V.Peskov, B.Strelnikov. Kolumbning topgani (1975)

“Kolumbning topgani” publitsistik asari yozilgani va e’lon qilinganiga 30 yil bo‘ldi. Lekin eng muhim jihati shundaki, asarda ko‘tarilgan muammolar u yozilgan davridagidan ko‘ra hozir ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda.

Asar insoniyatni atrof muhit sofligi uchun kurashga chorlaydi, dunyo ahli e’tiborini Amerika misolida ekologiya muammolariga qaratadi, mazkur masalani dunyo adabiyotida birinchilardan bo‘lib ko‘tarib chiqadi. Bashariyat taqdiriga kuyunchaklik bilan qarash ruhida yozilgan ushbu publitsistik risola jurnalxonlarimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

BOKIRA YeR

Er yuzida Amerika yo‘q, bo‘lgan emas deb tasavvur etish g‘oyat g‘alati bo‘lardi. Yevropa, Afrika, Osiyo… Amerika yo‘q. Ulug‘ Rim gullab-yashnadi va tanazzul topdi. Xitoyda juda ko‘p saltanatlar o‘rin almashdi. Hindistondagi ulug‘vor ibodatxonalar eskirib ulgurdi. Moskva shahrining paydo bo‘lganidan beri necha asr o‘tyapti. Kulikov va Gryunvald janglari ortda qoldi. Afanasiy Nikitin Hindistonga borib, jonajon Tver shahriga qaytib keldi… Amerika yo‘q edi! Hech kim uning borligini bilmasdi.

Ehtimol, normanlar bu yerga suzib ketishayotgandir, balki Tur Xeyerdal hisoblaganidek, arablarning to‘qima qayiqlari bu joylarga allaqachon yetgandir. Lekin baribir bu topilma Kolumb nomi bilan bog‘liq. Ha, baayni shunday: topilma. Lekin Kolumb nima topganini o‘zi ham bilmasdi. Dengizchi ko‘rishni orzu qilgan Hindistonga G‘arb tomondan kirib keldim deb ishongan. Yevropaga mana shunday quvonchli xabar bilan qaytib kelgan Kolumb yana uch marotaba G‘arbga tomon suzgan va topgani Hindiston ekanligiga ishongan holda olamdan o‘tib ketdi!

Dengizchi-savdogar Amerigo Vespuchchi birinchi bo‘lib topilmaning fahmiga yetgan: “Bu Osiyo emas, balki noma’lum katta quruqlik…” “Amerigo yeri” – kartograflar dastlab bu quruqlikni shunday atashgan (1506 yil). Keyinroq “Amerika” deb atay boshlashgan. Inson zoti yer yuzida yashay boshlaganidan beri bundan ko‘ra ulug‘roq topilmani topmagan edi, albatta, keyinroq topish ham amrimahol. Uning oqibatlari nihoyatda ulkan va mislsiz. Shuning uchun ham o‘sha, 1492 yilning 12 oktyabrini tasavvur etish g‘oyat qiziqarlidir. Baxtga qarshi o‘sha kun to‘g‘risidagi yangi tafsilotlarning hatto urvog‘ini ham topib bo‘lmaydi. Barchaga ma’lum tafsilotlarni yana bir bor eslab ko‘raylik… Bu ummonda suzish boshlanganining yetmishinchi kuni edi. Agar yana biror hafta sohil ko‘rinmaguday bo‘lsa, Yangi Dunyoning kashf etilishi ehtimol orqaga surilgan bo‘larmidi. Uch yelkanli kema (“Nini”, “Pinti”, “Santa-Mariya”)dagi komandalar “Orqaga, uyga qaytamiz!”, deb hayqirish, isyon ko‘tarish arafasida edilar. Okean o‘sha vaqtlarda odamlar uchun hozirgi kosmosday bir gap edi. Ustiga-ustak, Kolumb ekipaji tarkibini tuzayotganda o‘zi istagan odamlarni to‘play olmagan, g‘arbda Osiyoni qidirishga faqat qamoqxonadagi jinoyatchilargina rozi bo‘lishgandi. Qaysar admiral ko‘ziga endigina o‘zi osilishi ehtimol bo‘lgan dor arqonining soyasi tusha boshlagan bir pallada quruqlikning alomatlari paydo bo‘la boshladi: suvda qandaydir mayda mevali shoxchani ko‘rib qolishdi-da, uni darhol kema bortiga tortib olishdi…” Lekin eng muhimi qushlar! Kuz mahali edi. Qushlarning juda katta galalari janubi-g‘arbga qarab uchishayotgandi. Shubhasiz, ular quruqlik tomon uchib borishardi. Kolumb qushlarga ishondi va kemalar yo‘lini qushlar uchgan tomonga qarab keskin o‘zgartirdi.

O‘sha kuni navbatchilik qilgan matros (o‘sha paytda eng oldinda bo‘lgan “Pinti” kemasi ekipajining a’zosi Rodrigo de Triana) birinchi bo‘lib “Quruqlik!” deb qichqirib yubordi. “Pinti” kemasi eng katta zambaragining gumburlashidan hammayoq larzaga keldi. Zambarakning bahaybat tosh yadrosi shaloplab suvga tushdi. Amerikaning kashf etilishi shunday ro‘y berdi.

Kolumb o‘z topilmasining miqyosi va qimmati to‘g‘risida tasavvurga ega emasdi. U birinchi bor noma’lum quruqlikka suzib borganda hozirgi Kuba va unga qo‘shni Gaitining okean sohiliga yaqin yerlarinigina ko‘rgandi, xolos. “Hindistondan sovg‘a” tarzida kemalarga ortilgan narsalar orasida bir necha qiziltanli odamlar ham bor edi. Ularni hindi (indeets)lar deb atashardi (hozirgacha Amerikaning tub aholisiga boshqacha nom topisha olmagan). Shuningdek, kemalarga Yevropada ko‘rishmagan qushlardan va jo‘xori, kartoshka, tamaki singari o‘simlik turlaridan ortishdi. Quruqlikni kashf etganlarni hammadan ko‘ra tamaki va uni iste’mol qilishning g‘alati yo‘llari ajablantirdi. “Ular (hindilar) bu o‘simlikni kukun holiga kelgungacha yanchishardi-da, yog‘ochdan yasalgan naysimon asbobning bir tomoniga tiqishardi. Uning ustiga ko‘mir cho‘g‘ni solishardi. Shundan keyin kukun tiqilgan naysimon yog‘ochning boshqa tomonidan tutunni obdon ichlariga tortishardi. Bu tutun ichlarini to‘ldirib to og‘iz va burunlaridan xuddi tosh mo‘ridan chiqqanday burqsib turadi”. Bu fikrlar keyinroq qayd etilgan. Lekin Kolumb matroslari hindilarning tutunini sinab ko‘rishni paysalga solishmagan, shekilli, ichishni ilgariroq o‘rgangan yevropaliklar endi uylariga chekishni ham o‘rganib qaytishdi.

Lekin tamakining tutuni ham, pishirilgan kartoshkaning hidi ham yevropaliklarning havasini keltirgani yo‘q. Dengizchilar o‘zlari bilan hammaga yaxshi ma’lum bo‘lgan sariq metall olib kelishgandi… Hozirgi kunlargacha dunyodagi juda ko‘p narsalarning qimmati shu metall og‘irligi bilan o‘lchanadi. Shu tufayli ham o‘sha vaqtlardayoq ancha ko‘hna hisoblangan Yevropani bu metall junbushga keltira boshladi. G‘arbga tomon dengiz yo‘li ularga boylik va’da qilayotgandi. Shamol, shuhrat, boylik sarguzashttalablarni Kolumbning izidan g‘arbga tortayotgandi.

Lekin masalaga jiddiyroq yondoshilguday bo‘lsa, Amerikani Kolumb, normanlar yoxud papirus kemalaridagi dengizchilar kashf etishmadi. Bu quruqlikka birinchi bo‘lib Osiyodan kelgan musofir ovchi odamlar oyoq qo‘yishdi. Bu qit’aning ochilishi edi. Mazkur qit’ada odamlar ulug‘ muzlik chekingandan keyin (Kolumbdan 20 ming yil avval) paydo bo‘lishgan. Yirtqich shaklidagi muzlik surilishi bilan birga ovchilar Sibir bo‘ylab shimol tomon asta-sekin kirib borganliklarini tasavvur qilish mumkin. Osiyo va Alyaskani ajratib turgan tor ko‘rfaz odamlarning bu joylarga joylashishlariga monelik qila olmagan. Buning ustiga har ikkala qit’adan bir-biriga o‘tish qulayroq joy bo‘lganligi ham ehtimoldan xoli emas. Ko‘chib kelayotganlar hozirgi Kanada va Qo‘shma Shtatlarning kengliklarini janub va janubi-sharqqa tomon egallash va shu joylarga o‘rnashishga tushdilar, o‘z yo‘llarini davom ettirib, yanada ichkariroq kira boshladilar. Butun qit’a hududlari odamlar bilan qoplangungacha oradan minglarcha yillar o‘tdi.

“Pinti” kemasidagi zambarakdan “rangpar” kishilarning bu yerga kelganliklaridan xabar beruvchi o‘q otilgan soatlarda bepoyon bu kengliklarda nimalar bo‘lganiykin?.. Janubiy Amerikada bu davrda hindilarning ulug‘ tamadduni ro‘y bergandi, qator shaharlar, ibodatxonalar qad ko‘targan, san’at rivojlangan, dehqonchilik ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Xotirjamlik va farovonlik hukm surib turgan bu uy Yevropadan kelganlar tomonidan talon-taroj qilindi. Talon-taroj qilindigina emas, butunlay vayronaga aylantirildi. Asrlar mobaynida barpo etilgan madaniyat bolta tufayli ag‘anab tushgan ko‘m-ko‘k daraxtday quladi-qo‘ydi. Biz bugun rangli suratlarda aks etib turgan toshlar uyumini ko‘rishimiz, katta maydonlarni egallagan astronomik qurilmalarning qanday maqsadlarni ko‘zda tutganini taxmin qilishimiz, omilkorlik bilan olib borilgan dehqonchilikning sirlarini tushunishga urinib ko‘rishimiz, kemalardan tushib kelgan vahshiyliklarni qoralamog‘imizgina mumkin.

Kemalarda kelganlar bir hovuchgina odamlar edi. Ularning Amerikada paydo bo‘lishlarini hozirgi kunlarda qandaydir o‘ta elektronli, o‘q o‘tmaydigan, ochko‘z, o‘zlariga bino qo‘ygan “marsliklar”ning fantastik ravishda Yerga to‘satdan bostirib kelishlariga o‘xshatish mumkin. O‘shanda hindilar kelgindi odamlar bilan ularning otlarini bir vujud sifatida qabul qilishgandi. Pilta miltiqlar bilan qurollangan, ulardan o‘t ochib hammayoqni dahshatga solayotgan sovut kiygan kelgindilar mahalliy inklar va mayyalar uchun o‘zga sayyoradan kelganga o‘xshar va butunlay tushunarsiz edi.

Ularning oltinlarga bu qadar ochko‘zlarcha yopirilishlarini ham hindilar tushunishmasdi. “Hamma narsani olavering, faqat bolalarga tegmang”, – deyishardi yarim tunda uylariga bostirib kirgan talonchilarga. Atsteklar, inklar va mayyalar baayni o‘zlarini shunday tutishardi. Ispan istilochilari qimmatliroq tuyulgan hamma narsani olishardi, lekin bu bilan cheklanmay o‘ldirish, yoqish va yo‘llarida uchragan narsalarning kulini ko‘kka sovurishdek lazzatlardan ham o‘zlarini tiya olishmasdi. Maktabda o‘qib yurgan vaqtimizdayoq nomi xotiramizda muhrlanib qolgan Kortes qaroqchilikni avj oldirganlarning yagona rahnamosi edi. Mana ulardan yana bittasining nomi: Ernando de Soto. U Perudan Ispaniyaga rosa badavlat bo‘lib qaytdi – “hatto qirol oilasining a’zolari undan qarzga pul so‘rashdek isnoddan o‘zlarini tiyisha olmadi”. Lekin boy odam yanada badavlatroq bo‘lishni istaydi. Obdon talangan Meksika va Perudan shimolroqda hali qo‘lga kiritilmagan “oltin imperiyalari” bor deb hisoblagan Soto ikkinchi marotaba Amerikaga qaytib keladi. U kemalarga 600 askar, 230 ta ot, bir-biriga matashtirilgan itlar galasi (mahalliy aholidan qarshilik ko‘rsatgan o‘jarlarini itlar orasiga tashlab burda-burda qilinardi) va bir gala cho‘chqalarni orttirgandi.

“Oltin! Qani oltin?” Ispan tilidagi bu so‘zlarni juda ko‘p elatlarning bir necha avlodi ehtimol hech qachon esdan chiqarmagandir. Ular kelgindilarga hamma narsalari – oziq-ovqat, kiyim-kechak, xotinlari, qizlarini berishardi. Ishqilib, bu yerlardan tezroq daf bo‘lishsa bas. Lekin shimolda oltin yo‘q edi, hindilar oq tanlilarga o‘zlari eshitishni istagan so‘zlarni aytishardi. Soto otryadi bir necha ming kilometrlik benihoya qiyin yo‘llarni bosib o‘tdi. Otryad a’zolari o‘zlarini ham ayashmadi, yo‘llarida duch kelganlarga ham omonlik berishmadi. Hozirgi Alabamaga yaqin joyda hindilarning krik qabilasi kelgindilarga zarba berishga urinib ko‘rdi. O‘rtada qizg‘in jang avjiga chiqdi. Urush ispanlardan 18 askar, hindilardan 2500 kishining halokati bilan tugadi. Lekin Soto askarlari o‘zlarini juda katta talafot ko‘rgan deb hisoblashdi – “dori-darmon bo‘lmaganligi tufayli, askarlarning yaralariga o‘lgan hindilarning yog‘idan surildi”.

Hozirgi xaritalar bo‘yicha Soto ekspeditsiyasining bosib o‘tgan yo‘li kuzatilgudek bo‘lsa, ular nihoyatda go‘zal va hosildor joylardan o‘tishgan. Lekin ular na tabiat go‘zalliklarini va na boshqa ajoyibotlarni payqashgan. Ko‘llar va daryolarni yiltillab ko‘rinayotgan maqsadlari yo‘lidagi g‘ovlar deb bilishgan. Oltin, qani oltin!..

Otryad odamlarining yarmi, shu jumladan, Sotoning o‘zi ham qadam bosilmagan yerlarning changalzorlarida yo‘q bo‘lib ketishdi. Holdan toygan va halokatga mahkum ekspeditsiya a’zolarining qolgan-qutgani flot tuzishdi-da (otlarning temir tepkilari, uzangi va turli temirlarni eritib langar yasashdi), Misisipi bo‘ylab o‘zlari kelgan tomonga suzib ketishdi. Oltinning urvog‘ini ham topisha olmadi. Haqiqiy oltin yer va uning ustida yashab turgan barcha narsalar u vaqtlarda qaydrlanmasdi. Uzun, tor qayiqlarga faqatgina mayizlar ortib olingandi.

Hozirgi AQSh va Kanada chegaralari o‘rtasidagi yerlar u vaqtlarda sokinlikda mudrab yotardi. Hindilarning o‘tovsimon kulbalaridan chiqayotgan tutunlar, qushlarning chag‘-chug‘lari, suvlardagi baliqlarning shaloplashi, minglab hayvonlarning chopayotgandagi dupur-dupuri, bepoyon sahro va ulug‘vor tog‘larning sokinligi… Kolumb zambaragining ovozi bu joylarga yetib bormagandi. Juda katta maydonlarda irokez, navax, pueblo, guron, ottava, siu, chiroklar, eri, ojubue, appachi, nebraska, denot singari o‘nlab hindi qabilalari istiqomat qilishardi… Har bir qabila saxiy yerlarida bahamjihatlik bilan o‘z turmush tarzlariga yarasha hayot kechirishardi. Ular orasida yagona mashg‘uloti yovvoyi qoramollarni ovlab tirikchilik o‘tkazadigan ovchi hindilar ham, bug‘u, kiyik, suv qunduzini tutib tirikchilik o‘tkazuvchi o‘rmon hindilari ham bor edi. Daryo va ko‘l bo‘ylarida yashovchi hindilarni suv boqardi. Janubiy tomonlarda esa o‘troq hindilar istiqomat qilishar, jo‘xori, kartoshka, tamaki, no‘xot, qovoq, loviya, bodring, olxo‘ri ekishardi. Janubi-g‘arbiy tomonlarda dashtga moslashgan hindilar o‘rnashib olishgandi. Bularning barchasi yerga o‘rgangan odamlar bo‘lib, ovchilik, yomg‘ir, jo‘xori xudolariga sig‘inishardi. Ular tabiat sirlarini g‘oyatda yaxshi bilishar, zero, hayotlari tabiat injiqligiyu saxiyligi bilan chambarchas bog‘liq edi. Hozirgi biologiya tili bilan aytganda, bu makondagi har bir qabila o‘zining “ekologik taxmoni”ga ega edi (qaldirg‘ochlar o‘z o‘ljalarini havodan, olmaxon bilan qizilishton daraxt tepasidan qidirishardi, qunduzlar suvda yashashar, yovvoyi qoramollar esa dashtlarda yurishardi).

Hindilar hali g‘ildirak va temir nimaligini bilishmasdi. Yuk hayvonlari ham yo‘q edi. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chganlarida yuklarini o‘zlari ko‘tarib yurishar yoxud itlarga torttirishardi. Yo‘l nimaligini ham hali bilishmasdi. Odamlarni faqatgina so‘qmoqlar, ko‘l va daryo suvlarigina birlashtirdi. Lekin asrlar mobaynida shakllanib, sayqal topib kelayotgan odamlar orasida o‘zaro munosabat, o‘zlarining turmush kechirish madaniyatlari bor edi. Hammadan ham tabiat bilan uyg‘unlik, uning sir-sinoatini tushunish, zaruriyatsiz unga ozor bermaslik qadrlanardi. Yer ham buning uchun saxiylik bilan javob berardi. “Hindini poyonsiz, o‘tib bo‘lmas changalzorga oborib tashlab, qo‘liga pichoq va kichkinagina boltacha berib qo‘ysangiz bas. Bo‘rilar ham ochlikdan o‘ladigan joylarda hammavaqt qorni to‘q yurishiga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi”, – deb yozgan edi bu yerga kelib qolgan oq tanlilardan biri. Tabiat bilan uyg‘unlikda yashash odmigina, lekin vazminlik, halovat, donolik va nafislikni talab etadi. Hindilar tomonidan asir olingan oq tanlilarning bolalari keyinchalik o‘z uylariga istar-istamas qaytishgan, – o‘rmon hayotining o‘ziga xos jozibasi bolalarga yoqib qolgan.

Tabiiyki, hindilarning hayoti rohat va farog‘atda kechmagan. Butun qishni och-nahor o‘tkazishgan paytlar bo‘lgan, o‘zaro nizolar ularning sillasini quritgan. Dushmanlarning bosh terisini sochlari bilan shilib olish holatlari ham bor gap.

Qabilalarning ulug‘ dohiylari (Gayavata shulardan biri edi) inoqlikda yashashning afzalligini tushunib yetganlar. Ulug‘ ko‘llar atrofidagi beshta yirik qabila doimo ahillikda hayot kechirishgan. Tarixchilarning hisoblashlaricha, Shimoliy Amerikadagi hindilarga o‘z tamaddunlariga erishib, o‘zga joylardan bostirib kelganlarga qarshilik ko‘rsatish va yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketmaydigan darajaga erishishlariga bir necha asr yetmay qolgan.

Floridadan Kanadaning sovuq ko‘rfazlarigacha bo‘lgan kengliklarga tushirilgan “oq desant” Kolumb bu yerga kelib-ketishi bilanoq yoxud ikki-uch yil ichida tushirilmagan. Avvaliga razvedkachilar kelishgan. Ular suvning past joyiga tiqilib qolmaslik yoxud suv ostidagi qoyalarga urilib ketmaslik uchun yog‘och kemalarida (uzunligi bor-yo‘g‘i 20 metr) joylashib olishlari uchun qo‘rqa-pisa qo‘ltiq qidirishardi. Endi faqat ispanlargina emas, shuningdek, inglizlar, frantsuzlar, gollandlar yangi yerlarni o‘zlashtirishga shoshilishardi. Ularning hammalari ham o‘zlarini bir xil tutishardi – yengil hayotni izlashardi.

Sharqiy sohildan oltin topisha olmadi, lekin unga deyarli teng keladigan mo‘yna ko‘p edi. Mo‘yna Yangi Dunyodan Yevropaga olib kelinadigan asosiy tovarga aylandi. Bu oltinni qayerlardadir qidirib o‘tirishning hojati yo‘q edi. Uning o‘zi kemalarga qarab oqib kelardi. Bir juft qunduz terisini pichoq va ko‘zguga almashtirgan hindi oq tanliga hayotiy qadriyatlarning fahmiga yetmaydigan telbaga qaraganday tikilardi. Savdo-sotiq ba’zida avjiga minib ketar, hindilar bozorga keltirishgan terilarni sotib bo‘lgach, “egnidagi kiyimlarini ham yechib, kerakli narsaga ayirboshlab, butunlay yalang‘och qaytib ketgan vaqtlari ham bo‘lgan”.

Dastlabki uchrashuvlar o‘zaro ishonch va ahillikda o‘tardi, oq tanlilarni mehmonnavozlik bilan qarshi olishar, raqs tushishar, naysimon musiqa asboblarida kuylashardi. Ziyofat ham qoyilmaqom edi – “qabila dohiysi quyon, kaklik go‘shtlari, zog‘ora non va qovurilgan kurkalarni 2000 yuk tashuvchi orqali yuborgan edi”. Lekin tez orada yerli aholi kelgindilarning qanday xalq ekanligini tushunib qoldi. Aldash, xoinlik, ziqnalik, o‘g‘irlik, bir necha qunduz terisi uchun qotillik qilish kelgindilarning kasbi bo‘lib qolganligini anglashdi. Hindilar, ular bilan savdo-sotiq qilishayotgandi, lekin endi yevropaliklarning xarakterlarini hisobga olgan holda bu ishni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishardi. Frantsuz qirolligining fuqarosi Verratsano 1524 yilda shunday yozgandi: “Mahalliy aholi kelgindilardan uzoqroqda turib muomala qilishga intilishardi. Qishloqlarga kirishimizni ochiqdan-ochiq istashmasdi. Savdo qilishga rozi bo‘lishardi, lekin o‘zlari albatta qoya toshlarining tepasida turgan holda sotayotgan mollarini arqon bilan kema ichiga tushirishardi. Shunda ham qichqirib, kemalarni juda ham yaqinga olib bormaslikni ogohlantirishardi. Mollari evaziga pichoq va baliq tutadigan ilmoqdan boshqa narsa olishmasdi… Savdo-sotiq tugagach, qizil tanlilar o‘z nafratlarini imo-ishoralar bilan ifodalashar va buni ular juda xunuk shakllarda bildirishardi…”

Lekin oradan yuz yillar o‘tgach, “temir savdosi” tufayli kemalarning yukxonalari terilar bilan to‘ladigan bo‘ldi. Hindilar shu vaqtlarga kelib mehmonlar bu joylardan butunlay ketmoqchi emasliklarini tushunib qolishdi: kelgindilar bu mamlakatda butunlay yashab qolish uchun kelishgandi. Ana shu yerda sochlari bilan bosh terisini shilishlar boshlandi. Hali u vaqtlarda “oq desant” tushadigan maydon okean sohilidagi minglab kilometrga cho‘zilgan kengliklarga solishtirganda qandaydir nuqtaday gap edi. Begonalarning bu yerlarga kirib kelishiga qarshi kurashadigan yagona front ham yo‘q edi. Kolumbning matrosi Rodrigo “Quruqlik!” deb qichqirgan ondayoq hindilar urushni boy berishgandi.

