To‘lqin Hayit. Mitti yurakdagi katta jarohat (1990)

«Balo ko‘kdan yog‘ilur!» Bobolar bizdan ko‘ra aqlliroq, bizdan ko‘ra, donoroq ekanlar. Bugun ko‘k boshimizga tashvish solyapti.

Sariosiyolik do‘stim hali kun isimasdan burun, fevralning oxirlaridan tashqariga, torgina ayvonga chiqib olardi. Uncha-muncha sovuqni pisand-nazar qilmasdi.

— Yurtim tuniga to‘ymayman, — der edi u — Yulduzlari xayolimni oladi, Havosi-chi? Mazza!

Endi-chi?

Bir osmon ostida yashayotganlar, bir maqsad uchun kurashayotganlar, bir daryodan suv ichib, bir dasturxondan non-tuz tatiyotganlar go‘zal tunlarimizdan, shirin oromimizdan ayirishyapti bizni!

Do‘stimning rangi siniq. Qaddi ham dol.

— Belda quvvat yo‘q, jo‘ra! — deydi u hasratlanib. Kechalari derazani yopib uxlayman. Shunda ham ertalab tomog‘im achishadi, boshim zirqirab og‘riydi. Yurtni tashlab boshqa yoqqa ketgim yo‘q. Nima qilishga hayronman!

Bir u emas, otaxonlar ham hayron, onalar ham… Hayron bo‘lmagan kishi qolmadi, hisob!

Keksalar zorlangancha boshlarini chayqashadi:

— Nima qilib qo‘ydinglar, o‘g‘illarim! Hatto tupugimiz ham zaharga aylanayapti-ku, axir!

Bu qanday zamonki, «hamma narsa xalq farovonligi va manfaati uchun» bo‘lgan yurtning odamlari, hatto tupugini yutishga qiynalishsa! Bu qanday zamonki, bugun kommunizm davrida, to‘kin-sochinlik pallasida yashashi kerak bo‘lgan xalq, dodini kimga aytishni bilmay, zorlannb tursa! Qani, biz faxrlanadigan davrlar! Qani, bizga va’da qilingan ajoyib lahzalar! Hammaning fikri yodida — shu! Insonni aldashdan yomoni yo‘q! Ishonchini yo‘qotgan, yuragi xastalangan kishilarning boshi qotgan.

Haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘tgan yilning iyul oyida Sariosiyo va denovliklar Tojikiston SSRning Tursunzoda shahriga namoyish qilib borishmoqchi bo‘lishdi. Xalqqa to‘s-to‘polon, ur-yiqit kerak emas. Kishilar rahbarlarning gaplariga ishonishdi. Namoyish qoldirildi. Lekin o‘shandan buyon mana qancha suvlar oqdi, hamon natijadan darak yo‘q. Odamlarning tashvishlari kundan-kunga ortib boryapti.

Sariosiyo nohiyasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi V. P. Xomyakning O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining XIII plenumida so‘zlagan nutqidan olingan quyidagi parchaga e’tibor bering!

«Nohiyamizda va viloyatimizda mehnatkashlarni tahlikaga solib turgan Tojikiston alyumin zavodining zaharli, zararli moddalari… qishloq xo‘jaligi va odamlarning sog‘ligiga katta ziyon yetkazmoqda. Ana shunday zararli ta’sir zonasi kundan-kunga kengayib bormoqda. Odamlar buni sog‘liqlari yomonlashganidan sezib, bilib turibdilar. Biz hozirgacha ko‘rgan choralar, jumhuriyatimiz bergan yordam yetarli emas. Ittifoq hukumatining aralashuvi talab etiladi».

