O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining plenumi haqida hisobot
Gazetaning o‘tgan sonida xabar qilganimizdek, shu yilning 12 aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining «Qayta qurish va O‘zbekistonda hozirgi adabiy jarayon» muammolariga bag‘ishlangan plenumi bo‘lib o‘tdi.
Plenumda O‘zbekiston KP Markaziy Komitetining sekretari M. H. Xolmuhamedov nutq so‘zladi.
Yaqin-yaqinlarda ham kishilar yig‘inlarga rasmiy zarurat uchungina, xuddi «bo‘ynidan boylaganday», chapak chalish uchungina kelishar edilar. Majlislarda bo‘ladigan gaplarni ular oldindan bilishar, yil boshida yozilgan bitta nutq yil oxirigacha bo‘ladigan yig‘inlarda takrorlash uchun kifoya qilardi. Qayta kurish kishilar zimmasidagi rasmiy zaruratni ham, bo‘ynidagi arqonni ham olib tashladi.
Endilikda, odamlarning o‘zlari majlis qidirishmoqda… Bunday majlislarda aytilayotgan gaplarning yangiligi, fikrlarning keskinligi, munozaralar, bahslarning otashinligi kishining xayolini charxlaydi, o‘ylantiradi. Ba’zan bir tomonlama, ehtiroslar og‘ushidagi gap-so‘zlardan ham dunyoning achchiq-chuchugini tushunib yetgan odam o‘zicha ma’qul xulosa chiqarib oladi.
Bugungi yig‘inlarga bo‘lgan intilish shunchaki havas emas, hayotiy zaruratdir Hayotning o‘zi kishilarni o‘ylashga, harakat qilishga, voqea-hodisaldrdan mantiq izlashga majbur etmoqda. O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining navbatdagi plenumi juda qizg‘in bahslar, o‘tkir munozaralar asosida boshlangani ham yozuvchilar ushbu plenumni juda intiqlik bilan kutishganidan dalolat berdi.
Plenumni O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi kotibi Odil Yoqubov qisqacha kirish so‘zi bilan ochdi.
— Bugun biz bu yerga respublikamizda, umuman, Ittifoqda kechayotgan qayta qurish, demokratiyalash, oshkoralikning adabiy jarayonga ta’siri xususida ochiq oydin gaplashib olish uchun to‘plandik, — dedi O. Yoqubov. — O‘ylaymanki, mazkur plenum, bu yerda bo‘ladigan gaplar hozirgi adabiy jarayonni yanada jonlantirish, respublika hayotidagi mavjud muammolarni hal etishga yordam beradi.
Plenum kun tartibiga ikkita muhim masala qo‘yilgan. Ularning birinchisi qayta qurish va O‘zbekistonda hozirgi adabiy jarayon, ikkinchisi tashkiliy masala. Kuni kecha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublika yozuvchilari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tganligini sizlar bilasizlar. Bunday uchrashuvlar keyingi yillarda an’ana bo‘lib qoldi. Uchrashuvda juda muhim, jiddiy masalalar xususida gap ketdi. Uchrashuvni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komktetining birinchi sekretari R. Nishonov olib bordi. Yozuvchilar respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi yetilgan muammolar haqida ochiq-oydin gapirishdi. Adabiy hayotimizga oid bir qator masalalar xususida ham kelishib olindi. Xususan, «Yozuvchi» nashriyotini tashkil etish, adabiyot gazetamizning hajmini oshirish, yozuvchilarning turmush sharoitlarini yaxshilash kabi masalalar haqida ham gap bordi. Markaziy Komitet bu masalalarni o‘rganish uchun tashkilotlarga topshiriqlar berdi.
Shundan keyin majlis raisi respublika Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining sekretarlari Ye. Berezikov va A. Oripov ijodiy ishga o‘tish uchun ariza berganliklarini, bo‘lib o‘tgan sekretariat ularning arizalarini ko‘rib chiqishni plemumga havola etganligini, plenum ana shu o‘rtoqlar o‘rniga yangi sekretarlar saylashi lozimligini aytdi. Tashkiliy masala yuzasidan munozarali fikrlar bildirildi. Shu munosabat bilan so‘zga chiqqan Isfandiyor, M. Qo‘shjonov, S. Azimov, B. Boyqobilov, X. To‘xtaboyev, N. Xudoyberganov, N. Qilichev, A. A’zam va boshqalar sekretarlikka nomzodlar, Yozuvchilar soyuzi pravleniyesi sekretariatining faoliyati, kun tartibiga qo‘yilgan masalalarnmng aktualligi, masalalarni muhokama etishda qizishmasdan, har bir narsani o‘z nomi bilan atab fikr yuritish lozimligi xususida fikr yuritdilar. Sekretarlikka nomzodlari qo‘yilgan yozuvchilardan Xayriddin Sultonov va Mixail Grebenyuk o‘z nomzodlarini qaytarib olishdi. Shunday qilib uzoq bahslar va munozaralardan so‘ng qolgan to‘rtta nomzod orasidan Yozuvchilar Tohir Malik va Nikolay Gatsunayev yashirin ravishda berilgan ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining kotibligiga saylandilar.
Plenum kun tartibndagi ikkinchi masala yuzasidai respublika Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi kotibi Odil Yoqubov ma’ruza qildi.
