Asqad Muxtor. Etik (hikoya)

Abdurasulev yerga ursa sapchigudek miqti, oydekkina tepakali — qarilik nishonasi emas, salobat, sipolik, yana nima desak, ziyolilik alomatidir. Hamma uni serg‘ayrat, ishchan xodim deb biladi. Xullas, hali-beri o‘ladigan odamga o‘xshamaydi, lekin, ajabki, uning o‘z o‘limi bot-bot xayoliga keladigan bo‘lib qolgan.

Ajab deb, nimasi ajab, bandasi bu dunyoda mehmon, deganlar. Darvoqe, Abdurasulevning xayolida o‘lim bir qazo yoki kulfat tarzida emas, o‘ziga xos voqea, marosim, katta ma’raka sifatida namoyon bo‘lardi. Ertalab gazetalarda lop etib ta’ziyalar chiqqan unga ministru kazo-kazolar imzo chekkan, mahalla-ko‘y, katta-kichik oyoqqa turgan… Mahalla-ko‘y yana o‘zi biladi-yu, ammo idoraning kiraverishida miting bo‘lishi aniq. Mashinalar harakati to‘xtatilgan, chorraha to‘la odam, qator gulchambarlar kelyapti, kelyapti, kelyapti… Jiddiy, g‘amgin odamlar saf tortib, qizil tobut yonidan bosh egib… aytgandek, faxriy qorovulda kimlar? Nega bo‘lmas ekan faxriy qorovul? Har holda kimsan — sobiq arxitektor, fan kandidati, san’at ishlari boshqarmasining mas’ul xodimi o‘lib o‘tiribdi!.. Nega bo‘lmas ekan, bo‘ladi. Abdurasulev bunday marosimlarning udumlarini, darajalarini besh qo‘lday biladi: kimga surati bilan, kimga shunchaki «bir guruh o‘rtoqlari», kimga muzika-yu, kimga miting… Bari qoidalik. Kimga Chig‘atoyu kimga Minor — har kimning tirikligidayoq aytib berishi mumkin. Chunki idorada necha yildan beri dafn komissiyasiki tuzildimi — albatta Abdurasulevni rais qilib saylashadi. Ayniqsa, biron veteran yoki keksa pensioner (o‘lim — haq, lekin, baribir, xudo saqlasin) vafot etib qolguday bo‘lsa, darrov hammaning tiliga Abdurasulev keladi. O‘zi ham qoyillatadi-da Abdurasulev! Bironta odam, hatto bola-chaqa ham marosimdan chetda qolmaydi. Qizil tasmalar, medal chandiladigan bolishchalar… Oh. oh, oh iloji topilsa-yu, qani endi odam o‘z marosimiga ham rais bo‘la olsa! Aza emas, yubiley qilivorardi Abdurasulev. Bunday obro‘-ishonch unga qayoqdan kelgan, dersiz. Sabr qiling, buning o‘z tarixi bor.

Urushdan oldingi yili, otasi qamalib ketgandan keyin, Abdurasulevni maxfiy idoraga so‘roqqa chaqirishdi. Hamma narsadan umidni uzib, rangi surupday oqarib tergovchining ro‘parasida o‘tirarkan, nuqul devordagi plakatga tikilar edi. Plakat tergovchining orqa tomonidagi devorni egallagan, katta, asosan qizil rangda chizilgan ekan. Unda formadagi jasur chekist shaxdam yurib borayapti, birinchi galda cho‘yanday og‘ir etigi diqqatni tortardi. Poshnasining tagida uch boshli chirkin ilon o‘lim talvasasida boshlarini har tomonga to‘lg‘agancha, yanchilib yo‘lda qolib ketyapti. Boshlariga esa fashist tamg‘asi bosilgan, biriga «josus», biriga «gazanda», biriga yana alla nima deb yozilgan… Abdurasulev, shunga diqqati bo‘linib, oddiy savollarga ham mujmal javob berar, yana har zamonda plakatga ko‘z qirini tashlab qo‘yar edi.

— Ha, qadrdon otangizni tanib qoldingizmi deyman… — zaharxanda qildi tergovchi, ilonga qarab qosh sakratarkan, — qani, endi asosiy gapga o‘tamiz.

— …Qanaqa «qadrdon»… nega «qadrdon»?..

— Qadrdon bo‘lmasa, keching otangizdan, vassalom!

