Gulnoz Mamarasulova. Begona (hikoya)

Vaqt shunchalar beshafqatmi?! Yo umr o‘tkinchimi?! Vaqtning, umrning oqar daryoligi haqida garchand ko‘p eshitsamda, asl mohiyatiga tushunib yetmas edim. Buning naqadar haq gapligiga endi qattiq amin bo‘ldim. Bu gaplarning ma’nosini qalbimdan o‘tqizmagan ekanman. Ehtimol men ham umrimning yarmidan oshig‘ini yashab qo‘ygandirman! Ehtimol… O, hayot nega axir?! Uni uchratdim. Holi-abgorni uchratdim… Hudo haqqi, men uni qarg‘amagandim. To‘g‘ri, ne-ne azoblarni tortdim u sababli. Biroq unga yomonlikni ravo ko‘rmagandim. Gaplarim rost! Uni shuncha yildan so‘ng uchratishim hayolimga ham kelmagandi. Oradan shuncha yillar o‘tibdi. Bu vaqt ichida taqdirga tan berdim. Uylandim, uchta farzandli bo‘ldim. U-chi… U nima qildi ekan?… Yoshlik chog‘larimdagi shirin hislar vujudimni bir zumga chulg‘adi-yu keyin g‘azab qoni tomirimda yugura boshladi. Beixtiyor qo‘llarim musht bo‘lib tugildi…
Yoz chillasining o‘rtalari edi. Quyosh o‘z nurlarini yerdan zarracha ayamay, avjiga chiqib qizdirar, ko‘cha-ko‘yda bu mahalda zog‘ ko‘rinmasdi. Hatto tashqarida chelakda qolgan suvlarga qo‘l suqsangiz, oftob taftidan kuydiradigan darajada isib qolgandi. Men ham kuni bo‘yi ishxonamdan chiqmay, hisob-kitob ishlari bilan band bo‘ldim. Tushdan keyin xonamdagi telefon jiringlab qoldi.
– Alo? – xotinimning ovozi edi. – Yaxshimisiz, dadasi? Charchamadingizmi? – savoliga javob olgach, davom etdi u. – Nozimani badaniga issiqliq toshgan edi-ku, hech qaytmayaptida. Bugun do‘xtir bilan yana gaplashdim. Biror salqinroq joyga borib, bir necha kun turib kelishimizni maslahat berayapti. Hayolimga Zomin tog‘i keldi. Ancha bahavo joylar, deb eshitgandim. Nima deysiz shunga?
Ishxonamda garchand konditsoner bo‘lsada, doimiy ravishda yoqib qo‘yavermayman. Negadir shuni ishlatsam, oyoq-qo‘llarim zirqirab og‘rib, bir ishga qo‘lim bormaydi. Shu sababli, ko‘pincha o‘chiq turardi. Xonamni bir muzlatib olardim-u shu bilan xadeb uni yoqavermasdim. Ayni issiqdan qiynalib o‘tirgan mahalim xotin qo‘ng‘iroq qilib, bu taklifni kiritgani juda yoqib tushdi.
– Yaxshi! – dedim darhol uning gapini ma’qullab. – Sizlar narsalarni yig‘ib, hozirlik qo‘raveringlar! Men boshliqdan ruhsat olib, uyga qaytaman.
Bolalar ham gap poylab turgan shekilli telefondan ularning shodon qiyqiriqlari eshitildi. Mening ham yuzimga tabassum yugurdi.Firmaning ishlari ko‘pligi bois anchadan buyon mehnat ta’tilisiz ishlayotgandim. Rahbarimiz “kerak vaqtida so‘rasangiz” degani uchun dam olishga chiqmay yurgandim. Mana endi o‘sha vaqt keldi.
Ish payti tugashiga yaqin boshliqning oldiga kirdim. Firmada ish qaynardi. Uzoq vaqtga javob so‘ramaganim uchun boshliq ham rad qilolmadi. Mashinaga o‘tirdim-u to‘g‘ri bozorga haydadim. Tog‘ sayri uchun kerakli yeguliklarni oldim: meva-chevalar, tarvuz-qovun, non, sabzavotlar va qolgan mayda-chuydalar.
