimiz mushtarakligi? – Amir qah-qah otib kuldi! Keyin ovozi yana qahrga indi – Bizning maqsadimiz-chi? Biz Ona tuprog‘imizdan bosqinchilarni quvib solishni istamaymizmi? Bunga salohiyati ham, qudrati ham yetguvchi inson yolg‘iz biz emasmi? Baski, xazina ham saltanat egasida bo‘lmog‘i lozimdur. Kerak bo‘lsa, bugunoq Sherdorning kulini ko‘kka sovururman. Kerak bo‘lsa, Samarqandni yoqurman, lekin xazinani sizdan olurman. Yaxshilikcha uni menga bering, men xalqqa qaytarurman.

Mahmudxo‘ja xazina menda emas, deyish bilan o‘zini oqlay olmasligini fahmladi. Shu bois sipolik bilan so‘zida davom etdi. Uning maqsadi amirga ta’sir etmoq, ojiz joyidan tutmoq edi:

– Amirim, siyosat bir buzuq xotin kabidir. Hech bir davlat o‘z-o‘zidan mustamlakasini bo‘shatmoq istamas. Tarix ingroqlariga quloq tuting. Buxoro taxtida mang‘itlardan burun ashtarxoniylar, shayboniylar, temuriylar, chig‘atoylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar, somoniylar…. hukmronlik qilishdi. Hammasi oxir-oqibat tanazzulga yuz tutdi. Boisini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Hazrati oliylari, ko‘rayapsizmi, saltanatlar ham, shaxslar ham muqim emas. Lekin raiyatga qilingan yaxshilik abadul-abad qolajak. Siz buyuk sulola farzandisiz. Bu suloladan qassoblar ham chiqqan, ma’sumlar ham. Amirim, bu ikki xislat sizning tomirlaringizda ham jo‘sh urmoqda. Ma’sumlikni fuqarolaringizga, qassoblikni dushmanlarga ko‘rsating. Bilurman, siz ham yurtni ozod ko‘rmak istagi bilan yonursiz. Ammo sizda jur’at yo‘q, hammasidan birdaniga mosuvo bo‘lib qolishdan qo‘rqursiz. Bilingki, bir kuni baribir shunday bo‘lajak. Bir paytlar bobokaloningiz qabrlari nurga to‘lgur Amir Muzaffarxon ham oq otda Peterburgga kirib boraman, deb edi…

– Haddingizni biling….

– Amirim, o‘zingizni chetdan kuzatib ko‘ring, bu nechog‘li zavqli ekanini tuyasiz. Shunday muhim davlat ishlari qolib, siz mendan yo‘q narsani so‘rab turishingiz nihoyatda kulgulidir. Nahotki, shuncha katta davlat va behisob boyliklar egasi bir faqirdan afsonalarni tilab tursa?! Mayli, sizningcha, bu haqiqat ham bo‘lsun. Ammo bilingki, xalq o‘zgaga tobe bo‘lur o‘lsa, unga ming ganjina ham totimas.

– Biz hech kimga qul emas.

– Bu nobakor qulingizning shakkokligini darig‘ tuting. Ammo siz hazratning hali e’lon etilmagan manefestingizni janob Millerining qo‘lida ko‘rdum. Buni sizning ojizligingiz deb tushunaylikmi yoki Rusiya konsulining tadbirkorligi debmi?

Amirning qoshlari chimrilib, ko‘zlari darg‘azablikdan yondi, qo‘llari mushtlanib, yer tepindi. Keyin birdan bo‘shashdi:

– Tilingizga ehtiyot bo‘ling, Mahmudxo‘ja… Bo‘yningizdagi boshingiz ortiqchalik qilmoqda, shekilli?! Biz, albatta, ruslarni yurtimiz sarhadlaridan quvib chiqarurmiz, inshaalloh. Men sizga buni va’da beraman.

– Hazratim, maylimi, sizga rivoyat so‘zlasam? – Amir ixtiyorsiz bosh irg‘adi.

– Qadim zamonda Chin muzofotida Chung‘ichin degan zot bo‘lgan ekan. U sayohat qilib yurib, adashib, qabristonga kirib qolibdi. Qarasa bir mozorning yonida yosh xotin qo‘lida yelpig‘ich bilan yelpib turibdi. Chung‘ichin bu qadar ajib harakatni anglamoq shavqinda yosh bonudan buning sababini so‘rabdi. Xotin qizaribdi, bo‘zaribdi, boshini egib olibdi, ammo zinhor bir so‘z demabdi.

Shunda o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan bir juvon sayyohga oq yelpig‘ichli ayol haqida gapirib beribdi. “Qabr kanorasin ko‘rganingiz Lu ismli xonimdir, debdi u. – Xonim hozir erining mozorini yelpiyapti. Buning sababi Lu xonim turmush o‘rtog‘ining joni uzilayotganda undan so‘ng yashamayajagini, yashasa ham boshqa birovning xotini bo‘lmoqg‘a aslo ro‘yi rizo ko‘rsatmasligini aytadi. Ammo eri: “Bonu bunday ahd etmang, faqat mozorim ustidagi tufroq qurigunga qadar mani unutmaslikka ahd etsangiz kifoya”, – deydi. Lu xonim muning uchun mahkam ahd etadi. Ammo yostiqdoshining vafotidan uch kun o‘tmay, ta’ziyaga kelgan yosh yigitni yoqtirib qoladi. Yigit ham unga ko‘nglini ochadi. Shundan buyon bu ayol yelpig‘ich olib, eri qabrining tufrog‘ini quritmak va yosh yigit bilan tezroq birga bo‘lmoq harakatida”. Amirim, sizning azm-u harakatingiz ham, so‘zlaringiz ham shu ayolning va’dasi kabidur. Takror aytaman. – Mahmudxo‘ja so‘ziga urg‘u berdi. – Meni qo‘rqitaman, deb zahmat chekmang. Xudoyimning bizga yuboraturg‘on o‘lumiga muntazirmiz. Har holda o‘lim birdur, ikki ermas.

– Siz bilmaysiz, – hikoya ta’siridan Amir Olimxon chuqur so‘lish oldi. – Meni millatni o‘ylamaydur, deb xayol qilasizmi? Man ham shul elning farzandiman. Va sizni ham Qrimlarning G‘aspiralisi, Qozon tatarlarining Qayum Nosiriysi, usmonli turklarning Ahmad Midhati singari ulus muallimi deb bilurman. Ammo siz mani bilmayursiz. Menda dard yo‘q deb o‘ylaysiz. Bu yoqda o‘rislar, bir yoqda qadimchilar, yana bir yoqda esa siz – jadidlar – kamina uch olovda jizg‘anak bo‘layotgan odamman. Kaminaga hech bir xazina kerakmas. Ammo u dushmanlarim qo‘lida menga ko‘tarilgan qilichdir. Shunisidan qo‘rqamen”.

Shu payt mahramlardan biri kirib, saroyga Rusiya konsuli Miller kelganini aytdi. Amir shoshib so‘zini yakunladi:

– Mayliga. Xazina hozircha sizda turgani ham tuzuk. Ammo zinhor unutmangki, bugundan ortingizdan ikki daf’a soya paydo bo‘lur. Yo qochmoq, yo xazinani kimgadir bermak, yoinki o‘z bilganingizcha tasarruf etmak istaysiz, boshingizdan ayrilursiz. Bu so‘nggi so‘zum.

Sayyora

Noxush tushdan behol bo‘lib uyg‘ondim: Dastlab o‘zimni ulkan daraxtzor ichida ko‘ribman. Uning barglari g‘ij-g‘ij, rangi esa negadir qop-qora emish. Bir payt shamol turib, ular yerni zulmat rangiga bo‘yadi. Daraxt shohlarida mevalar qoldi, xolos. Yo‘q, adashibman. Tuyqusdan ularning meva emas, odamning kallalari ekanini payqadim. Bujmaygan, chaqchaygan, o‘qraygan basharalarga tikilib, ichimda sovuq bir hayajon qo‘pdi. Qo‘rquvdan qaltiray boshladim. Tomirlarimdagi qonim shovullab, yuragim orqaga tortib ketdi. Bir payt kallalar ham yerga duv-duv to‘kildi. Qochdim. Chopyapman-u, izimdan ular ilon yanglig‘ vishillab, dumalab kelayotganini sezayapman. Xuddi meni – dunyodan bezgan, ularning qismati ustidan kulgan, muqarrar ravishda boshqa taqdir yo‘rig‘iga yurmoqchi bo‘lgan kimsani mahv etmoqqa qasd qilgandek. Bir payt ko‘z oldim jimirlab, to‘lqinlandi. Qo‘rquvni ham unutib sekinladim. Yo‘q, bu yer ekan, oyog‘im ostida yer o‘prilib, aylana hosil bo‘ldi. Yoshligimda bir to‘da tengdoshlar tuprog‘i yumshoq joylarda ajibtovur chuqurcha hosil qilgan hasharotni tutib, oyog‘imizga, qo‘limizga surtganimiz esimga tushib ketdi. Lekin u hasharot qazgan ryumkasimon chuqurning og‘zi nari borsa angishvonadek kelardi. Qarshimdagi chuqur esa undan 100-200 barobar katta edi. Yuragimda yana vahm paydo bo‘ldi. Chuqurning ichi tobora o‘yilib borarkan, uning tubida allaqanday qayishqoq mavjudod harakatlanayotganini ko‘rdim. Keyin uning qah-qah otib kulayotgani eshitildi. Yo‘q, men hech bir tovushni eshitmayotgandim. Bu ovoz mening ichimdan kelayotgandi…

Ko‘zimni ochganimda a’zoi badanim jiqqa terga botibdi. Ancha vaqtgacha ko‘rgan tushimni o‘ylab shiftga termilib garangsib yotdim. Uni o‘zimcha ta’birlashga urindim. Ammo hech narsa chiqmadi. Keyin xayolim bugun qilishim kerak bo‘lgan ishlar tomon sudraldi. Deraza pardasi tortib qo‘yilgan, tashqari rutubatli edi. Ammo biroz o‘tib, hozir tong emas, balki quyosh botar paytidagi g‘ira-shiralik ekani esimga tushdi. Tushlikda to‘yib ovqatlanib, uxlab qolgan ekanman. Birdan kursdoshim Sayyorani esladim. U bugun meni tug‘ilgan kuniga taklif qilgandi. Apil-tapil kiyindim-da, uyi tomon yo‘l oldim. Yo‘l-yo‘lakay gul olishni ham unutmadim.

U haddan ortiq, kishini aqldan ozdirar darajada sohibjamol edi. Ikkita tim qora ko‘zlari ustidagi qaldirg‘ochqanot qoshlari har qanday tirik jonni o‘ziga so‘zsiz asir etardi. U menga yoqsa-da, doimo uning xayoli bilan yashasam-da, shubhakor aqlim meni tinimsiz tergab turgani, haqiqat sarhadlarida yashashga majbur etgani bois izhori dil etishga urinmasdim ham. Faqat xayolimda, o‘zimning mo‘jazgina dunyomda u bilan baxtli edim. Uni xohlaganimcha quchardim, bo‘liq lablaridan yutoqib bol simirardim, sochlarini silardim. Oh, men Yaratganning dunyosida qanchalik namunali bo‘lsam, o‘zimning yaratiq olamimda shunchalar zinokorman-a!? Minglab, yo‘q, millionlab savollar qalashib ketgan boshimdagi meni boshqaruvchi kuchning tartibli harakati taxayyul otiga mingashgach, yurakning tub-tubida zanglab yotgan jilovsiz hissiyotlarga erk berishi, hadsiz va hisobsiz hislarga cho‘milishi va o‘zining betimsol chanqoqligini qondirishi shu birgina qiz tegrasida charx urib aylanardi. Lekin asosiy voqelikda unga bor yo‘g‘i hazil qilish bilan cheklanardim. U esa.. to‘g‘risi, ko‘pda tushunmasdim. Aftidan Sayyora atrofini qurshagan hashamatdan, aniqrog‘i, u tuhfa etadigan soxta samimiyatdan aziyat chekardi. Ba’zida soatlab suhbatlashib qolganimizda, u doimo hayotidagi nimalardandir mahzun qarashlari bilan norizo ekanini sezdirib qo‘yar, men esa uning ma’yus chehrasiga, balqib turgan qorachiqlariga boqib, xayol surib qolardim: “Unga mehr libosi kiydirilgan e’tibor zarur. U men haqimda o‘ylaydi. Balki, umr yo‘llarida qo‘ltiqlashib ketayotgan yor sifatida tasavvur ham qilmas. Lekin o‘ylashiga, o‘qtin-o‘qtin esiga tushib ketishimga shubhalanmayman”.

Meni o‘zi kutib oldi. Ichkarida shaharlik do‘stlari to‘plangan ekan. Sayyora yanada ochilib ketibdi. Bejirim havorang ko‘ylakda moviy ko‘llar farishtasiga o‘xshab qolgandi. Garchi tabiatimga yot bo‘lsa-da, davraga singishga harakat qildim. Ammo negadir xayolim parishon edi. Shovqindan bezib, zalga chiqdim. Zinadan pastga tushib, zalni, devorlarga ilib tashlangan turli xil surat-polotnolarni tomosha qila boshladim. Boya kiraverishda payqamagan ekanman. Bu polotnolar buyuk mo‘yqalam sohiblari Leonardo Da Vinchi, Mikelanjelo, Salvador Dale, Renuar, Van Gog, Mone asarlari nusxalari edi. Ularga ancha vaqtgacha termilib qoldim.

– Nega qochib qoldingiz, – ortimdan Sayyoraning ovozi eshitildi.

– Yo‘q, o‘zim shunday sokinlikni qo‘msadim, – dedim siniq jilmayib.

– To‘g‘risini ayting, nimadandir bezovtamisiz, yo qo‘rqayapsizmi?

– Nimadan?

– Bilmadim, balki.. Balki, sevgi izhor qilishdandir… – U menga qarab kuldi.

– Nima… yo‘q.

– Yo‘q?

– Ha… yo‘q…. unaqa emas, – ko‘zlarimni undan olib qochdim. – Uylaringiz ancha hashamatli ekan. Mana bu suratlar boshimni aylantirib qo‘ydi.

– Sizga nima bo‘ldi o‘zi? – uning so‘zlari ham mahzunlik to‘nini kiydi.

– Ertalab noxush tush ko‘rgandim…

– Aytib berasizmi?

Unga ko‘rgan tushimni gapirib berdim.

U “buni ko‘p o‘ylamang”, – dedi. Keyin: “Hozir to‘xtab turing”, – deya u bitta xonaga kirib ketdi. Bir muddat o‘tib, qaytib chiqdi-da, meni zina ortidagi xonaga boshladi. Unga indamay ergashdim. Kirmasimdan dimog‘imga kitobning xush havosi urildi. Xonadagi shift qadar baland javonlarga turli xil kitoblar terib qo‘yilgan ekan. Sayyora to‘satdan devorga o‘rnatilgan burgutnusxa bahaybat soatning murvatini buradi. Qarab turdim. Soat millari 22:22 ni ko‘rsatganda javonlar orasi ilkisdan qo‘zg‘alib, xuddi eshikning ikki qanotidek ortga surildi. Ko‘z oldimizda yana bir temir eshik namoyon bo‘ldi. Sayyora boya ichkari xonadan olib chiqqan, qo‘lida aylantirib, o‘ynab kelayotgan kaliti bilan eshikni ochdi. Keyin menga qarab, ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi-da, ichkariga boshladi. U chiroqni yoqqanida o‘zimni muzeyga tushib qolganday his etdim. Men umrimda ko‘rmagan bahaybat qandilning oltinrang shokilalari yon-atrofga yorqin nur elab turardi. Xona devorlari ham xuddi zaldagidek, men ko‘pda bilavermagan, ammo ora-sira televizorda ko‘rib qoladigan turli suratlar, polotnolar bilan bezatilgandi. Pastda turli shakldagi ayol va erkaklarning, hayvonlarning haykallari qator turardi. Uzun oynavand stollarga terib qo‘yilgan tangalar, qilichlar, sovutlar, dubulg‘alar, miltiqlar, pichoq va xanjarlar, bejirim ko‘zalar, cheti naqshinkor kosalar va yana allaqanday g‘ayritabiiy metal va sopol buyumlar e’tiborimni tortdi. Ular shu qadar did bilan joylashtirilgan ediki, hayratimdan yuragimning urishini quloqlarim ostida eshitgandek bo‘ldim.

– Mana bu Leonardo da Vinchinikimi? – qiziqib devorga osig‘liq, chala-yarim chizilgan surat yoniga bordim.

– Yo‘q, bu Rafaelning “Muqaddas oila yoki Marvarid” asari, – dedi Sayyora ohista. Shu lahzada kipriklari ohista titrab ketganini ko‘rdim.

– Qoyil qolmay iloj yo‘q, rosa o‘xshatishibdi. Uni kim chizgan?

– Rafael.

Nega bunaqa deyapti, meni omi deb o‘ylayapti, shekilli degan xayolga bordim. Biroz jahlim ham chiqdi. – Bilaman, ammo kim nusxa ko‘chirganini so‘rayapman, – dedim.

– Qanaqa nusxa, – u ham menga ajablangandek tikilib qoldi. – Bu asl nusxa, –keyin qo‘shib qo‘ydi: – Bu xonadagi hamma narsa asl. Ko‘chirilgan nusxalar zaldagi devorlarga osilgan. To‘g‘ri, bu surat xomaki nusxa, lekin baribir muallifi Rafael. Mana, uning haqiqiyligini Piza laboratoriyasi olimlari tasdiqlagan hujjat. Rafael 1518-yili graf Kassonaning buyurtmasi bilan bu asarni bir necha nusxada chizadi. Ammo asl variantini chizayotganda to‘satdan vafot etadi. Natijada uni rassomning shogirdi Julio Romano chizib bitkazishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik kardinal Ippolit Estega sotilgan o‘sha kartina hozirda Madriddagi Prado muzeyida saqlanadi. Ko‘rinib turibdiki, suratning asl variantining muallifi yolg‘iz Rafael emas. Endi suratning asli qimmatmi yoki faqatgina Rafael mo‘yqalami tekkan mana bu xomaki suratmi, o‘zingiz baho beravering.

Baribir aldayapti, deb o‘yladim. Unga tikilib, o‘zini tutishi va xatti-harakatidan yolg‘onning iforini tuyushga harakat qildim. Lekin sirtiga suv yuqtirmadi.

– Mana, buni qarang, – dedi u burchakda turgan oynavand stol yoniga boshlab, – bular ichida pul islohoti o‘tkazib, tanga zarb etgan saltanat sohiblarining, jumladan, Amir Temurning mo‘g‘ul shahzodalari Suyurg‘atmish va uning o‘g‘li Sulton Mahmudxon nomi bilan zarb ettirgan tilla va kumush tangalari ham bor.

Ortidan borib, ilk bor sochlarining iforini tuydim. Ko‘zlarimni yumib, jannat havosidan simirdim.

– Numizmatika – tangashunoslikka qiziqasizmi o‘zi? – bu savol meni yana hushimga qaytardi.

– Mana, bu esa, – dedi u qo‘shni stolga boshlab, – Xalifa Usmon tomonidan yozilgan “Qur’oni karim”ning sahifasi”.

Yoniga borib, oynaga engashib, mus’haf sahifasi va yonidagi kichik teri parchasini tomosha qildim.

– Bular qayerdan o‘g‘irlangan? – deb hazillashdim atay jig‘iga tegish uchun.

– Nega endi? – u hayron bo‘lib qoldi. Keyin shoshib javob berdi – Buni bir turkdan sotib olgandik. O‘g‘irlanganmi bu?

Elka qisdim.

Haliyam ko‘nglimda unga nisbatan shubha yo‘qolmagandi. Yon tomonda – oyna tagida ajabtovur yaltirab turgan qirrador, shaffof toshga ishora qilib:

– Mana bu, hoynahoy, “Ko‘hinur” bo‘lsa kerak-a, – dedim, istehzo bilan.

