Ta’til davrim nihoyalab qolgan kunlar edi. Bekorchilikdan bostirma ustidagi g‘aramda allamahaldan beri qalin bir romanni varaqlab o‘tirardim. Roman shu qadar semiz, yasama to‘qnashuvlar bilan liq to‘la ediki, uni oxirigacha o‘qib chiqishga Azroilning o‘zi ham meni majbur qila olmasdi. Men kitobdan ko‘z uzib, etak tarafdagi o‘rkach-o‘rkach adirlar uzra qiyalab botib borayotgan oftobni, uning qirmizi nuriga chulg‘angan qishloqni tomosha qilardim. Teraklarning oq yaproqlari shivirlar, keksa tollar nomozgar yelida salobat bilan chayqalar, uylarning peshtoqlari, sal naridagi boshqa pichan g‘aramlari ham shu qirmizi rangda lovillab yonar edi.
Daladan hali mol qaytmagan. Qishloq osuda. Odamlar chang yo‘lda u yoqdan-bu yoqqa o‘tib turishar, go‘yo dunyoning tashvishlari ularga begonadek, sira shoshilmas edi. Qishloqni tomosha qilishdan zerikib, guzardan mollarni sug‘orib Qo‘ziboy ukam qaytardi.
– Olamda nima gap, Qo‘zi polvon?
– Olamda xotirjamlik, – dedi u hovli o‘rtasidagi og‘ochqoziq yoniga otdan sakrab tusharkan.
– Nahotki hech gap bo‘lmasa?
– Shunday, hech gap yo‘q. – Bola o‘zini kattalardek tutib, shoshilmasdan otni og‘ochqoziqqa bog‘ladi. So‘ng ayilini bo‘shatarkan, shunchaki aytayotganday qo‘shib qo‘ydi: – To‘ra junchinikiga bir mashina yem kepti. Mashina hozir tumanga qaytib ketarkan, yukni tushirishyapti. Xo‘-o‘sh, yana… Mavlon pochtachi magazinda aroq ichib olib, Maxsumning o‘g‘lini uribdi. Ustidan yozgan ekan.
– Nimani yozibdi?
– Nimani bo‘lardi, odamlarga gazet-jurnal tarqatmaydi, deb yozganda. Mavlon pochtachi: «Senga gazeta o‘qishni kim qo‘yibdi, tirrancha? Undan ko‘ra, borib otangning chor kitoblarini varaqlagin, mulla bo‘lasan! Otang qartaydi, yaqinda o‘lsa ham kerak, axir qishloqda endi nikohu janozani kim o‘qiydi?», debdi. Maxsumning o‘g‘li uni «axta piyonista!» deb so‘kibdi. Shundan keyin pochtachi uni tutib olib uribdi. Hozir Maxsumning kampiri pochtachini qarg‘ash uchun magazinga boryapti. Oldimdan chiqdi: jelagini qo‘liga olvolgan. Shashti baland…
– Otning yemini ilsangchi, vaqvaqa! Janjal bilan nima ishing bor? – Ayvonda nimadir yo‘nib o‘tirgan otam Qo‘ziboyning so‘zini bo‘ldi. – Ha, aytmoqchi, To‘ra yem obkeldi, dedingma? Qancha? Bir mashina?… Ana, odamlar allaqachon qishligini ham g‘amlab olyapti. Sen ham, Nurali, u yoqda oshna-poshnalaring bo‘lsa, biror tonna yorma chiqarib berganingda, ilikuzildi mahali mollarga asqatarmidi?
Bu gaplar, albatta, menga tegishli edi. Lekin, «shahardagi oshna-poshnalarim» omborga yoki fermaga mudir emas, balki oddiy talabalar ekanini aytib otamning hafsalasini pir qilishdan nima foyda? Shaharda o‘qiganim uchun otam meni qo‘lidan ko‘p ish kelsa kerak, deb o‘ylaydi o‘zicha. Ertaga qaytishim kerak. Buning uchun avval bironta yo‘lovchi mashinada tuman markaziga borib olish lozim. Xudo biladi, qachon jo‘naydi bu shaldiroq aravalar, yana ularga nimalar ortilgan: somonmi, go‘shtga jo‘natilgan qo‘ylarmi? Tag‘in, xo‘jalikning shofyorlari o‘lguday dimog‘dor, tosh yo‘l qancha quyuq changisa, ularga shuncha maza! Nima ham derdik, mashina ularniki, bilganlarini qiladida. Xullas, To‘ra junchinikiga kelgan mashina bilan jo‘nab yuborsammi, deb xayol qilib Qo‘ziboydan har ehtimolga qarshi so‘radim:
– Mashina kimniki?
– O‘tagan akaning «Zil»i.
Badanimga ilon o‘rmalagandek seskanib ketdim. Ruhimdagi beg‘am, huzurbaxsh sokinlik o‘rnini varaja egalladi. Har safargidek uning otini eshitib g‘azabdan lov yondim…
Bu o‘sha O‘tagan edi! Mening azaliy raqibim. Yoshlikning po‘rtana ummonida biz hanuz yo‘l talashib kelamiz. Biroq har safar men piyoda, u yo‘rg‘a otda. Bu «poyga»ning oxiri nima bilan tugashi esa noma’lum. Yo‘rg‘a ot uni allaqachon egardan itqitib tashlashi kerak edi, ammo u shunday itoatkor jonivorki, kim qayoqqa bursa, o‘sha yoqqa yeladi. Hali dalada qo‘zi boqib, chillik o‘ynab yurgan kezlarimiz ham u meni g‘irromlik bilan yutib, zuvlatardi. Biz bamisoli qarama-qarshi ikki qutb edik. Maktabda xuddi atay qilganday uni men bilan bir partaga o‘tirg‘izib qo‘yishdi. Sinf rahbarimiz Qulmatov akasining oshnasi: «Shu bola sinfdan ko‘chmasa, sen javob berasan! – dedi u menga. – Shaxsan o‘zim shug‘ullanaman bu masala bilan. Senga shu pionerskiy porucheniya, uqdingmi? Dangasalikni xayolingga ham keltirma! A’lochiman deb mag‘rurlanma. Odamni bilib bo‘ladimi? Eynshteyn maktabda o‘qib yurgan chog‘lari fizikadan ikki baho olar ekan…» Qulmatovning gaplarini o‘shanda g‘iring demay tinglagan bo‘lsamda, O‘taganga hech qachon hech narsani o‘rgatmadim. O‘rgatganimda ham bu to‘nkaning miyasiga biror narsa kirarmidi? Lekin u, shu kundan boshlab uy vazifalarini daftarimdan bemalol ko‘chirib olaverdi. Niyati ham shu edida o‘zi. Tanaffusda esa, meni qanday boplaganini – yashirib qo‘yilgan joyidan daftarni topib, juda «gajakdor» qilib ko‘chirganini, xullas, meni «esh-shakday» ishlatib maza qilayotganini bolalarga so‘zlab berardi. Ular qiyqirib chapak chalishar, navbatdagi hangomasini eshitish uchun xuddi shotirlarday uni o‘rab olishar edi. Men, albatta, bu shotirlardan birining halqumiga o‘xshatib tushirardim. Shundan keyin O‘tagan hangomani bas qilib, xumday boshini egib, mo‘min-musichaday yana yonimga o‘tirib olar edi.
Akasi Mirzaxonov sovxoz direktori. O‘tagan esa – qovoqkalla. Shunday bo‘lsa ham, uddaburonlik bilan amallab maktabni bitirib oldi. Bir partada o‘tirardik. Borib-borib O‘tagan zig‘ir yog‘day ko‘nglimga urdi; sinf rahbarimizga arz qildim. Yo‘q, arz qilmadim, faqat boshqa partaga o‘tkazishlarini so‘radim, xolos. Biroq yupqaquloq muallimning boshidan kapalagi uchdi: «Nima deding? Boshqa partaga deysanmi? Bor, bor, tirrancha, darsingni qil, O‘tagan bilan ishing bo‘lmasin. U kimsan Mirzaxonovning ukasiya!»
Nihoyat, maktabni ham tamomladik. Yo‘limiz ayri tushdi – men poytaxtga o‘qishga ketdim, u harbiy xizmatga jo‘nadi. Shundan keyin, uchrashganda, balki, o‘tgan-ketganni eslab suhbatlar quradigan dilkash jo‘ralar bo‘lib ketishimiz mumkindek edi, lekin oshnachilik qilish bizning manglayimizga yozilmagan ekan. Asl raqobat – endi bolalik sho‘xliklari, deb bo‘lmaydigan mojaro keyin boshlandi.