Abdurasulev tushunmadi, etik poshnasida majaqlangan ilonlar uning xayolini chalg‘itar edi.

— Qanday, undan… — «otamdan» deyishga bu odamning oldida tili bormadi, «undan» dedi, — qanday kechaman?..

— Qanday? Mana, tayyor blanka, qo‘l qo‘yasiz, vassalom.

— Siz…

— Nima «siz?» Kechmasangiz ixtiyoringiz, ana, boring otangizning orqasidan. vassalom, — tergovchi yana plakatga ishora qildi.

— Men… siz… Men kechsam-u, siz ishonaverasizmi?

— Biz o‘rtoq Stalinning ko‘rsatmasiga binoan ish qilamiz, vassalom. «Bolalar otalar uchun javobgar emas, vassalom», degan o‘rtoq Stalin. Yo bexabarmisiz?

— A?

— Nima «a»?

— O‘rtoq Stalin… shunday deganmi?

Abdurasulev yana beixtiyor plakatga boqdi.

Undagi chekist suratiga endi alohida razm soldi, qiyofasiga astoydil qarasa… o‘rtoq Stalinga o‘xshab ketar ekan, qarang. Xuddi o‘zi-ya, shineli, etigi… Faqat mo‘ylabi yo‘q, yoshroq ekan. Bo‘lmasa, quyib qo‘yganday!

Abdurasulev bosinqirab uyqudan uyg‘ongandek, ko‘zini pirpiratib, boshini keskin silkib qo‘ydi. Asli Stalin nariroqda, to‘rdagi devorga osilgan edi. U eshikday katta portretdan Abdurasulevga jilmayib boqqanday bo‘ldi. Abdurasulev uni endi ko‘rib turganiga hayron. Go‘yo Xizirday paydo bo‘ldi-yu, mo‘jizakor so‘z aytdi. «Bolalar otalar uchun javobgar emas». Aslida u hozir… aslida u hozir Abdurasulevni mana bu etik poshnasi ostida yanchilib ketishdan qutqazdi. Ajabo, gapning hikmati-yu, o‘rniga tushganini ayting! Dohiyda chindan ham gap ko‘p…

Shu voqeadan keyin Abdurasulev portretlarni ko‘rganda beixtiyor tikilib qoladigan, undan yo‘q narsalarni uqib oladigan bo‘ldi. Goho besh-olti metrlik portret oldida to‘xtab qolganida xayoliga g‘alati-g‘alati farazlar keladi, bu katta kalla ichida juda ko‘p aqlli odamlar, allomalar, avliyolar bordek tuyuladi, shuning uchun ham dohiyning bilmagan sohasi, bilmagan siri yo‘q, hatto odamning hozirgina o‘ylab turgan o‘yini ham topadi. Tavba!

Endi bir sirni ham aytib qo‘yaylik: otasidan voz kechgani bilan, goho miyasining uzoq bir burchagida uni qo‘rtsa-pisa sal o‘ylab ham qo‘yar edi. Otasi yomon odam emas edi-da. U qamalib ketdiki, demak, o‘sha kalla ichidagi odamlar orasida yovuzrog‘i ham bor. Bu qo‘rqinchli fikr juda yopishqoq chiqdi, kutilmaganda xayollariga xuddi beor pechakday chirmashar edi. O‘ylab-o‘ylab u yovuzning qiyofasini ham ko‘z oldiga keltiradigan bo‘ldi. U iblisga o‘xshar edi. Abdurasulev xizmat yuzasidan «Faust» spektaklini qabul qilganida uni ko‘rgan, operada u Mefistofel deyilar ekan. Cho‘qqi soqol, uzun qulog‘ini tuk bosgan, xunuk ovoz bilan kuladi. Manglayida ikkita kichik mo‘gizi ham bor… Iblis turli qiyofalarga kira oladi. Bir donishmand tsiyofasida kallaga suqilib kirib olgan bo‘lsa…

Abdurasulev uyda yolg‘iz bunday xayollarga berilganida birdan seskanib o‘rnidan turib ketadi, cho‘michlab sovuq suv ichadi, jinni bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Oila, mahalla-ko‘yning unga xushi yo‘q, hayoti idorada, kollektiv orasida, shu bilan tirik. Xodimlar uni xayolga berilgani qo‘yishmaydi. Yo komissiyaga saylashadi, yo majlis, yo doklad topshirishadi… Sinovdan o‘tgan, qat’iyatli, e’tiqodli odam emasmi. Uning uchun g‘oyaviy printsipiallik nima ekanini hamma biladi.

