Hozirgi o‘lchov birliklari qabul qilinmasdan oldin Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda xilma-xil o‘lchov birliklari bo‘lganki, quyida keltirilgan atamalar bularning bir qismi, xolos. «Bir piyola choy ichimi», «bir go‘sht pishimi», «bir choy qaynami», «bir sut pishimi» (vaqt o‘tdi), «bir tegirmon suv», «bir siqim», «bir hovuch», «bir kosa», «bir tutam», «arqon bo‘yi», «bir yumaloq» (choy) kabi so‘zlar yaqin vaqtlargacha ham muomalada bo‘lgan. Ruslar 50 g choyni os’mushka (qadoqning sakkizdan biri) deyishgan, bu so‘z O‘rta Osiyoning bir qancha joylarida «ashmishka» deb yuritilgan. Jussasi kichik odamlarga nisbatan «ashmishka» degan laqab ham ishlatilgan.
Mamlakatimizda hozirgi o‘lchov birliklari 1918 yilda joriy qilingan. 1927 yildan e’tiboran boshqa har qanday o‘lchov birliklaridan foydalanish butunlay man etilgan. Shundan so‘ng uzunlik uchun metr, og‘irlik uchun kilogramm, hajm uchun kubometr, suyuqlik uchun litr, vaqt uchun sekund va ularning hosilalari qabul qilindi.
Shunga qaramasdan yozma adabiyotda va xalq orasida botmon, misqol, tosh, olchin, gaz, qari, tanob, chaksa kabi o‘lchov birliklari hamon tilga olinadi.
O‘rta Osiyodagi qadimiy o‘lchov birliklari haqida bir qancha tarixchilar, sharqshunoslar, etnograflar, tilshunoslar so‘z yuritganlar. Bu maqola ana shu mutaxassislarning fikrlari asosida yozildi.
Og‘irlik (vazn) o‘lchovlari
Botmon-mann — Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida, jumladan, O‘rta Osiyoda ishlatilib kelingan og‘irlik o‘lchovi. Yozma adabiyotda mann, xalq og‘zida ko‘proq botmon deb yuritilgan. Turli joyda turlicha vaznni bildirgan; XIX asrda Xorazmda 20,16-40,95 kilogrammga, Buxoro va Samarqandda, asosan, 8 pud (131 kg)ga, Farg‘ona vodiysida 8 — 10 pud (131 — 163 kg)ga, Toshkentda 10,5 pud (171,9 kg)ga teng bo‘lgan. Ayni vaqtda botmon maydon o‘lchovi ham hisoblangan: bir botmon urug‘ (bug‘doy) ketadigan joy «bir botmon yer» deb atalgan.
Botmon so‘zi yozma adabiyotda dastlab Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asarida qayd qilingan. Bir qancha olimlar botmon turkiy «botmoq» (botib ketmoq, cho‘kmoq) va arabcha «mann» so‘zlaridan kelib chiqqan deb hisoblaydilar.
Daxsari (daxsar-daxser) — bu o‘lchov birligi O‘rta Osiyo shaharlarida, jumladan, Samarqand va Buxoroda manning (botmonning) chorak qismiga teng bo‘lgan.
Dirham — qadimgi Yunonistondagi kumush pul birligi — draxma (4,25-4,33 g) so‘zining arabcha talaffuzidir. Buxoroda 3,36 — 3,5 g, Xorazmda 3,185 g hisoblangan.
Yo‘xcha (yuxcha) — XIX asrda Toshkentda chorakning 1/4 qismi (671,8 g)ga, Xo‘jand atroflarida 4 kilogrammga, Buxoroda 2 nimchaga baravar edi.
Misqol — 4 grammdan 5 grammgacha bo‘lgan vaznni bildirgan. O‘rta Osiyoga arablardan o‘tgan; arablar esa uni rumliklardan qabul qilganlar. Samarqandda 4,46 g, Xorazmda 4,53 — 4,55 g. Buxoroda 4,8 — 5,0 g bir misqol hisoblangan. Farg‘ona vodiysida bir misqol 4,55 g, XIX asrda esa 100 dona arpa vazniga teng bo‘lgan.
Nimxurd (nimcha) — Buxoro amirligining ko‘pgina mavzelarida ishlatilgan. Pudning o‘n oltidan biri, ya’ni bir kilogrammdan sal ortiq og‘irlik o‘lchovi (1,024 kg). Nimxurdning yarmi (512 g) yatimak (yoki yetmak), yatimakning yarmi (256 g) yasirak (esirak), yasirakning yarmi (128 g) g‘aribak deb yuritilgan.
Bu o‘lchov birliklari tojikcha va o‘zbekcha so‘zlardan iborat bo‘lib, nim — yarim, xurd — kichik, yatimak — yetmak — yetim (bola), yasirak — yesirak — yesir, beva (xotin), g‘aribak esa g‘arib (kishi) so‘zlaridan olingan.
Paysa — Farg‘ona vodiysida keng ishlatilgan. XIX asrda Xo‘jand, Namangan, Qo‘qon atroflarida bir paysa 25,6 g, ba’zi joylarda 23 g, yana bir xil joylarda 31,85 g, Toshkentda esa 33,3 grammga baravar bo‘lgan.
Ser (sir) — Movarounnahrda keng tarqalgan o‘lchov birliklaridan. Hamma joyda botmon (mann)ning 1 /40 qismiga teng hisoblangan.
Chaksa — Farg‘ona vodiysida keng qo‘llanilgan. Xo‘jand atrofida 2,5 qadoq, ya’ni 1,024 kg, Namanganda 5,3 kg, Qo‘qonda 4,6 kg yoki 5,1 kg bir chaksa hisoblangan. «Chumchuq semirsa, chaksa bo‘lmas» degan matal bor.