* * *
Odamlar qiziqda: o‘zlari bilan ishi yo‘q, bo‘y yetgan qizlarini erga berish haqida sira qayg‘urishmaydi. «Tengi chiqsa, uzatamizda, shunga ham tashvishmi?» deb yuraverishadi. Ammo To‘lash rais qizini kimga beradi? Ta’rifi ketgan bu go‘zal qiz kimga nasib bo‘larkin? Mana, muammo! Kayvoni xotinlar urchuqlarini yonlariga qo‘yib shu haqda bosh qotirishar, turli gaplarni bichib-to‘qishar edi. Bu hol to bulturgacha – O‘tagan armiyadan kelib Gulsanamga sovchi yuborganiyu, mening qizga jazman – oshiq ekanim elga oshkor bo‘lgunicha davom etdi. Lekin baribir muammo yechilmadi, qaytaga battar chalkashib ketdi. Keksalar darrov bir qarorga kelishdi: «Albatta, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas, rais qizini O‘taganga beradi, vassalom! Men buni yarim yil burun aytganman, endi ham gapimdan qaytmayman!» «Rost, – deya aqllarini ishga solishardi boshqa birlari, – O‘tagan qarchig‘ayday yigit, bersa shunga beradida, Nuraliga yo‘l bo‘lsin!» Ammo birovning gapiga ergashmaydiganlar ham yo‘q emasdi. «Nega endi shunday bo‘larkan? Bilib gapiringlarda gapni. O‘tagan bu qizga loyiq emas, Nurali – boshqa gap: o‘qimishli, aqli raso kelishgan yigit. Gulsanam ham unga oshiq emish. O‘shanga tegsa kerak. Qiz ham bir narsani didlab oshiq bo‘ladida odamga!»
Bu gaplardan balo-qazodan qochganday chetlatib yurardim, lekin hammasini, baribir, menga oqizmay-tomizmay yetkazib turishardi.
O‘tagan qizga allaqachon sovchi yuborgan va endi bashang kiyinib olib, goho ulfatlari bilan, goho sovxozning eng zo‘r mashinasida ko‘chani changitib yurardi. Men esa odatdagiday, bostirma ustida Gulsanamlarning guzar bo‘yidagi bog‘ hovlisi tarafga ko‘z tikardim. U goho yiroqdan meni ko‘rar, ro‘molchasini silkitib salomlashar edi. Bizning oshiq-ma’shuqligimiz shundangina iborat. Biroq yangalarim «oyoq olishimdan», raisning uyiga tez-tez qarayverishimdan masalani osongina tushunib olishdi va menga: «Etar endi shuncha paranglik qilganingiz, sovchi yuboraylik, kekkayib yurib, tag‘in birovga oldirib qo‘ymang», deyishdi. Otam bo‘lsa, To‘lash rais o‘zining oshnasi ekani va «Bir qiz bo‘lsa, bor-e, ana, kelin qil, sen bilan biz endi ko‘ribmizma bunaqa savdolarni!» deyishini aytib rosa maqtangach, shart turdiyu sovchilikka jo‘nadi. Kechqurun xuddi ish bitganday og‘zi qulog‘ida, xursand kirib keldi. Surishtirishsa, bor-yo‘g‘i: «Hali ertaroq, taraddimiz bitgan emas. Keyin bir xabar oling, o‘ylab ko‘ramiz», deyishgan ekan, xolos.
Enam, odati bo‘yicha, oldindan tayyorlab qo‘ygan ta’nayu malomatlarini yog‘dira ketdi:
– Quring siz, chol, axir O‘taganning sovchilariga ham shunday deyishgan. Gapni kavlashtirib ko‘rmadingizmi? Uljon kampirning didi kimda – shuni biling edi avval.
– Uljonga yo‘l bo‘lsin rais turganda.
– Nima dedi o‘sha ordona raisingiz?
– Aytdimku nima deganini. Senga darrov mayli, dermidi? Qizini toshga chiqarib o‘tiribdima? Ana, o‘g‘ling xat yozsin, juda bilging kelayotgan bo‘lsa!
Otam To‘lash raisning qo‘lida ko‘p yillar ferma mudiri bo‘lib ishlagani, chorva uchun rosa xizmat ko‘rsatganlari haqida uzundan-uzoq gurung boshladi. Oxirida soqolini silab: «Burgutday nazari baland edi», deb qo‘yardi.
Gapni qarang: «Burgutday nazari baland edi», emish! Bir paytlar bo‘lsa bo‘lgandir, ammo hozir bu nazari balandlikdan asar ham qolmagan. Raislikdan allaqachon bo‘shab, shundan keyin darhol qartaygan, xirom etikni mahsiga, sur telpakni simobi sallaga almashtirib ko‘rkamgina cholga aylangan. O‘tgan bahorda shahardan kelgan muxbir uni bola-baqrasi bilan suratga oldi. Rangdor bir jurnalda chiqqan bu serhasham suratda u talay orden-medallarini kiteliga taqib, o‘rtada gerdayib o‘tirardi. Farzandlari uyli-joyli bo‘lib ketgan, endi suyukli kenja qizi, Gulsanamni uzatishi kerak. O‘tagan bilan biz shu qizga talabgor.
Otni sug‘orish uchun kechqurun guzarga tushib borarkanman, beixtiyor xayolimdan Maxsumning, o‘g‘lini pochtachi urgan o‘sha Maxsumning so‘zlari o‘tardi: «Erdagi hamma narsa, qurt-qumursqa, hatto osmondagi oy, yulduzlargacha hisobli. Xudoyim bir uloqni yaratibdi, unga atab bir tup shuvoqni yaratibdi. Allohga shak keltirmang, azizlar». Ha, demak, O‘tagan ham atay jig‘imga tegish uchun yaralgan ekanda. Bo‘lmasa, kelib-kelib shu qizga sovchi qo‘yadimi? Akasi direktor, qo‘lini qayerga uzatsa yetadi. Atrofda qiz demaganingiz… Ot jilovini siltab, tumshug‘ini suvga botirdi, lekin qadam sharpasiyu satilning shiqirlagan tovushidan cho‘chib, shu zahoti boshini ko‘tardi. Men ham o‘girildim: Gulsanam! U satillarni bir qo‘liga olib, ikkinchisi bilan ro‘molini va o‘rimdan qochgan jingala sochlarini tuzatgancha menga qaradi. Ot bezovtalanib pishqirib yubordi va tag‘in suvga intildi. Gulsanam satilini chayishga tutindi. Men qizga na bir og‘iz gap gapira olar va na otning jilovini burib yo‘limga keta olar edim. Sarosar bo‘lib turarkanman, birdan qizning jaranglagan kulgusi eshitildi. U satillarni chayib bo‘lgach, sochini o‘ynagancha yana ko‘zlarini porillatib menga tikdi.
– Otingiz suvga qondiku, nega ketmayapsiz?
Men qiz bolani ko‘rganda yuragi po‘killaydiganlardan emasligimni anglatmoqchi, unga hatto hazil-huzil qilmoqchi edim, ammo qizning sira tap tortmayotganini ko‘rib, dovdiradim. Otning qiyshayib qolgan no‘xtasini to‘g‘rilayman deb qamchinni tushirib yubordim. Nomus kuchli, shartta yerga engashdim, biroq ot yaydoq edi, qamchinning yoniga o‘zim ham guppa quladim. Gulsanam qah-qah urib kulib yubordi. Ust-boshimni qoqib otga qayta minarkanman, zarda bilan unga qaradim.
– Aytsangiz o‘zim olib berardimku, Nurali aka! Yaydoq otda turib qamchin olib bo‘larkanmi!
– Sendan birov shuni so‘rayaptima?
Gulsanam endi kulmas, go‘yo otdan o‘zi yiqitganday gunohkorona yerga boqardi.
– Qachon keldingiz o‘qishdan? Ko‘rinmaysiz? – U go‘yo ketib qolishimdan cho‘chiganday boshini tez ko‘tardi.
– Ko‘rinib nima qilardim?
U yana kuldi. U mening zarda qilayotganim boisini bilmasdi.
– Ehtiyot bo‘ling, tag‘in bitta-yarimta obqochib ketmasin sizni!
Kulgidan uning yuzi loladay qizarib ketgan, shu tobda o‘zi ham nomozshomatlas ko‘ylakda qirda yonib turgan lolaga o‘xshar edi.
– Menda gaping bormi, Gulsanam? – deya so‘radim undan otning yoliga barmoqlarimni botirgancha.
– Yo‘q, shunday o‘zim so‘rayapmanda. Nima, sizdan gap so‘rab ham bo‘lmaydimi? Aytmoqchi, menda bitta kitobingiz bor edi, o‘shani…
– Uyga, Rahimaga berib qo‘yaver. Anavi ish bo‘yicha otamlar yana borishadi, xabaring bordir?
