Til haqidagi mulohazalarimga sarlavhani bejiz yuqoridagicha qo‘ymadim. Rosti gap, ikkitillilik haqida hammamiz — yozuvchilar ham, davlat arboblari ham, tarbiyachilar, muxbirlar va shunchaki oddiy fuqarolar ham ko‘p gapiramiz, ammo hech kim bu borada aniq tasavvurga ega emas. Amaldagi ikkitillilik nima o‘zi? Hali biror-bir tilshunos olimimiz bu muammoga astoydil qo‘l urganicha yo‘q. Bu mavzuda bironta jo‘yali ilmiy ish ham yo‘q, borlari ham «Ikkitillilik — xalqlar do‘stligi yo‘lidir!» qabilidagi shiorbop, tashviqotbop ishlar. To‘g‘ri, bular ham kerakdir. Ammo ishontirarli ilmiy tadqiqotlar ham zarur-da. Jazoir, Marokash, Hindiston, Finlandiya kabi «ikkitilli» mamlakatlarda nazariyotdan allaqachon amaliyotga o‘tganlar. Tasodif emas, bizning tilchilarimiz adabiy ikkitillilik haqida mulohaza yuritayotib, xorijiy adabiyotlar tajribasiga murojaat qiladilar, o‘zimizning xususiy milliy muammolarimizga panja orasidan qaraydilar. Eqtimol, shuning uchui birorta amaliyotchi yozuvchimiz ham ikkitillilik jumboqlarini yechishga urinmadi, hatto Ch. Aytmatov kabi nufuzli kishi ham SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining plenumida ikkitillilikni qo‘llab-quvvatladi-yu, uning o‘zi nima ekanini tuzukroq tushuntira olmadi, kalavani battar chuvalashtirib yubordi.
O‘tgan yilning dekabr oyida respublika televideniyesi orqali chiqish qilganda, men shu muammoni anglab ko‘rishga harakat qildim, muammo rostdan ham murakkab va ko‘pqirrali bo‘lgani uchui uning bir qirrasi — kundalik turmushdagi tomonini oldim. Bu, aytaylik, fikr yuritishga ham qulay tomoni. Bu — ish yuritishning ikki tilda — o‘zbekcha va ruscha olib borilishi zarurligi, majlis va yig‘inlarda izchil tarjima qilib turish, shahar, ko‘cha va maydonlar, qishloqlar va hokazolar nomlanishiii tartibga solish ehtiyojidir. Busiz hech qaysi ko‘pmillatli jamiyat mo‘tadil kun kechira olmaydi.
Ammo bu hali yetarli emas, bu ikkitillilik muammosining bir qirrasi, respublika davlat mahkamalarining tashkiliy qobiliyati va harakati bilan yechiladigan tomoni, xolos.
Hayotiy ikkitillilik muammosi — faqat mahkamachilik muammosi emas, bu ma’naviyat, madaniyatga ham bog‘liq, uni bezak-bejashlarni o‘zgartirish bilangina yechib bo‘lmaydi.
Til muammosi — bu millatning ma’naviy sog‘lig‘i masalasidir. Bizda bir talay turli-tuman qonunlar mavjud, hatto mahkamachilikning himoyasiga xizmat qiladigan pasport va propiska haqidagi qonun kabilari ham bor, ammo eng zaruri — til haqidagi qonun yo‘q. Muloqaza yurita borib, men respublikaning davlat tili qilib o‘zbek va rus tilini qonunlashtirishni taklif qildim, shu jumladan, O‘zbekistondagi boshqa harakatdagi tillarning ham teng huquqli qo‘llanishiga sharoit yaratishni nazarda tutdim. Go‘yoki murakkab muammoni shu bilan yechganday, ma’naviy hayotimiz va idoraviy faoliyatning erkin rivojiga asos topganday edim.
Ammo yuqoridagi fikrim shoshib chiqarilganini angladim. Axir, bu bilan biz respublikamizdagi tilga bog‘liq ahvolni battar chuvalashtirib qo‘ymaymizmi? U holda qoraqalpoqlar nima qiladi? Avtonom respublikaning davlat tili sifatida qoraqalpoq va rus tiliii e’lon qilish kerakdir? O‘zbek tili-chi? Ehtimol, Qoraqalpog‘iston ASSR O‘zbekiston SSR tarkibiga kirgani uchun qoraqalpoqcha va o‘zbekchani davlat tili etarmiz? Rus tili-chi? Yoxud avtonom respublikada uch asosiy tilni — qoraqalpoq, o‘zbek va rus tillarini davlat tili deb tanishimiz lozimdir? Bu millatlararo munosabatlarni, madaniyat va mahkamachilik faoliyatini yanada murakkablashtirib yubormaydimi?
Menga shunday tuyuladiki, real ikkitillilik, ko‘pmilliylik sharoitida bir til ikkinchi tilga teng bo‘lish uchun boshqa tilning xizmatiga taqlid qilishi shart emas. Tenglik raqamlarda — deylik, ellikka ellik qilib — qurilmaydi. Biz, o‘zbeklar uchun ona tilimizni yo‘qotish o‘ta fojiadir — axir, biz tilni o‘z milliy muhitimizda yo‘qotayotib, uning boshqa hech qayerda, O‘zbekistondan tashqarida tirilmasligini bilamiz-ku.
O‘zbekistonda yashayotgan ruslarning sezgisi boshqacharoq kechadi. Ehtimol, u yoki bu mahalliy rus yozuvchisi asari tilining qashshoqligi uning g‘ashini keltirar, ammo u uning ona tili Rossiyada to‘laqonli harakat qilayotganini biladi.
Rossiyadagi klassik va hozirgi zamon rus adabiyoti Rossiyadan tashqarida yashovchi ruslarni ham ma’naviy oziqlantirib turadi. Shuning uchun bizning rus do‘stlarimiz o‘z tillarining o‘zbek tili bilan tengligini, avvalo, uning ishchi funktsiyasida — ishlab chiqarish, ilmiy, pedagogik va boshqa sohalardagi mavqeida ko‘radilar.
Shunga ko‘ra, u yoxud bu tilning mavqei birinchi galda mahalliy va muhojir aholining milliy, tarixiy va madaniy o‘ziga xosligi va jamiyatdagi hozirgi siyosiy va iqtisodiy ahvoli bilan belgilanadi.
Shuning uchun, O‘zbekiston SSRning kelgusi til haqidagi qonunida o‘zbek tili respublikaga nom bergan mahalliy aholi tili sifatida davlat tili deb e’lon qilinishi kerak.
Rus tili esa qonuniy tarzda nafaqat millatlararo aloqa vositasi sifatida — bu bizning ko‘pmillatli davlatimizda o‘z-o‘zidan ayon — balki o‘zbek tili bilan birga ish yuritish tili, deb belgilanishi kerak. Bu nafaqat rus tilli aholi, balki respublikada yashayotgan boshqa xalqlar uchun ham lozim. Til haqida qonunda, tabiiyki, O‘zbekistondagi hamma xalqlar tillariniig erkin rivoji va qo‘llanishi huquqi ham aytilgan bo‘lishi zarur.
Mening milliy — rus ikkitilliligi kabi murakkab muammoning ba’zi yo‘nalishlari haqidagi mulohazalarim shunday. Balki, bu fikrlar bahstalabdir..
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 21 aprel