Habib Siddiq. Dalil (hajviya)

Korxonamizning mo‘jazgina majlislar zalini to‘ldirib o‘tiribmiz. Yuqori idora vakili yig‘ilish qilarmish. Kimdir qanday yangilik bo‘lar ekan deya qiziqish bilan, yana kimdir almisoqdan qolgan gaplarni yana takrorlaydi-da, deb ijirg‘anib o‘tiribdi.
Mehmonimiz uzoq kuttirmadi. Boshiga ayvonchali shapka kiygan, rangi o‘chgan eski katta papka ko‘targan ko‘zoynakli, qo‘ng‘izmo‘ylov kishi muovin bilan birga salmoqlanib kirib keldi.
Muovin odatdagi kirish so‘zidan so‘ng mehmonni tanishtirgach, mavzu dolzarbligini ta’kidladi. Chindan ham muhim masala. Axir, ko‘zbo‘yamachilikka qarshi kurash xususidagi gap har qanday odamni sergak torttiradi. Yolg‘on axborot, o‘rinsiz maqtanishdan zada bo‘lgan ko‘ngillarga malham bo‘ladigan suhbat bo‘larmikin-a?..
Papkasidagi qog‘ozlarini titkilab, bir varaqni olgan voiz viqor bilan minbarga chiqib, chuqur nafas oldi-da, zalga bir qur ko‘z tashladi. So‘ngra shoshilmay ma’ruza mavzusini takrorladi: “Ko‘zbo‘yamachilikka qarshi o‘t ochaylik!”
– Hammaga ma’lumki, ish faoliyatimizda onda-sonda bo‘lsa-da, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Bu esa jamiyatimiz taraqqiyotiga jiddiy to‘g‘anoq bo‘layotgani hech kimga sir emas…
Notiq bir nafas tin olib tinglovchilar orasidan kimnidir qidirdi, nihoyat mo‘ljalidagi odamni topdi, shekilli, birinchi qatorda o‘tirgan yosh yigitni imlab yoniga chaqirdi. Yigitning qulog‘iga shivirlab nimanidir astoydil tushuntirib, qo‘liga uyali telefonini berdi. Yigit “tushundim” deganday bosh siltab surat tushirishga hozirlandi. Voiz esa, bir tomoq qirib olgach, sarg‘aygan qog‘ozga ko‘z qadab ma’ruzasini davom ettirdi:
– Ko‘zbo‘yamachilik – taraqqiyot kushandasi. Unga qarshi barchamiz baravar kurashaylik. Shu boisdan ham hamma joyda yig‘ilishlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqdamiz…
Voizimiz ora-orada haligi yigitga ishora qilib har xil ko‘rinishlarda suratga tushganda ma’ruzada uzilishlar ham bo‘lib turdi. Shu paytda visir-visir qilib gaplashgan ham, o‘zini tutolmay piqillab kulgan ham bo‘ldi. Bunga notiq e’tibor bermagan bo‘lsa-da, muovin tomoq qirib zalni tinchlantirdi.
Notiq hech narsadan bexabarday o‘z so‘zini avj pardalarda davom ettirdi:
– O‘zinglar aytinglar-chi, noto‘g‘ri hisobot va ma’lumotlardan kimga foydayu kimga ziyon?..
Bu gaplarni minginchi marta eshitib, kimdir esnadi, kimdir mizg‘iy boshladi, boshqasi esa, qo‘l telefonini kovlashga tushdi. Notiq ham suratga olayotgan yigitga “Bo‘ldimi?” deganday savol nazari bilan qarab, undan tasdiq ishorasini olgach, yana zalga jiddiy yuzlandi:
– Qanday savollar bor?.. Tortinmanglar.
Hech kimdan sado chiqmadi. Chunki hamma suvi aynigan ko‘lmakka o‘xshagan bu yig‘in tezroq tugasayu har kim o‘z ishini qilsa, deb bezovta o‘tirardi.
– Hammasi tushunarli bo‘lsa yaxshi, – dedi notiq o‘zicha xursand bo‘lib. – Siz o‘rningizdan turing-a, – dedi so‘ngra ikkinchi qatorda o‘tirgan o‘rta yashar juvonga ishora qilib. – Ha-ha siz, bir daqiqaga. Savol berayotganday bo‘lib turing, darrov suratga muhrlab qo‘yamiz… Ana bo‘ldi… Yana bir kishi… kim tushadi?.. Faolroq bo‘linglar… Qani, siz turing… Ha-ha, savol berayotganday, o‘ng qo‘lingizni ko‘tarib¬roq jiddiyroq turing-a… Qani, uka, tezroq suratga oling. Bo‘ldimi?.. Ha, yashang… Endi-chi… Siz, uka, bahsga kirishganday bo‘lib turing… Vo‘-vo‘-vo‘, juda o‘xshadi. Gap yo‘q! Nima?.. Shosh¬yapsizlarmi?.. Bo‘ldi, bo‘ldi. O‘zim ham shoshib turibman. Faqat, ertaga mana shu suratlar gapiradi-da. Endi bugungi ma’ruzamizning qiziqarli, o‘zaro muloqot asosida, savol-javoblar bilan o‘tganligiga dalillar yetarli bo‘ldi, – deya uyali telefonini ko‘tarib ko‘rsatgancha mamnun jilmaydi. – Salomat bo‘linglar.

“O‘zAS”dan olindi.