Gulsanam uyalgan bo‘lib ro‘moli bilan yuzini bekitdi, men esa suvliqni shaqirlatib chaynagancha taysallanib turgan otimni orqaga burdim…
* * *
O‘shanda talabalardan guruh tuzib bizni BAM qurilishiga jo‘natishdi. Keyin o‘qish, imtihonlar… xullas, 3 oydan so‘ng qishloqqa qaytdim. Taxminimcha, hammasi shu davrda hal bo‘lishi kerak edi. Men qishloq yo‘lida, sovg‘a-salomlar bilan liq to‘la jomadonning og‘irini ham sezmay, xuddi o‘shanda Gulsanam bilan guzarda uchrashib qaytganimdagi kabi mastona xayollar qanotida kelardim.
– Assalom alaykum, mulla Nurali!
Qarshimda ko‘k toyxarga nevarasini mingashtirib olgan Xo‘shmat bobo turardi. Chol bilan qo‘l berib ko‘rishdim.
– Odamni uyaltirasiza, Xo‘shmat bobo! Salomni oldin biz aytishimiz kerakku.
– Siz aytishingiz kerak, lekin ko‘rmadingiz, bo‘tam. Aybi yo‘q, hech aybi yo‘q. Xo‘-o‘sh, qaytdingizma? O‘qishdan deng? O‘zi qachon bitadi, a, Nuraliboy?.. Ikki yil qoldi? Ha, durust. Domulla bo‘lasizma endi? Manov sho‘rtumshuqni siz o‘qitarkansizda?
– Bo‘lmasamchi, hozir nechanchida o‘qiydi? Nechanchida o‘qiysan, oshna?
Bola javob o‘rniga burnini tortdi va uyalganidan bobosining orqasiga yashirindi. Go‘yo bobosi bir yoqqa qochib ketadiganday uning surp belbog‘iga mahkam yopishib olgan.
– Ikkiga boradi, tog‘asi. Nasib qilsa, bu yil ikkiga, – dedi chol bolaning o‘rniga. – Xo‘-o‘sh o‘qishlar bir navku, nekin yashirishning keragi yo‘q, picha g‘ish-g‘ishasi bor. Bu haligi deng, oti nimaydi, hah… Ha, rubob, shunga ishqiboz! Hayitmurotning o‘g‘lida bor, bunda esa yo‘q. Hamma janjal shunga. Nuralijon, bo‘yingdan, jiyaningga shahardan bitta obkelib ber, xo‘pmi? Pulini beraman. Hozir yonimda yo‘q edi.
Shu mahal orqadan ustiga kapaday qilib beda bosilgan mashina kela boshladi va yonimizdan shitob bilan o‘tib ketdi. G‘ildiraklaridan otilgan quyuq chang Xo‘shmat boboning salla-choponini beladi.
– He, padaringga la’nat! Quturgan enag‘ara! – so‘kindi chol sallasini chuvatib qoqarkan. – Bu, haligi Cho‘tboyning O‘tagani. Bo‘yingdan suyak tushgur, o‘sha! Sadqayi odam ket-e!
Ketishga chog‘lanib zilday jomadonni qo‘lga olarkanman, so‘radim:
– O‘zingiz qayerdan kelyapsiz, Alim bobo?
– To‘lash rais kenja qizini uzatgan. Shunga, eski oshnachilik, chol qurg‘ur bo‘shashib o‘tirgan bo‘lsa, bir hangamalashay, deb borib edim. Boyagi esi yo‘qqa berdi qizini… to‘yga Mirzaxonovning o‘zi bosh bo‘ldi. Bir yoqda kino, bir yoqda artist, deng! Ko‘sam sarkaning o‘zidan 4 ta so‘yildi, yana ikki panji qo‘chqor. Hali bu – raisnikidagisi, to‘yning zo‘ri kelin tushib borgach, u yoqda bo‘ldida…
Chol sallasini qaytadan o‘rab olib, to‘yni, unga kelgan kazo-kazolarni ta’riflar, men esa ko‘z oldim qorong‘ilashib, xuddi boshimdan sovuq suv quyilganday, yo‘l ustida serrayib turib qolgandim…
– Xo‘p, panoi xudo. Haligi esingdan chiqmasin, Nurali! Otangga aytib qo‘y, ertaga Shahrisabzga juma namoziga boramiz-ov!
Boshimni ko‘tarsam, Xo‘shmat bobo allaqachon narida ko‘k toyxarini jadallatib ketmoqda edi. Beixtiyor uning ortidan yugurgim, haligi gaplari chinmi-yolg‘onmi, so‘ragim kelardi, chol meni jo‘rttaga laqillatib ketganga o‘xshar edi.
Satil ko‘targan bir to‘da qizlar guzar tomonga o‘tdi. Ba’zilari salom berdi, boshqalari izimdan kulishdi. Ularning ichida ilgari men nazarga «ilmagan»lari ham bor, endi go‘yo «o‘ch» olayotganday bir-biriga imo qilar, «Nurali aka, to‘ydan kech qopsiz, qaynonangiz suymas ekan», deya gap otishar edi. Alamdan tishlarim qisirlab ketdi, o‘zimni qayoqqa urishni bilmasdim. Hatto gap otgan o‘sha sepkilli sariq qizni so‘kib yuborayozdim. Biroq to‘satdan atrofimni qop-qora g‘ubor qopladi va bu g‘ubor ichra hech narsa ko‘rinmas edi…
– Bordim, o‘shandan keyin raisnikiga ikki daf’a bordim. – Uyda men hech nimani surishtirmagan bo‘lsam ham, otam Gulsanamni olib berolmaganiga uzr so‘rayotganday palag‘da tovushda voqeani so‘zlardi. – Raisning daryoday toshib yurgan davrlari o‘tib ketgan. U paytlar gapi gap, so‘zi so‘z, qilichday kesar edi. Mirzaxonov sovchi bo‘lib borgandan keyin nima ham qilsin? U – katta odam, ministrlardan oshnalari bor…
– Ay, chola, ming qilsa ham, o‘zbakligingizga borasizda! Ota-bobongiz ko‘chmanchi o‘tgan, hamma gapga ishonaverasiz, – derdi urchuq yigirib o‘tirgan enam. – Uljon kampirning o‘zi qizini O‘taganning qo‘yniga solibdi, menga katta kelini Menglixol aytdi.
– Fotihadan keyin apil-tapil to‘y qib uzatgalariyam bejizga emasda. – Gapga qo‘shildi yangam ham bilgich kayvonilarday. – Qilar ishni qilib qo‘yib, endi o‘zlari andavalab o‘tirishipti.
– Menglixoling bekorlarni aytibdi! G‘iybatning uyini kuydiradi u.
– Bo‘lmasa, sizning raisingiz oppoq ekanda! Nega oldindan orani uzmadi? Mening bolamga xotin topilmay qoptima? Rozi bo‘lganida ham kelin qilmasdim shu to‘rvada azizini!
Chol-kampir meni juda xafa deb o‘ylashar, sal-pal ko‘nglimni olish maqsadida tinmay gap talashishardi. Aslida, bu tortishuvning behuda ekanini o‘zlari ham yaxshi bilishardi. Men esa bundan battar toriqib, mehmonxonaga chiqib ketdim. Singlim Rahima kirib o‘rin soldi. Lekin ketishga shoshilmay, o‘zini eshikning pardasini tuzatganga solib, picha hayalladi.
– Aka, sizga bir gap aytsam maylima? – dedi nihoyat.
– Aytaver, nima gap ekan?
– Gap emasu, shunday bir… Manavi kitobni sizga Gulsanam berdi.
– Bergan bo‘lsa yaxshi. Tokchaga qo‘y, turaversin o‘sha yoqda.
– Qo‘liga berasiz, deb ko‘p so‘radida. To‘ydan oldingi kuni. Keyin yig‘ladi…
– Nega yig‘laydi? – Hardamxiyol so‘radim sir boy bermaslik uchun, ammo tomog‘imga allanima tiqilganday bo‘ldi, ko‘zlarimga yosh qalqdi, teskari o‘girildim.
– Sizni yaxshi ko‘rarmish, baribir esidan chiqarmasmish. Shuni aytib qo‘yishimni iltimos qildi.
– Balki, O‘tagandan chiqib, menga tegmoqchidir, so‘ramadingmi?
– So‘ramabman, – dedi Rahima kinoyamni tushunmasdan. – Barimiz bir qishloqning bolasi, kuyovim bilan qasdlashib yurmasin, deydi.
– Shunday de? Uni yana ko‘rsang, aytgin: sen bilan ham, kuyovto‘rang bilan ham akamning bir chaqalik ishi yo‘q, hatto dunyoda shunday bandalar borligini bilmas ekan, degin, xo‘pmi?
