Axloqsizlik oxirgi yillarda jamiyat boshiga tushgan bir falokat tusini oldi. Jamiyatimizda, ayniqsa yoshlar orasida kundankunga avj olayotgan axloqsizlikning oldi olinmasa, yomon oqibatlar kelib chiqishi va katta falokatlar yuz berishi muqarrar.
So‘nggi chorak asr davomida yoshlar orasida axloq me’yorlarining buzilish hollari tez-tez uchraydigan bo‘lib qoldi. Axloq mezonlariga zid har xil xatti-harakatlar, avvalo, yoshlarning qariyalarga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘la boshladi. Bu xildagi odobsizliklarni har qadamda uchratish mumkin. Xususan, shahar transportlarida bunday ahvol doimo uchrab turadi. Hammamizga ma’lumki, jumhuriyatimiz poytaxti transportlarida hammavaqt tiqilinch. Transportga tushgan qariyalarga ko‘pincha yoshlar joy bo‘shatib berishmaydi. O‘tirgan yosh yigit yoki qiz o‘ta axloqsiz bo‘lsa, ko‘zini lo‘q qilib o‘tiraveradi. Odobsiz, lekin ozgina bo‘lsa-da, uyati bori bahona qilib yo gazeta yoki kitobga tikilib o‘tiradi. Bechora qariyalar transport qo‘zg‘alganda yoki daf’atan to‘xtaganda yiqilib tushgudek bo‘lib, g‘oyat qiynalib manzilga yetib oladilar. Qariyalarga izzat-hurmat ko‘rsatmayotgan yoshlarning ko‘pchiligi studentlar — bo‘lajak mutaxassislar, ziyolilar. Bu, albatta, achinarli hol.
Avvallari axloq me’yorlarining yoshlar tomonidan ozgina bo‘lsa-da buzilish hollari yuz berganda katta yoshdagilar: «Endi unday qilmangiz, yaxshi emas, uyat bo‘ladi», deb xijolat chektirardilar va bu ko‘pincha ijobiy natija berardi. Yaxshi nasihatning samarador shakllari qadim zamonlardan beri ota-bobolarimizdan qimmatli meros bo‘lib qolgan.
Yoshlarimizning turlicha nojo‘ya xatti-harakatlarini ko‘rib, katta yoshdagilar ranjib, xafa bo‘ladilar. Lekin bu kabi tarbiyasizliklarga chek qo‘yish, ularning oldini olish to‘g‘risida o‘ylamaymiz. Vaholanki, yoshi ulg‘aygan kishilarga nisbatan hurmatsizlik qilayotgan yoshlarning axloqsizligini faqat jamoatchilik ta’siri bilangina tuzatish mumkin. Yoshlar o‘zlarining tamizu farosatlari bilan katta yoshdagilarni izzat-hurmat qilmasalar, ya’ni uparning axloqiy tushunchalar nima sababdandir bunga yetarli bo‘lmasa, ularga tushuntirmoq, nasihat qilmoq zarur. Bu jamoatchilikning vazifasidir. Fikrimizcha, bunday maslahatlarni ko‘pchilik yoshlarimiz to‘g‘ri tushunadilar. Modomiki, axloq me’yorlarini himoya qilish ustida gap borar ekan, nojo‘ya xatti-harakatlarni ko‘ra bila turib ko‘rmaslikka olish hollari axloqiy poklikka putur yetkazishini alohida ta’kidlamoq kerak. Yoshlarning tarbiyasiga e’tibor berish hamma katta yoshdagilarning mas’ul burchidir.
Tobora tarqalib borayotgan axloqsizlik va hayosizlikning shu darajada xunuk shakllari uchramoqdaki, ularga befarq qarashning o‘zi axloqiy poklik mezonlariga ziddir.
Axir, tramvay yoki avtobus bekatlarida erkak va ayollar, shu jumladan, qariyalar oldida bir yigit bir qizni bag‘riga bosib, quchoqlab o‘pib tursa, hayoli odam u yoqda tursin, hayosizni ham ranjitadi, atrofdagilar majbur bo‘lib teskari qaraydilar. Yoki xuddi shunday sharoitda kayfi bor bir qiz yigitning yelkasiga boshini qo‘ygan holda turganini yoki o‘tirganini ko‘rib hayron bo‘lasiz. Mamlakatimizda ichkilikbozlikka qarshi kurash olib borilayotgan bir davrda ko‘cha-ko‘yda qiz bolaning mast-alast holda yurishi sharmandalik-ku, axir! Bunday hollarda uyat, nomus, or, qizlarga xos iffat qayoqqa yo‘qoldi, deb achinadi kishi.
