Abdulla Qahhor. Birinchi domlam (1952)

Men birinchi saboqni Gogoldan olgan edim.
Bundan yigirma yetti yil burun Toshkentda bolaligimdagi bir hammaktabimni uchratdim. Bu vaqtlarda men satira jurnaliga qatnashib yurgan, bitta «jiddiy» hikoya («Yosh qizlar o‘gay ota qo‘lida») yozgan, «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga yaqindagina ishga kirgan edim.
Hammaktabimning uyiga ikkinchi marta borganimda u meni o‘zimdan uch-to‘rt yosh katta Pavel degan bir yigitga «yozuvchi gazetachi» deb tanishtirdi. O‘rtog‘im universitetga kirmoqchi bo‘lib O‘rta Osiyo davlat universitetining studenti shu Pavelning yordami bilan jadal tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan. Pavel mening «yozuvchi»ligimni eshitib kimningdir qisqa bir she’rini shavq-zavq bilan o‘qidi-da, rus yozuvchilaridan kimlarni o‘qiganimni so‘radi. Men u vaqtda rus yozuvchilaridan Pushkin, Tolstoy, Gorkiylarning nomlarinigina eshitgan edim, xolos. Bu nomlar ham «Pushkinni podshoh o‘ldirgan»i, «Tolstoy bo‘yi baravar kitob yozgan»i, «Gorkiy Tolstoyning o‘limini eshitib hushdan ketgan»i uchungina yodimda qolgan edi. Pavel mening satira-yumorga moyilligimni eshitib bir qancha yozuvchilar, ularning mashhur asarlari to‘g‘risida gapirdi.
Men mehmonxonada turar edim; bir kuni ishdan qaytib kelsam, Pavel to‘rt enlik xat bilan bitta kitobcha tashlab ketibdi. Bu kitobcha Gogolning «Ivan Ivanovich va Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tgan nizolar hikoyasi» edi. Men bu kitobni lug‘at bilan o‘qishga kirishdim, juda uzoq, biron oy o‘qigan edim, shekilli. Voqeaga uncha tushunmadim, lekin nimadir bir qiziq narsa borga o‘xshadi.
Kitobni uchinchi marta o‘qiganimda shu parchaga diqqatim jalb bo‘ldi:
«Ivan Ivanovich ko‘p yaxshi odam. U kishi qovunni juda-juda yaxshi ko‘rardilar; suygan yemishlari shu. Obed qilib bo‘lishlari bilanoq ko‘ylakchan ayvonga chiqardilaru darrov Tankaga buyurib qovun oldirardilar. Uni o‘z qo‘llari bilan so‘yardilar, urug‘ini qog‘ozga olib qo‘yib yeya boshlardilar. Keyin Tankaga qog‘oz-qalam keltirishni buyurardilar va qovun urug‘i solingan qog‘ozga o‘z qo‘llari bilan: «Ushbu qovun falon chisloda tanovul qilindi», agar shunda biron mehmon bo‘lsa: «Falonchi ishtirokida», – deb yozib qo‘yardilar».
Nega? Shundoq deb yozib qo‘yishiga qanday zarurat bor?
Bu savolga topgan javobim men uchun katta bir kashfiyot bo‘ldi. Shundan keyin lug‘at ko‘rib, ko‘proq Pavelning yordami bilan bu kitobni olti marta o‘qidim va har o‘qiganimda yangi bir narsa topar edim. Kitob qariyb yod bo‘lib qoldi.
Bu kitob menga, bir tomondan, rus tilini o‘rganishga birinchi darslik bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, meni yangi bir olamga, kitobga emas, hayot, odamlarning tovushi eshitilib, qiyofasi yaqqol ko‘rinib turgan, ularning ichki dunyosini oynaday aks ettirgan adabiyot olamiga yetakladi.
Mana shu birinchi saboq menda Gogolning boshqa asarlarini ham o‘qishga ishtiyoq tug‘dirdi. Uning boshqa kichik asarlari bilan chala-yarim bo‘lsa ham tanishganimdan keyin satira-yumor masalalarida o‘sha vaqtlari gazetalarda tez-tez bo‘lib turadigan munozaralarga qatnashish uchun jasorat paydo qildim. Bir maqolada Gogol asarlarini o‘qib o‘zimcha chiqargan xulosalarimni umumlashtirishga harakat qildim.