Lekin o‘zim yolg‘iz qolgach, o‘ringa cho‘zildimu, o‘krab yubordim. Bilmas emishman, Gulsanamni bilmas emishmana! Ayb undamiki, zarda qilsam. Bundayin sharmandalarcha chiranchoqlikka aslo toqat qilib bo‘lmasdi. Lekin… nega men shunaqa, og‘zidagi oshini oldiradigan, chumchuqqa ham ozor bermaydigan odam bo‘lib yaralganman! Ko‘ksimni qasos olish istagi yondirdi. Shaxt bilan eshik tomon yurdim va bexosdan gilamda yotgan allanimaga qoqilib ketdim. Bu o‘sha kitob edi – Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni. To‘zg‘igan sahifalar orasida ipak hoshiyali atlas ro‘molcha yotardi. Undan atir isi kelar, burjiga atirgul tasviri tushirilgan, ipak bilan bayt bitilgan. Ko‘z o‘ngimda Gulsanam jonlandi: U latif bir tazda ro‘molchani uzatib turar, gulgun chehrasi tabassumdan lola yanglig‘ yonar edi…
* * *
To‘ra junchinikiga ayni paytida yetib kelibman. Yuk tushirib bo‘lingan, mashina allaqachon yo‘lga shay bo‘lib turar edi. Qanor qopday barvasta, maykachan To‘ra junchi kapotga qo‘lini tirab O‘taganga nimanidir so‘zlardi. Salomimga alik olish o‘rniga, aftimga shunchaki bir qarab qo‘ydi, xolos. Pisand qilmagani uchun emas, muhimroq gap bilan band bo‘lganidan shunday qildi, shekilli. U har yili ikki mahal – qirqim payti odamlardan jun yig‘ib, davlatga topshiradi. Jun yig‘ishda u avval ro‘yxat tuzardi, keyin brigadir bilan uyma-uy yurar, goho saxiyligi tutib ketgan boyvachchaday uy egasining bolasini chaqirib, qo‘liga bir so‘m – ikki so‘m tutqazar, kattakon og‘zi yoyilib, kulgancha: «Daftar olasan, birodar, qalam bilan o‘chirg‘ich olsang ham, mayli, faqat yo‘qotma!» deb qo‘yar edi. Jun uchun to‘lanadigan pulning katta qismi uning cho‘ntagiga tushishini odamlar bilardi, albatta, biroq To‘ra junchi odamlarning salkam yarmi bilan quda-bilish, boja va tag‘in qancha baloyi battar oshnachiliklari bor. U har yerda hoziru nozir, qishloqning usta kayvonilaridan. Ayniqsa, sovchilik bilan ot savdosida undan o‘tadigani yo‘q bu atrofda…
– Shunday qilib, bir piyola choy ham ichmay ketasizmi? – dedi u O‘taganga ungurday og‘zini ochib iljayarkan. – Hay, mayli, nima ham deymiz. Nasib bo‘lsa, o‘g‘il to‘yingizda bel bog‘lab xizmat qilamiz. Guruchi bizning bo‘yinga. Iskaladda oshnam bor, dangal yigitlardan, xuddi sizga o‘xshaydi. Revizor-pevizordan qo‘rqmaydi, hatto bultur bittasini urgan ham. To‘g‘rida, oshiqni tavakkal tashlamasang, ish bitadimi? Keyin deng, o‘sha bilan oshna bo‘lib qoldi qiztaloq!
Kap-katta odamning iljayishi, yana bunaqa chalakam-chatti gaplarni gapirib o‘tirishi nomatlub tuyulardi. Lekin To‘ra junchiga hammasi ketaveradi, o‘roqday burni kulganda hatto o‘ziga juda yarashadi.O‘tagan unga qaramas, go‘yo gapini eshitgisi kelmayotganday qo‘llarini cho‘ntagiga suqib, kekkayib turar edi. «Mana, ko‘rdingmi, odamlar meni qanchalik hurmat qiladi, sening bo‘lsa salomingga ham alik olmadi», deganday menga bepisand nigoh tashladi u.
– Ha, aytganday, – dedi To‘ra junchi yormaga belangan shimining kissasidan pul chiqarib. – Manglayingizga surtib oling, axir buyam chavandoznikiday bir gapda. Men otangizdan jun ham olib o‘tirmayman.
O‘tagan javob qilmadi. Pulni barmoqlari orasiga olib, cho‘tlab ko‘rmoqda edi. Lekin ular hammasi bir so‘mlik bo‘lgani uchun oxirigacha sanashning ilojini topmadi, shekilli, hech nima demay, buklab-buklab cho‘ntagiga tiqdida savol nazari bilan menga qarab qo‘ydi.Hozir raqiblikning mavridi emasligini ikkimiz ham tushunib turardik
– O‘qishga qaytayapman, tumangacha olaketsang, – dedim.
– Bemahalda boramizda, qayerda tunaysan?
– U yog‘i bir gap bo‘lar.
– Hm-m, yo‘lda hayallaymiz, ish bor ozroq… – U quyuq mo‘ylovlari tagidan tilla tishlarini yaraqlatib, past ovozda chertib-chertib so‘zlardi. – Ha, mayli, o‘tir, baribir tumanga boramizku.
Mashina qishloqdan chiqdi. Ustiga tikan bosilgan paxsa devorlar ortda qolib, ship-shiydam dala boshlandi. O‘tagan soyaboni keng shapkasini do‘ng peshonasiga qo‘ndirib olgan, qayroqday yuzi qilt etmas edi. Go‘yo shu ketishda tumangacha miq etmay boradigandek. Biroq, sal o‘tmay o‘rtadagi adovatni ham unutib, beixtiyor gapga tushib ketdi.
– Mana shunaqa ishlar. Odamlar O‘tagan bundoq, O‘tagan undoq, leva ishlaydi, deb so‘kadi. Lekin har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi bu ish. To‘ra junchining yormasini Baqirchining o‘ridan olib chiqquncha ena sutim og‘zimdan keldi. Uch tonna yuk bilan hali bu o‘rdan odam bolasi chiqkan emas! To‘ra junchiga qolsa, dunyoni sel bossin, bergan pulini qara! Nima emish otamni jundan ozod qilarmish! Zakon bo‘yicha juningni olavermaysanmi, bachchag‘ar! Ha, ishqilib orqangda bir kimsang bo‘lgani yaxshi. Qaysidir o‘tirishda shunday desam, Sarmonov domla: «Bo‘lmagan gap, hamma vaqt shunday bo‘lavermaydi, besh qo‘l barobar emas», deydi. Qarasam, rosa mahmadanalik qilmoqchi! «O‘zingiz kim bo‘bsiz, chetdan keladigan daromadingiz yo‘q, birovga foydangiz tegmaydi», dedim. «Nega tegmas ekan? Men, masalan, bolalarni o‘qitaman. Bundan ortiq foyda bormi? Odamlar o‘qimishli bo‘lsa, turmushimiz ham farovonlashadi», deydi yana. Men unga: «Bu sizning tenglamalaringiz emas, yaxshisi, boshni qotirmasdan tuzukroq boshpana qurib oling, muallim aka! Keyin har qancha karillasangiz yarashadi», dedim jahlim chiqib. Shunaqada, oshna…
U go‘yo hamma narsani o‘zi biladiganday, bu ishlarning mag‘zini chaqishga uninggina aqli yetadiganday maqtanib borardi. Hayot to‘g‘risidagi falsafalarini tinglaydigan odam topilganidan kayfi chog‘ bo‘lib ketgan edi go‘yo. Barcha aqli noqis, maydagap odamlarga o‘xshab O‘taganga ham qilingan ishlar, erishilgan muvaffaqiyatlarning o‘zi ozlik qilar, bu narsalarni yana kimgadir aytib maqtanish kerak edi. Men uning maqtanishlarini, do‘rillagan ovozini «miriqib» eshitib borayapman, me’damga zig‘ir yog‘day urardi. Buning ustiga: «Yo‘lda hayallaymiz», degani… Dilim tog‘larni o‘z komiga tortayotgan qorong‘u oqshom kabi kadarli edi. Enamning hay-haylab qarshilik ko‘rsatishiga qaramay bemahal yo‘lga chiqqanimga pushaymon yedim.
O‘tagan mashinani Baqirchiga burdi.
Zov etagidagi choqqina qishloq. Daladan suruv qaytgan, kechki sog‘im payti – qiz-juvonlar qutilarini ko‘tarib qo‘tonda turishar, har kim o‘zining uloq-qo‘zisi bog‘langan ko‘gan yonida echki-sovliqlarini poylashar edi. O‘tagan ularni va qarshidan hurib chiqqan itlarni chetlab o‘tib, paxsa devorli hovlilardan birining yonida tormoz berib sirgnalni bosdi. Boshiga xuddi O‘tagannikiday soyaboni keng shapka kiygan bir o‘spirin darrov shar qo‘zini sherigiga qoldirib, yonimizga keldi. Eski beqasam to‘nining ko‘kragiga yaqinda armiyadan kelgan akasining medalu nishonlarini taqib olgan bolakay ham unga ergashib kelib nariroqda to‘xtadi. U kabina tevaragida o‘ralashib turar, kir qo‘llarini mashinaning buferiga avaylab tekkizib ko‘rarkan, orqasidan kelgan boshqa bolaga shivirlar edi: «Zo‘r mashina ekana! Cho‘ldagi akamning ham xuddi shunaqa mashinasi bor, yap-yangi «Zil».
