Sherkon Qodiriy. Unutilgan siymo (1989)

«…O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan Rafiq Mo‘minga nisbatan chiqarilgan hukm, uning harakatlarida jinoiy ish yo‘qligi sababli bekor qilinib, u oqlangan…».

Ushbu quvonchli xabar Namanganga 1970 yil, 3 sentyabrda yetib keldi. Bu vaqtda Rafiq Mo‘min olamdan o‘tgandi. Otalarining oqlangani farzandlargagina nasib qildi. Bu ishda shoirning o‘g‘li Hakimjon Mo‘minovning xizmatlari katta. U umrini otasining merosini to‘plash, siymosini tiklashga bag‘ishladi. Jonkuyar o‘g‘ilning jonbozligi tufayli 1970 yili 19 avgustda shoir, dramaturg Rafiq Mo‘min adabiy merosini o‘rganish yuzasidan O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzida qaror qabul qilindi…

Qarordan so‘ng 19 yil o‘tdi.

Nihoyat «Fan va turmush» jurnalida (1989 yil 2-son) adabiyotshunos Naim Karimovning «Rafiq Mo‘min dardi» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Biz quyida shoir ijodining ba’zi qirralari haqida fikr yuritmoqchimiz.

Rafiq Mo‘min 1900 yil 7 fevralda Namanganda kambag‘al kosib oilasida tug‘ildi. Inqilobdan so‘ng Rafiq Mo‘min ijtimoiy hayotda faol qatnasha boshladi, savodsizlikni tugatish kurslarida dars berdi.

Rafiq Mo‘min dastlab bolalarga atab «Etimlar yig‘isi», «Balli, kenjatoyim», «Pioner», «Ey go‘zal g‘uncha», «Gul kapalaklari» kabi she’rlarini yozadi. Bolalar Lenin haqidagi dastlabki xotiralarni undan eshitadilar. Murabbiy bolalarga dars davomida N. K. Krupskaya kimligini, nima uchun ular o‘qiyotgan maktab bu mo‘tabar ayol nomi bilan yuritilishini tushuntiradi. Yoshlarni kelajakda fidoyi bo‘lib yetishishga chorlaydi.

SSSR xalq artisti, SSSR Davlat mukofoti va O‘zSSR Hamza mukofoti laureati Razzoq Hamroyev xotiralarida shunday yozgan edi: «…1930 yil maorif xalq komissarligi yo‘llanmasi bilan Namanganga o‘qituvchi bo‘lib bordim. Meni Rafiq aka muallim bo‘lib ishlayotgan 7 yillik maktabga til va adabiyotdan o‘qituvchi etib tayinladilar. Rafiq Mo‘min faqat qalbigina shoir bo‘lmay, tashqi qiyofasi, xatti-harakati, muomalasi bilan ham shoirona odam edi…

Ayniqsa, bolalar uning atrofida hamma vaqt gavjum edi… Nega desangiz bolalarga yangi-yangi ertaklar, ajoyib esdaliklar hadya etardi. Uning ertak va esdaliklarining nihoyasi yo‘qligidan, chamasi, har safar yangi-yangisini «o‘ylab kelsalar kerak», deb taxmin etardim…»

Rafiq Mo‘min voqeani tez idrok etuvchi tug‘ma talant egasi edi. 1920 yili Namangan yaqinidagi Uchqo‘rg‘on kishlog‘ida fojia yuz beradi. Bu haqda «Qizil bayroq» gazetasi quyidagi xabarni beradi:

«1920 yilda Namangan uyezdiga qarashli Uchqo‘rg‘on chishlog‘ida qo‘rboshi Omon polvon tomonidan vahshiyona suratda o‘ldirilgan Abduvohid Uvaysov, Solijon Murod o‘g‘li, Mirobid Mirhamid o‘g‘illarining vafotiga 2 yil to‘lishi munosabati bilan Namangan yosh kommunistlari tomonidan 7 iyulda esga olish kechasi yasaldi.» («Qizil bayroq», 1922 yil 20 iyul).