— Keyingi, Yozuvchilar soyuzining plenumlari oralig‘idagi yil mamlakatning iqtisodiy hayotida ham, sovet kishilarining ijtimoiy ongida ham katta o‘zgarishlar davri bo‘ldi, — deb ta’kidladi ma’ruzachi. — Jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, qayta qurish jarayonlari albatta yozuvchilar faoliyatida, soyuzimiz faoliyatida ham o‘z aksini topdi. Bizda ham yangilanish tomoniga siljish bo‘ldi. Biroq, qayta qurish bizda silliq, kamchiliklardan xoli, ortiqcha ehtiroslarsiz, ayrim xatolarsiz kechyapti, deb aytsak noto‘g‘ri bo‘lur edi. Yanglishishlarning sabablari nimada? Xususan, men har holda asosiysi bo‘lmasa-da, lekin ko‘p narsani anglatuvchi sabablardan birini — turg‘unlik davrida juda uzoq sukut saqlaganimizda ko‘raman. Hammamiz bo‘lmasak-da, lekin juda ko‘pchiligimiz o‘zimizni murosasoz tutdik. Ba’zilarimiz esa «katta boshliqlar» nimani aytishni buyurishsa, o‘shani shunchaki takrorladik, xolos. Qayta qurish va oshkoralik yozuvchilarni uyqudan uyg‘otgan sarin sabo bo‘ldi. Uyg‘onib qarasak, respublika achinarli va qayg‘uli ahvolga tushib qolgan ekan. Dexqonlarimizning og‘ir mehnatdan holdan toyganini ko‘rdik. Barbod bo‘lgan iqtisodiy hayotni yashiruvchi soxtalikni, o‘lka tabiatiga tahdid solib turgan xavfni angladik. Ko‘rgan kechirganlarimizdan daxshatga tushdik. Ko‘pchiligimiz yolg‘on shiorlarga ishonib, qanchalik aldanganimizni tushunib yetdik. Bularning hammasi, ba’zan, yozuvchilarning oxirini o‘ylab ko‘rmay fikr aytishga va harakatlar qilishga undadi. Masalalarga chuqur o‘ylab va asosli yondashish ham ba’zan ortiqcha shovqin-suron bois ehtiroslar to‘lqiniga cho‘kib ketayotgani, bahslarning shunchaki ur-to‘qmoqqa aylanib qolayotgani haqida bizning nomimizga bildirilayotgan to‘g‘ri tanqidni qabul qilishimiz kerak. Bunday hol yetilgan muammolarni osoyishtalik bilan va chuqur o‘ylab hal etilishiga yordam bermasligini biz yaxshi tushunamiz. Biroq, shuni aytmoqchimanki, yozuvchilarning uzoq uyqudan uyg‘onganligining o‘zi — quvonchli hodisa. Bu — ularning inqilobiy qayta qurish jangchilarining shubhasiz, oldingi saflarida turishiga yordam beruvchi jarayondir.
Bizning nazarimizda, ijodiy ziyolilarning endilikda to‘la rostgo‘ylikka intilayotganlari tushunarli. Ular, aytaylik, paxta yakkahokimligi, ayollarning og‘ir mehnati, o‘n yillar mobaynida mayib etib kelingan o‘zbek bolalarining ahvoli kabi murakkab, fojiali hodisalar haqida haqiqatni gapirishga urinmoqdalar. Ha, ko‘pchilik ziyrak yozuvchilar to‘planib qolgan bu qiyinchiliklarni bir-ikki yilning ichida bartaraf etib bo‘lmasligini tushunishmoqda. Buning uchun yillar, ko‘p yillik katta mehnat, jamiyatning barcha axloqiy va ma’naviy kuchlarini jalb etish zarur bo‘ladi. Biroq, bunga o‘xshash barcha, «og‘riq»larimiz haqida sukut saqlashning nainki iloji yo‘q, balki, bunday yo‘l tutish axloqsizlik bo‘lur edi. Ba’zan shunday fikrlarni ham eshitib turibmiz: «Markaziy jurnallar va adabiy nashrlarda aytilayotgan fikrlarga taqlid qilish nimaga kerak? Biz, axir, yuvosh-mo‘min, mehnatkash xalqmiz, bizga ehtirosga berilish ham, masalan, tilimizga davlat tili maqomi beriladimi yoki yo‘qmi, deganga o‘xshash bahslar, tarixga, ona xalqimizning o‘tmishini teran o‘rganishga oid munozaralar kerak emas. Bularning barchasi o‘z-o‘zidan bo‘ladi». Bunday gaplarni asosan markaziy matbuotni o‘qimaydigan, oshkoralik va qayta qurish tufayli hayotimizda yuz berayotgan yangiliklarni kuzatib bormaydigan kishilar aytishmoqda. Biz Sovet Sotsialistik Rvspublikalarining ajralmas bir qismi bo‘lgan holda bu yerda ko‘zimizni yumib, qulog‘imizga paxta tiqib o‘tira olmaymiz va bunga haqqimiz ham yo‘q. Mamlakatda yuz berayotgan barcha narsalar biz istaymizmi, yo‘qmi, qat’iy nazar, qalblarimizda, ongimizda o‘z aks-sadosini topadi. To‘g‘ri partiyaviy yo‘lni ushlash, Qorabog‘da bo‘lgan voqealarga o‘xshash hodisalar yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi boshqa gap. Biroq, bu narsaga respublika hayoti haqida rost gapni aytayotgan va aytishga harakat qilayotgan adabiyot va san’at namoyandalarining tanobini tortib qo‘yish respublika matbuotimizda, ayniqsa, bu sohada mashhur bo‘lgan «Tashkentskaya pravda» gazetasi qilayotganidek, ularga turli yorliqlar yopishtirish bilan erishmaslik kerak. Biz o‘z nomimizga bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni ziyraklik bilan eshitamiz. Biroq, biz, turg‘unlik yillarining og‘ir oqibatlarini, undan keyingi dastlabki yillarda ayrim rahbarlarning hammayoqni badastur ko‘rish, adabiyot namoyandalaridan hayotimizning barcha sohalaridagi buyuk g‘alabalar xususida — faqat hamdu sanolarni eshitish haqidagi orzularini unutmasligimiz kerak. Abdullayevachilik davrida o‘shanday vaziyat, faqat boshqacha ranglarda to‘la namoyon bo‘ldi. Madaniyatga nisbatan yana dekretlashtirish usuli qo‘llanildi. Majlislarda o‘zbek tilida so‘zlashni taqiqlashga, tarixiy o‘tmishga, xalqning urf-odatlariga nisbatan o‘chirishga harakat qilindi. Qadimgi xalq me’morlarining ijodi millatchilik sifatida talqin etildi. Yo‘q, partiyamiz oshkoralik va demokratiyaning buyuk shiorlarini bu uchun e’lon qilmagan.
O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi mavjud xatoliklar va «chiqimning o‘sishiga» qaramay, keyingi yillarda o‘z missiyasi — xalq ommasining o‘y va umid-orzularini aks ettirish darajasiga asta-sekin ko‘tarilmoqda. Qayta qurishning hayotbaxsh shabadasi yozuvchilarni o‘tkir, rostgo‘y, jasoratli asarlar yaratishga, grajdanlik jasoratini namoyon etuvchi harakatlarga da’vat etmoqda. Respublika yozuvchilari dolzarb muammolar xususida bor ovozlari bilan gapirishmayapti, degan mishmishlar yemirilmoqda. Yozuvchilar soyuzimiz o‘z qobig‘iga o‘ralgan, alohida, ichki masalalarini hal qilish bilan o‘ralashib qolgan tashkilotdan qayta qurishning haqiqiy jangovar markaziga aylanib qoldi.