Tong otishini bolalar intiqlik bilan kutishdi. Ularning oila davrasida dam olishni sog‘inganini, birgalikda uzoq yo‘lga otlanishni istashayotganini yorqin ko‘zlaridan sezish mumkin edi. Shunday qilib, saharlab yo‘lga chiqdik. Yo‘l-yo‘lakay bolalar mashinada yangrayotgan qo‘shiqqa jo‘r bo‘lishdi, muzqaymoq yeyishdi va uxlab ham qolishdi. To‘rt soat deganda so‘lim go‘sha Zominga kirib keldik. Tog‘ning yuqori qismi tomon mashinalar g‘izillab qatnardi. Go‘yo odamlar chillaning jaziramasidan qochib, tog‘ yonbag‘irlari orasiga yashirinish uchun oshiqardi. Tepaga chiqqaningiz sayin mashina oynasidan tobora muzdek havo urilib, o‘pkani to‘ldirardi. Tabiatning mo‘jizasini qarang! Hozirgina oynani ochsangiz o‘ta issiq havo urilib, nafasni bo‘g‘ayotgandi. Bir zumda bo‘g‘riqishdan xolis bo‘ldik. Endi toza salqin havo aralash, dimoqqa turli o‘t-o‘lanlar, giyohlar, tog‘ archasi hidi chippa yopishardi.
Tog‘ tepasigacha faqatgina bitta yo‘l tushgan: ikkita mashina arang sig‘adigan yo‘l. Bir yonda past-baland qir-adirlar, boshqa tomonda esa ulkan suv ombori. Yana bir necha kilometrlarni bosib o‘tganimizdan so‘ng shoshib-surinib oqayotgan jo‘shqin soylar va quyuq archazorlarga duch keldik. Yo‘l chetlarida qator choyxonalar tushib, taxtadan yasalgan so‘rilar sharillab oqayotgan soyning ustida qurilgandi. Oilaviy tamaddi qilib olish uchun ulardan biriga to‘xtadik. Anchadan beri bunday toza havoni ko‘rmagan o‘pkamni to‘o‘-o‘ldirib nafas oldim. O, qanday rohat! Oyoqlarning chigalini yozib, ovqat tayyor bo‘lguniga qadar bolalar bilan biroz suv kechdik. Tog‘ tepasidagi qorlarning erishidan hosil bo‘lgan suv huddi muzlatgichda saqlangandek edi go‘yo. Bir zumda bolalar sovqotib, so‘ri ustiga chiqib oyoqlarini ko‘rpacha ostiga o‘rab olishdi. Qator-qator supalar odamlar bilan gavjum, chamamda, barcha to‘yib-to‘yib nafas olish bilan band edi. Saxarlab yengil nonushtani qilar-qilmay shoshilib chiqqanimiz uchun korin ham do‘mbira chala boshladi. Vanihoyat, dasturxonga taom tortilgan edi hamki, boshdan oyoq kiyimga o‘ranib olgan bir ayol yonimizda paydo bo‘ldi.
– Turli dorivor giyohlar olmaysizmi? – so‘radi u siniq tovushda.
Unga qarashgada holim yo‘q, boshim ovqatda edi.
– Kechirasiz, ovqatlanib olaylik! Ko‘rmayapsizmi?! – javob berdi xotinim uning bemahal kelganiga zarda qilib. Mening ichimdan ham shu gaplar o‘tib turgandi. Biroq negadir iymanibgina so‘ragan juvonga rahmim keldi. O‘zimni g‘alati sezardim. Cho‘ntagimdan shartta pul olib, unga tutdim. Biroq ayol ortiga o‘girilib keta boshlagandi. Uning qadam tashlashlari menga kimnidir eslatib yubordi. Biroq hozir uni o‘ylaydigan vaqt emas, qorinni o‘ylash vaqti edi.
Tushlikni yeb bo‘lgach, yana biroz dam oldik. Bolalar u yoqdan bu yoqqa yugurishdi, suv kechishdi, gul terishdi. So‘ng yana manzilga otlandik. Mashinani haydab borar ekanman, avtomobil qatnovi siyraklashib qolganini payqadim. Yo‘lovchilarim turfa manzaralarni tomosha qilib borardi. To‘satdan qizim Nozima qichqirib yubordi:
– Dada, to‘xtang! Boyagi ayol qo‘l siltayapti, – dedi yo‘lning narirog‘ida daraxt tagida ko‘rinar-ko‘rinmas o‘tirgan ayolga ishora qilib. – Uni ham olib ketaylik, – dedi u yolvorib negadir.