– Yo‘q, bu “Regent” olmosi, – dedi u sipolik bilan. Aftidan, Sayyora bu yerdagi har bir eksponat tarixini mukammal o‘zlashtirgan edi.

– Regent?

– Ha, shunday, bu olmosning tarixi juda qiziq. U 1701-yilda Hindistondagi Golkonda konidan topilgan. Uni topib olgan qul o‘zida saqlab qolish uchun tanasini kesib, yara ichiga yashiradi. Keyin uni bir dengizchiga sotmoqchi bo‘ladi. Dengizchi qulni cho‘ktirib yuboradi va olmosni ingliz gubernatori Pitga pullaydi. Dengizchi ham keyin o‘zini o‘zi osib qo‘ygan. Gubernator olmosni Fransiya regenti – gersog Orleanskiyga sotadi. Shundan keyin unga “Regent” nomi berilgan. Olmos bir muncha muddat berlinlik zargarda saqlangach, uni 60 000 000 frankga sotishadi. Kimga bilasizmi? Napaleonga. Ajablanmang, 1815-yili ingliz-golland va prus armiyalari bilan Vaterlooda bo‘lgan jang chog‘ida fransuz armiyasi qo‘mondoni Napaleon Bonapartning qilichini bezab turgan. Ammo o‘sha jangda olmos yo‘qolib qoladi.

– G‘oyat ta’sirchan hikoya ekan. Xo‘sh… U qanday kelib sizlarning uyingizga kelib qoldi?

Sayyora labini burib, yelka qisdi:

– Bunisini, to‘g‘risi, o‘zim ham bilmayman, ammo har yili dunyoning turli chekkalarida qimmatbaho buyumlarning kimoshdi savdosi o‘tkaziladi. Xorijdagi “Chiristies”, “Sotheby’s”, “Pilipp’s” kabi kimoshdi savdo uylari haqida eshitganmisiz? Adam ko‘p narsalarni o‘sha yerdan xarid qilganlar…. Albatta, kim sotib olgani ko‘rsatilmasligi sharti bilan. Antikvar narsalar bilan shug‘ullanuvchi tanishlarimiz juda ko‘p.

Shu topda Sayyoraning chindan ham menda ko‘ngli borligi haqida o‘ylab qoldim. Modomiki, oilasining sirini aytdimi, demak, ko‘ngliga yaqin olgan, ko‘ngliga yaqin oldimi, demak… Unga termilib qoldim. Ichimda qo‘zg‘algan ehtirosdan junbushga tushib, yoniga yaqinlashdim-da, belidan ushlab, lablariga labimni bosdim. U dastavval baqirishga harakat qilib, biroz tipirchilab turgan bo‘lsa ham, keyin tinchib qoldi. Uni mahkam bag‘rimga bosib turar ekanman, quloqlariga pichirladim:

– Men sizni hech kimga bermayman…

Shu payt tashqaridan kimningdir oyoq tovushi eshitildi. Sayyoraga qaradim. U ham qo‘rqib ketgandi. Meni itarib yubordi-da, devorga suyanib qoldi. Shu lahzada eshik ochilib, bir kishining qorasi ko‘rindi. Vajohatidan sher ham hurkishi aniq bo‘lgan bu odam Sayyoraning otasi edi.

– Nima qilayapsan bu yerda, kim ruxsat berdi senga? – u qiziga qarab baqira boshladi.

– Ad-a-a…

– Kim ruxsat berdi senlarga? – keyin u menga yuzlanib, battar xezlandi – Bu kim? Chiq, yo‘qol ikkalang ham.

Bir so‘z demay tashqariga yo‘naldim. Ko‘chaga chiqib, bir-ikki qadam tashlagach, bu taxlit ketishga yuzim chidamadi. Yana ortimga qaytdim. Zalga kiraverishim bilan Sayyora boyagi xonadan yugurib chiqib, yuzini bekitgancha boshqa xonaga kirib ketdi. Biroz o‘tib, ortidan otasi ham chiqib keldi. Meni ko‘rib, bir zum to‘xtadi-da, keyin yonimdan o‘tib kresloga cho‘kdi. So‘ng qo‘l ishorasi bilan yoniga taklif qildi. Jimgina borib, qarshisiga o‘tirdim.

– Ismingiz nima? – dedi butunlay boshqa ovozda. Darg‘azab nigohlar iliqlashib, qahrli ovozlar yumshaganidan o‘zimni erkin his qildim. Unga ismimni aytdim.

– Yaxshi, – dedi-da, biroz sukutda qoldi. Keyin yana gapira boshladi:

– Uzr, biroz qizishib ketdim. To‘g‘risi, kutmaganim sodir bo‘ldi. U xonaga kirgan birinchi begona siz bo‘ldingiz. Endi siz mening sirimni bilasiz. Bu esa menga yoqmayapti. Shu boisdan umid qilamanki, bu gaplar shu yerda qoladi. Ochiq gapiraman, bu mening ham, sizning hayotingiz bilan bog‘liq masala. Qo‘rqitmoqchi emasman. Bu narsalarning egalari juda katta odamlar, sizning tasavvur doirangiz bu borada juda-juda kichiklik qiladi, deb qo‘rqaman. Bundan yana bir begona odam xabar topsa, uchchalamizning ham paymonamiz to‘lishi muqarrar.

Ichimda allaqanday to‘lqin ko‘tarildi. Bir xayol hammasiga qo‘l siltab, ters gapirmoqchi ham bo‘ldim. Ammo Sayyoraga quyib qo‘ygandek o‘xshovchi o‘tkir nigohlarga qarashga bardoshim yetmadi. Men tomon cho‘zilgan qo‘lga qo‘l tashladim. Bu orada oldimizga tepada o‘yin-kulgu qilayotgan Sayyoraning boshqa do‘stlari ham bezovtalanib tushib kela boshlashdi.

Qaytayotib ko‘rgan tushim yodimga tushib, boz titrab ketdim.

Uch birodar

1919 yil 8 mart. Samarqand. Bahor bo‘lishiga qaramay havo hali biroz sovuq. Bemahal yoqqan qor endigina kurtak urgan dov-daraxtlarni chirmoviq kabi o‘zining harir choponiga o‘rab olgandi. Nav-nihol kurtaklar sovuq zabtiga tushib, battar ko‘kimtirlashgan, havoning avzoyiga qarab goh ular yuzida tomchilar ko‘rinib yaltirar, tongga yaqin yana muzlab qolardi. Shu sabab bu yilgi hosil ham xavf ostida qolgandi. Ko‘hna shahar ko‘chasidan qalin kiyinganidan hurpayib ketgan bir to‘da kishilar ko‘rindi. Ular safidan uch kishi ajralib chiqib, oldinlab ketdi.

Qora chopon kiyib olgan, boshiga oq salla o‘ragan kishi xayol surib ketayotgan hamrohiga so‘z qotdi:

– Ahvolingiz yaxshimi, taqsir? Keyingi paytda ancha bezovta ko‘rinasiz? Yuzingizdan qon qochgan. Mahmudxo‘ja dastavval hamrohim menga gapirayaptimi, deb unga qaradi, keyin bunga ishonch hosil qilgach, bosh silkidi:

– Yo‘q, yo‘q, o‘zim shunday, biroz xayolga berilibman. Bugun jon taslim etgan birodarimiz Abdurahmonbek haqida o‘ylab qoldim. Bolalari yosh ekan. Bechora ko‘p bama’ni odam edi. G‘aflatda qolibmiz-da.

– Ha, nimasini aytasiz… Qazo – Haq taoloning irodasi. Bunga kelganda bandasining qo‘lidan tadbir kelmas. Bechora anchadan beri kasal yotgan ekan. Xastalik vujudga bir yopishsa, chekinmog‘i dushvor. Siz ham asrasangiz bo‘lardi… Yaqinda Toshkentga borib maktab progrumi va ilmiy hollar bilan tanishib kelganingiz haqida eshitib edik. Bundan Samarqand ahlini ham xabardor etay deb, muallimlar majlisini chaqirib ekansiz, biz ham bir necha o‘rtoqlar bilan borib edik. Ammo… majlis belgilab unga o‘zingiz kelmasligingiz, keyingi paytlarda siz asrorangiz ishlar ro‘y bermayaptimikan, degan shubha uyg‘otdi, barchamizda.

– Ha, buning uchun do‘stlarim va birodarlarim oldida aybdormen. O‘sha kunlari asab kasalim qo‘zg‘ab qoldi. Zo‘riqishdan bo‘lsa kerak. Bu uzurimni barchalariga yetkazib qo‘yishingizdan umidvorman. Keyinroq vaqt topib, albatta, Toshkentda ko‘rganlarimni barchangiz-la baham ko‘rurmen, inshaalloh.

– Mufti hazratlari, bilaman tashvishingiz g‘oyat turfa, Shu xalq, millat qayg‘usidasiz. Ammo biroz sog‘lig‘ingizni ham o‘ylasangiz bo‘lardi.

– Eh, Mulla Sadriddin, siz ham, men ham ildizi bir ikki jafokash millatning farzandimiz, yon-atrofimizda inson qiyofasidagi kaslar izg‘ib yursa, og‘zimizdagi nonimizni, yerimizni tortib olsa, xotinlarimiz va qizlarimizni yo‘ldan ursa, farzandlarimizni o‘zlarining buzuq ishlariga tortsa, ayting, bunga chidab bo‘ladimi? Afsuski, biz katta xatoga yo‘l qo‘ydik. Ha.. Adashdik.

– Nega unday deysiz? Adashish barcha bandai mo‘minning boshida bor savdo. Ammo siz bunday deb tursangiz, boshqalarga so‘z deyishga majol qolurmi? Axir siz Turon dohiysi, oliyshon ustod, Turkiston vijdonisiz-ku. Ne-ne ilm ahli sizni otamiz, rahnamomiz deb biladi-ku.

– Yo‘q, bunday havoyi gaplarni qo‘ying, mulla Sadriddin. Biz katta xatoga yo‘l qo‘ydik. O‘z ichimizdagi qarindoshlarimizdan ayrildik. Turk tomiriga bolta urdik. Maktab o‘rniga mayxona ochdik, millatparastlarni dahriy dedik, ittifoqni emas, ixtilofni tanladik. Haq olinur, berilmas ekan. Buni juda kech angladik. Chor istilosi davrini eslang. Angliya hukumati uch xonlikni Rusiyaga qarshi qurollantirmoqchi bo‘lib elchi jo‘natadi. Lekin Xiva va Qo‘qon xonligidan ijobiy javob olgan elchilar Buxoroda qassob amir – Nasrulloxon tomonidan qatl etildi. Vo darig‘, bu qanday kulgulik holat? Keyin nima bo‘ldi? Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi ayro-ayro yo‘l tanlab, eski adovatlari bois birlashib kurashmadi. Alhol, tabarruk zaminimiz toptaldi. Bizda vatanni qo‘riqlaydigan mard yigitlar, sarkardalar yo‘q edimi? Qurolimiz yo‘q bo‘lsa, sotib olish uchun boyligimiz yetmasmidi? Yetur edi. Dushmandan o‘n chandon ko‘proq edi. Lekin boshimizdagilar qizg‘onishdi, alaloqibat, erkni ham, oltinlarni ham boy berishdi. Ichimizdan chiqqan sotqinlar bo‘ynimizga mustamlaka zanjirlarini osdilar. Eh-he, bu bir tarix. Ammo moziy istiqbolning tarozusidir. Har kim o‘lchasun-da, bilsun! Biz bundan saboq chiqarmadik. Qonimizdagi o‘zbilarmonlik, qo‘rqoqlik pand berdi. Mulla Sadriddin 1917-yil 27-noyabrda Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganini xotiringizga keltiring. Bor-yo‘g‘i yuz kun yashadi. Turkiston sovet hukumati boshlig‘i Kolesov 1918-yil fevralda Qo‘qondagi Turkiston muxtoriyati deb nomlangan jadid milliy hukumati va shaharni qonga botirib, 10 ming odamni qirib tashladi. 180 ta qishloq olov ichida qoldi. Biz nima qildik? Yana tomoshabin bo‘ldik. Birodarlarimiz dushman pulimutlariga qarshi ketmon ko‘tarib chiqqanda tinchimizni o‘ylab betaraf turdik. Bir oy o‘tib, O‘sh buxoroliklar Amirga ultimatum yuborishdi. Unda 24 soat ichida amir taslim bo‘lishi va hukumatni yosh buxoroliklarga topshirishi talab etilgan edi. Ammo amir armiyani yengib, 1500 kishini jadid deb qatl qildi. Alhol, zulm qilgan ham, zulm ko‘rgan ham o‘zimiz bo‘ldik.

– Ha, jafokash xalqimiz o‘z boshidan ne-ne qismatlarni boshdan kechirmadi, – dedi Sadriddin Ayniy ham chuqur xo‘rsinib. – Kamina to‘rt tarafga boqsam, qabohatni ko‘raman. Hatto Samarqand havosidan ham o‘limtik isi anqiydi. Shaharlardagi katta imorat va korxonlar hammasi yahudiy va ovrupaliklarnikidir. Piterburg, Moskva va Ovro‘pa kutubxonalari bizning kitoblar, bitiklar bilan bezandi. Jahon urushi, mardikor oluv, endi bu taloto‘plar raiyat yelkasini mayishtirmoqda. Bularning bari kaminani ham xo‘b o‘ylantiradir.

Sadriddin Ayniy bu gapdan keyin chindan ham o‘y surib qoldi. Xayolida o‘sha qora kunlar qayta gavdalangandi. Uzun, teridan qilinib, ichi tuz va chaqa tangalarga to‘ldirilgan darralar qulog‘i ostida vizzillab sado bergandek bo‘ldi. G‘urbatli kunlar edi. Yangilikni xushlamovchi qadimchi dindorlar o‘z mavqelarini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib, jadidlarga turli yo‘llar bilan qarshilik ko‘rsatishardi. Ular o‘rtasidagi qarama-qarshilik el-ulus ichida fitna-fasod, adovat urug‘ini tarqatar, bundan bolsheviklar ustalik bilan foydalanib, tutayotgan gulxanga o‘tin qalab turishardi. 1917-yili Buxoro Amiri Abdurauf Fitrat tomonidan yozilgan “O‘sh buxoroliklar qo‘mitasining Buxoroda islohot o‘tkazish loyihasi”ni ma’qullab, uni hayotga tatbiq etish haqidagi o‘z manifestini imzolagan kunlari Ayniy ham Buxoroda edi. O‘sha kuni jadidlarning rus inqilobi ta’siridagi bir guruh yoshlar “Yashasin, xaloskorimiz amir!” deya ko‘chalarda saltanat sohibini olqishlashdi. Millat ruhiga ekilgan kin o‘z mevasini bermay qolmadi. Boshqa tomonda musulmon mutaassiblari ta’sirida bo‘lgan 7-8 ming kishi yig‘ilib, jadidlarni o‘lasi qilib kaltaklashga tushib ketdi. Ular “Din yo‘qolmoqda, shariat o‘lmoqda”, deb jar solardilar. Ayniy va yana bir necha kishi 75 darra zarbidan arang tirik qoldi. Hali-hanuz suyaklari zirqiraydur. Ammo birodarlari Mirza Nazrulla 150 darra zarbiga chiday olmay jon berdi. “O‘z ixtiyori ila” Samarqanddan kelgan Behbudiy va uning sheriklariga xalqni qo‘zg‘atdi degan ayb to‘nkaldi. Amir zudlik bilan manifestni bekor qildi. Mang‘itlar sarvarining bu xatosi Buxoro tarixida o‘chmas qora iz bo‘lib qoldi.

Sadriddin Ayniy xayoldan chekinib, hamrohiga qaradi. Mahmudxo‘ja hamon gapirayotgandi.

– Biz o‘z haqqimizni talab etmakka kelganda oqsadik. Ha… bularning bari o‘qimag‘onimizdan. O‘qimag‘on odam urug‘ini, yetti pushtini bilmaydi. Bundaylarni qulmarquq deydi. Biz ularga do‘ndik. Dunyo beayov, “hayot-mamot kurashi maydoni”ga aylangan bir paytda o‘rta osiyoliklar uchun bilim va boylik suv va havodek zarur edi. Faqat shulargina xalqning bo‘hrondan omon chiqishi, va mustaqilligini kafolatlaydigan telefon, telegraf, temiryo‘llar, havo yo‘llari kabi ilg‘or texnika vositalariga egalik qilish imkoniyatini tug‘dirardi. Bunga kelganda esa amir juda-juda ojiz. Bu haqda Manifest e’lon qilinganida so‘z ochganimda, g‘oyat qahri kelib edi. Ich-ichidan zil ketib edi.

– Ha, nimasini aytasiz, – Sadriddin chuqur xo‘rsindi.

– Biz millatni faqat ilm-u ma’rifat bilan ozod qilsa, bo‘lur, deb o‘yladik, – Behbudiy bir lahza tin olib yana davom etdi. – Bizning “Sho‘roi islomiya” firqamiz bolsheviklar tashviqotiga ishonib, tinch yo‘l bilan Turkistonda Muxtor Respublikasi o‘rnatish mumkin hisoblab, Farg‘onadagi Milliy ozodlik kurashini qo‘llab-quvvatlamadik. Natijada, bugun “bosmachilik” harakati deb atalayotgan jangchi birodarlarimizning mafkurachilari “Ulamo” firqasi va ularning rahnamolari Nosirxon To‘ra Kamolxon o‘g‘li, Muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo‘ja o‘g‘li kabilar bo‘lib qolishdi. Vaqtida birlashganimizda yengilmas kuchga aylanishimiz mumkinligini endi-endi idrok etayapman. Biz bo‘linib-bo‘linib ro‘shnolik topa bilmasmiz.

– Kichik millatlarga tamom hurriyat va istiqlol beramiz deb xitobnomalar vositasi-la va’da qilg‘on bo‘lsalar ham, bu quruq so‘zlari qog‘oz ustidagina qoldi, – dedi shu paytgacha suhbatga aralashmay turgan 35-36 yoshlardagi, ammo jussasi kichikligidan ancha yosh ko‘rinadigan Hoji Muin. – Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarg‘a to‘p pulimut bilan muqobala etdilar va etmakdalar.

– Ha, – uning gapini quvvatladi Sadriddin Ayniy, – bu bor gap. Bizning tilimiz kesildi, lunjimizga qulf osildi. Qachonki xalq dardini aytadigan bir mard o‘g‘lon chiqmas ekan, o‘sha millat zalolatga mahkum. Yo‘q, bu o‘sha jamiyatda qabih illatlar xamirturushdek ko‘pchigani uchun emas, o‘sha xalq shunday farzandni yetishtirib berolmagani uchun shunday…

Shu payt oldilaridan bir necha otlig‘ ko‘ringani bois u so‘zlashdan to‘xtadi. Uch yo‘lovchi shahar amaldorlariga qulluq qilib, yo‘l berishdi. Keyin yana davom etishdi.

– Dushmanimiz g‘oyat kuchli, tadbirkor va ayyor, – dedi Mahmudxo‘ja orqasiga qarab qo‘yarkan. – Shu boisdan g‘oyat ehtiyotkorlik zarur. Samarqandda “Kambag‘allar yig‘ilishi”, “Mirvaj ul-islom”, Kattaqo‘rg‘onda “Ravnaq ul-islom”, Andijonda “Ozod xalq”, “Miftoh ulmaorif”, “Sana ul-islom”, “Taraqqiyparvar”, Qo‘qonda “Musulmon mehnatkashlari ittifoqi”, Xo‘jandda “Muayin at-tolibin” va boshqa tashkilotlar tuzildi. Ularning ba’zilari xorijdagi, xususan, qardoshlarimiz bo‘lmish Usmonli turklarning “Idtihod va taraqqiy” yoki “Turk adami markaziyati” kabi yashirin tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatdilar. Ammo tarqoq holda. Biz bir yoqadan bosh chiqarmadik, bir yoqa-englik qilmadik. Gunohimiz ham, so‘rog‘imiz ham, xatoimiz ham shu. Bizning millatni tarqoqlik yemoqda.