Siz uni faqat dafn komissiyasiga saylashar ekan, deb o‘ylamang tag‘in, u boshqa ko‘p jiddiy komissiyalarga a’zo va hatto rais ham bo‘lgan, mas’ul vazifalarni, favqulodda topshiriqlarni bajargan. Endigi gap xuddi ana shular haqida.

Xiyobon maydonida haykal o‘rnatiladigan bo‘ldi. O‘zingiz bilasiz, shahar katta, atrofida baland-baland imoratlar bor, qadimiy chinorlar bo‘y cho‘zgan. Buning ustiga, bir zamonlar xuddi mana shu joyda gubernator qurdirgan hashamatli butxona bo‘lar edi. U hozir buzib tashlangan bo‘lsa ham savlat to‘kib turgan niliy qubbalari hali-hali keksalarning yodida. Shuning uchun bu joyga tushadigan haykal «o‘zini oqlashi», ya’ni savlatu-salobati bilan bu imoratu bu chinorlarning, xotiradagi bu qubbalarning birontasidan qolishmasligi kerak edi. Qolishsa, o‘zingiz bilasiz, yaxshi bo‘lmaydi.

Binobarin, haykal g‘oyat ulug‘vor, tagsupasidan tashqari rosa o‘n olti metrli qilib buyurtirilgan.

Ammo uning dastlabki montaji negadir cho‘zilib ketdi, yubiley yaqinlashib kelyapti. Shahar kattalari bezovta, kuni-kecha ijrokomda majlis bo‘lib, masala yana ko‘ndalang qo‘yildi, bu hayot-mamot masalasi ekanligi qat’iy ta’kidlangandan keyin, montaj ishlarining borishini kuzatuvchi maxsus komissiya tuzildi.

Qarangki, bizning qahramon, sobiq arxitektor, fan kandidati va san’at ishlari boshqarmasining mas’ul xodimi sifatida, mana shu komissiyaga — ha, balli, o‘zingiz ham topdingiz — rais bo‘lib qoldi-da!

Montajchilar urush vaqtida ko‘chirib keltirilgan aviatsiya zavodining sobiq yig‘uv tsexini egallagan edilar. Sex nihoyatda baland, shiftlari oynavandli bo‘lganidan hamisha yorug‘, projektorlar shu’lasida ish kechalari ham davom etar, tepadagi ko‘tarma kranlar g‘irchillab og‘ir siljir edi. Komissiya ertasigayoq to‘la sostavda shu joyga yetib keldi.

Abdurasulev ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ishlar haqiqatan ham chala. O‘n olti metrlik haykal taxta havoza ichida nima uchundir hali ham bir oyoqda turibdi. Atrofida chumoliday ko‘ringan odamlar betartib ivirsiydi, taraq-turuq, chang-to‘zon, svarka chaqmog‘ining ko‘k shu’lasi ko‘zni oladi. Temir jarangidan quloqlar batang. Hali haykalning ko‘p qismlari uyoq-buyoqda sochilib yotibdi.

Shunday bo‘lsa ham, Abdurasulev bir qo‘li bilan do‘ppisini ushlagancha boshini orqaga tashlab, chala haykalga ko‘z solar ekan, hayratdan yuragi hovliqib ketdi: ulug‘vorlik shu qadar bo‘ladi-da! Necha ming tonna asil bronza! Hali unga sayqal berilsa quyoshli kuni shahar tepasida yarqiraganini tasavvur qiling.

Abdurasulev bu umumxalq baxtiga o‘zining ham daxli borligini his etib, havozaning zinasiga qadam qo‘ydi. Zavq-shavq o‘z yo‘li bilan, lekin komissiyaning muqaddas vazifasini unutmaslik kerak: sur’at, sifat, g‘oyaviy benuqsonlik…

Zinapoyalarda burama ombir, katta bolg‘a, elektrod qutilari, yana allaqanday asboblar, simlar o‘ralashib yotar, yuqoriga chiqish oson emas edi. Havozaning uchinchi qavatiga yetganda Abdurasulev… etikka duch keldi. Qora cho‘yan etik, qo‘nji taxminan to‘rt metr, poshnasining o‘zi tegirmon toshiday keladi! Tag‘in tovonidan ikkita yo‘g‘on bolt chiqib turibdi. Abdurasulev allanimalarni eslab, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Bunday temir poshna, ilon u yoqda tursin…