Yozuvchilar jamiyat hayotining barcha sohalariga tobora chuqurroq kirib borishga, jamoat arboblari, olimlar, mutaxassislar, madaniyat sohasining barcha ijodiy xodimlari bilan birlashishga intilmoqdalar.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bizga nisbatan jiddiy tanqid 6ilan bir qatorda Yozuvchilarning ekologik muammolar, ayniqsa, Orol va Bo‘stonliq bo‘yicha chiqishlari, bu masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratganliklari to‘g‘ri va o‘z vaqtida qarorlar qabul qilishga yordam berganini eshitish bizni xushnud etdi. Orolni asrash bo‘yicha komitet xuddi shu yozuachilar tashkilotida tug‘ildi. Kamtarlik bo‘lmasada, aytish kerakki, KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovvtining Orol muammosi bo‘yicha maxsus qaror qabul qilishida bizning yozuvchilarimizning ham hissalari bor. Dengizimizni asrash uchun kurashayotgan To‘lapbergan Qayipberganov, Pirmat Shermuhamedov, O‘rozboy Abdurahmonov, Sarvar Azimov, Akromjon Aminov va boshqalar safida Sergey Tatur, Yuriy Kovalev, Konstantin Volkov, Vladimir Kovalev kabi rus yozuvchilarining ham borligi bizni quvontiradi.
Respublika yozuvchilari O‘zbekiston tarixidagi, adabiyotimiz tarixidagi «oq dog‘larni» yo‘qotishda aktiv ishtirok etmoqdalar. Yozuvchilarimiz Stalin repressiyalari qurbonlariga yodgorlik tiklash ishiga qo‘shildilar. 20—30-yillar adabiyoti vakillari ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Usmon Nosir, Sulaymon, Botu va boshqalarning asarlari xalqqa qaytarilmoqda. Oshkoralik, avvalo, rostgo‘ylik va jasoratdir. Inqilobiy qayta qurishga da’vat etgan partiya «zararli ta’sirlardan» hech qachon qo‘rqmaydi. Cho‘lponning «Sharq yulduzi» jurnalida chop etilgan «Kecha va kunduz» romani adabiyotimiz ma’naviy xazinasiga qo‘shilgan sezilarli hissadir.
Jangovar va tezkor adabiy janr – publitsistikamiz rivojida muhim siljishlar bo‘ldi. Temur Po‘latov, Murod Muhammad Do‘st, Norboy Xudoyberganovning markaziy matbuotdagi chiqishlari umumittifoq jamoatchiligi e’tiborini jalb etdi. Taniqli shoir Shukrullo o‘zining yorqin asarlarida salbiy hodisalarning, tarixdagi «oq dog‘»larning ildizlarini chuqur tadqiq etmoqda. Publitsistlarimiz hozirda juda keng miqyosli mavzularda qalam tebratishmoqda. Ma’ruf Jalil, Ahmad A’zam va Xurshid Do‘stmuhamedov — zaharli kimyoviy moddalarning atrof-muhitga ta’siri haqida, Muhammad Solih va Zohir A’lam paxta yakkahokimligi problemasi haqida, Murod Abdullayev Sariosiyo fojiasi to‘g‘risida, Isfandiyor, Habibullo Olimjonov, Shomurod Siddiqov huquq masalalari xususida, Ozod Sharafiddinov, Dadaxon Nuriy, Yuriy Kovalev, Ortiqboy Abdullayev Bo‘stonliq muammolari haqida, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev respublikada sog‘liqni saqlashning ahvoli, bolalar o‘limini kamaytirish masalalari to‘g‘risida yozishmoqda. Mirza Kenjaboyev va Shodmonbek Otaboyev madaniyat va til muammolariga e’tiborni qaratishmoqda. Sadriddin Salimov, Ne’mat Aminov, Muxtor Komilov tarixiy yodgorliklarni asrash haqida qalam tebratishmoqda. Respublikamizdagi keksa rus yozuvchilaridan biri Sergey Brinskiy mehnat resurslari, xalq hunarmandchiligini rivojlantirish, kooperativ harakat mavzulari ustida ishlamoqda. Biroq publitsistlarimiz oldida, hali katta vazifalar turibdi. O‘zbekiston hali-hozircha fojiaviy «rekordlar»ga ega ekan, bolalar o‘limi, atrof-muhitning iflosligi, turmush darajasining pastligi jihatidan «birinchilar» safida qolar ekan, xotirjam bo‘lmaslik lozim.
Uzoq yillar dunyo yuzini ko‘rmay yotgan asarlar: T. Qayipberganovning ko‘p planli «Ko‘z qorachig‘i» romani, T. Po‘latovning «Taroziy toshbaqasi» va «Dengiz ko‘chmanchilari» asarlari chop etildi. Said Ahmadning «Jimjitlik» deb nomlangan yangi romanida turg‘unlik yillaridagi salbiy hodisalar davri manzaralari aks etadi. Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor», Sergey Taturning «Viloyat», Nurali Qobulning «Unutilgan sohillar», Oleg Sidelnikovning «Asrning talanishi» romanlarida ma’muriy-buyruqbozlik uslubining yemirilishi masalalari tadqiq etiladi. Omon Muxtorning «Egilgan bosh» va Raul Mirhaydarovning «Piyoda sayrlar» romanlari uyushgan jinoyatchiliklarni fosh etishga bag‘ishlangan. Mirmuhsin «Yaproqlar va ildizlar» romanining yangi, to‘ldirilgan nusxasini nashr etdi. Shukur Xolmirzayev o‘zining «Yo‘lovchi» romanida Sovet hokimiyatini tiklash yillaridagi ijtimoiy jarayonlarni har tomonlama anglashga harakat qiladi. O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» va Boris Bokserning «Muqaddas qorovul» romanlarida Ulug‘ Vatan urushi mavzusiga yangicha qarash o‘z aksini topgan. Emil Amitning «So‘nggi imkoniyat» romanida qrimtatar xalqining taqdiri haqida rostgo‘ylik bilan hikoya qilinadi. Rajabboy Ota Turkning «Nur Darvozasi» qissasida hozirgi o‘zbek qishlog‘ining og‘ir hayoti tasvirlanadi. Uchqun Nazarov o‘zining «Chayon yili» romanini Stalin repressiyalari fojialariga bag‘ishlagan. V. Aleksandrovning «Bolalikning ko‘chalari» qissasi ham shu mavzuda. Sa’dulla Siyoyevning «Avaz» va Yevgeniy Berezikovning «Qizil Buxoro» tarixiy romanlari o‘quvchining mulkiga aylandi. Pirimqul Qodirov o‘zining yangi «Avlodlar dovoni» romanida keng miqyosdagi tarixiy polotno yaratishda davom etadi. Turli xalqlarning o‘zaro chuqur madaniy aloqalari haqida hikoya qiladi. Bu asarga internatsionalizm g‘oyasi chuqur singdirilgan. Jahondagi insonparvar kishilarning bir-birlarini tushunishlariga xizmat qiladi.