Ular katta bir chorrahaga yetgach, yo‘llari ayri bo‘lganidan xayrlashmoq uchun to‘xtadilar. Behbudiy va Sadriddin Ayniy xuddi so‘nggi bor ko‘rishayotgandek, qo‘llarini bir-birlarining yelkalariga qo‘yib, uzoq termulishib qolishdi. Vidolashayotgan birodarlardek, ko‘zlarida yosh qalqidi. Mahmudxo‘ja bir bayt she’r o‘qidi: “Dili az sangi boyad bar sard oh vido‘, to tahammul kunad on ro‘zki, mahmil beravd”* Keyin quchoqlashib, xayrlashdilar. Mahmudxo‘ja va Hoji Muin o‘ng tomonga, Ayniy chap tomonga qarab ketdi.

“Zebo shabistoniy”

Bir kuni tong saharda Behbud uyimizga keldi. Anchagacha gapini nimadan boshlashni bilmay kalovlanib turdi. Keyin “Nima bo‘ldi?”, – dedi xayolchan. Undan “Nima nima bo‘ldi?”, – deb so‘radim. U ancha paytgacha, miq etmay o‘tirdi. Savolimni takrorlagach, o‘ziga kelib, – u kuni ko‘rgan tushingni so‘rayapman, hayotingda shundan keyin nimadir sodir bo‘ldimi? – dedi.

Yo‘q, deb javob berishim ham mumkin edi. Ammo shu topda negadir “ha”, dedim. Keyin o‘sha zahoti ikki kuncha avval kechqurun Sayyorani kuzatib qo‘yib, uyga qaytayotganimda it quvlagani yodimga tushib, o‘shani aytib kuldim.

Behbud aqalli jilmayib ham qo‘ymadi. Ancha paytgacha, jim turib qoldi.

– Bugun bir noxush tush ko‘rdim, – deb gap boshladi, nihoyat. – Nima desam ekan, noxush deb ham bo‘lmaydi, lekin juda g‘alati. Tong saharda turib, suvga aytdim. Lekin baribir ko‘nglim yorishmayapti. Uni qanday ta’birlashga ham hayronman. Allaqanday keng yalanglik emish. Men bir qabr tepasida turibman. Sinchiklab e’tibor bersam, qabrtoshga o‘zimning suratim va ismim yozilgan. Keyin oyog‘im yerdan uzilib, uchayotganimni his qildim. Osmonda – parqu bulutlar ortida kimdir meni chaqirayotgandek, yo‘q, aniqrog‘i, ko‘rinmas ip bilan arshi a’lo tomon tortayotgandek edi. Lekin yerdan, o‘z qabrimdan uzilishni istamasmishman. Yo‘q,.. qo‘rqdim deb aytolmayman, lekin g‘alati bir hisni tuydim. Ha… chindanam g‘alati bo‘larkan, kishi o‘z qabri tepasida tursa. Tushunaman, o‘lim haq. Shavqatsiz, biroq achchiq haqiqat bor-ku – O‘lmaslik chorasini izlayotgan odam bitta narsani – o‘limni topadi, boshqalarni esa o‘limning o‘zi topadi. Lekin tug‘ilmoq va o‘lmoq o‘rtasida va ularning har ikkalasining ortida nima bor? Dabdurustdan bugun kallai sahardan shularni o‘ylab qoldim. Sen bilan gaplashgim keldi. Nima deysan, yo bu tez orada o‘lishimga ishoramikan? He-he… Nahotki, shu navqiron yoshimda o‘lishim buyurilgan bo‘lsa… Agar buni istamasam-chi? Har holda taqdiring o‘z qo‘lingda deyishadi-ku. Balki, bu mumkinmasdir. Lekin bir narsani aniq bilaman. Biz butun insoniyat, aslida, turli vujuddan iborat bo‘lsak-da – aqlimiz, tafakkurimiz yaxlit. Balki, narigi dunyoda yaxlitlashar? Biz barchamiz shunchaki jilg‘alarmiz, ammo milliardlab jilg‘alarning qo‘shiluvi alal-oqibat ummonni hosil qilmaydimi? Bu ummonning telbavor po‘rtanalari qarshisida har qanday to‘siq chikora. Yo‘q, hech qanaqa sehrgarlik haqida gapirmayapman, bu insonga berilgan, biroq o‘zi bilmaydigan ilohiy qudrat – Tangrining tajassumi…

O‘ylayotgandirsan, nega bunaqa gaplarni aytayapti deb. Xavotir olma, hali aqlimni yemadim. Shunchaki, kimgadir yorilgim kelayapti. So‘roqlardan iborat qadamimda ko‘ngilga malham bo‘lgulik javob topolmay halakman. Men nega dunyoga kelganman. Parvardigor menga yo‘l ko‘rsatdi. Ko‘nglimga nimanidir soldi. Uni amalga oshirishim kerakmi? O‘ylasam, inson umri kelajak uchun pillapoya ekan. Farzandlar otalarining yelkasida yuksaklikka ko‘tarilib bormoqda.

Behbud yana o‘yga cho‘mib qoldi. Uning bir-biriga ulanmayotgan gaplaridan – balki, u shunaqa gapirishni xohlayotgandir, balki, men shunday o‘ylayotgandirman – ko‘zlarini qisib, tepa labini so‘rayotganidan, nimadandir qattiq cho‘chiyotganidan, allanarsalarni chamalab, jiddiy bosh qotirayotgani sezilib turardi.

Uni ilk bor uchratgan onlarimni esladim. Kimning qanaqaligini bilishda, hech qachon adashmasam kerak, deb o‘ylab yurardim. Ammo unga kelganda, nima deyishga ham hayronman, to‘g‘risi, bunaqaligini kutmagandim. U goho haddan ortiq xayolparast bo‘lib qolar edi. Ba’zida esa uni tinglab turib, daf’atan jinni emasmikan, degan xayolga ham borardim. Biroq ko‘p holatda ma’nili, asosli gapirishi, mantiqqa yo‘g‘rilgan hikoyalarini tinglarkanman, bu xayollarim tumandek tarqalib ketardi. Hatto bir kuni azbaroyi changni yomon ko‘rganimdan, kutubxonaga borib, eski-tuski kitoblarni titkilashni eng behuzur mashg‘ulot sanasam-da, uni astoydil tekshirib ko‘rishga qaror qildim. Ammo barcha manbalar qayta-qayta Akobirning haqligini isbotlayverdi. To‘g‘ri, eng mukammal tarix qo‘llanmalarida ham uning hikoyalaridagi ba’zi bir elementlar uchramasdi. Ammo bu uni inkor qilishga imkon bermasdi. Nihoyat, bundan voz kechib qo‘ya qoldim. Chunki avval-boshdanoq uni to‘liq bilolmasligimni tushunib turardim. O‘zi ham o‘zini batafsil bilmaydigan odamni o‘zga anglay olarmidi?!

Darvoqe, ilk uchrashuvimizda takror-takror pichirlagan so‘zlarining qanday ma’no anglatishi haqida ko‘p o‘ylagandim. So‘rayman, bu nima ekanini bilib olaman, deb, ko‘p bor azm qilgan bo‘lsam-da, mavridi bo‘lmayotgandi. Ayni topda undan shu haqda so‘radim. U menga xayolchan tikilib qoldi.

– Buning tarixi uzun, – dedi, gapni qisqa qilib. Unga vaqtim bemalolligini, agar mabodo lozim topsa, aytaverishini va men bunga bajonidil quloq tutishimni aytdim. U bunga ishonch hosil qilgach, maroq bilan gapira boshladi:

– Esingda bo‘lsa kerak, sirli maktub va undagi g‘alati yozuv? E’tiborimni o‘zbek jadidlari otasi Behbudiyga qaratib adashmagan ekanman. Xullas, izlanishlarim besamar ketmadi. Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi shahri 1926 – 1937-yillarda Behbudiy nomi bilan yuritilgan ekan. Sababi bu inson aynan Qarshi shahrida Buxoro amirining farmoyishiga binoan 1919 yilda qatl etilgan ekan. O‘ylaganimday, Behbudiy joy nomi bo‘lib chiqdi. Demak, ko‘rsatilgan sanada bobom hozirgi Qarshi, ular nazdidagi Behbudiy shahriga borishlari kerak bo‘lgan. Shundan keyin shahar arxiviga borib, ma’lumot qidira boshladim, tarixchi olimlar, keksalar bilan suhbatlashdim. Zero, ishonchim komil edi UYa SI ham shu yerdagi biror hudud yoki inshootni bildiradi. Ikki-uch kun bor e’tiborimni shu ishga qaratdim. Uchinchi kuni edi, chamasi, shahar qamoqxonasining hujjatlarini o‘rganayotib, izlagan ma’lumotlarimga duch keldim. UYa bu – sobiq ittifoq hududida qamoq joylarini bildirgan muassasa “uchrejdeniya” so‘zining, SI-5 esa Qarshi shahridagi beshinchi tergov hibsxonasi “Sledsvennыy izolyator – 5” ning qisqartmasi ekan. O‘sha zahoti Qarshi shahridagi 1939-yildan 2004-yilgacha hibsxona vazifasini o‘tab, hozir yana Ko‘kgumbaz masjidiga aylantirilgan qadamjoga yetib bordim. Bilasanmi, xuddi barcha narsa tanishdek edi. Xuddi, avval ham bu yerda bo‘lgandekman. So‘z bilan ifodalay olmasam kerak. Tomirlarimda qonim jimirlab, boshim g‘uvullab ketdi. Biroz nafas rostlab olgach, hozirda masjid ayvonlariga terib qo‘yilgan qadimiy eksponatlarni tomosha qila boshladim. Kichikkina, past tabaqali eshikdan o‘tib, masjid hovlisiga chiqdim. Sardoba yonida bir odam turardi. Dastlab, payqas bermadim, keyin qarasam, u bobomga o‘xshab ketdi. Kiyinishi, menga qarab turishi. Hayron bo‘lib, sardoba tomon yurdim. Borganimda u yerda hech kim yo‘q edi, noma’lum odam izsiz yo‘qolibdi.

Uyga qaytib, hafsala bilan bobomning sandig‘idagi narsalarni ko‘zdan kechirdim. Turli eski-tuski kiyimlar, allambalo idishlar, kitoblar qalashib ketgan edi. Kitoblar orasidan eng qadimgisi e’tiborimni tortdi. Xotirladim. Bobomning Samarqandlik marhum Nadimxon degan tanishlari bo‘lardi. O‘rtalarida bordi-keldi bor edi. Bir safar Samarqanddan bitta eski kitob ham olib qaytgandilar. Bu – o‘sha kitob edi. Izlanishlarim oqibatida Nadimxon Mahmudxo‘ja Behbudiyning katta farzandi Mas’udxo‘janing uchinchi o‘g‘li bo‘lganini aniqladim. Jumboqlarning ufqi qizarayotgandi. Kitobga bo‘lgan qiziqishim yanada ortib, uni o‘zimcha tadqiq qila boshladim. Boshlanishida bir bayt she’r bitilgan ekan:

“Shabistone chunon zebost nazdi har suxandone,
Ki ta’rixi tamomi o‘ buvad “zebo shabistoniy”.*

(* Yahyo Shaybak Nishopuriyning “Shabiston” asaridan olindi.)

E’tibor qilsam, oxirgi misraning so‘nggi ikki so‘zi ajratib ko‘rsatilgan. Mumtoz adabiyotda ta’rix deb nomlanuvchi shunaqa she’riy san’at mavjud. Ma’lum tarixiy voqealar abjad hisobi ifodalanuvchi kichik lirik she’rlarda yashirin tarzda aks ettiriladi. Har bir harf ortida bitta raqam turadi. Bu abjad hisobi deyiladi. Arab harflari alifbosidan sakkizta – abjad, havvoz, hutti, kalaman, sa’fas, qorashat, saxxaz, zazag‘ so‘zlari chiqarilgan. Ana shu so‘zlardagi qisqa “a” unlisini hisoblamasa, qolgan harflar birdan minggacha bo‘lgan sonni bildiradi. Masalan, Alif – 1, be – 2, jim – 3, … zod– 800, ze – 900, g‘ayn – 1000 kabi. “Zebo shabistoniy” so‘zidan esa abjad bo‘yicha hijriy 853-yil kelib chiqdi. Bilasanmi, bu milodiy qaysi yilga to‘g‘ri kelishini? – u menga shunday deb sinovchan tikildi.

– Yo‘q, – dedim yelka qisib.

– 1449-yil… Bu yil tariximiz sahifalariga Mirzo Ulug‘bekning o‘z o‘g‘li Abdullatif tomonidan qatl etilishi voqeasi bilan muhrlangan. Xuddi shu yili Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi – 15 ming jilddan iborat bebaho kitoblar xazinasini yashirishga muvaffaq bo‘ladi. Bularni aniqlaganimdan keyin yanada katta ishtiyoq bilan izlanishni davom ettirdim. Kitobda ma’no anglatmaydigan turli uzuq-yuluq qaydlar, kishilarning qarzlari haqidagi ma’lumotlar hamda yana bir necha kishilarning ismi ham mavjud edi. Najmiddin Alixondan boshlangan ketma-ketlik Muhammad Siddiq ismli kishining nomi bilan tugagandi. Ular ichida Malik Yusuf munshi, Amir Fuzayl dodhoh, Zayniddin muhrdor, Rukniddin tovochi, Amir Yalangto‘shbiy, Abdulazizxon, Ibrohim Otaliq, Amir Shohmurod, Niyozxo‘jalar bor edi. Najmiddin Alixon Mirzo Ulug‘bek saroyining “farzandi arjumandi” – Ali Qushchining suyukli shogirdlaridan biri ekan. Ketma-ketlik bir avlodga mansub emasligidan bu avlodlar shajarasi emas – bu xazina qo‘riqchilariniki ekanini angladim. Shunda bobom menga aynan xalq tilida yuradigan bir afsonaviy xazina siri haqida aytmoqchi bo‘lmaganmikan, degan o‘y o‘tdi boshimdan. Nazarimda, o‘sha xazina yillar o‘tib, Sohibqiron Amir Temurning ixtiyoriga o‘tadi. Temurdan nabirasi Mirzo Ulug‘bekka. Sababi Sohibqiron nabirasi Mirzo Ulug‘bek tug‘ilganida unga Muhammad Tarag‘ay deb o‘z otasining ismini qo‘ygan va uning timsolida padari buzrukvorini ko‘rgan. Garchi o‘limi oldidan katta o‘g‘li Jahongirning farzandi Pirmuhammad Mirzoni valiahd deb tanlagan bo‘lsa-da, mutlaqo maxfiy bo‘lgan afsonaviy xazinaning sirini toj-u taxtdan ham ilmni afzal biladigan shu suyukli nabirasiga ishongan. Shundan keyin bu sir Ulug‘bekdan sevimli shogirdi Ali Qushchi orqali faqat jon uzilar chog‘i aytilishi sharti bilan keyingi xazina vorislariga o‘tib kelgan.

– Xo‘sh, o‘sha xazina qayerga yashirilgan ekan?

Behbud menga qarab jilmaydi. Keyin chap labi va qoshi hamohang ko‘tarilib, yelka uchirdi:

– Bilmadim, har holda – to‘g‘ri kelgan joyga bo‘lmasa kerak. Aytmoqchimanki, hamma narsa, kitoblar xavfsizligi, ularning chirib ketmasligi, havo bilan ta’minlanib turishi oldindan hisobga olingan va rejalashtirilgan joyga. Bilsang, dunyoda bunday afsonaviy xazinalar bisyor. Hindiston va Seylondagi Budda ehromlari, Amerikadagi atsteklar va Germaniyadagi nibelunglar oltin xazinalari bunga misol bo‘la oladi. Ularning barchasi aql bilan tilsimlangan. Ularni kashf etish uchun yuksak tafakkur kerak…

Men ham Behbudning xayollari asiriga aylanib qoldim.

Safar taraddudi

1919 yil 25 mart. Samarqand. Bahorning xush havosi kezinmoqda. O‘n-atrofga qorong‘ulik cho‘kkan. Tashqaridan kimningdir sharpasi ko‘rinib, eshik taqillagach, xiragina chiroq yoritib turgan xonadagi to‘rt kishi bir qo‘zg‘alib qo‘yishdi. Mufti Mahmudxo‘ja sheriklari – Mardonqul Shohmuhammadzoda, Muhammadqul O‘roqboy o‘g‘li va turk muallimi Naim afandilarga o‘tiraveringlar, o‘zim qarayman, dedi-da, o‘rnidan turdi. Shu payt bir tabaqali pastakkina eshik sekin ochilib, o‘rta yoshlardagi bir o‘spirinning qorasi ko‘rindi. Mufti uning istiqboliga yurdi. Yigitcha unga boshini egib nimadir dedi. Mahmudxo‘ja hamrohlariga qarab, hozir, dedi-da, tashqariga yo‘naldi. Biroz o‘tib, egniga jubba kiyib olgan soch-soqoli qirtishlangan 35-40 yoshlar atrofidagi bir erkakni boshlab kirdi. Beliga qilich ilib olgan notanish mehmon ular qatoriga cho‘kdi. Mahmudxo‘ja qolganlarga:

– Bu kishi Jiydakapa qo‘rboshisi Boytuman hoji bo‘ladilar, hozirgina Farg‘onadan yetib keldilar, – dedi. Hamma qayta hol-ahvol so‘rashdi.

Mahmudxo‘ja vaziyatni tushuntirdi: – Bu kishi tez orada Amiril muslimin etib tayinlanajak Muhammad Aminbek hazratlarining qo‘l ostidagi beklardan. Madaminbek bizga muhim bir gap yetkazib yuboribdilar. O‘zlaridan eshitsak.

Tabiatan ancha jiddiy bo‘lgan Boytuman hoji birdaniga muddaoga o‘tib qo‘ya qoldi:

– Vaziyat nihoyatda qaltis. Bir yoqda arman dashnoqlari o‘qni tejaymiz deb musulmonlarni vahshiyona chopib tashlamoqda, xalqni talayapti. Hatto ayollarimizning nomusini toptap, g‘azab bilan “Alloh qudratli bo‘lsa, senga najot bersin, deb diniy e’tiqodimizni ham toptamoqdalar. Burung‘i yil 130 qishloqni talab, yoppasiga so‘ydilar. Bir yoqda esa Lelin boshliq bolsheviklar. Yaqinda Sharqiy front tarkibida Turkiston fronti tashkil etildi. Unga rahbar etib Frunze tayinlandi. Ular 27 ming piyoda, 3 ming otlig‘, 100 ta to‘p, 550 ta plumyot bilan qurollagan. Dushmanlarimiz qudratli. Eng xavflisi, ular targ‘ibot yo‘li bilan xalqni, farzandlarimizni bizga qarshi qilib qo‘yishmoqda. Bu ketishda o‘z bolalarimiz o‘zimizga tig‘ ko‘tarishi hech gapmas. Ammo dushman ichida ham bizning tarafdorlarimiz yetarli. Muhimi, ularni o‘zimizga og‘dirib olmog‘imizdir. Yaqinda Osipov boshliq 75 nafar rus ofitseri va yana boshqa millatli 55 ofitser bizga kelib qo‘shildi. Safimizda jami 10 ming kishi bor. Ularni qo‘rboshi Madaminbek Garbuvadan boshqarib turibdi. Agar boshqalar ham bizga qo‘shilganda 30 minglik kuchli armiyaga ega bo‘lardik. Yaqinda marg‘ilonlik Ibrohim Hoji orqali Angliyadan 500 ta vintovka sotib oldik. Ammo hali bu kam. Pul masalasiga kelganda, biroz oqsayapmiz. Amiriqo, Angliya, Turkiya kabi taraqqiy etgan davlatlar qurol-yaroqdan yordam bermoqqa shaylar. Biroq hargiz aqchasiz emas.