Qirg‘oqdagi yevropaliklar kelib tushayotgan maydon zudlik bilan tobora kengayib bordi. Oq tanli odamlar o‘rnashib olgan joylardagi hindilar yangi kelganlarga g‘ov bo‘la boshladi. Shu tufayli ularni iskanjaga olishar, haydashar, o‘ldirishardi. Ba’zida hindilarning yerlari “olijanob yo‘l bilan sotib olinardi”. Manxetten oroli (Nyu-Yorkning hozirgi markazi) “qimmati 24 dollar turadigan bezak buyumlariga sotib olingan”. Yurib o‘lchash orqali yer sotishlar ham amaliyotda uchrab turardi. Hali orqalarida odam qadami tegmagan bepoyon yerlar borligi tufayli, oqko‘ngil hindilar bunday savdoga ham rozi bo‘lishardi. Yerning evaziga avvalgiday pichoq, ko‘zgu, shuningdek, qurol, choyshab, ot olishardi. Oq tanli kunduzi, kechasi va yana kunduzi qanchalik yerni piyoda yurib o‘tolsa, shuncha yerni olaverardi. Lekin yevropaliklar mana shunday ochiqdan-ochiq aldashga asoslangan savdo-sotiqda ham hiyla-nayrang ishlatishardi. Xaridor changalzorlar orasidan avvaldan so‘qmoq yo‘llarni belgilab, maxsus “marofonchi”ni yollardi. Hatto juda chidamli hindilar (axir ular bunday joylarda yurishning haddini olishgan bo‘ladi) yer o‘lchanayotgan vaqtda yollanayotgan yuruvchidan orqada qolib ketardi. Natijada oq tanli xaridor o‘ziga sotilmoqchi bo‘lgan yerga qaraganda ancha keng maydonni qo‘lga kiritardi.

Keyinroq esa hindilarni o‘z yerlaridan hali o‘zlashmagan joylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydab yuborishadigan bo‘lishdi. Oqlarning mo‘tabar kishilari, shu jumladan, prezidentlari ham qiziltanlilarning dohiylari bilan “er bitimi” tuzishar, marosim gulxanlari atrofida o‘tirib “tinchlik chilimlari”ni so‘rishardi… Pirovard- natijada esa hindilarni turli yo‘l va vositalar orqali qirishardi… “Yovvoyi qoramollarni qirib tashlang! Qiziltanlilar och qolib o‘lib ketishadi”. Bu oq generalning buyrug‘i edi. (Haqiqatan ham mazkur ko‘rsatma mahalliy aholiga qiron keltirishning eng to‘g‘ri yo‘li edi.) Shuningdek, ularni sochma o‘q bilan, chechak tarqatadigan choyshablarni sotish orqali ham o‘ldirishardi. Hindilarning qolgan-qutganlarini g‘arbga tomon, hali egallanmagan yerlarga quvib borishardi. Oq mustamlakachilar Yevropadan Amerikaga asalari keltirishgandi. Inson hali buzib ulgurmagan yerlarda asalarilar tez ko‘payib ketishdi va yevropaliklar hali egallab ulgurmagan joylarga ulardan oldinroq borib o‘rnashib olishardi. Asalarilar egalaridan yuz kilometrga yaqin masofaga ilgarilab ketishgandi. Hindilar “oq odamlarning pashshasi”ni xavotir bilan kutib olishardi. Asalarilarning paydo bo‘lishi yevropaliklarning yaqinlashayotganliklaridan belgi edi: “Kelishayapti! Ular juda yaqinlashib qolishdi…” Hindilar jasur jangchilarday o‘z yerlarini saqlab qolish uchun mardonavor qarshilik ko‘rsatishardi. Lekin tabiat farzandlari bo‘lgan bu hindilar o‘zlaridan taraqqiyotda ming yillarcha ilgarilab ketganlarga qarshi nima ham qila olishardi.

XIX asrning o‘rtalarida Qo‘shma Shtatlarning sharqi va g‘arbi o‘rtasida temir yo‘lning qurilishi oq tanli odamlarga Amerika oldingi xo‘jayinlarining eng oxirgi maskanlariga ham kirib borish imkonini berdi. Hindilarning o‘z yerlarini saqlab qolish uchun olib borgan ibtidoiy harakatlarini o‘qib, odam beixtiyor kuladi. Siu qabilasining dohiylari parovozni katta ot deb tushunishgan va “uni asir olish uchun” yosh jangchilar otryadini yuborishgan.

Hammasi yerli aholini maxsus joylarga majburlab olib borib qo‘yish bilan tugadi. Hindilar yashaydigan joylar Nyu-Meksiko, Arizona, Janubiy Dakota shtatlarining “yomon yerlari”. Pueblo va siu qabilalarining qoldiqlarini biz Dakotaning taqir tepaliklarida, Arizonaning qizg‘ish toshli joylarida uchratdik. G‘oyat achinarli manzara! Bir joyda to‘rtta g‘amguzor odam o‘z farzandini dafn etardi, xuddi shu daqiqalarda oq tanli odamlarning bu yerda paydo bo‘lishlari ularning g‘azabini keltirdi. Boshqa joyda esa o‘zlarini turfa xil rangdagi patlar bilan bezagan uchta hindi qora terga botib sayohatchilarning ko‘nglini ovlash maqsadida qandaydir “jangovar raqs”ni ijro etishardi.

Amerikaning chinakam sofko‘ngilli kishilari hindilarning qismati uchun vijdon azobida edilar, buni o‘zlari e’tirof etishadi. Mashhur kinoaktyor Marlon Brando jurnalistlarga shunday degan edi: “Biz hindilar bilan to‘rt yuzta bitim tuzganmiz. Ulardan birortasini bajarmadik. Kunlardan bir kun shunday daqiqa keldiki, biz hindilarni jisman, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan mahv etishni boshlab yubordik. Odamga obro‘ keltirmaydigan bu ishni obdon o‘rinlatib bajardik.” Brando “Oskar” (AQSh kinematograflarining oliy mukofoti)ni olishdan rasman voz kechdi. “Men hindilarning tahqirlanishi, ularning achinarli ahvoliga qarshi norozilik bildiraman. Men hindilarni kinoda doimo yovuz odamlar sifatida ko‘rsatilishiga qarshiman.” Mashhur aktyorning noroziligi Janubiy Dakota shtatining Payn-Rij degan joyida yashovchi siu qabilasining isyoni bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Katta aktyor va vijdonli odamning nuqtai nazari ko‘pgina amerikaliklarning fikrlari bilan uyg‘undir.

Biz istilochilar qo‘lida halok bo‘lgan hindilar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikni ko‘rdik. Mazkur yodgorlik yerli aholining keyingi yirik qirg‘in qilinishi munosabati bilan hindilar tomonidan o‘rnatilgan. (Yaqinda bo‘lib o‘tgan isyon xuddi shu yerda ro‘y bergan edi.) Bu yodgorlik halok bo‘lgan hindilar xotirasiga o‘rnatilgan juda oz haykallardan biri hisoblanadi. Lekin ona-Er halok bo‘lgan hindilarning yodini o‘zida saqlaydi. Missisipi, Missuri, Niagara, Potomak, Ogoyo, Guron, Michigan, Nebraska, Dakota, Appalachi, Suskaixanna nomlariga e’tibor bering. Bular daryo, ko‘l, vodiy, tog‘ tizmalarining hindcha nomlaridir. Ularning sharafiga qo‘yilgan bu nomlar abadiydir. O‘ziga xos jarangdor so‘zlarni o‘qir ekansiz, bu joylar Kolumb yanglish ravishda hindilar deb atagan odamlarning yeri ekanligini yodingizdan chiqarmang.

Qanday yerlar o‘zi bu joylar? Kolumb bundan besh yuz yil muqaddam topgan joylar o‘zgarganmikin yoxud hamon o‘sha vaqtlardagi holatdami?

O‘zgargan! O‘zgarganda ham juda o‘zgargan. Yaqin-yaqin vaqtgacha bu o‘zgarishlar barchani xursand qilardi. Endilikda esa o‘zgarishlar ko‘pchilikni g‘amga botiradi. Buning sababi endilikda yerning “azaliy holati”ga qiziqish kuchli. U qanday bo‘lgan? Mazkur masala faqat amerikaliklarnigina qiziqtirib qolmaydi. Qismatning hukmi bilan bo‘lsa kerak. Yangi Dunyo odamga asl holatda tuhfa etilgandi. Insonning har bir qadami bu yerda aniq sezilib turadi. Besh yuz yil Yerning umriga qaraganda bir soniya, xolos.

So‘nggi yillarda Amerikada yerning asl holatiga bag‘ishlangan juda ko‘p kitoblar nashr etildi. Bularning ichida eng yaxshisi sifatida Jon Beyklessning “Amerika kashf etuvchilarning nigohi bilan” nomli yirik asarini ko‘rsatish mumkin. Hujjatlar asosida juda jiddiy yozilgan mazkur asarni xuddi bolaligingda Fenimor Kuperni o‘qiganingdek maroqlanib mutolaa qilasan. Muallif san’atshunos, faylasuf, tarixchi, jurnalist iste’dodlarini o‘zida mujassam etganligi kitobning fazilatlarini belgilagan asosiy omildir. Kitob bizda ham nashr etilgan. (“Progress”, 1969 yil.) Bizning maqolamiz bir kitobdan olingan taassurotlar emas. Lekin qo‘shtirnoq ichida berilgan ko‘pgina fikrlar Beykless asari, unda keltirilgan manbalarga murojaatdir.

Shunday qilib bundan uch yuz-to‘rt yuz yil oldingi davrlar… Manzil tomon oshiqayotgan kemalar karvoni avvaliga quruqlik yaqinlashayotganini his etishdi, so‘ngra uni ko‘rishdi. Okean ichida suzib kelishayotganda ancha kilometrlar uzoqdanoq dov-daraxtlar, yashnab turgan o‘t-o‘lanlar, yertut, gulxanlarga yoqilayotgan shox-shabbalarning hidlari dimoqqa urilardi. “Hidlar shu qadar kuchli ediki, qirg‘oq yaqinlashib qolganiga qat’iy ishonardik”. Yevropadan kelgan dastlabki kishilarni Amerika tuprog‘i shunday kutib olgan edi.

Ehtimol, hozirgi vaqtda ham odamlar yashamaydigan qirg‘oq yaqinidan (bunday joyni topib ko‘ring!) yozning boshlarida o‘tguday bo‘linsa, yerning hidini sezishingiz mumkin. Lekin hozirgi vaqtda eng ko‘p tarqalgan hid benzin hididir. Yerlaridan “senek yog‘i” (neft) oqadigan senek qabilasining a’zolari yonishi mumkin bo‘lgan narsalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishgan. Yerlarini boshqalarga sotsalar-da, irmoqlarini o‘z ixtiyorlarida qoldirganlar. Lekin o‘sha vaqtlarda bu irmoqlarning suvi odamlar uchun qoramol galalari, son-sanoqsiz kurkalar, o‘tloqzorlar, o‘rmonlardan qadrliroq ekanligini “senek yog‘i” to‘ldirilgan “Boing” yoki “Il-62” Kolumbni Yevropadan Amerikaga o‘sha vaqtdagidek yetmish kunda emas, yetti soatda eltishini hech kim hali bilmasdi. Benzin hidi Amerikadagi asosiy hiddir. Lekin hammasi “er yuzidagi eng yoqimli hid” deb atalgan gullar va daraxtlarning hididan boshlangan edi.

Qadam bosilmagan bokira yer! Buni unga qadam qo‘ygan har qanday odam ham ko‘rardi. Inglizlarning birinchi ekspeditsiyasi Londonga qaytib kelgach (1584 yil), Vilgandakoa nomli yerga qoziq qoqib, belgi qo‘yib kelganliklarini e’lon qilishdi. (Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, yerli xalq o‘zidan nima so‘rayotganlariga tushunmay, muloyimlik bilan “vingandakoa!” – “kiyimlaringiz muncha chiroyli” deb javob bergan ekan”). Shuhratparast qirolicha Yelizaveta o‘zining sharafiga “Virginiya” (“Bokira qiz”) deb atashga buyruq bergan ekan. Bunday nom butun Amerikaga ham munosib ekanligi qirolichaning xayoliga ham kelmagan ekan.

Bokira yer degani nima degani o‘zi? U vaqtlarda Yevropaning aholisi zich emas edi, yerning yetishmasligidan hech kim shikoyat qilmasdi. Londonning markazida shundoqqina ko‘prikda turib losos baliqlarini tutsa bo‘lardi. Turli xil hayvonlarga u vaqtlarda hali qiron kelmagandi, Litva o‘rmonlarida Amerika yovvoyi qoramollari (bizon)ning urug‘doshlari zubrlar o‘tlab yurishardi (Gryunvald jangidan oldin qo‘shin ularning go‘shti bilan boqilgan). Hozirgi Moskvaning shundoqqina atroflarida ayiqlar va karqurlar bor edi. Ivan Grozniyning qo‘shinlari Qozonni egallash uchun ketayotganlarida los go‘shti bilan ovqatlanishgan. Shunday bo‘lsa-da, yangi yerlar “xudo qanday yaratgan bo‘lsa o‘shandayligicha saqlangani” bilan yevropaliklarni lol qoldirdi. Mahalliy xalq bilan savdo-sotiqni tobora kengaytirib, okean sohilidan tobora ichkariroqqa kirib borgan yevropaliklar barcha daryo, ko‘l va botqoqliklar qunduzlar bilan to‘lib-toshib yotganini aniqladilar. Qunduzlarni tutadigan moslama bir kechada o‘ttiztacha qunduzni tutishi mumkin edi”. Dengizchilar hali qirg‘oqqa tushmaslaridanoq bemalol yurgan oq ayiqlarni, “otga o‘xshagan juda ko‘p baliq (morj)larni ko‘rishardi”. Ular odamlardan qo‘rqishmasdi. Orolchalarda kattaligi g‘ozday keladigan son-sanoqsiz qushlarga duch kelishdi. Ularning birortasi ham uchib ketmadi. Uchishni bilishmasdi ular. Odamni bilishmasdi, bu yerda boshqa dushmanlari yo‘q edi. Inson mana shu joylarga ham yetib keldi va kaltaklar bilan qushlarni o‘ldira boshladi. “Bir soat ichida 30 ta katta kemani shunday qushlar bilan to‘ldirib tashlash mumkin edi”. Qanotsiz gagarkalarga qiron keltirish ana shunday boshlandi. Yigirmanchi asrning boshlariga kelib yer yuzida bunday qushlarning birortasi qolmadi. Qachonlardir esa ular “okean sohilidagi toshlar ustida bir-birlariga suyangancha to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishardi”.

Bu yerlarga birinchi kelganlarning orqasidan sohilning ichkarirog‘iga kiramiz. Ko‘llardagi g‘ozlar, o‘rdaklar, qarqaralar osmonni to‘sib qo‘ygudek son-sanoqsiz. O‘rdaklar va qarg‘alar bezovtalanib, gala-gala bo‘lib, u yoqdan-bu yoqqa uchishadi. Yovvoyi kaptarlar tunash uchun daraxtlarga qo‘nganida ularning azbaroyi ko‘pligidan shoxlar sinib tushardi. Ularni ushlash uchun to‘r qo‘yilsa birvarakayiga yuzlab, minglab kaptarlar ilinardi. G‘ozlar va o‘rdaklar odamlardan butunlay hayiqishmas, majbur qilmaguncha suvga tushgilari ham kelmasdi.

Nyu-Yorkning hozirgi osmono‘par binolari qad ko‘targan joylaridan 1609 yilda (Minin va Pojarskiy davri) odamlar u yoqdan-bu yoqqa zo‘rg‘a o‘tishar, erinmagan odamlar qariyb mehnat sarflamay qushlarni tutib olishardi”.

Lekin yevropaliklar xuddi hindilar singari so‘yib yeyishga yirikroq bug‘ularni tutishardi. “Bug‘ular gala-gala bo‘lib u yoqdan-bu yoqqa yugurishar, bir galada oltmishtalab bug‘u bo‘lardi. Ular juda ishonuvchan bo‘lib, yevropaliklarning mollari bilan birgalikda o‘tlab yurishardi”. “Kiyiklar shu qadar ko‘p ediki, odamlar uning go‘shti bilan tirikchilik o‘tkazish uchun emas, ermakka ham o‘ldirishardi”.

Qushlar va hayvonlarning nihoyatda ko‘p va turli-tumanligi odamlarning ovqatlanishlaridagi injiqliklariga olib keldi. Odamlar tez orada eng lazzatli narsa qunduzning dumi, kundalik iste’mol etish uchun esa kurka go‘shti ekanligini angladilar. O‘rmonlarning ichi kurkalarga to‘lib-toshib yotardi. “O‘rmon ularning ovozidan jumbushga kelardi… Bolalar ermak uchun ularga tosh otib o‘ynashardi”.

Kurka kelgindilar dasturxonidagi asosiy ovqatga aylandi va hozirgacha ham u Amerika yeri ma’murchiligining timsoli bo‘lib qolayotir. Hozirda ham amerikaliklarning eng yaxshi ko‘rgan bayramlaridan biri Shukrona kuni uchun fermalarda ko‘p minglab kurka boqishadi.

Bo‘ri, tulki, yenot, skunslarni Amerikaga dastlab kelganlar unchalik qadrlashmasdi. O‘sha davrlardan juda kam saqlanib qolgan qo‘lyozmalardan birida “ular haddan tashqari ko‘p edi” deyiladi. Qizil va qora tulkilar xuddi itlardek bemalol yurishar, qorinlari ham to‘q edi.

Biologiyadan uncha-buncha xabardor odam hayvonlar ko‘pligi, o‘simliklar olamining rang-barangligi va boyligiga bog‘liqligini yaxshi tushunadi. Xuddi shunday bo‘lgan ham. Bu qit’aga birinchi borganlar shunday yozishadi… “Bu holat yangi ochilgan joylarni: Vino yeri, Vino qirg‘og‘i deb atalishiga olib keldi”. “Ertut ham nihoyatda ko‘p edi. Iyun oyida bu yer qizil gilam tashlab qo‘yilganga o‘xshaydi”. Yovvoyi olxo‘ri, malina, xurmo, chernika, qorag‘at, klyukva, krijovnik, shirin kashtanlar (endilikda kashtanlar kasallik tufayli qurib bitdi), yong‘oq, ternovnik, do‘lana juda ko‘p o‘sardi. Bularning barchasini tabiatning o‘zi, yer bunyod etgan. Hatto daryoning pastqamroq joylarida yovvoyi sholilar ham o‘sgan. Inson qo‘li bilan ekilmagan bo‘lsa-da, bu yerlardagi javdari bug‘doy ham xuddi Yevropadagiga o‘xshaydi. “Kanop ham o‘z-o‘zidan o‘sib yotadi”. O‘zlashtirilayotgan yerlarni tabiatning ulkan g‘alla xirmoni deysiz. Faqat yalqovlik qilmay qo‘lingni cho‘zsang bas!

Bu joylarning suvi to‘g‘risida yevropaliklarning fikrini keltirmasak, Amerika tabiatining o‘sha vaqtdagi manzarasi to‘liq bo‘lmaydi. Eri ko‘li to‘g‘risida shunday yozishgandi: “Sanchqini suvga tiqsang baliqqa to‘g‘ri keladi” “Baliqlarning ko‘pligidan daryolar vaqillaydi… Baliqlarni hatto cho‘mich yoki po‘stloq bilan qirg‘oqqa chiqarib tashlasa bo‘ladi. Osetra baliqlari yelkalarini chiqarib olgancha suvda mudrashadi. Ba’zi daryolarda osetra baliqlari shu qadar ko‘payib ketganki, qayiq va kichik kemalarning ularda suzishi ancha xavfli”. Qo‘rqmas qizil tanlilardan ba’zilari kattaroq osetra balig‘ining dumiga sirtmoq solib orqasidan suzishlari hech gap emasdi. Faqat arqon qo‘ldan chiqib ketmasa bas. Hindilar bunday paytda ahyon-ahyonda suvdan boshlarini chiqarib nafas olishardi. Qizil tanli bunday paytda baliqning tezlashib ketishiga e’tibor ham bermasdi. Pirovard-natijada, osetra balig‘ining sillasi qurib, hindiga taslim bo‘lardi. Aksar hollarda o‘zi ham holdan toygan hindi baliqni arqon bilan qirg‘oqqa tortib olardi. Ulug‘ ko‘llarda esa eshkakchilar lososlarni kaltak bilan urib sulaytirishardi.

Hindilar suvdagi mo‘l-ko‘lchilikka unchalik salbiy ta’sir ko‘rsatisha olishmasdi. Ularning ko‘pchiligi baliqqa nisbatan o‘zlarida unchalik rag‘bat sezishmasdi. Baliq tutishni aksariyat holatlarda bolalarga topshirishardi. Bolalar qayiqda o‘tirganlaricha baliqlarga nayza sanchib ovlashardi. Odamlar, hayvonlar, qushlar baliq bilan ovqatlanishardi. Hammaga yetib ortardi. Baliq tutishning ustasi bo‘lib ketgan qushlar ham ko‘p edi. Ottava (Kanadadagi daryo) bo‘ylab suzgan frantsuz Radisson shunday yozgan edi: “Nazarimda ular bizning suzishimizga atayin xalaqit berish uchun bu yerda to‘planganday tuyulardi. Suvburgut, qarqara, qorabuzov va tabiiyki, endilikda qariyb yo‘qolib borayotgan baliqxo‘rlar daryodan ov qilishardi. Kemada baliq ovlayotgan inglizlarga qushlar galasi xalaqit berguday ko‘p bo‘lsa, ularning sonini tasavvur qilish qiyin emas”.

Qit’aning bokira yeri to‘g‘risida gaplar faqat xotiralardagina saqlanib qolgan. Bu joylarga Kolumbdan keyin (va oradan 200 yil o‘tgandan keyin ham) kelganlarga Amerika butkul o‘rmonlardan iboratday tuyulardi. “Daraxtlarning nariyog‘idagi mamlakat ko‘rinmaydi”. Bu yerlarda kenglik yo‘q… O‘rmonlar haddan tashqari ko‘p, agar baland qoyaning eng tepasiga chiqib olib uzoq-uzoqlarga tikilguday bo‘lsangiz, tebranib turgan daraxt shoxlarining uchlariga ko‘zingiz tushadi”. Shundoqqina okean qirg‘og‘idan qarag‘ay, dub, qora qayin, kashtan, shumtol, jo‘ka, tol, yong‘oq, zarang, oqqarag‘ay, archa, tog‘terak o‘rmonzorlari boshlanadi. Amerika o‘rmonlaridagi daraxtlarning ko‘pchiligi yevropaliklarga tanish edi. Lekin bular qanday daraxtlar deng! Nihoyatda baland o‘sgan. “Evropaliklar chinorlarning kavaklariga cho‘chqalar uchun uya yasashgan. Yomg‘ir yoqqan paytlarda esa bu uyalarda yigirma-o‘ttiz kishilab berkinishgan. Hindilar o‘zlarining toshboltalari bilan o‘rmonlarga hech qanday zarar keltirishmagan. Tol va terakdan, shuningdek, po‘stloqdan kulbalar va kemalar yasashgan. O‘rmonlar oq tanli odamlar boltasining zarbidan larzaga keldi.