Urazaq Bekbaulov, Shovdirboy Seitov, Abdulla Sodiqov, Kenjaboy Allamberganov, Mambetali Kaipov va boshqa ko‘plab qoraqalpoq yozuvchilari samarali ijod qilishmoqda. Yosh yozuvchi Oygul Mamatova o‘zbek maktablaridagi problemalar haqida hikoya qiluvchi qiziqarli romanini Yozuvchilar soyuziga muhokama uchun topshirdi. Shukur Xolmirzayev, Ne’mat Aminov, Zohir A’lam, G‘affor Hotamov, Xayriddin Sultonov, Mamadali Mahmudov, Erkin A’zamov, Tog‘ay Murod, Stanislav Kulish, Nikolay Gatsunayev, Ibraim Pashi, Leonid Shoroxov, Yuriy Slashinin va boshqa ko‘plab yozuvchilarimiz, dedi notiq, keyingi yillarda zamonaviy o‘tkir, yorqin asarlar yaratdilar. Erkin Samandarov, Muhammad Ali, O‘ktam Hakimali yangi romanlariga nuqta qo‘yishdi. Shoir Barot Boyqobilov bo‘lib o‘tgan xolis va jiddiy muhokamadan keyin Navoiy haqidagi she’riy romanini oxiriga yetkazmoqda.
Taniqli nosirlarimizning shu kunning dolzarb masalalariga, turg‘unlik va shaxsga sig‘inish davriga bag‘ishlangan bunday katta miqyosdagi asarlari har jihatdan e’tiborga loyiq. Bu asarlarning butunittifoq kitobxoniga yetib borishini ta’minlash ham bizning burchimiz. Ayni paytda, deb ta’kidladi ma’ruzachi, agar biz bu asarlarning kamchiliklarini ham ko‘rsatib o‘tmasak, adolatsizlik bo‘lur edi. Nazarimizda, ko‘pgina yangi romanlarimiz uchun respublikada yuz bergan salbiy hodisalarning barcha ziddiyatlari va bir xil bo‘lmagan sabablarini chuqur tadqiq etish yetishmaydi. Ayniqsa, gap salbiy qahramonlarni tasvirlash masalasiga borib taqalar ekan, ayrim romanlarimiz bir qolipga tushib qolganday tuyuladi. Faqat bir «qora rang» yordamida yozilgandek taassurot qoldiradi. Ularda obrazlarning serqirraligi, o‘sha yillar, aytish kerakki, bugungn kun manzaralarini yaratishda ham rang-baranglik, keng qo‘lamlilik yetishmaydi.
Bugungi kun she’riyati uchun publitsistik ruh, o‘tkir ijtimoiylik xosdir, deb ta’kidladi notiq. Shukrullo, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Halima Xudoyberdiyeva, Rauf Parfi, Oydin Hojiyeva, Gulchehra Nurullayeva, Ma’ruf Jalil, Miraziz A’zam, Cho‘lpon Ergash, Muhammad Solih, Usmon Azimov, Xurshid Davron, Sobit Madaliyev, Shavkat Rahmon, Abdulla Sher, Muhammad Ali, Mirza Kenjaboyev, Azim Suyun, Aleksandr Faynberg, Vladimir Leshchenko, Yo‘ldosh Eshbek, Tojiddin Seytjonov, To‘liboy Qobulov, Tilovbergan Jumamurodov, Pirlepes Tlaganov, Ergash Muhammad, Shamsi Appazov va boshqa ko‘plab shoirlarning yangi asarlariga grajdanlik tuyg‘usi singdirilgan. Shoirlarning mazkur avlodini yangi to‘lqin, hayotga, she’riyatning xalq hayotida tutgan ahamiyatiga nisbatan o‘z qarashlari bilan adabiyotga kirib kelgan avlod deyish mumkin.
Dostonchilikda ham ma’lum yutuqlar qo‘lga kiritilgani seziladi. Azim Suyunning «Sarbadorlar» tarixiy dostoni bugungi kunimizning inqilobiy ruhi bilan hamohang. Qutlibeka Rahimboyevaning «Qishning so‘nggi kunlari» dostoni qishloq ayolining taqdiri haqida rostgo‘ylik bilan hikoya qiladi. Ibroyim Yusupovning «Bulbul uyasi» va Sirojiddin Saidovning «To‘polondaryo bilan vidolashuv» dostonlarida tabiat muhofazasi masalalari o‘tkir qo‘yiladi. Katta va adabiyotga endi kirib kelayotgan yangi avlod vakillarining ovozlari hamohang bo‘lib bormoqda. Masalan katta avlod vakillari Ramz Bobojon va Asqad Muxtorning doston-monologlari hamda yosh shoir Ravshan Fayzning «Uyqudagi odam» dostoni axloqiy masalalarga bag‘ishlangan. Abdulla Oripov byurokratiyaga qarshi qaratilgan yangi «Ranjkom» dramatik dostonini yaratdi. Muhammad Yusufning «Yoshlik» jurnalida chop etilgan, shaxsga sig‘inish davriga bag‘ishlangan «Qora quyosh» dostoni kitobxonlar nazariga tushdi. Qrimtatar shoiri Shokir Salimov qayta qurish mavzuida doston yaratdi. Bugungi O‘zbekiston shoirlari, qaysi millatga, qaysi avlodga mansub bo‘lishmasin, ularni bir narsa, achchiq, lekin shifobaxsh haqiqatga intilish birlashtiradi.