– Voy, mening rahmdil qizim-ey! Mayli, sazang o‘lmasin! Sig‘ishib olsalaring bo‘lgani, – deya to‘xtadim darhol.
Juvon tezda tushib kelib, mashinaga o‘tirmoqchi bo‘ldi-yu negadir tortindimi, ishqilib o‘ylanib qoldi.
– Nega turibsiz? O‘tiring! – dedim hayron bo‘lib.
U orqa o‘rindiqqa, bolalarning yoniga joylashdi. Qo‘lida xaltasi ham bor edi. Yuzi esa yarim yopiq, peshonasidagi holi, ko‘zlari va qoshi arang ko‘rinardi, xalos.
– Malol kelmasa, tepadagi qishloqqa yetib olsam, – dedi u siniq ovozda tag‘in.
– Biz ham shu tarafga ketayapmiz. Yo‘limiz ekan-ku! – dedi xotinim uni hijolat qilmaslik uchun. Aslida ham yuqori qishloqqa yetguncha bittagina yo‘l bor.
Yo‘l-yo‘lakay giyohchi juvonning menga ko‘z qiri bilan tikilayotganini payqab qoldim. “G‘alati ayol ekan” – deya o‘yladim mashinani boshqarib borar ekanman. Nega o‘qtin-o‘qtin menga ko‘z tashlab qo‘yadi? Ehtimol, meni tanir! Ehtimol, men ham uni tanirman! Yo‘q, meni bu taraflarda itim ham adashgani yo‘q. Hech qanday tanishim ham bo‘lishi mumkin emas. Turli o‘y-hayollar bilan manzilga yetib keldik. U ayol ham deyarli biz buyurtma qilib qo‘ygan dam olish maskanining yonidagi xonadonda yashar ekan. Hammamiz ulovdan tushdik.
Yaxshiyamki, zominlik hamkasbim bor ekan. U bo‘lmaganda turar joysiz qolardik. Buni bizga berilgan ikki xonalik ijara uychaga joylashib chiqqanimizdan so‘ng angladim. Bolalarni onasi bilan qoldirib, katta bog‘ tomon yurdim. Ayrim qulayliklar yo‘qligi sababli, boshqa boshpana izlash maqsadida atrofni ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldim. Bu maskanda bizniki kabi dachalardan ko‘pi bor edi. Hammasi har xil joyda joylashgan. Tog‘li hudud bo‘lgani uchun xavfsiz yerlarga qurilgandi. Uylar orasidagi katta soy suvi to‘lqinlanib – hapqirib oqar, toshdan-toshga urilib oqardi. Ayniqsa, asr payti yaqinlashib qolgan kunning bu qismida qor erishi tezlashib, suvning sathi ham balandlashgandi. Daraxtlarda hanuz o‘rik pishib turganini ko‘rib hayratlandim. Biz taraflarda allaqachon o‘rik mavsumi o‘tib bo‘lgan edi. Kun salqinligi hisobiga hosili endi yetilgan, shekilli.
Bu joylarning egasini topib, boshqa dachaga ko‘chish niyatida odamlardan so‘ray-so‘ray pastga tushdim. Dam olish maskanining kirish tarafida, soy bo‘yida o‘tirgan kimsaga ko‘zim tushdi. Uzoqroqda bo‘lganim va uning ustiga o‘sha kimsa ham egilgan holatda turgani uchunmi uning ayolmi-erkakmi, kimligini farqlay olmadim.
– Hoy, yaxshimisiz? Bir narsani so‘ramoqchi edim, – deya unga tomon yaqinlashdim. Soyning shovqini sabab, avvaliga u meni eshitmadi. Yaqinroq keldim. Ayol kishi ekan. – Kechirasiz, opa, bu yerlarni yaxshi bilasizmi? – so‘radim tag‘in uch-to‘rt qadam narida turib.