To‘xta, bu nimaga bu yerda yotibdi? Daftariga yozib oldi-yu, negadir qo‘li qaltirar, etik poshnasidagi bilakday-bilakday burama mixlarga qiya qarab qo‘yardi. Xarsang tagsupasiga shu mixlar bilan mahkamlanib qo‘yilsa kerak… Ha, xuddi shunday. Bu tushunish unga dalda berdi, ancha o‘ziga kelib, yana yuqoriroqqa chiqa boshladi. Mana, boshliqning xonasidagi baqaloq po‘lat sandiqday keladigan «musht». Bu — chap qo‘l. O‘ng qo‘li qayoqda? Ha, ko‘ksida, gimnasterka yoqasida bo‘lishi kerak, bu yerdan ko‘rinmaydi. Havoza temir armaturalarga qurilgan, taxtalar oyoq bosganda biroz liqillasa ham, mustahkam edi.

Butun osmon yorishib turgan oynavand shiftga yaqinlashgan sari, beton polda yurgan odamlar jimitday-jimitday ko‘rinadi, Abdurasulev pastga qaramaslikka harakat qilib, «bosh»ga yaqinlashib borardi. O‘n to‘rtinchi «falak»ka yetganida bloknotini qo‘lga oldi: «bosh» sal qiyshiqroqmi? Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas, pastdan shunday ko‘rinayotgan bo‘lsa ehtimol. Yana ikki qavat chiqdi, chindan ham… Xuddi tepasida naq ikki gaz keladigan bitta mo‘ylov sal engashib, qiyshiq soya tashlab turibdi. Bu qanaqasi!? Abdurasulev yana bir qavat ko‘tarildi, endi uni mo‘ylovning qiyshiqligi emas, kallaning kattaligi esankiratib qo‘ygan edi. qandaydir eski xayollarini quvib, montaj ishlariga tanqidiy qarashga harakat qildi-yu, yana bo‘lmadi, miyasi karaxt, jo‘yali bir fikr kelmasdi. Buning ustiga… xuddi ro‘parasida «bosh»ning qoq teppasidan tuynuk qopqog‘i shartta ochilib, birdan ikki odam ko‘rindi. Biri ancha yoqimtoy qiyofali, kaftini peshonasiga soyabon qilib hadeb tikilayotgan Abdurasulev bilan salomlashganday iljayardi. Ikkinchisi bo‘lsa… cho‘qqi soqol, uzun qulog‘ining ortida yo‘g‘on qizil qalam, qo‘lida buklanadigan temir jazvar, manglayida shoxi bormidi-yo‘qmi — Abdurasulev payqab ololmadi, ko‘zi tinib, havozaning armaturasini bazo‘r ushlab qoldi. Shunda ham boshi aylanib, chakkasini bir nimaga qattiq urib oldi. Og‘riqdan esi joyiga keldi shekilli, haligining tovushini eshitdi:

— O‘rtoq rais, bosh hali yaxshi o‘rnashmagan, shuning uchun sizga qiyshiq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, xavotir olmang, joyiga tushadi.

Qaysi biri gapirdi? Bu — odam tovushimidi o‘zi, yo… Abdurasulevning nimani o‘ylayotganini qayoqdan bildi? Axir bu o‘zi emasku, axir bu haykal-ku…

Urilgan joyi yana bir jiz etib, shiftlar gir aylandi. Tezroq tushib olishi kerak, pastda yaxshi. Balandlik Abdurasulevga o‘zi umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bir qo‘li bilan chakkasini, bir qo‘li bilan temir ustunlarini ushlab, laq-laqi zinalardan pastga tushib ketdi.

Pastda haqiqatan ham yaxshi. Dastlabki kechasi haligi Mefistofel tushiga bir oraladi-yu yo‘q bo‘ldi, boshi anchagacha gangibroq yursa ham, hammasi yaxshi bo‘lib ketdi. Rais yana o‘sha-o‘sha, tetik, serg‘ayrat, komissiyaning xulosasi ham chiqdi. Ishning sur’atini susaytirib turgan narsa o‘z nomi bilan aytildi: zavoddan ikkita chap qo‘l yuborishibdi. Chapidan serobroq ekanmi, konteyner adashib ketganmi… ishqilib, shunaqa. Telegramma jo‘natilgan ekan. Haligacha javob olinmabdi, odam yuborish kerak Leningradga.