Dramaturgiyamizda ham tubdan qayta qurish sharoitida ayrim sifat o‘zgarishlari sezilmoqda. Shukur Xolmirzayevning Turkistonda Sovet hukumatini o‘rnatish haqida hikoya qiluvchi «Qora kamar» dramasi «Yosh gvardiya» teatri tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olindi. Sharof Boshbekovning «Taqdir eshigi», «Temir xotin», «Eski shahar gavroshlari» pesalari ko‘pgina teatrlarda qo‘yilmoqda. To‘ra Mirzo va Isfandiyorning asarlari butunittifoq mukofotlari bilan taqdirlandi. Said Ahmad, Hamid G‘ulom, O‘lmas Umarbekov, Asqad Muxtor, Shukrullo, Uchqun Nazarov, Abduqahhor Ibrohimov, Mashrab Boboyev, Obid Yusupov, Aron Shalomayev pesalari teatrlar sahnalarida qo‘yilmoqda. Turob To‘la, Muhammad Xayrullayev, Vladimir Bagramov yangi dramatik asarlar yozishmoqda. Anvar Obidjon, Hojiakbar Shayxov va boshqalarning bolalar uchun yozilgan asarlari sahnaga qo‘yilmoqda. Biroq, meningcha, deb ta’kidladi notiq, dramaturgiyamiz hali-hozircha bor ovozi bilan gapirmayapti. Tomoshabinlarimiz intiqlik bilan kutayotgan yuksaklikka ko‘tarilganicha yo‘q. Hali-hozircha Yozuvchilar tashkiloti bilan Madaniyat ministrligini, respublika teatr arboblari jamiyatini birlashtiruvchi ko‘prik mustahkam emas. Bunda, barchamizning ham aybimiz borga o‘xshaydi.
Endilikda mamlakat kelajagi bo‘lgan yosh avlodga katta e’tibor berilmoqda, deb davom etdi notiq. Maktab reformasi, o‘quv programmalarini qayta ko‘rish, yosh avlodning tarbiyasi haqida jonli bahslar bormoqda. «Yulduzcha» nashriyotining tashkil etilishi o‘zbek bolalariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan dalolat beradi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning yaqinda chop etilgan «Mungli ko‘zlar» romani, Farhod Musajonov, Safar Barnoyev, Nikolay Krasilnikovlarning qissa va hikoyalari, Aivar Obidjonning hajviy qissa, hikoya va she’rlari, Qambar O‘tayev, Raim Farhodiy, Tursunboy Adashboyev, Rauf Tolipov, Vladimir Danko va boshqalarching she’rlar to‘plamlari yosh kitobxonlarning sevimli asarlari bo‘lib qoldi. Bolalar adabiyotining oqsoqollari Hakim Nazir, Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min va boshqalar faol ijod qilishmoqda. Biroq, qishloq bolalarining ijtimoiy hayoti, maktablar, ularning kundalik tashvish va quvonchlari, muammolari aks etgan kitoblarning kamligi bolalar adabiyotining kenirib bo‘lmas kamchiligidir. Ko‘pgina kitoblarda chuchmal nasihatgo‘ylik, qaytariq obrazlar ustun turadi.
Adabiy tanqid janri sezilarli darajada jonlandi, deb ta’kidladi notiq. Maqtovdan iborat qasidago‘ylik o‘rnini asarlarni xushyorlik bilan, asosli tahlil etish egallamoqda. Bu borada avvalo, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Matyoqub Qo‘shjonov, Norboy Xudoyberganov, Ibrohim G‘afurov, Ibrohim Haqqulov, Botir Norboyev, Yuriy Morits va boshqa tanqidchilarning maqolalari o‘z uslubi bilan ajralib turadi. Rahmon Qo‘chqor, Ahmad Otaboyev, Yashar Qosimov va boshqa yosh tanqidchilarda jonlanish bo‘layotgani kishini quvontiradi. Biroq, adabiy-tanqidiy asarlarni nashr etish bilan bog‘liq qiyinchiliklar bu yoshlarning o‘sishiga xalaqit bermoqda. Shuni ham aytish kerakki, hozirgi O‘zbekiston adabiyotiga xos jarayonlarni tahlil etuvchi keng ko‘lamli maqolalar hali ham kam. Butunittifoq kitobxoni o‘rtasida o‘zbek adabiyoti juda bo‘sh targ‘ib etilmoqda. Markaziy matbuotda faqat bir Norboy Xudoyberganovgina faol qatnashmoqda.
Tarjimonlarimiz o‘zbek kitobxonlarini jahon klassikasi, hozirgi zamon Sovet adabiyotining birmuncha qiziqarli namunalari bilan tanishtirmoqdalar, deb davom etdi notiq. Q. Mirmuhamedov Gomerning «Iliada»sini X. Ahrorova Balzakning «Yo‘qotilgan sarob», J. Kamol esa Shekspirning ko‘pgina pesalarini, shu jumladan, o‘lmas «Hamlet»ni tarjima qilishdi. Abdulla Sher va Sulaymon Rahmon Bayronning «Don Juan» poemasini o‘zbekchaga o‘girishdi. Miraziz A’zam P. Neruda, N. Hikmat, B. Brext, A. Neto, M. Darvesh kabi XX asr mashhur shoirlarining she’rlarini nashr ettirdi. Shavkat Rahmon kitobxonlarimizni ispan lirikasi durdonalari bilan tanishtirdi. Muhammad Solih o‘g‘uz eposi «Qo‘rqut ota kitobi»ni va o‘rta asrlar buyuk turk shoiri Yunus Emro devonini tarjima etdi. Mirza Kenjaboyev «Evgeniy Onegin»ning yangi tarjimasini qildi. Yodgor Obidoa «Igor polki haqida so‘z»ni o‘zbek tiliga o‘girdi. A. Tvardovskiyning «Xotira hukmi» poemasi R. Parfi tarjimasida, Anna Axmatovaning «Marsiya»si G. Nurullayeva tarjimasida o‘qilmoqda.
Ibrohim G‘afurov tarjimasidagi Chingiz Aytmatovning «Kunda», Valentin Rasputinning «Yong‘in» asarlari, Emin Usmonov tarjimasidagi Ch. Amirejibi asarlari va boshqa so‘z ustalarining ko‘plab asarlari o‘zbek kitobxonining mulki bo‘lib qoldi.
«Yoshlik» jurnali o‘z atrofiga iste’dodli yoshlarni to‘play bildi, deb davom etdi ma’ruzachi. «Keksa» jurnallarimiz bo‘lmish «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka»da jonlanish yuz berdi. Faqat birgina o‘tgan yili «Sharq yulduzi» jurnalida beshta katta hajmdagi romanlar nashr etildi. «Yildiz» jurnali qrimtatar adabiyoti an’analarni asrash va rivojlantirish vazifasini sharaf bilan bajarmoqda. «Yosh kuch» jurnalida ko‘plab qiziqarli materiallar bosilmoqda. Natijada uning tiraji o‘smoqda. Bu jurnalning ruscha nusxasi «Moladaya smena» haqida bu fikrni aytib bo‘lmaydi. Aksincha, uning tiraji pasayib ketmoqda.