– Ha, millat va dinga xizmat qilish faqat bilim va pul orqali mumkin, – dedi Mahmudxo‘ja uning gapini olib. – Shu bois biz zudlik ila muhim topshiriq bilan safarga chiqishimiz kerak. Ammo undan oldin sizlarga bir narsani aytishim lozim. O‘ylaymanki, barchangiz bu yo‘lda jonlaringizni ham nisor etmoqqa qodir javonmardlardan sanalasizlar. Bu shu qadar muhim va maxfiyki, unga faqat o‘z jonimiz kafil bo‘lmog‘i lozim. Sababi, bu haqda hali hech biringizga yorilmagandim. Nega buni hatto eng yaqinlarimdan sir saqlamog‘im boisini keyinchalik o‘zlaringiz tushinib olgaysizlar. Buyuk xazina haqidagi rivoyatnamo gaplarni barchangiz eshitgan bo‘lsangiz kerak har holda. Bu xazina amirnikidan o‘n, balki yuz chandon bisyor bo‘lmog‘i ehtimoldan xoli emas. Xullas, o‘sha xazinani zudlik bilan topishimiz zarur. Uni sarf etmakning vaqti yetgan ko‘rinadi. Madaminbek tez orada Qo‘rboshilar qurultoyida Amirul muslimin etib tayinlanadi. Demak, yaqin kunlarda yurtimiz ozodligi uchun ayovsiz janglar boshlanishi muqarrar. Buning uchun qurol-yarog‘dan kam-ko‘stimiz bo‘lmasligi darkor.

– Albatta, albatta, – bosh irg‘ab tasdiqladi Boytumanhoji. – Indinga nasib etsa, Namanganga hujum boshlab, shaharni dushmandan tozalaymiz.

Mahmudxo‘ja chuqur nafas olib, mehmonga yuzlandi:

– Biz shu bugunoq, safar taraddudini ko‘rurmiz. Siz Madaminbek hazratlariga borib qarorimizni ayting. Safardan so‘ng, o‘zimiz sizlar ila bog‘lanamiz.

Boytuman hoji xo‘p, dedi-da, shoshilib, o‘rni­dan qo‘zg‘aldi. Mahmudxo‘ja uni kuzatib qaytdi.

Eshikdan kirishi bilan Mardonqul toqatsizlanib, muftiga nigohini qadadi:

– Xo‘sh? – Mahmudxo‘ja tancha yoniga cho‘kib, birodarlariga qayta nazar soldi: hammasining ko‘zlarida olov ko‘rindi. Bu chiroqning olovi emas, shijoat edi.

– Barchangizning ko‘nglingizdan ayni paytda bir gap o‘tayotganiga aminman, – dedi sekin gap boshlab. – Bu xazina mavjudligidan xabardorlar bugun anchagina. Ulardan biri Buxoro amiri Sayyid Olimxon. Ikki yil avval u mendan xazinani topib berishimni talab qilgandi. Ruslarning-da bundan xabari bor. Menga bo‘layotgan tahdidlar ham o‘shalarning qilmishidan deb bilaman. Shu bois undan hatto yostiqdoshimni ham voqif etmaganman. Ishoning, birodar inim Hoji Muin ham voqif emas. Biz bu yerda bo‘lmasak, izimizni so‘raydigan ishonchli kishimiz bo‘lishi kerakli tufayli ham unga indamadim. Xullas, qilayotgan ishim, izlanishlarimni yolg‘iz o‘zim bilardim, xolos. O‘zingizga ma’lum, millatimiz qabohat botqog‘iga majburan botirildi. Xalqni bir buyuk o‘g‘longina qutqarmoqqa qodir. Bu insonni Madaminbek timsolida ko‘rdim. Tadbirkorlik, mardlik, uzoqni ko‘ra bilish borasida unga teng keladigani yo‘q. Bu borada barchamizning fikrimiz yakdilligiga shubha qilmayman. Sababi, sizlar bilan ham bu borada ko‘p bor mubohasalashganmiz. Yakuniy fikringizni bilurman. Madaminbek bilan bir necha bor uchrashib, ishonish mumkinligiga amin bo‘lganimdan keyingina, Xudo shohid, unga bu xazina haqida so‘z ochganman. U millatimiz g‘animlarini jannatmonand yurtimiz sarhadlaridan haydab chiqarmoqqa jahd qilgandan keyingina shunday bo‘lgan. O‘ylaymanki, barchangiz kamina ila hamfikrsizlar.

Barchalari bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini qildilar.

– Sizlarni ishontirib aytamanki, bizlarni oldinda g‘oyat sermashaqqat, shu bilan birga xatarli sayohat kutib turibdi, – dedi Mahmudxo‘ja so‘ziga intiho yasarkan. – Avval Qarshi bekligidagi tog‘larda yashiringan Buyuk xazinani izlab topmog‘imiz, so‘ng esa Bokuda Saidnosir Mirjalolov bilan uchrashib, u bilan Istanbul orqali Shahzoda orollariga boramiz. Bizning nomimizga Amiriqo prezidenti o‘rtoq Vudro Vilson janoblarining taklifnomasi bor. Undan keyin Parijga Antanta davlatlari kengashiga o‘tamiz. Turk davlatlari qurultoyida bolsheveklarning kirdikorlarini butun dunyoga fosh etamiz, inshoolloh… Endi esa hoziroq safarga otlanmog‘imiz lozim.

Barchalari birdek qo‘zg‘alishdi.

Tafakkur kamandi

Sayyora afsonaviy xazina haqidagi gaplarga qiziqib qoldi. U ham bu haqida ko‘proq bilishga intilar, men ham bajonidil Behbudning qilayotgan ishlari haqida muttasil ravishda gapirib berardim.

Bir kuni ertalab Behbud telefon qilib qoldi va o‘zining shoshilinch ravishda Samarqandga ketayotganini, agar iloji bo‘lsa, mabodo vaqt topsam, kutubxonaga borib, Sherdor madrasasi, uning peshtoqidagi ohuni quvib ketayotgan sher, uning yelkasidagi quyosh nimani anglatishini bilib berishimni iltimos qildi.

O‘sha kuni darsdan chiqib, Sayyora bilan bog‘ aylandik, keyin shahar markazida yurganimizda yangi qurilgan, zamonaviy inshootdagi – Sherdor madrasasi peshtoqidagiga o‘xshash ramzni ko‘rib, Akobirning iltimosi yodimga tushdi. Sayyora bilan shu yaqindagi Markaziy kutubxonaga bordik. U yerdan Registon maydoni hamda undagi inshootlar tarixi haqidagi kitob va qo‘llanmalarni, ensiklopediya ma’lumotlarini oldim. Bu orada Sayyora internetdan ma’lumot qidirib ko‘rdi. Barcha manbalardan nusxa ko‘chirtirdik.

Kechqurun uyga borgach, Behbudga bular nega kerak bo‘lganligini bilish uchun, har bir so‘zni hijjalab o‘qib chiqdim. Qayta-qayta o‘qiyverganim tufayli deyarli yod bo‘lib ketdi. Qog‘ozlarga ko‘milib, uxlab qolibman.

Ko‘zimni ochganimda tong allaqachon yorishgan, eshik qo‘ng‘irog‘ini kimdir tinimsiz bosardi. Asabim o‘ynab, “ochinglar” deb baqirdim. Keyin o‘rtoqlarim o‘qishga ketgani yodimga tushib, noiloj o‘zim turdim. Eshikni ochdim-u, hushim boshimdan uchayozdi. Ostonada Behbud aftodahol bir ahvolda turardi. Ko‘zlari shishgan, yuzi ko‘kargan, tilingan, labining bir cheti yirtilib, qon qotib qolgandi. Uni ichkariga taklif qildim. Qahva ichib, biroz o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Keyin nima bo‘lganini o‘zi aytib qolar degan umidda jim turdim. Boisi u shaxsiy hayotiga taalluqli savol berishlarini sirayam xohlamas, unga deyarli javob qaytarmasdi ham. Ammo o‘zi bu haqda gapirmadi.

– Bilasanmi, bobom o‘layotib, bekorga ikki yuz so‘mlik pulni changallab olmagan ekanlar, ular bu bilan menga nimadir demoqchi bo‘lgan ekan. Nazarimda, Sherdor madrasasi peshtoqidagi mashhur ramzlarda qandaydir sir yashirin, – dedi cho‘ntagidan ikki yuz so‘mlik pul chiqarib. Keyin o‘ziga-o‘zi gapirdi: “Nega avvalroq xayolimga kelmadi ekan-a?”

Dam o‘tmay, yana menga yuzlanib: “Kechagi aytganlarim nima bo‘ldi”, – dedi vazminlik bilan, xuddi hech narsa bo‘lmagandek.

Unga topgan ma’lumotlarimni ko‘rsatdim. Bir qovog‘i shishib, ko‘rishiga xalaqit berayotgani bois, “O‘zing o‘qiy qol”, dedi. Unga Amir Yalangto‘shbiyning 1611-yili Imomqulixonga Buxoro taxtiga o‘tirishga yordamlashishi va buning evaziga Samarqandga hokim etib tayinlanishi, u 1619–1636-yillari deyarli xaroba ahvolga kelib qolgan Mirzo Ulug‘bek xonaqohi o‘rniga Sherdor madrasasini, keyinchalik yonida Tillakori madrasasini qurganini va bu ikki inshoot Ulug‘bek madrasasi bilan birgalikda Registon majmuasini vujudga keltirganini o‘qib berdim.

– Yaxshi, – dedi u jiddiy ohangda. – Uning peshtoqidagi ramzlar nimani bildirarkan? Qog‘ozlar orasidan turli olimlar, tadqiqotchilar tomonidan ramzlar sharhlangan sahifani topib o‘qiy boshladim:

– Qanoslaridagi qizg‘ish zarhal tusli sher oq ohuni quvmoqda. Quyosh bodomqovoq, kiyik ko‘zli qilib tasvirlangan. Yuzi zarhal tusli yog‘du bilan hoshiyalangan. Sher – inson, quyosh – ziyo, ohu – ruhiy poklik ramzi. Olimlar buni inson umri davomida ziyo orqali ruhiy poklikka erishadi, so‘ngra u komillik darajasiga yetadi degan falsafa yashirin, deb izohlashadi. Bundan tashqari, boshqa taxminlar ham mavjud. Masalan, quyosh va kiyik 12 burjli hijriy yil hisobiga ishora. Quyosh – hijriy – shamsiy yili, kiyik – jadiy bo‘lib, eskicha o‘ninchi oydir. Yana tasvirdagi yo‘lbars tanali sher – yoldor boshli jonzot ham shunchaki emas. Yo‘lbars muchallar bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lsa, burjlar orasida sher beshinchi hisoblanadi. Ikkala raqamni qo‘shsak sakkiz bo‘ladi. Sakkizinchi oy avgust bo‘lib, bunga ohu uchun qo‘yilgan o‘n raqamini qo‘shsak, o‘n sakkiz hosil bo‘ladi. Demak, Bahodir Yalangto‘shbiy 18-avgust kuni tavallud topgan. Bu shamsiy yil oylar jadvalida ham o‘z aksini topgan: avgust – asad oyi, unsuri – olov, yulduzi – quyosh, burji – arslon, bu ramzlar haqida yana boshqa deyarli shunga o‘xshash bir necha taxminlar bor.

Sherdor madrasasining ichki hovlisi ravoqlaridagi fors-tojik tilida bitilgan qit’a madrasa qurilishi bilan bog‘liq juda muhim ma’lumotlardan boxabar etadi. Qit’a mazmuni shunday: Dushman saflarini buzuvchi odil Yalangto‘sh keldi, uning kamoloti madhiga zo‘r til durlarga to‘ldi, u yer yuzida shunday bir madrasa qurdiki, bu bilan faxrlanish falakka qadar yetdi, dono harifning tafakkur kamandi harakat qilsa-da, madrasa minoraning ma’nosiga yetolmas…

Shu yerga kelganimda Akobir:

– To‘xta, oxirgi jumlani qaytar, – dedi. Qayta o‘qidim. U ham “Ma’nosiga yetolmas” deb ikki-uch bor takrorladi. Keyin: davom et, dedi.

Unga bir necha soniya termilib qolib, kelgan joyimdan o‘qiy boshladim:

– Me’mor uni shunday quribdirkim, falak bu yangi oyni ko‘rib, ko‘kdagi oyga nisbatan chiroyliligidan barmoq tishlab qoldi. Uni bino etgan Yalangto‘sh Bahodir bo‘lgani uchun ham, qurilgan yilini abjad hisobida “Yalangto‘sh Bahodir” deb bilingiz”. Ushbu she’r Sherdor madrasasining ikki joyida, ya’ni ichki ravoqda va madrasaning chap tomonidagi qobirg‘ali guldasta ichki binosida bitilgan.

O‘qib tugatganimdan so‘ng, sovib qolgan qahvani ho‘plarkanman, menga qarab o‘yga tolib qolgan Behbudga qarab kuldim:

– Hey, xazinabon, nima bo‘ldi, o‘zi? Kim seni bu ahvolga soldi? Balki do‘xtir-po‘xtirga borarsan, dori-pori kerak emasmi?

– U “Ko‘ramiz”, – deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Stol ustidagi barcha qog‘ozlarni yig‘ib, bukladi-da, jandasi chiqib ketgan yondaftarining orasiga tiqdi. Keyin xayrni ham nasiya qilib, eshik tomon yurdi. Garchi uning injiq tabiat egasi ekanini bilsam-da, ichimda orim qo‘zib ortidan gap qotdim: “Ey… rahmat-ku, mayli, xayr deyish shunchalik qiyinmi?” U burilib, menga qarab qoldi. O‘yga botib qolgan ko‘zlarini ko‘rib, qo‘polligimdan ko‘ngli og‘rindi-yov, deb turgandim, tilga kirdi:

– Meni kimdir ta’qib qilyapti. Agar yo‘qolib qolsam, uyimga borib, mana bu yondaftarni qidirib top. Bilasan-ku, bu dunyoda sendan boshqa, yaqinim yo‘q.

U shunday deb chiqib ketdi.

Mahbuslar

1919 yil 23 aprel. Qarshi. Temir eshik toshga sudralib, quloqni qomatga keltirdi. Keyin mash’ala ko‘targan kishining qorasi ko‘rindi. Soqchilar eshikni yopishdi. Zindonbon Ahmad ichkarida mah­buslar bilan suhbatlashib turgandi. Qarshi begi­ning shaxsan o‘zi bu mahbuslarni ko‘rgani kelib qoldi.

– Bu yerda nima qilyapsan, – dedi Qarshi begi Tog‘aybek unga yuzlanib.

– So‘roq qilayotgandim, – deb javob berdi Ahmad.

– So‘roq? So‘roq qilayotgandim deysanmi? Buning uchun kishi sarxil yeguliklar ko‘tarib, kunga o‘n sakkiz bora kiradi ekanmi?

Zindonbon jim qoldi: “Sotishibdi”, deb o‘yladi ichida.

Mahbuslar eshik ochilar hamonoq, o‘zlarini uxlaganga solishgandi. Mardonqul yonidagilarga shipshidi: – Bekning o‘zi kelibdi.

Mahmudxo‘ja ham Muhammadqul qo‘zg‘alishni istamadi.

Ular bir oy Shahrisabzdagi zindonda qiynoq azobini tortdilar. So‘roqqa tutishdi, urishdi. Bu muttasil davom etardi. Kaltaklanaverib, mahbuslarning orqasi shilinib, yara bo‘lib ketdi. Lekin, xayriyatki, besh-olti kun avval ularni Qarshiga ko‘chirishdi. Ammo haligacha tun-u kun og‘riq zo‘ridan ingranib chiqishadi. Har tugul bu yerning zindonboni xayrixoh odam ekan. Ammo ularni ko‘rgani Qarshi begining o‘zi kelishi yaxshilik alomati emas. Mahmudxo‘ja shularni o‘ylarkan chuqur xo‘rsindi.

Zindonning zax hidiga qorishib ketgan bo‘g‘iq havosida bek biroz jirkanibroq turdi-da, so‘ng asirlarga bir-bir termilib, so‘z qotdi:

– Sizlar kimsizlar?

Unga hech kim javob qaytarmadi. Faqat Mardonqul eshitishni ham xohlamaymiz degan ma’noni ifodalash uchun ortga burilayotganda yara bo‘lib ketgan orqasini yillar davomida mahbuslarning qoni bilan bo‘yalaverib, qotib ketgan dag‘al sholcha tilib yubordi shekilli, ingranib qo‘ydi.

Mahmudxo‘ja yotgan joyidan qo‘zg‘alib, bekka yuzlandi:

– Bizlar Baytulloni ziyorat etmak uchun Samarqanddan chiqg‘on edik, yo‘lda amir ma’murlari sizlar jadid, kofir va tilchi, deb bizni qo‘lg‘a oldilar. Birodarimiz Naim afandini shahid etdilar. Taftish qilinsun. Bizning gunohsizligimiz shoyad ma’lum bo‘lur.

Bekning yuzida ijarg‘anish paydo bo‘ldi:

– Sizlar jadid va kofirdirsizlar. Buxorog‘a janob oliyg‘a tig‘ tortqon sizning maslakdoshingiz emaslarmi edi? Sizlarni o‘ldirmak kerak. Sizlar qutulmoq uchun Baytulloga bormoqni bahona qilib ko‘rsatasiz.

Suhbatga zindonbegi Ahmad aralashdi:

– Taqsir. Bularning ishlarini haqiqatlab ko‘ring. Begunohga o‘xshaydurlar. Agar gunohlari sabab bo‘lsa, so‘ngra o‘lduring.

Bek achchig‘lanib, birinchi mahramiga yuzlandi:

– Sen ham jadidmisan? Nega jadidlarg‘a tarafdorlik qilayotirsan?

– Taqsir, bu kishi Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘ladilar. Bek quturgan itdek g‘azab otiga mindi:

– O‘ldurilaturg‘on jadidlar uchta edi, to‘rtta bo‘lishini xohlaysanmi? Bular amirimizni o‘ldurmoqqa chog‘langan xoin va fitnakorlardir. Bular o‘lumga mahkum odamlar.

Ahmad tag‘in jimib qoldi.

Mahmudxo‘janing ich-ichidan xo‘rligi keldi. Ammo bir jasorat tuyib, uni tiliga ko‘chirdi:

– Bizlar o‘lumdan qo‘rqmaymiz. Balki haq yo‘lida o‘lmakni o‘zimiz uchun bir sharaf deb bilamiz. Munday yo‘lda yolg‘iz biz o‘lmagan, balki ko‘p kishilar to‘g‘rilik va inqilob yo‘lida shahid bo‘lg‘onlar. Mustabid amirlikning ag‘dariladigan kuni yaqin, yuksak adolat tantanasiga va mehnatkash xalqning barcha ezuvchilar ustidan g‘alabaga ishonchi bizga jismoniy azob-u qubatlarga bardosh berish uchun kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Agar bizning hayotimiz hurriyat va xalqning baxt-saodati uchun qurbonlik sifatida kerak bo‘lsa, biz o‘limni ham xursandchilik bilan kutib olamiz.

– Ko‘ramiz boshlaring ustida qilich o‘ynaganda ham shunday sayraysanlarmikan? – bek shunday deya ulardan ijirg‘angandek, ortga burildi. Unga mahramlari, zindonbon Ahmad va uning xizmatchisi Sodiqjon ham ergashishdi.