U qanaqadir o‘t-o‘lanlarni yuvib, so‘ng idishga solardi. Juvon men tomonga o‘girildi-yu birdan rangi oqardi. Kiyimidan va ko‘z qarashlaridan boyagi biz bilan kelgan yo‘lovchi ekanligini angladim. U o‘rnidan turib, kiyimlarini to‘g‘irladi. Boshida qiyshayib qolgan ro‘molini qayta o‘rashga chog‘landi. U negadir titrab ketgandek tuyuldi menga. Nega u o‘zini g‘alati tutayapti! Ehtimol, boya dalada giyoh terib yurganida boshidan quyosh o‘tgandir. Balki hozir sovuqqotgandir! Qo‘llari ham qaltirab, ro‘molini bog‘lay olmayaptimi?! Hech narsaga tushuna olmay turardim. Biroq uning nimasidir tanish va uni avval qayerdadir uchratganimni endi sal-sal eslaganday bo‘ldim. Ammo mening bunchalar holi abgor tanishim yo‘q edida! Ayol o‘rta bo‘yli, oriq ham semiz ham emasdi. Yuzlarini ajin va yana allambalolar qoplagan, ko‘zlari juda ma’yus edi. Peshonasida, chap qoshining ustida mittigina holi bor ayolni oldin qayerdadir uchratgandim. Biroq aniq qachon va qayerda ekanligini eslolmadim.
– Nega kelding?! – ayolning dabdurustdan bergan savolidan gangib qoldim. Atrofga alangladim, balki mendan boshqa odam ham bordir bu yerda. Afsuski, hech zog‘ yo‘q edi.
– Mendan so‘rayapsizmi? – hayratlanganimni yashirmadim.
Juvon bir zum o‘yga tolib qoldi. O‘ychan nigohi bilan menga tikilib turardi-yu go‘yo buni o‘zi ham sezmasdi. O‘zi aytgan gapidan afsuslanish kayfiyatini sezdim nigohida. Ko‘pga cho‘zilmadi, ortimdan ergashib kelgan, shekilli, qizimning ovozi yangradi:
– Dadaaa! – qo‘l siltadi u naridan turib.
– Sen bu yoqqa tushma, Nozima! – dedim qiya yo‘lak bo‘lgani uchun uning sirpanib ketishidan cho‘chib. Juvon menga yarq etib qaradi. Nimadir demoqchi bo‘ldi-yu indamadi. Biroq lablarining harakatidan “Nozima” deganini ilg‘adim.
Tavba! G‘alati ekan! Menga sensirab gapirdimi?! Huddi yuz yillik qadrdonidek! Kim bo‘lsa u?! Har yil savollar boshimda g‘ujg‘on o‘ynardi. Bir zumda kech tushdi. Ovqatlangani umumiy oshxonaga chiqdik. O‘zimiz bilan olib kelgan yeguliklardan harna olvoldik. Bu yerda uch mahal ovqat berishar ekan. Ha, aytgancha, gapim chala qolgandi. Hamkasbim oldindan telefon orqali joyni band qilib qo‘yib, katta yordami tegdi. Umuman yaqin atrofda na bir bo‘sh xonadon, na bo‘sh dachalar bor: hamma joylar liq to‘la edi. Dam oluvchilar yozda oylab bu yerlarga kelib yashar ekan. Eshitishimcha, turli kasalliklarga, aynisa, nafas yo‘llari, bronxit, astma va bo‘qoq kabilar bilan og‘riganlar yozda Zomin tog‘ yonbag‘irlarida jon saqlashar ekan. Biz esa ishlarim ko‘pligi sababli bor-yo‘g‘i uch kunga kelgandik. Sharoiti juda qulay bo‘lmasada, beshovlon kichik hujrada boriga shukr qilib tongni otqizdik. Bolalarning quvonchi o‘ziga sig‘masdi. Kunduzi yon atrofni aylanib, sayrga chiqdik. O‘zimni har qancha chalg‘itishga urinmay, kechagi ayolning siymosi ko‘z oldimdan ketmasdi. Hatto o‘zim ham nega bunday bo‘layotganini tushunmasdim. Mazza qilib dam olaman degandim-u lekin ko‘nglim notinch edi.