– Otang uydami? – deb so‘radi O‘tagan shapka kiygan o‘spirindan. – Bu yoqqa chaqirib qo‘y, oshna. Ey, sen, qizil askar! Mashinaga aylanishma birodar!
O‘spirin birpasda otasini boshlab chiqdi. Uning egnida har-har joyini kuya yegan qil chakmon halpillab turardi. U uzun, siyrak soqolini silab, avval O‘tagan bilan ko‘rishdi, keyin menga qo‘l uzatdi.
– Junqaychi charxlayotgan edim, kelganlaringdan xabarim yo‘q. Mashina bir gurillaganday bo‘ldi-yov xayolimda. Qani, O‘taganboy, tushinglar.
– Tushmaymiz, – dedi O‘tagan uning yelkasi osha qo‘ton tarafga qararkan, – vaqt yo‘q. Sizni qora qilib keldim, Boypo‘lat aka. Ozgina xari bor, o‘shani mashinaga olishib yuboring. Tumanda katta bir odamga va’da berganman, olaketay.
– Men… borolmayman, uka. O‘zing bilasan, xirmonda kechasi bilan urug‘ elaymiz. Nahorgacha taxt qilish kerak, bo‘lmasa telejkalar to‘xtab qoladi.
– Obbo, Boypo‘lat aka-ey! Xo‘p… endi bir ishim tushgan edida, ming qo‘yli boyning bir eshakliga ishi tushganday.
– Ha, ha, bu gaping haloli gap bo‘ldi. – Boypo‘lat aka nosdan sarg‘aygan, lekin terilgan guruchday bir tekis tishlarini ko‘rsatib tirjaydi. – Senga ham arzimiz bor. Mana, yaqinda no‘xatni bozorga eltib sotish kerak. Anavi giroy ukangizning qo‘lini halollash zarur.
U shunday deya, to‘niga medal taqqan bolani ko‘rsatdi. O‘tagan papiros olib chekdi.
– Ana, ko‘rdingizmi! No‘xatni biz eltamizda bozorga. Qo‘y-po‘y bo‘lsa ham, ortaverasiz. Sizdan yo‘lkira ham olmayman, duo qilsangiz bas. Oilangiz katta, kira haqi so‘rasam sizga jabr bo‘ladi.
– Ha, ha, yaqinda yettinchi azamat dunyoga keldi, bari yerman-icharman, – dedi Boypo‘lat aka va boyadan beri gurungga diqqat bilan quloq solib turgan bolalariga qarab qichqirdi: – Hov, nega turibsanlar, enang u yoqda shoshib yotibdi, qani, marsh! – Bolalar qo‘tonga tiraqaylab yugurishdi. – Shunday qilib, no‘xatni ortishing chinma? Yanagi shanbagaya? Yaxshi. Xari qayerda o‘zi?
– Gavazmaydonda. Cho‘ponlarga yozda kestirganman, naq bo‘lmasa esimdan ham chiqib ketayozibdi.
– Gavazda bo‘lsa, yo‘l chap ekanda. Moshina boradimi o‘zi? – deya tashvishlanib so‘radi Boypo‘lat aka.
– Boradi. Cho‘ponlarning kuch-ko‘ronini o‘zim tashiganman. Dehqonobodlik giroy cho‘pon borku, Amirali Eshboyev, o‘sha odam qo‘ylariga har yili Gavazning yo‘ng‘ichqasini yedirtirib ketadi. Biz u bilan To‘rqaga, hov Oqsuvning boshiga ham borganmiz. Eh-ey, bormagan yerim qoldima bu mashina jonivor bilan!
– Lekin Gavazning Qizilqiyasi yomonda sabil, ayniqsa, kechasi, – dedi Boypo‘lat aka, hali ham e’tiroz bildirib.
– Qizilqiya? Yomonligi chin, faqat mishiqi shofyorlar qo‘rqadi unaqa yerlardan, mendan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin!
O‘tagan qo‘tondagi bolalaru qiz-juvonlarni o‘ziga qaratib, xo-xolab kulardi. Uning kulgisi Boypo‘lat akaning ikkilanishlariga chek qo‘ydi, shekilli:
– Men qalinroq kiyinib olay bo‘lmasa, – deya uyiga shoshildi.
Birpasdan keyin u boshiga jiyaklarining qiri ketgan quloqchin, egniga guppaygan chopon kiyib chiqdi. Keyin zarur bir narsa esiga tushganday to‘xtab, O‘taganga qo‘l siltadi:
– Shoshma, O‘tagan! Biz hali o‘g‘ilchani o‘pib qo‘ymabmizku.
Ko‘gan yonida uning xotini qo‘y sog‘ar, shapka kiygan boyagi o‘spirin sovliqqa talpinib hadeb tipirchilayotgan olabosh qo‘zichoqni oyog‘idan ushlab turar edi. Nariroqda esa, sochlari mayda qilib o‘rilgan chiroyli qizcha chaqaloq ko‘tarib olgan. Chaqaloq ham xuddi olabosh qo‘zichoqqa o‘xshab enasiga talpinar, uncha qattiq bo‘lmasa ham, har qalay, g‘ayrat bilan inga-ingalar edi. Qizcha uni ovutish maqsadida, alla ohangida qandaydir so‘zlarni xirgoyi qilardi.
– Tezroq bo‘ling, ena, emmasa ko‘nmaydi buningiz, – deydi qizcha sabri tugab.
Boypo‘lat aka borib chaqaloqni qo‘liga oldi.
– Qani, bu yoqqa kelchi, polvontoy! Bizga kelsa, darrov yupanadida, a shovvoz?..
Chaqaloq esa yupanishni xayoliga ham keltirmas, otasining soqolini timdalab tinmay big‘illar edi.
– Ma, buningni emiz! Juda xumor bo‘p ketganga o‘xshaydi. Qorni to‘ymaguncha ota-potani tanimaydi enag‘ar!
Bola onasining qo‘liga o‘tgan zahoti tinchidi. Endi qo‘lchalarini silkitgancha maza qilib emardi. Ayol uning siyrak sochlarini silar, bundan o‘zi ham orom topayotgandek, yoqimli jilmayardi. Chaqaloq emib bo‘lgach, boshchasini chayqatib atrofga alangladi va tag‘in ko‘krakka intildi, lekin ayol bolaning boshidagi qalpog‘ini to‘g‘rilab, otasiga qaratdi. Boypo‘lat aka o‘g‘ilchasini yana qo‘liga olib o‘pdi.
Bu orada qo‘ylar sog‘ib bo‘lindi, cho‘pon ularni shomlatish uchun qir tomonga haydab ketdi. O‘tagan esa toqati toq bo‘lib papiros ketidan papiros tutatar edi.
– Obbo, rosa sog‘ingan ekanku chaqasini! – dedi u xunobi toshib. Keyin ketma-ket bobillatib signal berdi.
– Hozir, hozir! Mana, bo‘ldik, toychoqni bir o‘ynatdikda endi. Boryapman! – deb qichqirdi Boypo‘lat aka.
Chaqaloq endi uning qo‘lidan ketishni istamas, qanot qoqqan polaponday hadeb jajji qo‘lchalarini silkitar edi. Boypo‘lat aka uni xotiniga tutqazib, o‘rnidan turdi.
* * *
Mashina soy ichidagi Terakli qishlog‘ini, bir-biriga mingashgan tepalarni ortda qoldirib, shitob bilan Gavazmaydonga o‘rlab borardi. Paxmoq changalzorlarni shom qorong‘usi allaqachon zabt etgan, havoda chirigan archalarning namxush hidi anqiydi. Yovvoyi hidlar shu qadar toza va o‘tkir ediki… buni shahardan kelgan kishigina to‘liq his eta oladi.
– Xo‘-o‘sh, shuytib, sen nima qilib yuribsan? – deya mendan so‘radi. Boypo‘lat aka. Azbaroyi kayfi chog‘ligidan qo‘llarini bir-biriga ishqaladi. – O‘qishga ketayapsanmi? Nimalikka o‘qiyapsan? Muallim? Yasha! G‘ayrat qilibsan, ukam. Mening ham katta o‘g‘lim armiyadan keldi, hozir cho‘lda ishlab yuribdi. Picha pul topsin, keyin o‘qishga qo‘yaman.
– Lekin aslo o‘qituvchilikka qo‘ymang! – deya O‘tagan uning gapini bo‘ldi. – Nega deganingizda, bu asli xotinlarning ishi. Yigit odam sal oriyatli kasbning boshini tutgani ma’qul.