Mahmudxo‘ja duo o‘qiy boshladi:

– Iloho, u aziz va faol bandalaring hurmatig‘a bizga basirat ber. Eshitar quloq, anglar aql ber. Ey Allohi azim ush-shon. Bu magar sening g‘azabingmidur. Afv et biz insonlarni, hidoyat et. Yer yuzinda sulh va silohi umumiy ato ayla. Insonlarg‘a insoniyat ber. Zolimlarni qahr et, mahv bo‘lsun zulm. Yashasin adolat va haqqoniyat, omin…

Bek eshik ortida bu ovozni eshitib turdi-da, so‘ng indamay ketdi.

Bir necha kundan so‘ng zindonbonning mahrami Sodiqjon Amirning qatl etish xususidagi farmoni kelganini aytdi. Uchala mahbusning ham ko‘ziga yosh qalqdi. Mahmudxo‘ja hammasi tugaganini his qildi. Endi boshqa yo‘l yo‘q edi. Asrlardan beri saqlab kelinayotgan xazinaning siri nahotki u bilan nariga dunyoga ketsa? Yo‘q, hech qachon. Bunday bo‘lmaydi. Hali ko‘zi ochiq, ko‘nglidagi istaklarini kimgadir aytishga hali imkon bor. Bu sirni to‘g‘ridan-to‘g‘ri birovga so‘zlash – uni boy berish bilan barobar. Shu boisdan u Sodiqjondan qog‘oz va qalam olib kelishini iltimos qildi.

Ertasi kuni tushlikda Sodiqjonning qorasi ko‘rindi. U yeng ichida yegulik, u-bu narsa hamda aytilganlarni olib kelgan ekan. O‘sha kuni kechgacha Mahmudxo‘ja muk tushib, qog‘ozga allanarsalarni qoraladi. Hisob-kitob qildi. Bo‘yadi, o‘chirdi. Va nihoyat vasiyatnomanining so‘nggi nusxasini toza qog‘ozga ehtiyotkorlik bilan ko‘chira boshladi: “Vasiyatnoma ushbudir: “Ey, Turkiston maorif ishlarida bo‘lg‘on o‘rtoq va o‘g‘lonlarim! Men o‘zim garchand bandi bo‘lsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlarga bir oz vasiyat qilib o‘taman. Mani sevar o‘rtoqlarim! Manim so‘zlarimni quloqlaringizga olingizlar! Biz ikki oydan beri Buxoro shaharlarida bandi bo‘lib yurib, axir o‘n kundan beri bir yerda bu zolimlarning qo‘lig‘a tushib bandi bo‘ldik. Jadid, kofir otini ko‘tardik. Bu yerdan qutulmog‘imiz gumon bo‘ldi. O‘rtoqlarim Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, Qori va Akobir Mahmud va o‘g‘lonlarim Vadud Mahmud, Abdulqodir Shakuriy!

Sizlarga vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar! Har ish qilsangiz jamoat ila qilingizlar! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatingizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizning qonimizni zolim beklardan talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tuprog‘ida joriy qilingizlar!

Bizning otimizga maktablar ochingizlar! Bizlar ul choqda qabrimizda tinch yoturmiz. Maning o‘g‘lonlarimg‘a salom yetkuringizlar. Bu hamrohlarimning avlodlaridan xabardor bo‘linglar! Ushbu vasiyatimni yozib Ahmadga berdim”.

Mahmudxo‘ja yarim tunda Ahmadning navqiron mahrami Sodiqjon kelganda maktubni unga berdi. Lekin chiqib ketar asnosida bunga ham qanoat qilmay, yigitchani yoniga chaqirdi-da, qulog‘iga pichirlab bor sirni to‘kib soldi. Toki u o‘zi bilan tuproq ostiga singib ketmasin.

Asirlar yorug‘ olamdagi so‘nggi tunlarini uyg‘oq o‘tkazmoqda edilar. Mahmudxo‘ja cho‘k tushib, duo o‘qiy boshladi. Qolganlar boshini quyi soldilar. Mufti duoni tugatgach, Mardonqul o‘kirib yig‘lab yubordi.

Mahzunlik

Bir kuni Behbudni istirohat bog‘ida uchratdim. O‘sha kunlari xayolim parishon edi. Ketma-ket bir necha qarindoshlarimdan ayrilgan, tunlari ular bilan bog‘liq aloq-chaloq tushlar ko‘rib, hushimda a’zoyi badanimga horg‘inlik in qurgandi. Shanba kuni uzzukun uyda timriskilanib, televizor tomosha qilish, uxlash yoki boshqa bir qiziqarli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish ham yoqmay, ko‘chaga chiqib ketdim. Sayyora bilan ham gaplashgim kelmadi. Eng sevimli joyimga – shahar markazidagi bog‘ga – suv bo‘yidagi o‘rindiqqa o‘tirib, bepoyon xayol ummoniga sho‘ng‘idim. O‘sha kuni qayiqda suzib yurgan ikki yoshga – atrofga alang-jalang qarab, keyin bo‘sa ishtiyoqida bir-biriga lab cho‘chchaytirayotgan yigit va qizga ko‘z uzolmay termilib qolgan ko‘yi, dunyo, uning bevafoligi-yu oniy umrni chog‘ o‘tkazish uchun Buyuk Qudrat tomonidan hadya etilgan lahzalik lazzatlar haqida o‘y surib qoldim. Kimdir yonimga kelib o‘tirdi, sigaret chekdi, keyin turib ketdi. Boshqasi keldi. Men esa xayolim ummonida suzib yuraverdim. Yaqinlarimning umrini, hayotini, qilgan ishlarini o‘zim bilganim, quvvai-hofizam yetgani qadar sarhisob qilib chiqdim. Ammo men bir paytlar mukkasidan ketib o‘qiganim – dunyoning eng donishvar mutafakkirlari kabi bir xulosaga qayta-qayta kelaverdim. Asabni toliqtiradigan, yashashdan bezdiradigan javobsiz savollar, tinkani quritadigan bezovta o‘ylar “inson bu – jumboq” deya qulog‘im ostida pichirlayverdi: “Er Quyosh atrofida aylangani kabi, inson qalbining jamiki so‘roqlari shu javob atrofida aylanadi, faqat undan taskin qidiradi”.

Bir payt kimdir qo‘lini yelkamga qo‘yganini sezdim. Ilkis xayoldan chalg‘ib, unga qaradim. Behbud menga g‘amgin ko‘zlarini tikib turardi. Yelkamga shappatlab, “Bardam bo‘l, dedi, – Hammasini eshitdim. Hech kim dunyoga ustun bo‘lgan emas”. Keyin ikkimiz ham jim qoldik. Ancha vaqtdan so‘ng “Dunyodagi eng jirkanch tuyg‘u nima bilasanmi?” dedi. Unga qaradim. Behbud qirg‘oqqa mayingina urilayotgan suvga termilib, chuqur xayolga botgandi. Nima deyishimni bilmay kalovlanib qoldim. To‘g‘rirog‘i, o‘ylashga hafsalam ham yo‘q edi.

– Mehr, – dedi u. Keyin davom etdi: – Inson hech bir tuyg‘udan unchalik aziyat chekmaydi. Boshqa har qanday badbin tuyg‘ular uchun insonda tabiiy immunitet bor. Ammo mehr… Aytaylik, kimdir sendan nafratlanadi, haqorat qiladi, nomingni, sha’ningni balchiqqa bulg‘aydi, ammo yashayverasan, dunyoyi dunning tashvishlarini yelkangdan oshirib, kurashishda davom etasan. Chunki bu narsani o‘ylamay, tinchgina uxlash imkoni mavjud. Lekin mehr… Aytaylik, kimgadir mehr qo‘yding. U sening ishonchingni, beg‘araz muhabbatingni suiiste’mol qilsa, diling og‘riydi. Suyganing bevafo bo‘lsa, do‘sting xiyonat ko‘chasini tanlasa, birodaring oyog‘ingdan chalsa, sen tortadigan azobdan, his qiladigan og‘riqdan, yuragingni sug‘urib, o‘zingga yedirsalar afzal. Yana qazo degan baloibad bor. Biror yaqiningni yo‘qotsang, unga bo‘lgan mehring jo bo‘lgan qalbingga dunyoning bor azobi o‘pirib kiradi. Mehr… insonni mehr o‘ldiradi…

Behbudning bu qadar hissiz gapirishi etimni junjiktirib yubordi. Bir qarashda u haqday edi. Ammo inson mehrsiz yasholmaydi-ku?! Negadir shu topda sigirimiz esimga tushib ketdi. Bolaligimda uning buzoqlashini, qaymoq, sut, qatiqqa to‘yishni labim tamshanib, rosa kutganman. Keyin chiroyligina peshonasi qashqa buzoqchali bo‘ldik. Oradan bir necha oydan so‘ng, buzoqni onasidan ayirdik. Onam ham sigirni sog‘may qo‘ydilar. Bir haftacha o‘tgach, momomning onamga “Sigirning yelini to‘libdi, sog‘ib tashlash kerak, bo‘lmasa, sigir qiynaladi”, – deganini eshitib qoldim. Nega bunday dedilar? – deb rosa o‘ylaganman, o‘shanda. Hozir, daf’atan bolalik onlarimdagi bu voqeaga qaytishimga sabab, insonga baxshida etilgan mehrni ham – o‘sha sigirimizning yelinida to‘planib qolgan sutga o‘xshatdim. Inson ich-ichidan ko‘pirib kelayotgan muhabbatni kimgadir baxsh etishi kerak emasmi? U ichkarida qolib ketsa, bir kuni yurakni yondirib yubormaydimi? Inson mehrsiz yashasa, birovga ko‘ngil qo‘ymasa, do‘st orttirmasa, yakkamoxovga o‘xshab jamiyatda yolg‘izlanib qolmaydimi? Odam bolasining qimmatli umrini mehr evaziga keladigan g‘urbat mahv etib borarkan, yakkash ko‘ngilga zardob tomchilari misol soniya sain chikkillab nish urib turgan Mangu Yo‘qlikning nayzalari qoldirayotgan yaralarga inson mehrdan yaxshiroq malham topa oladimi? Shundog‘am rutubatga g‘arq bo‘lgan qalbga mehrdan bo‘lak munavvarlik qayerda? Bu gaplarni Behbudga aytishga iymandim.

Ko‘zlarining tub-tubiga cho‘kkan iztirobdan o‘zi ham dunyodagi birdan-bir yaqin odami bo‘lmish bobosiga bo‘lgan mehrdan aziyat chekayotganini, shuning azobli tovonini to‘layotganini, ayni paytda menga aytgani kabi dunyoning bor azob-uqubati bir hovuch yuragining nozik devorlarini o‘pirib kirganini his qilib turardim.

U mendan vaqtim bor-yo‘qligi haqida so‘radi-da, “Agar bo‘lsa, yur, bir joyga borib kelamiz”, dedi. Katta yo‘lga chiqib, taksi to‘xtatdik. Yo‘l bo‘yi u menga islom olamining ilohiy kitobi haqida gapirib ketdi. Men uning uzun, ammo qiziqarli hikoyasidan Mus’hafning ilk nusxalari bugun Madina, Qohira, Makka va Toshkent shaharlarida saqlanishini bilib oldim. Bu orada bir necha yil oldin bunyod etilgan, aytish mumkinki, shaharga o‘zgacha ko‘rk berib turgan Hasti Imom majmuasi yoniga kelganimizni ham payqamay qolibman. U masjid va Baroqxon madrasasi o‘rtasida joylashgan va darvozasi kunbotar tarafga qaragan Mo‘yi Muborak madrasasi tomon yurdi. Shundagina xalifa Usmon tomonidan VII asrda kiyik terisiga hijoz xatida yozdirilgan Mus’hafni ko‘rgani kelganimizni fahmladim. Kiraverishda poyabzalimizni yechdik. Dastlab, ikkimiz ham Qur’onga yaqinlashib, unga tikilib qoldik. Keyin men aylanib o‘tib, yon tarafdagi xonalarga qo‘yilgan turli tildagi diniy, katta-kichik kitoblarni tomosha qildim. Biz kelganimizda ichkarida bir nechta xorijlik sayyoh bor edi. Bir payt allaqaysi oliy o‘quv yurtining talabalari dinshunoslik o‘qituvchilari yetovida kirib kelishdi. Talabalar cho‘k tushib, duoyi fotiha qilishdi. Baland bo‘yli, oq-sariqdan kelgan, sochlari endi to‘kila boshlagan, mo‘ylovdor gid tomoq qirib olgach, talabalarga mushaf tarixi xususida to‘lqinlanib hikoya qila boshladi: “Qur’on 114 sura, 6236 oyatdan iborat. Unda 77439 so‘z, 340740 harf bor. Dastlab uchinchi xalifa Usmon ibn Affon uni bir necha nusxada ko‘chirtiradi. Bu ilohiy kitobning qanday qilib Toshkentga kelib qolgani xususida ham bir nechta taxminlar mavjud. Birinchi taxminga ko‘ra uni Amir Temur Basradan yoki Oltin O‘rdadan olib kelgan. Yana ba’zilar esa Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy nomi bilan bog‘lashadi. Qaffol Shoshiy hajga borayotganida Bog‘dodga kirib o‘tadi. Qur’onni Bog‘dod shohidan unga Rum sultonining ibri tilidagi maktubiga javob yozib berishi evaziga olgan, deyishadi. U uzoq yillar Samarqanddagi Nodir Devonbegi Tog‘o madrasasida saqlangan. 1868-yili Samarqand ruslar tomonidan istilo etilgach, general Abramov o‘lja sifatida olib ketadi. Bir qancha muddat Rossiya Maorif vazirligida, Saltikov-Shchedrin kutubxonasida, Ufada saqlangan. 1924-yili Toshkent va sirdaryolik ulamolar talabi bilan Toshkentga olib kelinib, O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga qo‘yiladi. 1989-yil O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar diniy idorasiga topshirilgan.

Gid xalifa Usmonning aynan shu kitobni qiroat qilib turganida qatl etilgani hamda “Baqara” surasining 137-oyatida hatto qon izlari saqlanib qolgani xususida gapirayotganda, ayrim diydasi bo‘sh qizlarning ko‘zlarida yosh halqalandi. Deyarli hamma xuddi qon izlarini ko‘rmoqchi bo‘lgandek, gid aytgani hamonoq, Germaniyadan maxsus buyurtma asosida yasatib kelingan oynavand sarkofag ichiga qo‘yilgan Qur’onga bir qarab qo‘ydi. Keyin gid biroz tin olib, ro‘molchasi bilan lablarini artdi-da, – Savollaringiz bo‘lsa, marhamat, dedi. Talabalar savol bera boshladi. Bu orada men yon tomonga qo‘yilgan o‘rindiqqa o‘tirib, oyna ostidagi Qur’on tarixiga oid qaydlarni o‘qishga kirishdim. Daf’atan tanish ovozni eshitildi.

– Mus’hafning xavfsizlik tizimi qanday? Uni o‘g‘irlab ketishga harakat qilinganmi? – Behbud talabalar orasini yorib o‘tib, gidni savolga tutayotgan edi.

Gid:

– Buning hech bir imkoni yo‘q, – dedi. Keyin biroz sukut saqladi-da, davom etdi:

– 1993-yili shu yerda ishlagan Burhon ismli qorovul uning 8-varog‘ini o‘g‘irlab sotmoqchi bo‘ladi. Lekin uning bu ishi fosh etilib, sakkiz varog‘dan 5 tasi aeroportda, uni chet elga olib chiqib ketishmoqchi bo‘lishganda ushlab qolinadi. Qolgan uch varog‘i esa topilmagan. O‘sha voqeadan keyin bu ilohiy kitobni qo‘riqlash tizimi bir necha bor kuchaytirilgan”. Behbud: “Qaysi sahifalari topilmagan?”, – degach, gid bir muddat xayol og‘ushida unga termilib qoldi. Keyin birdaniga “Oxirgilari”, – deb mujmal javob qaytardi. Behbud bor narsani unutgan, o‘zini qiziqtirgan savollarga birdaniga javob olishga intilayotgani uning shoshib-pishib savol berishidan ham anglashilib turardi.

– Ayting-chi, bu kitobning sahifalariga, yo‘q, sahifalari chetiga yozuv… Nima desam ekan, masalan, avlodlar uchun qandaydir maktub… Xullas, nimadir yozib qoldirishgan bo‘lishlari mumkinmi? – dedi hammani hayron qoldirib.

Gid ham savol egasi biroz tutilib gapirgani sababli, birdaniga:

– Yo‘q, – dedi qat’iy. – Bu kitob eng muqaddas hisoblanadi, ajdodlarimiz unga qo‘shimcha yozuv yozishni hatto tasavvurlariga ham keltirishmagan. E’tiborlaringiz uchun katta rahmat. – Gid to‘satdan savol-javobga yakun yasadi.

Behbud talabalar to‘pidan ajralib chiqib, men tomon yurdi. Gid bir muddat angrayib turdi-da, keyin o‘qituvchi ayolga yaqinlashib, Behbudni ko‘rsatdi-da, nimadir dedi. Chiqib ketar asnomizda avval ancha semiz bo‘lib, keyin ozgan, shu tufayli yuz terisi halqoblanib qolgan keksaroq ayol o‘qituvchining yo‘q degandek, bosh qimirlatganini ko‘rdim.

Qaytayotib, yo‘l bo‘yi yana shu mavzuda gaplashib ketdik.

– Bilasanmi, – dedi u ko‘zlari porlab, – har ikkala taxminda ham haqiqat mavjud bo‘lsa-chi? Aytmoqchi bo‘lganim – Amir Temur ham, Qaffol Shoshiy ham Qur’onni Movoraunnahrga olib kelmaganmikin? Ulardan birini hozir Hasti Imom majmuasida ko‘rdik.

– Ikkinchisi-chi?

– Birinchisi ikkinchisini topadi.

– Xo‘sh?

– Rostini aytsam, bir necha kundan beri ikkinchi kitobni topish uchun birinchisini o‘rganmoqchi bo‘lib yurgandim. To‘g‘ri, bu kulgili tuyilishi mumkin, lekin qanday bo‘lsa ham bunga, albatta, erishardim… Endi o‘ylab ko‘rsam, bunga hojat ham yo‘q ekan…

– He seni qara-yu, afsonalar jinnisi, – deb kuldim.

U xijolat chekkandek, qovoqlarini o‘ydi:

– Bu bor-yo‘g‘i mening fikrim edi, xohlasang ahmoqona deb hisoblay qol, lekin fojia yasama, iltimos.

Behbuddan nega dabdurustdan Sherdor qolib, Qur’onga qiziqib qolganini so‘radim. – Sherdorning sirini topdim, – dedi u hayratimga hayrat qo‘shib. – Dastlab arslon yelkasidagi quyoshga e’tibor qaratdim, – dedi u jiddiylik bilan. – Birinchi ravoqdagi quyoshning nurlari 38 ta. Ikkinchisiniki esa 40 ta. Quyosh sher va kiyik 12 burjlik hijriy yil hisobiga ishora qiladi, kiyik (jadiy) uchinchi oy, yo‘lbars muchallar bo‘yicha 3, sher burjlar orasida beshinchi. Demak, bu ikkala raqam hamda kiyikka berilgan sonni jamlasak, 18 hosil bo‘ladi. Buni o‘zing yaxshi bilasan. Endi hisoblaymiz. Birinchi ravoqdagi quyosh nuriga 38 ga 18 ni qo‘shamiz 56 hosil bo‘ladi. Ikkinchi ravoqdagi xuddi shunday umumiy son esa 58 ni tashkil etadi. Barchasini qo‘shsak, 114. Bu son shubha yo‘qki, Qur’onga ishora qilmoqda.