Nega hanuzgacha Ittifoq hukumatining aralashuvisiz tayinli bir ish qilolmaymiz? Nima uchun joylardagi murakkab va ziddiyatli, ayni paytda tashvishli muammolarni bartaraf etish mahalliy organlar ixtiyoriga berilmayapti? Yuqoriga ko‘z tikib ishlashimiz bizni uzoq yillar turli nog‘oralarda shunday o‘ynatdiki, oxir-oqibatda mana, jabrini chekib turibmiz. L. I. Brejnev chet elga keta turib, Toshkentda to‘xtasa, bu paxta yig‘im-terim davriga to‘g‘ri kelsa, albatta, uning sharafiga 50 yoki 100 ming tonnalik qo‘shimcha majburiyat olinar, shuncha paxtaning o‘zi bormi, bunga xalqning kuchi yetadimi yo‘qmi, bu haqda bosh qotirilmasdi. «Otaxon» ham «Bunaqa gapning keragi yo‘q, xalqni qiynamang», demasdi. Bundan xulosa shuki, bizda o‘sha yillari insofli rahbarning o‘zi bo‘lmagan ekan, bo‘lsa ham baland kursini ko‘zlagan noshudlarning soyasida qolgan ekan. Tursunzodadagi alyumin zavodi ham ana shunaqa noshud «peshvo»larning ijod mahsulidir. Har tomonni o‘ylaydigan, yetti o‘lchab bir kesadigan rahbar bo‘lganda zahar o‘chog‘i ming-ming yillardan buyon gullab-yashnab turgan vohada qurilmasdi. Uning ishga tushganiga hali o‘n besh yil bo‘lgani yo‘q, lekin allaqachon ko‘rsatadiganini ko‘rsatib qo‘ydi. Surxon vohasida ro‘y berayotgan ko‘ngilsizliklarning — boshsiz, qo‘l-oyoqsiz, chala-o‘lik tug‘ilayotgan bolalar sonining ortayotgani, kamqon ayollarning kundan-kunga ko‘payayotgani, o‘ttizga to‘lmagan yoshlar orasida astma kasalligiga chalinayotganlarning borligi, uyidan tuppa-tuzuk chiqib ketib, ko‘chada to‘satdan jon taslim qilayotganlarning uchrab turganligi — bularning bari — rost. Odamlar ham havodan, ham yerdan zaharlanyaptilar. Ayni paytda Sariosiyo nohiyasida sariq kasalligi avjiga chiqqan. Bundan besh-olti yil burun nohiya hududida bor-yo‘g‘i bitta sariq kasalxonasi bo‘lsa, hozirgi kunda bir necha shunday tibbiyot muassasasi bemorlarga xizmat ko‘rsatyapti. Qanchadan-qancha kishilar ish qobiliyatini yo‘qotishyapti, beli baquvvat yigitlar ayni elga, jamiyatga naflari, yordamlari tegadigan chog‘larida mayib, majruh bo‘lib qolyaptilar.

Sariqqa chalingan bitta bemorni davolash uchun davlatimiz yiliga 1400 so‘m sarflar ekan. Jumhuriyatimiz bo‘yicha shunday kasallikka chalinganlar uchun ajratilayotgan mablag‘ning miqdori 40 millionga yetibdi. Buning turgan bitgani zarar emasmi? Foyda bilan zarar bir bo‘lmayaptimikin?

«Sariosiyo haqiqati» nohiya gazetasining muxbiri S. Tojiddinov yozadi: «G‘affor ismli do‘stim bor edi. U hamma qatori yashashni, to‘rt nafar farzandini voyaga yetkazishni, ularni o‘qitib, el safiga ko‘shib, rohatini ko‘rishni orzu qilardi. Afsuski, uning bari orzulari o‘zi bilan tuproqqa ketdi.

Do‘stim qarindosh-urug‘lariga, yoru-do‘stlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga cho‘l yoki toqqa ko‘chishni vasiyat qilgandi».

To‘rt nafar farzandi, go‘daklari bilan aro yo‘lda qolgan ayolning ohi, nola-fig‘oni Hisor tog‘larini zir-zir titratmayaptimikin? Kelinchak ostonaga qadam qo‘yarkan, bir yostiqqa bosh qo‘yganim bilan qo‘sha-qariy, shirin turmushni, shirin lahzalarni, totli baxtlarni ko‘ray, deya orzu etadi. Biz esa ularni qon qaqshatayapmiz. Ayting-chi, bunga beparvo qarash mumkinmi?

«Bu qanday ofat? — deydi Ulug‘ Vatan urushi veterani. Qizil Yulduz ordeni kavaleri Abdukarim Sharipov. — Insonlar umri xazon bo‘layotir! Qachongacha bunga chidash mumkin. Ketamiz, toqqa ko‘chamiz».