Rafiq Mo‘min motam marosimida odamlarning oldiga tushib, marsiya o‘qib beradi. So‘ngra Himoyiddin Yo‘ldoshqoriyev shu voqea asosida «Yosh qurbonlar» asarini yozadi va Rafiq Mo‘min hamkorligida sahnaga qo‘yadi. Bu haqda gazetada shunday deyiladi: «Shu kechada o‘rtoq Yo‘ldoshqoriyevning uch pardalik «Yosh qurbonlar» pesasi o‘ynaldi. Shu asarda vafot bo‘lgan, bosmachilar tomonidan vahshiyona suratda o‘ldirganini mujassam ravishda tasvir etilgandi. Shu xalqda nihoyatda juda yaxshi ta’sir qoldirdi».

Bundan tashqari Rafiq Mo‘min 1921 yili bolalarga atab «Yoriltosh» asarini yozadi. Bu haqda keksa san’atkor Ibrohim Abdurazzoqov shunday shohidlik beradi: «Men Namanganda tashkil etilgan «Sharq» truppasida Rafiq akaning «Yoriltosh» asarini avtor bilan hamkorlikda 1926 yili sahnalashtirganman…». 1921 yili «Qizil Bayroq» gazetasida e’lon qilingan quyidagi xabarda shunday deyiladi: «7 oktyabr, yakshanba kuni Namangan «Sharq» sahnasida o‘zbek truppasi tomonidan yosh yozuvchilarimizdan Rafiq o‘rtoqning 4 pardali «Gulyor» otli asari o‘ynaldi. Asarda Farg‘ona bosmachilarining Namangan qishloqlarining birida bir oilaga qilg‘on vahshiyona zulmlari tasvir etilgani uchun bu uyinga qo‘rboshilarning ishtirok etishi tabiiy edi…». Bu ma’lumot Rafiq Mo‘minning dramaturglik faoliyatini tasdiqlaydi.

1926 yili Toshkentda chop etilgan «Adabiyot parchalari» to‘plamida shoirning «Tog‘ sirlari» she’ri va «Qapchig‘ay» dostoni bosildi. Rafiq Mo‘min «Tog‘ sirlari» she’rida majoziy obraz «Yalpoq»qa murojaat etadi:

Bag‘ringda kezdilar intiqom uchun,
So‘yildilar, kesildilar kayfu qon
uchun.
Indamay turasen «Yalpoq» ne uchun?
O‘tkanga shahidsen,
Tarixga kotibsen.
Isyondan so‘yla!

«Qapchigay»da esa:

Cho‘llardan boraman, hollar so‘raman,
Bu tushgan yo‘llarim juda yiroqmi.
Qachonlar yetarman?
Yo‘llar ovloqmi?…—

deb xitob qiladi.

Shoir bu dostonida majoziy obraz «Qapchig‘ay» orqali tarixga murojaat etadi. Tarixning qora kunlarini ta’sirchan, tasvirlaydi:

Tarixning guvohi qullarga bo‘ldi,
Tarixning asari yerga ko‘mildi,
Tarixning sharafi unuttirildi,
Yoshlarim ochdi,
Kimgina boqdi?

Shoir «Tog‘ sirlari» she’rini 1924 yil iyul oyida, «Qapchig‘ay» dostonini esa o‘sha yili oktyabr oyida yozadi. Shuni ta’kidlash kerakki, shoir tarix haqida kuylash uchun o‘zini avval she’rda sinab ko‘radi, so‘ng doston yozishga kirishadi. Rafiq Mo‘minning qalamiga mansub «Bolaxo‘r» dostoni o‘zbek sovet bolalar adabiyotining boshlanishida yuzaga kelgan dastlabki asar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Razzoq Hamroyev xotirasida shunday deydi. «U kishining suhbatiga yana bir ajoyib xislat husn berardi. Rafiq aka yaxshi xonanda va bastakor edi. U o‘z she’rlariga kuy to‘qib bolalarga o‘rgatardi. O‘sha vaqtlarda rasm bo‘lgan «Sayyora», «Vannaycha» qo‘shiqlarini qayta-qayta iltimos etib, u kishiga ayttirar edik».