Tushdan so‘ng bolalar onasi bilan kichik sharshara tomon ketishdi. Men ishga doir bir nechta hujjatlarni to‘ldirib qaytishim kerak edi. Ularni o‘zim bilan ola kelgandim. Shu shart bilan aslida boshliq ketishimga ruhsat bergandi. Hamma ketgach, hisob-kitoblarim bilan yana mashg‘ul bo‘lib kech tushganini ham sezmay qolibman.
– Biz keldik, dada! – o‘g‘limning ovozi eshitildi. Yugurib kelgan, shekilli, hansirab nafas olardi u. Ortidan qolganlar ham birin-ketin kirib kelishdi.
Xotinim ozroq oqsoqlanib qadam tashlaganini sezdim. Buni so‘rashga ham ulgurmasimdan, kencha qizim axborot berishga kirishdi:
– Dada, bilasizmi? – dedi u ko‘zlarini katta-katta ochib, odatda nimadandir hayratlansa, shunday qilardi u. – Oyim, suvda sirpanib ketib, oyog‘ini qayirib oldi. Keyin kecha mashinada biz bilan kelgan xola bor-ku, o‘sha xola oyimni oyog‘iga malham qo‘yib, bog‘lab qo‘ydi.
– Yaxshiyam, bizga o‘sha ayol ro‘baro bo‘ldi. Bo‘lmasa, bir qadam ham tashlay olmayotgandim, – qo‘shimcha qildi onasi.
– U yana nima qilib, o‘ralashib yurgan ekan u yoqda? – so‘radim men.
– Nima ham qilardi! O‘t-o‘lanlar terib yurgan, shekilli, – javob berdi onasi.
– Aytgancha, dada, undan ismini so‘rab oldim. Xola bilan adash ekanmiz. Ismi Nozima ekan! – bolalar negadir kulib yuborishdi.
– Qari va xunik Nozima! – dedi o‘g‘lim qiqirlab kularkan.
Onasi ularni tartibga chaqirib, birovning ustidan kulmaslik kerakligi haqida tanbeh bera boshladi.
Nozima… Men dahshatdan qotib qolgandim. O‘sha ko‘zlar! O‘sha xol! Faqat mana shulargina Nozimani eslatardi, halos. Butun oliygoh yigitlarini o‘ziga oshiq-moshiq qilgan, go‘zalligi bilan qizlarning xasadini keltirgan va meni ishqida adoyi tamom qilgan Nozima bo‘lsa, nahot! O, Xudoyim! Nahotki, Nozimani uchratgan bo‘lsam! Bo‘lishi mumkin emas! Axir inson shunchalar o‘zgarib ketishi mumkinmi?! Bunga ishonish qiyin… Yo‘q, ishonib bo‘lmaydi. Qanchalab yigitlarning qalbiga sevgi o‘tini yoqqan go‘zal, nahot shu ayol bo‘lsa! Yo, Tangrim! Nega hayot bu qadar beshavqat! Nega bandalaringa go‘zallik tuhfa qilasan-u yana bunchalar xo‘rlab uni tortib olasan?! Men tanigan, men bilgan qizdan, hatto asar ham qolmagan. Qanchalar dahshat! Qanchalar zolim bu vaqt deganlari! Hech kimni ayab o‘tirmaydi na yosh-u qarini, na sohibjamol-u mahluqni!