Gogol asarlari bilan tanishib, ularni bunchalik go‘zal, bunchalik o‘tkir qilgan «sir»larini «kashf» qila boshlaganimdan oldin yozgan hajviy «asarlarim» ko‘zimga shu qadar g‘arib ko‘rindiki, minba’d bunaqa asarlar yozmaslikka o‘zimga o‘zim so‘z berganday, o‘sha vaqtdagi yashirin imzom «Norin shilpiq»dan voz kechib, so‘nggi feletonlarimga boshqa imzo («Mavlon kufur») qo‘yadigan bo‘ldim. Keyingi feletonlarimdan biri – bir ruhoniyning sho‘rolarga saylov majlisidan quvib chiqarilganligi to‘g‘risida yozilgan feletonimni o‘qigan o‘rtoqlarimdan biri: «Tiling zaharlashib ketyapti», – degani esimda bor.
Gogol asarlarini o‘qiy boshlaganimdan keyin uzoq «jiddiy» hikoya yozolmay yurdim. Bunga sabab, bir tomondan, nima yozsam yosh bolalar devorga soladigan suratday hazilakam ko‘rinavergani bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Gogol qahramonlari menga xalal berganligi edi.
Nihoyat, «Boshsiz odam» degan hikoya yozdim. Birinchi hikoyam («Yosh qizlar o‘gay ota qo‘lida») bir voqea haqida o‘quvchiga ma’lumot bergan va bu voqeaga o‘z munosabatim qanday ekanini xat satrida ta’kidlagan bo‘lsam, «Boshsiz odam»da o‘zim «xolis» turib, o‘sha vaqtdagi hayot lavhalaridan birini ko‘rsatishga va bunda birinchi marta odamning xarakteriga qo‘l urishga harakat qilgan edim:
«Nisobuvi qizining Faxriddindan tug‘ishini xohlamas edi… U betini qattiq qilib kuyoviga aytdi:
– Faxriddin, hali yoshsizlar, uch-to‘rt yil bola bo‘lmagani yaxshi. Doktor shu ishlarni ham bilarmikan?..
Faxriddin orqasida biron qiziq voqealar bo‘layotganday orqasiga qarab javob berdi:
– Bilmasam… dadam biladilar…
– Qo‘ying, qo‘ying, dadangizdan so‘ramang, uyat bo‘ladi».
Faxriddin kasalxonada yotgan xotinini ko‘rgani boradi. «Faxriddin kirganda Mehri uyquda ekan, u sekin yoniga o‘tirdi.
– E, hoy!.. Yaxshimisan?.. Hoy!
Mehri uyg‘ondi va sekin:
– Keling… – dedi.
– Yaxshimisan… uyda sen yo‘q, dadam qiynalib qoldilar. Dadam borib ko‘rib kelgin dedilar…»
O‘ttizinchi yillarning boshlarida yozilgan «Raqib», «Aflotun muhabbati» va boshqa hikoyalarda Gogolga taqlid juda yaqqol ko‘rindi.
Gogoldan keyin Saltikov-Shchedrin, Turgenev, Chexov, Gorkiy asarlariga butkul sho‘ng‘ib ketgan vaqtlarimda ham Gogolga taqliddan xoli emas edim.
Qirqinchi yillarning boshlarida yozilgan «Qizlar» hikoyasi shunday boshlanadi:
«Qani, biron xolis odam aytsin: butun O‘zbekistonni qidirganda Nurmatxonga o‘xshagan yigitdan yana bironta topilarmikan?
Ba’zi odamlar – hazilmi, chinmi – har xil gaplar tarqatishadi: yozda uning ketidan pashsha ergashib yurar emish. Yolg‘on! Nima qiladi ergashib?
Hammadan uning qomatini ayting: afsus, ming afsuski, qo‘li ikkita-da, yo‘qsa, eng chiroyli nasha chilimiga o‘xshar edi…»
Bu priyom rus yozuvchilaridan faqat Gogol uslubiga xos priyomdir.
Rus tilini ma’lum darajada o‘zlashtirib, kitobni mus­taqil o‘qishga qodir bo‘lganimdan keyin Gogolning zehnimda umrbod qolib ketgan obrazlaridan biri Taras Bulba bo‘ldi: barvasta, baquvvat, irodasi temir, o‘rtoqlariga mehribon, dushmanga beomon bo‘lgan bu chol ko‘z oldimdan sira ketmaydi, hamma vaqt xuddi yaqindagina ko‘rganga o‘xshab turaman. 41-yilda nemis bosqinchilari Ukraina tuprog‘iga bostirib kirgan kuni, nazarimda, Taras Bulba baqirib, so‘kinib, xiyonatkor o‘g‘lini o‘z qo‘li bilan o‘ldirib, ikki yondan iyagigacha osilib tushgan mo‘ylovi xiyol titragan holda, qo‘liga qurol olib dushmanga qarshi chiqib ketayotganday bo‘ldi.