Lekin hamma ham toqqa ko‘cholmaydi. Qadimdan ota-bobolarimiz shu yerda yashab kelishgan, ariqlar qazishib, dalalarga, adirlarga suv chiqarishgan, vohani obod etishgan. Nega endi, biz bu yerlarni cho‘lga aylantirib, tashlab ketishimiz kerak. Ko‘pchilikning, juda ko‘pchilikning fikri-o‘yi, bilgani ana shunday. Ammo ahvol chinakamiga tahlikali. Bolakaylarning qadlari past, tishlari barvaqt to‘kilib ketyapti. Sakkizinchi sinf o‘quvchisini ko‘rib, beshinchi sinfda o‘qisa kerak, deb o‘ylaysiz. Mendeleev nomli 45-o‘rta maktabda tekshirish o‘tkazishganda, faqat bir o‘quvchi sog‘lom chiqqan. «E, xayriyat-e, sog‘lomi ham bor ekan-ku!» degan o‘shanda bir kishi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, Bozor ismli bu o‘quvchi yaqindagina tog‘dan ko‘chib kelgan ekan. Bu fojia emasmi?

«Bo‘g‘inlar og‘rig‘ini har birimiz boshimizdan kechirayapmiz, — deb yozadi «Pravda» kolxozidan Mastura Xolmirzayeva. — Daladagi xotin-qizlar ikki-uch soat ishlab-ishlamay charchab, darmonsizlanib qolishmoqda. Nohiyadagi 13-maktab ximiya-biologiya fani o‘qituvchisi E. Izzatullayevning so‘zlari kishini tashvishga soladi:

— Dahshatli zararlardan biri — naslsizlikning vujudga kelishidir. — Anatomiya fani ta’limiga ko‘ra, bolalar 14-15 yoshlarda ulg‘ayib, nasl hujayralari tuxumi balog‘atga to‘la boshlaydi. Bu davrda bola organizmi uchun toza havo, yetarli shart-sharoit, to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlari kerak va zarurdir. Agar, ana shu talablarga rioya qilinmasa, buning ustiga ftor gazi atmosferani buzib tursa, iste’mol qilinadigan meva-chevalar tarkibida uning zahari ko‘p bo‘lsa, naslsizlikning ko‘payib borishiga sabab ortaveradi.

1987 yili Toshkent ilmiy-tekshirish institutidan kelgan bir guruh vrachlar chaqaloqlarning sochi, tirnog‘ida hamda ona qornida bo‘ladigan homila va yo‘ldoshida ftor moddasi normadagidan ortiq ekanligini aniqlashdi. Alyumin zavodi mo‘rilarilan chikayotgan zahar tufayli 1980 yilda Sariosiyo nohiyasidagi markaziy kasalxonada tug‘ilgan bolalarning 11 nafari majruh bo‘lsa, o‘tgan yilning olti oyida bu raqam o‘ttizdan oshib ketdi. Ularning 15 nafari o‘lik tug‘ildi. Ona qornidayoq sepsis, qattiq shamollash kabi kasalliklarga chalingan bolalar, 1980 yilda 549 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 1989 yilning olti oyida ularning soni 446 nafarga yetdi. 1986 yildan boshlab chala tug‘ilayotganlar ko‘paydi. 1989 yilning birinchi yarmida 134 nafar ana shunday bola dunyoga keldi. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan dard, iztirob emasmi?

Shuncha gap-so‘zlarga qaramasdan, o‘tgan yilning may oyidan boshlab, normadagidan bir necha barobar ortiq zaharli gaz havoga qo‘yib yuborildi. Xalq ozor chekdi.

Xuddi shunday kunlarda zavod peshvosi haqiqiy ahvolni bila turib, eldan kechirim so‘rash o‘rniga, quyosh yuziga parda qoplab, sirini yopmoqchi bo‘ldi. Lekin bu parda chirigan ipdan to‘qilgandi. Haqiqat shamoli esgach, u bir lahzada chok-chokidan so‘kilib ketdi. Maqola Sariosiyo nohiya gazetasida bosilgan zahoti norozilik xatlari yog‘ilib kela boshladi. Avval ham shunga o‘xshash va’dalar berilgan, bundan xalq ancha quvongan edi. Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Zavodning zararli ta’siri jinday kamaydi, xolos. Yana o‘sha, eski hamom eski tosligicha qolaverdi. Endi xalq «zavod ta’sirini kamaytiramiz» degan va’dalarga ishonmaydi. Shuning uchun ham alyuminiy zavod direktori M. Sinanining maqolasi ko‘pchilikka haqoratday og‘ir botdi.