Evropadan kelganlar o‘rmonni xush ko‘rishmasdi. Bu yerlarga yangi kelganlarda qandaydir xavotir, xavf-xatar tuyg‘usi uyg‘onardi. Buning sababi chor atrofning doimo yarim qorong‘iligi va manzaraning cheklanganligidir. Avvaliga odamlar qit’aga hindilar ochgan so‘qmoqlar, daryolar va ko‘llar orqali tarqalishdi. “Amerika bolta bilan chopilgan” – buni har bir amerikalik biladi. Biz mashhur kinoaktyor Gregori Pek o‘ynagan filmni tomosha qildik. Unda kinoaktyor otalarcha salobatli ovoz bilan odamlarni millat faxri bo‘lgan o‘rmonlarni asrashga chaqiradi. Gregori Pekning ajdodlari o‘rmon timsolida o‘z yo‘llaridagi to‘siqni ko‘rgandek bo‘lib, uni shafqatsiz ravishda kesishgan, uni yo‘qotib, ekin maydonlari ochishayotganidan mag‘rurlanishgan, daraxtlarga rahm-shafqat qilib o‘tirishmagan, qo‘poraverishgan. (Ba’zi jamoalarda ichkilikbozlikda ayblangan odam jazo sifatida bitta to‘nkani qo‘porib tashlashga majbur etilgan). Hosili kamaygan joylarni tashlab, yana yangi joylarni ochaverishgan… O‘sha vaqtlarda amerikaliklar daraxtlarni g‘arbga tomon kesib borishgach, orqasidan xuddi o‘rmonlardek bepoyon dashtlar chiqishini bilishmagan. Ming yillar mobaynida yovvoyi o‘t-o‘lanlar o‘sib yotgan, yovvoyi qoramollarning axlati va suyaklaridan kuchayib yotgan ayni mana shu joylar – “er yuzidagi eng yaxshi qoratuproqli maydonlar” – butun mamlakatni boqadigan bo‘ldi. Dastlabki ikki yuz yil mobaynida Amerika o‘ziga kerakli g‘allani daraxtlardan tozalangan yerlarda yetishtirdi.

O‘rmonga qiron keltirish tabiiyki, darhol o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatdi. Pensilvaniyada yashagan qandaydir Evans ismli odamning 1753 yilda urgan bongi bizgacha yetib kelgan. “Bizdagi irmoqlar juda tez quriyapti. Ilgarilari movut-kigiz ishlab chiqaradigan mashinalarni aylantirayotgan suv endilikda fermerlarning ehtiyojiga zo‘rg‘a yetyapti. Juda ko‘p daryolarda kemalar yurolmay qoldi”. “Mirishkor Amerika” shunday boshlangandi.

Kolumb topgan non bir chetidan qotib borayotgandi. Amerikaning kashf etilishi yana uzoq yillar davom etdi. Yangi kelayotganlarni hamma joyda hali tegilmagan yerlar qarshi olardi. Oq tanli odamlar yovvoyi qoramollar o‘tlab yurgan joylarning miqyosini aniqlashlari zarur edi. “Kechgacha otda yursangiz ham qoramol galasi tugamaydi”. Odamlarning istiqbolidan yangi tog‘lar, yovvoyi o‘rmonzorlar va yana tog‘lar chiqib qolardi. Faqat bundan yuz yildan oshiqroq vaqt oldingina amerikaliklar, nihoyat, yerlarining chegarasi okeandan okeangacha ekanligi to‘g‘risidagi tasavvurga ega bo‘ldilar.

Jon Beykless ishonch bilan aytishicha (bunga dalillar ham keltiradi), “oq tanlilarning bu yerga kelgunlaricha, hatto 1600 yillargacha Amerikada mamontlar yashagan… Yevropaliklar qit’aning ichkarirog‘iga kirishganda ularni ko‘rgan bo‘lishardi”. Ishonch bilan aytilgan bu gapga shubha bildirish mumkin, albatta. Lekin bir narsa aniqki, Kolumbning topgani to‘la ma’noda hali inson qadami toptamagan bokira yerlar edi.

Bu yerlarni ochgan admiralning vafotidan keyin asalga intilgan pashshalardek yangi joylarga yopirilgan odamlar kashfiyotning chinakam bahosini bilishdimikin? Bilishgan, ammo dastlabki yuz yil ichida oltinga egalik qilish jazavasi bu joylarning haqiqiy boyligiga razm solib qarashga to‘sqinlik qilgan. Faqat keyinroq bu yerlarning qadrini anglay boshlashgan.

Frantsuz Karte: “Bu joylar tasavvur qila olish mumkin bo‘lgan darajada bebahodir”, – deydi.

Yana bir frantsuz Radisson (XVII asrning o‘rtalari) esa “Bu mulklarning ob-havosi g‘oyat mo‘tadil, har xil boyliklarga serob, yeri yiliga ikki marotaba hosil beradi”.

Ingliz Genri Gudson (1609): “Bu yerlar inson qadami yetgan barcha yerlardan a’loroq va ishlashga g‘oyatda qulay”.

Ingliz kapitani Smit (1614 yil): “Shunday joylarda osh-nonini topib yeya olish qobiliyatiga ega bo‘lmagan odam och-nahor o‘lib ketishga mahkum bo‘lishi kerak”.

“Mamlakat shu qadar g‘aroyib, shu qadar yoqimtoy va hosildorki, afsuski hammamiz ham sig‘maymiz-da. Lekin, baribir, bu joylarga ancha odam sig‘adi. Bugun Qo‘shma Shtatlarda 210 million odam yashaydi. Shundan emigrantlar hammasi bo‘lib 44 million, qolganlari shu yerda tug‘ilishgan.

Birinchi bo‘lib ko‘chib kelganlarni yaxshi bilmaymiz. Ular turfa xil odamlar edi. Bular orasida jasur tadqiqotchilar ham, shon-shuhrat ketidan quvuvchilar ham, tavakkalchilar ham, romantiklar ham, Yevropada hech vaqosi yo‘q daydilar ham, boylikka hirs qo‘yganlar ham bor edi. Boyishga ishtiyoq, mol-mulkka hirs tuyg‘usi bularning barchasi uchun ham mushtarak xususiyat edi. O‘sha qadim davrlarda, hali bu joylarni o‘zlashtirayotganlar juda ozchilikni tashkil etgan vaqtlardayoq “terilarni bo‘lish” o‘zaro qirg‘inlarga aylanib ketardi. “Yo‘lboshlovchi Sotoning o‘limini butun otryad qariyb xushnudlik bilan kutib oldi”. Muqaddas Lavrentiy daryosi mansabidan Ulug‘ ko‘llargacha va Missisipidan Meksika ko‘rfazigacha bo‘lgan yo‘lni birinchi bo‘lib ochgan La Salni ham o‘z safdoshlari Texasda o‘ldirishdi. Genri Gudzonni esa butun safar mashaqqatlarini birga tortishgan hamrohlari pirovard-natijada kemachaga o‘tkazishib, to‘lqinlar ixtiyoriga qo‘yib yuborishdi. Bu bilan mashhur kapitanning ham kuni bitdi. Yangi yerlarni dastlab o‘zlashtiruvchilarning aksariyati tarixda nom-nishonsiz ketdi. Ular orasida qalloblar, shuhratparastlar, ta’magirlar bor edi, lekin bularning orasida olijanob odamlar yo‘q emasdi. Bunday odamlar uchun halol mehnat, shuningdek, aldash yo‘li bilan topilgan qunduz terilari, va’da qilingan unvon va mukofotlardan tashqari, cheksiz-chegarasiz o‘rmonlar ovozi, ko‘ngilga xush yoqadigan erkin hayot, ilgari hech ko‘rilmagan yovvoyinamo qabilalar, dastlab kashf etganlik quvonchi, istaganingni qilish lazzati, ko‘llarning erta tongdagi jivir-jiviri, tamomila noma’lum o‘simliklar, hayvonlar, baland o‘sgan daraxtlarning jimgina egilib turgan shoxlari, har daqiqada xavf-xatarni kutib entikib yashash ham bor edi. Ular o‘zlari atashganidek, “o‘rmon daydilari” edilar. Ularning orqalaridan esa teri xaridorlari, fermerlar, duradgorlar, temirchilar, chorvadorlar, konchilar izma-iz borishardi. Bu mehnatkash odamlar changalzorlarni yorib o‘tishdi, tabiat bilan uyg‘unlashib ketishdi, yangi yerlarda ildiz otishdi.

Yangi joylar endi o‘zlashtirilayotgan o‘sha davrlardayoq qadimgi Yevropada hali bu yerlarga keltirilmagan qunduz terilarini, qolaversa, hududlari endi aniqlashib borayotgan yangi yerning ulkan terisini taqsimlash boshlangan edi. Yuksak qirollik taxtlarida o‘tirganlar ham Amerikani o‘zlashtirayotganlarning harakatini, tobora ichkari kirib borishayotganini hasad bilan kuzatishar, eng yaxshi yerlarni o‘zlariga ajratib qoldirishlarini ta’kidlashdan charchashmasdi. “Oq tanlilar” lagerida ur-yiqit, o‘zaro to‘qnashuvlar, bir-birlarining istehkomlarini yoqish, kemalarni cho‘ktirib yuborishlar boshlandi, tahdidlar kuchaydi. Yangi Dunyoning asosiy da’vogarlari Ispaniya, Angliya va Frantsiya edilar. Angliya yangi yerlarni bosib olishga boshqalarga qaraganda kechroq kirishdi. Lekin ish o‘zaro to‘qnashuvlarga kelib taqalgach, juda tez fursatda raqiblarining surobini to‘g‘ri qildi, eng yaxshi yerlarni qo‘lga kiritdi.

Angliya bosib olgan yerlarda xo‘jalik rivojlanib ketdi. Yangi Dunyo mustamlakasi Britaniya imperiyasining eng boy joylariga aylanib qoldi. Lekin obdon yukka to‘ldirilgan vagon o‘z yo‘lida harakat qilishni istardi. Tez orada kutilmaganda bu vagonning motori va mo‘rilari paydo bo‘ldi. Angliya bu vagon harakat qilmasligi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi. Harbiy kuch ishga tushdi. Bu ham yordam bermadi! Vagon harakatga kelib o‘z yo‘lidan yura boshladi. Shunday qilib, 1776 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari davlati barpo bo‘ldi. Amerika xaritasi hozirgi holatiga asta-sekinlik bilan kelgan. To‘g‘ri burchakli va kvadrat shaklidagi sharqiy “asosiy shtatlar”ga uzoq G‘arbdagi shtatlar tutashgan. Bunga yerlarning rasman tadqiq etilishi sabab bo‘ldi. (Amerikada Lyuis va Klark singari sayyohlarni biz Prjevalskiyni qadrlaganimizdek qadrlashadi.) Lekin davlat faqat yangi yerlar hisobigagina kengaymadi. Balki kuchsizlar yangidan kuchga kirib kelayotganlarga o‘z yerlarini berishga majbur bo‘lishardi. Ba’zida “er yig‘ish” tayyor joylarni sotib olish orqali ham ro‘y berardi. 1803 yilda Napoleon Shtatlarga Luizianani – Missisipidan qoyali tog‘largacha, ulug‘ ko‘llardan Meksika qirg‘oqlarigacha bo‘lgan yerlarni (hozirgi AQSh hududlarining qariyb uchdan birini) sotadi. Sotganda ham bor-yo‘g‘i 15 million dollarga sotadi. (Amerikaliklar “gektari olti tsentdan bo‘ldi!” deb kulishardi.) Rossiya Alyaskani 1867 yilda Qo‘shma Shtatlarga 7.250.000 dollarga sotadi. (Yozishlariga qaraganda, kongress o‘sha vaqtda “muz solingan yashik”ni sotib olayapmiz deb ayyuhannos solgan. Ma’lum bo‘lishicha, yashchik ichida duru javohirlar bor ekan. Faqat oltin qazib olishdangina 150 million foyda ko‘rishdi.) Boshqa yerlarni esa Amerika kuch bilan tortib oldi. Meksika bilan urush natijasida Amerika Texas, Yangi Meksiko shtatlarini, Arizona va Kaliforniyaning bir qismini qo‘lga kiritdi. Sotib olishlar va urushlar (1776 yildan 1900 yilgacha bunday urushlardan bir yuz o‘n to‘rttasi bo‘lib o‘tgan) tufayli Qo‘shma Shtatlar o‘z hududini o‘n marotaba kengaytirdi.

Qit’ani bilish, davlatning barpo bo‘lishi, yerlarning yulduzli yo‘l-yo‘l bayroq ostiga birlashtirilishi to‘g‘risidagi qisqacha ma’lumot shulardan iboratdir. Lekin uncha katta bo‘lmagan tadqiqotlarimizdan maqsad AQSh siyosiy xaritasini chizish emas. Amerikaning Amerika bo‘lishiga nima yordam berdi? Shubhasiz, bunga birinchi navbatda odamlarning mehnatsevarligi sabab bo‘ldi. Amerikaliklarning layoqatiga, mehnatga ishtiyoqlariga ta’zim bajo keltirmoq kerak. Buning ildizi birinchi ko‘chib kelganlarga borib taqaladi. Yovvoyi yerlardagi mehnat ular uchun hayot-mamot masalasi edi. Lekin unumsiz yerlarda to‘kilgan ter ham yaxshi samara bermasligi ehtimoldan xoli emasdi. Amerikaning boyligi insonga istagan narsasini berishi mumkin bo‘lgan yerlardir. Bu tuproqning boyligiga “hatto qushlarning tumshug‘i ham tegmagandi”. Odamlar aql-farosatlarini ishlatib juda oz fursat ichida boyib keta boshlashdi. Dastlab ko‘chib kelgan oq tanlilar Amerika yerlariga xuddi shu o‘lchovlar asosida yondoshishdi. Dastlab kelganlar o‘z fermalari uchun qo‘riq yerlarni, chorvalari uchun maysazorlar va o‘rmonzorlarni, qazilma konlarini qariyb tekinga olishlari mumkin edi. Tabiat to‘kinchiliklari ichida yashayotgan odamlar bu boyliklar qachonlardir barham topishi mumkinligini xayollariga ham keltirmadilar. Yerlar hosil bermay qo‘ygach, fermerlar yangi yerlarga ko‘chib o‘ta boshladilar. Yoshi kattaroqlar yoshlarga qarata: “O‘g‘ilginam, men sening yoshingda uch joydagi yer-mulkning boshiga yetib ulgurgandim” deb maqtanishni odat qila boshladilar.

Er odamlar hali piyoda yoxud buqalar ustida yurgan, qo‘lida bolta, belkurak ushlagan paytlarda, ot va o‘zining bilak kuchidan foydalangan paytlarda bularning barchasiga chidash berdi. Lekin oradan yillar o‘tib, traktor, buldozer, portlatuvchi modda, burg‘ulovchi mashina, ekskavator, paraxod, samolyot, yuk mashinasi singarilar paydo bo‘ldi. Bularning hammasi ham odamlarning ko‘proq boyishiga, raqibidan iloji boricha tezroq vaqt ichida o‘tib ketishiga, tabiatdan ko‘proq yulib qolishga imkon yaratdi. “Mo‘l-ko‘lchilik isrofgarchilikka olib keldi. Mamlakatimiz so‘nggida yuz yilda o‘rmon, maysazor, suv resurslari, hayvonot dunyosidan shu darajada noto‘g‘ri yo‘llar bilan foydalandiki, insoniyat madaniylashganidan beri bu qadar tajovuzkorlikni ko‘rmagan edi”. (Ekolog Ferfild Osborn) Boylikka ruju qo‘yishni o‘zlariga shior qilib olganlar bunga qarshilik ko‘rsata olishmasdi ham, qarshilik ko‘rsatishni istashmasdi ham. Mana endi zamonlar kelib, yer nola qila boshladi… Bu muammo, albatta, faqat Amerikaning muammosi emas, lekin bu saboqning muhim tomoni shundaki, ayni mana shu yerdan, yaqin-yaqinlargacha inson qadami yetmagan joydan boshqa makonlardan ko‘ra oldinroq “Og‘aynilar, yonayapmiz!” degan hayqiriq eshitildi.

BEZOVTALIK

1969 yilda Qo‘shma Shtatlarda odatiy bo‘lmagan yong‘in ro‘y berdi – daryo yondi. Gazeta xabarlarida bu voqeaning tafsilotlari saqlanib qolgan: “Yong‘in ikkita temir yo‘l ko‘prigini vayron qildi…”. Ogayo shtatidagi Kayaxoga daryosi yonayotgandi. Biz Eri ko‘liga oqadigan bu daryodan o‘tgandik va shu bois ham yonib ketish xavfi hamon saqlanib qolayotganiga guvohlik beramiz.

Kayaxoga boshqa daryolarga o‘xshagan daryo edi. U ajoyib o‘tloqlar va o‘rmonzorlar oralab ming yillardan beri oqayotgan musaffo suvli daryo edi. “1835 yilda daryoning mansabi hali zabt etilmagandi”. Bundan yuz yillar oldin ayni shu joydan “bir to‘r bilan bir kechada o‘ttizta qunduzni tutish mumkin edi”. Endilikda Kayaxoga o‘lik daryo holatiga keldi. Hatto yonishi ham mumkin. Endilikda daryoga o‘rmon irmoqchalari va suvosti buloqlarigina emas, turli quvurlar, zovurlar, novlardan oqava suvlar ham tushadi. Kayaxoga o‘ta ifloslanib ketgan daryolarga misol bo‘la oladi. Unda ro‘y bergan yong‘in Amerikaning juda ko‘p joylarini egallagan yong‘inning dramatik timsoli, xolos. Tabiat bilan ziddiyat tufayli kelib chiqqan tutun bugungi kunda juda ko‘p joylarda burqsimoqda.

Bu yong‘inni oldindan aniqlash mumkinmidi? 1907 yilda Amerika qit’ani o‘zlashtirishning yubileyini nishonladi. Qandaydir Allan Nevins mamlakatni “eng gullagan, eng kuchli” sifatida ta’riflab, yutuqlarning asosiy sababini quyidagicha ta’rifladi: “1607 yildan 1907 yilgacha o‘tgan uch asr mobaynida amerikaliklar atrof-tabiatni muzaffarona o‘zlashtirdilar…” Oradan yarim asr o‘tgach, amerikaliklar o‘zlarining bu asosiy yutuqlariga tamomila boshqacha ko‘z bilan qaray boshladilar. Tabiat ustidan qozonilgan g‘alaba bilan endilikda juda kamdan-kam odamlargina maqtanishlari mumkin.

Yong‘in tutunlarini uzoqni ko‘radigan odamlar ancha ilgariroq payqashgandi. Ular orasida prezidentning shaxsan o‘zi – Teodor Ruzvelt ham bor edi. Bu siyosatchi ovchi ham edi, tabiatni yaxshi ko‘rardi, uning ko‘pgina qonunlarini tushunardi. Ruzvelt perosi bilan qo‘l qo‘yilgan davlat hujjatlari tufayli yovvoyi hayvonlarni muhofaza qiladigan tabiatning ayrim zonalari halokatdan saqlab qolindi. Lekin “qushlar haqidagi bezovtalik” ko‘plarga qo‘ng‘iroqning bezovta ovozi emas, shaqildoqning beozor sasiday eshitildi. Sanoatning og‘ir, tizginsiz tarkibi hech narsani nazar-pisand qilmay pastlikka tomon tezlashib borardi.

Birinchi larza 1934 yilning bahorida ro‘y berdi. 11 va 12 may kunlari Amerikaning qoq markazida Oklaxoma, Nebraska, Kanzas tekisliklari ustida kuchli chang bo‘roni ko‘tarildi. Orqa-ketiga qaramay haydab qo‘yilgan bepoyon dashtlardagi tuproq osmonga ko‘tarilib, butun Amerika ustidan o‘tib, sharqiy qirg‘oqlargacha yetib keldi. Talafot g‘oyat ulkan va dahshatli edi. “Odamlar oyog‘i ostidagi yer ancha pastga tushib ketdi”, hammayoqni qalin chang qatlami qopladi. Ulug‘ tekisliklarda ro‘y bergan falokat iqtisoddagi tanazzul bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Amerikaliklar shu yili chamasi o‘z tarixlarida birinchi marotaba hech qayoqqa qaramay foydalanishayotgan tabiiy boyliklar qudug‘i tubsiz emasligini anglab yetdilar.

Adolat yuzasidan aytish kerakki, 1934 yildagi yong‘in juda uddaburonlik bilan va tez o‘chirildi. Yangi o‘rmonzorlar barpo etish uchun ko‘plab daraxtlar ekilishi, yer egalariga badal to‘lash sharti bilan ekin ekishni ma’lum muddatlarga to‘xtatib turish kutilgan samarani berdi, asta-sekin “chang qozoni”ni unuta boshladilar.

Lekin endi mana bu katta yong‘in oyoq ostidan chiqdi: yer, suv, havo, jonli tabiat, insonning o‘zi ham xavf-xatar ostida qoldi. Amerikani boqib turgan, gullab-yashnashning asosi bo‘lgan narsalar bamisoli chirib ketgan kiyimday hammayog‘idan to‘kila boshladi. Yong‘in to‘g‘risidagi qo‘ng‘iroq Kennedi vaqtidayoq jiringlagan edi. Bezovtalik Jonson vaqtida ham to‘xtamadi. Avvaliga xavf-xatar haqidagi hayqiriqlarga unchalik quloq solmagan prezident Niksonning o‘zi “Hozir, yoxud hech qachon!” deb bong ura boshladi. Prezidentning nidosi tabiatni ifloslantirish, uning boyliklarini talon-taroj qilish, tanazzulga yuz tutishiga qarshi kurashga da’vat etdi. “Agar biz yashab qolishni istasak, falokatdan qutulish yo‘llarini izlashimiz uchun ixtiyorimizda yana bitta o‘n yillik bor”, – deydi “bu muammolarni ikir-chikirigacha biladigan” e’tiborli olim – ekolog Barri Kommoner.

Ehtimol, olim va prezident holatni haddan tashqari bo‘rttirishayotgandir? Yo‘q. Xavf-xatarni har bir amerikalik his etib turibdi. Yozning issiq kunida torf konida yong‘in chiqib ketganligi sodir bo‘layotgan hodisalarning aniq timsoli desa bo‘ladi. Tutun qatlami, qiy-chuv, qarabsizki, hammayoq yonayapti. Hech kutmagan joyingdan ham to‘satdan yong‘in manbai paydo bo‘ladi, ichidan yona boshlaydi. Falokatning sabablarini shunchaki kuzatib bilib bo‘lmaydi. Bizga aytib berishlariga qaraganda, “falokatni hamma biladi”. Besh mingga yaqin ekolog mutaxassislar nima qayerda yonayotganini bilishadi, faqat bir necha yuz odamgina “barcha narsani va uning oqibatlarini aniq bilishadi”. Uchta asosiy tabiiy boylikni, insoniyat qadim-qadimdan hayotiga asos bo‘lgan uch birlik – havo, suv va yerni ajratib ko‘rsatamiz-da, ularning ahvoliga razm solamiz.