Ijrokom buni o‘sha kuniyoq hal qildi: kim boradi, albatta rais. Albatta Abdurasulevning o‘zi! Shu kechasiyoq!

Nega bormas ekan, Abdurasulev charchamas, printsipial odam, ertasigayoq yetib bordi. To‘g‘ri zavodning bosh ekspeditoriga uchradi. Baland bo‘yli, qiltiriq odam ekan. Kekirtak suyagining borib-kelib turishini aytmasangiz, muomalasi mayin. Ayniqsa, Abdurasulevning Toshkentdan kelganini bilgandan keyin qoq chakagiga qon yugurib, yumshoq kursini ko‘rsatdi, hol-ahvol, ob-havo, qovun-tarvuzning barakasini surishtirib bo‘lgandan keyin, «xo‘sh, xizmat?» dedi.

— Shu deng, hurmatli Aksan Aksanich, o‘rtots Stalinning bir qo‘li…

Aleksandr Aleksandrovich chayon chaqqanday sapchib o‘rnidan turdi, tagidagi kursi taraqlab ag‘darilib tushdi, bosh ekspeditorning rangi quv o‘chib, olaygan ko‘zlari eshikka, deraza tomonga alangladi.

Abdurasulevning gapi og‘zida qolgan edi.

— Bu yoqqa yuring, — dedi bosh ekspeditor eshikka boshlab. Ular hovlidan o‘tib, tayyor mahsulotlar ekspeditsiyasida Toshkentdan kelgan telegrammani topdilar, Aleksandr Aleksandrovich indamay rezolyutsiya qo‘ydi-da, Abdurasulevning qo‘liga tutqazdi. Hovliga qaytib chiqqach, uni xoli joyga boshlab, tirsagidan ushladi, atrofida hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgandan keyin, past ovoz bilan ta’kidladi:

— Hech qayerda, na og‘zaki, na yozma ravishda… bu so‘zlarni ishlatmang. «O‘n birinchi detal!», tushundingizmi? «O‘n bi-rin-chi detal!» Hamma joyda shunday deb ishlating.

— Axir men «qoqshal» yoki «falaj»… u-bu so‘zlarni ishlatganim yo‘q-ku, Aksan Aksanich?

— To‘g‘ri, siz ishlatmadingiz, men eshitmadim, tamom… Ammo siz aytmagan o‘sha bir so‘z o‘rniga bir so‘z topib qo‘yish qiyin emas, azizim. Yoki, osonrog‘i, uch nuqta qo‘yilsa ham — bas. Bizning sobiq bosh direktorimiz shu uch nuqta dastidan otilib ketgan. General-mayor edi, Kominternda ishlagan, Ispaniyada jang qilgan. Siz bilan biz nima ekanmiz…

— …Rahmat, Aksan Aksanich, — dedi nafasi ichiga tushib ketgan Abdurasulev. Esankirgancha zavod temir yo‘l tarmog‘idagi tovar skladini qidirib ketdi. Hushi joyida bo‘lmaganidan, ochiq havodagi tsex xo‘jaliklarida anchagacha adashib yurdi. Qaysi eshikka qaysi darvozaga duch kelsa qo‘lidagi rezolyutsiya solingan telegramma — ruxsatnomaday gap.

Kaftining teridan namiqib ketgan qog‘ozga yurak betlamayroq tikilarkan, lablari shivirlar edi: «O‘n birinchi detal!» De-tal. Aslida bu «detal» shunday uzunki dunyoning istagan burchagiga yetadi. Bir ishora qilsa bas, Kominternmi, Ispaniyami… Bitta u, bitta! Munaqangi odam olamda ikkita bo‘lmaydi. Ikkita bo‘lsa Yer ko‘tarolmas…

Abdurasulev xayol bilan bo‘lib, baland temir darvoza oldidan chiqib qoldi. Konveyer tsexining hovlisi ekan shekilli, darvozadan kirishi bilan taxtadek qotdi, baqiray desa ovozi chiqmas, tili aylanmas edi. Uning ro‘parasida o‘ttiztacha Stalin turardi! Hammasi sayqalsiz temirdan, hammasi etik kiygan. Hammasi qoyaday baland, tekis saf tortgan. Temir saf shiddat bilan bosib kelyapti!