Keling, o‘sha maqolaning ayrim o‘rinlari haqida fikr yuritaylik.

M. Sinani yozadi: «…o‘tgan yili Tursunzoda shahri atrofida ftorli vodorod kontsentratsiyasi har kub metr havoda 0,004 milligrammni tashkil etdi».

Birinchidan, nega endi bu yil emas, «o‘tgan yili»? Nima, bir yilning orasida hech qanaqa farq yo‘qmi? Ikkinchidan, gap Sariosiyo va Denov, umuman olganda, Surxon vohasi to‘g‘risida borayapti! Nega endi, Tursunzoda shahri atrofidagi vaziyat haqida so‘z yuritish kerak. Bu bema’nilikdan boshqa narsa emas. Nega, deysizmi? Chunki zavodning osmono‘par mo‘rilaridan chiqayotgan zaharli gaz Tursunzoda shahri atrofiga emas, aynan Sariosiyo va Denov nohiyalari ustiga qora quyunday yopiriladi.

Davom etamiz. Maqolada yana shunday so‘zlar bor: «Zavod territoriyasi va uning atrofida 57 turdagi daraxt tu va 200 xil gul ko‘chatlari hech zararsiz rivojlanmoqda». Aytishlaricha, bu gapni o‘qigan sariosiyolik sakkiz yashar bolakay avval kulibdi-da, keyin alam bilan so‘kinibdi. Qarang-a, o‘rtoq direktor, siz hatto o‘shani ham alday olmabsiz. Yana siz «zavod va unga yaqin territoriyalarda (besh kilometrgacha bo‘lgan masofada) olma, olcha, behi, gilos, xurmo, anor, qaroli, anjir kabi mevalar daraxtlar yaxshi o‘sayotir» deya og‘iz ko‘pirtirgansiz. Shunday desam, «qo‘y» xalq zavod va unga yaqin yerlarda o‘simliklar yaxshi rivojlanayotgan ekan, tashvishga hech hojat yo‘q, deb o‘ylaydi degan xom xayolga borgansiz. Bu xalqni endi laqillatish qiyin. Siz aybingizni yashirishdan nariga o‘tmasangiz, mahalliy peshvolar bizning kuchimiz yetmaydi, degan quruq gapdan boshqani bilishmasa, ertaga xalq orasidan o‘t chiqib ketsa, yana o‘zbek xalqi yomon otliq bo‘lib qolaverdimi? Menimcha, yo‘q! Odamlar aytashyapti: «Endi bunaqasi ketmaydi!» Xalqning boshi ochiq emas. Siz kabilardan to‘g‘ri gap chiqmasa, najot va biror naf bo‘lmasa, kursisini yaxshi ko‘rganlar uni himoya etolmasa, el orasida «boshi butunlari» qarab turmas.

Maqolani bitayotganda, ishonch bilan aytamanki, quyidagn xulosalardan albatta, sizning xabaringiz bor edi.

Mana o‘sha xulosalar.

O‘ZBEKISTON SSR SOG‘LIQNI SAQLASh MINISTRLIGINING REDAKSIYaMIZGA YO‘LLAGAN XATIDAN:

«Tojikiston SSRning Tursunzoda shahridagi alyumin zavodi mo‘rilaridan chiqayotgan zaharli ftor gazi cho‘kmasi Sariosiyo nohiyasida barcha kasallik turlarining paydo bo‘lishiga va kupayishiga sababchi bo‘lyapti».

E’tibor bering-a, barcha kasallik turlari paydo bo‘lyapti va ko‘payyapti. Shunday ketaversa, 50 yildan keyin nima bo‘ladi?! Kelajakni majruh kishilar qo‘liga topshiramizmi? Ular bizga la’natlar o‘kishmaydimi o‘shanda?

O‘ZBEKISTON SSR QIShLOQ XO‘JALIK RESPUBLIKA DAVLAT-KOOPERATIV KOMITETI:

«Haqiqatan ham, zavod mo‘rilaridan chiqayotgan gazlar atrof-muhitga katta zarar yetkazmoqda. Kundan-kunga ekin-tikinlarning, serhosil daraxtlarning, tsitrus o‘simliklarning hosildorligi keskin kamaymoqda. Kishilar o‘rtasida, uy va chorva hayvonlarida ko‘pgina kasalliklarning paydo bo‘layotgani ko‘zga tashlanyapti».