Insonni Alloh bilan yaqin etadigan, joni uzilmay, uning jamoliga muyassar etadigan vosita bu a’lolar a’losi Qur’ondir. Hatto har bir xayolimizdan boxabar Zot haqqi qasamki, to qiyomatgacha insoniyatni haq yo‘liga chorlab turadigan mayoq, o‘zgarmaydigan, har satri ilohiy nurga chulg‘angan narsa bu Arshi A’lodan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga nozil etilgan adablar durdonasi Qur’ondir. Dunyoda kim boqiy yashaydi? Nima qiyomatgacha sobit turadi? Yo‘qotilmaydigan, insoniyat uchun muqaddas narsa nima? Albatta, Qur’on. Oyati karimada ham “Inna nahnu nazzalna-z-zikra va inna lahu lahafizun” (Biz sizlarga “Qur’oni karim”ni nozil qildik va biz uni himoya qilamiz), deyilgan. Sir Usmon Mus’hafiga Mirzo Ulug‘bekning suyukli shogirdi Ali Qushchi tomonidan bekitilgan. 15 ming jilddan iborat insoniyat tafakkurining eng nodir durdonalarini va boshqa boyliklarni avlodlarga yetkazishning balki yakka-yu yagona yo‘li shu edi. Buni ular juda yaxshi bilishgan. Demak, sirning bir uchi Qur’onda.

O‘ylanib qoldim…

Qochish

1939-yil 13-sentyabr. Qarshi. Qamoqxona. Ingroqlarga to‘la xonada to‘yib nafas olishningda iloji yo‘q. La’natlangan bu maskanga saxovatli quyosh ham faqat kichik temir panjara orqali bir choy qaynagulik muddat ijarg‘angandek kirib keladi-yu, zum o‘tmay yo‘qoladi. Bu yerda kimdir o‘rnidan tursa, qaytib o‘tirishi dargumon. Devorlarning pasti allaqachon sho‘raxlagan, g‘ishtlar yemirila boshlagan. Yerdan o‘tadigan namlik mahbuslarning ich-etini chimchillab oladi. Zarif o‘ziga ajratilgan qo‘y terisidan qilingan po‘stakka cho‘nqaydi. Otasi yerga keting bilan ko‘p o‘tirma degani uchun, oyoqlari uyushib ketsa-da, shu zaylda o‘tiraverdi. Yon tarafda devorga tiqib, o‘rnatilgan ustma-ust karavotlarga, ularda pishillab uxlab yotgan mahbuslarga mahzun qarab qo‘ydi. Keyin bir kun avval turma hududida qolib ketgan eski sardobani buzdirishayotgan payti topib olgan simchani uch-to‘rt kun oldin otasi devorning hali zax yetib bormagan g‘ishtiga chizib yozgan to‘rt qator she’rning ustidan yurgiza boshladi. Shu barobarida hijjalab o‘qib, ma’nosini tushunishga urindi.

Qalam giriftamu guftam
Salom binavisam.
Hikoyati g‘ami xudro
Bom binavisam…

Zarifning o‘y-u xayoli baribir temir eshikda edi. Tiq etgan tovush eshitilsa, o‘sha yoqqa mushtoqlik bilan termilardi. Sababi, uning otasini so‘roq qilgani olib ketishdi. Negadir bu yerga olib kelishganlaridan buyon otasini tez-tez so‘roqqa tutishar, qiynashar, holdan toyib, sillasi quriguncha do‘pposlashardi. Bir safar bunga o‘zi ham guvoh bo‘ldi.

Bir payt soqchilar yetovida Sodiqjonni olib kirishdi. Zarif o‘zlariga berilgan katta-kichik po‘staklarga cho‘nqayib, kallasini tizzalari orasiga qo‘yib mudrayotgan, tushlarida ozodlikda ot choptirib yurgan, suyuklisini, bolasini o‘payotganidan yoki shirin taomlar tanovul qilayotganidan bo‘lsa kerak, lunjlari likkillab tamshanayotgan mahbuslarni oralab, otasiga peshvoz chiqdi. Zarif yana mahbuszor oralab, otasini o‘zlariga ajratilgan joyga olib kelib o‘tirg‘izdi. Sodiqjonning ko‘zlari yumilib ketar, nechukdir bor dunyoni unutib, cho‘zilgisi, boshini toshga qo‘yib bo‘lsa ham miriqib uxlagisi kelardi. Lekin bu la’nati turmada oyoq qo‘yishga-da joy yo‘q. O‘n kishilik hibsxonaga 40 kishini tiqib qo‘yishibdi. Ilk bor kelganlarida xonaning bijg‘ib ketgan havosidan ko‘ngli aynib yurgandi. Ammo endi o‘rganib ketdi. Aksincha, toza havoga olib chiqishsa, yuragi behuzur bo‘lib ketyapti. Hozir miriqib uxlasa, qaytib uyg‘onmasa ham mayli. Lekin ajdodlar siri…

Bu xo‘rliklar, bu sitamlar ularning hayotidan qachon arirkan. Bir necha yillik quvg‘inlarda katta ukasi, xotini, jajjigina qizalog‘i o‘lib ketdi. Yaxshiyam, kichik ukasini afg‘onga eski tanishi Mulla maxsumnikiga o‘tkazib yubordi. Endi yashashidan hech bir ma’no yo‘q. Lekin o‘g‘li… Bir necha kun oldin boshiga bir mudhish xayol yopishib oldi. Tunda torgina karavotda o‘g‘lini quchoqlab mudrab yotganida jonimga qasd qilib, barcha ko‘rgiliklardan osongina qutilsammikan degan shum xayol miyasiga o‘rnashib olib, asab tomirlarini egovlay boshladi. O‘zini o‘ldirishning eng oson, eng maqbul yo‘li xususida bosh qotirdi. Shu payt qo‘ynida uxlayotgan o‘g‘li bezovtalanib, uzuq-yuluq gapirdi. Bu kabi holatlar nahs bosgan qamoqxonada odatiy hol edi. U boshini noxush xayollardan tozalab, jim eshitib turdi. Lekin hech narsani idrok eta olmadi. Sal o‘tib – Men o‘lsam, o‘g‘lim nima bo‘ladi, – degan xayolga cho‘mdi. Narigi dunyoda xotiniga, nima deydi. O‘g‘lim Behbudiydagi tosh turmada, u yer zax. Ko‘pi bilan ikki yilda yonimizga keladi, deydimi. Yo‘q. O‘g‘lini bu jirkanch dunyolarga tashlab ketmaydi. Avval o‘g‘lini, keyin o‘zini o‘ldiradi. Ha, hoziroq. U ko‘pdan beri yuvilmagan daraxt tanasi kabi g‘adir-budur qo‘llarini jigargo‘shasining issiqqina bo‘yniga olib bordi. Dastlab buni o‘zi ham o‘yin deb bilib, silay boshladi. Keyin qattiqroq qisdi. Bir payt ko‘zlari qamashib, boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘ldi. O‘tgan umri kino tasmalaridek ko‘z oldidan lip-lip o‘taverdi. Bu tushimi, hushimi anglay olmasdi. Ana xotini, qo‘lida chaqalog‘i bilan eriga peshvoz chiqdi. Oppoq yaktakdagi Sodiqjon xotining peshonasidan o‘pib, o‘g‘lini qo‘liga oldi. Uning ham peshonasiga labini tekkizib qo‘ydi. Shu payt quloqlari allaqanday shovullashni tuydi. Yon tomondan ular tarafga bahaybat suv to‘lqini bostirib kelayotgandi. Go‘yo allaqanday to‘g‘on darz ketgan-u, ulkan dengiz suvi o‘zan qidirib, yo‘lida uchraganni mahv etishga qasd qilgandek. Sodiqjon bostirib kelayotgan ko‘m-ko‘k dahshatning yon-atrofdagi dov-daraxtlardan ham balandligini ko‘rib, yuragi hapqirib ketdi. Qutilishdan, qochishdan biror umid yo‘q edi. O, nochor odamzot-a. O‘g‘lini bag‘riga bosib, yerga cho‘kdi. Xotini ham kelib, yerga egildi. Qo‘llari erining tirsaklarini mahkam changalladi. Ular shu yo‘l bilan himoyalanmoqchi bo‘lishdi. Bir necha muddat muqarrar o‘limni kutib qolishdi. Ammo kutilgan narsa sodir bo‘lavermadi. Shovullash ovozi ham to‘satdan tindi. Sodiqjon boshini ko‘tarib orqasiga qaradi. Ne ajabki, boyaga dahshatdan asar ham yo‘q edi. Quyoshning munavvar nurlari borliqni oltin rangga cho‘miltirar, uzoq-uzoqlardan ko‘zga elas-elas tashlanayotgan ko‘m-ko‘k tog‘lar, uning etagidan sudralib kelgan yashillik ko‘zni quvnatardi. Muzdaygina shabada kelib peshonasini, ochiq ko‘kragini siypalab o‘tgandan keyin terlaganini sezdi. Shunda birdan bag‘riga bosib olgan chaqalog‘ining bo‘g‘riqayoganini his qildi. Qo‘llarini yumshatib, o‘rnidan turdi. Xotini ham unga hamohang ko‘tarildi. Shunda yana boshi aylanib, ko‘zlarining oldi yorishib ketdi. Bir muddat oppoq dunyoga tushib qolgandek bo‘ldi. Hamma narsani ko‘rayapti-yu, o‘zi yo‘q. Sekin-sekin ko‘z oldi avval ochqizil, keyin zangori tus olib, atrofdagi narsalarni g‘ira-shira idrok eta boshladi. Tuyqusdan ko‘kragida nimadir tipirchalayotganini sezdi. Yuragim deb o‘yladi. Yo‘q, alohida muallaq narsa. Keyin o‘g‘lini bo‘g‘ayotgani yodiga tushib, qo‘llarini bo‘shashtirib, bazo‘r yuqori ko‘tardi. O‘g‘li jon achchig‘ida bir sapchib turib, karavotning temir ustuniga suyanib qoldi. Ko‘kragini ushlab, o‘qchib-o‘qchib yo‘taldi. U har gal yo‘talib bo‘lgach, otasiga termilardi. O‘sha lahzalar Sodiqjonning qorachiqlariga bir umrga muhrlandi.

– Ey Sodiq aka – Sodiqjon g‘isht devorga boshini tegizib xayol surib qolgan ekan. Kimdir uni turtayotganini his qilib, ko‘zlarini bazo‘r ochdi. Bu shu xonadagi mahbuslardan biri G‘ulom edi. Sodiqjon ko‘zini ochgach:

– Juda yomon urishibdi shekilli, sizni, hali navbatingiz kelishiga yana bir necha soat bor. Ungacha mening o‘rnimga yotib tura qoling”,– dedi. Sodiqjon uning ilk gapini eshitib, hamdardlik bildirayapti, deb o‘yladi. “Ha, ha”, deb qo‘ydi. Negaki, bu rutubatli xonada mehr-shafqat, odamgarchilik tuyg‘ulari haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. G‘ulom so‘zlarini yana takrorlab, Sodiqjonning qo‘ltig‘idan oldi. Yetaklab olib borib, karavotga yotqizdi, keyin o‘zi uning o‘rniga borib cho‘k tushdi. Sodiqjon uyquga ketar oldidan quchog‘iga xumpardek kirib olgan o‘g‘lining quloqlariga shivirladi:

– O‘g‘lim, biroz chida, ozgina qoldi. Yaqinda hammasidan qutulamiz.

5-tergov hibsxonasining xodimi Zaxarchenko turma boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Yermalovning xonasiga kirib, uchta mahbus qochib ketganini xabar qildi. Yermalov pinagini ham buzmay ishini davom ettirdi. Biroz o‘tgach, yozuvini tugatib, eshik yonida haliyam qaqqayib o‘tirgan Zaxarchenkoga ko‘zi tushdi-da, qog‘ozga ko‘z yugurtirayotib so‘radi:

– Qochib ketishdi deng.

– Xuddi shunday o‘rtoq boshliq.

– Yaxshi…. – u shunday deb Zaxarchenkoga yaqinlashib keldi. – Ularning har bir qadamini nazoratga oling. Chegara hududlarda nazoratni kuchaytirishsin. Zudlik bilan telegramma yuboring. Afg‘onistonga chiqib ketishga ham urinishi mumkin. Izlaridan soyaga aylaninglar. Keyin ertaga hech kimi yo‘q uchta sartni topib qamang-da, mahbuslar tutildi deb, rasmiylashtirib qo‘ying. Tushunarlimi?

– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq boshliq, uch kun avval buyrug‘ingiz bilan hamma chegara postlariga xabar berganmiz.

– Yaxshi. Darvoqe, qochoqlarning qo‘lida qurol bormi?

– Bitta, lekin o‘qlanmagan.

– Yaxshi. Hoziroq qurolini oldirib, mahbuslarni qochirib yuborgan soqchilarni jazolang. Hammasi qonuniy bo‘lsin. Endi ketishingiz mumkin.

Quyosh nurlaridagi sir

Behbudning uyida yarim tungacha suhbatlashib qoldik. U izlanishlarining so‘ngi ko‘rinmayotgani, bundan hech bir samar chiqmayotgani haqida gapirdi.

– Boshim qotib qoldi, balki Mus’haf sahifalarining o‘g‘irlanishi ham bu narsaga bog‘liqdir? – dedi u xayolga berilib.

Shu topda yana Sayyora yodimga tushdi. U meni uylaridagi yashirin xonaga olib kirganida, Mus’haf sahifasi yonida eski bir teri parchasini ham ko‘rgandim. Aytsammi-aytmasammi, deb ikkilanib turdim-da:

– Yo‘q, pergamentga yozilgan, – dedim, va’damga qo‘l siltab. – Men uni ko‘rganman. Aytayotganim teri parchasi bo‘lib, Qur’on ko‘chirilayotgan payti xattotlar ishlatgan, keyinchalik adashib ketmaslik uchun undan xatcho‘p o‘rnida ham foydalanilgan.

– Qayerda ko‘rgansan? – deb so‘radi Behbud hovliqib. Unga bir tanishimning uyida o‘sha yo‘qolgan sahifalarni ko‘rganimni hamda bu mutlaqo maxfiyligini aytdim.

– Qani yur, – dedi u o‘rnidan qo‘zg‘alib.

– Qayerga?, – deb so‘radim.

– O‘sha tanishingnikiga-da, – dedi jiddiylik bilan.

Yo‘q, desam ham, oyoq tirab oldi. Ertaga ertalab, o‘sha teri parchasini olib kelishimni aytib, bazo‘r tinchlantirdim.

Ertasi kuni Sayyoraning uyi yaqinida u bilan uchrashib, gapimni aytdim. U buning iloji yo‘qligini aytib, iltimosimni rad etib tursa-da, nihoyat rozi bo‘lgandek bo‘ldi. Harakat qilaman, dedi mujmal. Keyin uyiga kirib ketdi. Kutib turdim. Bir necha soatlardan keyin nihoyat, toqatimni toq qilib, ko‘rinish berdi. Baxtimga u bu ishni uddalagandi. Xayrlashar chog‘imizda ham ehtiyot qilishimni qayta-qayta tayinladi.

Pergamentni sinchiklab tekshirganimizdan keyin Behbud ham, men ham dami chiqqan pufakdek, shalvirab, qoldik. Unda hech narsani anglatmaydigan allaqanday bo‘yoqning izlari, eskirgan terining tabiiy chiziq va yoriqlaridan boshqa hech narsa yo‘q edi. Shuncha qilgan urinishlarimiz, qiyinchiliklar bir lahzada havoga sovrildi. Biz go‘yoki ulkan va sirli yo‘lda ketayotib, to‘satdan oldi bekilib qolgan, orqaga qarashga yuragi betlamayotgan tajribasiz yo‘lovchilarga o‘xshardik. Teri parchasini qayta-qayta sinchiklab tekshirar ekanman, to‘satdan otib yuborishga chog‘landim. Xuddi shu lahzada Behbud menga ber, deya qo‘limdan oldi. Asablarim qaqshab, sigaret cheka boshladim. Uning bir parcha matohni yeb yuborgudek bo‘lib, paypaslashi, kulgimni keltirdi. Bir payt stol ustiga men hozirgina tashlagan gugurt qutisi ichidagi yagona cho‘pni oldi. Ammo u ham chaqilgan edi. Behbud qimirlama, dedi-da, cho‘pni labimda turgan sigaretning cho‘g‘lanib turgan uchiga tekkizib, yonishini kutib turdi. Keyin gugurt cho‘pni qo‘li bilan pana qilgancha negadir terining uchiga emas, yuzasiga yaqinlashtirdi. Baribir hozir yoqib yuboradi, deb o‘yladim. Bir xayol, uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi ham bo‘ldim, ammo ahdidan qaytarib bo‘lmasligi yodimga tushib, indamadim. Shu payt u “Topdim”, deya, oshxona tomonga yugurib ketdi. Chindan ham, yoqib yuborsa-ya, deb izidan bordim. U ikki, uchta gugurtcho‘pni birvarakayiga chaqdi.

– Agar bunda biror yozuv bo‘lsa, u albatta issiq ta’sirida ko‘rinadi, – dedi menga ko‘z qirini tashlab. – Agar bo‘yog‘i sulfat va azot kislotasi aralashmasida eritilib, to‘rt hissa suv qo‘shilgan muxsardan3 tayyorlangan bo‘lsa, ko‘k yozuv paydo bo‘ladi. Nashatir spirtida eritilgan kobaltsimon yombidan foydalanilgan bo‘lsa, qizil yozuv chiqadi. Unga yaqin borib, teriga tikildim. Darhaqiqat, uning chap pastki tarafida issiq ta’sirida allaqanday ko‘k rangdagi ketma-ket yozilgan turli shakllar ko‘rina boshladi. Qog‘oz-qalam olib, uni zudlik bilan ko‘chirib oldim.

١ – ٩ ٢ -٢ ۵– ٧ ۶ – ١١ ١-٢ ١-٣

۶ – ١١ ٣ -١ ٢ -١ ١ -٢ ١-١١ ١-٢

Buni qayerdan bilding, deb so‘radim, keyin undan.

– “Tilla qo‘ng‘iz”, – dedi u.

– Baribir tushunmaganimni payqab, qo‘shimcha qildi. Edgar Po degan yozuvchi o‘tgan. Bilasanmi, sharq adabiyoti va tarixini chuqur o‘rgangan, Amir Temur haqida she’r ham yozgan. O‘shaning “Tilla qo‘ng‘iz” degan asarini o‘qigandim.

– Bo‘pti, shunday ham deylik, lekin bu shakllar nima ma’noni anglatadi? Savolimga javob bermay, deraza yoniga bordi. Ikki tabaqali romning bir tabaqasini ochib, tashqariga qaradi. Shu ko‘yi tosh qotib turaverdi. Uning saldan keyin xonada uyoqdan-buyoqqa borib kelishidan, menga elas-elas eshitilayotgan g‘o‘dranishidan, nimanidir o‘ylanayotganini sezdim.

Uyg‘onganimda, allaqachon kun yorishgan, Behbud qog‘ozga nimlarnidir yozayotgandi. Ko‘zlari ostida uxlamaganidan salqigan doira hosil bo‘lgandi.

Yoniga borib,

– Nima bo‘ldi?, – dedim, keyin javobini ham kutmay, qog‘ozga qaradim.

– Mana ko‘rayapsanmi, – dedi u menga – bu sonlar o‘sha paytlarda bizda ham iste’molda bo‘lgan arab raqamlari ekan. ١-1, ٢-2, ٣-3, ۴-4, ۵-5, ۶-6, ٧-7, ٨-8, ٩-9. O‘ylab-o‘ylab, ular qandaydir matndagi harflarni bildirishini tusmolladim. Lekin qanaqa matn? Shu topda Sherdor madrasasidagi qit’a esimga tushdi. Lekin ma’no chiqmadi. Peshtoqdagi sirli ramz haqida o‘yladim. Ikkita arslon, ikki quyosh, ikki ohu, demakki, 114 sonining ham ma’nosi 3 Urug‘idan moy, gulidan bo‘yoq olinadigan o‘simlik turi ikkita. Biri 114 suradan iborat Qur’onni bildirsa, ikkinchisi uning 114– “Nas” surasini anglatadi. Ya’ni “Odamlar”. Ko‘rinib turibdiki, nomida ham murojaat bor. U oltita oyatdan iborat ekan:

1. Qul a’uzu bi robbin nas – Panoh so‘rayman, odamlarning robbisidan.

2. malikin nas – Odamlar podshohidan,

3. ilahin nas – Odamlar ilohidan panoh so‘rayman.