Havo. Inson ovqatsiz 5 hafta, suvsiz 5 kun, havosiz 5 daqiqa yashashi mumkin. Yer yuzida qachonlar kislorod mutlaqo bo‘lmagan. Kislorod keyinchalik o‘simliklar va o‘rmonzorlar tufayli paydo bo‘lgan. Endilikda yer atmosferasining beshdan bir qismini kislorod tashkil etadi. Kislorod barcha organizmlardagi hayotni ta’minlab turadi. Har bir odam sutkasiga 13,5-16 kilogramm havoni ishlatadi. (Shuning beshdan bir qismi kisloroddir.) “Boing” rusumidagi samolyot Parij–Nyu-York marshruti bo‘yicha uchganda atmosferadagi 35 tonna kislorodni ishlatadi. Avtomobil soatiga 40 kilometr tezlik bilan yurganda, o‘n minglab kishilar nafas olishi mumkin bo‘lgan kislorodni yondirib yuboradi. AQShda 100 milliondan ortiq avtomobil tog‘teraklar, zarang daraxtlari, qarag‘aylar, okeanlardagi o‘t-o‘lanlar ishlab chiqargan qancha kislorodni yutib yuborishini hisoblash qiyin emas. Ahvolning mushkullashib borayotganligi shundaki, kislorod hosili yig‘ib olinadigan yerlar tobora qisqarib bormoqda – o‘rmonlar kesilmoqda, okeanlar tobora ifloslashib bormoqda. Shu bilan birgalikda motorlar soni tobora ortib bormoqda. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, Amerika hozirning o‘zidayoq “boshqalarning o‘pkasi” bilan nafas olayotgan ekan. Mamlakat kislorodi o‘ziga yetmay qoldi, agar okean, Kanada, Janubiy Amerika va boshqa qit’alarning o‘rmonlari bo‘lmaganda Amerika havo yetmay dimiqib qolgan bo‘lardi.

Lekin “kislorodning yetishmasligi” muammoning bir tomoni, xolos. Ikkinchi falokat atmosferaning ifloslanishi. Shu bilan bir vaqtda avtomobillar, elektrostantsiyalar, zavod va fabrikalarning quvurlari, chiqindilarni yoqadigan pechlar yiliga 200 million tonna yonish mahsulotlarini (AQSh aholisining jon boshiga deyarli bir tonnadan) chiqaradi. Havo is gazi, azot oksidi, oltingugurt, qo‘rg‘oshin gazlari bilan to‘yinmoqda. Atmosfera ifloslanishining yarmidan ko‘prog‘iga avtomobillar sababchi. Har bir motor faqat qo‘rg‘oshin gazining o‘zidan aholi jon boshiga yarim kilodan chiqaradi. Bu “kimyoviy to‘shama” AQShning juda katta hududlarini qoplagan. U odamlar zich yashagan joylarda, ayniqsa, ko‘proq miqdorda bo‘ladi. Hozircha kislorod niqoblarini ko‘proq havoni ifloslantirishga qarshi uyushtiriladigan namoyishlarda tutishmoqda. Lekin Tokioda kashf etilgan toza havodan nafas olish uchun moslangan avtomatlardagi pulli niqobni tutish ehtiyoji hozirning o‘zidayoq ko‘p joylarda sezila boshladi.

Amerikani kesib o‘tar ekanmiz, ajoyib ob-havoli Nebraska, Dakota, Vayoming, Nyu-Meksiko, Arizona shtatlarida bo‘ldik. Odamlar siyrakroq bu dashtnamo joylarda Yerning ko‘pgina kasalliklarini vaqtincha unutish mumkin. Bu joylarda yurganingda Michigan ko‘li janubi-g‘arbiy qirg‘og‘i, Kaliforniyadagi shosse, G‘arbiy Verjiniyaning tutun qatlamlari singari dahshatli holatlar beixtiyor yodingga tushadi. Baltimor yaqinida biz yer yuzidagi eng uzun tunnellardan biridan o‘tdik. Xuddi dudbo‘ronning ichidan o‘tib ketayotganday his etarkansan o‘zingni. Odamlari qayoqqadir shoshayotgan ulkan Los-Anjelosda yurganingda ham xuddi shunday tuyg‘uni boshdan kechirasan. Havo ochiq kunlarida sen nafas olayotgan mudhish qorishma nimshaffof qizg‘ish ko‘rinadi. “Apollon-10” ekipajining so‘zlariga qaraganda 40 ming kilometr yuqoridan Amerikaning qiyofasi aniq ajralib turarkan, ammo Los-Anjelos joylashgan joyda faqatgina kulrang rangli dog‘ ko‘rinarkan, xolos. Yo‘lovchi tashiydigan samolyotlarning haydovchilari Amerikaning har bir shahari ustidagi tutun qatlamini yuz kilometr naridan ko‘risharkan. Vashington eng yaxshi joyga joylashgan ekan, unda sanoat ishlab chiqarish yo‘q, hammayoq ko‘m-ko‘k. Lekin avtomobillardan chiqayotgan gazlar va qo‘nish uchun shundoqqina shahar tepasidan pastlashayotgan samolyotlarning orqasida qolayotgan tutun izlari odamlarning ko‘zini yoshlantiradi, yo‘taltiradi. Shu yerlardan olingan havoni tekshirib ko‘rish mahalliy jurnalistning obrazli ifodasi bo‘yicha aytganda Linkolnning marmar haykali havodagi kimyoviy moddalar ta’sirida soda tabletkasiga aylanib ketishi mumkin ekan. Insonning o‘pkasi-chi? Zaharli havo ham o‘z ishini qilmoqda. Nafas yo‘llarining xastalanishi, ko‘ksov, bronxit, saraton, emfizema tufayli o‘lim Qo‘shma Shtatlarda tobora ko‘paymoqda. Uzoq vaqt mobaynida zaharli havodan nafas olish natijasida yoppasiga o‘lish hollari ham uchramoqda. 1952 yilda Londonda dekabr oyining to‘rt kunida to‘rt ming odam o‘lgan edi. Bu hodisa 1966 yilda Nyu-Yorkda qaytarildi, 168 odamning yostig‘i quridi. AQShning ko‘pgina shaharlarida endilikda ob-havo ma’lumoti bilan birga zaharli havo miqdori ham maxsus aytib o‘tiladi. Uzoq taxminlar to‘g‘risida shuni aytish mumkinki, agar chora ko‘rilmaydigan bo‘lsa 2000 yilda havoning ifloslanishi besh-olti marotaba yomonlashar ekan.

Eng kerakli havoning holati ana shunday. Holbuki, odam havosiz besh daqiqadan ortiq yashay olmaydi.

Suv… Suv tabiat mo‘jizasi, eng ko‘p tarqalgan, hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydigan, eng arzon va eng qimmatli xom ashyo. Ichida baliqlar g‘ujg‘on o‘ynayotgan, chekkalarida gullar o‘sib turgan, ustida ninachilar uchib yurgan, bulutlarning aksi tushib turgan musaffo suvni ko‘rish odamga naqadar quvonch bag‘ishlaydi. Loyqa, zaharlangan suvni ko‘rishdan ayanchliroq narsa yo‘q.

Amerikani aylanib yurarkanmiz, ko‘proq ana shunday o‘lik suvlarga duch keldik. Missisipi daryosining yuqoriroq joylarida boshqalarga xayrixohona ruhdagi bir odam yonimizga kelib ogohlantirdi: “Sizlar boshqa joylardan kelganga o‘xshaysizlar. Bu joylarda cho‘milish xatarli!” Grinvill shahri (Missisipi shtati) yaqinidagi daryoning quyi qismida esa ogohlantirishga o‘rin qolmadi, quyqasimon bo‘tana oqardi. Ulug‘ daryoni endilikda ko‘proq “Oqava suvlar oqadigan zovur”, “Amerikaning to‘g‘ri ichagi” deb atashadi. Sohilida Nyu-York joylashgan Gudzon daryosi haqidagi fikrlar bundan ham ayanchliroq: “Bu suvdan bir qultum ichib yuborgan odam omon qolganiga shukur qilmog‘i kerak”. Marhum Robert Kennedining “Gudzonga yiqilib tushgan odamning cho‘kib ketishidan ko‘ra erib ketishi osonroq” obrazli iborasi ko‘pchilik orasida mashhur. “Koloradoda baliqlarni shundoqqina pivo idishlari orasidan tutishadi”. Eri ko‘lini “o‘lik ko‘l” deb ta’riflashadi. Sohiliga Vashington joylashgan Potomak daryosining qirg‘oqlarida “Suv xatarli darajada ifloslangan” degan yozuvlar osib qo‘yilgan. Prezident Jonson Potomak daryosini toza suvli daryoga aylantirish millatning vazifasi deb uqtirgan edi. Sobiq prezident poytaxt daryosining suvini “zarur darajada toza”ligini ko‘rolmay olamdan o‘tib ketdi. Amerikaning qariyb barcha daryolari to‘g‘risida ham shunday gaplarni aytish mumkin. Hazillashishga moyil odamlar: “Bizning suvlarda beton to‘sinni yuvish ham xayf” deb kulishadi. Jiddiyroq aytiladigan bo‘lsa “Mamlakatimizdagi barcha daryolar, hatto irmoqlar ifloslangan”, – deydi ekolog Jon Berd. Jurnalist suvlarni nima ifloslantirayotganini shunday yozadi: “Biz daryolarni chiqindi, neft, ko‘mir kukunlari, qatronlar, turli bo‘yoqlar, kimyoviy moddalar, zahar, kul, plastika bo‘laklari, sintetik ko‘piklar bilan to‘ldirib yubordik. Daryolarning sohillarini esa temir-tersaklar, matraslar, plastikli lash-lush, avtomobil kuzovlari bilan bejab tashladik. Amerikaliklar endilikda xlorli hovuzlarda cho‘milmoqdalar, chamasi, endi ular daryolarda cho‘milish quvonchidan butunlay mahrum bo‘ldilar, shekilli. Bunga-ku, chidasa bo‘lar. Lekin ichimlik suvi masalasi ancha murakkabroq.

Ichimlik suvi sayyora suv zahiralarining atigi ikki foizini tashkil etadi. “Bir ko‘za ichimlik suvi sho‘r suvli daryodan qimmatliroq”, – deyiladi sharq donishmandligida. Bor-yo‘g‘i ikki foiz… Insonga yashash uchun sutkasiga ikki litr ichimlik suvi kerak bo‘lishini e’tiborga olsak bu katta raqamdir. Ehtimol, Afrikadagi ko‘chmanchi shuncha miqdorda suv ishlatar, amerikalik esa kuniga 5 ming litr suvni “ichadi”. Suv istisnosiz barcha ishlab chiqarish sohalarida ishlatiladi – kiyim-kechaklarni yuvishdan boshlab, mashinalarni yuvishgacha, axlat tozalashdan tortib, dori-darmon ishlab chiqarishgacha, po‘lat quyishdan g‘allazorlarni sug‘orishgacha – hammasiga suv kerak. Suv kanalizatsiya quvurlaridan o‘tgach, sanoat ehtiyojlarini bajargach, tabiiyki o‘lik holatiga keladi. Amerika aholisining yarmi (100 millon kishi) kamida bir marotaba kanalizatsiya quvurlaridan o‘tgan suvni iste’mol qiladi. Qo‘shma Shtatlarda suvni tozalash texnologiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘ziga to‘qroq odamlar shishalarga solingan oddiy suvni sotib olishni afzal ko‘radilar. Oddiy suv savdosi endilikda katta foyda keltiradigan soha bo‘lib qoldi.

Suvga chanqoqlik esa tobora o‘sib bormoqda. 1900 yilda AQShda suv bugungiga nisbatan 10 marotaba kam sarflangan. Yuz yillikning oxiriga borib suv sarflash yana taxminan to‘rt marotaba ortadi. Ichimlik suvining barcha zahiralari yetmay qoladi. Grenlandiya va Antarktida aysberglarining port shaharlariga buksirlarda olib kelish fantaziya emas, real haqiqatga aylanishi mumkin – axir har bir kishining hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan ikki litr toza suvni qayerdan bo‘lsa ham baribir topish kerak-ku!

ER… Odamlar okeandan okeangacha bo‘lgan Amerikaning butun hududini bosib o‘tgunlarigacha uch asr vaqt o‘tdi. Bir necha avlod Amerikaning cheki-chegarasi yo‘q degan fikr bilan o‘tib ketdi. Endilikda hamma narsa o‘zgarib ketdi. Lekin ulkan davlatning xaritasi o‘zgarishsiz qoldi. Missisipi o‘z mansabiga1 tuproq qatlamlarini oqizib kelaverib AQSh hududlarini ma’lum miqdorda kattalashtirdi. “Lekin hozir bizda AQSh tobora torayib borayotganday taassurot uyg‘otmoqda. Bir necha marotaba torayganday tuyuladi. Shuningdek, boyiganimiz sari kambag‘allashib borayotganga o‘xshaymiz”. Suhbatlashgan odamlarimizdan birining bu shikoyati bir qaraganda g‘alatiroq tuyuladi. Lekin bu tashvishda ma’lum asoslar bor. Fikrlovchi Amerika qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘z qadriyatlarini qaytadan baholash jarayonini boshdan kechirmoqda. Kechagina rohat-farog‘at bag‘ishlagan juda ko‘p narsalar bugun odamlarni tashvishga solmoqda. Birgina misol. Yo‘llar – Qo‘shma Shtatlarning iftixori… Tajribasizroq odamga yo‘l qancha ko‘p bo‘lsa shunchalik yaxshiga o‘xshaydi. “Yo‘q, – deydi bizning suhbatdoshimiz, – biz shunday pallaga yetib keldikki, endi har bir qarich hosildor yerni ko‘z nuriday avaylamog‘imiz kerak. Hozirning o‘zidayoq Virjiniya shtatining hududiga teng keladigan juda katta maydon yo‘l betonlari bilan qoplandi”. Bunga quyidagicha izoh berish mumkin. Yo‘llar fermalarni, aholi yashaydigan joylarni, tarixiy obidalarni barbod etmoqda, mamlakatdagi go‘zal manzarali joylarning buzilishi hisobiga mehmonxonalar, benzin quyish shohobchalari, tamaddixonalar bilan to‘ldirilmoqda, o‘rmonlar siyraklashmoqda, daryo va irmoqlar ifloslanmoqda. “Bular yerimiz tanasidagi chandiqlar. To‘xtash va to‘xtatish kerak!” “Bilasizmi, bizning Amerikada chopib ketayotganda to‘xtashdan ko‘ra, o‘rindan qo‘zg‘alish osonroq”. Qurilish – bu odamlarning ish bilan ta’minlanishi, kuchli yo‘l mashinalarini ishlab chiqarish, avtomobil, benzin, rezina sotish, neft, metall ishlab chiqarish, foyda ustiga foyda olish. To‘xtatish kerak! Bu to‘g‘risida gazetalar bong urmoqda, kongressga takliflar yozilmoqda, hamma shu haqida gapirmoqda. Lekin beton yerni yeyishda davom etmoqda. Yiliga to‘rt yuz ming gektarlab yerni…

Bularning barchasi yer maydonlaridan judo bo‘layotganimizning bir tomoni, xolos. Yana bir falokatni bu yerda “qizil xavf” deyishadi. Eskirgan siyosiy termin bu yerda yangi ma’no kasb etgan. “Qizil xavf” – yerlarning o‘lib borishi (yiliga oltmish ming gektar) qazilma boyliklarning ochiq yo‘l bilan olinishi tufayli ro‘y beradi. Kun sayin kengayib va kattalashib borayotgan shaharlar va sanoat qurilishlari ham juda ko‘p yerlarni yutib yubormoqda. Hammayoqni egallab borayotgan texnika, odamlarning loqaydligi tufayli talay yerlar yaroqsiz holga kelmoqda. Okeandan okeangacha bo‘lgan hududlar nihoyatda katta. Lekin uning asosiy boyligi – barcha tirik mavjudotlar, jumladan, odamlarni boqish mumkin bo‘lgan moddiy ne’matlar – kun sayin xatarli darajada kamayib borayapti.

Amerikada olinadigan yuqori hosil yerlardan maksimal darajada foydalanish natijasidir. Fermerlar dastlabki paytlarda yerlardan obdon foydalanib bo‘lishgach, tashlab ketishgan va yangi yerlarni o‘zlashtirishgan. Keyinroq yangi yerlarni o‘zlashtirishning iloji qolmagach, fermer yerga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga, hosildorlikni oshirishga yordam beradigan kimyoviy moddalar va o‘g‘itlar bilan parvarishlab turishga majbur bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligini kimyoviylashtirish tobora avj oldi. AQSh yerlariga hozirgi vaqtda 42 million tonna kimyoviy moddalar sochilmoqda, yarim million kimyoviy apparatlar yovvoyi o‘tlar va hasharotlar bilan kurash uchun ishlatilmoqda. “Haddan tashqari kimyolashtirish yerning hosildorligiga butunlay putur yetkazmaydimi?” degan savol tug‘iladi. Bu g‘oyat tashvishli savoldir. Lekin bundan o‘zini tiyishning ham aslo iloji yo‘q. Yerdan iloji boricha maksimal darajada foydalanishga harakat qilinmoqda. Bundan yuz yil muqaddam amerikalik yerni tekinga olardi – o‘rnashib ol-da, xo‘jaligingni yuritaver. Endilikda ekin maydonlarini faqat sotib olish mumkin, xolos. So‘nggi o‘n yil mobaynida yerning bahosi ikki marotaba ko‘tarilib ketdi.

Er osti boyliklari to‘g‘risida bir necha og‘iz so‘z. Ilgarilari Amerikaning bu javohirlar sandig‘i tubsiz deb hisoblanardi. Kim qancha olishni eplashtirsa, shuncha olaverardi. Farovonlik va kuch-quvvat mana shu asosga qurilgandi. Mehnat, tirishqoqlik va ishbilarmonlik singari amerika xalqiga xos e’tiborga molik xususiyatlar hosildor va saxiy tuproqda yanada rivoj topdi. O‘sha paytlarda shaxtaga tushgan vagonchalar quruq qaytib keladigan kunlar kelishini hech kim o‘ylagani ham yo‘q. Endilikda shunday kunlar ko‘rina boshladi. “Energetik xomashyo – neft, ko‘mir, uran tugamoqda. Qo‘rg‘oshin, kumush, qalay xatarli darajada kamayib bormoqda”… Sanoatning ishtahasi esa tobora karnay bo‘lib bormoqda. Bu ulkan tegirmonning ishini to‘xtatish yoxud loaqal sekinlashtirish mislsiz talafotlarga olib kelishi mumkin. Tegirmonni aylantirib turmoq uchun unga nimadir tashlab turmoq kerak.

O‘z boyliklarini oxirigacha ishlatib qo‘yishni istamayotgan Amerika boshqa mamlakatlar xazina boyliklari kalitini ham o‘z cho‘ntagida saqlashga urinmoqda. AQSh yer yuzi aholisining 6 foizini tashkil etgani holda mineral boyliklarning 30 foiziga egalik qiladi. Ammo hamma joyda ham xazina boyliklarining tagi ko‘rinib qolgan. Buning ustiga o‘zga yurtlardagi boyliklarni o‘z egalari ixtiyorlaricha ishlatishni xohlaydilar. “Qachonlardir kam taraqqiy etgan mamlakatlar o‘z hududlaridagi neft zahiralaridan foydalanganliklari uchun daromadning bor-yo‘g‘i 10 foizini olishlari odatiy hol bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin neft egalari bo‘lgan mamlakatlarning oladigan foydasi ko‘pgina holatlarda daromadning 50 foiziga ko‘tarilgan. Keyingi vaqtlarda tuzilayotgan shartnomalarda esa neft egasi bo‘lgan mamlakatlar umumiy daromadning 70 va undan ortiqroq foizini olishi ko‘zda tutilmoqda”, – deb shikoyat qiladi. “Yu.S.Nyus end Uorld riport”. (Shuni qo‘shimcha qilishimiz mumkinki, ba’zi mamlakatlar o‘z hududlaridagi tabiiy boyliklarning nazoratini butunlay o‘z qo‘llariga oldilar.)

Biz Amerikani hali energetik tanazzul so‘zlari urf bo‘lmagan vaqtlarda aylanib chiqdik. O‘sha yilning qishida “ba’zi joylardagina yonilg‘i yetishmadi” degan so‘zlar tilga olindi. Shu tufayli Ogayo, Indiana, Illinoys shtatlaridagi korxonalar vaqtincha ishlamay turdi. Ba’zi joylarda maktablar yopildi. Bir yildan keyin avj olgan tanazzul Amerikani neftdan boshqa narsalar to‘g‘risida ham o‘ylashga majbur etdi. Hisob-kitoblarga qaraganda, Qo‘shma Shtatlar 1940 yildan 1970 yilgacha (30 yil!) bo‘lgan davr mobaynida butun Yer yuzi aholisi o‘z tarixi mobaynida ishlatgan mineral xomashyodan ko‘proq xomashyo ishlatgan. Yaqin 25 yil mobaynida esa mineral xomashyoga bo‘lgan ehtiyoj 5 marotaba ortadi. Davlat hozir va yaqin kelajakda nimalarga ehtiyoj sezishi ham taxminan hisob-kitob qilib chiqilgan. Bu hisob-kitoblar xuddi mast odamning o‘ziga kelishiday ko‘pchilikning ko‘zini ochdi; shu vaqtgacha xomashyolarni to‘g‘ri ishlatdikmi, yo‘qmi? – degan savolni kun tartibiga ko‘ndalang qo‘ydi. Bu masala yuzasidan bir necha xarakterli fikrlarni keltiraylik. “Nyu York taym megezin” jurnali: “Biz dunyodagi eng boy o‘lkani xarob qildik”. Prezident Nikson: “Biz o‘z yerimiz bilan xomashyolari xuddi bitmas-tugunmasday munosabatda bo‘ldik”. Sobiq savdo ministri Piterson: “Butun tariximiz mobaynida biz o‘z energetik va xomashyo zahiralarimizni xuddi mast matroslardek talon-taroj qildik, endilikda cho‘ntagimiz teshikligi ma’lum bo‘lib qoldi. Yer va undagi boyliklarga ham shunday munosabatda bo‘lindi. Insoniyatning yashashi uchun zarur bo‘lgan uch asosiy manba – Havo, Suv, Yerning ahvoli jahon uchun ibratli bo‘lgan Amerikadagi katta yong‘inning holati ana shunday.

Kolumbni yana bir marotaba eslaylik. 1492 yilning 11 oktyabrida kema bortiga temir bilan silliqlangan mevali shoxchani tortib olishdi. Shubhalarga o‘rin qolmagandi. Shu yaqin atrofda yer borligi aniq bo‘lib qolgandi. Temir bilan silliqlangan… Dengizchilar o‘zlari kashf etayotgan yerlarda odamlar hali temirni ko‘rishmaganini bilishmasdi. Shoxcha tosh asbob bilan silliqlangan edi. Okeandan topilgan tayoqcha bilan Kayaxoga daryosidagi yong‘in o‘rtasida 477 yil farq bor. Yerning umriga nisbatan arzimas bir daqiqa. Lekin bu vaqt odamlarning o‘zlari qizdirgan tovaning ustiga xuddi baliqdek raqs tushishlari uchun yetarli bo‘ldi. Shu narsani ta’kidlash joizki, tabiatning xatarli darajada ifloslanishi eng oxirgi davrga to‘g‘ri keladi. Urushdan keyingi 25 yil mobaynida tabiat o‘n marotabadan ko‘proq ifloslandi. Tegirmon borgan sari tezroq aylanishda davom etmoqda.