Bu xulosalar osmondan olib bitilgani yo‘q. Har ikkala ministrlik ham olimlarimiz-u vrachlarning uzoq tekshiruv va kuzatuvlaridan so‘ng ana shularni qog‘ozga tushirishgan.

Sariosiyo nohiyasidan kelayotgan xabarlar ancha tashvishli. Gap-so‘zlarga, mish-mishlarga beparvo qarab bo‘lmaydi. Surxon vohasi orqali zavodga xom ashyo olib o‘tiladi. Alyumin moddasini eritish uchun aslida elektr quvvatidan foydalanish kerak. Ammo buning o‘rniga giltuproq ishlatilyapti. Foyda ketidan quvish esa elning belini sindirmoqda. Pichoq suyakka yetgan. Yig‘ilishlarda, uchrashuvlarda: «Temir yo‘l izlarini kesib tashlaymiz, zavodga xom ashyo o‘tkazmaymiz», degan xitoblar yangray boshlaganiga ancha bo‘ldi. Xalq misoli daryo, toshsa, uni to‘xtatish qiyin. Lekin kishilarimiz yurtning, elning yomon otliq bo‘lishini istamaydilar. Ular hukumatga ishonch bilan qarayaptilar. Bu ishonch, albatta, oqlanishi kerak.

— Sariosiyo va Denov — jumhuriyatimiz durdonasi, subtropik nohiyalari hisoblanadi. Bu durdonaning tanazzulga yuz tutishini istamaymi? Biz odamlar sog‘lig‘ini har narsadan ustun qo‘yamiz. Xalq zavodning yopilishini talab qilyapti. Biz bu talabni qo‘llab-quvvatlaymiz, — deydi Surxondaryo viloyati partiya ko‘mitasining birinchi kotibi X. Berdiyev.

«Kolxozimiz ahlining talabi bitta: zavod yopilsin. Bizga toza havo kerak. M. Nusratov».

«Zavodni yopish yoki uni boshqa mahsulot ishlab chiqaradigan korxonaga aylantirish kerak. O‘shanda ekologiyamiz ham yaxshilanadi, odamlar ham ishsiz qolishmaydi. A. Hakimov».

Xalq talabi ana shunday. Bitta zavod ming-ming bolalar sog‘ligidan, onalar mehridan, qizlar go‘zalligidan, otalar qudratidan, xalq manfaatidan ustun turmasligi kerak. Zahar uchog‘i yopilmas ekan, norozilik kuchayib boraveradi, ziddiyatlar ko‘payaveradi.

Ftor gazi normadagidan ortiq bo‘lsa, zavodni ishlatmaslik, vaqtincha bo‘lsa-da, to‘xtatib qo‘yish lozim. Ammo sovuq mo‘rilardan chiqayotgan zaharli gaz 700 mingdan ortiq aholi yashayotgan voha uzra xavf solib turibdi. Mutaxassislarning fikricha, har yili shu gazdan 480 tonna tarqalsa, yaqin yillarda 32 kilometrgacha bo‘lgan masofada birorta ham giyoh o‘smaydi va ularning turlari butunlay yo‘q bo‘lib ketadi!

Sariosiyoda 3-sinf o‘chuvchisi chizgan suratga ko‘zim tushdi. 10 yashar bolaning zukkoligi kishini lol qoldiradi. Rasmda sochi kesilgan qiz aks ettirilgan. Ikki yonida bir juft o‘ram soch. Qizchaning aytishicha, o‘ram sochlar Amudaryo bilan Sirdaryo emish.

— Insonning ko‘zi ham sariq bo‘larkanmi? — deymiz uning fikrini bilish uchun.

U biyron, lekin so‘nik ohangda deydi:

— Uning qoni buzilgan!

Qizchani yana savolga tutamiz:

— Badanlari nega ilma-teshik?

— Bu kimyoviy o‘g‘itlardan. O‘qituvchimiz har gektar yerimizga 67 kilogrammdan o‘g‘it to‘g‘ri keladi, degandilar.

— Qizning yuragi osti nima uchun qoraga bo‘yalgan?

— Bu, qora — Sariosiyo! — Qizchaning ko‘zlari pirpiraydi. Shu yerdan infarkt boshlanyapti. Dalam shunaqa deydilar.