Yoshlarimiz nega bunchalik odobsiz bo‘lib qoldilar? Jamoatchilik nega kundan-kunga kuchayib ketayotgan axloqsizlikka befarq qarayapti? Pornografik va video filmlar ko‘rsatib, pul ishlayotgan muttahamlar bizda ham uchrayotgani ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Bundan ikki yil muqaddam shahar istirohat bog‘larining birida erkak bilan ayolning bir-birlari bilan quchoqlashib skameykada yotganini ko‘rganim hali-hali esimda. Bu xildagi yoshlar o‘rtasida qanday qilib haqqoniy muhabbat bo‘lishi mumkin. Ularda o‘tkinchi hirsiy hissiyot va bir zumlik lazzat olish xohishidan boshqa hech gap yo‘q, albatta. Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Tohir va Zuhrolardagi kabi chin muhabbat deb ataladigan va yurakning qa’rida joylashgan, yigitni ham, qizni ham butun ruhi va vujudini band qilib, hayotga sevinch va baxt bag‘ishlaydigan, ba’zan esa muddao ushalmagan hollarda qayg‘u-hasratlarga sababchi bo‘ladigan hissiyotlar bor-ku axir dunyoda! Rus va g‘arb klassik adabiyotini o‘qiganingizda ham erkaklar va ayollar o‘rtasidagi munosabatlar ana shunday samimiy muhabbatga xos his va tuyg‘ular bilan uyg‘unligi yaqqol ko‘rinib turadi.
Odatda, bir-birini chindan sevadigan yoshlar hatto quchoqlash, o‘pish u yoqda tursin, o‘z yurak sirlarini gapirib, sevgi izhor qilishga ham istihola qiladilar. Sevishganlarning qarindosh-urug‘lar, yoru birodarlar va do‘stlar ishtirokida to‘y-tomoshalar bilan qovushmoqlari, ahil bo‘lib shirin hayot kechirishlari, farzandlar ko‘rib, ularni voyaga yetkazish, uyli-joyli qilish, qolaversa, nabiralarni erkalash kabi hayotning shirin, kishiga rohat bag‘ishlaydigan tomonlari o‘sha chin muhabbat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan orzu-niyatning ushalishi, uning samarasidir.
Har yili ko‘plab yosh oilalarning ajralib ketish hollari yuz bermoqda. Oilaning ajralib ketishi faqat eru xotinning baxtsizligi emas, balki ularning ota-onalariga ham katta tashzishdir. Ba’zan esa oila buzilishi oqibatida yosh bolalar tirik yetim bo‘lib qolmoqdalar. Yosh oilalarning mustahkam bo‘lmayotgani, yoshlarning o‘zaro munosabatlarining o‘ta suyuqlashib ketgani ularning oilaviy hayotga yengiltaklik bilan yuzaki qarashlari tufaylidir. Yosh oilaning ajralish sababi bilan qiziqib ko‘rsangiz, ko‘pincha: «Xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi», degan javob olasiz. Bunday javob avvalo bu yosh er-xotin o‘rtasida hech qanday muhabbat alomatlari yo‘qligini ko‘rsatadi. Fikrimizcha, o‘sha «xarakter» deb ataladigan xususiyat bir-biriga mos bo‘lsa, ya’ni yigit va qiz bir-birini to‘g‘ri tushuna bilsagina o‘rtada muhabbat hissiyoti paydo bo‘lib, asta-sekin kamolatga yeta boradi. Keyin esa farzandlarning paydo bo‘lishi oilani mustahkam qila boradi.
Oila, bola-chaqa oldida javobgarlik sezish, ularga g‘amxo‘rlik qilish, ular oldidagi burchini bajarish faqat axloqli, insofli chin insonlarga xos fazilatdir. Ota-onaning boyligi, «xususiy mashinasi borligi» kabi narsalarning chin insoniy fazilatga hech qanday aloqasi yo‘qdir.
Bolalarning axloqiy tarbiyasi bog‘chalardan boshlanadi. Tarbiya ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan maktab o‘quvchilarida axloqiy tushuncha rivojlanib boshqalarga ibrat bo‘ladigan darajada odobning yuksak fazilatlari paydo bo‘la boshlaydi. Bog‘chalarda, ayniqsa, maktablarda yosh o‘smirlarni axloqli, insofli qilib, ota-onalarini, umuman, o‘zidan katta yoshdagilarni izzat-hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ularga programma doirasida bilim berishdan ham muhimroqdir. Chunki bironta fanning bir qismi kamroq o‘rgatilgan bo‘lsa, uning chalasini keyin to‘lg‘azish mumkin. Ammo yoshlar axloq me’yorlari talabiga javob beradigan darajada tarbiyalanmasalar, keyin uni tuzatib bo‘lmaydi.