Choryak — chorak (chayrak). Biron narsaning 1/4 qismi degan ma’noni anglatgan. Samarqand-Buxoro tomonlarda bir pudning 1/4 qismi — 4,1088 kg — bir chorak yoki katta chorak deyilgan, kichik chorak esa 2 kg chamasida bo‘lgan.
Qirot-qarat — bu so‘z asli yunonchadir. Arablarga qirot, italyanlarga karato, ruslarga karat shaklida o‘tgan. Odatda javohirlar, jumladan, olmos qirot-karat bilan o‘lchangan. Xalqaro kelishuvga ko‘ra, bir karat 200 mg (bir grammning beshdan biriga)ga teng.
Bulardan tashqari O‘rta Osiyoda arpa — (0,05 g), qadoq (409,5 g) qop (4 pud yoki 8 pud), naxud-no‘xat (0,2 g), piyola, toboq-tovoq (4 — 16 kg), toqi — to‘pi (1,3 — 2,5 kg) kabi vazn o‘lchovlari ham amalda bo‘lgan.
Uzunlik (masofa) o‘lchovlari
Gaz — Turli joylarda turlicha uzunlikni bildirgan. Ko‘pincha, o‘rta bo‘yli kishining barmog‘i uchidan burnigacha (yarim quloch) yoki bir qo‘lning uchidan ikkinchi qo‘lning qo‘ltig‘igacha bir gaz hisoblangan. Gaz aksari joylarda 1 metrdan uzun, aniqrog‘i, 106 smga teng bo‘lgan.
Jarib — hajm, vazn va maydon (yuza) o‘lchov birligi. Yuza o‘lchovi sifatida tanobga teng. Professor A A. Semyonov jarib 3,600 kvadrat gazga baravar, deb yozgan.
Mil — ilmiy adabiyotda mil (milya) ikki xil uchraydi: jug‘rofiy mil — 7 240 m, dengiz mili — 1 852 m. Arab mili esa bulardan bir oz farq qilgan. O‘rta Osiyoda mil qadimdan ma’lum. Milni Zahiriddin Bobur shunday ta’riflagan:
To‘rt mingdur qadam bila bir mil
Bir kuruh oni Hind eli der, bil.
Dedilar, bir yarim qari — bir qadam
Har qari, bilki, bordir, olti tutam.
Har tutam to‘rt elik, yana bir elik —
Olti jav arzi bo‘ldi, bil bu bilik.
Ya’ni bir mil 4 000 qadam (milni hindlar quruh deyishadi), yarim qari bir qadamga teng, bir qari esa — olti tutam, bir tutam to‘rt elik, bir elik esa — oltita arpa eniga teng.
Shunday qilib, bir mil Sharqda, taxminan 2 kmga baravar bo‘lgan.
Olchin — ruscha «arshin» so‘zining buzilgan shakli. 71 santimetrga teng bo‘lgan. Ba’zan olchin bilan gazni teng deb hisoblaydilar. Lekin bu to‘g‘ri emas.
Farsax-farsang — sang, tosh. «Farsax» arabcha so‘z bo‘lib 12000 qadamga yaqin. Fors tili ta’sirida bo‘lsa kerak, farsang deb ham yuritilgan. O‘rta Osiyoda tojikcha sang, turkiycha tosh so‘zlari o‘sha ma’noda ishlatilgan. Bir farsax (farsang) 8 chaqirim yoki 8,5—9,5 km ga teng. O‘zbekchada tosh o‘rniga yig‘och so‘zi ham qo‘llangan. Masalan, Bobur Buxoro bilan Samarqand orasi 25 yig‘och keladi deb yozgan.
Qari — qadimiy turk tilida va mo‘g‘ul tilida qari «qo‘l, bilak» ma’nosini beradi. Bobur bir qari 6 tutamga teng deb yozgan.
XIX asrda bir qari Xorazmda 148,94 sm, Toshkentda 177,8 sm, Farg‘onada 164,45 smga baravar bo‘lgan. O‘rta Osiyoda yana katta qari ham ishlatilgan bo‘lib u ikki quloch (355,6 yoki 365,76 sm) hisoblangan.
Bundan tashqari, angusht (barmoq) — olti dona arpa eni (2,18 — 2,28 sm), bo‘g‘in (bosh barmoqning birinchi bo‘g‘iniga teng o‘lchov), jav — arpa (6 dona ot qili eniga baravar), qadam (odim), quloch (166 — 170 sm), qarich (qarish), suyam — bosh barmoq bilan ko‘rsatkich barmoq orasi (18 sm) kabi uzunlik o‘lchovlari ishlatilgan.
Maydon o‘lchovlari
Tanob — (ma’nosi — «chizim ip», «kanop ip») O‘rta Osiyoda keng tarqalgan yuza o‘lchovi birligi. Ko‘pincha to‘rt tomoni 60 gaz bo‘lgan maydon (3600 kvadrat gaz yer) tushunilgan.
Tanob Xorazmda 4037—4097 m2, Buxoro va Samarqandda 4097 m2, Farg‘onada 1820 m2, Toshkent atroflarida 1820,9 m2, Qashqadaryoda 1820,9 m2, — 3641,8 m2, Surxondaryoda 2733 m2 ga teng bo‘lganligi tarixiy manbalardan ma’lum.
Bundan tashqari bir chorak, bir botmon, bir qop urug‘lik ketadigan yer «bir chorak yer», «bir botmon yer», «bir qop yer» deb atalgan va hokazo.
Suyun Qorayev, filologiya fanlari nomzodi
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 1-son