OLOV OLDIDA

Yong‘inni qanday o‘chirmoq kerak degan savol, tabiiyki, hammadan ko‘proq qiziqtiradi.

Avvalo xavf-xatardan darak berayotgan qo‘ng‘iroqqa qiyo boqaylik. Nyu-Yorkdagi kitob do‘konining peshtaxtasi. Bizga kerakli bo‘limdagi kitoblarning nomiga e’tibor bering. “Sokin bahor”, “Oltin shtat (Kaliforniya)ni qanday o‘ldirmoq kerak?”, “So‘nggi raund”, “Jarlik oldida”, “Yo‘qolayotgan Amerika”, “Bizning o‘lik suvlarimiz”, “O‘sish chegaralari”, “Amerikaning kafangado bo‘lishini qanday to‘xtatmoq kerak?” Muqovalardagi suratlar bundan ham ifodaliroq. Suratlarning birida chiqindilar orasidan osmono‘par binoning tepasigina ko‘rinib turipti, boshqasida Amerika xaritasining o‘rtasiga qonli pichoq qadalgan, uchinchisida Yer shag‘am shaklida ifodalanib, ikki qutbdan yonib kelayotgani ko‘rsatilgan. Asar mualliflarining ba’zilari yong‘in olovida isinishyapti yoxud eslarini yo‘qotib qo‘yib nima qilishlarini bilishmayapti. Kitoblar orasida ancha jiddiylari ham bor. Bu mavzudagi maqolalar gazeta va jurnallarning sahifalarida surunkali ravishda ketma-ket bosilmoqda. Maqolalarning chek-chegarasi yo‘q. Televizorni buradingmi – keksa ekolog “1-raqamli muammo” to‘g‘risida gapirayotgan bo‘ladi. Kongressmenning nutqida ham muhit muammolari to‘g‘risida so‘z boradi. Yoshlarning ko‘chadagi mitingida ham, prezidentning nutqida ham, oila a’zolarining o‘zaro suhbatida ham endilikda eng ko‘p ishlatiladigan bo‘lib qolgan ifloslanish so‘zini eshitasiz. Muhitni muhofaza qilish bo‘yicha prezident maslahatchisi bilan ko‘rishganimizda ehtiyotkorlik bilan: bunday so‘zlarning to‘xtovsiz takrorlanaverishi jonga tegmaydimi deb so‘raymiz. “Yo‘q. Bunday emas. Mazkur muammo shu qadar mas’uliyatli va murakkabki, uni faqat to‘la oshkoralik sharoitida, bu ishlarning mohiyatini har bir kishi tushunganda va jon koyitgandagina yechish mumkin”, – deb javob berdi u.

Bu maqsadga erishildi hisob. Bosib kelayotgan falokatni endilikda hamma biladi. Qo‘ng‘iroq esa kechagina chalingani yo‘q. Chor atrofga o‘t ketayotgani yangilikmidi? Birinchidan, mahobatli har qanday mamlakat aholisi singari xotirjam uyqudan amerikaliklar uyg‘onishdi. Amerikada hamma narsa yetarli, hamma narsa mo‘l degan qat’iy ishonch barham topdi. Bu holatni garchi kechikilgan bo‘lsa-da, g‘alaba deb baholash mumkin. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlarining nufuzi oshdi, ta’siri kuchaydi. Amerikaliklar hammavaqt ham o‘zlarining milliy bog‘lari va qo‘riqxonalarini sevib va ardoqlab kelishgan.

An’anaviy amerika qadriyatlariga munosabatlar o‘zgara boshladi. Texnikaga ilgari xuddi butga sig‘inganday sig‘inishardi. Ehtimol, shu paytlargacha har bir amerikalikning muqaddas deb bilgan muhabbat qo‘ygan narsasi avtomobil edi. U allaqachonlardan beri lazzat, kuch va farovonlik timsoliga aylanib qolgan. Amerika avtomobillarining hashamdor va mahobatli bo‘lishi hammaga ma’lum. Amerikalik ayni mana shunday mashinani, ayniqsa, yangi rusumdagini sotib olishga intilgan (butun hayot tarzi uni shunga da’vat etgan). Qimmatbaho mashina tufayli qarzga botib qolish, bu ishlarni qo‘shnilari va do‘stlariga aytib maqtanib yurish begona hodisa emas. Mana endi avtomobil bilan bog‘liq ko‘p yillik roman nihoyasiga yetdi. Bunga avtomobil havoning ifloslanishi, benzin ichaverib to‘ymaydigan yuho, harakatsizlik tufayli kelib chiqadigan turli kasalliklar, ko‘chalarni tiqilinch bo‘lishiga olib keladigan asosiy to‘siq singari sabablardir. Amerikada butunlay kutilmagan: “Yo‘qolsin, avtomobil!” degan shior o‘rtaga tashlandi. Amerika o‘z “Ford”lari va “Shevrele”laridan voz kechib, avtobus, temir yo‘l vagonlari, velosipedlarga yoxud buqa qo‘shilgan aravalarga butunlay ko‘chib o‘tishmadi. Lekin ancha sezilarli darajada o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Temir yo‘l tarmoqlari kengaydi, qariyb yo‘q bo‘lib ketgan shahar jamoat transporti kuchaydi, sanoat odamlarning velosipedga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ulgura olmayapti. Ehtimol, eng diqqatga sazovor narsa shu bo‘ldiki, endilikda amerikaliklar maysa ustida oyoqyalang yurish yaltiroq mashinaning yumshoq kreslosida rulda o‘tirishdan kam lazzat bag‘ishlamasligini tushunib yetishdi. Tabiiyki, avtomobil iste’moldan butunlay chiqib ketgani yo‘q, yaqin yillar orasida chiqib ketmaydi ham. Amerika “aravacha”larga haddan tashqari o‘rganib qolgan. Bu shunchaki bir joydan ikkinchi joyga yurish vositasigina emas, balki hayot tarzi, AQSh butun sanoatining katta qismini ham tashkil etadi. Lekin avtomobildan butunlay voz kechilmagan taqdirda ham benzinni ko‘p sarflaydigan mahobatli mashinalardan voz kechish mumkin-ku. Kecha hamma yaxshi ko‘rgan ulkan mashinalarni “brontozavr”, “mastodont”lar deb atashmoqda, uning o‘rniga ixcham, toshbaqasimon “Folksvagen” yoki yaponlarning “Toyota”sini afzal ko‘rmoqdalar. AQSh avtomobil sanoati o‘z ishini tez suratda o‘zgartirishga, davr talabiga moslashishga majbur bo‘lmoqda. Avtomobil sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning timsoliga aylanib qoldi. Ilgarilari amerikalik sanoatning taraqqiyotidan, “sanoat mo‘rilari qancha ko‘paysa, hayotimiz shunchalik farovon kechadi” degan aqidaga asoslanib xursand bo‘lardi. Bugun esa mo‘rilar endi xursandchilikka sabab bo‘lmay qoldi. “Agar bu sigirni bog‘lab qo‘ymasak butun Amerikani payhon qilib tashlaydi” degan fikrga kelishdi”, – dedi biz bilan suhbatda vashingtonlik yosh ekolog.

Qushlarning sayrashi, sokinlik, chakalakzordan chiqib qolgan biror hayvonni ko‘rib qolgandagi entikish, quvonchni amerikaliklar qaytadan kashf qilishmoqda. Odamlarda bunday ruhni tarbiyalashda maorifning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Amerikada tabiat to‘g‘risida, unda ro‘y berayotgan jarayonlar, tabiatga, omonat dunyoga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish haqida ko‘plab yaxshi kitoblar chop etilmoqda. Hujjatli va badiiy filmlar, televideniye, maktablardagi “ekologik dasturlar” odamlarning tabiat bag‘rida o‘zlarini tutish madaniyatini tarbiyalamoqda, insonning jonli narsalar dunyosidagi o‘rnini ko‘rsatib bermoqda.

Shenandoa milliy bog‘ida biz vashingtonlik o‘qituvchi Xariel Felps bilan tanishib qoldik. Gulxan atrofida bolalar qurshovida u bilan suhbatlashdik. “Ilgarilari faqat tabiatni ekspluatatsiya qilishni o‘rgatardik. Endilikda tabiatni boshqarish, uning qonuniyatlarini hisobga olgan holda yashash kerak. Bunda faqat bilimlarning o‘zigina yetarli emas. Yangicha dunyoqarashni ham shakllantirmoq lozim. Bularni barcha vositalarni ishga solgan holda beshikdan boshlab o‘rgatmoq joizdir. Men bu narsani ta’limning asosiy vazifasi deb hisoblayman”. O‘qituvchi-ekolog shunday fikrlayapti. Amerikada bayon etilayotgan bunday fikrlarning urug‘i hozirdayoq nish urmoqda. Endilikda odamlar Oyga uchish to‘g‘risida emas, ko‘proq tobora kamayib borayotgan turnalarni saqlab qolish yuzasidan umumxalq harakati to‘g‘risida kuchli hayajon va shavq bilan gapiradigan bo‘lib qolishdi. Oyga qo‘nilgan kun Amerikaning milliy bayrami sifatida nishonlanmaydi. Lekin 1970 yilning aprelidan boshlab Ona yer kuni butun mamlakatda keng nishonlanmoqda. (Shu kuni mazkur voqeaga bag‘ishlangan namoyishlar bo‘lib o‘tadi, chor atrofni chiqindilardan tozalash yuzasidan talay ishlar amalga oshiriladi, tabiiy boyliklarni behuda sovurib yuborishga qarshi, muhitni ifloslantirayotganlarni javobgarlikka tortishga da’vat etuvchi ommaviy chiqishlar uyushtiriladi.)

Ko‘pchilik amerikaliklar muammoning butun murakkabligini his etishadi, bu masaladagi aybdorlarni ham bilishadi, o‘zlari ham tabiatga yetkazgan “zararlari uchun tovon to‘lashga” tayyordirlar. Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari AQSh aholisining 73 foizi “suv va havoning tozaligi uchun” narx-navoning oshirilishiga rozi bo‘lishgan. “Atrof-muhitni ifloslantiradigan firmada ishlashga borasizmi?” degan savolga yoshlarning 70 foizi “Yo‘q”, “Muhitni ifloslantiradigan ishbilarmonlarni jazolaydigan qattiq qonun kerak deb hisoblaysizmi?” degan savolga “Ha” javobini berishgan.

Harakatga kelib qolgan jamoatchilikning fikri shunday. Bu bilan hokimiyat tepasida turganlar ham, unga intilayotganlar ham hisoblashishlari lozim. Hozirgi vaqtda AQShda o‘z nutqini tabiatni ozoda saqlash to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik bilan bezamaydigan siyosatdon qolmadi. Ularning ba’zilari muhitning ahvoli to‘g‘risida chinakamiga kuyib-yonishmoqda. (Men shtatidan kelgan senator Edmund Maski, Viskonsin shtatilik senator Geylord Nelson), ba’zilar esa “yaxshi ko‘rinish” uchun gapdonlik qilishadi. Lekin nima bo‘lganda ham mazkur muammo Amerikaning har bir xonadoniga kirib bordi, Oq uy va Kapitoliyada tez-tez muhokama qilinadigan masalalardan biriga aylandi.

Eng yuqori doiralarda bosib kelayotgan falokatning miqyoslariga realistik baho berishadi. Prezident Nikson atrof-muhitni sog‘lomlashtirish uchun kurashni eng muhim milliy vazifa sifatida qo‘ydi. Shuningdek, mazkur masalani bir mamlakat doirasida hal etish mumkin emasligini, uni ko‘plab mamlakatlarning birgalikdagi harakatlari orqaligina amalga oshirish mumkinligini yaxshi his etishadi. “O‘zaro hamkorlik, tajriba almashish, harakat va kuchlarni birlashtirish zarur”, dedi biz bilan suhbatda muhitni muhofaza qilish bo‘yicha prezident maslahatchisi (ilgari jurnalist bo‘lgan) Robert Kan.

Mazkur muammoni tushunish va uni hal etish masalalarini Amerikada o‘rganganimizda ko‘zimizga tashlangan narsa bilimning yetishmasligi bo‘ldi. Endilikda bu to‘siq qisman bosib o‘tildi. “Elementar ekologik bilimlar har bir amerikalikka” dasturi bo‘yicha talay ishlar amalga oshirildi. Ekologik dastur deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida, shu jumladan, injenerlik va huquqshunoslik universitetlarida ham olib borilmoqda. Bundan tashqari, maxsus o‘quv-yurtlarida murakkab muammoning barcha qirralarini yaxshi tushunuvchi oliy ma’lumotli ekolog-mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ekologiyaning o‘zi (jonli organizmlarning muhit bilan o‘zaro munosabati haqidagi fan) hozirgi paytda yetakchi fanlardan biriga aylandi. Biz bir necha ekologik markazlarda (Viskonsin va Merilend shtatlari) bo‘lganimizda yaxshi taassurot oldik. Bu yerlarda o‘z ishiga berilgan halol odamlar ishlasharkan, eng yangi uskunalar va metodika bilan qurollanishgan, ishchanlik vaziyati hukm suradi. Yangi kasb – ekologning mavqei juda baland. Madison shahridagi maktub o‘quvchilari bilan suhbat chog‘ida ikki o‘spirindan o‘qishni bitirgandan keyin qanday kasb bilan shug‘ullanishni istashlarini so‘raganimizda, ekolog bo‘lishlarini aytishdi.

Masalaning nihoyatda dolzarbligi ko‘plab mutaxassislar yetishib chiqishini kutib o‘tirishni taqozo etmaydi. Ekologiya muammolari bilan jurnalistlar, huquqshunoslar, vrachlar, biologlar, sotsiologlar shug‘ullanishmoqda. Muhitni muhofaza qilish muammolari bilan butun amerika fani shug‘ullanmoqda. Hozirgi vaqtda fanni butunlay qayta qurish to‘g‘risida bahslar ketmoqda. “Bugungi kunda muhit va energiya muammolaridan ko‘ra muhimroq masala yo‘q. San’atshunoslik, kibernetika, kosmonavtika biosfera omon bo‘lgan taqdirdagina faoliyat ko‘rsatishi mumkin”.

Shu bilan birgalikda muhitni muhofaza qilish bo‘yicha barcha masalalarni fanning o‘zigina bexato yecha olmaydi. Bu ishda keng jamoatchilik, butun xalq qatnashmog‘i lozim. “Birorta yirikroq qurilish hamma narsa obdon sinchiklab o‘rganilib tekshirilmaguncha, uning hamma tomonlari hisobga olinib, butun xalq xabardor qilinmaguncha boshlanmasligi kerak”. Ijtimoiy fikrning talablaridan biri shudir.

Mazkur qoidaning amalga oshirilishi uchun barcha asoslar bor. Yer yuzida ba’zan bilimsizlik, ba’zan o‘z foydasini o‘ylab, ba’zan tor manfaatlardan kelib chiqib qurilgan ko‘plab qurilishlar foydadan ko‘ra zarar keltiradi. Barcha loyihalarni atrof-muhitga ta’sirini sinchiklab muhokama qilish tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘ymaslikning garovidir. O‘tish davrida iqtisod va tabiat o‘rtasidagi murakkab munosabatlar tufayli inson muhitga yon bosishi lozim bo‘lgan holatlar paydo bo‘lmog‘i mumkin. Albatta, xato qilmaslik yaxshi, lekin xatosini o‘z vaqtida tan olib chekina bilish donishmandlik belgisidir. Amerikaliklar shunday ishga jur’at eta oldilar. Jamoatchilik fikri va talablarini e’tiborga olgan holda prezident o‘n millionlab mablag‘ sarflanib bitay deb qolgan qator qurilishlarni to‘xtatib qo‘ydi. Bunday tadbirlar xalq tomonidan yaxshi kutib olindi, qo‘llab-quvvatlandi.

Tabiatni muhofaza qilish uchun kurashda hamma joyda duch kelinishi mumkin bo‘lgan son-sanqsiz ziddiyatlarga tayyor turmoq kerak. Xususiy mulkchilik sharoitida bunday ziddiyatlar sira tugamaydigan kelishmovchiliklarga aylanishi ehtimoldan xoli emas. AQSh huquqshunoslari keyingi yillarda juda ko‘plab bunday ishlarni ko‘rishlariga to‘g‘ri keldi. Bungacha esa mamlakatda Inson va Tabiat munosabatlarini boshqaruvchi qonunlar deyarli yo‘q edi. Endilikda esa hammasini yangitdan yaratishga to‘g‘ri keldi. Inson va tabiiy munosabatlarning norma va qonunlari, ularning bajarilish tartibi va muhlatlari ishlab chiqilmog‘i darkor edi. Zero, bir huquqshunos aytganidek, “tabiat indamaydigan, shikoyat qilmasdan o‘lib ketaveradigan da’vogardir”.

Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha chiqarilgan qonunlar to‘g‘risidagi qalingina kitobni qo‘lga olar ekansan (ikki-uch yil ichida AQShning butun tarixi mobaynidagi davrga qaraganda ko‘proq qonunlar chiqarilgan), mamlakatda juda katta ishlar amalga oshirilganini, bularning ahamiyati milliy doiradan tashqari chiqishini his etasan. Mazkur qonunlar muhitni muhofaza qilishning huquqiy normalariga aloqador bo‘lganligi uchun g‘oyat muhimdir.

Lekin hayot qog‘ozga bitilgan qonun bilan uning bajarilishi o‘rtasida hamma joyda ham katta masofa borligini ko‘rsatdi. Masalaning bu tomonlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan doktor Abel Ulman shunday yozadi: “Milliy qonunchiliklar tarixi ko‘plab jimjimador qonunlar, deklaratsiyalar qabul qilinganiga guvoh, lekin ular hammavaqt ham amalga oshavermagan… Qariyb har bir mamlakat atrof-muhitning ifloslanishini qonunlar vositasida to‘xtatishga harakat qilib ko‘rgan. Ular qabul qilinayotgan qonun o‘z-o‘zidan ahvolni tartibga solishga olib keladi deb o‘ylaganlar. Lekin natija butun dunyoda ham tashvishga soladigan ahvolda”. Doktor Ulman buning sabablarini batafsil tahlil etib, “bu narsa hukumat siyosatining injiqliklari va byudjet bilan bog‘liq qiyinchiliklarga kelib taqaladi degan xulosani chiqaradi”. Milliy iqtisodiy foydani qo‘lga kiritish to‘g‘risidagi mulohazalar atrof-muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik istagidan ustunroq bo‘lib chiqadi… Har bir mamlakat o‘zining siyosiy yo‘nalishidan qat’i nazar, iqtisodiy taraqqiyotga tezroq erishish istagida bo‘lsa-da, atrof-tabiatga zarar yetkazmaslikka intilmog‘i kerak. Boshqacha aytganda, qonunlarni buzmaslik uchun zo‘r harakat qilinmasa, ular qog‘ozda qolib ketaveradi. Iqtisodiy foyda ko‘rish to‘g‘risida mulohazalar ko‘pincha ustun kelishini e’tiborga olinadigan bo‘lsa, masalaning unchalik oson emasligi ravshan bo‘ladi. Axir tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi barcha qonunlar nimalardandir voz kechish yoxud hatto katta harajatlarni talab etadi.

Chora-tadbirlar to‘g‘risida…

“Inson tabiatni yengdi, lekin bu shunday holatki, tovonni yutgan odam to‘laydi”. Mag‘lub bo‘lgan tomon oyog‘ini butunlay uzatib yubormasligi uchun g‘olib tomon qancha to‘lashi kerak? Biz yondaftarimizga ko‘plab raqamlarni qayd etganmiz. Ularning aksariyati bir-biriga qarshi. O‘rtacharoq olganda bu raqamlar quyidagicha. “Havo” operatsiyasi uchun 25 milliard dollar kerak bo‘ladi. Suvlarni tozalash uchun esa 38 milliard. Amerikani har jihatdan tozalash uchun 350 milliard dollar zarur. Butun sanoatni ekologiya qoidalari asosida qayta qurish esa ekolog Barri Kommonerning hisob-kitoblariga qaraganda, 600 milliardga tushadi. Aytishlaricha, qovoqning katta-kichikligini bilish uchun uning yoniga tuflini qo‘yib ko‘rmoq kerak. Insonning Oyga qo‘nishi 25 milliardga tushgan edi. Bu “tufli”ni 600 raqamining yoniga qo‘ygudek bo‘lsak, bu raqam juda boy davlat uchun ham nihoyatda katta mablag‘ ekanligi ma’lum bo‘ladi! Amerika bu miqdordagi mablag‘ni sarflashga tayyormi? Mazkur holatga mos keladigan, aforizmga aylanib ketgan “Shunchalik katta mablag‘ni shu ishga sarflay olasizmi? Lekin bu pulni sarflamaslikka haqqimiz bormi?” Va yana: “Sarflash muqarrar ravishda kerak. Lekin hamma gap uni qayerda, qachon, qanday? sarflash kerak degan masalada”.

Qayerda? Qachon? Qanday? – jo‘n savollar emas. Bu biror hisob-kitob raqamiga pul o‘tkazdingmi – bo‘ldi, hamma ish bitdi degan ma’noni anglatmaydi. Birinchi navbatda qayerga mablag‘ sarflash kerak, asosiy e’tiborni nimaga qaratmoq lozim, eng katta falokat qayerda paydo bo‘lishi mumkinligini aniqlash maqsadida maxsus komissiya tuzilgan.

Amerikada tabiat masalalari bilan, odatda, ichki ishlar vazirligi shug‘ullanadi. (Vashingtonda 14 ming xizmatchi, mamlakatning boshqa joylarida 42 ming xizmatchi bu ishga mas’ul.) Foydali qazilmalarni qidirib topish, qazib chiqarish va muhofaza qilish, suv resurslaridan foydalanish, baliq ovlash, milliy bog‘ va qo‘riqxonalarni nazorat qilish shu vazirlik zimmasida. 1970 yilgacha shunday edi. Favqulodda holat muhitni muhofaza qilish bo‘yicha shoshilinch ravishda maxsus agentlikni tuzishni taqozo etdi. (Agentlik Vashingtonda joylashgan, xizmatchilari to‘qqiz mingga yaqin, byudjet esa yiliga 2 milliard 46 million dollardan iborat.) Bundan tashqari muhitni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus oliy kengash tuzilgan – ular bir necha ekspert va prezidentning uch maslahatchisidan tashkil topadi. Muhitni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus xizmat, shuningdek, har bir shtatda ham bor. Bundan tashqari muhitni muhofaza qilish ishlari bilan kongressning 13 komissiyasi, 26 yarimdavlat tashkilotlari, 14 idoralararo qo‘mitalar, uch yarim ming mahalliy tashkilot va ko‘plab guruhlar shug‘ullanishadi.