Adabiyot gazetamiz — «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» chinakamiga umumxalq e’tirofiga va ommaviylikka erishdi. Uning sahifalari yetilgan muammolar yuzasidan o‘tkir bahslar, qiziqarli adabiy munozaralar minbariga aylandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi, — deb so‘zida davom etdi notiq, — mustahkam internatsional oila. Bu yerda turli tillarda ijod qiluvchi turli xalqlar vakillari faoliyat ko‘rsatmoqda. Men yuqorida qardosh qoraqalpoq adabiyoti haqida gapirib o‘tdim. Qoraqalpoq do‘stlarimizga bir narsani — ko‘proq yaxshi publitsistlar tarbiyalashni istardim. Avtonom respublikadagi ijtimoiy va ekologik vaziyat shuni talab etadi. Rus adabiyoti Kengashi yetarli darajada ijodiy kuchlarga ega. Biroq, Kengash o‘sha kuchlardan har doim ham to‘la foydalanmayapti. Ular bizning umumiy og‘riqlarimiz va tashvishlarimizga ko‘proq e’tiborni jalb etishlarini istardim. Qrimtatar adabiyoti kengashi Shomil Alyadin, Jovtabeli, Javairiy, Cherkez Ali va boshqa keksa avlod tomonidan erishilgan mavqeni nainki asrab kelishmoqda, shuningdek, E. Amit, N. Umerov, A. Osmonov, U. Edemova, B. Mambet va boshqa munosib o‘rinbosarlar tarbiyalanmoqda. Kengashda qrimtatar adabiyotini targ‘ib etish bo‘yicha ko‘p ish qilinmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi qoshida shuningdek, uyg‘ur, tojik, koreys, buxor juhudlari adabiyoti sektsiyalari ishlab turibdi. Mazkur sektsiyalar aniq ish plani asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu adabiyotlarning dekadalari, kechalari, bayramlari o‘tkazildi.
Qayta qurish, Demokratiya, oshkoralik soyuzimiz hayotini yanada boyitdi va serqirralik kashf etdi, qanot bag‘ishladi. Biz ko‘p narsani tushundik, o‘rgandik va ko‘p narsalarga erishdik. Lekin, hali ko‘p narsalarni o‘rganish kerakka o‘xshaydi. Aavalo, ijtimoiy masalalarda ham, adabiyot masalalari bo‘yicha ham munozara, bahs madaniyatini o‘rganishimiz lozim. Adabiyotchilarga, ayniqsa, shoirlarga xos ortiqcha ehtiros, munozarali masalalarda bir tomonlama fikrlash; ishonchsiz yoki tekshirilmagan axborotlardan foydalanish bizning eng olijanob intilishlarimizni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin. Qiziqqonlikni og‘ir-bosiqlik bilan, baland ruhni mantiq bilan qo‘sha bilishga, keltirilayotgan asoslarning aniqligiga, bahs qilinadigan masala yuzasidan chuqur bilimga ega bo‘lishga o‘rganishimiz lozim. Ana shunday taqdirdagina yozuvchi so‘zi har qanday masala yuzasidan kerakli darajada tosh bosadigan bo‘ladi.
Ayni paytda respublika tabiatini himoya qilish harakatiga, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha olib boriladigan munozaralarga Krujilinga o‘xshash jurnalistlar va ayrim matbuot organlarida bo‘lganidek, allaqanday millatchilik tendentsiyasi sifatida qarash noto‘g‘ri. Shu narsa afsuslanarliki, Yozuvchilar soyuzi yuqoridagi muallifning o‘rinsiz fikrlariga uz vaqtida zarba berolmadi. Sof havo, toza suv uchun, xalq turmush farovonligini oshirish, bolalar sog‘ligi va kattalar baxti uchun kurash — O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat vakillarining vazifasi ekanligini tushunib yetish payti keldi.
O‘zbek adabiyoti dunyoni insonni tushunishda yangi badiiy cho‘qqilarga chiqmoqda. Bugun hayot, tarix, adabiyot sahnasiga yangi qahramon — faol grajdanlik harakatiga ega inson, qayta qurish jangchisi chiqmoqda, — o‘z nutqini tugatdi notiq. — O‘sha qahramonga qo‘yilayotgan ma’naviy talablar cho‘qqisida turish, balki, boshqa har qanday kasb vakillariga nisbatan ham ko‘proq yozuvchi uchun zarur.
Shundan keyin plenum qatnashchilari ma’ruza muhokamasiga kirishdilar. So‘zga chiqqan shoir Muhammad Ali ma’ruzachi ikki plenum oralig‘idagi muhim ijtimoiy voqealarga, adabiy jarayonning eng aktual muammolariga batafsil to‘xtalganini ta’kidladi. Soyuzimizda oshkoralik muhiti tarkib topmoqda, dedi u. Bu yerdagi bahslarda sekretariat faoliyati haqida gap ketdi. Menimcha, sekretariat yozuvchilarni turli tazyiqlardan, malomatlardan himoya qilishi kerak. Ma’ruzachi, jurnalist Krujilin haqida juda to‘g‘ri gapirdi. Afsuski, soyuz Yozuvchilarni o‘sha jurnalistning «hamlalaridan» o‘z vaqtida himoya qilmadi. Biz o‘z tariximizni hali yaxshi bilmaymiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan respublika qishloq xo‘jalik xodimlarining qurultoyida yozuvchi va jurnalistlar sha’niga nojoiz fikrlar bildirildi. Qurultoy qatnashchilaridan biri minbardan turib, yozuvchi yozuvchiligini qilsin, paxtakorga shuncha paxta ekasan deb o‘rgatmasin, bu ishga aralashmagan faqat bir ginekolog qoldi, dedi. O‘rtoqlar, o‘sha ginekolog paxta haqida yozishi kerak edi. Ayollarning og‘ir mehnat tufayli kamqon kasalligiga uchrayotganligi, bolalarning ahvoli yomon holatda ekani va bularning hammasi paxta monokulturasi tufayli ekanini yozishi kerak edi…
So‘zga chiqqan Aleksandr Faynberg o‘zbek tilining davlat tili huquqini olish masalasiga to‘xtalib, shunday qilinsa to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidladi. Ayni paytda u institutlarda, maktablarda, o‘zbek tilini o‘rganish uchun o‘qituvchilar tayyorlash, darsliklar nashr etish, bolalar bog‘chalarida, maktablarda boshqa tillar qatorida ingliz tilini ham o‘rgatish zarurligi haqida so‘zladi. O‘zbek kinematografiyasida xalq hayotini biladigan rejissyorlar kamligi, Toshkentda Abdulla Qahhor haykalini o‘rnatish zarurligini ta’kidladi.