U raqibligini unutmagan, o‘rni keldi deguncha palag‘dasini men tomon otishga urinar, gapining nishonga qanchalik aniq tekkanini bilish maqsadida men tomonga ko‘z qirini tashladi. Basharasi sovuq yiltirardi, bu basharaga bexos musht tushirishdan o‘zimni zo‘rg‘a tutib turardim. Qachon tiyilar ekana? Qishloqda mendan o‘zga hamma, hatto qarindoshlarim bilan ham apoq-chapoq. Bu tuganmas g‘arazning siri nimada ekan? Gulsanamni mendan tortib olgan bo‘lsa… Akasining soyasida boyvachcha bo‘lib ayshini surib yuripti, yana nima alami qoldi menda?!
– Yangi imorat solayapman, sakkiz xonali, – dedi u Boypo‘lat akaga, keyin o‘zicha mag‘rurlangandek so‘radi: – Tomini shifer qilsammi yo tunuka? Siz nima deysiz?
– Bilmadim, uka, umrimda shifer bilan tunukaga ishim tushmagan. Ota-bobodan beri loy suvoq tomda yashab kelganmiz. A, bu zormondani topish qiyin deyishadi, chinmi?
– Qiyin ham gapmi! Hoziram shuning dardida chopib yuribman. Tumanda bir odam bilan gaplashdim. Anavi xarilar o‘shanga. O‘g‘liga sakkiz xonali uy qurayapti, to‘siniga archa yog‘ochidan qo‘ymoqchi. Hidi yaxshi emish, uyning havosini xushbo‘y qilib turarmish.
– Eha, odamlar archaning hidiga ham oshiq, deng. Bizga soya bo‘lsa bo‘ldi, hid-pidi bilan ishimiz yo‘q.
– Shunaqa, Boypo‘lat aka. Odamlar ilgarilab ketayapti. Nasib bo‘lsa, yog‘ochlarni omon-eson yetkazib borsam, ertaga o‘rniga shifer yuklab qaytaman.
– Qo‘lga tushib qolmada, ishqilib. Hozir nazorat qattiq, nega deganingda, tog‘larda archa kamayib ketayapti.
– O‘rmonchilardan qo‘rqmayman. Hatto boshlig‘idan ham! Ushlasa, kissasiga besh-o‘n so‘m solib qo‘yaman. Qaytanga, rahmat aytadi.
Keyin O‘tagan hushtak chalib, ashula aytib yubordi:
O-oy, shofyor bo‘lodurman:
Tormozini to‘g‘rilab,
Benzinidan o‘g‘irlab,
Yor, sani boqodurman!
O-oy, ferma bo‘lodurman:
Qog‘ozini to‘g‘rilab,
Qo‘ylaridan o‘g‘irlab,
Yor, sani boqodurman!
– Qo‘y, do‘rillama! Undan ko‘ra yo‘lga qara, – dedi Boypo‘lat aka beozor iljayib.
Mashina ingrana-ingrana baland qirga chiqib bordi. Qarshida archazor qurshagan ochiq maydon ko‘zga tashlanadi. Gavazmaydon degani mana shu joy. Bir paytlar bu yerlarda chindanam shoxlari tarvaqaylagan gavazlar (bug‘ilar) makon qurib, gusur-gusur chopishib yurishgandir, urg‘ochi talashib qars-qurs suzishgandir. Lekin hozir Gavazmaydon kimsasiz, cho‘ponlarning gulxanlari yonmas, itlari hurmas edi. Hamma allaqachon qish qo‘toniga qaytib ketgan. Endi Gavaz muazzam tog‘lar og‘ushida tungi ko‘l singari qorayib yotardi. Mashina nishablab asta-sekin zulmat qa’riga sho‘ng‘ib borardi. O‘ng tarafda qat-qat qoyalar tizilgan, so‘lda esa – Qizilqiya! U shu qadar tik va tubsiz ediki, pastda qop-qora bo‘shliqdan o‘zga hech vaqo ko‘rinmas, allaqayerdan soyning shaldiragan ovozi keladi, xolos.
– Bu yo‘llardan ko‘p yurganman. Bundan battarroqlari ham uchragan, – dedi O‘tagan parvoyi falak.
– Qaytishda ham shu yo‘ldan kelasanmi? – deb so‘radi Boypo‘lat aka.
– Bo‘lmasamchi! Gavazda boshqa yo‘l yo‘q. Qo‘rqayapsizmi? Qo‘rqmang, aka, men siz o‘ylagan mishiqi shofyorlardan emasman. Mana soylikka ham tushdik… Ah-ay! «Kelinoy»dan ayting, «Kelinoy»dan! E-hov, qoch, shayton! – U chakalakzor orasidan otilib chiqqan sap-sariq tulki ustiga mashinani bo‘kirtirib haydadi. Ammo tulki lip etib yo‘lning nariga tarafiga o‘tdi va masxara qilgandek tishlarini irjaytirib, archazorga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– Hah, padarla’nat! – deya afsus bilan bosh chayqadi O‘tagan. – Qutulib ketdiya!
– Boshqa nima ham qilarding jonivorni? Senga og‘iri tushayotgani yo‘qku, – deya po‘ng‘illadi Boypo‘lat aka.
– Og‘irligi tushayotgani yo‘q, lekin yo‘lingni tulki kesib o‘tdimi – tamom, ishing baroridan kelmaydi. Bo‘ri ko‘rsang, boshqa gap. Miltiq bo‘lganida, shartta otardim la’natini!
Mashina endi Gavazning chim yo‘lidan ravon yelar, chiroq nurlari qadimiy archa va zaranglarning quv shoxlarini yoritib, vodiy bag‘rini tilgancha qir tubiga yugurar edi.
O‘tagan mashinani zich o‘sgan archazor yonida to‘xtatdi.
– Keldik, qani, tushinglar, birodarlar.
Mashinaning motori, chirog‘i o‘chgan, o‘rmon zulmat qo‘ynida vahimali guvlar edi. Ahyon-ahyonda shoxlarni potirlatib qandaydir qushlar uchadi.
– Chirog‘ingni yoqib qo‘y, O‘tagan. Yog‘ochlar qayerda o‘zi? – dedi Boypo‘lat aka telpagining qulog‘ini tushurarkan.
– Shu yerda. Faqat, hammasi bir joyda emas.
– Qani, boshla bo‘lmasa. To‘playmiz, ortamiz, boshqa nima ham qilardik. Sen ham qarashasanmi, Nurali? Yo kabinada o‘tiraverasanmi? – dedi Boypo‘lat aka menga o‘girilib.
– Qarashadi, nega qarashmaydi? Kabinada balo bormi bunga? Uni sayrga olib kelganim yo‘q! – dedi O‘tagan va chirt etkazib tufladi. Tupugi yuzimga sachrab ketdi.
Agar O‘tagan erkinsibmi, manmansibmi, shu gaplarni aytmaganida, tupugi yuzimga sachramaganida, men yana indamay qo‘ya qolganimda hech nima bo‘lmas, hatto unga bemalol yog‘och tashishaverar ham edim, lekin gapi suyak-suyagimdan o‘tib ketdi. Unga yeb yuborgudek tikildim.
– Tashishmasam, xo‘sh, mabodo tashishmasam, nima!
O‘tagan bir zum kalovlandi, keyin birdan qah-qah urib kulib yubordi. Kulgusi kimsasiz o‘rmonda juda xunuk yangradi.
– Ha-ha, hali shundaymi? Kekirdagingni uzib tashlamasimdan, qani, marsh!..
U qarshimda qo‘llarini cho‘ntagidan chiqarmay, xuddi g‘ajib tashlamoqchidek qahr bilan tikilib turar, g‘iring demay oldiga tushishimni kutar edi. Men esa uning qayroqdek yiltirab turgan basharasiga qulochkashlab musht tushirdim. U gandiraklab ketdi, hamon qo‘lini cho‘ntagidan olmay menga hayrat bilan o‘qraydi.
– Nurali! Pushaymon qilasan, bola! Gavazda o‘liging qoladi, xudo ursin agar!
– Mayli, O‘tagan. Ikkimizdan birimiz yashashimiz kerak o‘zi!
Men uning yo‘g‘on bo‘ynini ko‘zlab yana urishga chog‘langan edim, Boypo‘lat aka hay-haylab oraga ko‘ndalang bo‘ldi. U bizning janjalimiz hazil emasligini endi payqagan edi.
– Iya, ikki oshna sho‘xlik qilayapti desam, silar chinakamiga tashlashayapsizlarku! Uyat bo‘ladi, hov, Nurali!
– Nima Nurali! Nega bitta men uyalishim kerak?! Sizlar shunday, doim oriyatli odamdan uyat talab qilasizlar, uyalmasa, ustiga mag‘zava to‘kib yurasizlar!