Uch asosiy hukumat muassasalari (vazirlik, kengash, agentlik)da bo‘ldik. Agentlik uyi buzilgan chumoli uyasini eslatadi. Bino mazkur muassasa uchun shoshilinch ravishda moslashtirilgan. Amerikadagi korxonalarga xos bo‘lmagan olag‘ovur hukmron bu yerda, xuddi vokzalga o‘xshaydi. “Janob Grinning xonasi qayerda?” degan savolimizga qayoqqadir shoshayotgan odamlar yelkalarini qisishadi – ular hali bir-birlari bilan yaxshiroq tanishib ulgurishmagan, shekilli.

Ilgarilari unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmasa-da, siyosat bilan shug‘ullangan, endilikda suvlarni muhofaza qilish bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan Fitsxyu Grin bizni qabul qilganda o‘zini siyosatdonlarga xos tarzda tutdi. Ehtiyotkorlik bilan rasmiyroq muomala qildi, “Amerikaning sirini ochgisi kelmadi”. Suhbatimizdan ko‘proq esda qolgan narsa hassaning yerga sekingina “do‘q-do‘q” urilishi-yu, (janob Grin biroz oqsoqlanar ekan) unchalik qovushmagan gapimiz orasidagi sukunat damlarida yengilgina xo‘rsinib qo‘yishlari bo‘ldi. Nihoyat, suhbatimiz tugaganidan yengil tortib xayrlashdik.

Kengash bilan vazirlikdagi uchrashuvlarimiz do‘stona vaziyatda va qiziqarli o‘tdi. Vazir muovini Rid Nataniel saxiylik ko‘rsatdi: (Amerikada vaqt – boylik!): “Qancha zarur bo‘lsa shuncha gaplashamiz, tez-tez uchrasha olmaymiz-ku, axir”. Gapimiz xonaga yosh arxitektorlar kirib kelgandagina bo‘lindi (ular Nataniel bilan Vashington shahrining ko‘kalamzorlashtirish loyihasini muhokama qilishdi). Vazir muovini ba’zida mehmonlar bilan bo‘layotgan suhbatga qo‘shish uchun xizmatchilaridan ayrimlarini chaqirtirardi. Biz muhitni muhofaza qilishning ahvoli, bu yo‘ldagi qiyinchilik va umidlar to‘g‘risida g‘oyatda batafsil ma’lumotlar oldik. Rid Nataniel o‘ziga yuklatilgan vazifani ipidan ignasigacha biladigan keng bilimli odamgina emas, ishiga berilgan fidoyi inson ham ekan. Suhbatimizning oxirida shunday yakun yasadi: “Bundan to‘rt yil avval tuzatib bo‘lmas falokatning boshlanishi deb o‘ylagandim. Endi esa umidlar paydo bo‘lganini ko‘rib turibman.

Muhitni muhofaza qilish kengashida ham bizni xuddi shunday do‘stona va e’tibor bilan kutib olishdi. Bu yerda mazkur muassasaga xos ulug‘vor sokinlik hukm surardi. Biz yirtqich hayvonlarni muhofaza qilish bo‘yicha ekspert doktor Talbotning mehmoni bo‘ldik. U bizni eski qadrdonlarday (Moskvada ovchilarning kongressi vaqtida tanishgan edik) kutib oldi. Suhbatimiz doktor Talbot endigina muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan – kongress tomonidan yirtqich hayvonlarni ov qilishni taqiqlaydigan qonun qabul qilinishiga erishgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu g‘alaba bilan uni qizg‘in qutladik. Doktor Talbot qat’iyat ko‘rsatib, shu qonunning qabul qilinishiga erishibdi. Endi esa deyarli uzluksiz telefon jiringlardi, kotiba ketma-ket kelayotgan telegrammalarni stol ustiga qo‘yib ketardi – hayvonlarni himoya qilish uchun kurashchilar olimni g‘alaba bilan tabriklashayotgandi.

Doktor Talbot bilan suhbatimiz kechqurun uning uyida davom etdi. Stol atrofida Vashingtonning ko‘zga ko‘ringan ekologlari, shu jumladan, prezident maslahatchilaridan biri ham yig‘ilishgandi. Suhbatimiz faqat Amerika tabiati haqidagina emas, bizning mamlakatimizdagi ahvol, kitlar, oq maymunlar, pingvinlar, “umumiy suv va umumiy havo” to‘g‘risida ham kechdi. Doktor Talbot kokteyllar tayyorlab berar, orqamizda, zalning burchagida o‘g‘ilchasi bilan o‘tirgan xotini esa “erkaklar faqat tabiat mavzusidagina gaplashmasliklariga harakat qilardi”.

Bu yerda tabiat muhofazasi to‘g‘risida juda ko‘p qiziqarli mulohazalarni eshitdik: bular orasida umid uyg‘otuvchi fikrlardan boshlab umidsizlik ruhida mulohazalar ham bor edi – “kashf qilish asri, ekspluatatsiya qilish asrlari bo‘lgan edi, endi esa muhitni himoya qilish asriga keldik, yaxshisi, qadahlarni to‘ldira qolaylik”, degan fikrlar aytildi.

Agar Katta Yong‘in mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, falokatning miqyoslarini Amerikada yaxshi tushunishlarini, yong‘inga qarshi vositalar tayyorlab qo‘yilgani (yoxud tayyorlanayotgani), yong‘in vaqtida o‘zini qanday tutish aniqlanayotganini sezish qiyin emas. Hozirning o‘zida yong‘inni o‘chirishga muyassar bo‘lindimi? Bu savolga qaytarilgan javoblardan misollar keltirildi. Pitsburg AQShdagi havosi eng iflos shaharlardan biriga aylangan ekan. Hozir bu shaharning havosi toza. Uillamet (Oregon shtati) ilgarilari eng iflos daryolardan hisoblangan bo‘lsa, endilikda bu daryoda cho‘milishayapti, baliq tutishayapti. Floridada kanal qurilishi to‘xtatib qo‘yilibdi. Atlantika okeaniga olib chiqadigan eng yaqin yo‘l bo‘ladigan bu kanaldan barjalarda neft tashish mo‘ljallanayotgan ekan. Xuddi shu Floridada aeroport qurilishi to‘xtatilibdi. (Kanal va aeroport mahalliy o‘t-o‘lanlar va hayvonlar dunyosiga katta zarar yetkazishi mumkin ekan.) Kaliforniyada maysazorlar ustidan o‘tkazilmoqchi bo‘lgan yo‘l qurilishi to‘xtatildi. Yirtqich hayvonlarning qolganlarini saqlab qolish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Atrofni ifloslantirish yuzasidan qo‘zg‘atilgan bir necha sud jarayonlarida yutib chiqildi. Tabiatni muhofaza qilish yuzasidan ko‘p joylarda bo‘lgan suhbatlarda aynan mazkur misollarning keltirilishi amerikaliklar bu muvaffaqiyatlardan faxrlanishlarini ko‘rsatadi. Masalaga boshqa tomondan yondashiladigan bo‘lsa, hali bu muvaffaqiyatlar ramziy ekani, jiddiyroq yutuqlarga erishilmagani ma’lum bo‘ladi.

Tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq qiyinchiliklar o‘z-o‘zidan ayon. Lekin xususiy mulkchilik, erkin bozor hukmronlik qilayotgan mamlakatda bu qiyinchiliklar yanada ortadi. Bizni mehmonnavozlik bilan kutib olgan odamlar bilan bu to‘g‘risida ko‘p suhbatlashdik. Lekin amerika matbuotida bu muammoning muhofazasi turfa xil mulohazalar bildirishga asos bo‘ldi.

Amerikani kim ifloslantirayapti? Kim buning zararini to‘laydi va to‘laydigan vaqt keldimi o‘zi? – degan savollar juda ko‘p ehtiroslarga sabab bo‘lmoqda. Zararning evazi hozirdanoq to‘lana boshladi. Hatto ko‘p narsalarga xasislik qiladigan kongress bu muammolarni hal etishga pul ajratishning kechiktirilishi ertaga yana ko‘proq sarflanishiga olib kelishini tushunadi. Shuning uchun ham prezident atrof-muhitni tozalash va tadqiq etish uchun kongressdan 12 milliard dollar ajratishni so‘raganda kongress bu summani ikki barobarga oshirdi (kamdan-kam uchraydigan hodisa): Bu pullarni qayerdan olmoq kerak? Hisob-kitoblarga qaraganda, har bir amerikalik tabiatni toza saqlash uchun kurashga u yoki bu shaklda yiliga 65 dollar mablag‘ to‘lar ekan (havo va suv eng iflos joylarda esa 200 dollar). Juda ko‘pchilik muhitning tozaligi uchun qo‘shimcha soliq to‘lashga ham rozi. Keskin chora sifatida esa tozalash ishlariga sarflanadigan mablag‘ miqdoriga qarab narx-navoni ko‘tarish (masalan, avtomobillar narxi 300-400 dollar ortiqroq bo‘lishi) ko‘zda tutiladi. Hammaga ma’lumki, bunday qilinganda harajatlarning yuki millionerlarning yelkasiga tushmaydi. Odam va tabiat resurslaridan foydalanib cho‘ntaklarini tobora qappaytirayotganlardan ko‘proq mablag‘ undirish, foydani tozalash ishlariga sarflanadigan harajatlarni hisobga olgan holda rejalashtirmoq kerakka o‘xshaydi. Lekin bunday cho‘ntak egalariga, tabiiyki, bu xildagi harajatlar maqbul emas. “Muhitning ifloslanishiga qarshi kurash korporatsiyalarning faoliyatida oxirgi o‘rinlardan birini egallaydi,” – deb yozadi “Nyusuik” jurnali.

Ijtimoiy fikr, qonunchilik va shaxsiy manfaat (ba’zi joylarda suv nihoyatda ifloslanib ketganligi tufayli, undan sanoat maqsadlarida ham foydalanib bo‘lmay qoldi, havoning ifloslanishi tufayli aholining ko‘chib ketishi kuchaydi) sanoatchilarni mazkur masalaning muhokamasida qatnashishga va qandaydir sarf-xarajatlarga borishga majbur qilmoqda. (Ular o‘zlarining har bir harakatlarini tabiiyki, ko‘z-ko‘z qilishga, reklama orqali hammaga ko‘rsatishga intilishadi.) Kapitalistning inshootlarini tozalash yoxud ishlab chiqarish texnologiyasini almashtirishga majbur qilishning yagona yo‘li atrofni ifloslantirayotgan har bir kun uchun 10 ming jarima solishdir. Bunday tadbirlarning oqibatini o‘ylagan ba’zi firmalar g‘imirlab qolishdi. Natijada sanoatning yangi sohasi – havo va suvni tozalaydigan turli moslamalar ishlab chiqarish vujudga keldi. Mamlakatda uch yuzga yaqin shunday korxonalar bor. Ularga soliq to‘lovchilardan tushgan mablag‘ asqotib turibdi. (Kongress suv tozalovchi inshootlarni qurish ishlari uchun 10 million dollar ajratdi.) Xususiy mablag‘ ajratish masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, tadbirkorlar muhit muhofazasiga o‘z foydalaridan iloji boricha ozroq qismini ajratishga, jarimalardan ustalik bilan qutulib qolishga (tabiatning ifloslanishi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, Vashingtondagi tanish-bilishlar, ifloslanishga qarshi xo‘jako‘rsinga qilinayotgan tadbirlar va shu singarilar) harakat qiladilar. Eng ko‘p tarqalgan do‘q-po‘pisa yo‘li ikki o‘rtada ishchilarning garovga olingan odamlar holatiga tushib qolishidir. “Jarima to‘lashim kerakmi?.. U holda men ishchilarning yarmini ishdan haydashim kerak”. Gohida korxona boshliqlari jarima to‘g‘risidagi qonun tazyiqi ostida ishchilarga shikoyat qilishadi: “Sen baliq yeyishni xohlaysanmi yoki ishlashni xohlaysanmi? Qog‘oz fabrikasi yoxud neftni haydaydigan zavod ishchilarining ahvoli mushkullashadi. Albatta, nafasni bo‘g‘adigan havo, chiqindilarga to‘lib ketgan daryo, zaharlanayotgan moddiy ne’matlar ularni tashvishga soladi, ertaga ahvol bundan ham yomonlashishini his etishadi. Ammo bugun ishdan ajrashni o‘zlari uchun fojea deb bilishadi.

Agar korxonani yopish o‘zi uchun qulayroq tuyulsa, boshliq uni yopishga iymanib o‘tirmaydi (jihozlar eskirgan, texnologiyani yangilash zaruriyati tug‘ilganda). Bunday vaziyatda jarima tahdidi eng yaxshi bahona bo‘ladi. Lekin ko‘pincha paysalga solish taktikasi ishga tushadi. “Tozalashga kirishayapmiz, lekin hozir qiyinroq ahvoldamiz, biroz vaqt kerak…” Ko‘pgina sanoatchilarning havo va suvni tozalash bilan jiddiy shug‘ullanish to‘g‘risidagi va’dalari shunchaki safsata bo‘lib chiqadi. Ular atrofning ifloslanishiga jamoatchilik shug‘ullanadigan, o‘zlariga aloqasi yo‘q muammoday qarashadi” (Nyusuik). Barcha holatlarda ham foyda ko‘rish istagi muhitni ozoda saqlashga qaraganda ustunroq bo‘lib chiqadi. Buning xarakterli misoli Kaliforniya yaqinidagi suvlarning neft bilan xatarli darajada qoplanishidir. (Santa-Barbara tumani.) Neft suvni zaharladi, 130 kilometrlik sohilni ifloslantirdi. Buning aybdori “Yunion oyl” kampaniyasi. Bu yerlardan neft qazishning xatarli oqibatlari ma’lummidi? Ha, ma’lum edi. Mahalliy aholi bundan tashvishlana boshladi. “Lekin, deb yozadi Michigan universitetining professori Jozef L. Seks, bu masalani o‘rganish yuzasidan qilingan har bir harakat rad etildi yoxud kulgi ostiga olindi. Zero, bu masala qudratliroq kuchlar tomonidan allaqachon hal etib qo‘yilgandi. Bu hududlarning tabiatiga juda katta zarar keltirilgandan keyin “Yunion oyl” millionlarcha dollar turadigan jihozlarni avvaldan tayyorlab qo‘yganligi tufayli hech kimning so‘ziga quloq solishni istamaganligi oshkor bo‘ldi”. “Amerikacha dunyoqarash shundan iboratki, bugun har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, boyisang bas, ertaga nima bo‘lsa bo‘laversin”, – deb yozadi AQShning keksa ekologi Yujin Odun bu vaziyatni tahlil etarkan.

 

Bu Amerikaga birinchi marotaba kelgan odamga katta muammoning ko‘ringan qirralari. Erta tong. Strelnikovlarning xonadonida nonushta qilib o‘tiribmiz. Eshikning orqasida xuddi bir qop qumning yerga tushganiga o‘xshash ovozda bir narsa “tap” etib tushdi. Bu gazeta yetkazib beruvchining “Nyu-York tayms” gazetasining yakshanbada chiqadigan 400 sahifalik sonini keltirib yerga qo‘ygandagi tovushi ekan. Gazeta oralariga turli-tuman reklamalar joylashtirilgan: siyosat, san’at, bo‘sh vaqtlarda, moliyaviy ishlar va biznes, yangiliklar obzori, sayohat va turizm singari bo‘lim-bloklardan iborat ekan. Qiziqchilik uchun tortib ko‘rish ma’nosida Yulyadan prujinali tarozi so‘radim. Ikki kilogrammu ellik gramm chiqdi. Bunday gazetani o‘qib chiqish, loaqal sinchiklab varaqlash mumkinmi? Albatta, yo‘q. Lekin noshirlar o‘quvchilardan bunday jasoratni kutib ham o‘tirishmaydi. Gazetaning Strelnikov sharifli obunachisi do‘stining ko‘z o‘ngida uning orasidan yangiliklar va siyosat bo‘limlarini ajratib oldi-da, qolganini chiqindi savatiga tashladi. Bugun gazetani olgan boshqa o‘quvchilar ham xuddi shunday qilishadi. Birov “sayohat” bo‘limini, boshqasi esa “bo‘sh vaqtda” bo‘limini ajratib oladi. Qolgani darhol chiqindi savatiga uloqtiriladi. Gazetaning beshdan to‘rt qismi o‘qilmasdan tashlab yuboriladi. Buning oqibati qanday, nariroqda nimalar yotibdi? Qanchadan-qancha daraxtlarning kesilgani, qog‘oz fabrikasining mehnati, kimyo sanoatining ishlari, tabiiy boyliklarning talon-taroj qilingani, muhitning ifloslangani, ulkan tahririyat apparatining mehnati, bosmaxona tsexlaridagi ishlar, gazetani obunachilarga o‘z vaqtida yetkazib berish tashvishlari bekorga ketdi. Bularning barchasi chiqindi savatchalariga uloqtirildi.

Yana bir misol. Yulyaning iltimosiga ko‘ra, do‘konga kirib, hajmi yong‘oqday narsani sotib olishimizga to‘g‘ri keldi. Lekin bu nima o‘zi? Bizga kattagina qutichani tutqazishdi. Buyum yumshoq reklama qog‘oziga o‘ralgan ekan, uning ichidan kartondan qilingan qoplama, keyin narsalarni xarid qilishga chaqiradigan qog‘oz, uning ichida yana tsellofanga obdon o‘ralgan quticha. Qavat-qavat qutichalarga solingan buyum yaltiroq kartonga mahkamlab qo‘yilgan. Kartonga esa yarim yalang‘och qizning surati tushirilgan. Bularning ustiga-ustak, ipakdan qilingan bog‘ichvoqda do‘konning tamg‘asi bor. Sotib olingan kichkinagina buyum shuncha yaltiroq, rangli narsaga o‘rab tashlangan. Bularning hammasi nima uchun, degan savol tug‘iladi. Bularning hammasi raqib ustidan yengib chiqish, sen haqingda g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ko‘z-ko‘z qilish, yana shu do‘kondan narsa sotib olishga da’vat etish uchun qilinadi. Chiqindiga tashlanadigan qavatma-qavat qog‘ozlarga o‘ralgan narsaning o‘zi esa inson usiz ham yashay oladigan buyum ekan.

Biz xarid qilayotgan narsani gazetaga o‘rab berish xaridorga nisbatan ideal munosabat namunasi deyish fikridan uzoqmiz. Lekin ishlab chiqarilayotgan buyum aql doirasida bo‘lmog‘i kerak. Buning aksi bo‘lgan holatlarning zararli oqibatlari endilikda hammaga ayon bo‘lib qoldi. Amerika isrofgarchilikka hammadan ham ko‘ra yaxshiroq misol bo‘la oladi.

Son-sanoqsiz buyumlar ishlab chiqariladi. Xaridorlarning har bir talabini tezlikda bajarishga harakat qilinadi. Bu ishda juda ko‘pchilik: fan, texnika, iqtisodiyot qatnashadi, jamiyat hayotidagi butun tizim – rassom, psixolog, savdogar, moliyachilar ishtirok etadi, hamma bu buyumdan iloji boricha ko‘proq ishlab chiqarishga, ko‘proq boyishga intiladi. Xaridorga sun’iy ravishda tiqishtiriladigan narsalarning son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Hali chiqindi savatiga otilgan gazetada elektr tish cho‘tkasi reklama qilingan. Unda ikkita foto berilgan: fotolarning birinchisida oddiy tish cho‘tkasiga bepisand va istehzo bilan qarab turgan qiz aks etgan. Ikkinchi suratda esa shu qizning yana o‘zi elektr cho‘tka tufayli og‘ir mehnatdan qutulganligi g‘oyat mamnun va baxtiyor qiyofada namoyon bo‘ladi. Mana, televideniyeda qora mo‘ylabli yigit bamisoli sehrli tayoqchani ushlaganday tomoshabinlarga sanchqini reklama qilmoqda. Bu oddiy sanchqi emas, elektr sanchqi! Makaron ishqibozlari, xursand bo‘lavering, endi sanchqini bittadan botirib o‘tirmaysiz, bu ish ham mexanizatsiyalashdi. Bunday g‘alati narsalarni ko‘plab sanash mumkin. Mana uyga yaqinlashayotgan turli buyumlar, shu jumladan, uchar likopchalar haqida ogohlantiruvchi elektron asbob haqidagi e’lon. Mana, mexanik qurilmali matras. Tugmachani bosib, uni yarim metrga ko‘tarish mumkin. Mana qo‘lda to‘qilayotgan buyumdagi halqalar sonini o‘lchaydigan mashinka chiqqanligi to‘g‘risidagi diplom. Butunligicha qaynatib pishirilgan tuxumning po‘stlog‘ini tozalab beradigan avtomatik qurilma. Bu narsada biryoqlamalik, haddan tashqari chekkaga chiqib ketishlar bormi? Ha, bor. Lekin bularning barchasi “iste’mol jamiyati” uchun xarakterli narsalar. Bir qadam qo‘yib bu doiraning o‘rtarog‘iga borsak ham shunday isrofgarchilikka duch kelamiz. Ulug‘vorroq narsaga, Amerikaning timsoliga aylanib qolgan avtomobilni olib ko‘raylik. “Avtomobil zeb-ziynat emas, balki harakat vositasi” degan shior allaqachon o‘zgarib ketdi. Avtomobil isrofgarchilik, e’tiborni o‘ziga qaratish vositasiga aylanib ketgan – kuzov uzunlashdi, chiroqlari ikki barobar ko‘paydi, mashina yukxonasi ustiga qush qanotlariga o‘xshash narsalar o‘rnatildi, motorning kuchi oshdi, demakki, benzinni ko‘p yeydigan bo‘ldi (350 ot kuchiga ega bo‘lgan mashina bir-uch kishini olib yuradi), avtomobilning og‘irligi ortib bordi. Bularning hammasi nima uchun? Bu savolga Genri Ford-II ning o‘zi soddagina qilib: “Kichik avtomobillar kam foyda keltiradi” deb javob berdi-qo‘ydi. Mazkur javob “iste’mol bozori” jamiyati tegirmonining ishini tushunishda kalitlik vazifasini bajaradi. Yaltillab turgan mashinaga ko‘proq foyda olish evaziga oldindan ma’lum bo‘lgan chiqindilar yopishtirib qo‘yilgan desa bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha qilib puxta ishlangan, uzoq vaqtga mo‘ljallangan mashina ishdan chiqishiga qaraganda yangi mashina ishlab chiqarayotgan konveyer tezroq harakatlanishini aytib o‘tish mumkin. “Tegirmon” buni hisobga oladi, avtomobil tezroq ishdan chiqadigan qilib ishlanadi. Uch yil o‘tgach, mashina egasi uni yangisiga almashtirish to‘g‘risida o‘ylashi kerak. Yetti millionlab avtomobil yiliga yangi mashinalarga o‘rin bo‘shatib berish uchun axlatxonaga tashlanadi.

Sotish va sotib olish mumkin bo‘lgan hamma narsaga – mashinadan boshlab sharbatsiqqich va tish cho‘tkasigacha shunday qilinadi. “Sotib olish – demak, ishlashni davom ettirish, olg‘a qarab yurish demakdir!”, – bu Amerikada eng keng tarqalgan shiorlardan biri. Juda ko‘p narsalar odamlarga xizmat qilish uchun emas, ishlab chiqarish, sotish, uning orqasida boyish uchungina tayyorlanadi.