4. min sharril vasvasil xonnas – berkinib, ko‘rinib turuvchi vasvasachining,

5. Allazi yuvasvisu fi sudurinnas – odamlar qalbiga vasvasa soladiganlarning,

6. minal jinnati vannas – jinlar va odamlardan bo‘lganning yomonligidan deb ayt.

Bu raqamlarning birinchisi oyatni, ikkinchisi o‘sha oyatdagi nechanchidir harfni bildiradi. Xayriyat… aniqlaganday bo‘ldim. Harholda ma’no anglatuvchi so‘z hosil bo‘ldi – “Baytuz Timuru”. Bu arabchadan tarjima qilinganda “Temurning uyi” degan ma’noni anglatadi”.

Biz bir-birimizga termilib qoldik.

– Bu nima degani, bu Temur yashagan qasrmi yoki uning xoki qo‘yilgan Go‘ri Amir maqbarasimi?” – deb savol berdim.

– Bu Temur g‘ori, – dedi Behbud. – Tuni bilan shu haqda o‘yladim. Qasrga yoki maqbaraga xazina yashirilmaydi. Mabodo, shunaqa bo‘lsa, katta tavakkalchilik bo‘lardi. Qolaversa, bizdan oldingilar ko‘p bor u yerlarni tekshirib chiqqanlar. G‘or esa hech kimning esiga kelmagan. Undan Sohibqiron davlat tepasiga kelmasidan burun foydalangan. Ammo “Zafarnoma” va “Temurnoma”da ham u yo‘l-yo‘lakay eslab o‘tiladi, xolos. Amir Temur qiyin vaziyatda qolgan bir paytda o‘ziga boshpana bo‘lgan tabiatning bu oshiyonini unutib qo‘ymasa kerak har holda?! Endigi manzilimiz aniq bu – Temur g‘ori.

O‘zga yurtlardan panoh istab

1939-yil. Qarshi shahri. Sodiqjon ortlaridan izma-iz chopib kelayotgan odamni tanidi. Bu mahbus G‘ulom edi. Uchovlon tuya yurish bilan Qashqadaryo bo‘yiga yetib kelishdi. Sal narida ancha yillar muqaddam Buxoroning so‘nggi amiri Amir Olimxon Behbudiy shahrida hokimlik qilganida qurdirgan ko‘prik viqor to‘kib turardi. Sodiqjon oyning xira yog‘dusida shovullab yotgan daryoga tikildi. Daryoning suvi kam, ichida kichik-kichik qamish bilan qoplangan orolchalar paydo bo‘lgandi.

– Halizamon yetib kelishadi, daryoning ichiga tushib, mollar yurgan izdan oqim bo‘ylab yuramiz, – dedi Sodiqjon. Keyin o‘g‘lining qo‘lidan tutib, o‘sha tomonga yurib ketdi.

Uzoq-uzoqlardan ko‘rinib turgan tog‘ tomonga yuzlanib turgan G‘ulom bir muddat turib qoldi-da, keyin ularning izidan yurdi. Uchchovlon shu tarzda tinimsiz yo‘l bosishdi. Ko‘p yurganlaridan harchand charchagan bo‘lsa-da, o‘tirib nafas rostlayotgan chog‘larida ham, ehtiyotkorlikni unutmadi. “Toki ta’qibda ekanmiz, uxlashga haqqim yo‘q”, deb o‘yladi. U mudroqni haydash uchun tez-tez ko‘zlarini ishqalab turdi. Xayolida o‘tmish xotiralari gavdalandi. U Qarshiga Farg‘onadan kelganida endigina 14 bahorni qarshilagan edi. Uni Behbudiy shahriga shahar begi Tog‘aybekning birinchi mahrami hamda zindonboni Ahmad olib kelgandi. Ular uzoq qarindosh ham edilar. O‘shandan buyon uning xizmatini qilib yuradi.

Kunlarning birida zindonda jadidlar rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy yotgani haqida eshitdi. Sodiqjon bir-ikki yil avval Samarqandga borganida mufti yozgan “Padarkush”ni ko‘rgandi. Keyinchalik, xat-savodni o‘rganib, bu muhtaram zotning “Oyna” jurnalini o‘qib yurdi. O‘shandan buyon unga ixlosi baland edi, g‘oyibona uchrashib, suhbatlashishni orzu qilardi. Taqdir shunday taqdir etgan ekan.

O‘sha mash’um voqea ro‘y bergan kuni birinchi mahramning buyrug‘i bilan zindonga kirib, Mahmudxo‘jadan maxfiy vasiyatnomani oldi. Chiqib ketar asnosida, esa millat otasidan umrini boshqa o‘zanga solib yuborgan sirni eshitdi. Lekin vasiyatnomani Ahmadga berishga ulgurmadi. Boisi Buxoro amirining Mahmudxo‘ja Behbudiy va u bilan muloqotda bo‘lgan barchani zudlik bilan qatl etish to‘g‘risidagi farmoyishi ijrosini ko‘rish uchun Buxoro elchixonasi xizmatchisi Utkinning o‘zi kelib qoldi. Zindonbon Ahmad so‘nggi ilinjni unda deb bilib, Behbudiy va boshqalarning jonini saqlab qoling, deb iltimos qildi-yu, o‘z boshiga balo orttirdi. Utkinning talabi bilan uning o‘zi ham qo‘l-oyog‘i bandi etilib, mahbuslar bilan chorboqqa olib chiqildi. Bekning yaqin mahramlaridan biri Buxoro amirining qatl ettirish to‘g‘risidagi maxfiy farmonini o‘qib eshittirdi. Bu voqealarni devor ortidagi quyuq daraxt shoxlari orasidan jim kuzatib turgan Sodiqjonning ko‘zlariga yosh keldi. Ichidan qo‘zg‘algan ingroqni yuzaga chiqarmaslik uchun lablarini mahkam tishladi. Endi mo‘y nish urib qolgan iyagi qip-qizil qoniga bo‘yaldi. Ich-ichdan titrab ketib, bir paytlar bezgak kasalini yuqtirib, jon taslim etgan otasi kabi varaja qila boshladi. Farmondagi “Ular istagimizni bajo keltirmadimi, bas, o‘lim bilan qo‘rqitmoq emas, o‘ldirish kerak”, degan dabdabali so‘zlar Sodiqjonning shuuriga manguga mixlandi. Jallod shu bog‘ning o‘zida mahbuslarga to‘rtta qabr qazdirdi. Jallodning boltasini qayrayotganidan foydalanib, Behbudiy va yo‘ldoshlari tahorat olib, so‘nggi namozni o‘qimoqchi bo‘lishdi. Lekin shu chog‘da rahmsiz jallod ularni namoz o‘qigani qo‘ymadi. Eng avval Behbudiy hazratlarining boshini kesdi. Bu holni ko‘rib Mardonqul, Muhammadqul va Ahmad afandilar yosh shashqator oqayotgan ko‘zlarini chirt yumgancha tavhid va shahodat kalimalarini o‘qib, o‘limni kutib turdilar. Shundan keyin bekning xizmatkorlari mazkur shahidlarni o‘zlari qazigan qabrlarga ko‘mishdi va lahadni yer bilan tekis qilib tashladilar…

Sodiqjon unsiz achchiq-achchiq yig‘ladi. Yutoqib-yutoqib o‘ksindi. Ich-ichidan endi bu yerlarda qola olmasligini his qildi. Shu ketishda Shahrisabzgacha badar ketdi. Mahmudxo‘ja bergan vasiyatnomani ko‘z asradi. Shahrisabzda bir hammolga shogird tushib, kunini ko‘ra boshladi. Qo‘li bir-ikki so‘m pul ko‘rib, bir yil ichida o‘zini o‘nglab oldi. Ammo tili bo‘shlik qilib, shuuriga mangu mixlanib qolgan voqeani yaqini Hojimurod tashkillashtirgan davrada so‘zlab berdi-yu, boshi baloga qoldi. Uch kun o‘tmay izidan bir soya paydo bo‘lganini sezdi. Taqdir unga hali ko‘p musibatlarni tayyorlab qo‘ygan ekan. 1920-yil dekabr oyining o‘rtalari yodidan hech chiqmaydi. Amir tomonidan yollangan qotillar u deb o‘ylab, Farg‘onadan endigina kelgan ukasi Salimjonni o‘ldirishdi. Sodiqjon yarim tunda, oy shulasi yorug‘ida qor kurab qabr qazdi. Achchiq-achchiq iztirob chekib, jigarini o‘z qo‘llari bilan tuproqqa qo‘ydi. Keyin do‘sti Sultonmurodning maslahati bilan Orenburgga qochib ketdi. Uch yildan so‘ng Sultonmurod ham xotini, 10 yashar singlisi va 2 yashar go‘dagi bilan Orenburgga borib qoldi. Besh yilcha o‘sha yoqda yashashgach, yana yurtga qaytishdi. Bir muddat Qo‘qonda, Samarqandda umrguzaronlik qilishdi. Bu orada Sodiqjon Sultonmurodning singlisi Gulruxbegimga ko‘ngil qo‘yib, uylandi. Farzandlari turavermagach, havo almashtirish maqsadida, yana aylanib, bu paytga kelib Behbudiy nomi bilan yuritilayotgan Qarshi shahriga kelib qolishdi.

Sodiqjon hozir ayni kunlarda o‘sha voqealar haqida o‘ylarkan, umri qochqin va quvg‘inlarda o‘tib ketayotgani, umrida bir lahza bo‘lsin tin olgani yo‘qligi haqida o‘ylab qoldi. Mana yana, ular bosh olib ketmoqdalar. Bu safar uzoq-uzoqlarga ketadi. Yana qaytib keladimi-yo‘qmi, saodatli kunlar nasib bo‘ladimi-yo‘qmi, bu Parvardigorning irodasiga bog‘liq. Lekin… o‘g‘li, albatta, qaytishi kerak. Uni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalaydi. Axir, qachondir dushmanning omadi yurishmaydigan kunlar ham kelar…

Ertasi kuni tunda uzoqdan miltillab chiroq yog‘dusi ko‘rindi. Bu biyday cho‘l o‘rtasidagi cho‘ponlar qo‘nalg‘asi edi. Unga baqirib-baqirib, yaqinlashishdi. Bitta rosmana eshakday keladigan it vovullab, ular tomonga chopdi. Sodiqjon qo‘lidagi o‘qsiz miltiq bilan, G‘ulom va Zarif esa uning ortiga o‘tib, yo‘ldan topib olgan daraxt shoxi bilan himoyalanishdi. Shu payt qo‘nalg‘adan qoruvligina bir yigitcha chiroq ko‘tarib chiqib keldi. Yaqinlashgach,

– Kimsizlar, – dedi gavdasiga yarashmagan yo‘g‘on ovozda.

– Bizlar adashib qol… – Sodiqjon G‘ulomning so‘zlarini shartta bo‘lib:

– Biz tosh turmadan qochdik, – dedi.

Cho‘pon chiroqni ular tomon tutib, aft-angoriga, kiyimboshiga, birining qo‘lidagi miltiqqa qarab, biroz ikkilanib turdi. Keyin ichkariga taklif qildi-da, dasturxon yozdi. Anchagacha suhbatlashib qolishdi. Cho‘pon yigit Doniyor ular ayni damda Qovchin qishlog‘ida ekanliklarini aytgach, Sodiqjon eski tanishini surishtirdi:

– Shu qishloqlik bir tanishim bor edi. Ismi Sori edi. Otasining ismi Vali. Taniymaysanmi, mabodo, – dedi.

– Ha, taniyman, o‘g‘li biz tengi, ismi Abdinazar – dedi cho‘pon yigit chuqur xo‘rsinib, – U kishini Farg‘ona kanali qazishga olib ketishgandi. Afsuski, o‘sha yoqlarda ichak tuyulishidan vafot etibdi. Bir jo‘rasi kiyimlarini olib keldi, deb eshitdim.

– Voajab, – deb hayqirdi Sodiqjon. – Qarshi tuprog‘ida tug‘ilgan birodarim men tug‘ilgan tuproqqa qo‘yilibdur, men esa uning kindik qoni tomgan qishloqda ovorai sarsonman. Nahot, diydor qiyomatga qolgan bo‘lsa?..

Sodiqjon marhumning sha’niga duoyi fotiha qildi. Keyin tanishining farzandlari, yaqinlarini obdon surishtirdi. Ularga hamdardligini yetkazib qo‘yishini tayinladi.

Uchovlon to‘yib-to‘yib ovqatlanib, issiqqina qimiz ichishgach, uyqu elitib, boshlarini bolishga qo‘ydilar. Tong otmay, cho‘pon yigit ularni uyg‘otdi. Bu orada cho‘ponning onasi va xotini latta-puttalardan mehmonlarga kiyim-kechak tikib qo‘yishgan ekan. Qochoqlar bundan juda xursand bo‘lishdi.

Rahmat aytib, xayrlashdilar. Lekin Sodiqjon bir necha qadam yurgach, yana ortga qaytib, cho‘pon yigitdan:

– Nega bizni uyga kiritding, biz turmadan qochganmiz, o‘g‘ri, qotil bo‘lishimiz ham mumkin edi-ku, – deb so‘radi.

– Siz rost gapirdingiz, – dedi Doniyor vazmin ohangda. – Qolaversa, bizda eshikdan kelgan mehmonni haydashmaydi. Shuning uchun sizlarga qo‘nalg‘a berdim. Sodiqjon uni bag‘riga bosdi.

Uch qochqin dam olib, dam olib yurishdi. Bir safar tin olar chog‘larida Zarif botayotgan quyoshga termilib qolgan otasining yelkasidan quchdi. Sodiqjon hirgoyi qilayotgandi. Zarifga bu she’rning ohangi juda yoqadi. Har gal ichida qo‘shilib takrorlaydi. Yana shunday bo‘ldi.

Bir safar – unda hali qamoqda edilar – bir o‘zi shu she’rni ovoz chiqarib, baralla aytgandi. O‘shanda uni otasidan ayirib, bir xonaga olib kirishdi. To‘rda ikki kishi suhbatlashib o‘tirardi. Eng yuqoridagi sariqnusxa odam unga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Zarif ularning o‘zaro muloqotlaridan bu odamning ismi Zaxarchenko ekanini bilib oldi. Yosh shuuriga zaxar so‘zi o‘rnashib qoldi. “Zaxar, zahar, – deb takrorlay boshladi ichida. – Nega bunaqa ism qo‘yishibdi ekan-a?”, – deb o‘yladi. Shu payt, Zaxar ismli odamning yonidagi kishi to‘satdan muloyim ohangda o‘zbekcha gapirdi:

– Otang senga xazina haqida gapirganmi?

Zarif bosh chayqadi.

– Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi yoki maxfiy vasiyat to‘g‘risida-chi? To‘g‘risini aytsang, otangni ham, seni ham qo‘yib yuboramiz, agar aytmasang, otangni o‘ldirishadi, maylimi, shunday bo‘lsa?

Zarif otasi unga bunaqa narsalar haqida gapirmaganini aytdi.

Muloyim kishi ham, Zaxar ismli kishi ham unga ancha vaqt termilib qoldi. Keyin yana o‘zaro suhbatlashib ketishdi. Zarif ularning bu bola hech narsadan xabari yo‘q, otasini qistovga olish kerak, deb gapirishayotanini tushundi.

Ular gaplashib bo‘lishgach, Zaxar ismli kishi eshik yonidagi soqchiga “Bolani olib chiqing”, dedi. Lekin eshikka yetmaslaridan, muloyim kishi: “To‘xtanglar”, – dedi to‘satdan. To‘xtab, ortga burilishdi. Muloyim kishi uning yoniga kelib, boshini silab so‘radi: “Senga otang birorta she’r yodlatganmi?”

– Ha, – dedi Zarif qo‘rqa-pisa. Keyin buyruq berishgach, sekin ayta boshladi:

Cho‘kmishdi yer uzra olam to‘sug‘i
O‘ksuzlik boyqushi qanot qoqardi.
Botuvda qizorib turg‘on bulutdan
Ezilgan ko‘nglimga motam yog‘ardi.
Haqsizlik shahrining qon hidli yeli
Armonim gulidan bir yaproq uzib,
Bahorsiz cho‘llarg‘a sovurib qo‘ydi.
Ul nozli yaprog‘im so‘lib, sarg‘ayub,
Yo‘qsul qolg‘onlarday har yon yugurdi,
Zolimlar, mazlumlar zulmlaring-da
Bariga uchradi, barchasin ko‘rdi,
O‘z yo‘qotqanin izladi, so‘rdi.
Bir darak topmag‘ach, birdan bir tikildi,
Bor kuchin to‘pladi.
Zolimning taxtini titratgan bir tovush
Qichqirdi:
– Otamning qabrini qay yerga yoshurding?!
Bot so‘yla!..
Qirli toj ko‘b qo‘rqdi botur tovushdan,
Seskanib, titrab yoshundi
Bir javob bermasdi.

She’rni aytib bo‘lgach, “Buni kim yozgan, u nima haqida?” deb so‘radi Zaxar ismli kishi muloyim kishidan. She’rning ma’nosini ruschaga tarjima qilib, kim yozganini bilmasliklarini aytishdi. “Yana bilasanmi?” deb so‘radi muloyim odam. Zarif tag‘in “yo‘q”, deb bosh qimirlatdi. “Kakoy tupoy”, deb so‘kindi, Zaxar ismli kishi o‘z tilida. Keyin shu she’rni qayta aytishni buyurishdi. U aytdi. Burchakda o‘tirgan odam mashinkasini chiqqillatib yozib oldi. Keyin yana qamoqqa qaytarishdi. Kelganida otasi unga:

– Rus tilini bilasanmi, deb so‘rashdimi? – dedi.

– Yo‘q, – degach, chuqur nafas oldi.

Qochoqlar nihoyat 13 kun deganda Amudaryo sohiliga chiqishdi. Ulkan daryo sohilni to‘ldirib oqar, chappar urayotgan to‘lqinlardan kishi hayiqardi. Hammalari rosa charchaganidan tiniqib uxlab qolishdi. Zarif uyqudan uyg‘onganida otasi kiyimlarini yirtib, G‘ulomning oyoq-qo‘lini chandib bog‘layotgan edi. Zarif o‘zlariga xayrixoh bo‘lgan bu odam otasiga qanday yomonlik qilganiga tushunmadi. “Ota nega unaqa qilayapsiz?” – dedi yaqin kelib. Sodiqjon “Nari bor”, deb qo‘li bilan tizzasidan itardi. Keyin yaxshilab bog‘laganiga amin bo‘lgach, G‘ulomning og‘zidagi lattani oldi.

Chalqancha yotgan G‘ulom og‘zidan tupuk sachratib baqirdi:

– Nega bog‘ladingiz meni, nima gunoh qildim?