Shunday deya Boypo‘lat akani oradan itarib tashladim, lekin shu on chakkamga tarsillab musht tushdi, ko‘zlarimdan yarq etib olov chiqib ketdi. Chalqancha ag‘darilishimga sal qoldi. Meni oyoqda tutib qolgan sehrli kuch shu ediki, hozir yiqilsam, yana bir marta, ehtimol, oxirgi martadir, O‘tagandan sharmandalarcha yengilib, xarob bo‘lishim aniq. O‘zimni o‘nglab, raqibimga tikka tashlandim. Rosmana mushtlashuv endi boshlandi. Boypo‘lat aka bizni ayirolmay, chapak chalib atrofimizda gir-gir aylanardi. O‘taganning qo‘llari toshday qattiq, lekin qamrovi kalta edi. Buni sezib u o‘zini olib qochdi, payt poylab turib, quturgan yo‘lbarsday men tomon otildi, ombirday qo‘llari bilan bo‘ynimdan g‘ippa bo‘g‘ib o‘dag‘ayladi:
– Ho‘, itvachcha! Menga qo‘l ko‘tardingmi hali sen?! Mengaya! Itday bo‘g‘ib o‘ldiraman! Gulsanamga oshiq bo‘lgansana, haromi! Mening qonuniy xotinimgaya? Bizga teng bo‘lishni kim qo‘yibdi senlarga!..
Men qorniga zarb bilan tepdim, u bukchayib qoldi, bor kuchimni to‘plab ensasiga qo‘shqo‘llab tushirdim, yuztuban yiqildi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lganida yana tepdim, tepaverdim. Nihoyat! O‘rnidan turolmay qoldi. U chim ustida oyoqlarim tagida ayanchli bir alfozda yaralangan yirtqichdek to‘lg‘anib yotardi…
* * *
Qoq yarim kecha. Tarozi yulduzi Temirqoziq ustiga kelgan. O‘rmon qop-qora to‘lqinlar og‘ushida mavjlanadi. Quv archalarning yalang‘och tanalarini izg‘irin yalar, u yer-bu yerda tubidan qirqilgan navnihol archalarning shox-shabbalari atrofda sochilib yotibdi. Men to‘nkalardan birida majolsiz o‘tiribman. Yelkalarim shol bo‘lib qolganday qaqshaydi, musht zarbidan yorilgan chakkalarim lo‘qillaydi, ammo ta’riflab bo‘lmas sokinlik va xotirjamlik borlig‘imni qamragan. Hech qachon o‘zimni hozirgidek masrur, osuda sezmagandim. Ayni holatim yolg‘iz g‘oliblik nashidasi emas, go‘yo yelkamdan bosib yotgan qirq botmonlik tegirmon toshi ag‘darilgandek. Hayotimda men uchun juda muhim, ta’riflab bo‘lmas zaruriy hodisa yuz bergan edi.
…O‘taganning joni qattiq, hech narsa bo‘lmagandek Boypo‘lat aka bilan g‘ayrat qilib mashinaga yog‘och yuklayapti. Bunchalik jon kuydirishi boisi nimada ekan? Nega mushtlashdik? Yoki faylasuflarning tili bilan aytganda, yashash uchun kurashmikin bu? Lekin, u mendan itday kaltak yegan bo‘lsa ham, shuncha yog‘ochni yig‘ishtirib kelgan, endi pishillab, o‘lib-tirilib mashinaga ortayapti! Demak, u shuning uchun kurashadi. Men esa bo‘lak narsa uchun! Zulmat sukunati ichra, olisda – tog‘ning eng baland cho‘qqisida nolon bir ovoz yangradi, qop-qora o‘rmon uzra taralib singib ketdi. Bir ozdan keyin mungli ovoz yana qaytaladi. Tog‘da hilol sayrardi! Sayrashi qiz bolaning ovozidek tiniq va musiqiy. Yiroq-yiroqlardan kimnidir yoniga chorlar, ushalmagan asriy orzularidan hali ham umidvordek, nolasi yuraklarni sim-sim ezardi. Chakkamni zirqiratayogan og‘riq qaygadir chekildi – qushday yengil sezdim o‘zimni, ko‘ksimni ajib hislar to‘liqtirib, qaygadir oshiqar, talpinar edim… Nihoyat, baland cho‘qqiga yetdim. Go‘zal parivash bir qiz menga peshvoz chiqdi. Men uni og‘ushladim…
Yonimda kimdir «oh»lab yubordi. Cho‘chib boshimni ko‘tardim. Ko‘rganlarimning hammasi ro‘yo ekan, o‘ngimda esa… Boypo‘lat aka belini ushlagancha, ingranardi. Yoniga yugurib bordim.
– Nima qildi, Boypo‘lat aka?
– Hech… Belim sal … Xirmonda mertilgan.
U yog‘ochning yo‘g‘on tomonini qo‘lidan qo‘ymay nafrat bilan tikilib turgan O‘taganga gunohkorona boqardi.
– Siz sal damingizni oling, – dedim yog‘ochning ikkinchi uchidan olib.
Mashina bortiga chiqarib joylaganimizdagina uning zil-zambil ekanini sezdim. Paylarim zo‘riqib, uvishib ketdi. O‘taganga esa bu og‘irlik sira kor qilmasdi.
– Nechta bo‘ldi, O‘tagan? – deya so‘radi Boypo‘lat aka navbatdagi yog‘ochni olib o‘tayotganimizda.
– O‘ttizta. Nima edi? – deb to‘ng‘illadi O‘tagan.
– Yetar endi. Mashina tortolmay yurmasin tag‘in. Xo‘p de, uka, ko‘plik qiladida, mana, meni aytdi dersan…
Lekin O‘tagan birdan sensirab, uni jerkib tashladi:
– Aql o‘rgatma menga! He, yarimjon! Seni olib kelgan men ahmoq.
– Bas! Yetadi shunchasi, ketdik, – dedim men keskin qilib.
Bu safar O‘tagan bo‘ysundi. Boypo‘lat aka bilan birga yog‘ochlarni uch joyidan tortib bortga bog‘ladi. Ruchka aylantirib, motorni o‘t oldirdi.
Yo‘lga tushdik. Orqada huvillab qolayotgan Gavaz bilan xayolan xayrlashdim. Boypo‘lat aka telpagining qulog‘ini qaytarib qo‘ydi. Ishning bitganidan ko‘ngli tinchib, o‘rtamizda iljayib borardi.
– Sen xafa bo‘lma, O‘tagan, – dedi u yonidan noskadisini olib, bafurja nos chekarkan. – Boya yog‘ochni tashlab yubordim. Belim zirqirab ketdida. Xirmonda mertilgan. Bo‘lim boshlig‘i: «Bahona qilma!» deydi. Gapini qara! Men xirmonda o‘lib ishlayman, u kishim tumandan kelgan vakillar bilan aroq ichib yuribdi. Kelib yana dag‘dag‘a qilgani ortiqcha. Nima emish, beda urug‘ plani bajarilgani to‘g‘risida ertaga raport berish kerak, belingning mertilgan-pertilgani bilan ishim yo‘q, nima bo‘lsa, o‘zing qilgansan, javobini ham o‘zing berasan emish! Vakillar xoxolab kulishadi, deng. Har qaysisining qo‘ltig‘ida bittadan semiz papka!
O‘tagan unga qayrilib qaramas, dimog‘dorligidan asar ham qolmagan, xumday boshini orqaga tashlab, bir og‘iz ham gapirmay tumtayib borar edi. Yo‘lning tik joyiga yetganda zo‘riqib, yurishi sekinlagan mashinani abjirlik bilan quyi tezlikka oldi, do‘nglikda mashinani to‘xtatdi. Kabinadan tushib yo‘lni ko‘zdan kechirdi. Kichkina soychiqdan o‘tgach, yo‘l tubsiz jar yoqalab tag‘in tikka ko‘tarilib ketar edi. Qizilqiya! O‘tagan bir tormozni, bir gazni bosib, motorning ovoziga quloq tutgancha ishlashini tekshirib ko‘rdi.
– Bir marta gapimga kir, jon uka… – Oraga cho‘kkan sovuq sukunatni buzib Boypo‘lat aka yalinishga tushdi. – Yog‘ochdan o‘ntasini tushiraylik. Boshqa payt kelib olib ketarsan…
– Siz menga yana aql o‘rgatayapsizmi? Yigirmata yog‘ochni g‘ildiratib borib boshimga uramanmi? Shiferni siz katta xolangizning uyidan olib berasizmia?!
O‘taganning rangi bo‘zday oqarib ketgan, boya men bilan mushtlashganda yorilgan lablari titrar, mendan kaltak yegani uchunmi, asabiyroq edi. U arvohlariga sig‘indi, moy bosgan kurtkasining yengini shimardi. Motorning bor quvvatini ishga solib, mashinani soychadan o‘qday uchirib olib o‘tdi. Mashina shiddat bilan pishqirib, olg‘a intildi. Lekin bu tobora shashti so‘nib, hademay butkul holdan toyadigan o‘tkinchi shiddat ekani ko‘rinib turardi… Biz taxminan Qizilqiyaning oxirrog‘iga chiqib borardik. Pastdan soyning arang shildirashi, mashina tumshug‘ining naq yulduzlarga ro‘baro‘ bo‘layotgani shundan darak berardi. Motor azbaroyi zo‘riqib ketganidan hansirar, ayanchli ingranar edi. O‘taganning yuzidan duvillab ter quyiladi, g‘udranib tinmay hazrati Dovudga sig‘inadi. Lekin! Bir payt motor g‘ippa o‘chdi.