Tabiiy boyliklarni uzluksiz ishlataverish mumkinmi axir? Javob bitta bo‘lishi mumkin, xolos. Bu jarayon uzluksiz davom etishi mumkin emas. Mazkur tayoq – muammoning ikki uchi bor. Ikkala uchi ham isrofgarchilikka yo‘l qo‘ygan odamning adabini beradi. Bir tomondan endilikda tabiiy boyliklarning cheki-chegarasi borligini hamma tushunib qoldi, ikkinchi tomondan Yer chiqindilar tog‘i va ifloslanib ketgan daryolar ostida tinkasi qurib ingramoqda.

Tabiiy boyliklarning yetishmasligi bilan birga chiqindilar masalasi Amerikaning eng muhim muammolaridan biri bo‘lib qoldi. “Maymunlar sayyorasi” fantastik kinofilmida shunday manzara bor. Bir necha kishi fazoda ming yillar mobaynidagi sarson-sargardonlikdan keyin noma’lum sayyoraga tushib qolishadi. Hammayoqni chiqindilar qoplagan! Shunda birdaniga chiqindilar orasidan arang ko‘rinib turgan qandaydir narsaga ko‘zlari tushadi. Qoyaning uchimikin bu? Yo‘q! Kosmonavtlar bu Nyu-Yorkdagi mashhur Ozodlik haykalining kallasi ekanligini tanib qolishadi.

Fantastlarning xayollari hozirgi hayotning konkret manzaralaridan oziqlangan. Butun Nyu-York chiqindilar ichida nafas olishga qiynalyapti. Bu ahvol faqat Nyu-Yorkdagina emas: Amerika shaharlari bo‘rsuq uyasiga o‘xshaydi – barcha shaharlar ham zanglab ketgan avtomobillar va turli-tuman tashlandiq narsalar bilan to‘lib-toshib ketgan. Biz iste’mol qiladigan narsalar qo‘limizga paket, quticha va yashikchalarda taqdim etiladi. Biz tashlab yuborib chiqindilar tog‘ini tashkil qiladigan narsalar bevosita ishlatadigan narsalarimizdan ko‘proqdir. Mana shu holat, ortiqcha narsalarning ishlab chiqarilishi isrofgarchilikka, chiqindilarning ko‘payishiga olib keladi. Bu amerikalik Jon Steynbekning mulohazasi. Mazkur mulohaza o‘n to‘rt yil ilgari aytilgan. Chiqindilar masalasi o‘shanda kuzatuvchan odamni salgina tashvishga solgan edi. (Amerika bo‘ylab sayohat qilgan Steynbek o‘sha paytlarda bir marotaba ishlatiladigan idishlardan – “balig‘ingni qovurib oldingmi, bas, tovani dengizga uloqtir”dan ham taajjubga tushmagan edi.) O‘n to‘rt yil esa tobora avj olayotgan muammo uchun kattagina fursat. (Shuni eslatib o‘taylikki, urushdan keyingi yigirma yildan ortiqroq vaqt mobaynida Amerika o‘n marotaba ifloslandi!) Steynbekni o‘sha paytda endigina tashvishga sola boshlagan narsa endilikda chinakam halokatga aylandi. Yetti million avtomobil chiqindilar maydoniga tashlanmoqda! Bir yildan keyin yana yetti million… Agar ilgarilari metallar pachoqlanib, eritish uchun olib ketilgan bo‘lsa, endilikda avtomobillarning temiri qayta ishlanmayapti, foyda keltirmasmish. Buning o‘rniga boshqa turdagi ortiqcha narsalarni, “qattiq chiqindi” deb yuritiladiganlarni qo‘shib ko‘raylik: yiliga 20 milliard shisha, 48 milliard temir banka, 20 million tonna qog‘oz, millionlab tonna plastik narsalarni qo‘shib ko‘raylik. Chiqindilarning umumiy soni yiliga ikki foizga ortmoqda. Ko‘rganimizdek, kinofantastchilarning gaplarida jon bor ekan-da…

Demak, muammoning tomoqdan oladigan ikki qo‘li bor: qayerdan olmoq va qayerga yashirmoq kerak? “Tegirmon” esa hamon aylanishda davom etayapti. Hamma ham uni ta’minlash, u yoq-bu yog‘iga qarash uchun biroz fursatga to‘xtatish nari tursin, salgina sekinlatishga haddan tashqari qo‘rqadi. Chorani qayerdan topmoq kerak?

Ekspluatatsiya va muhitning ifloslanishi singari muhim muammolarning bir-biriga qorishib ketishi keng ma’noda olganda yer yuzidagi hayotga, insonlar hayotiga tahdid solmoqda. Bu falokatning asosiy sababchisi “iste’mol jamiyati” deb atalgan kapitalizmdir. Lekin mana shu joyda masalaga nuqta qo‘yish uni g‘oyat yengillashtirish bo‘lar edi. Yer yuzining qaysi joyida bo‘lishidan qat’i nazar, sanoatning yuksalishi tabiatga zarar yetkazadi. Bu hisoblashish lozim bo‘lgan real haqiqat. Yanglishish, xato qilish g‘oyat xatarli. Ahvoldan qutulishning eng dono yo‘li sanoatni joylashtirish, shaharlarni rejalashtirishda tabiiy qadriyatlardan aql-idrok bilan foydalanish, bu xoh o‘rmon, xoh suv, xoh ona zamin, xoh gaz, xoh metall, xoh tabiatning go‘zal manzaralari bo‘lsin ehtiyot qilish, tejash zarur. Mazkur muammo ertaga xotirjamroq yashash uchun hozirgi huzur-halovat va foydadan voz kechishni talab etadi. Shundagina tabiiy boyliklar chiqindilar tog‘iga aylanib ketmaydi.

Qanday jamiyat bunday dasturga amal qiladi? Amerikaliklar hozir bu masala yuzasidan ko‘p o‘ylashayapti, bosh qotirishayapti. Uzoqroqni ko‘radigan odamlar hozirdayoq bu masalaga faqat Yer yuzida aholi sonining tobora ortib borayotgani, tabiiy boyliklarning cheklanganligi nuqtai nazaridangina yondoshishmayapti. Haqiqiy holat muammoning ijtimoiy tomonlarini ham ko‘ra bilishga majbur etadi. “Halol gapni aytadigan bo‘lsak, – deb yozadi taniqli biolog, – erkin korchalonlik va inson ehtiyojlarini uzoq vaqtlargacha bir-biriga uyg‘unlashtirib olib borish mumkin. Uzoq evolyutsiya nuqtai nazaridan erkin korchalonlik tabiatdan foydalanishda kaltabinlik va kechirib bo‘lmas darajada hashamdorlikka intilishdir”. Shu fikrning davomi mana bunday: “Agar biz bu masalani (olim ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini tushunishni ko‘zda tutadi) tushunmasak va yetarli darajada tezkor harakat qilmasak, o‘zimiz boshqara olmaydigan ijtimoiy va iqtisodiy tizim bizni uloqtirib tashlaydi”. (J.Forrester, “Jahon dinamikalari”.)

Yong‘in vaqtida odamlar o‘zlarini har xil tutishadi. Anqovlar bor – “bular asrimizda yetib ortadi”, vahimachilar bor – “bular bashorat qilingan qiyomat boshlandi”, deb jar solishadi. Lekin qo‘lidan kelgancha, chelaklab bo‘lsa ham, yong‘inni o‘chirishga ko‘maklashuvchilar ko‘proq topiladi. Amerikaning oddiy odamlari ko‘karib turgan bir tup daraxtni qanday saqlab qolishgani, egasi kesib tashlamoqchi bo‘lgan daraxtzorni sotib olishgani, neftga belangan qushlarni o‘simlik moyi va jo‘xori uni bilan boqib, o‘limdan saqlab qolishgani to‘g‘risidagi ta’sirli voqealarni ko‘plab keltirish mumkin. Gazetalarda kechasilari oqava suvlari qandaydir daryochaga quyiladigan quvurlarni berkitib ketgan sirli odam to‘g‘risida ko‘plab yozishdi. “Jinoyatchi”ni nihoyat topishdi. U oqko‘ngilli kasalmand mo‘ysafid ekan. Daryochaning tozaligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish unga zarurmidi? Lekin odamlar shunday yaratilganki, garchi o‘sha kunlarni ko‘ra olmasalar ham ertangi kun haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

Amerikada muayyan muammoga jamoatchilik fikrini qaratish maqsadida ba’zan g‘ayriodatiy chiqishlar qilinadi, noroziliklar bildiriladi. Bunga avtomobillarni ko‘pchilik ishtirokida dafn etish, kesib tashlangan daraxtlar to‘nkasida o‘tirish, davlat idoralari eshigi oldiga chiqindilarni uyib qo‘yish singari noroziliklarni misol tariqasida keltirish mumkin. Taniqli kinoaktyor Marlon Brando bu jarayonga o‘zining isyonkorona harakati bilan ma’lum ta’sir ko‘rsatdi. U tropik o‘rmonlarga yaqin joydan inson qadami yetmagan, jajji orolchani sotib oldi. “Men juda oz energiya ishlatib, hozirgi zamon qulayliklarini nazar-pisand qilmay ham yashash mumkinligini isbotlamoqchiman. Biz neft monopoliyalari, benzin, po‘lat va avtomobil birlashmalarisiz ham yashay olamiz. Bizning hisobimizdan texnikasi rivojlangan hozirgi jamiyatning qonini qandaydir tekinxo‘rlar so‘rib yotishiga yo‘l qo‘ymaymiz”. Topib aytilgan. Lekin tropik joylardan orol sotib olishga hammaning ham qudrati yetavermaydi-ku? Falokatdan qutqarib qoluvchi bunday orolchalarning o‘zi qayerda?

Yashash uchun sog‘lom muhitni faqat odamlarning kuchlarini birlashtirish orqaligina yaratish mumkin. Bunday harakatning belgilari ko‘rinyapti. Yashaydigan muhitning tozaligini talab qilayotgan mitinglar, namoyishlar odatiy voqeaga aylangan. Tabiiyki, har bir davr boshqalarni qutqarish uchun yong‘in vaqtida o‘zini alangaga uradigan qahramonlarni yaratadi. Bunday odamlar Amerikada bor. Shulardan biri to‘g‘risida hikoya qilishga urinib ko‘ramiz.

VIJDON OVOZI

Eri ko‘lidagi Putenbey orolida maysazordan ketayotganimizda o‘lib yotgan ikkita qushga ko‘zimiz tushdi. Qushlar o‘limining sababini fahmlab turgan bo‘lsak-da, yonimizdan o‘tib ketayotgan odamdan: – buning sababi nima bo‘ldiykin? – deb so‘radik.

U qushlarga sinchiklab qaradi, so‘ng ko‘zini bizdan yashirib, xo‘rsinib qo‘ydi-da, bor-yo‘g‘i bir gap aytdi:

– Janoblar, bu narsa Karson xonim haq bo‘lib chiqqanini ko‘rsatadi.

Yonimizdagi odam biz Karson xonimni bilishimizga, bu qushlarning o‘lib yotishi bilan ayol familiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishimizga qat’iy ishonch bilan gapirdi. Biz haqiqatan uni bilardik.

Biz Karson xonim olamdan o‘tganini ham bilardik. Bu ayol bir necha kun mobaynida butun mamlakatni junbushga keltirganini eshitgandik. Ba’zilar uni o‘ta darajada ehtirom etishsa, boshqalarning uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Uning nomi tez fursatda Amerikadan tashqarida ham mashhur bo‘lib ketdi. Hamma joyda uni bilganlar ikki guruhga bo‘linardi. “Karson xonim haq” deb shunchaki aytilgan gap o‘n yillardan beri olib borilayotgan bahsning oddiy davomigina emas, balki, shuningdek, odamlarga juda muhim gapni aytgan odamga ehtiromni ham anglatardi.

 

Reychl Karson to‘g‘risidagi hikoyani 1948 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan bir kashfiyot haqidagi gapdan boshlamoq joiz. Urushdan oldin nemis Seydler tomonidan sintezlashtirilgan va izohlangan modda ustida ish olib borayotgan shveytsariyalik Paul Myuller bu moddaning juda oz miqdori ham hasharotlarni qirib tashlashini aniqladi. Hasharotlarga mazkur modda ta’sirining mexanizmi ishlab chiqildi. Farmatsevtik firma tomonidan sinab ko‘rish uchun chiqarilgan mazkur moddaning ma’lum partiyasini AQShga jo‘natishadi. U yerdan quvonchli xabar keladi. Favqulodda ajoyib modda hasharotlarga kuchli ta’sir etishi xabar etiladi.

Urush ketayotgandi, hasharotlardan ayniqsa bit, pashsha, chivinlar epidemiyani tarqatuvchi sifatida insoniyatga xavf solayotgandi. Modda kukunlari o‘ziga belgilangan vazifani a’lo darajada bajargandi. Askarlarning ichki kiyimlari shu modda solingan suvlarda yuvilgan, yana u devor oqlanadigan ohaklarga qo‘shilgan, botqoqlik va axlatxonalarga solingan. Urushning oxiriga borganda bu modda shu qadar katta xizmat ko‘rsatdiki, natijada uni “asr ixtirosi” deb atay boshladilar. Keyinroq undan madaniy o‘simliklarga qiron keltiradigan hasharotlarga qarshi kurashda foydalanib ko‘rildi. Yana kutilganidan a’loroq natijaga erishildi – dalalarda birorta zararkunanda hasharot qolmadi. Modda unchalik qimmat emasdi, kimyoviy moddalar ishlab chiqaradigan firmalar yuzlab tonna bunday mahsulotni tayyorlay boshlashdi. Mo‘jizakor modda butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Bunday dori kukunlari oshxonalarning peshtaxtalaridan joy oldi, dalalar va ko‘llarga sochildi. “Dust” deb atalgan bu modda bezgakka qarshi kurashda qo‘l keldi, g‘allakor, bog‘bon, sanitarlarning asosiy yordamchisiga aylandi, qo‘shiqlarda tilga olinib, mashhur bo‘lib ketdi. Nobel mukofoti bilan taqdirlanishi uni insoniyat tomonidan yaratilgan eng muhim kashfiyotlar qatoriga qo‘shdi.

Moddaning aniq nomini birorta tilda aytib bo‘lmaydi – dixlordifeniltrixlormetilmeten. Lekin uning qisqartirilgan nomi “DDT”ni hamma biladi. Bugungi kunda bu “kimyoviy mo‘jiza”ning makkorona xarakteri barchaga ma’lum bo‘lib qoldi, uy bekalari “DDT” kukunlarini ishlatmay qo‘yishdi, butun-butun mamlakatlarda, juda katta qishloq xo‘jalik maydonlarida undan foydalanish ta’qiqlanadi, muhitni himoya qilish bo‘yicha Stokgolmda o‘tkazilgan Jahon Kongressida unga qarshi hukm o‘qildi…

Nahotki, biror kimsa “DDT” paydo bo‘lgan dastlabki yillarda uning zararli oqibatlarini oldindan ko‘ra olmadi? Endilikda ularni eslashmoqda. Bunday odamlar ko‘pchilik emasdi, lekin bor edi. Michigan universitetining zoologi J.Uolles o‘shanda shunday yozgandi: “Yaqin o‘n yilliklar ichida hasharotlar olamiga zamin tarixida misli ko‘rilmagan darajada qiron kelishini ko‘ramiz. Kimyoviy zaharlar o‘rmonlarni kesishdan, tartibsiz ov qilishdan, qurg‘oqchilikdan, muhitning sanoat chiqindilari bilan ifloslanishidan yomonroqdir”. Lekin bu “akademik bashorat”ni hech kim eshitishni xohlamasdi. “DDT”ning ko‘rinib turgan afzalliklari qarshisida hamma unga sajda qilishga, uning atrofida quvonchdan raqs tushishga tayyor edilar.

Juda ko‘p sabablarga ko‘ra yangi modda Amerikada mashhur bo‘lib ketdi. Kimyo xo‘jaliklarini harakatga aylantiruvchi yetakchi kuchga aylandi. Yangi modda faqat hasharotlarni yo‘qotishdagina emas, shuningdek, madaniy ekin maydonlaridagi yovvoyi o‘t-o‘lanlarga qarshi kurashda, o‘simlik va daraxtlardagi kasalliklarga qarshi kurashda ham qo‘llanila boshladi. O‘rmon xo‘jaliklari va fermerlar, uylar va bog‘larga bankachalarda, bochkalarda, qop, bidon va tsisternalarda keltiriladigan bo‘ldi bu modda. Qancha ko‘p ishlatsang shuncha yaxshi degan aqida ham paydo bo‘lgan edi, odamlarda. Bu modda samolyotlarda sochildi, yomg‘ir bo‘lib ekinzorlarga yog‘ildi. Uni reklama qiluvchi tashviqotlarning keti uzilmasdi. Shunda to‘satdan tashvishli ovoz yangradi.

Anvoyi noz-ne’matlarga to‘la dasturxon bezatilgan ziyofat vaqtida kimdir o‘rnidan to‘satdan turib qat’iy ishonch bilan ovqatlar zaharlangan deyishini tasavvur qilib ko‘ring. Bunday paytda bo‘ladigan qiy-chuv, sarosima, taajjubni tasavvur etish mumkin emas. Reychl Karsonning 1962 yilning kuzida jaranglagan ovozidan keyin Amerikada xuddi shunday holat ro‘y berdi.

 

Bu ayol kim edi o‘zi? Reychl Karsonning tarjimai holi eng mayda tafsilotlarigacha sinchiklab o‘rganilgan. Buni faqat qiziquvchanliklari tufayligina emas, balki Amerikada ancha keng tarqalgan sabablar asosida, ya’ni bizga tahdid solayotgan bu odamning nomini bulg‘ashga asos beradigan biror bahona topilarmikin degan niyatda batafsil tekshirilgandi. Lekin uning tarjimai holidan bunday qilishga asos beradigan biror ilgak topisha olmadi. Uning hayotida ko‘zga yarq etib tashlanadigan hodisalar yuz bermagan bo‘lsa-da, nihoyatda pokiza va mazmunli umr kechirib kelayotgandi.

Reychl Karson 1907 yilda Pensilvaniyada tug‘ilgan. Bolaligida yozuvchi bo‘lishni orzu qilgan. Lekin tabiatga bo‘lgan cheksiz mehr uni biologiya faniga boshlab keldi, kollej, universitetda o‘qidi. Keyin universitetda dars berdi. Bir necha doktorlik darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Tabiatni muhofaza qilish idoralarida xizmat qildi. Vashingtonda kamtarona, xuddi tarkidunyo qilgan odamlarday oddiygina hayot kechirdi – kunduzlari ish bilan band bo‘ldi, kechqurunlari badiiy ijod bilan shug‘ullandi. Karson “Amerikaning eng yaxshi yozuvchilaridan biri” sifatida e’tirof etildi. “She’riyat bilan fanni uyg‘unlashtira oldi”. Bu uning kitoblariga tanqidchilik bergan baho edi.

1951 yilda bosilib chiqqan “Atrofimizdagi dengiz” asari uning nomini mashhur qilib yubordi, tez fursatda dunyoning 33 tiliga tarjima qilindi. Tanqidchilar va kitobxonlarning bu asar to‘g‘risidagi yuqori baholariga u favqulodda kamtarona javob qaytarardi: “Axir dengiz to‘g‘risida shoirona yozmaslik mumkinmi?” Reychl Karson yozayotgan asarining har bir misrasiga o‘ta talabchanlik bilan yondoshar, “g‘oyat sekinlik bilan qiynalib, ba’zida kechalari yozardi”. U turmushga chiqmagandi – “bunga vaqti yetishmagandi”. Lekin uzoq qarindoshining onasi vafot etganda bolani o‘z tarbiyasiga oldi.

Reychl Karson tabiatni yurakdan va jo‘shqinlik bilan yaxshi ko‘rardi. Boshqalarning e’tiboridan chetda qolgan narsalarga ham uning aqli va shuuri yetardi. Ayniqsa, dengiz va qushlarga qattiq mehr qo‘ygandi. Bahor paytlarida tong otmasidan ancha oldin turib eski avtomobilida Vashington atroflariga chiqib ketar va qushlarning uchishini kuzatardi.

“DDT” to‘g‘risida Reychl Karson urush vaqtidayoq eshitgan edi va Uollesning tashvishiga tamomila qo‘shilardi. Yong‘inning qo‘lansa tutunini kimyoviy modda keng qo‘llanayotgan paytlardayoq his etdi. Ayol tabiat harakatining mexanizmini, uni barcha zanjirlarining ishini yaxshi bilardi, shu boisdan ham hali deyarli hech kim payqamagan xavf-xatarlarni payqay olardi. Turfa xil faktlar – baliqlarga o‘lat kelishi, yirik hayvonlarning qirilishi, ilgari yangi kimyoviy moddadan o‘lib ketgan joylarda hasharotlarning yangidan paydo bo‘lishi singari hodisalar jam bo‘lgan holda uning ko‘z o‘ngida bosib kelayotgan xavf-xatarning manzarasini yaratdi. Xuddi shu davrda Reychl Karson tabiat evolyutsiyasi to‘g‘risidagi kitobi ustida ishlayotgandi. Bu kitobning bir bobi to‘qimalar hayotiga kimyoviy moddalarning kirib kelishiga bag‘ishlangan edi. Lekin bu bob uchun to‘plangan hujjatlar papkasi har bir pochta kelganda tobora qappayib borardi. Yozuvchi tez orada avvalgi rejalarini to‘xtatib turishi, Amerikaning turli burchaklaridan uning nomiga yog‘ilib kelayotgan materiallarni mushohada va tahlil etishi lozimligini tushundi. Bir maqsadga yo‘naltirilgan materiallarni yig‘ishga tushdi. Turli laboratoriyalarda juda ko‘p odamlar bilan suhbatlar olib bordi, qator mamlakatlarning olimlari bilan maktublar almashdi. Kimyoviy moddalarning qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklarida, tibbiyot va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalarida ishlatilishi natijasida kelib chiqadigan zararli oqibatlarini ko‘rsatadigan tashvishli holatlarni tafakkur etish, qunt bilan tahlil etish boshlandi.

Kitobning asosiy maqsadi, uslubi va kimlarga mo‘ljallangani ma’lum bo‘ldi. Ommabop bu kitob “Sokin bahor” deb ataldi. Asar ustida ish olib borayotgan har bir oy, pochtachining har bir kelishi, tabiat qo‘yniga har bir safarga chiqish muallifni iloji boricha asarni tezroq tugatishga undardi. Lekin kitob ustidagi ish to‘rt yilga cho‘zilib ketdi. Yangi-yangi materiallarning oqib kelishi, ularni chuqur tahlil etish tayyor boblarni ham yangidan yozishga, ularga qo‘shimchalar va tuzatishlar kiritishga majbur qilardi. Asar ustidagi ish yarimlab qolganda Reychl Karson saraton kasaliga mubtalo bo‘lganligini bilib qoldi, bu kitob o‘zining oxirgi asari va butun hayotining mazmuni bo‘lishini fahmladi. Yanada qat’iyatliroq ishlash lozimligini tushundi.

1962 yilning 27 sentyabrida “Sokin bahor” dunyo yuzini ko‘rdi. Bu portlash bilan teng hodisa edi. Butun Amerika tarixida birorta bir asar bu kitobchalik kuchli ehtiroslarga sabab bo‘lmagan edi. Kitobning birinchisidan boshlab barcha qayta tirajlari yashin tezligida sotilib ketdi. Dastlabki ikki hafta ichidayoq 70 gazeta va 35 jurnalda kitob to‘g‘risida taqrizlar bosilib chiqdi. “Ayblash akti”, “G‘azab va ma’yuslik bilan to‘la bestseller”, “Kimyoga qarshi salib yurishi” – o‘sha kunlari kitob to‘g‘risida chiqqan maqolalarning xarakterli nomlaridan edi.