Rafiq Mo‘min xalq ijodiga juda qiziqqan. Filologiya fanlari kandidati Oxunjon Sobirov «Yozi bilan Zebo» xalq dostonini ikki marta «Yosh gvardiya» nashriyotida chop ettiradi. 1926 yili nashr etilgan dostonga kirish so‘zida, shunday yozilgan. «Doston birinchi marta 1925 yilda marhum shoir, jurnalist Rafiq Mo‘min tomonidan Uchqo‘rg‘on rayon Poytich chishlog‘idan Yormat bobodan yozib olingan. R. Mo‘min bu asarning ayrim parchalarini 1922 yildan boshlab to‘plagan». Oxunjon Sobirov R. Mo‘min bilan xalq ijodini to‘plashda qanchalik mas’uliyatli izlanishda bo‘lgani haqida shunday deydi: «Asardagi ko‘pgina bandlar juda ko‘p ijro etilganidan quyma holga kelib, sayqal topgan. Shuning uchun 1922—1925 yillarda R. Mo‘min tomonidan to‘plangan variantdagi parchalarni yarim asr o‘tgach yozib olingan variantlarga solishtirib, juda ko‘p bandlar o‘zgarmay kuylanib kelinganligini aniqladik».

1934 yili Rafiq Mo‘min Yozuvchilar soyuziga a’zolikka qabul qilinadi. Yozuvchilar I s’ezdiga delegat bo‘lib qatnashadi.

1926 yilga kelib Rafiq Mo‘minning adabiy faoliyati keng jamoatchilik o‘rtasida yuqori baholana boshlaydi. Kupchilik uning sovet adabiyotiga qo‘shgan hissasini ta’kidlab, yozgan asarlarining xalqchilligini e’tirof etadi. Biroq mash’um 37-yil Rafiq Mo‘minni ham o‘z domiga oldi.

Rafiq Mo‘min 1947 yilgacha Kuybishevda tutqunlikda yashadi. Uyiga qaytgach, oilasining parokandaligini ko‘rib qattiq iztirob chekdi. Nohaq azoblar shoirning tinkasini quritib, sog‘lig‘iga ziyon yetkazgandi. 1951 yil 5 martda Rafiq Mo‘min o‘pka sili xastaligidan bevaqt vafot etdi.

Otasining merosini to‘plashda shoirning o‘g‘li Hakimjon Mo‘minov ko‘p mehnat qildi. Hatto otasi tutqunlikda bo‘lgan joylarga borib, bir «daftar» olib keldi. «Rafiq Mo‘min — deya xotirlaydi Razzoq Hamroyev, — o‘sha kezlarda «Qalandar» degan roman ustida ishlab, yarim-yortisini yozib bo‘lganligini ham aytgan edi. Afsus, bu asar taqdiri nima bo‘lganidan xabarim yo‘q». Ehtimol, o‘sha «daftar» «Qalandar» romanidir.

Hakimjon Mo‘minov otasining (169,5 sahifa) merosini to‘plab (Kuybishevdan olib kelgan «daftar»ini ham) 1971 yil 25 yanvarda O‘zbekiston Yozuvchilar soyuziga topshirdi. Biroq u otasining asarlarini chop ettirolmay, 1987 yil olamdan o‘tdi.

Rafiq Mo‘min ijodini to‘liq o‘rganilsa, «…Bu vaqtga kelib, burjua ideologiyasidagi shoirlar ilojsiz qolib, sovet voqeligini zo‘rma-zo‘raki «ifodalagan» she’rlar ham yoza boshladilar. Cho‘lpon, Fitrat, Rafiq kabilar shular jumlasidan edi» (Muhiddin Boboxo‘jayev, «Kurash poeziyasi», «Fan» nashriyoti, 1979 yil), degan noto‘g‘ri fikrlarga chek qo‘ygan bo‘lur edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 iyun