Abdurasulev devorga qapishib qoldi. Ko‘zini chirt yumib, pichirlab kalima keltirdi: lo iloha illolloh… u bitta… undan boshqa yo‘q…

Ammo bu temir safning dahshatli yurishini to‘xtatish mumkin emas, u esa tosh devorga tobora kirishib, sal bo‘lsa unga suykalib ketadigan bir qop sovuq halimga aylangan edi.

Qancha vaqt o‘tganini bilish qiyin. Abdurasulev hushiga kelgandan keyin o‘ziga qattiq uqtirdi: bu arzimas bir zumlik holat. Printsipial Abdurasulev bunday holatlarga uzoq beriladigan odam emas, uning hamma ishlari hisob-kitobli. Tovar stantsiyasida konteynerga «Srochno» tamg‘asini bostirib, yukni jo‘natdi-da, o‘zi samolyotda Toshkentga uchdi.

Qaytib kelsa, haykal hamon bir oyoqda turibdi. Rais janjal ko‘tardi: bu qanaqasi, yubiley kelyapti, kim qilayapti bu zararkunandalikni! Endi tegishli joyga xabar qilmoqchi bo‘lib turganida mutaxassislar tushuntirishdi:

— U «oyoq»…

— A?

— U «etik»…

— «Detal» deb gapiring!

— U «detal» avval maydondagi xarsang tagzaminga asosiy tayanch qilib mahkamlangandan keyin, haykal uning ustiga o‘rnatiladi, shuning uchun…

Abdurasulev tushundi, tinchidi, ammo xotirjam bo‘lgani yo‘q. Tez orada «O‘n birinchi detal» ham yetib kelib, tsexda ishlar yurishib ketdi. Komissiya har kuni shu yerda, tsex tutunga, har xil kislota-yu bo‘yoq hidiga to‘lgan, svarka uchqunlari ko‘zni olar edi. Qora ko‘zoynak takib olgan rais deyarlik mamnun, osmon barobar tsexning oynavandli shiftigacha bo‘y cho‘zgan haykalning ulug‘vor salobatiga dam yaqindan, dam olisroqdan turib ko‘z qisib boqar, goh boshini orqaga, goh chapga yo o‘ngga tashlab, kaftini qoshiga soyabon qilib uzoq tikilar edi.

Bir kuni shunday mas’uliyat, ham g‘urur, ham kamtarlik hissi bilan aylanib yurar ekan, havozaning uchinchi qavatida bir nima qirs etdi. Oyog‘iga ilashgan elektr simi o‘sha qavatning taxtasiga tashlab qo‘yilgan ekanmi. Shundoq tepaga qarashi bilan to‘rt metrlik o‘sha qora cho‘yan «etik» poshnasini undagi bilakday boltlarni ko‘rib qoldi. Bu yilt etgan bir zumlik ko‘rinish unga qo‘rquv ham solgani yo‘q, ulgurmadi. Qo‘rqib ulgurish uchun ham vaqt kerak ekan, qarang! Bir nima qattiq gursillab, tsex zilzila vaqtidagidek tebranganini biladi. Bu yog‘i — tubsiz, zimziyo bo‘shliq…

Odamlar yugurib kelishsa, «etik» yonida Abdurasulev cho‘zilib yotibdi. Yuzida jilmayishmi, qo‘rquvmi — qonsiz va jonsiz bir ifoda qotib qolgan, tirikmi-o‘likmi — bilib bo‘lmasdi. Ustiga tushsa majaqlab, beton polga shuvab tashlagan bo‘lardi, shabadasidan yiqilibdi, deyishdi.

Abdurasulev o‘n to‘rt kun deganda kasalxonada o‘ldi.

Dafn komissiyasi tuzilmadi. Kiraverishda motam mitingi ham bo‘lmadi. Chunki o‘sha kuni hamma Xiyobon maydonida, haykal ochilishiga bag‘ishlangan tantanali mitingda edi. Gazetalar tantanali voqealar bilan to‘lib chiqdi. Marhumning tobuti yonida hech kim faxriy qorovulda ham turmadi, idora rahbarlari Xiyobondagi minbarda edi. Pionerlar medal bolishchalarini ko‘tarmadilar, ular — ulug‘vor haykal poyiga gulchambarlar qo‘ygani safarbar etilgan edi.

Tobutni mahalladagi uchta pensioner chol eltib qo‘ydi.

— Etik bosgan odammi? — deb so‘radi go‘rkov, — buyoqqa olib kelinglar.

Keyin o‘zi yerlab qo‘ydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 2 iyun