– Tormozni bos, tormozni!– deya qichqirib yubordi Boypo‘lat aka.
O‘tagan richagni kuch bilan siltab tortdi, ammo bu safar richag uning baquvvat qo‘llariga itoat etmadi. U jon talvasada tormozni bosib, baqirdi:
– Tush, Nurali! Tosh qo‘y g‘ildirakka! Tush… tezroq!!!
Kabinadan otilib tushganimda, uni o‘chgan mashina orqaga – tik nishabga tisarilib borardi. Yondagi g‘adir-budir qoyaga yuzimni urib olayozdim va g‘ichirlab, tobora tezlashib borayotgan mashina tagida qolmaslik uchun qoyaga qapishib, o‘zimni o‘ngladim. Oyog‘im ostda yotgan toshlardan birini olib g‘ildirak orqasiga tashladim. G‘ildirak toshga sal ilingandek bo‘ldiyu, biroq men ikkinchisiga engashganimda mashina toshni bir chetga surib tashlab, g‘izillab pastga ketdi. Men faqat kabina eshigining qarsillab yopilganiyu, O‘taganning: «Qoch, Boypo‘lat! Ot o‘zingni kabinadan!», degan telbalarcha hayqirig‘ini eshitdim, xolos. Birpasdan keyin boshqa bir gusirlagan dahshatli shovqin bu hayqiriqni bosib ketdi. Tog‘lar go‘yo qiyomat qo‘pganday o‘kirar, gumburlab aks -sado qaytarar edi…
Nihoyat, yeru ko‘kni larzaga keltirgan gumburlash tindi, shovqin soy tubiga singib, yo‘q bo‘lib ketdi. Men yo‘l ustida tanho qaqqayib turardim. Endi bu mash’um Qizilqiya bo‘m-bo‘sh. Unda yog‘och ortilgan mashinadan nom-nishon yo‘q, Boypo‘lat aka ham, unga so‘nggi bor: «Qoch!» deya telbalarcha hayqirgan O‘tagan ham! Gavazmaydonni o‘lim sukunati qamragan, tepada faqat yulduzlargina, go‘yo yerda sodir bo‘lgan fojiadan hayajonga tushgandek betinim parpirashar edi. Dahshatdan qaltiroq turdi. Kimsasiz zulmat yutib yuboradigandek tezroq bu yerdan qochgim kelardi…
Nogahon, jar tarafdan xirqiragan bo‘g‘iq ovoz eshitildi. Ingrayotgan odam edi. Odam! Hozir u kim bo‘lsa ham, menga dunyodagi jamiyki narsalardan azizroq tuyulardi. Men pastlab, ovoz egasini axtarib ketdim. Ovoz juda yaqindan eshitilardi, biroq hech qayerda qorasi yo‘q. Shunda men yurak yutib jar labiga engashdim va qoya bag‘rini yorib chiqqan zarangda osilib yotgan gavdani ko‘rdim. Gavda zarang shoxini jon-jahdi bilan changallab olgan, bir oyoqlab boshqasiga tayangancha, naq jahannam uzra zo‘rg‘a ilinib turar edi. Endi uni bu jahannamdan tortib olish kerak, lekin buning sira iloji yo‘q – salgina qaltis harakat uni ham, meni ham zovlar qa’riga tortib ketishi mumkin. Baribir, nimadir qilish, hech bo‘lmasa, urinib ko‘rish kerak. Uni bu ahvolda tashlab ketolmaymanku, axir. Pastga, yoniga enish, zarang tubiga oyoq qo‘yib gavdani tepaga tortish… yo‘q, bu xavfli; gavdani ko‘tarib yana jar ustiga qaytib chiqishga ko‘zim yetmasdi.
Nihoyat, tavakkaliga zov labidagi toshga tizzaladim va bir qo‘lim bilan zarang shoxiga tayangancha yuztuban engashib, ikkinchisi bilan gavdaning qo‘ltig‘idan ko‘tardim. Biroq u ayiqday og‘ir edi. Toshga yanada mahkamroq tayanib, bor kuchim bilan chiranib tortdim. Gavda yuqoriga bir gazcha ko‘tarildi, lekin xuddi shu payt tizzalarim bo‘shashib, o‘zimning jar tomon surilib borayotganimni sezib qoldim. Gavda zarang shoxlarini changallab tinmay tipirchilar va shu bilan meni ham tobora pastga tortqilar edi. Ikkimiz jahannam uzra tebranib, muallaq osilib turardik. Rosa terladim, darmonim qurib, chang yopishgan tanglayim qaqrab ketdi. Qo‘llarim esa bo‘shashgandan bo‘shashib borardi. Agar yana ozgina hayallasam, mash’um Qizilqiya bizni o‘z komiga tortib ketishi muqarrar edi… Og‘irligimni orqaga tashlab, ikkinchi qo‘limni ham qoyadan uzdim va qo‘shqo‘llab, g‘iyritabiiy kuch bilan siltab tortdim. Gavda xuddi pastdan uloqtirib yuborilganday otilib chiqdi va ikkimiz bir-birimizga chirmashgancha shag‘al aralash tuproq yo‘lga quladik…
– Voy, oyog‘im! Oh, Nurali! Oyog‘imni ko‘r, sinib ketgan!
Men shundagina uning O‘tagan ekanini payqadim. Oyog‘i poychasidan shartta sinib atrofida qon qotib qolgan, bir chekkasidan hamon sizib turar edi. Bo‘ynimdagi yupqa sharfni yechib, mahkam tang‘ib bog‘ladim. O‘tagan xiyla o‘ziga kelib, qo‘llariga tayanib qaddini rostlamoqchi bo‘ldi, ammo belini ololmadi. Keyinchalik ham oyoqqa turish unga nasib etmadi, bir umrga majruh bo‘lib qoldi…
– Mashina… Boypo‘lat aka… – Yon-veriga alanglab g‘udrandi u
– U ham kabinadan sakraganmidi?
O‘tagan javob qilmadi, pastga, qop-qora bo‘shliqqa ma’nisiz tikilardi.
– O‘zing qay mahal tushib qolding?
– Bilmayman nima bo‘lganini, xudo ursin, bilmayman! Xayolimda, u mendan oldin tushib qolganday… Yo‘q, eshikni ocholmadi chog‘i. Eh, peshonam sho‘r ekan, uning qoniga zomin bo‘ldim. La’nati zarang!.. Nimaga qutqarding meni, Nurali?! Nimaga? Axir, dushmanmizku! Abgor bo‘ldim, abgor…
U o‘zini tuproqqa otib, oldinga cho‘zilgan qo‘llari bilan shag‘al toshchalarni g‘ijimlagancha boshini to‘lg‘ab, o‘krab-o‘krab yig‘lar edi.
– Aljirama! – dedim. – Balki, u tirikdir… Men qarab kelaychi. O‘rningdan qimirlama!
Men pastlab ketdim. O‘n qadamcha yurib yo‘l ustida nimaningdir to‘ppaygan qorasini ko‘rdim. «Topdim!» degan quvonchli o‘y kechdi xayolimdan. Men hatto O‘taganga qichqirmoqchi ham bo‘ldim. Lekin, sabrim chidamay qora yoniga yugurdim va uning juda kichik narsaligini paypaslab ko‘rganimdagina payqab, bo‘shashib ketdim. Qo‘limga ilingan narsa Boypo‘lat akaning telpagi edi! Burilishda esa, yo‘lning jar tomoni o‘pirilib ketgan, aftidan, mashina xuddi shu yerdan Qizilqiyaga o‘qday uchgan. Men Boypo‘lat akani axtarib, chaqirib atrofga behuda chopardim, ko‘z ungimdan esa qanot qoqqan polaponday jajji qo‘lchalarini silkitib otasiga intilgan chaqaloq o‘tar edi…
* * *
O‘taganning zil-zambil gavdasini sudragancha, butkul holdan toyib qirraga chiqqanimda qoyalar uchiga tong shovgumi urgan, quyida Terakli, narida Baqirchi qishlog‘i bir hovuchgina bo‘lib ko‘rindi. Miltillagan yakkam-dukkam chiroqlar, itlarning hurgan ovozlari kishini ohangraboday o‘ziga chorlar edi. Orqada esa muazzam cho‘qqilar poyidagi archazor bag‘rida go‘zal Gavazmaydon yastanib yotibdi. Tog‘lar go‘yo fojiadan bexabardek asriy sukutini buzmagan, hech qanday falokat yuz bermagandek tongning oppoq, sokin yog‘dusiga cho‘milib, asta uyqudan bosh ko‘tarmoqda edi…
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 10-son