So‘zga chiqqan Abdulla Sher qayta qurish, oshkoralik kechayotgan bir sharoitda ham ba’zan uzoq yillar mobaynida tarkib topib qolgan qoliplardan qutulolmayotganimiz haqida gapirdi. Haligacha hujjatlarning ustiga «o‘ta mahfiy» deb yozib qo‘yish davom etayotgani, milliy kadrlarni ko‘paytirish, ularga mustaqil ishlash uchun to‘la huquq berish, «nomenklatura» kishilari haqida, ayrim komissiyalarga faoliyatsiz kishilar a’zo bo‘lib qolishayotgani xususida gapirdi.
Adabiyotshunos olima Ninel Vladimirova Yozuvchilar soyuzining rus adabiyoti Kengashidagi «nosog‘lom vaziyat» to‘g‘risida shaxsiy mulohazalarini aytdi.
Biz siz bilan bir masalani hal etib olishimiz kerak, dedi yozuvchi Temur Po‘latov. Bizlar ziyolilarmiz. Ko‘pgina majlislarimizni bir-birimizdan qasd olishga yo‘naltirayapmiz. Ortiqcha ehtiroslarga berilmaylik. Men sizlarni oqil bo‘lishga chaqiraman.
Shundan keyin minbarga shoira Gulchehra Nurullayeva chiqdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan SSSR Oliy Sovetiga saylovlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarga to‘xtaldi. Ayrim o‘rtoqlar soyuz minbari mitingbozlikka aylanib ketyapti, deb ayb qo‘yishmoqda. Xo‘sh, Oroli qurigan, dalalari bog‘lari paxta yakkahokimligidan ezilgan yozuvchi bong urishi kerak emasmi? Toshkent shahar Sovetining mitinglar o‘tkazish haqidagi yaqinda chiqarilgan qarorini o‘qib, inson huquqlari haqidagi xalqaro deklaratsiyani esladim. Axir, qonuniy haq-huquqlarimizni qachongacha tilab olamiz..»
Bugun siz bilan muhim masalani muhokama etyapmiz, dedi so‘zga chiqqan O‘zbekiston SSR xalq yozuvchisi Sarvar Azimov. — Qayta qurish va adabiy jarayon masalasi o‘ta murakkab masala. O‘tgan yillardagi qilingan ishlarga baho bvrilyapti. Bu borada ma’ruza qilindi. Gaplarimiz ko‘proq ana shular haqida bo‘lishi kerak. Ijodiy planlarimiz xususida kelishib olaylik. Keyingi birnechta majlislarda qatnashdim: bir xil gaplar, bir xil odamlar. Yozuvchilar o‘ylovchi kishilar. Shuning uchun ham partiya siz bilan bizga maslahat solyapti. Hech kim kamchiligimiz yo‘q, deb aytayotgan emas, kamchiliklar bor. Biz ular haqida gapirar ekanmiz, bir-birimizning nafsoniyatimizga tegmasligimiz kerak. Hozir katta ishlar qiladigan payt.
Markaziy Komitetda bo‘lib o‘tgan uchrashua ziyolilar bilan boshqa tashkilotlar o‘rtasida hech qanday anglashilmovchiliklar yo‘qligini ko‘rsatdi. Agar bor bo‘lsa, tomonlarning biri to‘la axborotga ega emasligidan. Muzokarada so‘zga chiqqan professor Ozod Sharafiddinov shunday dedi: bugungi bahslardan ham ko‘rinib turibdiki, hammamizning ko‘nglimizda ko‘p gaplar to‘planib qolibdi. Bu gaplar nega qizg‘in tus olyapti? Chunki, anchadan buyon gaplashib ololmadik. Vaholanki, aytaylik, ekologiya masalasini bafurja gaplashib olishimiz mumkin edi. Qo‘shni respublikaning Semipalatinsk shahri yaqinida yadro sinovlari tez-tez o‘tkaziladi. Xo‘sh, o‘sha sinov paytida ajralib chiqqan radiatsiya yer tagidan qayerga ketadi? Shu paytgacha milliy masalaga bag‘ishlangan plenum o‘tkazilishi mumkin edi. Shunday qilinganda, bugungi gaplar o‘sha uchrashuvlarda aytilgan bo‘lardi. Zotan, aytilayotgan gaplar, qo‘yilayotgan masalalar yaxshi. Lekin, Markaziy Komitet bilan yozuvchilarni bir-biriga qarshi qo‘yish yaxshi emas. Axir, o‘rtoqlar, hamma masalalarni bir zumda hal qilib bo‘lmaydi. Masalan, men 3 million tonna paxta yetishtirish tarafdoriman. Ayrim kishilar paxtani kamaytirsak kambag‘allashamiz deyishmoqda. Aksincha, boyiymiz. Lekin, bu gaplar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, ular taklif. Taklif qilgan odamni ko‘kragidan itarish yaxshi emas. Shuning uchun ham aniq takliflar, masalalar yuzasidan tez-tez gaplashib turishimiz lozim.
O‘zbekiston SSR xalq yozuvchisi Turob To‘la o‘z so‘zida quyidagilarga to‘xtaldi: Ma’ruzachi adabiy jarayonni chuqur tahlil etgani qo‘rinib turibdi. Albatta, bitta ma’ruzada ko‘p narsani qamrab olib bo‘lmaydi. Yozuvchilar qayta qurishga yordam beryapti. Markaziy Komitetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yozuvchilar aytgan takliflar qizg‘in kutib olindi. Adabiyot gazetamizning, «Sharq yulduzi» jurnalining hajmini oshirish, «Yozuvchi» nashriyotini tashkil etish haqida takliflar aytildi, Ijodiy uyimizda muzey, yana bir yangi bino qurilishi mo‘ljallanmoqda. Oxirgi so‘zim shuki, oqsoqol yozuvchilarimizga nisbatan munosabatlarni yaxshi tomonga o‘zgartirish kerak.