Qizchaning g‘amgin boqishlari ko‘z oldimdan nari ketmaydi. Mitti yurakda katta jarohat. Ayni o‘ynab-kuladigan davrida u ozor chekyapti. Ertangi hayoti qanday kecharkin? Uni shunday afgor holatda mustaqil hayotga eltish mumkinmi? Meningcha, yo‘ch. Kelajak egalarining qalbida jarohat bo‘lmasligi lozim. Ularning osmoni ham musaffo bo‘lishi kerak. Bu gal ana shu yaxshi niyat bilan qo‘limga qalam oldim. Yana biroz sabr qilsak, kutsak, o‘ylaymizki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Chunki mutasaddilar uchun faqat bitta yo‘l qolgan: zahar o‘chog‘i, albatta, yopilishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishi kerak.

To‘lqin Hayit, Surxondaryo.

SO‘NGGI SO‘Z O‘RNIDA: ikki-uch yil ichida gazetamiz sahifalarida Tursunzoda alyumin zavodining atrof-muhitga, aholi sog‘lig‘iga yetkazayotgan zarari to‘g‘risida qator tanqidiy maqolalar e’lon qilindi. O‘zTAG muxbiri Yu. Bondarenkoning «Surxon ustidagi soyalar», shoir Sirojiddin Saidovning «Sariosiyo osmonlari» va T. Hayitning «Dashnobod tashvishlari» maqolalari shular jumlasidandir.

O‘tgan yildan boshlab markaziy matbuotda, televideniyeda ham bu to‘g‘rida jiddiy tanqidiy chiqishlar bo‘ldi. Shuning o‘zi ham Surxon vohasi kishilarining tashvishi kundan-kunga ortayotganini ko‘rsatib turibdi. TASS muxbiri S. Morozovning SSSR Tabiatni muhofaza qilish Davlat komiteti bosh nazorat taftish boshqarmasi boshlig‘i V. Ye. Ziberov bilan qilgan suhbatida ham («Yosh leninchi», 1990 yil, 5 yanvar) bu tashvishlar o‘z aksini topgan. Unda bildirilgan quyidagi fikrlar biz tilga olgan faktlarni tasdiqlaydi. E’tibor bering: «…1989 yilning iyun-avgust oylarida zavodga giltuproq yetarlicha yetkazib berilmasligi oqibatida texnologiya buzildi va havoga ftorli birikmalar ko‘plab chiqib ketdi».

V. V. Ziberov bularni osmondan olib gapirayotgan bo‘lmasa kerak.

«…biz quyidagilarni aniqladik, — deydi u. — Sariosiyo nohiyasida bolalarning kasallikka chalinishi 2,8 baravar ko‘paydi, kattalar orasida esa kasalga chalinish 2.2 baravar ortgan. Odam a’zoyi badanining kasalliklariga bardosh berishi susaydi, go‘daklarning sut tishi chirishi kasalligi ikki marta va yeengil flyuraza kasalligiga chalinish 8.8 baravar ko‘paydi».

«Pravda» gazetasida (9 yanvar) bosilgan «Tashvishli uydirmalar kerakmas» maqolasnni o‘qiganlar taajjubga tushishdi. Chunkn bu bir yoqamalikdan boshqa narsa emas. Qolaversa, unda surxondaryoliklarning nafsoniyatiga tegadigan o‘rinlar borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kasalliklarning ko‘payishiga Sariosiyo nohiyasidagi yashash shart-sharoitlarining past darajada ekanligi, oilani tartibga solishda odamlarning uquvi yetmayotganligi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan. Lekin Tursunzoda shahrining o‘ziga ham jiddiy zarar yetkazayotganligi ayni haqiqat-ku. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun V. Ye. Ziberovning quyidagi so‘zlarini keltiramiz: «Tursunzoda nohiyasida bolalarning kasallikka chalinishi 12 foiz, nafas yo‘llarining kasallanishi 1.4 baravar ko‘paydi, tug‘ma majruhlik 9 baravar ortdi».

Endi nima bo‘ladi? O‘n minglab surxondaryoliklarning chekayotgan oh-vohlari, nahotki, yolg‘on bo‘lsa?!

«Yosh leninchi» bu mavzuni o‘z nazoratiga oladi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1990 yil, 13 yanvar