Vatan urushi yillarida yozilgan «Asror bobo» hikoyasini yozishda men «shu yerda turib Berlinga o‘t qo‘yayotgan» Asror bobo Taras Bulbaning O‘zbekistondagi o‘rtog‘i bo‘lishi kerak deb qo‘limga qalam olgan edim.
Asror bobo kampiriga ba’zan dag‘al gapiradi: «Ammo, lekin xo‘p ham kaltakbob xotin bo‘libsan-da! Burungi zamon bo‘lsa, bironta ham qovurg‘angni sog‘ qo‘ymas edim», – deydi. Shu bilan birga, uni ayaydi, qalbini o‘rtab yurgan og‘ir musibat – o‘g‘lining jangda halok bo‘lganligi xabarini unga aytmaydi, bu musibatning hamma dard-alamiga o‘z qalbini tutib beradi.
Gogol buyuk rus tanqidchilaridan Belinskiy asarlari bilan tanishuvimga sabab bo‘ldi. Men uning asarlarini o‘qiganimdan keyin Belinskiyga ustozlarimning ustozi deb qaraydigan bo‘lsam, uning «Gogolga xat»i menga juda katta saboq bo‘lgan, meni chuqurroq o‘ylashga majbur qilgan, hayotdagi faktlar rudasidan haqiqat nuqrasini topishga undagan va bunga yo‘l ko‘rsatgan maqolalaridan biri bo‘ldi.
Gogolning sahna asarlariga taqlid qilib bir narsa yozishga uringan vaqtlarim ham bo‘lgan, lekin bu urinishlar mashqdan nari o‘tgan emas edi. Bu mashqlarda Gogolga naqadar ko‘proq taqlid qilsam, qalamim ostidan chiqqan odamlar shu qadar soxta, shu qadar o‘lik bo‘lar edi. Buning sababini keyinroq bilsam: men Gogolga ko‘r-ko‘rona taqlid qilgan ekanman. Shu xildagi taqliddan iborat mashqlardan hafsalam sovigandan keyin «Revizor»dan o‘zimga juda yoqqan parchalarni tarjima qilishga kirishdim, lekin bu asarni to‘la tarjima qilib birovga ko‘rsatgani botinolmas edim.
«Revizor»ni men birinchi marta o‘zbek sahnasida 1935 yilda ko‘rgan edim, shekilli. Men «Revizor»dagi personajlarni butunlay boshqacha tasavvur qilib yurar edim, spektakl mutlaqo yoqmadi. Aktyorlarning bir qismi o‘z rolining mohiyatini, aytayotgan gapining ma’nosini ba’zan yaxshi anglamaganligi, ba’zi aktyorlar roldan chiqib bo‘lsa ham tomoshabinni kuldirishga tirishganligidan tashqari matn ham aktyorlarga rolni o‘ynashga xalal berar edi. Masalan:
H o k i m. Shu kunlarda o‘zimning ko‘nglim ham bir narsalar sezib yurganday edi. Bugun kechasi tuni bilan ikkita kalamushni tush ko‘rib chiqdim. Ikkita ajoyib kalamush, men bunaqasini hech ko‘rgan emas edim… Ikkovi ham yaqin keladi-da, hidlab-hidlab yana qaytib ketadir…»
B o b ch i n s k i y. Ust-boshi joyida, kiygan kiyimi xususiy kishilarnikiday. Uyning ichida u yoq-bu yoqqa yuradir, basharasida bundoq fikr…»
Bu matn «asliga to‘g‘ri», lekin o‘lik portretga bir chiziq bilan jon kirgizadigan Gogol uslubiga mutlaqo yotdir.
Men 1937 yilda «Uylanish»ni tarjima qilganimda, ke­yinchalik «Revizor»ni tarjima qilganimda burungi tarjimalardagi shu kamchilikni ko‘zda tutdim. «Revizor» uzoq o‘tmishdan bizning kunlarga o‘z tengqurlaridan ko‘pining qabrini oralab o‘tib kelgan va uzoq kelajakka yo‘l olish uchun yetarli kuch-quvvatga ega bo‘lgan asardir. Bu asarning tarjimasi ham tobora mukammallashib ana shunday kuch-quvvatga ega bo‘lishi kerak.
Nikolay Vasilevich Gogolning vafotiga yuz yil to‘lgan kunda o‘zbek kitobxoni, o‘zbek tomoshabini uning nomini zo‘r hurmat va katta minnatdorlik bilan tilga oladi. Men uning nomini eshitganimda birinchi domlam hurmatiga o‘rnimdan turib qo‘l qovushtiraman.

1952