Shoir Mirza Kenjaboyev ham o‘z so‘zida Markaziy Komitetda bo‘lib o‘tgan Yozuvchilar bilan uchrashuv samarali bo‘lganini ta’kidladi. Lekin, dehqonlar nomidan yozuvchilarni ularning ishiga aralashmasligini talab qiladigan kishilarning so‘zlariga qo‘shilib bo‘lmaydi, dedi u. Bahslar to‘xtatilmasligi kerak. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, respublikamizda to‘rt millionga yaqin kishi sariq kasali bilan og‘ridi. Kolxozchilar, paxtakorlar to‘yib go‘sht, meva-sabzavot yemaydi. Bularning hammasi paxta monokulturasi bilan bog‘liq. Bu gaplarni rais, brigadir, raykom sekretarlariga emas, avvalo bevosita paxta yetishtiradigan xalqqa aytish kerak. Bugun xalqimizning ahvoli ma’lum. Paxtadan kelishi mumkin bo‘lgan daromad asosan chetga chiqib ketyapti, Respublikaning o‘zida paxtani qayta ishlovchi sanoat korxoialari qurish kerak. Mavjud zavodlarda milliy kadrlarni ko‘paytirish lozim. Toshkent shahar Sovetining mitinglar o‘tkazish haqidagi qarori inson huquqlarini kamsitadi. Xalqimiz ko‘chaga chiqib ketadigan xalq emas. Ulug‘ Vatan urushi yillarida respublikamiz ko‘plab kishilarni qabul qilib oldi. Bu ko‘chish zarurat edi. Lekin, turg‘unlik yillarida yuz bergan ko‘chishlar (migratsiya) respublikamiz iqtisodiy, demografik ahvolini murakkablashtirdi. Rossiya va boshqa joylarda yuzlab qishloq huvillab qolgani holda, bizda ishsizlar ko‘paymoqda. Natijada, yerlik aholi boshqa respublikalarga ishga jo‘natilmoqda. Ko‘chib kelayotgan ayrim kishilar «hukmronlik kayfiyatida» bo‘ldilar. Ular yer sharoitlarini, odamlarning urf-odatlarini, tilini, psixologiyasini yaxshi bilishmaydi.
Aytilgan fikrlarga biron bir yangi gap qo‘shishim mushkul,— dedi so‘zga chiqqan O‘zbekiston SSR xalq shoiri Shukrullo. Ye. Yevtushenko o‘zining «Tarbiyasiz tarbiya» maqolasida «krepostnoy tuzum saqlanib kelmoqda» deb aytdi. Din masalasida og‘iz ocholmay qoluvdik. Ming rahmatki, Navro‘zimiz qaytdi. Bu masalalarni birinchi bo‘lib yoshlarimiz ko‘tarib chiqishdi. Yaqinda Tohir Qahhorning adabiyot gazvtasida bosilgan maqolasini o‘qib qoldim. Bilimli, zukko yoshlarimiz ko‘p. Yana bir gap shuki, yaqin-yaqinlargacha ham «O‘zbekistonda hamma paxtakor» deb jar soldik. Biz yozuvchilar endi paxtakor bo‘lmay qoldikmi? Qurultoyda, ana shu haqda birov og‘iz ochib gapirmadi.
Yozuvchi Mixail Grebenyuk Adabiyotchilar uyi yaxshi ishlamasligi, o‘zbek tilini o‘rganish uchun darsliklar yo‘qligi haqida gapirdi.
Shoir Raim Farhodiy ba’zan aytayotgan fikrlarimiz o‘z nuqtasiga tegmayotgani xususida to‘xtaldi.
Qoraqalpog‘iston ASSR xalq shoiri Ibroyim Yusupov qayta qurish adabiy jarayonga jon kiritganini ta’kidladi. Men Orolni saqlab qolishga ishonmayman, deb aytdi u. Chunki, Orolbo‘yi regionidagi ba’zi ishlar hali-hozircha quruq va’dadan nariga o‘tmayapti. Keyingi yillarda qoraqalpoq yozuvchilari soyuzdan ajralib qolayotgandek. Ular o‘z asarlarini chop ettirish uchun turli nashriyotlar, rvdaktsiyalar ostonalariga ko‘p marta bosh urishlariga to‘g‘ri kelyapti. Bironta ham qoraqalpoq yozuvchisi o‘zbek yozuvchilari dvlegatsiyasida chet elga chiqqani yo‘q. Nega Hamza Hakimzoda Niyoziyning 100 yillik yubileyini o‘tkazish komissiyasida bironta ham qoraqalpoq yozuvchisi yo‘q? Bu gaplarni xafa bo‘lganimizdan emas, kamoli zarurat tufayli aytmoqdaman.
Shundan keyin respublika Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi kotibi O. Yoqubov ma’ruza yuzasidan tushgai savollar, takliflarga munosabat bildirib shunday dedi: bu yerda aytilgan ko‘pgina fikrlarga qo‘shilaman. Rosti ham, bugungi plenumimizda sof adabiy masalalarga qaraganda hayot, turmush, ijtimoiy masalalar xususida ko‘proq gap bo‘ldi. Bu tabiiy. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Bunday holni nainki bizning soyuzimiz majlislarida, shuningdek, Moskva, Leningrad va boshqa joylardagi yozuvchilarning yig‘inlarida ham kuzatish mumkin. Chunki haqiqiy yozuvchi avaalo xalq hayoti, turmushi bilan yashaydi. Xalqning og‘riqlarini, umid-orzularini chuqur idrok eta bilgan adib uchun sof adabiy masalalar, nazariyalar ortidan quvishga xojat ham qolmaydi. Bugun ushbu plenumda yana bir narsani ham uqdik: hox xalq hayotini o‘rganishda bo‘lsin, xoh ijodkorlarni soyuzimiz atrofida jipslashtirishda bo‘lsin, hali kamchiliklar ko‘p. Biz albatta, ularni bartaraf etishga harakat qilamiz. Buning uchun hammamiz yakdil bo‘lishimiz, yetilgan masalalar yuzasidan qizishmasdan, ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan fikr aytishimiz kerak bo‘ladi. Toki, bugun xalq yozuvchi so‘ziga katta hurmat bilan qarayotgan ekan, bu hurmatni ko‘z qorachig‘idek asrashimiz lozim.
O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzining bo‘lib o‘tgan plenumi ko‘rilgan masalalar, munozarada qatnashgan o‘rtoqlarning fikr-mulohazalari, takliflari asosida tegishli qaror qabul qildi. Shu bilan plenum o‘z ishini tugatdi.
Yo. Xo‘jamberdiyev, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» maxsus muxbiri
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 21 aprel