Men butunlay tamom bo‘lgandim. Uning bu ko‘yga tushishida ich-ichimdan o‘zimni ham ayblardim, ehtimol… Biz bir-birimizni telbalarcha sevardik. Yo‘q! Faqat men sevibman, men kuyib-yonibman. Nozima esa meni ermak qilgan. Shunchaki vaqtinchalik men bilan sevishganlar rolini o‘ynagan. Aks holda, meni tashlab, boshqasiga turmushga chiqib ketmasdi. Boylik uchun mendan voz kechmasdi. Axir undan qayta-qayta so‘radim: “Seni majburlashayotgandir? Men bilan ket! Sen uchun har nega tayyorman” – deya unga yolvordim. U esa nazariga ilmadi. Sevgimni o‘yinchoq qildi. Meni yer bilan bitta qildi. Yillar o‘tdi. Taqdir hukmiga, ota-ona rizoliga bo‘ysunib, oila qurdim. Farzandlar ko‘rdim. Biroq kencha qizimga uning ismini men qo‘ymadim. Aslo xiyonatkorning ismini men qo‘ymadim! Balki, taqdir taqozosi shuni ravo ko‘rgandir: qaynonam qattiq shu ismni xohladi. O‘tmishimni yodga solsada, qarshilik qilolmadim. Faqat uni uchratgan onimga la’natlar aytdim. Eh, taqdir o‘yinini qarang! Oradan shuncha vaqt o‘tib, uni shu holatda uchratdim. Lekin men unga buni tilamagandim. Men uni qarg‘aganim yo‘q, axir. Yurak bag‘rimni ezib ketgan bo‘lsada, faqat baxt tiladim, insof tiladim. Yuragim negadir behuzur va behalovat urar, go‘yoki havo yetishmasdi menga. Biroz o‘zimga kelib olish uchun tashqariga otildim. Ortimdan xotinimning ovozi eshitildi:
– Dadasi, qarang-a, anavi xolani qo‘liga uch-to‘rt so‘m berib ko‘yish hayolimga kelmabdi. Har qalay qandaydir malham qo‘ygandi, oyog‘im yaxshi bo‘lib qoldi. Mabodo xolaga ko‘zingiz tushsa, xayr-sadaqa qilarsiz!
Xola… Afsuski, u qarib, shu yoshida “xola” bo‘lib qolgandi. Ne azoblar uni bu ko‘yga solgan bo‘lsa?! Turmushning to‘rt mushi uni tog‘lar orasiga uloqtirdimi? Yoki odamlarning nazaridan qochib, shu tog‘lar orasiga yashirindimi?! Ming xil o‘y-hayollar domiga g‘arq bo‘lib, kecha uni uchratgan soy bo‘yiga kelib qolibman. Nozima soy bo‘yida edi… Bir vaqtlar meniki bo‘lgan Nozima shu yerda edi. Ammo avvalgi chiroy, latofat-u nazokatdan zarracha ham yo‘q edi. Buni ko‘rish naqadar og‘ir! Naqadar ayanchli!
– Baribir bir kunmas, bir kun seni uchratishimni bilardim. Lekin bunchalar tez bo‘lishini o‘ylamagandim… – dedim og‘iz juftlab.
– Va meni bunchalar abgor holda ko‘rishni ham hayolinga keltirmagansan… Hatto taniyolmaydigan darajada! Haa, bu men edim, – chuqur xo‘rsindi u. – Taqdir charxpalagi aylanib, bu yerlarga kelib qoldim. To‘g‘rirog‘i, majbur bo‘ldim. Senga qilgan xiyonatim, sof muhabbatga bevafoligim uchun jazoimni oldim. Erim maishatparast edi. Meni uyga tamomila qamab, ko‘chaga chiqarmasdi. Jamiyatdan uzib qo‘ygani yetmagandek, har kuni do‘pposlardi. It kunini boshimga soldi. Zo‘rg‘a undan ajrab qutuldim. Hatto bolamni ham menga qarshi qayrab, mendan uni judo qildi. Oxir-oqibat vrachlar og‘ir hastalikka chalinganimni aytishdi. Faqatgina mana shu tog‘ havosigina umrimni uzaytirishi mumkin ekan. Yashash uchun kurashayapman. Qo‘limdan kelgan ishni qilib, tog‘-u toshlar orasida jon saqlab yuribman. Har kuni hammasi uchun ming bora pushaymon chekaman. Garchand kech bo‘lsada, gunohlarimga afv so‘rayman. Meni kechira olsang agar, kechir!
O‘sha shahlo ko‘zlari bir zumga chaqnab ketdi nazarimda. Yo‘q, ular liq yoshga to‘la edi. Afsus-nadomat yoshlariga to‘la edi uning ko‘zlari. U o‘rnidan turib, keta boshladi. Men esa karaxt holda qotib qolgandim. Na bir so‘z va na bir harakatsiz turardim men. Hayolimda esa bitta o‘y aylanardi: U Nozima emas. Umuman bir begona odam. Shunchaki bir yo‘lovchi, ehtimol.