Kitobni prezident Kennedi shoshilinch sur’atda o‘qib chiqdi. Kitob to‘g‘risida hukumat apparatining barcha zvenolarida, ilmiy markazlarda va har bir uyda bahslashishardi. Darhol ikki front paydo bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligidagi mansabdor shaxslar, fermerlar, kimyo kontsernlariga xizmat qiluvchi olimlar va tabiiyki, kimyoviy kontsernlarning o‘zlari bir tomonga o‘tdilar. Ikkinchi tomonda esa sodir bo‘layotgan hodisalardan bezovta barcha odamlar to‘plangandi, zero, gap nihoyatda jiddiy narsalar to‘g‘risida ketayotgandi.

Mazkur kitob o‘zlarining savdo manfaatlariga zid keluvchilar tomonidan to‘pga tutildi. Lekin ayniqsa, kimyo korporatsiyalari va agrobiznes xodimlari jazavaga kelishdi. Kitobning keyingi nashrlarini to‘xtatishga harakatlar kuchaydi. Buning uddasidan chiqisha olmagan paytlarda esa kitob va uning avtorini obro‘sizlantirish uchun barcha choralarni ko‘rishdi. Kimyo korporatsiyalarining xizmatida bo‘lgan olimlarga kitobni boshidan-oxirigacha sinchiklab o‘rganish va undan xatolar topish topshirildi. Noma’lum kishilar muallifga qo‘ng‘iroq qilishib, jazolash to‘g‘risida tahdid qilishardi. Matbuotdagi tazyiqlar va to‘xtovsiz qo‘ng‘iroqlar tufayli telefon raqamini o‘zgartirishga majbur bo‘lindi. Tazyiq qiluvchilarning aksariyati noma’lumligicha qolib ketdi. Lekin keyinroq ko‘rilgan “Ralf Neyder ishi” tufayli biznes kompaniyalarining o‘z tanqidchilarini obro‘sizlantirishning qanday usullaridan foydalanganliklari ma’lum bo‘ldi. “Jeneral motors” avtomobil firmasining xo‘jayinlari Amerikada mashhur bo‘lib ketgan “Istalgan tezlikda ham xatarli” kitobini yozgan yosh advokatni yashirin ravishda ta’qibga olishdi. Ta’qibning maqsadi ta’qibchini bir amallab qopqonga ilintirish. Bu ish qudratli firmaning sharmandalarcha muvaffaqiyatsizligi bilan tugaganligidan oddiy amerikaliklar nihoyatda xursand bo‘lishdi. Ta’qib oshkor bo‘lib qoldi. Ralf Nayder sudga murojaat etib, shaxsiy hayotiga aralashishayotganini ma’lum qildi. Siri oshkor bo‘lib qolgan “Jeneral motors” faqat ishlab chiqarishni o‘zgartirishga majbur bo‘lib qolmasdan da’vogarga 250.000 dollar “zarar keltirgani uchun jarima” to‘lashga majbur bo‘ldi.

Ralf Neyderdan farqli o‘laroq, Reychl Karson matonatli kurashchi emasdi. Uning kitobi ham fosh etuvchi hujjat emas. Mazkur asar bostirib kelayotgan xatar to‘g‘risidagi ilmiy-falsafiy asar edi. Yozuvchi qanday ishga qo‘l urayotganini yaxshi bilardi, lekin kitobga bu qadar katta e’tibor berilishini bilmasdi. Kitobning paydo bo‘lishi tasodifan keng tashviqot qilingan, ammo unchalik tekshirilmagan tinchlantiruvchi xapdori ichganliklari tufayli onalarning majruh chaqaloqlar tug‘ishayotgan vaqtiga to‘g‘ri keldi. Shu vaqtgacha izohlanmagan juda ko‘p narsalar, tashvishli hodisalar yodga tushdi. Ko‘pchilik ogohlantirish o‘z vaqtida bo‘lganligini his etdi. Ayni ana shu narsa “kimyoviy front”ni tashvishga solardi.

Karson kitobga har tomondan uyushtirilayotgan ta’qiblarga e’tibor bermadi, voqealarni o‘z oqimiga tashlab qo‘ydi. Bahslashib o‘tirishning hojati ham yo‘q edi. Hujumlarga qarshi javob kitobning o‘zida aytib qo‘yilgandi. “Men kimyoviy moddalarni hasharotlarga qarshi ishlatishga butunlay qarshi emasman. Men faqat zaharli va biologik nuqtai nazardan kuchli kimyoviy moddalar bu narsalarning xatarli oqibatlaridan tamomila bexabar odamlar qo‘liga topshirib qo‘yilganiga qarshiman. Biz juda ko‘p odamlarni ularning hech qanday roziligisiz va aksariyat holatlarda ularga bilintirmasdan bu ishlarga jalb etdik. Men hatto bu kimyoviy moddalarning tuproqqa, suvga, yovvoyi hayvonlar va odamlarning o‘zlariga qanday ta’sir o‘tkazishini tekshirib o‘tirmasdan ishlata boshlaganimizni aytib o‘tmoqchiman, xolos”. Lekin hammayoqni kimyolashtirishdan manfaatdor kuchlar tomonidan yollangan “Sokin bahor”ning muxoliflari kitobdagi bu joylarni ko‘rmaslikka harakat qildilar. Kitob muallifini hissiyotga berilib ketganlikda, birtomonlamalikda, bu ishlarning mohiyatini yaxshi tushunmaslikda, “ommani qo‘rqitib qo‘yish”ga harakat qilayotganlikda aybladilar. Ularning fikricha, o‘tkir jurnalistik qalam ilmiy bosiqlikni bosib ketgan emish. Karson kimyo fanining yutuqlarini ko‘ra olmaslikda, uning yutuq va kamchiliklariga odilona baho bera olmaslikda ayblandi. “U bezgakni qaytadan tiriltirmoqchi, qayoqdagi burgutlar, qorayaloq va chumchuqsimon qushlarni deb yerimizni g‘allasiz qoldirmoqchi”.

Mazkur kitobga bundan yuz yil muqaddam Darvinning “Turlarning paydo bo‘lishi” asariga qilingan dahshatli hujum uyushtirildi. O‘sha vaqtda Darvin asari to‘g‘risida shunday so‘zlar yozilgandi: “Ilmiy xato. Kitob faktik jihatdan noto‘g‘ri, metodiga ko‘ra noilmiy, tamoyillariga ko‘ra zararli”. “Sokin bahor” to‘g‘risida ham taxminan shunday gaplar aytildi. Bunday hujum boshqa har qanday asarni tilka-pora qilib yuborgan bo‘lardi. “Sokin bahor” esa barcha hujumlarga bardosh berdi. Shoshilinch ravishda bu asarga tamomila teskari kitoblar yozildi, ular faqat nashriyotlar tomonidangina rag‘batlantirilmadi. Unga qarshi yaratilgan birorta asar ehtiros bilan yozilganligi, ishontirish kuchi, ajoyib badiiy uslubi jihatidan mazkur kitobga teng kelolmasdi. Biryoqlamalik, kimyoning xizmatlari va kamchiliklari to‘g‘risidagi fikrlarga ham kitobda javob bor. Ular to‘g‘risida har kuni ma’ruzalarda, ma’lumotnomalarda, tashviqot risolalarida, chiroyli yorliqlarda juda ko‘p yozilmoqda. “Odamlar bilmaydigan narsalar to‘g‘risidagina ta’sirchanroq uslubda yozmoq kerak edi”. Bunga nimani qo‘shimcha qilish mumkin. Haqiqat hammavaqt ham o‘rtalikda bo‘ladi. Lekin uni shu joyda qoldirish uchun ko‘pincha chekkaroqdan o‘rin olish zarur bo‘ladi. Karson pozitsiyasi xuddi shu mulohazalardan kelib chiqqandi. Bu ishdagi barcha ijobiy va salbiy tomonlarni hisobga olgan holda kimyolashtirishning xatarli tomonlariga urg‘u bermaslik mumkin emasdi. Shu tufayli kemaning narigi bortiga o‘tib olgan holda ehtirosli ovoz bilan mudrayotgan yoxud uyqudagi odamlarni hayajonli ovoz bilan uyg‘otish, bu xavfli o‘yinni boshlagan odamlarni javobgarlikni his qilishga da’vat etish lozim edi. Reychl Karson o‘z maqsadiga erishgan edi. Uning kitobi esa Amerikaning mumtoz asarlaridan biri bo‘lib qoldi.

Frenk Grem “Sokin bahor”dan keyin” nomli tadqiqotida: “Bu asar qisman unga qilingan hujumlarning g‘ayriilmiyligi va olimlarning qo‘llab-quvvatlashlari tufayli ham mazkur asar mashhur bo‘lib ketdi”, deb yozdi. Lekin eng asosiysi, albatta, real hayotga e’tiborni tortganligidir. Ulardan ko‘z yumish mumkin emasdi. O‘tayotgan har bir kun Karsonning haqligini ko‘rsatardi. Bu faqat Amerikada emas. Kitob darhol juda ko‘p mamlakatlarda bosilib chiqdi, Senadagi baliqlar, Yaroslavldagi kiyiklar, Shotlandiyadagi kakliklarning qirilib ketishiga nimalar sababchi ekanligini ma’lum qildi, tibbiyotda antibiotiklarga haddan tashqari qiziqishning xatarli oqibatlarini, o‘rmonlardagi sukunat tobora kuchayib borayotganligining sabablarini ko‘rsatib berdi.

 

Reychl Karson kitobi e’lon qilingandan keyin ikki yildan ozroq yashadi. 1964 yilning 15 aprelida uni dafn etishdi. Lekin kitobi tufayli boshlangan jahoniy bahsnigina emas, haqligini e’tirof etishayotganligini ham hayotligida bila oldi. Senatorlar kitobning intihosigacha o‘qib chiqishdi. Ulardan biri Jon Lindsey kongressga maktub yo‘llab, kitobdan parchalar keltirdi. “Men o‘sha maktubga butun kitobni kirita olganimda juda xursand bo‘lardim”, – deb yozadi u Karsonga yo‘llagan xatida. Prezident Kennedi “Sokin bahor”ni o‘qib chiqishi bilanoq hukumat komissiyasini tuzdi. Komissiya kimyoning xizmatlarini e’tirof etgan holda ko‘r-ko‘rona, nazoratsiz va puxta o‘rganmasdan turib hammayoqni kimyolashtirish xatarli oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.

“Krischen sayens monitor” nomli e’tiborli gazeta 1963 yilning 15 mayida “Reychl Karson g‘alaba qozondi!” maqolasida hosil bo‘lgan vaziyatni tahlil qildi. “Bu kitobni mazkur asar yerdagi butun hayotning qabri tepasiga yoziladigan esdalik yozuviga aylanishini istamagan har bir amerikalik o‘qib chiqmog‘i kerak, – deb yozadi antropolog Loren Aysli. AQSh kongressida “pestitsidlar ishini o‘rganadigan maxsus komissiya tuzildi”. “Bosh ayblovchi” Reychl Karson kongressda maxsus ma’ruza bilan chiqishini iltimos qilishdi. Senatorlardan biri bahsga yakun yasab “g‘oyat sinchkovlik va sabr-toqat bilan o‘rganilishi zarur bo‘lgan muhim muammo kun tartibida turganligini ta’kidladi. Boshqa senator esa yozuvchiga ta’zim qilib: “Butun mamlakat sizning oldingizda burchlidir”, – dedi. Bu fikrning geografiyasini kengaytirib shunday deyish mumkin: Reychl Karson butun yer yuzidagi hurmat va olqishga sazovor kishilar toifasiga kiradi. Bong urish bilan yong‘in o‘z-o‘zidan o‘chib qolmaydi. Buning uchun odamlarni uyg‘otmoq kerak. Karson shu ishni amalga oshirdi.

 

Vashingtondan qirq kilometr chekkaroqda yovvoyi tabiatni o‘rganuvchi mashhur Pateusent tadqiqot markazi joylashgan. Chor atrof metall to‘siqlar bilan o‘ralgan. Og‘ir va mahobatli metall darvoza. Bronza lavhada quyma harflar bilan manzilning nomi yozilgan. Bu yerda yovvoyi tabiatni kimyoviy hujumdan asrab qolish yo‘llari qidiriladi.

Biz bu yerga peshinda yetib keldik. Qurilishlar oldidagi maysazorda yovvoyi g‘ozlar o‘tlab yurishardi, hovuzda esa yana qandaydir qushlar suvni shapillatib o‘ynashardi. Biz bilan doktor Lyusi Stikl suhbatlashmoqchi bo‘lganini eshitib o‘zimizni biroz yo‘qotib qo‘ydik. U – yirik olim. Olimning bu yerda, Patuksenteda olib borayotgan tajribalarini butun dunyoda diqqat bilan kuzatib borishadi. O‘tkazilayotgan tajribalar nihoyatda muhimdir, bu tajribalarni hafsala bilan olib borishadi. Buning ustiga mazkur markaz o‘z sohasidagi yagona ilmiy jamoa hisoblanadi. Doktor Stikl “Sokin bahor” paydo bo‘lgan vaqtdan beri talantli va g‘oyat sinchkov tadqiqotchi sifatida katta nufuzga ega. Stikl Amerikada hammaga taniqli, hurmatli ayol hisoblanadi, qator mukofotlar bilan taqdirlangan. Vashingtonlik yosh biologlardan biri u to‘g‘risida shunday degandi: “Karson bolaning xastaligini his etgan ona edi. Stikl esa bemorni tahlil etayotgan va uni tuzatadigan dori qidirayotgan talantli doktordir”.

Stikl xonimni tinchgina xonada qandaydir jadvallar ustida ish olib borayotgan vaqtida uchratdik. Ikki soatlik xotirjam suhbat bu ayol olimalik talantidan tashqari insoniyligi ham nihoyatda yuqoriligini ko‘rsatdi. U bilan suhbatlashish nihoyatda yoqimlidir. So‘zingizni e’tibor bilan eshitadi. Masalaning mohiyatini to‘la anglab yetmaguncha javob berishga shoshilmaydi. Yetti o‘lchab bir kesadi, har bir so‘zni o‘ylab gapiradi. Mulohazalarida ishonch, kinoya, yumor zuhur etib turadi, fikrlar nihoyatda o‘ylangan, so‘zlar lo‘nda-lo‘nda. Karsonning kitobi to‘g‘risida u shunday dedi: “Ha, bu hammamizni uyqudan uyg‘otgan bong edi… Lekin yovvoyi tabiat masalasiga keladigan bo‘lsak, ahvol u o‘ylagandan ko‘ra tashvishliroq. Bizning qarshimizda la’nati deb ataladigan muammolardan biri turibdi”.

Suhbatdoshimiz Amerikadagi kimyo va tabiat o‘zaro munosabatlari hozirgi holatining manzarasini chizib berdi. “Hozircha xursand bo‘lishning o‘rni emas. “Sokin bahor” chiqqan yili kimyoviy korxonalar 300 million dollar foyda olishgan. Hozirgi vaqtda esa bu raqam milliardni tashkil etadi. Bu nimani anglatishini tushuntirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak”.

– Doktor Stikl agronom Berlougning pozitsiyasiga qanday qaraydi? (Savol Nobel mukofoti laureati agronom Norman E.Berlougning BMTdagi ma’lum ma’ruzasini ko‘zda tutardi) degan savolimizga shunday javob berdi:

– Berloug o‘z ishini bajaryapti. Bajarganda ham yaxshi bajaryapti. Lekin u pestitsidlar ishlatilishini taqiqlash o‘z ishiga zarar yetkazishdan qo‘rqadi. U “butun dunyo noni” haqida gapirar ekan, boshqa barcha narsalarga sovuqqonlik bilan chiziq tortib yuboradi. Odamlarga faqat nongina qoldiriladi. Nondan boshqa hamma narsa adoyi tamom bo‘lsa hayot qanday kechadi? Sog‘liq, kapalaklarning deraza orqasida parillab uchib yurishi, qushlar nima bo‘ladi… Yo‘q! Non uchun ham, bularni saqlab qolish uchun ham kurashmoq darkor. Aks holda, biz qorni to‘q, ammo xursandchilik ko‘chasidan o‘tmaydigan podaga aylanib qolamiz.

Patuksenteda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida shunday deyishdi: “Biz zaharli moddalarning tirik organizmda to‘xtab qolishi va yig‘ilishini yirtqich hayvonlarda sinab ko‘ramiz, organizm chidashi mumkin bo‘lgan zaharning chegarasi va miqdorini aniqlaymiz. Ha, ularga kimyoviy moddalar qo‘shilgan ovqat beramiz. Ayniqsa, zahar ta’sir qilishining mexanizmini aniqlash muhimdir. Hozirning o‘zidayoq shu narsa ma’lum bo‘lib qoldi: tabiatdagi qushlar ikki sababga ko‘ra kamayib bormoqda. Birinchi sabab zaharlar bo‘lsa, ikkinchi sababi ularda nasl qoldirish qobiliyatining yo‘qolganidir”.

“DDT”ning ta’sir mexanizmi bu yerda, Patuksenteda bedanalarda sinab ko‘rildi. Qushlarni zaharlangan g‘alla bilan boqishadi. Kimyoviy modda qushning yog‘ to‘qimalarida yig‘ilardi. Ko‘rinishidan bedanalar unchalik zarar ko‘rmaydiganga o‘xshab ko‘rinardi. Lekin ularni och qoldirishgach (bu qushlar hayotida tabiatda tez-tez uchrab turadigan hodisa) navbat qush organizmidagi yog‘ va uning tarkibiga kirib ketgan DDTga keldi. Natijada qushlarning asab tizimi shikastlandi: ularning o‘z muvozanatlarini saqlashlari, mo‘ljalga olishlari o‘zgardi, narsalarga munosabatlari ham o‘zgarib qoldi. Dalalarda qushlarning ko‘plab o‘lib yotishlarining sababi shu yo‘l bilan aniqlandi.

Qushlarning qayta ishlab chiqarish mexanizmidagi bunday muvaffaqiyatsizliklarni qushshunos – ornitologlar ancha ilgari sezishgandi. Juda ko‘p uyalarda (asosan burgut, qirg‘iy, lochin, baliqxo‘r, saqoqush uyalarida) tuxum ichidan qushchalar yo butunlay chiqmas, yo tuxumning o‘zi bo‘lmasdi, yo bo‘lmasa tuxum butunlay ezib tashlangan chiqardi. Tadqiqotchilar buning sababini nimadan ekanligini aniqlashdi. Birinchisi, tuxum tarkibida “DDT”ning bo‘lishi, ikkinchisi esa tuxumlarning qobig‘i shu qadar nozik va yupqa bo‘lganki, “ba’zida past uchayotgan samolyotlarning tovushidan ham sinib ketgan”. Gohida esa ularning tuxumi yumshoqqina, qobiqsiz bo‘lgan… Ornitologlar tuxumlarning qobig‘ini ellik yildan beri o‘lchab kelishar ekan. Qobiq qalinligining yupqalasha boshlashi hozirgi kimyoviy zaharlarning ishlatila boshlashi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelar ekan. Zahar ta’sirida qushlar organizmida kaltsiy almashinuvi buzilishi to‘g‘risidagi nazariya shundan kelib chiqqan. Hozirgi vaqtda Patuksenteda bu nazariya tajribalar asosida sinchiklab tekshirilmoqda.

Suhbatimiz oxirida doktor Stikl bizni tajribalar o‘tkaziladigan hayvon va parrandalar saqlanadigan atrofi o‘ralgan maydonchaga olib bordi. Yenotlarning hujumi ehtimolidan elektr simlari bilan ihota qilingan o‘rmon maysazori xuddi qushlar bozoriga o‘xshardi – qichqirish, chiyillash, chug‘ur-chug‘ur ovozlari nihoyatda kuchli edi. Lekin ayanchli sinov maydonchasi edi. Bu yerdagi qushlar o‘z hayotlari evaziga ozodlikdagilarning hayotlarini qutqarib qolishga mahkum etilgandi. Bir o‘ram ichida bedanalar yurishibdi. Qirg‘ovullarning katta to‘dasi ham shu yerda. Suvda yuradigan juda ko‘p hayvon va parrandalar – o‘rdak, g‘oz, saqoqush, qarg‘alar ham bor. Ikki yuztacha lochin, qirqtacha boyo‘g‘li, yigirma sakkizta burgut, besh ming turfa xil mayda qushlar yig‘ilgan ekan… Bu yerdagi ba’zi hayvon va qushlarning omadi kelipti. Ularni tajriba o‘tkazilayotganlarga solishtirish uchungina saqlasharkan. Boshqalariga esa qat’iy tartib asosida zahar berisharkan. Atrofi o‘ralgan keng maydonchalar. Bu maydonchalarga pana joylar qurilgan bo‘lib, qushlarning uyalari vazifasini o‘tovchi qutilar qo‘yilgan. Qutilarning orqa tomonidan tuynuk qoldirilgan. Doktor Stikl tuynukdan qarashimizga ruxsat etdi. Birinchi guruh: uya oxiriga yetkazilmagan. Qushlar uyada ko‘rinishmayapti, ular DDT va dildrindan o‘lib qolishgan. Boshqa uyadagi qush o‘lmagan. Lekin u uyada o‘tirgani yo‘q. Uyaga tashlab qo‘yilgan tuxum oqarib turipti. Biz nazorat qilib turiladigan uyachaga yaqinlashib, to‘siqchani surib qo‘ydik… Qorong‘ulik ichidan ikki juft cho‘chib ketgan ko‘z – boyo‘g‘li va ikki haftalik boyo‘g‘li bolasi bizga tikilib turardi. Bu yerga zaharli kimyoviy moddalar yaqinlashtirilmasdi.

Qushlarning ba’zi turlari Amerikada juda kam qolganligi (oq boshli burgut va sapsan) tufayli ularni bu yerga olib kelishga jur’at etishmagan. Tajriba uchun dengiz cho‘chqasi va qirg‘iylardan ham keltirishibdi. Ular hozircha ko‘proq.

– Mana shunday ishlar, – dedi suhbat va ekskursiyaga yakun yasab Stikl xonim. – Qilayotgan ishlarimiz bekor ketmas deb ishonishni istardim.

Patuksentedagi tadqiqotlar ustida yana yigirma to‘rt olim va o‘n beshta texnik xodim ish olib borar ekan. Eshiklari laboratoriyalarga olib boradigan keng xonaga Reychl Karsonning fotosurati osib qo‘yilgan. Suratda dalabop kalta kamzul kiyib olgan o‘rta yoshlardagi ayol qo‘lida durbin ushlagancha bahorgi o‘rmonda nimalarnidir kuzatib turipti. Biz portret oldida turib qoldik.

– Bu uning oxirgi suratlaridan biri, – dedi Stikl xonim, – u bahorda qushlarning uchib kelishini kuzatishni juda yaxshi ko‘rardi.

Rus tilidan Rahmatilla Inog‘omov tarjimasi.

“Nash sovremennik” jurnalining  1975 yil 1 va 2- sonlaridan olindi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 11-son