O‘tgan yili Toshkentda buzuq ayollarni to‘plab, ularga tegishli sharoit yaratib, ko‘chada sayoq sanqib yurgan erkaklarga qo‘shmachilik qilishni kasb qilib olgan bir ayol ustida shov-shuv gap tarqaldi. U ayolni qamoqqa ham olishdi. Ko‘p o‘tmay u qamoqdan chiqarib yuborildi. Hoynahoy, u ayol o‘z kasbini kelgan joyidan davom ettirayotgan bo‘lsa ajab emas. Shaharda tarqalgan gaplarga qaraganda, u ayol bevosita jinoyat qilmagan emish. Men adliya xodimi emasman, ammo u ayolning qilmishi oqibatida qanchadan-qancha yosh qizlar buzilib, axloqsizlik ko‘chasiga kirganlari, jamiyatimizga qanchalik ma’naviy zarar yetgani jinoyat emasmi? Ehtimol, bunday juda zararli, kishilar nafratiga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlar jinoyat kodeksida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa kerak. Unday holda bunaqa axloqiy buzuqlarni jamoatchilik muhokamasiga tashlash kerak.
1988 yil dekabr oyida markaziy televideniyedan axloqiy buzilgan yoshlar haqida maxsus kinolavhalar ko‘rsatildi. Kishini hayratga soladigan manzaralarni ko‘rib, oilamizdagilar bilan o‘zaro fikr almashib, juda qattiq iztirob chekdik. Nahotki, hali ona suti og‘zidan ketmagan, balog‘atga yetmagan, endi 13—14 yoshga kirgan qizlar homilador bo‘lsalar yoki zaxm, so‘zak kasalliklariga yo‘liqsalar?!
Aholining, shu jumladan, yoshlarning tarbiyasi bilan hech kim shug‘ullanmayapti, desak insofdan bo‘lmaydi. Lekin odobsizlik, behayolik kamayishi o‘rniga, aksincha, ko‘payib bormoqda, bu yomon odatlarning yangi-yangi xillari namoyon bo‘lmoqda.
Yoshlar tarbiyasi masalasi juda murakkab va ko‘p qirralidir. Bu muammo jiddiy va uzluksiz shug‘ullanishni talab qiladi. Maktablarda, o‘quv yurtlarida va boshqa muassasa-tashkilotlarda shu vaqtgacha qilib kelingan tarbiyaviy ishlar talabga javob bermayapti. Bu hammamizga ma’lum. Demak, tarbiya ishlarining yangi usul-uslublari haqida o‘ylab ko‘rish vaqti keldi. Maktab va oila o‘rtasidagi aloqa mustahkam va doimiy bo‘lishi, ular bilan aniq masalalarni hal qilishlari maqsadga muvofiqdir. Bironta o‘quvchining noto‘g‘ri harakati haqida yaxshi niyat bilan axborot bergan o‘qituvchiga minnatdorchilik bildirish o‘rniga undan norozi bo‘lish hollari uchrab turadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: intizomsizlik qilgan yoki nojo‘ya xatti-harakatlar qila boshlagan bola haqida ota-onasiga qayg‘urib xabar qilgan o‘qituvchiga nojo‘ya so‘zlarni aytish bolaning yanada buzilishiga va oqibatda uning o‘qituvchiga ham, ota-onasiga ham bo‘yin egmaydigan bezori bo‘lishiga olib kelmaydimi?
Hamma mahallalarda ham o‘qimaydigan va ishlamaydigan, kechalari sanqib yuradigan, papiros, nasha chekib, ichkilik ichib, mast bo‘lib, aholi tinchligini buzadigan el bezorilari bor. Ana shu sayoq yuradigan yoshlarni ota-onalari yetarli nazorat qilmaydilar. Ko‘p o‘tmay u bolalar itoatsiz bo‘lib, ota-onalarining gaplariga quloq solmaydigan bo‘lib qoladilar. Bunday bolalarga mahalla faollari ham befarq qaraydilar. Natijada bu bolalar har qanday jinoyatdan qaytmaydilar. Bezorilik va o‘g‘irlikni kasb qilib oladilar.