Sodiqjon iplarning mustahkamligini yana bir sidra tekshirib ko‘rarkan beparvo gapirdi:

Abdurauf Fitratning Mahmudxo‘ja Behbudiy vafotiga bag‘ishlab yozilgan marsiyasi. “Tullak bo‘lma, seni tirik qoldiryapman. Buni toleyimning kulgani deb bil. Shahrisabzda jondan aziz ukamni o‘ldirishgach, 5 yil Orenburgda yashadim. Buni bilarmidilaring. Yo‘q. Bilmaysan. Ukamni men deb o‘ylagansanlar-da. Keyin yana tirikligimni bilib qoldilaring. Ilon dam chiqarsa, bilasanlar-a! Toshturmada, tilim mahkamligini ko‘rib, o‘sha Yermaloving odamlariga, meni bir odam bilan qochirib, shu yo‘l bilan xazina qayerdaligini bilib olishmoqchi ekanlarini maslahatlashayotganida, bir burchakda sullayib yotardim. Rus tilini bilishim yetti uxlab tushlariga ham kirmagan bo‘lsa kerak? Omi deb o‘yladinglarmi? Ha, ko‘rsatib qo‘yaman senlarga, hali. Nega osongina qochirib yuborganlariga, nega soqchida o‘qlanmagan qurol bo‘lganiga, nega ortimizdan quvishga sustkashlik qilganlariga va yana bizga o‘sha payti boshqa joyda bo‘lgan sening qo‘shilib qolganingga aqli yetmaydi, hech narsadan shubhalanmaydi, deb o‘ylaganmiding? Seni to‘ppa-to‘g‘ri xazinaga boshlab borishim kerakmidi? Qashqadaryo bo‘yigacha qochib kelib, keyin yana janub tomon yurganimda nega to‘xtab qolganingni fahmlamadi, deb o‘yladingmi? Kitob tog‘lari tomon qochayapti, deb gumon qilganmiding? Hoynahoy, keyin meni o‘ldirishni ham buyurishgan bo‘lsa kerak-a? Anavi norasidani hammi? He, onalaringni… Borib, Yermalovga ayt, xazinani senlarga bermayman. Ber-may-man!”.

Sodiqjon o‘rnidan turib, o‘g‘lining qo‘lidan ushladi. Qirg‘oq bo‘ylab Afg‘onga o‘tish uchun sayozroq joy qidirib ketishdi. Yerda yotgan, qo‘l-oyog‘i chandilgan G‘ulomning aft-basharasi oftobda yaltirab, bujmayib qoldi.

Xazina sari

Ertasi kuni ertalab Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Toshqo‘rg‘on qishlog‘i yaqinida joylashgan Temur g‘ori sari otlandik. Yo‘lda Behbuddan “Xazinada qancha oltin bo‘lishi mumkin? – deb so‘radim.

– Bilmayman, – deb yelka qisdi. – Buni menga ahamiyati yo‘q. Meni qadimiy kitoblar qiziqtiryapti…

– Mayli, Mirzo Ulug‘bekning 15 ming jilddan iborat eng noyob kitoblari ham shu g‘orga yashirilgan deylik, lekin oradan asrlar o‘tdi, kitoblar tugul, ular solingan sandiqlar ham chirib ketmaganmikin? – deb so‘radim.

U menga termilib qoldi. Savolim uni ham o‘ylantirib qo‘ygandek tuyildi. Birozdan so‘ng, “Yo‘q”, – dedi qat’iy ohangda. Yurishdan to‘xtab, unga tikildim. U ham menga qaradi:

– Sandiq yog‘ochiga ikki xlorli simob shimdirilsa, u chirimaydi.

– Yana “Tilla qo‘ng‘iz”mi? – deb kuldim. Uning lablari ham yotiq yarim oy shakliga kirib, yuzi yorishdi. – Lekin o‘sha kitoblarning bugun ahamiyati bormikan? Uning ko‘zlari porlab ketdi:

– Nega unaqa deyapsan?

– Axir oradan 500-600 yil o‘tdi. Bugun fan asri…

– Ammo… – u so‘zimni ilib ketdi. – ba’zi sohalarda haligacha ularga yaqinlasha olganimiz yo‘q. Masalan, tibbiyotda hanuz ibn Sinoning bizgacha saqlanib kelgan kitoblarini titkilaymiz. Balki bizgacha yetib kelmagan kitoblarida bugun bedavo deb kelinadigan xastaliklarning ham shifosi haqida so‘z yuritilgandir. Me’morchilikda ham, ajdodlarimiz binolarni bo‘yashda ishlatgan bo‘yoqlarnining tarkibini bilolganimiz yo‘q. Toshni saryog‘dek kesuvchi shamshirlarni bugun qaysi alloma yasay oladi? O‘qiganmisan o‘zi? Tarixiy manbalar Amir Temur davrida bu qilich yanada mukammallashtirilganini ko‘rsatadi. Ustalar belga taqib yuriladigan maxsus, elastiklik xususiyatiga ega “belbog‘ qilichi” yasashadi. Balki g‘orda saqlanayotgan noyob kitoblarda ularning yasalish texnologiyalari haqida yozilgandir. Agar shunaqa bo‘lsa, bu xazina butun dunyodagi eng bebaho xazina bo‘ladi. Fan va texnikaning keyingi taraqqiyotini tasavvur qilyapsanmi? Chindanam, uning tengi yo‘q. Seni esa oltin deysan.

Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida Bahodir ismli o‘rtog‘im bor edi. U bilan harbiy xizmatda birga bo‘lgandik. So‘rab-surishtirib, Bahodirning uyini topdik. U bizni iliq kutib oldi. Temur g‘orini ko‘rmoqchiligimizni aytgandik, bajonidil g‘or og‘zigacha hamrohlik qilishini bildirdi. Tuni bilan Temur g‘ori, uning ichiga kirmoqchi bo‘lgan kishilar nimalarga e’tibor berishlari kerakligi xususida gaplashib yotdik.

G‘or pastda mavjlanib oqayotgan daryo o‘zanidan ancha balandda ekan. Unga hayvonlar yuradigan so‘qmoqdan – bir paytlar tosh va yog‘ochdan qilingan, ammo hozir shag‘al ostida qolib ketgan pillapoyalardan chiqib bordik. Shaharning yengil hayoti tufayli noziklashib ketganimizdanmi, qora mehnat qilmay qo‘yganimizdanmi, hansirab, o‘pkamiz qo‘limizga tushdi hisob. Nihoyat, ne mashaqqatlar ila g‘or og‘ziga ham yetdik. Dastlab qarshimizda ikkita g‘or paydo bo‘ldi.

– Birinchisi – sayisxona, – dedi ko‘zimizdagi hayratni uqqan Bahodir. – Bu yerda Temur sarbozlarining otlari boqilgan. Ikkala g‘or og‘zida bo‘yi taxminan 20 metr, eni 10 metr kattalikdagi supalar bor edi. O‘tirib, biroz hordiq chiqardik. Pastdagi qishloqlar kaftdek ko‘rinib turardi.

Behbud bilan bir paytlar Amir Temurdek yarim dunyoni poyida zir titragan buyuk Jahongirga boshpana bo‘lgan bu sirli g‘or qarshisida turarkanmiz, hayajondan o‘zimizni yo‘qotar darajada, mast edik.

– Sizlarni shu yerda kutib turaman, ehtiyot bo‘linglar, g‘orning yo‘laklari “labirint” shaklida, adashib qolmanglar yana, – deb hazil qildi Bahodir biz ichkariga qadam qo‘yganimizda ortimizdan baqirib.

Ichkariga 30-40 qadam tashlashimiz bilan asta-sekin qorong‘ulik qa’riga g‘arq bo‘la bordik. Darhol fonuslarimizni yoqdik-da, yana olg‘a intildik. Shiftdan chikkilab tomib turgan tomchilar qadamlarimizga hamohang sirli g‘or qo‘shig‘ini kuylayotgandek edi. Kelishib olganimizdek, Behbud bilan imo-ishoralar orqali gaplashamiz, qadamimiz ham yetti bor o‘lchangan. Negaki, bunaqa joylarda hatto qattiq tovushdan ham tosh ko‘chib tushishi mumkinligidan ikkimiz ham yaxshigina boxabarmiz-da. Ko‘p o‘tmay, ko‘z o‘ngimizda oqish marmar ustunlar paydo bo‘ldi. Ulardan ba’zilari hatto allaqanday hayvonga o‘xshab ketardi. Ehtiyotkorligimiz yanada oshdi. Yurishda davom etarkanmiz, qarshimizdan turli tomonga yo‘nalgan yo‘laklar paydo bo‘lganini ko‘rdik. Lekin ko‘pini tosh bosib, bekilib qolgandi. E’tiborimizni g‘or devorlaridagi bo‘rtma shakllar ham tortdi. Yo‘limizda bir necha tabiiy chashmalar ham uchradi. Qonib-qonib ichdik.

Ko‘p o‘tmay, g‘or torayib bordi, keyin to‘satdan kengayib, bizni ulkan dahlizga olib chiqdi. Yura turib, ancha masofadan keyin g‘or yana torayib bordi. So‘ng birdaniga oldimiz bekildi, so‘ngiga yetdik, deb xayol qildik. Lekin noto‘g‘ri o‘ylabmiz. Behbud pastlikda, odam zo‘rg‘a sig‘adigan lahimni ko‘rib qoldi. Undan ham zo‘r hayajon bilan sudralib o‘tdik. Yana qarshimizda katta-kichik yo‘laklar paydo bo‘lib, ular bizni bir-biriga tutash toshxonalar tomon yetakladi.

Biz yurishda davom etaverdik. Men xayol surib ketyapman, bilamanki, Behbud ham xuddi mening holatimda. Bir payt to‘g‘rida balandligi 3-4 metr keladigan tosh supalar ko‘rindi. Tepaga qarab qo‘rqib ketdim, qo‘lchirog‘imizning xira nurida shiftda osilib turgan sumalaklar ko‘zga tashlandi, ular bizga tig‘ o‘qtalib, ustimizda osilib turardi. Biroz yurgach, to‘satdan oldimizda oxiri qorong‘ulik qa’riga g‘arq bo‘lgan afsonaviy ko‘l yastandi. Tepadan suv shovullab tushayotgani eshitilib tursa-da, suv qayerdan sizib chiqib ketayapti, bilib bo‘lmasdi. Sovuqdan va atrofga cho‘kkan vahimali sukunatdan a’zoi badanimiz junjukib ketdi. Sirli ko‘lga tikilarkanman, suv ichida allaqanday maxluq mo‘ralab turgandek tuyilaverdi. Battar qo‘rqib orqaga tisarildim. Qo‘rqoqlik qilayapti, deb o‘ylamasligi uchun Behbudga indamadim. Faqat, qaytsak bo‘lardi, degan muddaoni anglatish uchun “Endi nima qilamiz?” – dedim sekingina. Garchi qarshimizdan oxiri ko‘l chiqishini, hozirgacha uning narigi tomonidan nima borligini inson zoti bilmasa-da, bu qadar hech bir chorasiz qolishimizni tasavvur qilib ko‘rmagandik.

Lekin umid bilan ko‘lning oxirini ko‘raman deb, chiroqni u tomon qaratdim. Urinishim besamar ketdi.

– Xazina ko‘lning narigi tomonida, – dedi u. Keyin qo‘shib qo‘ydi, – Bunga ishonchim komil!

– Balki umuman xazina yo‘qdir, – dedim jahlim chiqib. – Barchasi shunchaki cho‘pchakdir.

Ikkimiz ham jim qoldik. Orqaga qaytishdan o‘zga choramiz yo‘qligini tushunib turardik.

Ortga qaytib, o‘sha kecha Bahodirning uyida tunadik. Ertasi kuni qishloqdan ikkita brezent kiyim, mashina baloni topdik. Tushdan so‘ng hordiq chiqardik. Ertaga qiladigan ishlarimizni rejalashtirib oldik. Tong saharda Bahodir yetovida yana g‘or og‘ziga yetdik. U kunbotarda bizni shu yerda kutib oladigan bo‘ldi.

Yana katta qiyinchiliklar bilan ko‘l qoshiga yetdik. Hatto bir safar ustimizga tosh qulab tushishiga sal qoldi. Oyog‘im toyib, boshimni qonatib ham oldim. Nihoyat kutilgan lahzalar keldi. Yuragimizni hovuchlab, balonlar yordamida ko‘ldan suzib o‘tdik. Ammo uning naryog‘ida ham kutilgan xazinadan nom-nishon yo‘q edi. Hafsalamiz pir bo‘ldi. To‘g‘riga qarab uzun yo‘lak ketgandi. Farqli tomoni g‘or bu yerda to‘rtta alohida-alohida yo‘lakka bo‘lingan ekan. To‘g‘riga ketgan yo‘l ikki yuz metrlarda so‘ng butunlay tugagan. Behbud yana ko‘l yoniga qaytib, qadamlarini chamalay boshladi. Har bir yo‘lakning uzunligini qayta-qayta o‘lchab chiqdi. Biror narsani topadigandek, g‘or devorlarini, oyog‘imiz ostidagi toshlarni paypaslab chiqdi. O‘lchovlarini yondaftariga yozib bordi. Ammo hech narsa topa olmadik. Faqat g‘ayritabiiy tarzda devorga suyangan bir nechta silliq yapasqi tosh e’tiborimizni tortdi. Aftidan, bu yerda ham bir paytlar suv sizib turgan, toshlarning silliqligi, shundan edi. Ularning ba’zilarining yuzasida tabiiy bo‘rtma halqasimon shakllarni ko‘rdik. Bu yuqoridan tosh qulab tushishi oqibati deb o‘yladik. Men ham Behbudga taqlidan xuddiki hozir sir ochiladigandek, ularni siypalab ko‘rdim.

G‘ordan shalvirab chiqqanimizda, alaqachon qorong‘u cho‘kkan, Bahodir tashqarida choponiga o‘rangancha bizni intizorlik bilan kutib turardi. Ko‘rinish berishimiz bilan yonimizga yugurib kelib:

– Nega buncha qolib ketdinglar, tinchlikmi, tosh-posh bosib qolmadimikin, deb xavotir olib turgandim,– dedi. Keyin u ikki kishi ketma-ket kelib, bizni so‘raganini, ortimizdan kirib ketganini aytdi. Behbud ularning ko‘rinishini surishtirib, yerga tufladi-da:

– Biri Sharifiddin ekan, – deb behayolarcha so‘kindi.

– Lekin aynan o‘sha sizning otangiz ekanini aytdi, – dedi Bahodir hayron bo‘lgancha. “Otamligini?”, – Behbud to‘xtab, Bahodirga termilib qoldi.

Tunni Bahodirnikida o‘tkazib, ertasiga yana g‘orga kirdik. Ko‘lga yetmasdan teppadan yana tosh qulagan ekan. Bu kecha biz g‘ordaligimizda shunday bo‘lganmi, yoki tundami eslay olmadik. Lekin hech bir odamning qorasi ko‘rinmadi. Natijasiz Toshkentga qaytdik. Yo‘lda deyarli gaplashmadik, faqat xayol surib keldik. To‘g‘risi, gaplashadigan gapimiz ham qolmagandi. Keyin o‘qishga sho‘ng‘ib ketdim.

Bir haftalardan so‘ng uyiga borsam, eshigi qulf ekan. Yana uch kun o‘tib borib ham topolmadim. Keyingi safar qo‘shnilari uni formali kishilar qidirib kelishganini, ularga Behbudning suratini ko‘rsatib, haqiqatan ham, o‘shami-yo‘qmi – shuni so‘rashganini, keyin bir soatga cho‘zilgan surishtiruvlardan so‘ng, chuqur afsus-nadomat bilan uni avtohalokatda vafot etganini, agarda biror qarindoshi bo‘lsa, olib kelib dafn etishlari mumkinligini, bo‘lmasa o‘zlari ko‘mishlarini aytishibdi. Qo‘shnilari ham uning qarindoshlarini bilmasliklari bois, hatto o‘zi bilan biror marta yozilib gaplashmaganlari sababli shunday qilsangiz ma’qul deyishibdi. Ular shu bo‘yi qorasini ko‘rsatmabdi. Lekin u qayerga ko‘mildi, qabri qayerda, uni surishtirib kelgan militsiya formasidagi kishining ismi kim, qayerda ishlaydi, ko‘rinishi qanday, bular haqida tuzukroq biror narsa aytib bera olishmadi. Faqat Behbud yo‘qolib qolishidan bir necha kun avval har-har zamonda arzimagan pul evaziga uyini tozalab turadigan qo‘shni kampirga u o‘zi doim qo‘lidan qo‘ymaydigan qo‘ldaftarini menga berib qo‘yishini tayinlab ketgan ekan. Izlashdan ma’no chiqmasligini tushunib turardim. Dastlabki kunlarda undan qolgan kitoblarni, jandasi chiqib ketgan qo‘ldaftarini o‘qib yurdim. Bir yilgacha u bilan o‘tkazgan kunlarim, eshitgan maroqli hikoyalarim bot-bot yodimga tushib ketaverdi. Yaxshiyam baxtimga Sayyora bor ekan. Garchi uning otasi ham izsiz g‘oyib bo‘lgan, uylaridagi bor eksponatlar bir kechada yo‘qolgan esa-da, u kuygan ko‘nglimga malham bo‘ldi.

Bir yil o‘tgach, xat oldim. Yo‘q, balki oldim desam, xato bo‘lar. Aniqrog‘i, kitoblarim ichidan topib oldim. Uni kim yozgani noma’lum edi. Ammo unda bir parcha somon hamda bir varoq qog‘ozga muhr etilgan dum chiqarilgan dumaloq halqa va 137 deb yozilgandi. Dastlab, hamxonalarimdan biri hazillashgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan bo‘lsam-da, keyin to‘satdan Behbudning qo‘ldaftariga yozilgan so‘nggi jumlalari xotirimga keldi. Ularni e’tibor bilan o‘qimagan ekanman hatto. Qaytadan bazo‘r hijjalab o‘qiy boshladim: “Nega Mahmudxo‘ja, o‘zining o‘g‘illariga – Mas’udxo‘ja, Maqsudxon, Matlubxon deb ism qo‘ygan? Nega hatto o‘zining ismi ham “m” harfi bilan boshlanadi. Bunda qandaydir sir yashirin emasmi? Maxfiy vasiyatnomasida ham kishini ajablantiradigan yagona narsa bor – u ham bo‘lsa, negadir shogirdi va maslakdosh birodari Hoji Muinni tilga olmagan. Yana “m” harfi. Bu nimani anglatadi?”

Varoqning eng pastiga yozgan so‘zini tushunib bo‘lmadi. Adashmasam, “qon dog‘i” deyilgandek edi, ammo undan biror ma’no chiqara olmadim. Uch-to‘rt kuncha o‘ylab yurib, maktubdagi belgi – halqadan chiqarilgan dum arabcha “m” harfi bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Xo‘sh shunday bo‘lsa, nima bo‘libdi? Boshim g‘ovlab ketdi. Keyin umuman bu haqida o‘ylamay qo‘ydim. Lekin Behbudni tirik, deb o‘ylashimga asos topilganidan quvonchim ichimga sig‘masdi. Har holda, endi bu xatni u yozganiga shubha qilmayotgandim.

Xotima

Men o‘shanda poyida daryo mavjlanayotgan, ammo chanqoq azobi bo‘g‘zini qaqshatib, nursiz ko‘zlarini samoga tikkancha, quruqshoq lablari pichirlab osmondan yolvorib yomg‘ir so‘rayotgan kimsaga o‘xshardim. Bugun xarsangday g‘amlar bosib ketgan ko‘nglimning bir tirqishidan olam ayvoniga nazar solarkanman, Yaratganning bizga baxsh etgan sururli lahzalarini bolaligimda quvligim tutib o‘ynaganim kabi, qaynoq qiliqlarga erk berganim misol bir to‘da kabutarday to‘zg‘itib yuborganimni anglab borayapman. Ammo u tirik ekaniga shubha qilmayman. Men go‘yo yorug‘likdaman-u, u o‘zining sirlarga burkangan hayoti bilan qorong‘ulik ortidan menga termilib turganday. Xayolimda xuddi hozir eshik ochilib, u: “Anchaga cho‘zilgan ayriliqqa barham berib, mana, men keldim!”, – deydigandek. Arslon yelkasidagi xazinani xalqqa qaytarish faqat va faqat uning mahriga tushgan muqaddas vazifa.

U bir kuni, albatta, keladi va o‘z xazinasini topadi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-3-4-sonlar