Ikki yil ilgari Ko‘kcha dahasida shov-shuv tarqaldi. Ko‘kcha Oqtepasida yashaydigan bir bolaning sochi haddan tashqari o‘sib ketgan ekan. Bechora ona farzandining shunchalik ajinaga o‘xshash xunuk qiyofasiga kirganini ko‘rib, bir necha marta sochini sal kalta qilishini so‘ragan. Bola esa quloq solmagan. Nihoyat ona bolasi uxlab yotganida uning sochini qaychi bilan salgina kalta qilib qo‘ygan. Bola uyg‘onib to‘polon qilgan, onasini haqorat qilib urgan. Ikki haftada qaytadan o‘sib, o‘z xoliga keladigan sochi uchun bu oqpadar bezori o‘zini tug‘ib o‘stirgan, kechalari uxlamay, ko‘krak suti berib katta qilgan onasini o‘ziga o‘xshagan odam qiyofasidagi bir yirtqich hayvon o‘rtog‘i ikkalasi yotqizib, og‘ziga qaynoq suv quyib o‘ldirgan. Bu dahshatli voqea hammani larzaga keltirdi. Nahotki inson bolasi o‘z onasini o‘ldirsa!
Bunday voqeaning sodir bo‘lishi favqulodda voqea emas, albatta. U bola to‘satdan shu darajada vahshiy bo‘lib qolmagan. U sekin-asta buzila boshlagan. Mahalla-ko‘ydagilar bunga e’tibor berishmagan. Bechora ona esa, o‘z farzandi ustidan shikoyat qilib mahalla komitetiga chiqishni o‘ziga or bilgan. Oqibatda ana shu fojia yuz bergan.
1988 yilning yoz paytida O‘zbekiston televideniyesi bir fojia haqida kinolavhalar ko‘rsatdi. Bir ishchi oilasi. Katta o‘g‘il uylangan, uch nafar bolasi ham bor. Bu o‘g‘il ichkilik balosiga yo‘liqib, har kuni ichib kelib, o‘z ota-onasini, xotinini haqorat qilish va urishni odat qilib olgan. O‘z o‘g‘lidan kaltak yegan ota va onaning holatini ko‘z oldingizga keltiring. Bu ahvolning qay darajada og‘ir ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Kunlarning birida u oqpadar o‘g‘il yana ichib kelib otasini urayotganida ota-onani izzat-hurmat qilish o‘rniga ularni xo‘rlashiga va yosh boladek qilib urayotganiga ortiqcha chidash berolmagan kichik o‘g‘il o‘z akasini pichoqlab o‘ldiradi. Qarang-a, hayotda qanday voqealar yuz berishi mumkin. Ota bu fojiaga chidash berolmay qazo qiladi. Akasini o‘ldirgan qotil uka sud qilinayapti. Bechora onani ko‘z oldingizga keltiring-a. Nima bo‘lsa ham farzandi o‘lgan, eri qazo qilgan. Kichik o‘g‘il qotilligi uchun sud qilinayapti. Shaxsan o‘zim sudyaning savollariga javob berayotgan bechora onaning so‘zlarini eshitib, ko‘zlarimdan yosh oqa boshladi. Shunchalik og‘ir fojiaga sabab bo‘lgan o‘g‘li to‘g‘risida ona bir og‘iz yomon gapirmadi. Endi uni asosan sudlanayotgan kichik o‘g‘lining taqdiri xavotirlantirardi. Ona: «Bolalarimning otasi oilamizdagi bu og‘ir voqeaga chidash berolmay qazo qildilar», deb ko‘zyoshi to‘kardi. Sud hay’ati masalani odil hal qildi, qotil uka oqlandi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, ichkilikbozlik axloqsizlik bilan qo‘shilsa, qanday fojialarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu yigit birdaniga shu ahvolga tushmagan, albatta. Otaona mahalla faollariga chiqib, murojaat qilishga or etganlar. Mahalladagilar esa, bolaning kundan-kunga buzilib borayotganini ko‘rib, ko‘rmaslikka olishgan. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin.
Hali aytganimizdek, bolalar axloq me’yorlarining dastlabki kurtaklarini oilada va bog‘chalarda o‘rganadilar. Shuningdek, mahallako‘yda yoshlarni tarbiyalashda tushuntirish, nasihat qilish, yaxshi-yomon misollar keltirish, ijobiy namunalar misolida konkret maslahatlar berish kabi usullar yaxshi natija beradi. Ota-onalarning, murabbiyalarning, muallimlarning xulqi-atvori va xatti-harakati yoshlarning xulqi va ongiga juda katta ta’sir qiladi. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deb bekorga aytmagan-da xalqimiz.
Darhaqiqat, yoshlarni vijdonli, insofli, or-nomusli, sharm-hayoli qilib tarbiyalashda jamoatchilikning ta’sir kuchi juda kattadir. Yoshlar tarbiyasi shu kunning kechiktirib bo‘lmaydigan eng muhim vazifasidir.
Vali Majidov, professor, O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son